Azalda - Kalom

1:1 Azalda Kalom bor edi. Kalom Xudo huzurida edi, Kalom - Xudo edi. 2 Azaldanoq U Xudo huzurida edi. 3 Borliq U orqali bor bo'lgan, Usiz hech narsa bor bo'lgan emas. Neki bor bo'lgan bo'lsa, U orqali bor bo'lgan. 4 Unda hayot bor edi, Hayot insonlarning nuri edi. 5 Nur zulmatda porlaydi, Zulmat esa nurni qoplay olmadi. 6 Xudo tomonidan yuborilgan bir odam bor edi, uning ismi Yahyo edi. 7 U shohidlik qilgani, nur haqida shohidlik qilgani kelgan edi, toki hamma uning shahodati orqali imon keltirsin. 8 Uning o'zi nur emas edi, u faqat nur haqida shahodat berishga yuborilgan edi. 9 Dunyoga kelayotgan hamma odamzodni yorituvchi haqiqiy nur bor edi. 10 Kalom dunyoda bor edi, Dunyo U orqali bor bo'lgan edi, Biroq dunyo Uni tanimadi. 11 O'zinikilarning yoniga keldi U, Lekin O'zinikilar Uni qabul qilmadi. 12 Uni qabul qilganlarga esa, Barcha Uning nomiga imon keltirganlarga U Xudoning farzandi bo'lish iqtidorini berdi. 13 Ular na qondan, Na tana xohishidan, Na er xohishidan, Balki Xudodan tug'ildilar. 14 Kalom inson qiyofasiga kirdi Va biz aro maskan qildi. Biz esa Uning ulug'vorligini ko'rdik; Otasi huzuridan kelgan, Marhamat va haqiqat ila to'lgan Yagona O'g'ilning ulug'vorligini ko'rdik. 15 Yahyo U haqda guvohlik berdi va ovozini baland qilib dedi: “Mening ketimdan Kelayotgan bor, U mendan ham ulug', chunki U mendan ilgariroq bor edi, deb aytganim Shuning O'zidir”. 16 Uning kamolotidan biz hammamiz Marhamat ustiga marhamat oldik. 17 Tavrot Qonuni Muso orqali berilgan edi, Ilohiy marhamat va haqiqat esa Iso Masih orqali zohir bo'ldi. 18 Hech kim hech qachon Xudoni ko'rgan emas; Otasining bag'rida bo'lgan yagona O'g'il O'zi Uni izhor qildi.

Yahyo payg'ambarning guvohligi

19 Quddusdagi yahudiylar yuborgan ruhoniylar va levitlar Yahyo payg'ambarning oldiga borib undan: - Sen kimsan? - deb so'radilar. Yahyo shahodat berdi: 20 - Men Masih emasman, - deb ochiq tan oldi u, inkor etmadi. 21 Yana undan: - Bo'lmasa Ilyos payg'ambarmisan? - deb so'radilar. - Yo'q! - dedi u. - O'sha payg'ambarmisan? - deb savol berdilar. U yana: - Yo'q! - deb javob berdi. 22 - Axir, sen kimsan? Bizni yuborganlarga javob qilishimiz kerak. Sen o'zing haqingda nima deysan? - deb so'radilar. 23 - Men, Isha´yo payg'ambarning aytganiday, “Xudovandga yo'l hozirlanglar”, deb sahroda xitob qiluvchining sadosiman, - dedi Yahyo. 24 Uning oldiga yuborilganlar orasida farziylar ham bor edi. 25 Ular Yahyodan: - Modomiki sen Masih ham, Ilyos ham, o'sha payg'ambar ham emas ekansan, nega xalqni suvga cho'mdirib, tavba qildirib yuribsan? - deb so'radilar. 26 Yahyo ularga javob berdi: - Men odamlarni suvga cho'mdiryapman, xolos. Lekin orangizda sizlar tanimaydigan Kimsa turibdi. 27 Mening ketimdan kelayotgan va mendan ilgari bor bo'lgan Kimsa bor, deb aytganim ana O'shadir. Men Uning chorig'i iplarini yechishga ham munosib emasman, - dedi. 28 Bu hodisalar Yahyo odamlarni tavba qildirib yurgan yerda, O'rdun daryosining naryog'idagi Baytavarada sodir bo'ldi.

Iso - Xudoning qurbonlik Qo'zisi

29 Ertasiga Yahyo Isoning o'ziga yaqinlashayotganini ko'rib, shunday dedi: “Mana, dunyoning gunohini O'ziga oluvchi Xudoning qurbonlik Qo'zisi! 30 Men aytgan edim: Mening ketimdan kelayotgan Zot bor, U mendan ulug', chunki U mendan ilgari ham bor edi. Bu - O'shaning O'zidir. 31 Men Uni bilmas edim, lekin Isroil Uni tanib olsin, deb men odamlarni suvga cho'mdirib, tavba qildirgani keldim”. 32 Yahyo yana shunday shahodat berdi: “Men Ilohiy Ruhning osmondan kaptarday uchib kelib, O'shaning ustiga qo'nganini ko'rdim. 33 Men Uni bilmas edim. Lekin odamlarni suvga cho'mdirishga meni yuborgan Xudoning O'zi: “Muqaddas Ruh kimning ustiga tushib qo'nganini ko'rsang, bilki, Muqaddas Ruhga Cho'mdiruvchi O'shadir”, - degan edi menga. 34 Men esa Uni ko'rdimu, mana bu - Xudoning O'g'lidir, deb shahodat berdim”.

Isoning dastlabki shogirdlari

35 Ertasiga Yahyo yana ikkita shogirdi bilan shu yerda turgan edi. 36 U yurib kelayotgan Isoga tikilib qarab: - Mana Xudoning qurbonlik Qo'zisi! - dedi. 37 Ikkala shogird Yahyoning bu so'zlarini eshitib, Isoning orqasidan ergashib borishdi. 38 Iso o'girilib qarab, ularning ergashib kelayotganini ko'rdi-da: - Sizlarga nima kerak? - deb so'radi ulardan. - Sen qayerda turasan, Ravviy? - deyishdi ular. (”Ravviy” ustoz ma´nosidadir). 39 - Borib ko'ringlar, - dedi Iso. Ular borib, Isoning turar joyini ko'rishdi. O'sha kuni U bilan qolishdi. Soat to'rtlar chamasi edi. 40 Yahyodan Iso haqida eshitib, Uning orqasidan ergashganlardan biri Simun Butrusning ukasi Idris edi. 41 U dastlab akasi Simunni topdi-da, unga: - Biz Masihni topdik, - dedi. (Masih - “Xudo yuborgan” demakdir.) 42 Idris akasini Isoning oldiga olib keldi. Iso esa unga tikilib: - Sen Yunus o'g'li Simunsan-ku, sen Kifa (ya´ni Tosh) degan nom olasan, - dedi. 43 Ertasi kuni Iso Jalilaga bormoqchi bo'ldi. U Filipni topib unga: - Orqamdan yur! - dedi. 44 Filip Baytsayda shahridan, Idris bilan Butrusning hamshahari edi. 45 Filip ketdi. U Natan´ilni topib, unga: - Biz Muso va boshqa payg'ambarlar Tavrotda yozgan Yusuf o'g'li nosiralik Isoni topdik, - dedi. 46 - Nosira shahridan biron yaxshilik chiqarmikin? - dedi Natan´il unga. - Borib ko'rgin! - dedi unga Filip. 47 Bundan so'ng Iso Natan´ilning O'ziga yaqinlashayotganini ko'rib: - Qarang, hech hiylani bilmaydi, xuddi haqiqiy isroillik! - dedi. 48 Natan´il Isodan so'radi: - Sen meni qayerdan taniysan? - Filip seni chaqirmasidan oldin, sen anjir daraxtining tagida eding. Men seni o'sha yerda ko'rgan edim, - deb javob berdi Iso. 49 Shunda Natan´il: - Ustoz, Sen Xudoning O'g'lisan, Sen Isroilning Podshohisan! - dedi. 50 Iso unga javoban: - Men senga: Seni anjir daraxti tagida ko'rdim, deganim uchun ishonyapsan-da. Sen bundan ham buyuk ishlarni ko'rasan! - dedi. 51 So'ng unga yana: - Sizlarga rostini aytay: bundan keyin osmon ochilib, Inson O'g'li oldiga Xudo farishtalari tushib-chiqayotganini ko'rasizlar, - dedi.

Isoning dastlabki mo'jizasi

2:1 Uchinchi kuni Jalilaning Kana shaharchasida nikoh to'yi bo'ldi. Isoning onasi ham u yerda edi. 2 Iso bilan shogirdlari ham to'yga taklif etilgan edilar. 3 Sharob tugab qolgach, Isoning onasi Unga: - Ularda sharob qolmabdi, - dedi. 4 Iso unga: - Mening ishimga aralashma, ayol. Mening vaqt-soatim hali yetgani yo'q, - dedi. 5 Shunda onasi xizmatchilarga: - U sizlarga nimaiki desa, o'shani qilinglar, - dedi. 6 O'sha yerda yahudiylar tahoratda ishlatadigan, har biri ikki-uch chelak sig'imli oltita tosh xum bor edi. 7 Iso xizmatchilarga: - Xumlarni suvga to'ldiringlar, - dedi. Ular xumlarni limmo-lim to'ldirishdi. 8 Iso ularga: - Endi cho'michlab olib, to'yboshiga olib boringlar, - dedi. Ular esa olib borishdi. 9 To'yboshi sharobga aylangan suvni tatib ko'rdi. Uning qayoqdan kelganligini u bilmas edi, faqat olib kelgan xizmatchilar bilishar edi. To'yboshi kuyovni chaqirtib unga aytdi: 10 - Har kim avval yaxshi sharobni qo'yadi. Kayf qilishgandan keyingina yomonrog'ini beradi. Sen esa yaxshi sharobni shu vaqtgacha saqlabsan-ku! 11 Iso dastlabki ushbu mo'jizasini Jalilaning Kana shaharchasida namoyish qildi, bu bilan O'zining ulug'vorligini zohir qildi. Shogirdlari esa Unga imon keltirdilar. 12 Shundan keyin Iso, onasi, ukalari va shogirdlari Kafarnahum shahriga keldilar va u yerda bir necha kun turdilar.

Isoning sotuvchilarni ma´baddan quvishi

13 Yahudiylarning Fisih bayrami yaqinlashib qolgani uchun Iso Quddus shahriga bordi. 14 Ma´badga kirganda, ho'kiz, qo'y, kaptarlarni sotayotganlar va o'tirgan sarroflarni ko'rdi. 15 Iso arqondan darra yasadi-da, ma´baddan hammasini, ho'kizu qo'ylari bilan birga, quvib chiqardi, sarroflarning xontaxtalarini ag'darib, pullarini sochib yubordi. 16 Kaptar sotuvchilarga: - Bularni yo'qotinglar bu yerdan, Otamning uyini savdoxonaga aylantirmanglar! - dedi. 17 Shunda Uning shogirdlari “Sening uyingga bo'lgan rashkim Mening ichimni kemirib ketdi”, degan oyatni esladilar. 18 Shunda yahudiy mansabdorlari: - Bunday qilishga qanday huquqing bor? Isbot qilib mo'jiza yarat-chi! - deb Isodan talab qildilar. 19 Iso dedi: - Bu ma´badni buzinglar, Men uch kun ichida uni tiklayman. 20 Bunga javoban yahudiy mansabdorlari: - Bu ma´bad qirq olti yilda qurilgan, Sen uni uch kunda tiklamoqchimisan-a?! - dedilar. 21 Holbuki, Iso ma´bad deb O'zining badanini nazarda tutgan edi. 22 Iso o'lib tirilgandan keyin, shogirdlari Uning bu so'zini esladilar va muqaddas bitikka ham, Isoning so'ziga ham ishondilar. 23 Iso Quddusda, Fisih bayramida bo'lganda, ko'p odamlar Uning qilayotgan ibratli mo'jizalarini ko'rib, Unga imon keltirdilar. 24 Ammo Iso hamma insonlarning ko'nglini bilgani uchun, O'zini ularga ishonmas edi. 25 Unga inson haqida biror ma´lumotning hojati yo'q edi, chunki inson dilida nima borligini U bilar edi.

Iso va Nikodim

3:1 Yahudiy boshliqlaridan Nikodim ismli bir odam bor edi, u farziylar mazhabida edi. 2 Bu odam bir kun kechasi Isoning oldiga kelib, Unga dedi: - Ustoz! Sen Xudodan kelgan bir muallim ekaningni biz bilamiz, chunki hech kim, agar Xudo u bilan bo'lmasa, Sen qilayotgan mo'jizalarni qilolmaydi. 3 Iso unga shunday javob berdi: - Senga rostini aytay: agar kim yuqoridan tug'ilmasa, Xudo saltanatini ko'rolmaydi. 4 - Keksa odam yana qanday tug'ila oladi? Onasining qorniga ikkinchi gal kirib tug'ila oladimi? - deb so'radi Nikodim. 5 Iso javob berdi: - Senga rostini aytay: agar kim suvdan va Ruhdan tug'ilmas ekan, Xudo saltanatiga kirolmaydi. 6 Tanadan tug'ilgan tanadir, Ruhdan tug'ilgan esa Ruhdir. 7 Sizlar yuqoridan tug'ilishingiz kerak, deganimga taajjublanma. 8 Shamol istagan joyda esaveradi. Uning tovushini eshitasan-u, lekin qaysi tomondan kelib, qaysi tomonga ketishini bilmaysan. Ruhdan tug'ilgan har bir kishida ham shunday bo'ladi. 9 - Bu qanday bo'lishi mumkin? - so'radi Nikodim. 10 Iso unga javob berdi: - Sen Isroilning ustozisan-ku axir, nega buni bilmaysan? 11 Senga rostini aytay: Biz bilganimizni so'zlaymiz, ko'rganimiz haqida shahodat beramiz. Lekin sizlar Bizning shahodatimizni qabul qilmayapsizlar. 12 Agar sizlar yerdagi narsalar haqida aytganlarimga ishonmasangizlar, samoviy narsalar to'g'risida gapirganlarimga qanday ishonasizlar? 13 Osmonda turadigan va osmondan tushgan Inson O'g'lidan boshqa hech kim osmonga chiqqan emas. 14 Muso sahroda ilonni qanday yuqoriga ko'targan bo'lsa, Inson O'g'li ham xuddi shunday yuqoriga ko'tarilishi kerak. 15 Shu tariqa Unga ishongan har bir kishi halok bo'lmay, abadiy hayotga erishadi. 16 Zero Xudo olamni shunchalik sevdiki, O'zining yagona O'g'lini berdi, toki Unga ishongan har bir kishi halok bo'lmasin, balki abadiy hayotga ega bo'lsin. 17 Xudo olamni hukm qilish uchun emas, balki O'g'li orqali qutqarish uchun O'g'lini dunyoga yubordi. 18 Unga ishongan odam hukm qilinmaydi. Unga ishonmagan odam esa allaqachon mahkum bo'lgan, chunki u Xudoning yagona O'g'li ismiga ishonmagan. 19 Ilohiy hukm shundan dalolatdirki, olamga nur kelgan bo'lsa ham, odamlar nurdan ko'ra zulmatni a´lo ko'rdilar; chunki ularning qilmishlari yomonlik edi. 20 Kimki yomonlik qilib yursa, nurni yomon ko'radi, yomon qilmishlari fosh bo'lib qolmasligi uchun nurga qarab yurmaydi. 21 Kimki haqiqat yo'lini tutsa, nurga qarab yuradi, toki Xudoga tayanib qilgan ishlari oshkora bo'lsin.

Iso Masih va Yahyo payg'ambar

22 Shundan keyin Iso bilan shogirdlari Yahudiya yurtiga keldilar. Iso ular bilan bir muddat u yerda qolib, odamlarni suvga cho'mdirib, tavba qildirar edi. 23 Yahyo ham Salim yaqinidagi Eynon yerida xalqni daryoga cho'mdirib yurgan edi. U yer sersuv bo'lib, odamlar oqib kelar edi. 24 Yahyo esa hali zindonga tashlanmagan edi. 25 Shu mahal Yahyoning shogirdlari bilan yahudiy mansabdorlari orasida tahorat haqida bahs bo'ldi. 26 Oxiri Yahyoning oldiga borib dedilar: - Ustoz! O'rdun daryosining narigi bo'yida sen bilan bo'lgan, sen guvohlik bergan Odam bor-ku, o'sha Odam endi xalqni suvda tavba qildirib yuribdi, hamma ham Uning oldiga borishyapti. 27 Bunga javoban Yahyo dedi: - Agar osmondan nasib bo'lmasa, inson hech narsani sig'dira olmaydi. 28 Men Masih emasman-u, faqat Uning oldidan yuborilganman, deb aytganimga o'zingiz guvohsizlar. 29 Kelin kimga tegishli bo'lsa, kuyov o'shadir. Lekin kuyovning yonida turib unga quloq solgan do'sti kuyovning ovozini eshitiboq, sevinib quvonadi. Xuddi shunday: mening quvonchim endi komil bo'ldi. 30 Masih ulg'ayishi, men esa pasayishim kerak.

Iso Masih yuqoridan kelgan

31 Yuqoridan kelgan Zot hammadan ustundir. Yerdan bo'lgan yerga mansubdir va yerga xos gapiradi. Osmondan Kelgan esa hammadan ustundir. 32 U ko'rgani va eshitgani haqida guvohlik beradi, ammo hech kim Uning guvohligini tan olmaydi. 33 Uning guvohligini tan oluvchi kishi esa Xudoning haqligini tasdiqlaydi. 34 Xudo yuborgan Zot Xudoning so'zlarini gapiradi; Xudo O'z Ruhini cheksiz-o'lchovsiz beradi. 35 Ota O'g'lini sevadi, U hamma narsani Uning qo'liga topshirgan. 36 Kimki Xudo O'g'liga ishonsa, abadiy hayotga erishadi. O'g'ilga ishonmagan odam esa hayot ko'rmay, Xudoning g'azabiga uchraydi.

Iso va samariyalik ayol

4:1 Iso Yahyodan ko'ra ko'proq odamlarni daryoda tavba qildirib, shogird orttiryapti, degan xabar farziylarning qulog'iga yetib bordi. 2 (Vaholanki, Isoning O'zi emas, shogirdlari xalqni daryoda tavba qildirar edilar.) 3 Iso buni bilib qolgach, Yahudiyani tashlab, yana Jalilaga ketdi. 4 Iso yo'l-yo'lakay Samariyadan o'tishi kerak edi. 5 Shunday qilib, U Samariyaning Sihar degan shahriga keldi. Bu shahar Yoqubning o'g'li Yusufga bergan yeriga yaqin edi. 6 Yoqubning qudug'i ham o'sha yerda edi. Iso yo'l yurib charchagan edi, quduqning yoniga o'tirdi. Taxminan tush payti edi. 7 Shu vaqt samariyalik bir ayol suv olgani kelib qoldi. Iso unga: - Menga ichgani suv ber, - dedi. 8 Isoning shogirdlari esa ovqat sotib olish uchun shaharga ketgan edilar. 9 Samariyalik ayol: - Sen yahudiy bo'lsang, men samariyalik ayol bo'lsam, qanday qilib suv so'rashga jur´at qilding? - dedi. (Chunki yahudiylar samariyaliklar bilan aloqa qilmaydilar.) 10 Iso ayolga javob berdi: - Agar sen Xudoning in´omini va “Menga suv bergin”, deb aytayotganning kimligini bilganingda edi, sen o'zing Undan suv so'rar eding va U senga hayotbaxsh suv berar edi. 11 - Hazrat! - dedi ayol, - Senda suv oladigan hech narsa yo'q-ku, quduq esa chuqur. Axir, Sening hayotbaxsh suving qayerda? 12 Bobokalonimiz Yoqub bu quduqni bizga bergan, o'zi ham, bolalari va chorvalari ham undan suv ichgan. Nahotki Sen undan ham katta bo'lsang? 13 Iso ayolga shunday javob qaytardi: - Bu suvdan kim ichsa, yana chanqab qoladi. 14 Lekin Men beradigan suvdan kim ichsa, abadiy chanqamaydi. Men beradigan suvdan ichganning vujudida buloq paydo bo'lib, abadiy hayot sari jo'shib oqaveradi. 15 - Hazrat, bu suvdan menga ham ber, men ham endi chanqamayin va suv olgani bu yerga kelavermayin, - dedi ayol. 16 - Borib eringni bu yerga chaqirib kel, - dedi Iso. 17 - Mening erim yo'q, - dedi ayol. - Erim yo'q deb sen to'g'risini aytding, - dedi Iso. 18 - Sening besh nafar ering bo'lgan, hozirgisi ham ering emas. Buni sen to'g'ri aytding! 19 - Hazrat, ko'rib turibmanki, Sen payg'ambarsan, - dedi ayol. 20 - Ota-bobolarimiz bu tog'da topindilar. Ammo sizlar, topinadigan yer Quddusda, deysizlar. 21 Iso unga aytdi: - Menga ishongin, shunday vaqt keladiki, o'shanda Otaga na bu tog'da, na Quddusda topinasizlar. 22 Sizlar nimaga topinishni bilmaysizlar, bizlar esa nimaga topinishni bilamiz. Chunki najot yahudiylardandir. 23 Biroq vaqt-soati bilan haqiqiy topinuvchilar Otaga Ruh va haqiqat bilan topinadilar, ana o'sha vaqt-soat keldi! Ota shu yo'sinda O'ziga topinuvchilarni izlaydi. 24 Xudo - Ruhdir, Unga topinuvchilar esa Ruh va haqiqat bilan topinmoqlari lozim. 25 Ayol Isoga: - Qutqaruvchi Masih kelajagini bilaman. U kelganda, hamma narsani bizga ma´lum qiladi, - dedi. 26 Iso ayolga: - Sen bilan gaplashayotgan Men O'shaman, - dedi. 27 Shu paytda Isoning shogirdlari kelib qolishdi. Uning bir ayol bilan gaplashayotganini ko'rib hayron bo'lishdi. Lekin birortasi ham: “Undan nima talab qilyapsan?” yoki: “U bilan nima to'g'risida gaplashyapsan?” - deb so'ramadi. 28 Shundan keyin ayol ko'zasini o'sha yerda qoldirib, shaharga bordi va odamlarga dedi: 29 - Boringlar, men qilgan hamma ishlarni aytib bergan Odamni ko'ringlar! U Masih emasmikin? 30 Odamlar esa shahardan chiqib, Isoning oldiga bordilar. 31 Shu orada shogirdlari: - Ustoz, ovqat yeb olgin, - deb Isodan iltimos qilishdi. 32 Ammo Iso ularga dedi: - Mening yeydigan boshqa ovqatim bor, sizlar uni bilmaysizlar. 33 Shogirdlari o'zaro gap qotib: - Ajabo, biron kishi Unga ovqat keltirganmikin? - deb hayron bo'lishdi. 34 Iso ularga dedi: - Mening ovqatim - Meni Yuborganning irodasini ado etish, Uning yumushini bajo keltirishdan iboratdir. 35 Sizlar: o'rim-yig'imga hali to'rt oy vaqt bor, deb aytyapsizlar-ku. Endi sizlarga aytay: ko'zlaringizni ekinzorlarga tikib qaranglar. Hosil allaqachon yetilibdi, o'rim-yig'imga tayyor bo'libdi. 36 O'roqchi hozirdan mehnat haqini oladi va abadiy hayot uchun hosilini yig'ib oladi; shunday bo'lgani uchun ekuvchi bilan o'roqchi birgalikda quvonadilar. 37 “Birisi ekadi, boshqasi o'radi”, degan maqol shu vaziyatga to'g'ri keladi. 38 Men sizlarni o'zingiz zahmat chekmagan hosilni o'rgani yubordim. Boshqalar zahmat chekkan edi, sizlar esa ularning zahmatidan foydalanasizlar. 39 Shundan keyin, o'sha shaharda yashovchi talay samariyaliklar Isoga imon keltirishdi. Ular haligi ayolning “Men qilgan ishlarning hammasini aytib berdi”, degan guvohligiga ishonishgan edi. 40 Shunday qilib, samariyaliklar Isoning oldiga kelib, ularnikida qolishini iltimos qilishdi. U esa ikki kun o'sha yerda qoldi. 41 Natijada Isoning so'zini eshitib, yanada ko'proq odamlar imon keltirdi. 42 Ular ayolga: - Endi sening so'zlaring tufayligina ishonayotganimiz yo'q. Uni o'zimiz ham eshitdik, U haqiqatan olamning Qutqaruvchisi - Masih ekaniga qanoat hosil qildik, - deyishdi.

Iso sog'aytirgan amaldor o'g'li

43 Ikki kun o'tgandan keyin Iso u yerdan Jalilaga jo'nab ketdi. 44 Uning O'zi: “Payg'ambar o'z yurtida e´tiborsiz qoladi”, deb ta´kidlagan edi. 45 Jalilaga kelganda esa, aholi Uni ochiq chehra bilan kutib oldi. Chunki ular Quddusdagi bayramga borganlarida, u yerda Isoning butun qilgan ishlarini ko'rgan edilar. 46 Shunday qilib, Iso yana Jalilaning Kana shaharchasiga keldi, bu yerda U suvni sharobga aylantirgan edi. O'sha paytda Kafarnahum shahrida bir saroy amaldorining o'g'li kasal bo'lib yotgan edi. 47 Bu odam Isoning Yahudiyadan Jalilaga kelganligini eshitib, Uning oldiga bordi. O'lim to'shagida yotgan o'g'lini borib ko'rib tuzatishni Isodan o'tinib so'radi. 48 - Sizlar ajoyibotu mo'jizalar ko'rmaguncha ishonmaysizlar-da! - dedi unga Iso. 49 - Hazrat, - dedi saroy amaldori Unga, - bolaginam o'lmasidan oldin yetib borgin! 50 - Sen boraqol, o'g'ling sog'-salomat, - dedi Iso. U odam Isoning aytganiga ishonib, ketdi. 51 Ertaga uning yo'liga chiqib turgan xizmatkorlari uni qarshilab: - Bolangiz sog'-salomat, - deyishdi. 52 - Qaysi soatda ahvoli yengillashdi? - deya so'radi. - Kecha tushda soat birda isitmasi tushib qoldi, - deyishdi xizmatkorlar. 53 Bolaning otasi Iso unga: “O'g'ling sog'-salomat”, degani shu vaqtga to'g'ri kelganini angladi. O'zi va butun xonadoni Isoga imon keltirdi. 54 Bu esa Isoning Yahudiyadan Jalilaga kelib qilgan ikkinchi ibratli mo'jizasi edi.

Iso hovuzda sholni sog'aytirgani

5:1 Bu hodisalardan keyin yahudiylarning bayrami bo'ldi va Iso Quddusga bordi. 2 Quddusning Qo'y darvoza nomli kiraverishida yahudiycha Bayt-Hasda degan besh shiyponli bir hovuz bor edi. 3 Bu shiyponlarda ko'r, cho'loq, mayib-majruh juda ko'p bemorlar yotar, suvning qimirlashini intizor bo'lib kutardilar. 4 Chunki Xudovandning bir farishtasi goh-goh hovuzga tushib, suvni harakatga keltirar edi. Suv qimirlashi bilan hovuzga birinchi bo'lib kim tushsa, har qanday xastalikdan xalos bo'lar edi. 5 Bu yerda o'ttiz sakkiz yildan beri kasal bo'lib yotgan bir kishi bor edi. 6 Iso uning yotganini ko'rdi, uzoq vaqtdan beri xasta ekanligini payqadi-da, - Sog'ayishni istaysanmi? - deb so'radi undan. 7 Bemor Isoga javob berdi: - Ha, Hazrat! Lekin suv qimirlaganda, meni hovuzga tushiradigan odamim yo'q. Men borgunimcha, boshqasi mendan oldin tushib oladi. 8 - O'rningdan tur, to'shagingni olib yur! - dedi Iso bemorga. 9 U esa shu ondayoq sog'ayib qoldi. To'shagini olib, yurib ketdi. U kun dam olish kuni edi. 10 Shuning uchun yahudiy mansabdorlari sog'ayib ketgan odamga: - Bugun dam olish kuni-ku, senga to'shagingni ko'tarish mumkin emas! - deyishdi. 11 - Meni sog'aytirgan Odam menga: “To'shagingni olib yur”, deb aytdi-da, - dedi u odam. 12 - “To'shagingni olib yur”, deb aytgan Odam kim? - deb so'radilar. 13 Shifo topgan odam esa Uning kimligini bilmas edi, u yerda xalq ko'pligidan Iso O'zini chetga olgan edi. 14 Keyinroq Iso u odamni ma´badda uchratib qoldi. - Mana, sen sog'ayding. Endi boshqa gunoh qilma, tag'in boshingga yanada yomon kun kelmasin, - dedi unga. 15 Bu odam borib, uni sog'aytirgan Iso ekanligini yahudiy mansabdorlariga xabar qildi. 16 Ular esa, dam olish kunida bunday ishlar qilib yuribdi, deb Isoning joniga qasd qilib, Uni quvg'in qila boshladilar. 17 Ammo Iso ularga shunday dedi: - Mening Otam shu kungacha O'z ishini qilib kelyapti, Men ham O'z ishimni qilyapman, - dedi. 18 Ana shu so'zi uchun yahudiylar Isoni o'ldirishga yana ko'proq harakat qilishdi. Chunki U dam olish kunini buzibgina qolmay, balki Xudoni Otam deb, O'zini Xudoga tenglashtirgan edi.

Iso - hayot manbayi

19 Bularga qarshi Iso dedi: “Sizlarga rostini aytay: O'g'il Otaning qilgan ishlarini ko'rmaguncha, O'zi hech narsa qila olmaydi. Ota nimalarni qilsa, O'g'il ham xuddi shularni qiladi. 20 Chunki Ota O'g'lini sevadi, O'zi qilgan hamma narsani O'g'liga ko'rsatadi. Sizlarni taajjubda qoldirgudek, bundan kattaroq ishlarni ham ko'rsatadi. 21 Ota qanday qilib o'liklarni tiriltirib ularga hayot baxsh etsa, O'g'il ham kimni istasa, o'shanga hayot baxsh etadi. 22 Shuningdek, Ota hech kimni hukm qilmaydi, balki hukm qilish huquqini butunlay O'g'liga bergan, 23 toki hamma Otani qanday hurmat qilsa, O'g'lini ham shunday hurmat qilsinlar. Kim O'g'ilni hurmat qilmasa, Uni yuborgan Otani ham hurmat qilmagan bo'ladi. 24 Sizlarga rostini aytay: Mening so'zlarimni tinglagan va Meni Yuborganga ishongan kishi abadiy hayotga ega bo'ladi. U o'limdan hayotga o'tgani uchun hukm qilinmaydi. 25 Sizlarga rostini aytay: o'liklar Xudo O'g'lining ovozini eshitadigan vaqt keladi va kelib qoldi ham. Uning ovozini eshitganlar esa tirilib ketadilar. 26 Chunki Otaning O'zi hayot manbayi bo'lgani kabi, O'g'liga ham hayot manbayi bo'lishni ato qilgan. 27 Ota hukm qilish vakolatini ham O'g'liga bergan, chunki U Inson O'g'lidir. 28 Bunga taajjublanmangiz, qabrda yotgan marhumlarning hammasi Xudo O'g'lining ovozini eshitadigan vaqt keladi. 29 Shunda o'liklar qabrdan chiqadilar; yaxshilik qilganlar yashash uchun, yomonlik qilganlar esa hukm qilinish uchun tiriladilar”.

Iso haqida Xudo bergan guvohlik

30 “Men O'z-O'zimdan hech narsa qilolmayman. Qanday eshitsam, shunday hukm qilaman va Mening hukmim haqqoniydir. Chunki Men O'z irodamni emas, balki Meni yuborgan Otamning irodasini bajo keltirishni istayman. 31 Agar Men O'zim haqimda O'zim guvohlik bersam, Mening guvohligim haqiqiy bo'lmaydi. 32 Men haqimda boshqa guvohlik beruvchi bor va bilamanki, Uning bergan guvohligi haqiqatdir. 33 Sizlar Yahyoning oldiga odam yubordingizlar, u haqiqat to'g'risida guvohlik berdi. 34 Garchi Men insonning guvohligini qabul qilmasam-da, lekin bularni sizlar najot topishingiz uchun aytyapman. 35 Yahyo - yonib, nur sochib turgan chiroq edi. Sizlar esa uning nurida birpas quvonmoqchi bo'ldingizlar. 36 Biroq Men Yahyodan ko'ra kattaroq guvohlikka egaman. Chunki Otamning tamomlashim uchun bergan ishlari, shu bajarayotgan ishlarimning o'zi Meni Otam yuborganligiga guvohlik bermoqda. 37 Meni yuborgan Otamning O'zi ham Men haqimda guvohlik berib turibdi. Sizlar esa hech qachon Uning ovozini ham eshitmagansiz, qiyofasini ham ko'rmagansizlar. 38 Uning kalomi ham ko'ngillaringizdan joy olmaydi, chunki U yuborgan Zotga ishonmayapsizlar. 39 Sizlar Muqaddas Bitiklarni tekshirasizlar, chunki ular orqali abadiy hayotga erishamiz, deb o'ylaysizlar. Ana o'sha Bitiklar Men to'g'rimda guvohlik beradi. 40 Ammo sizlar abadiy hayotga erishish uchun Men tarafga kelishni istamaysizlar-ku. 41 Men insonlardan tahsin-tasanno qabul qilmayman. 42 Lekin sizlarni bilaman, qalblaringizda Xudoga muhabbat yo'q. 43 Men Otamning nomidan kelgan bo'lsam-da, ammo sizlar Meni qabul qilmayapsizlar. O'z nomi bilan keladigan allakimni qabul qilaverasizlar. 44 Sizlar-ku bir-biringizdan tahsin-tasanno olishni yaxshi ko'rasizlar, lekin yagona Xudoning tahsiniga sazovor bo'lishga harakat qilmaysizlar. Qanday qilib ham ishona olardingiz? 45 Men sizlarni Otam oldida ayblayman, deb o'ylamanglar. Sizlarni ayblovchi o'zingiz umid bog'lagan Muso bo'ladi. 46 Agar Musoga ishonganingizda edi, Menga ham ishonar edingizlar; u Men haqimda yozgan edi. 47 Musoning yozuvlariga ishonmabsizlarmi, Mening so'zlarimga qanday ishonasizlar?”

Isoning 5000 kishini to'ydirishi

6:1 Shundan keyin Iso Jalila (ya´ni Tiveriya) ko'lining narigi qirg'og'iga suzib o'tdi. 2 Uning bemorlar bilan qilayotgan ajoyib ishlarini bir talay xaloyiq ko'rib, Uning orqasidan ergashib boraverdi. 3 Iso toqqa chiqib, u yerda o'z shogirdlari bilan o'rnashdi. 4 Yahudiylarning Fisih bayrami yaqinlashayotgan edi. 5 Iso bir qarasa, xaloyiq ko'plashib U tomonga kelayotgan ekan. Iso Filipdan: - Bularni to'yg'azish uchun qayerdan non sotib olamiz? - deb so'radi. 6 Bu gapni esa uni sinab ko'rish uchun aytgandi, O'zi nima qilishni bilar edi. 7 - Bularning har qaysisiga oz-ozdan bersak ham, ikki yuz kumushlik non yetmaydi-ku! - deb javob berdi Filip. 8 Shunda shogirdlaridan biri, Butrusning ukasi Idris Isoga: 9 - Bu yerda bir bolada beshta arpa non va ikkita baliq bor emish, lekin ko'pchilikka bu nima ham bo'lar edi, - dedi. 10 - Odamlarni yerga o'tqazinglar, - dedi Iso. U yer qalin maysazor edi. Besh mingga yaqin bo'lgan erkaklar jamoati yonboshlab o'tirdi. 11 Iso nonlarni olib, shukrona duosini o'qidi-yu shogirdlariga bo'lib berdi, shogirdlar esa kim qancha istasa, o'tirganlarning hammasiga bo'lib berdi. Baliqlar bilan ham xuddi shu yo'lni tutdi. 12 Odamlar yeb to'ydi. Bundan keyin Iso O'z shogirdlariga: - Qolgan burdalarni terib olinglar, hech narsa isrof bo'lmasin, - dedi. 13 Shogirdlar odamlar yegan beshta arpa nondan ortib qolgan burdalarni terib olishdi, o'n ikkita savat chiqdi. 14 Shunda odamlar Isoning qilgan ibratli mo'jizasini payqab: - Haqiqatan ham, Bu olamga keladigan Payg'ambar ekan, - dedilar. 15 Iso odamlar Uni zo'rlik bilan ushlab, podshoh qilib ko'tarmoqchi ekanliklarini bilib qolgach, yana yolg'iz O'zi toqqa chiqib ketdi.

Isoning suv ustida yurishi

16 Kechki payt Isoning shogirdlari ko'l bo'yiga bordilar. 17 Qayiqqa tushib, ko'lning berigi qirg'og'idagi Kafarnahumga qarab yo'l oldilar. Qorong'i tushgan, Iso esa hali ham ularning oldiga kelmagan edi. 18 Kuchli shamol esib, ko'l to'lqinlanib ketdi. 19 Ular bir tosh yo'lcha suzganlaridan keyin, ko'l yuzida yurib qayiqqa yaqinlashayotgan Isoni ko'rib qolishdi-da, vahimaga tushishdi. 20 - Bu Men, qo'rqmanglar! - dedi ularga Iso. 21 Ular Isoni qayiqqa olmoqchi bo'ldilar. Lekin o'sha zahotiyoq qayiq ular borayotgan qirg'oqqa yetib to'xtab qoldi.

Iso - hayot noni

22 Ertasi kuni ko'lning narigi yoqasida qolgan xalq u yerda shogirdlar tushgan qayiqdan boshqa qayiq yo'qligini ko'rishdi va Iso shogirdlari bilan birga qayiqqa tushmaganini, shogirdlari yolg'iz o'zlari suzib ketganini payqadilar. 23 Shu payt Tiveriyadan boshqa qayiqchalar kelib qoldi. Qayiqchalar to'xtagan joy Rabbimiz Iso shukrona duosini o'qigan va xalq non yegan yerga yaqin edi. 24 Xaloyiq Iso bilan shogirdlarining u yerda yo'qligini ko'rgach, qayiqlarga tushib, Isoni qidirib Kafarnahumga suzib kelishdi. 25 Ko'lning berigi bo'yidan Uni topdilar. - Ustoz, Sen qachon bu yerga kelding? - deb so'radilar. 26 Iso ularga shunday javob berdi: - Sizlarga gapning rostini aytsam, sizlar ibratli mo'jizalarni ko'rganingiz uchun emas, balki non yeb to'yganingiz uchun Meni qidiryapsizlar. 27 Siz o'tkinchi oziq uchun emas, abadiy hayotga boshlovchi boqiy oziq uchun harakat qilinglar, uni sizlarga Inson O'g'li beradi. Inson O'g'li esa Ota - Xudoning muhriga molikdir. 28 Xalq Isodan: - Xudoga ma´qul ishlarni bajarish uchun nima qilishimiz kerak? - deb so'radi. Iso dedi: 29 - Xudoga ma´qul ish - Xudo yuborgan Zotga ishonishdir. 30 - Bizlar Senga ishonishimiz uchun qanday ish qilasan, ko'raylik-chi, qanday ibratli mo'jiza ko'rsatasan? - dedi xaloyiq. 31 - Ota-bobolarimiz sahroda manna yeganlar, Tavrotda: “Yeyish uchun ularga osmondan non yog'dirdi”, deb yozilgan. 32 Iso ularga dedi: - Sizlarga rostini aytsam, sizlarga osmondan non bergan Muso payg'ambar emas. Osmondan tushgan haqiqiy nonni sizlarga Mening Otam beradi. 33 Xudo bergan non osmondan tushuvchi va dunyoga hayot bag'ishlovchi nondir. 34 Bunga qarshi xalq: - Hazrat, bunday nonni bizga doimo berib turgin! - dedi Isoga. 35 Iso shunday aytdi: - Men hayot noniman. Mening oldimga kelgan odam sira och qolmas, Menga ishongan odam hech qachon chanqamas. 36 Lekin Men sizlarga aytgan edim-ku, Meni ko'rib turgan bo'lsangizlar ham, ishonmayapsizlar. 37 Otam kimni Menga bergan bo'lsa, Mening oldimga keladi. Oldimga kelgan odamni esa sira quvib chiqarmayman. 38 Men O'z irodamni emas, balki Meni yuborgan Otamning irodasini ado etish uchun osmondan tushganman. 39 Meni Yuborganning irodasi - Uning Menga berganlaridan hech birini yo'qotmasligim, balki oxirgi kunda ularning har birini tiriltirishimdir. 40 Otamning irodasi yana shuki, Uning O'g'lini ko'rgan, Unga ishongan har bir kishi abadiy hayotga ega bo'lsin. Men esa bundaylarni oxirgi kunda tiriltiraman. 41 Iso “Men osmondan tushgan nonman”, degani uchun yahudiylar Undan noliy boshlashdi. 42 - Yusufning o'g'li Iso bu emasmi? Ota-onasini biz taniymiz-ku! Endi qanday qilib U: “Men osmondan tushdim”, deb aytyapti? - deyishardi o'zaro. 43 - O'zaro nolimanglar! - dedi ularga Iso. 44 - Agar Meni yuborgan Otam birovni jalb qilmasa, u Menga hech ham yetisholmaydi. Menga yetishgan odamni esa oxirgi kunda tiriltiraman. 45 Payg'ambar oyatida: “Hamma Xudo tomonidan o'rgatilgan bo'ladi”, - deb bitilgan. Shunday qilib, Otadan eshitgan va o'rgangan har bir kishi Mening oldimga keladi. 46 Aslida hech kim Otani ko'rgan emas, birgina Xudodan chiqqan Zot Otani ko'rgan. 47 Sizlarga rostini aytay: Kimki Menga ishonsa, abadiy hayotga ega bo'ladi. 48 Men hayot noniman. 49 Ota-bobolaringiz sahroda manna yeb, o'lib ketganlar. 50 Odam yeb o'lmasligi uchun osmondan tushadigan non bor, mana u ko'z o'ngingizda turibdi. 51 Men osmondan tushgan tirik nondirman. Bu nonni yegan kishi abadiy yashaydi. Men beradigan non - O'zimning tanamdir, uni dunyoga hayot baxsh etish uchun fido qilaman. 52 Shunda yahudiylar: - U qanday qilib bizga O'zining tanasini yedira olar ekan? - deb o'zaro talashib-tortisha boshladilar. 53 Iso ularga aytdi: - Sizlarga rostini aytay: agar Inson O'g'lining tanasini yemasangizlar va Uning qonini ichmasangizlar, u holda sizda hayot bo'lmaydi. 54 Mening tanamni yegan va qonimni ichgan odamda abadiy hayot bor, Men uni oxirgi kunda tiriltiraman. 55 Mening tanam - haqiqiy oziq, qonim - haqiqiy ichimlikdir. 56 Tanamni yeb, qonimni ichadigan kishi Men bilan, Men esa U bilan bir jon, bir tan bo'lamiz. 57 Xuddi barhayot Otam Meni yuborganday, Men Otam orqali yashayotganday, Meni yegan odam ham Men orqali yashaydi. 58 Osmondan tushgan non mana shudir. Bu non ota-bobolaringiz yegan mannaga o'xshamaydi, ular manna yeb o'lib ketganlar. Men bergan nonni yegan odam esa abadiy yashaydi.

Isoni tan oluvchilar va rad etuvchilar

59 Iso bu so'zlarni Kafarnahumdagi yahudiylar ibodatxonasida ta´lim berayotganda gapirar edi. 60 Uning ko'p shogirdlari bu gaplarni eshitib: - Qanday qattiq so'zlar! Kim buni tinglaydi? - deyishar edi. 61 Shogirdlarining norozi bo'lganliklarini Iso O'z ko'nglida sezdi. - Bu sizlarni vasvasaga solyaptimi? 62 Xo'sh, Inson O'g'lining ilgarigi joyiga chiqishini ko'rsangizlar nima bo'pti? 63 Ruh hayot baxsh etadi, jism hech qanday foyda keltirmaydi. Mening sizlarga aytib kelayotgan so'zlarim ruhdir, hayotdir. 64 Shunga qaramay, ichingizda imonsiz qolganlar bor, - dedi. Kimlar imonsiz, kim xiyonat qiladi - Iso hammasini avvaldan bilar edi. 65 - Otam yo'l qo'ymasa, hech kim Mening oldimga kelolmaydi, deyishimga bois ana shu bo'lgan edi, - dedi U yana. 66 O'sha vaqtdan boshlab Uning ko'p shogirdlari Isodan yuz o'girib, U bilan boshqa yurmaydigan bo'ldilar. 67 Shunda Iso o'n ikki shogirdidan: - Nahotki sizlar ham ketmoqchi bo'lsangizlar? - deb so'radi. 68 - Rabbim, - dedi Simun Butrus, - bizlar kimga boraylik? Senda abadiy hayotning so'zlari bor. 69 Bizlar ishondik va bildik, Sen Xudoning Azizi - Masihsan. 70 Iso ularga aytdi: - Sizlarni o'n ikkita qilib tanlagan O'zim emasmi? Lekin sizlarning biringiz iblisdir. 71 Iso Simun o'g'li Yahudo Ishqariyotni nazarda tutgan edi. U o'n ikki shogirddan biri bo'lib, Isoga xiyonat qilmoqchi bo'lgan edi.

Iso va ukalari

7:1 Shundan keyin Iso Jalilada yurar edi. Yahudiy mansabdorlari Uni o'ldirishga qasd qilganliklari uchun, Yahudiyada yurishni istamadi. 2 Yahudiylarning Chayla bayrami yaqinlashayotgan edi. 3 Shunday qilib, Isoning ukalari Unga: - Bu yerdan chiqib Yahudiyaga bor, qilayotgan ishlaringni shogirdlaring ham ko'rsin. 4 O'zini mashhur qilmoqchi bo'lgan har bir kishi yashirincha ish qilib yurmaydi-ku! Sen bu ishlarni qilayotgan bo'lsang, qani O'zingni dunyoga oshkor qilib ko'r, - deyishdi. 5 Hatto ukalari ham Unga ishonmas edilar. 6 Iso ularga shunday dedi: - Mening vaqt-soatim hali kelgani yo'q. Lekin sizlar uchun har vaqt qulaydir. 7 Dunyo sizlardan nafratlana olmaydi, lekin Mendan nafratlanadi. Chunki Men uning qilmishlari yomonligini fosh qilaman. 8 Mayli, sizlar bayramga boringlar. Men hozircha bu bayramga bormayman, chunki Mening vaqtim bo'lgani yo'q. 9 Shu so'zlarni aytib, Iso Jalilada qoldi.

Iso Quddusda Chayla bayramida

10 Isoning ukalari bayramga borgandan so'ng, O'zi ham bordi; faqat ochiq emas, yashirincha bordi. 11 Yahudiy mansabdorlari esa Isoni bayramda qidirar, “U qayoqda?” - deb so'rab-surishtirar edilar. 12 Omma orasida Iso to'g'risida har xil gap-so'zlar yoyilayotgan edi. Ba´zilari: “U yaxshi Odam”, - desalar, boshqalari: “Yo'q, U xalqni yo'ldan ozdiryapti”, - deyishardi. 13 Biroq yahudiy mansabdorlaridan qo'rqqanlari uchun U haqda hech kim ochiq gapirmas edi. 14 Bayramning yarmi o'tganda, Iso ma´badga kirib ta´lim bera boshladi. 15 Shunda yahudiy mansabdorlari: - Bu Odam o'qimagan bo'lsa, qanday qilib Muqaddas Bitiklarni biladi? - deb taajjublandilar. Iso ularga javoban aytdi: 16 - Mening ta´limotim O'zimniki emas, balki Meni Yuborgannikidir. 17 Kim Uning irodasini bajarishni istasa, bu ta´limot Xudodanmi, yoki Men O'zimdan gapiryapmanmi, bilib oladi. 18 Kim o'z nomidan gapirsa, o'ziga ulug'lik izlaydi. Kim uni yuborganga ulug'lik izlasa, u haqqoniydir, uning dilida biron nohaqlik yo'q. 19 Tavrotni sizlarga Muso payg'ambar bermadimi? Shunga qaramay, birortangiz ham Tavrot Qonuniga qarab ish yuritmaysiz. Nima uchun Meni o'ldirmoqchisizlar? 20 - Seni jin uribdi! Kim Seni o'ldirmoqchi ekan? - dedi xaloyiq. 21 Iso esa O'z so'zida davom etdi: - Men bitta ish qildim, hammangiz bunga hayron qolyapsizlar. 22 Muso sizlarga sunnatni buyurgan (sunnat aslida Musodan emas, balki ota-bobolardan merosdir), sizlar esa dam olish kunida o'g'il bolani sunnat qilasizlar. 23 Musoning Qonuni buzilmasin deb, hatto dam olish kuni o'g'il bola sunnat qilinadigan bo'lsa, nega sizlar Menga dam olish kuni odamzodni butunlay sog'aytirdi, deb g'azab qilasizlar? 24 Yuzaki hukm qilmanglar, hukmingiz adolatli bo'lsin.

Isoning kimligi haqida gumonlar

25 Shunda ba´zi quddusliklar gapga kirdi: - O'ldirish uchun qidirib yurishgan Shu emasmi? 26 Mana U bemalol so'zlayapti, Unga qarshi hech kim hech narsa demayapti. Nahotki boshliqlar Uning haqiqiy Masih ekanligiga tan berishgan bo'lsa? 27 Axir, Buning qayerdanligini hammamiz bilamiz-ku, biroq Masih kelganda, Uning qayerdanligini hech kim bilmaydi. 28 Bunga javoban Iso ma´badda ovozini baland qilib, shunday ta´lim bera boshladi: - Sizlar Mening kimligimni ham, qayerdanligimni ham bilasizlar. Lekin Men O'z-O'zimdan kelganim yo'q. Meni Haq yuborgan, sizlar Uni bilmaysizlar. 29 Men Uni bilaman, chunki Men Uning oldidan kelganman, Meni O'sha yuborgan. 30 Bu so'zi uchun Isoni ushlashga intildilar. Biroq hech kim Unga qo'l uzatmadi, chunki Uning vaqt-soati hali kelmagan edi. 31 Shu bilan birga, olomondagi ko'pgina odamlar Unga imon keltirdi. Ular: - Masih kelganda bundan ham ko'proq mo'jiza yaratarmikin? - deyishardi.

Isoni tutib olmoqchilar

32 Iso to'g'risida xalq orasida bunday gap-so'zlar tarqalayotganini farziylar eshitib, oliy ruhoniylar bilan til biriktirishdi-da, Isoni qo'lga olish uchun mirshablarni yuborishdi. 33 Iso dedi: - Men sizlar bilan uzoq bo'lmayman, yana Meni Yuborganning oldiga qaytib boraman. 34 Sizlar Meni izlaysiz-u, lekin topolmaysizlar. Men qayerda bo'lsam, sizlar u yerga borolmaysiz. 35 Shu payt yahudiylar: - U qayerga bormoqchi, biz Uni topolmas ekanmiz? - deyishdi o'zaro. - Nahotki U yunonlar orasida tarqalib ketgan yahudiylar oldiga borib, yahudiylarga ham, yunonlarga ham ta´lim bermoqchi bo'lsa? 36 “Sizlar Meni izlaysiz-u, lekin topolmaysizlar, Men qayerda bo'lsam, sizlar u yerga borolmaysizlar”, degan gaplarining mazmuni nima ekan?

Hayotbaxsh suv va Ruh haqida

37 Bayramning oxirgi, ulug' kunida Iso tik turdi-da, ovozini baland qilib xitob qildi: - Kim chanqagan bo'lsa, Mening oldimga kelib ichsin. 38 Muqaddas Bitikda aytilganidek, Menga ishonganning vujudidan hayotbaxsh suv daryo bo'lib oqadi. 39 Iso bunday deb, Muqaddas Ruhni nazarda tutgan edi; Unga ishonganlar Muqaddas Ruhni yaqin orada olishlari kerak edi. Iso hali ulug'vorlikka yuksalmagan, shuning uchun Muqaddas Ruh hanuz tushmagan edi.

Iso tufayli nizo

40 Olomon ichidan ba´zilar bu so'zlarni eshitib: - Haqiqatan Bu o'sha payg'ambar, - dedilar. 41 Boshqalari: - Bu Masih, - deyishsa, yana bo'laklari: - Masih Jaliladan kela oladimi? 42 Tavrotda, Masih Dovudning urug'i bo'ladi, U Dovudning yurti - Baytlahmdan chiqib kelishi lozim, deb yozilmaganmi? - deyishdi. 43 Shu tariqa Iso tufayli xalq orasida nizo yuzaga keldi. 44 Ba´zilar Uni tutmoqchi bo'lishdi, ammo hech kim Unga qo'l ko'tarmadi. 45 Shu payt mirshablar oliy ruhoniylar va farziylar oldiga qaytib kelishdi. - Nega Uni olib kelmadinglar? - deb so'rashdi ulardan. 46 - Dunyoda hech kim bu Odamday gapirmagan, - dedi mirshablar. 47 - Bo'lmasa, sizlar ham yo'ldan ozibsizlar-da! - deyishdi farziylar. 48 - Boshliqlar yoki farziylardan birontasi Unga ishonganmikin? 49 Lekin Tavrotni bilmagan bu johil ommaga la´natlar bo'lsin! 50 Farziylardan Nikodim nomli biri, avval tunda Isoning oldiga kelgan odam, so'z oldi: 51 - Ayblanuvchining o'zini oqlashiga imkon bermay, uning ishini tergab aniqlamay mahkum qilish bizning Tavrot Qonunimizga mosmikin? 52 - Nahotki sen ham Jaliladan bo'lsang? Yaxshi o'ylab ko'r, Jaliladan payg'ambar chiqmasligi aniq, - deyishdi unga. 53 Shundan keyin hammalari uy-uylariga tarqalib ketdilar.

Isoning buzuq ayolni kechirishi

8:1 Iso Zaytun tog'i tomon ketdi. 2 Ertalab yana ma´badga qaytib keldi. Butun xalq Uning oldiga kelar, U esa odamlarga ta´lim berib o'tirar edi. 3 Shu orada ulamolar bilan farziylar bir ayolni Isoning oldiga keltirishdi, uni zino qilayotganda ushlab olishgan edi. 4 - Ustoz! - deyishdi ayolni o'rtaga qo'yib. - Bu ayol zino qilayotganida ushlandi. 5 Muso payg'ambar Qonunimizda bundaylarni toshbo'ron qilishni buyurganlar. Sen nima deysan? 6 Bu so'roq bilan Isoni tuzoqqa ilintirib ayblamoqchi edilar. Iso esa ularga e´tibor bermay, engashib barmog'i bilan yerga yozar edi. 7 Ular bu haqda so'rayvergach, Iso tik turdi-da: - Sizning ichingizda kim begunoh bo'lsa, o'sha birinchi bo'lib ayolga tosh otsin, - dedi. 8 So'ng yana engashib yerga yozaverdi. 9 Ular bu gapni eshitib, vijdonan fosh bo'lishdi. Chollardan boshlab, keksayu yosh hammasi birin-ketin keta boshlashdi. Oxirida yolg'iz Iso bilan o'rtada turgan ayol qoldi. 10 Iso o'rnidan turdi-da, ayoldan boshqani ko'rmay: - Ey ayol! - dedi, - seni ayblovchilar qani? Hech kim seni mahkum qilmadimi? 11 - Hech kim, Hazrat! - deb javob berdi ayol. - Men ham seni mahkum qilmayman, - dedi Iso. - Bor, bundan keyin boshqa gunoh qilma.

Iso Masih - olamning nuri

12 Iso yana xalqqa xitob qildi: - Men olamning nuriman. Kimki Menga ergashsa, zulmatda yurmaydi, balki hayot nuriga ega bo'ladi. 13 Isoning shu so'ziga qarshi farziylar: - Sen O'zingga O'zing shohidlik beryapsan. Sening shohidliging haqiqat emas, - deyishdi. 14 Iso shunday javob berdi: - Men O'zimga O'zim shohidlik bersam ham, to'g'ri shohidlik beraman. Chunki Men qayerdan kelib, qayerga ketayotganimni bilaman. Sizlar esa Mening qayerdan kelib, qayerga ketayotganimni bilmaysizlar. 15 Sizlar tashqi qiyofaga qarab hukm qilasizlar; Men esa hech kimni hukm qilmayman. 16 Agarda Men hukm qilsam ham, to'g'ri hukm qilaman. Chunki yolg'iz emasman, Meni yuborgan Otam Meni yoqlaydi. 17 Mana, o'zlaringizning Tavrotda: “Ikki shohidning guvohligi to'g'ridir”, deb yozilgan. 18 Shunday qilib, O'zimga O'zim ham shohidlik beraman, Meni yuborgan Otam ham shohidlik beradi. 19 - Sening Otang qayerda? - deb so'radilar Isodan. U bunga javoban: - Sizlar na Meni, na Otamni taniysizlar. Agar Meni taniganingizda, Otamni ham tanigan bo'lar edingizlar, - dedi. 20 Bu so'zlarni Iso ma´badda ta´lim berayotib, sadaqa qutisining oldida aytdi. Hech kim Uni tutib olmadi, chunki Uning vaqt-soati hali kelmagan edi.

Isoni rad qilganlarning oqibati

21 Iso ularga yana dedi: - Men ketyapman. Siz Meni qidirasiz-u, gunohkor bo'lib o'lasizlar. Men boradigan joyga sizlar bora olmaysizlar. 22 - Nahotki U O'zini O'zi o'ldiradi? “Men boradigan joyga sizlar bora olmaysizlar”, deb aytyapti-ku, - deyishdi o'zaro yahudiylar. 23 Iso ularga shunday dedi: - Sizlar pastdansiz, Men esa yuqoridanman. Sizlar bu olamdan, Men esa bu olamdan emasman. 24 Siz gunohkor bo'lib o'lasizlar, deb aytdim-ku sizlarga. Ha, agar O'sha Men ekanligimga ishonmasangizlar, gunohkor bo'lib o'lasizlar. 25 - Sen kimsan? - deb so'rashdi shu mahal Isodan. Iso shunday dedi: - Boshdanoq sizlarga qanday aytgan bo'lsam, xuddi O'shaman. 26 Siz haqingizda aytadigan hamda hukm o'tkazadigan ko'p narsalarim bor. Biroq Meni Yuborgan haqiqatgo'ydir, Men Undan nima eshitgan bo'lsam, o'shani dunyoga ma´lum qilaman. 27 Ular esa Iso O'z Otasi haqida gapirayotganini tushunmadilar. 28 Iso O'z so'zida davom etdi: - Inson O'g'lini yuqoriga ko'targaningizda, O'sha Men ekanligimni bilib qolasizlar. O'shanda sizlar Men O'zimchalik hech narsa qilmasligimni, aksincha, Otam Menga qanday o'rgatgan bo'lsa, shunday so'zlayotganimni bilasizlar. 29 Meni Yuborgan O'zim bilandir. Otam Meni yolg'iz qoldirmagan, Men har doim Unga ma´qul bo'lgan ishlarni qilaman. 30 Iso bu so'zlarni aytar ekan, ko'p odamlar Unga ishondilar.

Ilohiy haqiqat va ozodlik haqida

31 Shu vaqt Iso Unga ishongan yahudiylarga dedi: - Agar Mening kalomimga rioya qilsangizlar, haqiqiy shogirdlarim bo'lasizlar. 32 Sizlar haqiqatni bilib olasizlar, haqiqat esa sizlarni ozod qiladi. 33 - Biz Ibrohim naslimiz, - deb javob berdi ular. - Hech qachon hech kimga qul bo'lmaganmiz. Sen qanday qilib, “Ozod bo'lasizlar”, deyapsan? 34 - Sizlarga gapning rostini aytsam, - dedi Iso, - gunoh qiluvchi har bir kishi gunohning qulidir. 35 Qul uyda umrbod turmaydi, o'g'il umrbod turadi. 36 Shunday qilib, agar O'g'il sizlarni ozod qilsa, haqiqatan erkin bo'lasizlar. 37 Ibrohim nasli ekanligingizni bilaman. Biroq Mening jonimga qasd qilmoqchisizlar. Chunki Mening so'zim qalbingizga o'rnashmaydi. 38 Men Otamning huzurida nima ko'rgan bo'lsam, o'shani so'zlab beraman. Sizlar esa o'z otangiz huzurida ko'rganlaringizni bajarasizlar.

Ibrohim bolalari, iblis bolalari

39 Ular Isoga javoban: - Bizning otamiz Ibrohim-ku, - deyishdi. - Agar siz Ibrohim farzandlari bo'lsangiz edi, Ibrohimning qilgan ishlarini qilar edingizlar, - dedi Iso. 40 - Endi bo'lsa, Xudodan eshitgan haqiqatni sizlarga so'zlab berayotgan Odamni - Meni o'ldirmoqchisizlar. Ibrohim bunday yo'l tutmagan edi. 41 Sizlar o'z otangizning ishlarini qilyapsizlar. - Biz fahshdan tug'ilgan emasmiz-ku, bizning bitta Otamiz bor, U Xudodir, - deb javob berishdi Isoga. U ularga shunday dedi: 42 - Agar Otangiz Xudo bo'lganida edi, Meni sevar edingiz, chunki Men Xudodan chiqdim. Men O'zimcha kelganim yo'q, Meni U yubordi. 43 Nega aytganlarimni anglamayapsizlar? Sabab, Mening so'zimni eshita olmaysizlar. 44 Sizlarning otangiz - iblisdir. Sizlar o'z otangizning nafsu ehtiroslarini bajo keltirmoqchisizlar. Azaldanoq iblis qotil edi. U haqiqat tomonida turmagan, chunki unda haqiqat yo'q. U yolg'on so'zlaganda, o'ziga yarasha so'zlaydi. Chunki u yolg'onchi, yolg'onning otasidir. 45 Ammo Men haqiqatni so'zlayotganim uchun, Menga ishonmayapsizlar. 46 Qaysi biringiz Meni biron gunoh bilan ayblay olasiz? Agarda haqiqatni so'zlayotgan bo'lsam, nega Menga ishonmayapsizlar? 47 Kim Xudoniki bo'lsa, Xudoning so'zlarini eshitadi. Sizlar esa Xudoga begona bo'lganingiz uchun, eshitmayotirsiz.

Iso azaldan mavjud

48 Bunga javoban yahudiylar: - Sen samariyaliksanu, Seni jin uribdi, deb xato qilmabmiz! - deyishdi. 49 - Meni jin urgani yo'q, - dedi Iso. - Men faqat Otamni hurmat qilaman. Sizlar esa Meni badnom qilyapsizlar. 50 Men O'z shuhratimni izlamayman, Meni Ulug'lovchi va Hukmlovchi bor. 51 Sizlarga rostini aytayin: kim Mening so'zimga rioya qilsa, abadiy o'limga yuz tutmaydi. 52 - Endi biz bilamiz, Seni jin uribdi, - deyishdi yahudiylar Unga. - Ibrohim va payg'ambarlar bari o'lib ketgan, Sen esa: “Kim Mening so'zimga rioya qilsa, abadiy o'limga yuz tutmaydi”, deyapsan-a?! 53 Nahotki Sen vafot etgan otamiz Ibrohimdan ham katta bo'lsang? Payg'ambarlarning hammasi ham o'lib ketishgan. Sen O'zingni kim deb hisoblaysan? 54 Iso javob berdi: - Agar Men O'zimni O'zim ulug'lasam, Mening ulug'ligim puchdir. Otamning O'zi Meni ulug'laydi. Sizlar Uni Xudoyimiz deysizlar, 55 ammo aslida Uni taniganingiz yo'q. Men esa Uni tanib-bilaman. Agar Uni bilmayman, desam, sizlarga o'xshagan yolg'onchi bo'laman. Biroq Men Uni tanib-bilaman va Uning kalomiga rioya qilaman. 56 Otangiz Ibrohim Mening kunimni ko'rishini bilib, shod-xurram bo'lgan edi. Endi ko'rib, xurram bo'ldi. 57 - Sen hali ellik yoshga to'lganing yo'g'u, Ibrohimni ham ko'ribsan-a?! - deyishdi yahudiylar Unga. 58 Iso ularga: - Sizlarga rostini aytay: Ibrohim vujudga kelmasidan oldin Men bor edim, - dedi. 59 Shunda Isoga otish uchun tosh oldilar. Lekin Iso ulardan chekinib, ma´baddan tashqariga chiqdi. Xalqning o'rtasidan yorib o'tib, uzoqlashib ketdi.

Isoning tug'ma ko'rni sog'aytirishi

9:1 Iso o'tib ketayotganda, Uning ko'ziga bir tug'ma ko'r odam chalindi. 2 Shogirdlari Isodan: - Ustoz, buning ko'r bo'lib tug'ilishida kim gunohkor, o'zimi yoki ota-onasimi? - deb so'radilar. 3 Iso shunday javob berdi: - Bunda na o'zi gunohkor, na ota-onasi, balki Xudoning ishlari unda namoyon bo'lishi uchun u ko'r tug'ilgan. 4 Kun yorug' ekan, Meni Yuborganning ishlarini qilishim lozim. Ana tun kelyapti, o'shanda hech kim ish qila olmaydi. 5 Men olamda bor ekanman, olamning nuridirman. 6 Iso bularni aytdi-yu, yerga tupurdi, tupukdan loy qilib, ko'rning ko'zlariga surtdi. 7 - Borib Siloam hovuzida yuvin, - dedi unga. (Siloam - “Yuborilgan” demakdir.) Ko'r odam borib yuvindi va ko'zi ochilib qaytdi. 8 Shunda uning qo'shnilari va ilgari uning ko'r bo'lib o'tirganini ko'rgan odamlar: - Bu haligi tilanchilik qilib o'tirgan ko'r odam emasmi? - deb so'rashardi. 9 Ba´zilar: - Bu xuddi o'sha, - desalar, boshqalar: - O'shanga o'xshaydi, - deyishardi. Odamning o'zi esa: - O'sha menman, - deb ta´kidlardi. 10 - Unday bo'lsa, ko'zlaring qanday ochildi? - deb so'radilar. 11 - Iso degan Kishi tupukdan loy qilib ko'zlarimga surtdi-yu, “Borib Siloam hovuzida yuvin”, dedi. Men borib yuvindim va ko'radigan bo'lib qoldim, - dedi u odam. 12 - U qayerda? - deb so'radilar. - Bilmayman, - deb javob berdi u.

Sog'aygan ko'rni so'roq qilish

13 Ilgari ko'r bo'lgan o'sha odamni farziylarning oldiga keltirishdi. 14 O'sha kuni yahudiylarning dam olish kuni edi. Bunga qaramay, Iso loy qilib, ko'r odamning ko'zlarini ochgan edi. 15 Binobarin, farziylar ham ko'rdan ko'zlari qanday ochilganini so'radilar. - U ko'zlarimga loy surtdi. Men yuvindim-u, ko'zlarim ko'radigan bo'ldi, - dedi haligi odam. 16 - Bu Odam Xudodan emas, chunki U dam olish kuniga rioya qilmayapti, - dedi ba´zi farziylar. Boshqalari esa: - Gunohkor odam bunday mo'jizalarni qanday qila oladi? - deyishdi. Shunday qilib, oralarida nifoq paydo bo'ldi. 17 - Ko'zlaringni ochgan u Kishi haqida sen nima deysan? - deb so'rashdi yana ko'r odamdan. - U payg'ambar, - dedi o'sha. 18 Biroq yahudiy din arboblari ko'zlari ochilgan odamning ota-onasini chaqirtirmaguncha, uning ilgari ko'r bo'lganiga va ko'zlari ochilganiga ishonmadilar. 19 Ota-onasi keldi. - Ko'r tug'ilgan, deb aytgan o'g'lingiz shumi? Xo'sh, endi qanday qilib uning ko'zlari ko'ryapti? - deb so'rashdi ota-onasidan. 20 Ota-onasi javob berishdi: - Bu bizning o'g'limiz, uning ko'r tug'ilganini bilamiz. 21 Lekin qanday qilib ko'zlari ko'rayotganini, ko'zlarini kim ochganini biz bilmaymiz. U balog'at yoshida, o'zidan so'ranglar. O'zi uchun o'zi javob bersin. 22 Ko'rning ota-onasi yahudiy din arboblaridan qo'rqqanlari uchun bunday aytdilar. Din arboblari bundan avval, kim Isoning Masihligini tan olsa, ibodatxonadan badarg'a qilinsin, degan fatvoni chiqargan edilar. 23 Ana shu sababdan ko'rning ota-onasi: “U balog'at yoshida, o'zidan so'ranglar”, - deyishdi. 24 Shunday qilib, ilgari ko'r bo'lgan odamni ikkinchi marta chaqirishdi: - Xudoni ulug'la! Biz u Odamning gunohkorligini bilamiz, - deyishdi. 25 - U gunohkormi, yo'qmi, men bilmayman, - deb javob berdi u, - Men shuni bilamanki, men ko'r edim, endi esa ko'zlarim ko'ryapti. 26 - U senga nima qildi? Ko'zlaringni qanday ochdi? - deb yana undan so'radilar. 27 - Oldin ham men sizlarga aytgan edim-ku, ammo sizlar quloq solmayapsizlar! Yana nima xohlaysizlar? Nahotki sizlar ham Uning shogirdlari bo'lmoqchisizlar? - dedi u odam. 28 Yahudiy din arboblari esa uni jerkib: - Sen Uning shogirdi, biz Musoning shogirdlarimiz. 29 Biz bilamizki, Musoga Xudo gapirgan. Bu Kishi-chi, Uning qayerdanligini ham bilmaymiz, - deyishdi. 30 - Ana shunisi juda ajablanarli-da! - dedi ularga ko'zi ochilgan odam. - Sizlar Uning qayerdanligini bilmaysizlar, ammo ko'zlarimni ochgan ana Shuning O'zi! 31 Ma´lumki, gunohkorlarga Xudo quloq solmaydi. Biroq kim Xudodan qo'rqib, Uning irodasiga amal qilsa, Xudo uni tinglaydi. 32 Tug'ma ko'rning ko'zlarini birov ochganligi dunyoda eshitilmagan gap. 33 Agar U Kishi Xudodan bo'lmaganda, hech narsa qilolmasdi. 34 Yahudiy din arboblari bunga javoban: - Sen o'zing butunlay gunoh ichida tug'ilgan ekansan-u, endi bizlarga aql o'rgatyapsanmi? - deyishdi-da, uni quvib chiqarishdi.

Qalbi ko'rlar

35 U odamning quvib chiqarilganligini Iso eshitdi-yu, uni axtarib topdi. - Sen Xudoning O'g'liga ishonasanmi? - deb so'radi undan. U odam Isoga: 36 - Hazrat, - dedi, - U kimdirki, men Unga ishonsam? 37 - Sen Uni ko'rding, mana sen bilan gaplashayotgan - O'shaning O'zi, - dedi Iso. 38 Shunda u odam: - Ishonaman, yo Rabbiy, - dedi-da, Isoga sajda qildi. 39 Iso: - Ko'rlar ko'rsin, ko'zi ochiqlar esa ko'r bo'lsin, deb Men bu dunyoni hukm qilgani kelganman, - dedi. 40 Uning atrofida ba´zi farziylar turgan edi. Ular bu gapni eshitgach: - Nahotki bizlar ham ko'r bo'lsak? - deb so'rashdi. 41 Iso ularga dedi: - Agar ko'r bo'lganingizda, gunohingiz bo'lmas edi. Lekin sizlar “Ko'zlarimiz ko'ryapti”, deganingiz uchun, gunohingiz o'z bo'yningizda qoladi.

Iso - yaxshi Cho'pon

10:1 “Sizlarga rostini aytay: kim qo'y qo'rasiga eshikdan kirmay, boshqa yo'ldan oshib tushsa, u o'g'ri va bosqinchidir. 2 Eshikdan kirgan odam esa qo'ylarning cho'ponidir. 3 Unga darvozabon eshikni ochib beradi. Qo'ylar uning tovushiga quloq soladi. U esa o'z qo'ylarini nomma-nom chaqirib tashqariga olib chiqadi. 4 U o'z qo'ylarini qo'radan olib chiqib, ularning oldida boraveradi. Qo'ylar esa unga ergashadi, chunki ular cho'ponning tovushini biladilar. 5 Begona kishiga esa ergashmaydilar. Aksincha, begonaning tovushini tanimay, undan qochib ketadilar”. 6 Iso bu ibratli naqlni aytib berganda, tinglovchilari Uning nima demoqchi ekanligini tushunmadilar. 7 Shu sababdan Iso yana gap oldi: “Sizlarga rostini aytay: Men qo'ylarning eshigiman. 8 Mendan ilgari o'tganlarning hammasi o'g'ri va bosqinchi edilar. Lekin qo'ylar ularga quloq solmadilar. 9 Men eshikman. Kim Men orqali kirsa, najot topadi. U kirib chiqib, yaylov ham topadi. 10 O'g'ri faqat o'g'irlash, bo'g'izlash, barbod qilish uchun keladi. Men esa ularga hayot, farovon hayot berish uchun kelganman. 11 Men yaxshi Cho'ponman. Yaxshi Cho'pon qo'ylari uchun jonini bag'ishlaydi. 12 Yollangan odam qo'ylarning cho'ponu egasi emas. U bo'rining kelganini ko'rgach, qo'ylarni tashlab, qochib ketadi. Bo'ri esa qo'ylarni talab, tumtaraqay qiladi. 13 Yollangan odam qo'ylar haqida hech qayg'urmagani uchun qochib ketadi. 14 Men yaxshi Cho'ponman. Men O'zimnikilarni bilaman, O'zimnikilar esa Meni biladilar. 15 Otam Meni qanday tanib-bilsa, Men ham Otamni shunday tanib-bilaman. Men qo'ylarim uchun jonimni bag'ishlayman. 16 Bu qo'radagidan boshqa qo'ylarim ham bor. Ularni ham olib kelishim kerak. Ular ham Mening tovushimni eshitadi va bir suruv, bir cho'pon bo'ladi. 17 Men jonimni berib, yana qaytib olaman, shu bois Otam Meni sevadi. 18 Hech kim jonimni Mendan ololmaydi, Men O'z ixtiyorim bilan uni beraman. Uni berish ham qaytadan olish huquqim bor. Ushbu muqaddas burchni Menga Otam topshirgan”. 19 Bu gap sabab bo'lib, yahudiylar orasida yana kelishmovchilik paydo bo'ldi. 20 Oralaridan ko'pi: - Uni jin uribdi, U telbalik qilyapti-ku! Nega Unga quloq solyapsizlar? - der edilar. 21 Boshqalari esa: - Bu jin urganning so'zlari emas, so'qir odamning ko'zlarini jin ocha olarmidi? - deb aytishardi.

Din arboblarining imonsizligi va dushmanligi

22 O'sha vaqtda Quddusda Ma´badni Yangilash bayrami qutlanardi. Qish edi. 23 Iso ma´badda Sulaymon ravoqida aylanib yurar edi. 24 Yahudiy din arboblari Uning atrofini o'rab oldilar. - Qachongacha Sen bizlarni laqillatasan? Agar Sen Masih bo'lsang, bizlarga ochig'ini ayt, - deyishdi. 25 Iso ularga javob berdi: - Men sizlarga aytdim, ammo sizlar ishonmayapsizlar. Mening Otam nomidan qilayotgan ishlarimning o'zi Men to'g'rimda shohidlik bermoqda. 26 Sizlar esa ishonmayapsizlar. Avval aytganimdek, sizlar Mening qo'ylarimdan emassizlar. 27 Mening qo'ylarim tovushimga quloq soladi. Men ularni taniyman, ular esa Menga ergashib yurishadi. 28 Men ularga abadiy hayot bag'ishlayman va ular abadiy halok bo'lmaydilar. Hech kim ularni Mening qo'limdan tortib ololmaydi. 29 Ularni Menga bergan Otam hammadan buyukdir. Otamning qo'lidan ularni tortib olishga hech kimning kuchi yetmaydi. 30 Men va Otam - birmiz. 31 Shunda yahudiy din arboblari yana Isoni toshbo'ron qilmoqchi bo'lib, tosh ola boshladilar. 32 - Men sizlarga Otam nomidan ko'p xayrli ishlar ko'rsatdim, ularning qaysi biri uchun Meni toshbo'ron qilmoqchisizlar? - so'radi Iso. 33 Yahudiy din arboblari Unga javoban: - Seni xayrli ishing uchun emas, balki kufrliging uchun toshbo'ron qilmoqchimiz. Sen odam bo'la turib O'zingni Xudo deyapsan! - deyishdi. 34 Iso shunday javob qaytardi: - Sizning Tavrotda: “Men aytdim, sizlar xudolarsiz”, deb yozilgan emasmi? 35 Mana Xudo qadimgilarga kalomini yuborib, ularni hatto xudolar deb atagan. Muqaddas Bitikni esa buzib bo'lmaydi. 36 Shunday ekan, Otam O'ziga ajratib olgan va dunyoga yuborgan Kishi “Xudoning O'g'liman” desa, nima bo'pti? Nega sizlar Meni kufrlikda ayblaysizlar? 37 Agar Men Otamning ishlarini qilmayotgan bo'lsam, Menga ishonmay qo'ya qolinglar. 38 Agar Uning ishlarini qilayotgan bo'lsamu, sizlar ishonmayotgan bo'lsangizlar, aqalli Mening ishlarimga ishoninglar. Otam Menda va Men Otamda ekanimizni anglab, imoningizni komil qilinglar. 39 Shunda yana Isoni ushlab olishga harakat qildilar, ammo Iso ulardan qutulib qoldi. 40 So'ng Iso yana O'rdun daryosining naryog'iga, ilgari Yahyo payg'ambar odamlarni tavba qildirib yurgan joyga bordi va u yerda qoldi. 41 Uning oldiga ko'p odamlar kelaverdi. Ular: - Yahyo hech qanday mo'jiza yaratmagan edi, lekin Yahyoning bu Kishi haqida aytganlari hammasi to'g'ri chiqdi, - deyishar edi. 42 Shunday qilib, o'sha yerda talay odamlar Isoga uzil-kesil ishondilar.

Lazarning o'limi

11:1 Baytaniya degan qishloqda Lazar ismli bir odam kasal yotgan edi. Maryam va Marta nomli opa-singil ham shu qishloqda yashar edilar. 2 Rabbimiz Isoga atir moy surtgan va Uning oyoqlarini sochi bilan artib quritgan o'sha Maryam edi. Kasal yotgan Lazar esa Maryamning akasi edi. 3 Opa-singil Isoga: - Hazrat, Sening aziz do'sting kasal bo'lib yotibdi, - deb xabar yetkazishdi. 4 Iso buni eshitib: - Bu kasallik o'lim bilan yakunlanmaydi, balki Xudoning ulug'lanishiga, shuningdek, Xudo O'g'lining ulug'lanishiga sabab bo'ladi, - dedi. 5 Iso Marta va uning singlisini hamda Lazarni sevar edi. 6 Ammo Lazarning bemor bo'lib yotganini bilsa ham, o'sha joyda yana ikki kun qoldi. 7 Bundan so'ng U shogirdlariga: - Yana Yahudiyaga boramiz, - dedi. 8 - Ustoz, - dedi shogirdlari, - yaqindagina yahudiyaliklar Seni toshbo'ron qilmoqchi edilar-ku! Endi yana u yerga bormoqchimisan? 9 Iso javob berdi: - Kunduz o'n ikki soat-ku! Kim yorug'da yursa, qoqilmaydi, chunki bu dunyoning yorug'ini ko'radi. 10 Kechasi yurgan esa qoqiladi, chunki yorug'lik u bilan emas. 11 Bu so'zlarini aytib bo'lib, ularga yana dedi: - Do'stimiz Lazar uxlab qoldi. Men uni uyg'otgani ketyapman. 12 - Hazrat, agar uxlab qolgan bo'lsa, tuzalib ketadi, - dedi shogirdlari. 13 Iso Lazarning o'limini nazarda tutgan edi. Shogirdlar esa Iso odatdagi uyqu to'g'risida gapirdi, deb o'yladilar. 14 Keyin Iso ularga ochig'ini aytdi: - Lazar vafot etdi. 15 Men sizlar uchun xursandmanki, o'sha yerda yo'q edim, chunki bu sizlarning imon topishingizga yaraydi. Qani endi yuringlar, uning oldiga boraylik. 16 Shunda “Egiz” laqabli To'ma boshqa shogirdlarga: - Qani yuringlar, biz ham U bilan o'lamiz! - dedi.

Iso - tiriklik manbayi

17 Iso u yerga yetib borib bildiki, Lazarning dafn qilinganiga to'rt kun bo'lgan ekan. 18 Baytaniya qishlog'i Quddusdan yaqin uch chaqirimcha yerda edi. 19 Ko'p yahudiylar Marta bilan Maryamning oldiga akasining vafoti munosabati ila tasalli berish uchun borgan edilar. 20 Marta Isoning kelayotganini eshitib, Uni kutib olgani chiqdi. Maryam esa uyda o'tirar edi. 21 - Hazrat! - dedi Marta Isoga. - Agar Sen bu yerda bo'lganingda edi, mening akam o'lmas edi. 22 Ammo hozir ham bilaman, Sen Xudodan nima so'rasang, Xudo Senga beradi. 23 - Sening akang tiriladi, - dedi Iso. 24 - Bilaman, qiyomatda, oxiratda tiriladi, - dedi Marta. 25 Iso unga dedi: - Men tirilish va hayotdirman. Menga ishongan odam o'lsa ham yashaydi. 26 Kimda-kim Menga ishonib yashasa, to abad o'lmaydi. Bunga ishonasanmi? 27 - Ha, Rabbim, - dedi Marta, - Sen olamga keladigan Masih, Xudoning O'g'lisan, deb ishonaman. 28 Shunday dedi-yu, Marta borib singlisi Maryamni yashirincha chaqirdi. - Ustoz shu yerda, U seni chaqiryapti, - dedi Maryamga. 29 Maryam buni eshitgach, shoshib o'rnidan turdi-da, Isoning oldiga jo'nadi. 30 Iso hali qishloqqa kirmagan, Marta Uni kutib olgan joyda poylab turar edi. 31 Maryam bilan uyda qolgan, unga tasalli berayotgan yahudiylar uning shoshilib o'rnidan turib tashqariga chiqqanligini ko'rishdi. Maryam yig'lagani qabrga ketyapti, deb o'ylashib, uning orqasidan ketaverishdi. 32 Maryam Iso turgan yerga yetib kelib Uni ko'rdi-yu, oyoqlariga o'zini tashlab: - Hazrat! - dedi, - agar Sen shu yerda bo'lganingda, mening akam o'lmas edi! 33 Maryam ham, u bilan kelgan yahudiylar ham yig'layotgan edilar. Iso buni ko'rib, qattiq iztirobga tushdi, ko'ngli o'rtanib ketdi. 34 - Uni qayerga qo'ydingizlar? - deb so'radi. - Borib ko'rgin! - dedilar. 35 Isoning ko'zi yoshlandi. 36 Yahudiylar: - Qarang, uni naqadar sevar ekan! - deyishdi. 37 Lekin ulardan ba´zilari: - Ko'rning ko'zlarini ochgan bu Kishi nahot uning o'lmay qolishi uchun biror narsa qilolmagan bo'lsa? - dedilar.

Isoning Lazarni tiriltirishi

38 Iso tag'in qattiq iztirob chekib, qabr oldiga keldi. Qabr bir g'or bo'lib, uning og'zida tosh yotgan edi. 39 Iso: - Toshni ko'taringlar! - dedi. Marhumning singlisi Marta Unga: - Hazrat, U qabrga qo'yilganiga to'rt kun bo'ldi, endi hidlanib qolgan, - dedi. 40 - Agar inonsang, Xudoning ulug'vorligini ko'rasan, deb senga aytgan edim-ku, - dedi Iso. 41 Shunday qilib, marhum yotgan g'or og'zidan toshni ko'tarib oldilar. Iso esa osmonga ko'z tikkancha: - Ey Ota! - dedi, - Meni eshitganing uchun Senga tashakkur bildiraman. 42 Sen Meni doimo eshitishingni bilaman-u, lekin bu so'zlarni shu yerda turgan xalq uchun, ular Meni Sen yuborganingga ishonsin deb aytdim. 43 Shunday dedi-yu, baland ovoz bilan xitob qildi: - Lazar, tashqariga chiq! 44 Shu payt qo'lu oyoqlari doka bilan bog'langan, yuzi ro'mol bilan o'ralgan jasad chiqib keldi. - Uni yechintirib, qo'yinglar, ketaversin, - dedi Iso odamlarga.

Isoni o'ldirish rejasi

45 Maryamni yo'qlagani kelgan yahudiylardan ko'pi Isoning qilgan ishini ko'rib, Unga ishonishdi. 46 Ammo ba´zilari farziylarning oldiga borib, Isoning qilganlarini aytib berishdi. 47 Shundan keyin oliy ruhoniylar va farziylar kengashga yig'ilishdi. - Biz nima qilaylik? Bu Odam juda ko'p mo'jizalar yaratib yuribdi-ku! - deyishdi o'zaro. 48 - Agar Uni o'z erkiga qo'yib bersak, hamma Unga ishonib ketadi. Rimliklar kelib, muqaddas joyimizni ham, xalqimizni ham bosib oladilar. 49 Ulardan biri, shu yili bosh oliy ruhoniy bo'lgan Kayafa so'z oldi: - Sizlar hech narsani bilmaysizlar. 50 Butun millat halok bo'lganidan ko'ra, bitta kishi xalq uchun o'lishi biz uchun yaxshiroq ekanini o'ylamadingizlarmi? 51 Bu so'zlar undan o'zicha chiqmagan edi. U shu yili bosh oliy ruhoniy sifatida karomat qilib, Iso xalq uchun o'lishini oldindan aytgan edi. 52 Amalda Iso yolg'iz yahudiy xalqi uchungina emas, balki tarqalib gumroh bo'lgan barcha Xudo farzandlarini ham yig'ib birlashtirish uchun o'lishi kerak edi. 53 Shunday qilib, o'sha kundan boshlab Isoni o'ldirishga til biriktirdilar. 54 Iso esa endi yahudiylar orasida ochiq yurolmaydigan bo'lib qoldi. U yerdan sahro yaqinidagi Efrayim shahriga bordi. O'sha joyda O'zining shogirdlari bilan qoldi. 55 Yahudiylarning Fisih bayrami yaqin edi. Mamlakatning hamma yog'idan el-ulus bayramdan oldin poklanish uchun Quddusga borishardi. 56 Shu vaqtda Isoni izlardilar. Ma´badda yig'ilib turganlar o'zaro: “Qanday o'ylaysizlar, U bayramga kelarmikan?” - deb so'rab-surishtirar edilar. 57 Oliy ruhoniylar va farziylar esa Isoni qo'lga olish niyatida yurib: “Kim Uning qayerdaligini bilib qolsa, xabar qilsin”, degan farmon chiqardilar.

Isoga atir moy surtgan ayol

12:1 Fisih bayramidan olti kun oldin Iso yana Baytaniyaga, ya´ni o'lgan Lazarni tiriltirgan qishloqqa bordi. 2 O'sha yerda Isoga ziyofat hozirladilar. Marta xizmat qilib yurgan edi, Lazar esa Iso bilan mehmonlar qatorida o'tirar edi. 3 Shu payt Maryam bir shisha sof, qimmatbaho sunbul moyi olib keldi va Isoning oyoqlariga surtib, sochlari bilan Uning oyoqlarini artib quritdi. Moyning hididan uy xushbo'y isga to'lib ketdi. 4 Isoning shogirdlaridan biri, Unga xiyonat qiladigan Simunning o'g'li Yahudo Ishqariyot gap qistirib: 5 - Bu moyni uch yuz kumush tangaga sotib kambag'allarga bo'lib bersa bo'lmasmidi? - dedi. 6 Bu gapni u kambag'allarga qayishgani uchun emas, balki o'g'ri bo'lgani uchun aytdi. Pul qutisi Yahudoning nazoratida edi, u qutiga solinadigan pullarni shilib ketar edi. 7 - U ayolni tinch qo'yinglar! - dedi Iso. - Zotan u bu moyni Mening dafn kunimga saqlamoqchi edi. 8 Kambag'allar har doim sizlar bilan birga. Men esa doim sizlar bilan birga bo'lmayman. 9 Isoning Baytaniyada ekanligini bilib, bir talay yahudiylar u yerga keldi. Ular nafaqat Isoni, balki Iso tiriltirgan Lazarni ham ko'rishni istardilar. 10 Oliy ruhoniylar esa Lazarni ham o'ldirmoqchi bo'lib kelishgan edilar. 11 Chunki ko'pchilik yahudiylar Lazar tufayli u yerga borib, Isoga imon keltirayotgan edilar.

Isoning Quddusga tantanali kirishi

12 Ertasi kuni bayramga borgan ko'pchilik xaloyiq Isoning Quddusga kelayotganini eshitib qolishdi. 13 Palma daraxti shoxlarini olib, Uni qarshi olishga chiqishdi va baland ovoz bilan: “Najot bergin! Xudovand nomidan kelayotgan Isroilning Podshohi muborak!”? deb hayqirishar edi. 14 Iso bir xo'tikni topib, unga mindi, xuddi Tavrotda yozilganiday: 15 “Ey Sion qizi, qo'rqma! Sening Podshohing xo'tikka minib keladur”. 16 Isoning shogirdlari avval bunga tushunmadilar. Faqat Iso O'z ulug'vorligiga erishgandan so'nggina ular bu oyatning U haqda yozilganini va xalq xuddi oyatdagidek qilganini esladilar. 17 Iso bilan yurayotgan ko'pchilik xalq esa Iso Lazarni qabrdan chaqirib tiriltirdi, deb guvohlik berayotgan edi. 18 Iso bunday ajoyib mo'jizani yaratganini xalq eshitgan edi, shuning uchun ham Uni ochiq chehra bilan kutib olayotgan edilar. 19 Farziylar esa bir-biriga: - Ko'ryapsizmi, endi hech narsa qilolmayapsizlar. Butun dunyo Uning ortidan bormoqda! - deyishardi.

Iso O'z o'limi va yuksalishi haqida

20 Sig'inish uchun bayramga kelganlar orasida ba´zi yunonlar bor edi. 21 Ular Jalilaning Baytsayda shahridan bo'lgan Filipning oldiga borib o'tindilar: - Taqsir, biz Isoni ko'rmoqchi edik. 22 Filip borib bu haqda Idrisga aytdi; keyin Idris bilan Filip ikkalasi Isoning oldiga borib, Unga aytishdi. 23 Iso ularga shunday javob qaytardi: - Inson O'g'li ulug'lanadigan vaqt-soat keldi. 24 Sizlarga rostini aytay: agar bug'doyning doni yerga tushib o'lmasa, u bir donligicha qoladi. Agarda o'lsa, ko'p hosil beradi. 25 Kim o'z jonini sevsa, uni yo'qotadi. Kim bu dunyoda o'z jonini ayamasa, uni abadiy hayot uchun saqlab qoladi. 26 Agar kim Menga xizmat qilsa, Mening izimdan yursin. Men qayerda bo'lsam, xizmatchim ham u yerda bo'ladi. Kim Menga xizmat qilsa, Otam uni hurmat qiladi. 27 Endi esa yuragim siqilyapti, Men nima ham desam ekan? “Ey Otam, Meni ushbu vaqt-soatdan qutqaz” deymi? Vaholanki, men shu vaqt-soat uchun kelganman. 28 Ey Ota, O'z nomingni ulug'lagin! Iso shunday deyishi bilanoq osmondan: - Men uni ulug'laganman va bundan keyin ham ulug'layman, - degan sado keldi. 29 U yerda turgan omma buni eshitib, momaqaldiroq deb o'yladi. - Yo'q, Unga farishta gapirdi! - deyishdi boshqalari. 30 Bunga javoban Iso aytdi: - Bu sado Men uchun emas, sizlar uchun bo'ldi. 31 Hozir bu dunyo hukm qilinadi, hozir bu dunyoning hokimi tashqariga chiqarib haydaladi. 32 Men yerdan yuqoriga ko'tarilganimda, hammani O'zimga jalb qilaman. 33 Ushbu so'zlarni Iso O'zining qay yo'l bilan o'lishini bildirish maqsadida aytgan edi. Xalq bunga javoban dedi: 34 - Biz Tavrotda, Masih abadiy turadi, deb eshitganmiz. Qanday qilib Sen: Inson O'g'li yuqoriga ko'tarilishi kerak, deb aytyapsan? Kim bu Inson O'g'li? 35 Iso ularga aytdi: - Yana qisqa bir muddat nur sizlar bilan bo'ladi. Nur borida yuringlar, tag'in zulmat sizlarni qamrab olmasin. Zulmatda yuradigan kishi qayerga ketayotganini bilmaydi. 36 Hozircha nurga egasizlar, nurga ishoninglar, toki nur ahli bo'linglar. Bularni aytib bo'lgach, Iso uzoqlashib ketdi va xalqning ko'zidan yashirindi.

Ommaning o'jarligi va imonsizligi

37 Iso ommaning ko'z o'ngida shuncha ko'p ibratli mo'jizalar yaratgan bo'lsa ham, ular Isoga ishonmas edilar. 38 Shu tariqa Isha´yo payg'ambarning aytgan so'zi bajo bo'ldi: “Yo Xudoyo Xudovand! Bergan xabarimizga kim ham ishondi? Xudovandning qudrati kimga oshkora bo'ldi?” 39 Ular ana shu sababdan ishona olmadilar. Isha´yo payg'ambar yana aytganidek: 40 “Bu xalq o'z ko'zlarini ko'r qildi, O'z dillarini tosh qildi. Ko'zlari ila ko'rmaydilar, Dillari ila fahmlamaydilar, Men ularni shifolashim uchun, Menga qaytib kelmaydilar”. 41 Isha´yo payg'ambar Masihning ulug'vorligini oldindan ko'rib, U to'g'rida shularni so'zlagan edi. 42 Shunga qaramasdan, boshliqlarning ham ko'plari Isoga imon keltirayotgan edilar. Faqat ibodatxonadan haydalishdan qo'rqib, ular farziylar oldida tan olmas edilar. 43 Chunki boshliqlarga Xudoning maqtovidan ko'ra insonning maqtovi xush yoqardi.

Isoning so'zi - hakam

44 Iso xitob qilib dedi: “Menga ishongan odam Menga emas, balki Meni Yuborganga ishongan bo'ladi. 45 Meni ko'rgan odam Meni Yuborganni ko'rgan bo'ladi. 46 Menga ishongan har bir kishi zulmatda qolmasin, deb Men dunyoga nur bo'lib kelganman. 47 Kim Mening so'zlarimni eshitib ishonmasa, uni Men ayblamayman. Men dunyoni ayblash uchun emas, balki qutqarish uchun kelganman. 48 Meni rad qilib, so'zlarimni qabul qilmagan odamning hakami bor - uni oxiratda Mening aytgan kalomim hukm qiladi. 49 Men O'z nomimdan so'zlaganim yo'q. Aksincha, Meni yuborgan Otam nima aytishimni, qanday so'zlashimni Menga amr etgan. 50 Uning amri esa abadiy hayotdir, deb bilaman. Xullas, Men nimaiki gapirayotgan bo'lsam, Otamning Menga aytganlarini gapiryapman”.

Iso shogirdlarining oyoqlarini yuvishi

13:1 Fisih bayramiga oz qolgan edi. Iso bu olamdan Otasi oldiga o'tish vaqt-soati kelganini bilar edi. U bu olamdagi O'zinikilarni sevar edi, ularni oxirigacha sevdi. 2 Kechki ovqat payti edi. Simunning o'g'li Yahudo Ishqariyotning diliga iblis allaqachon Isoga xiyonat qilish niyatini solgan edi. 3 Iso bo'lsa, Otasi hamma narsani Uning qo'liga berganini bilar edi, O'zi Xudo huzuridan chiqib, yana Xudo huzuriga qaytayotganini ham bilar edi. 4 Shunday qilib, Iso ovqatdan so'ng ustki kiyimini yechib tashladi, sochiqni olib beliga bog'ladi. 5 Keyin obdastaga suv quyib, shogirdlarining oyoqlarini yuvishga tushdi. Beliga bog'lagan sochiq bilan ularning oyoqlarini artib quritdi. 6 Iso Simun Butrusning oldiga keldi. - Rabbim, nahot oyoqlarimni Sen yuvsang?! - dedi Butrus. 7 - Men hozir nima qilishimni sen bilmaysan. Keyinchalik tushunasan, - dedi Iso unga javoban. 8 - Mening oyoqlarimni ikki dunyoda ham yuvmaysan! - dedi Butrus. - Agar seni yuvmasam, Men bilan ulushing bo'lmaydi, - dedi Iso. 9 Shunda Simun Butrus: - Rabbim, faqat oyoqlarimnigina emas, qo'llarimni, boshimni ham yuvib qo'y! - dedi. 10 Iso unga: - Cho'milgan odam tamoman pokdir, endi uning oyog'ini yuvsa, bas. Sizlar ham poksizlar, ammo hammangiz emas, - dedi. 11 Iso O'ziga xoinlik qiladigan odamni bilar edi, shuning uchun “Hammangiz pok emassizlar”, dedi. 12 Shogirdlarining oyoqlarini yuvib bo'lgach, Iso tag'in ustki kiyimini kiyib, yonboshladi. Shogirdlariga aytdi: - Men sizlarga nima qilganimni angladinglarmi? 13 Sizlar Meni Ustozimiz va Rabbimiz deb ataysizlar va to'g'ri qilasizlar, chunki Men xuddi shundayman. 14 Shunday qilib, agar Men Rabbingiz va Ustozingiz bo'la turib oyoqlaringizni yuvgan bo'lsam, sizlar ham bir-biringizning oyoqlaringizni yuvishingiz qarzdir. 15 Men sizlarga nima qilgan bo'lsam, sizlar ham o'shani qilishingiz kerak. Men sizlarga o'rnak ko'rsatdim. 16 Sizlarga rostini aytayin: qul o'zining xo'jayinidan yuqori turmas, elchi ham uni yuborgandan ulug' bo'lmas. 17 Agar gapimni uqqan bo'lsangiz, bunga amal qilinglar va baxtli bo'lasizlar!

Isoga xiyonat

18 - Men hammangiz haqingizda aytmayapman, - davom etdi Iso, - Men tanlagan kishilarimni bilaman. Zaburda: “Non-namagimni yegan do'stim Menga qarshi tovonini ko'tardi”, - deb yozilgan. Bu oyat bajo bo'lishi kerak. 19 Hozirdan, bu voqealar sodir bo'lmasidan oldin, men sizlarga aytyapman, toki bu voqealar sodir bo'lganda, Men - O'sha ekanligimga ishoninglar. 20 Sizlarga rostini aytay: Men yuborgan kishini qabul qilgan Meni qabul qilgan bo'ladi. Meni qabul qilgan esa Meni Yuborganni qabul qilgan bo'ladi. 21 Iso bularni aytdi-yu, ko'ngli g'ash tortdi. Endi ochiqdan-ochiq so'zlay boshladi: - Sizlarga rostini aytayin, sizlardan bir kishi Menga xiyonat qiladi. 22 Shogirdlari esa U kimni nazarda tutayotganini bilolmay, gangib bir-biriga qarab turar edilar. 23 Shogirdlaridan biri Isoning bag'riga bosh qo'yib yonboshlar edi; Iso uni sevar edi. 24 Unga Simun Butrus: “Iso kim haqida gapiryapti, so'ra-chi”, deb imo-ishora qildi. 25 Shunda u Isoning ko'ksiga yaqinroq engashib: - Rabbim, u kim? - deb so'radi. 26 Iso javob berdi: - Men bir burda nonni botirib kimga bersam, u o'shadir, - dedi. So'ng burda nonni botirib, Simun o'g'li Yahudo Ishqariyotga berdi. 27 Yahudo burdani olar-olmas, shayton uning ichiga kirib oldi. - Qiladiganingni tezroq qil, - dedi unga Iso. 28 Dasturxon atrofidagilardan hech kim nima uchun Iso bu so'zlarni Yahudoga aytganini tushunmadi. 29 Pul qutisi Yahudoda bo'lgani sababli, ba´zilari Iso unga: “Bayram uchun bizga kerak bo'ladigan narsalarni sotib ol”, yoki “Kambag'allarga bir nima ber”, deyapti deb o'ylardilar. 30 Yahudo esa o'sha burda nonni olgan hamon tashqariga chiqib ketdi. Tun cho'kkan edi.

Bir-biringizni sevinglar

31 Yahudo chiqib ketgach, Iso dedi: - Hozir Inson O'g'li ulug'landi, Xudo ham Inson O'g'li orqali ulug'landi. 32 Inson O'g'li Xudoni ulug'lagani uchun, Xudo ham O'zicha Inson O'g'lini ulug'laydi, ha, Uni tez orada ulug'laydi. 33 Bolalarim! Endi Men sizlar bilan uzoq bo'lmayman. Meni qidirasizlar. Yahudiy mansabdorlariga aytgan edim, sizlarga ham aytyapman: Men boradigan joyga sizlar borolmaysizlar. 34 Sizlarga yangi buyruq beryapman: bir-biringizni sevinglar. Men sizlarni qanday sevgan bo'lsam, sizlar ham bir-biringizni shunday sevinglar. 35 Agar orangizda muhabbat hukmron bo'lsa, sizlar Mening shogirdlarim ekaningizni hamma shundan bilib oladi.

Butrusning Isodan tonishi haqida karomat

36 Simun Butrus Isoga dedi: - Rabbim, Sen qayerga ketyapsan? - Endi Men boradigan joyga sen orqamdan borolmaysan, keyinchalik borarsan, - dedi unga Iso. 37 - Rabbim, - dedi Butrus, - Nega endi Sening orqangdan borolmas ekanman? Men Sen uchun jonimni fido qilaman! 38 Iso javob berdi: - Men uchun joningni fido qilasanmi-ya? Senga rostini aytsam, xo'roz qichqirmasdanoq, sen Mendan uch marta tonasan!

Iso - yo'l, haqiqat va hayot

14:1 Iso shogirdlariga dedi: - Yuragingiz g'ash bo'lmasin. Xudoga ishoning, Menga ham ishoningiz! 2 Otamning uyida maskan ko'p. Shunday bo'lmasa edi, Men sizlarga joy tayyorlagani ketyapman, deb aytarmidim? 3 Mana, Men borib sizlarga joy tayyorlaymanu, yana kelib, Men bo'lgan joyda bo'lishingiz uchun sizlarni oldimga olib ketaman. 4 Men boradigan joyni sizlar bilasizlar, yo'lni ham bilasizlar. 5 - Rabbim! - dedi Unga To'ma, - Qayerga borishingni bilmaymiz-ku, yo'lni ham qanday bila olamiz? 6 Iso unga dedi: - Men yo'l, haqiqat va hayotdirman. Mensiz hech kim Otaning oldiga borolmaydi. 7 Agar Meni bilsangiz, Otamni ham bilasizlar. Bundan buyon Uni bilasizlar, Uni ko'rgansizlar. 8 Filip Isoga dedi: - Rabbiy, bizlarga Otani ko'rsat, shu biz uchun yetarli! 9 - Filip, - dedi unga Iso, - Men shuncha vaqtdan beri sizlar bilan birgaman-u, Meni tanimaysanmi? Meni ko'rgan Otamni ko'rgan bo'ladi. Endi sen qanday qilib, “Otani bizlarga ko'rsat”, deyapsan? 10 Men Otamda hozirman, Otam esa Menda hozir, sen bunga ishonmaysanmi? Men sizlarga O'zimdan to'qib gapirmayapman, balki Menda hozir bo'lib turgan Otam O'z ishlarini bajarmoqda. 11 Menga ishoninglar; Men Otamda va Otam Menda hozirdir. Bordiyu bunga ham ishonmasangizlar, aqalli bajarayotgan ishlarimning o'zi orqali Menga ishoninglar. 12 Sizlarga rostini aytayin: Menga ishongan kishi Men qilayotgan ishlarni o'zi qiladi va hatto bundan kattarog'ini ham qiladi. Zero Men Otamning oldiga ketyapman. 13 Mening nomimdan Otadan biror narsa so'rasangizlar, uni bajo keltiraman, toki Ota O'z O'g'li orqali ulug'lansin. 14 Ha, Mening nomim uchun nima so'rasangizlar, Men uni bajo keltiraman.

Muqaddas Ruhni yuborish va´dasi

15 “Agar Meni sevsangizlar, amrlarimga amal qilinglar. 16 Men Otamga murojaat qilaman va U to abad sizlar bilan qoladigan boshqa Yupatuvchini yuboradi. 17 Bu Yupatuvchi - Haqiqat Ruhidir. Dunyo Uni qabul qila olmaydi, chunki Uni na ko'radi, na biladi. Sizlar esa Uni bilasizlar, chunki U sizlar bilan doim birgadir, U ichingizda yashaydi. 18 Sizlarni yetim qoldirmayman, yana oldingizga qaytib kelaman. 19 Birozdan keyin dunyo Meni boshqa ko'rmaydi. Ammo sizlar Meni ko'rasizlar; Men hayot bo'lganim uchun, sizlar ham yashaysizlar. 20 Men Otamda, sizlar Menda va Men sizlarda hozir ekanimni o'sha kunda fahmlaysizlar. 21 Kim Mening amrlarimni bilsa-yu, ularga amal qilsa, u Meni sevadi. Kim Meni sevsa, Otam ham uni sevadi. Men ham uni sevaman va O'zimni unga ko'rsataman”. 22 Ishqariyot bo'lmagan boshqa Yahudo Isoga dedi: - “Rabbim, bu qanaqasi, Sen O'zingni dunyoga emas, bizga ko'rsatmoqchisan?” 23 Iso unga shunday javob berdi: - “Kim Meni sevsa, Mening so'zimga amal qiladi. Otam ham uni sevadi. Biz uning huzuriga kelib, O'zimizga maskan yaratamiz. 24 Meni sevmagan kishi so'zlarimga amal qilmaydi. Sizlar tinglayotgan so'z Meniki emas, balki Meni yuborgan Otamnikidir. 25 Buni, Men sizlar bilan ekanman, aytdim. 26 O'sha Yupatuvchi, ya´ni Mening nomimdan Otam yuboradigan Muqaddas Ruhning O'zi sizlarga hammasini o'rgatadi, Mening sizlarga aytgan hamma so'zlarimni U yodingizga tushiradi”.

Iso Masih - tinchlik manbayi

27 “Men sizlarga tinchlik qoldiryapman; O'z tinchligimni sizlarga beryapman. Men bergan tinchlik dunyo bergan tinchlikka o'xshamaydi. Yuragingiz siqilmasin, hadiksiramanglar. 28 Sizlarga aytganimni eshitdingizlar: Men sizlardan ketib, yana qaytaman. Agar Meni sevganingizda edi, Otam oldiga ketyapman deganimga quvonar edingizlar. Zero Otam Mendan ulug'dir. 29 Bu hodisalar sodir bo'lganda ishoninglar deb, hali sodir bo'lmasdan oldin Men bu haqda sizlarga aytdim. 30 Sizlar bilan so'zlashishga uncha ko'p vaqtim qolmadi. Chunki bu dunyoning hokimi kelyapti, Menga esa u mutlaqo hokim emas. 31 Lekin dunyo bilsinki, Men Otamni sevaman, Otam Menga neki buyurgan bo'lsa, xuddi shuni bajaraman. Qani, turinglar, bu yerdan keta qolaylik”.

Tok va novdalari haqida masal

15:1 “Men haqiqiy tokman, Otam esa Bog'bondir. 2 Mendagi hosil bermaydigan har bir novdani U kesib tashlaydi. Hosil beradigan har bir novdani esa, yana ko'proq hosil bersin deb, xomtok qilib tozalaydi. 3 Mening sizga aytgan so'zim orqali sizlar hozirdan tozasizlar. 4 Men bilan aloqada bo'linglar, shunda Men sizlar bilan aloqada bo'laman. Tokda qolmagan novda o'z-o'zidan hosil berolmaydi; shu singari, agar sizlar Men bilan aloqada qolmasangizlar, hosil berolmaysizlar. 5 Men - tok, sizlar - novdasizlar. Kim Men bilan aloqada bo'lib, Men u bilan aloqada bo'lsam, u ko'p hosil beradi. Mensiz hech narsa qilolmaysizlar. 6 Kim Men bilan aloqani uzsa, novda kabi tashlab yuboriladi va quriydi. Bunday novdalarni esa terib, o'tga uloqtirib yondirishadi. 7 Agar siz Men bilan aloqada bo'lib, so'zlarimni qalbingizga jo qilsangizlar, istaganingizni so'ranglar, erishasizlar. 8 Sizlar ko'p hosil bersangiz, Otam ulug'lanadi, sizlar esa Mening shogirdlarim bo'lasizlar”.

Sevgi haqida

9 “Otam Meni qanday sevgan bo'lsa, Men ham sizlarni shunday sevdim. Mening muhabbatimga sodiq qolinglar. 10 Men Otamning amrlariga amal qilib, Uning muhabbatiga sodiq qolganman. Xuddi shu singari sizlar ham, agar Mening amrlarimga amal qilsangizlar, muhabbatimga sodiq qolasizlar. 11 Mening shodligim sizlarga o'tsin va ko'nglingiz quvonchlarga to'lsin deb, Men bu so'zlarni sizlarga aytdim. 12 Mening amrim shu: Men sizlarni qanday sevgan bo'lsam, sizlar ham bir-biringizni shunday sevinglar. 13 Kim o'z jonini do'stlari uchun bag'ishlasa, bundan ortiq sevgi yo'q. 14 Agar sizlar buyurganlarimni bajo keltirsangizlar, Mening do'stlarim bo'lasizlar. 15 Men sizlarni endi qul deb atamayman. Qul xo'jayini nima qilishini bilmaydi. Sizlarni do'stlarim deyman, chunki Otamdan eshitgan hamma narsani sizlarga bildirdim. 16 Sizlar Meni emas, Men sizlarni tanladim. Borib hosil beringlar va hosilingiz boqiy bo'lsin, deb sizlarni tanladim. Shunday qilib, Mening nomimdan Otadan nimaiki so'rasangizlar, U sizlarga beradi. 17 Xullas, sizlarga buyrug'im shu: bir-biringizni sevinglar!”

Dunyoning nafrati

18 “Agar dunyo sizlardan nafratlanayotgan bo'lsa, bilingizkim, sizlardan ilgari Mendan nafratlangan. 19 Sizlar bu dunyoniki bo'lsangiz edi, dunyo sizlarni o'ziniki kabi sevar edi. Holbuki, sizlar bu dunyoniki emassizlar; Men sizlarni dunyodan tanlab oldim. Ana shu sababdan dunyo sizlardan nafratlanadi. 20 Qul o'z xo'jayinidan yuqori bo'lmas, degan so'zimni eslanglar. Agar Meni quvg'in qilgan bo'lsalar, sizlarni ham quvg'in qiladilar. Agar Mening so'zlarimga rioya qilgan bo'lsalar, sizlarnikiga ham rioya qiladilar. 21 Odamlar sizlarga neki qilsalar, Mening nomim uchun qiladilar; chunki Meni Yuborganni tanimaydilar. 22 Agar Men kelib ularga aytmaganimda edi, ularda gunoh bo'lmas edi. Endi bo'lsa gunohlari uzrsiz qoldi. 23 Mendan nafratlangan Otamdan ham nafratlangan bo'ladi. 24 Agar Men ular orasida boshqalar sira qilmagan ishlarni namoyon qilmaganimda edi, ularda gunoh bo'lmas edi. Endi bo'lsa ishlarimni ko'rdilar-u, Mendan ham, Otamdan ham nafratlandilar. 25 Bu esa ularning Tavrotdagi: “Mendan nohaq nafratlandilar”, - degan oyat bajo bo'lishi uchun sodir bo'ldi. 26 Otam huzuridan Men sizlarga yuboradigan Yupatuvchi, ya´ni Otam nazdidan chiquvchi Haqiqat Ruhi kelgach, U Men to'g'rimda guvohlik beradi. 27 Sizlar ham guvohlik berasizlar, chunki boshdanoq Men bilan birgasizlar”.

Muqaddas Ruhning faoliyati

16:1 “Men bularni sizlar vasvasaga tushmanglar, deb aytdim. 2 Sizlarni ibodatxonadan haydab yuboradilar. Hatto shunday zamon keladiki, sizlarni o'ldirayotgan har bir kishi bu bilan Xudoga xizmat qilyapman, deb o'ylaydi. 3 Bu ishlarni Otamni ham, Meni ham tanimaganlari uchun qiladilar. 4 Bularni sizlarga hozirdan ma´lum qilib qo'yyapman, toki o'sha vaqt-soat kelganda, so'zlarimni esga olinglar. Avvaldan sizlarga bularni aytishimga hojat yo'q edi, chunki sizlar bilan birga edim. 5 Endi esa Meni Yuborganning oldiga ketyapman. Lekin orangizdan hech kim Mendan: “Qayerga ketyapsan?” deb so'ramayapti. 6 Bularni sizlarga aytganim uchun, dilingiz g'am-qayg'uga botgan. 7 Ammo sizlarga haqiqatni aytaman, Mening ketishim siz uchun foydalidir. Agar Men ketmasam, Yupatuvchi oldingizga kelmaydi. Agarda ketsam, Uni oldingizga yuboraman. 8 U esa kelib, gunoh, adolat va hukm xususida dunyoning xato qilganini fosh qiladi. 9 Dunyoning gunohi shundan iboratki, odamlar Menga ishonmaydilar. 10 Ilohiy adolat shundaki, Men Otamning oldiga ketyapman va sizlar Meni boshqa ko'rmaysizlar. 11 Ilohiy hukm esa shundan dalolat beradiki, bu dunyoning hokimi hukm qilingan. 12 Sizlarga yana aytadiganlarim ko'pu, lekin endi ichingizga sig'dirolmaysizlar. 13 Muqaddas Haqiqat Ruhi kelgach, U sizlarni butun haqiqat yo'liga boshlaydi. U O'zicha gapirmaydi, neki eshitsa, o'shani so'zlab beradi, U kelajak haqida sizlarga xabar qiladi. 14 U Mendan eshitgan narsalarni sizlarga ma´lum qiladi, shu bilan Meni ulug'laydi. 15 Otam ega bo'lgan hamma narsa Menikidir. Ana shu sababdan, U Mendan eshitgan narsalarni sizlarga ma´lum qiladi, deb aytdim. 16 Ko'p o'tmay, sizlar Meni ko'rolmay qolasizlar, yana ko'p o'tmay, ko'rasizlar. Chunki Men Otamning oldiga ketyapman”.

Qayg'ungiz shodlikka aylanadi

17 Shu paytda Isoning shogirdlari biri ikkinchisiga: - Ajabo, U bizga nima deyapti o'zi? “Ko'p o'tmay Meni ko'rolmay qolasizlar, yana ko'p o'tmay ko'rasizlar”, dedi. “Otamning oldiga ketyapman”, deb ham aytdi. 18 “Ko'p o'tmay” deyishi bilan nima demoqchi ekan, biz anglay olmadik, - der edilar. 19 Iso shogirdlari O'zidan gap so'ramoqchi bo'lganliklarini payqadi va so'z oldi: - Ko'p o'tmay Meni ko'rolmay qolasizlar, yana ko'p o'tmay ko'rasizlar, deb Men sizlarga aytdim-ku, nahotki bu gapimni muhokama qilyapsizlar? 20 Sizlarga rostini aytayin: sizlar yig'lab dod-faryod qilasizlar, dunyo esa quvonadi. Sizlar qayg'urasiz, lekin qayg'ungiz shodlikka aylanadi. 21 Oyi to'lgan ayol dard bilan tug'adi. Ammo bola tug'ilgandan keyin, dunyoga odamzod keldi deb quvonadi va chekkan dardini unutib yuboradi. 22 Shunga o'xshash, sizlar ham endi g'am-qayg'u chekyapsizlar. Lekin Men sizlarni yana ko'raman va yuragingiz quvonchga to'ladi. Quvonchingizni esa sizlardan hech kim tortib olmaydi. 23 O'sha kuni Mendan hech narsa so'ramaysizlar. Sizlarga rostini aytayin: agar Mening nomimdan Otadan nima so'rasangizlar, O'zi sizlarga beradi. 24 Hozirgacha Mening nomimdan Otadan biron narsa so'ramadingizlar. So'ranglar, erishasizlar va quvonchingiz kamol topadi. Iso - dunyodan ustun 25 - Shu vaqtgacha sizlarga ramz bilan gapirib keldim. Lekin shunday bir vaqt keladiki, endi sizlarga ramz bilan gapirmay, Otam haqida ochiqdan-ochiq xabar qilaman. 26 O'sha kuni istaganingizni Mening nomimdan so'raysizlar. Men esa sizlar uchun Otamdan iltimos qilaman, deb aytmayapman. 27 Otamning O'zi sizlarni sevadi, chunki sizlar Meni sevib, Xudo huzuridan chiqqanimga ishondingizlar. 28 Men Otamning huzuridan chiqib, dunyoga keldim. Endi yana dunyoni tark etib, Otamning oldiga ketmoqdaman. 29 - Mana, hozir Sen ochiq so'zlayapsan, hech ramz qo'llamayapsan, - deyishdi shogirdlar Isoga. 30 - Hozir ko'rib turibmizki, Sen hammasini bilasan. Biron-bir kishining savol berishiga ham muhtoj emassan. Ana shuning uchun biz Sen Xudo huzuridan chiqqaningga ishonamiz. 31 - Endi ishonasizlarmi? - dedi Iso ularga. 32 - Mana, har biringiz o'z tomoningizga to'zib, Meni yolg'iz qoldiradigan vaqt-soat keladi va hatto keldi ham. Biroq Men yolg'iz emasman, chunki Otam Men bilandir. 33 Bularni sizlarga Menda xotirjam bo'lishingiz uchun aytdim. Dunyoda qayg'u-alam chekasizlar; lekin dadil bo'linglar, Men dunyoni yengdim.

Isoning O'z ummati uchun ibodati

17:1 Shu gaplardan keyin Iso ko'zlarini osmonga tikib, dedi: “Ey Ota! Vaqt-soati keldi. O'g'ling Seni ulug'lashi uchun Sen ham O'z O'g'lingni ulug'lagin. 2 Sen Unga butun bashariyat ustidan hokimlikni berding; Sen Unga bergan odamlarning hammasiga U abadiy hayot ato qiladi. 3 Abadiy hayot esa Seni - tanho Haq Xudoni hamda Sen yuborgan Iso Masihni tanib-bilishdan iboratdir. 4 Sen Menga topshirgan vazifani Men ado etib, yer yuzida Seni ulug'ladim. 5 Dunyo yaratilishidan avval Men Sening huzuringda ulug'vor edim. Endi, ey Ota, O'z huzuringdagi o'sha ulug'vorlikni Menga tag'in ato qilgin. 6 Sen dunyodan Menga bergan odamlarga Sening ismingni izhor qildim. Ular Seniki edilar va Sen ularni Menga berding. Ular esa Sening kalomingga amal qildilar. 7 Ular endi tushunib oldilar: Sen Menga nima bergan bo'lsang, hammasi Sendan ekan. 8 Menga bergan kalomlaringni ularga topshirdim. Ular esa kalomlaringni qabul qilib, Men Sening huzuringdan chiqqanligimni chinakamiga tushundilar, Meni Sen yuborganingga ishondilar. 9 Men ular uchun so'rayman; dunyo uchun emas, balki Menga berganlaring uchun so'rayman. Chunki ular Senikidir. 10 Zotan Meniki bo'lgan hamma - Seniki, Seniki esa - Menikidir. Shu tariqa Mening ulug'vorligim ular orqali zohir bo'ladi. 11 Bundan so'ng Men bu dunyoda bo'lmayman, Sening huzuringga qaytyapman. Ular esa bu dunyoda qoladilar. Ey Muqaddas Ota! Menga kimni bergan bo'lsang, O'z noming bilan asrab qolgin, toki ular ham Bizday bir bo'lsinlar. 12 Men ular bilan bo'lganimda, Sening noming bilan ularni asrar edim. Ha, Menga bergan odamlarning hammasini omon saqladim. Faqat oyat bajo bo'lsin deb, peshanasiga halokat yozilgan odamdan boshqa ulardan hech kim halok bo'lmadi. 13 Endi esa Sening oldingga boray deb turibman. Mening shodligim ularga o'tib dillarini butunlay to'ldirsin, deb bularni hali dunyoda bo'lganimda aytyapman. 14 Men ularga Sening kalomingni topshirdim. Dunyo esa ulardan nafratlandi. Chunki Men dunyodan bo'lmaganim kabi, ular ham dunyodan emaslar. 15 Endi ularni dunyodan olishingni emas, balki yovuz shaytondan saqlashingni so'rayapman. 16 Men bu dunyodan bo'lmaganim kabi, ular ham bu dunyodan emaslar. 17 Ularni haqiqating bilan muqaddas qilgin. Sening kaloming - haqiqatdir. 18 Sen Meni dunyoga yuborgan eding, Men ham ularni dunyoga yubordim. 19 Ular haqiqiy muqaddas bo'lsin deb, Men O'zimni ular uchun bag'ishlayman. 20 Men faqat ular uchungina so'ramayman, balki ularning gapi bo'yicha Menga imon keltiradiganlar uchun ham so'rayman: 21 Hammalari bir bo'lishsin. Ey Ota, Sen Menda va Men Senda hozir bo'lganimizga o'xshab, ular ham Bizda hozir bo'lib, bir bo'lishsin. Shu tariqa dunyo Meni Sen yuborganingga inonsin. 22 Menga ato qilgan ulug'vorligingni ularga berdim, toki biz bir bo'lganimizdek, ular ham bir bo'lishsin. 23 Sen Menda, Men esa ularda hozir bo'lib, mukammal birlikka erishsinlar. Natijada, dunyo Meni Sen yuborganingni tan olsin, Meni qanday sevsang, Menikilarni ham shunday sevganingni dunyo bilsin. 24 Ey Ota! Sen Menga bergan odamlar Men bilan bir joyda bo'lishini xohlayman. Sen Menga ato qilgan ulug'vorlikni ular ham ko'rib tursin, dunyoni yaratmasdan avvaloq Sen Meni qanday sevganingni ular bilsin. 25 Ey odil Ota! Dunyo Seni bilmasa ham, Men Seni bilaman. Bular ham Meni Sen yuborganingni bilib oldilar. 26 Sening nomingni ularga bildirganman va yanada bildiraman. Menga bog'lagan muhabbating ulardan o'rin olsin, Men ham ulardan o'rin olayin”.

Isoni qo'lga olish

18:1 Bu so'zlarni aytgandan so'ng, Iso O'z shogirdlari bilan u yerdan chiqib, Qidron soyligining narigi bo'yiga o'tdi. O'sha yerda bir bog' bor edi. Iso shogirdlari bilan boqqa kirdi. 2 Isoning xoini Yahudo ham o'sha joyni bilar edi, chunki Iso shogirdlari bilan u yerda tez-tez uchrashib turar edi. 3 Shunday qilib, Yahudo bir to'da askarlarni hamda oliy ruhoniylar va farziylar tomonidan yuborilgan mirshablarni olib, u yerga keldi. Qo'llarida mash´alu fonuslar, qurol-yarog'lar bor edi. 4 Iso O'z boshiga keladigan hamma narsani bilar edi. U odamlarga peshvoz chiqib, so'radi: - Kimni qidiryapsizlar? 5 - Nosiralik Isoni, - deb javob berishdi ular. - U Menman, - dedi Iso. Isoning xoini Yahudo ularning o'rtasida turgan edi. 6 Iso “U Menman” deyishi bilanoq, ular orqaga tislanib, yerga yiqilishdi. 7 Iso ulardan yana so'radi: - Kimni qidiryapsizlar? - Nosiralik Isoni, - dedilar. 8 - Sizlarga aytdim-ku, U Menman. Agar Meni qidirayotgan bo'lsangizlar, shularni qo'yib yuboringlar, ketaverishsin, - dedi ularga Iso. 9 Uning ilgari: “Sen Menga bergan kishilardan hech birining halok bo'lishiga yo'l qo'ymadim”, degan so'zlari shu bilan bajo bo'ldi. 10 Shu onda Simun Butrus yonidagi qilichini qinidan sug'urdi-da, oliy ruhoniyning qaroliga bir urib, o'ng qulog'ini uzib yubordi. Qarolning ismi Malik edi. 11 Iso Butrusga: - Qilichingni qiniga solib qo'y! Nahotki Menga Otam bergan taqdir sharobini ichmasam? - dedi. 12 Shu zahoti askarlar bilan bo'linma qo'mondoni va yahudiy mansabdorlarining qarollari Isoni ushlab, bog'lab qo'yishdi. 13 Uni oldin Hanan oldiga olib kelishdi. Hanan shu yilgi bosh oliy ruhoniy bo'lgan Kayafaning qaynatasi edi. 14 Bu - yahudiy mansabdorlariga: “Xalq uchun bitta kishining o'lishi yaxshiroq”, deb maslahat bergan Kayafa edi.

Butrusning Isodan tonishi

15 Isoning orqasidan Simun Butrus va yana boshqa bir shogird ergashib borishar edi. Bu shogird oliy ruhoniyga tanish edi, u Iso bilan bemalol oliy ruhoniyning hovlisiga kirdi. 16 Butrus esa tashqarida, eshikning oldida turardi. Keyinroq oliy ruhoniyga tanish bo'lgan shogird yana tashqariga chiqdi-da, darvozabon ayolga biror narsa deb, Butrusni ichkariga olib kirdi. 17 Shunda darvozabon cho'ri Butrusdan: - Sen ham U Odamning shogirdlaridan emasmisan? - deb so'radi. - Yo'q! - dedi Butrus. 18 Havo sovuq bo'lgani uchun u yerda turgan qarollar bilan mirshablar ko'mir yoqib, isinayotgan edilar. Butrus ham ular bilan isinib turar edi.

Iso oliy ruhoniy Hanan oldida

19 Shu paytda oliy ruhoniy Isoga O'z shogirdlari va ta´limotiga taalluqli savollar berar edi. 20 Iso unga javob berdi: - Men elu olamga ochiq so'zladim. Har doim yahudiylar yig'iladigan ibodatxonalarda va ma´badda ta´lim berib yurdim, hech yashirincha gap aytmadim. 21 Nega Meni so'roq qilyapsan? Mening nutqlarimni eshitganlardan so'rab bilgin, gapirganlarimni ular bilsa kerak. 22 Iso bularni aytib bo'lgan ham ediki, yaqin turgan mirshablardan biri: - Oliy ruhoniyga ham shunday javob berasanmi? - dedi-yu, Isoning yuziga tushirdi. 23 Iso bunga javoban: - Agar Men yomon gap gapirgan bo'lsam, yomonligini ko'rsat. Agar to'g'ri aytgan bo'lsam, nega Meni urasan? - dedi. 24 Shundan keyin Hanan Isoni bog'langan holda oliy ruhoniy Kayafa qoshiga yubordi.

Butrusning Isodan yana tonishi

25 Simun Butrus hamon isinib turgan edi. - Sen ham Uning shogirdlaridan emasmisan? - deb so'rashdi undan. - Yo'q! - deb tondi u. 26 Oliy ruhoniyning qarollaridan biri Butrus qulog'ini uzib yuborgan odamning qarindoshi edi. Bu qarol Butrusga yana: - Seni bog'da U bilan ko'rdim, shekilli? - dedi. 27 Butrus esa yangidan tondi. Naq shu payt xo'roz qichqirdi.

Iso rimlik hokim Pilat oldida

28 Tong yorishgan edi. Yahudiy mansabdorlari Isoni Kayafa oldidan mahkamaga olib bordilar. Ular Fisih bayram taomini yemaguncha harom bo'lishdan qo'rqib, mahkamaga kirmadilar. 29 Shu sababli Pilat tashqariga, ularning oldiga chiqdi. - Bu Odamga qarshi qanday aybni qo'ymoqdasizlar? - deb so'radi. 30 - Agar U jinoyatchi bo'lmaganida, Uni sening qo'lingga topshirmas edik, - deb javob berishdi ular. 31 - Uni o'zlaringiz olinglar-da, o'z Qonuningiz bo'yicha hukm qilaveringlar, - dedi Pilat. - Bizga hech kimni qatl qilishga ijozat berilmagan, - deyishdi unga yahudiylar. 32 Bu gaplar esa Iso O'zining qanday o'lishi haqida aytganlarini tasdiqladi, Uning karomatlari bajo bo'lishi kerak edi. 33 Shunday qilib, Pilat yana mahkamaga kirdi va Isoni chaqirdi: - Sen yahudiylarning Podshohimisan? - deb so'radi. 34 - Bu gap O'zingdan chiqdimi, yoki boshqalar senga Men to'g'rimda aytishdimi? - deb so'radi Iso. 35 - Nima, men yahudiymanmi? Axir, O'z xalqing, O'z oliy ruhoniylaring Seni menga topshirishdi. Sen nima ish qilib qo'yding? - dedi Pilat. 36 Iso javob berdi: - Mening Shohligim bu dunyodan emas. Agar Shohligim bu dunyodan bo'lganda edi, yahudiy mansabdorlari qo'liga tushmasligim uchun Mening qarollarim kurashar edilar. Biroq endi Mening Shohligim bu yerdan emas. 37 - Demak, Sen podshoh ekansan-da? - dedi Pilat. - Podshoh ekanimni o'zing aytding, - dedi Iso. - Men haqiqat to'g'risida shohidlik qilmoq uchun tug'ilganman, ana shu maqsadda olamga keldim. Kimki haqiqat tarafida bo'lsa, Mening ovozimni eshitadi. 38 - Haqiqat nima? - so'radi Pilat. Buni aytdi-yu, yana tashqariga, yahudiylarning oldiga chiqdi. - Men Undan hech qanday ayb topolmayapman, - dedi ularga. 39 - Sizlarning bir odatingiz bor-ku, sizlar uchun Fisih bayramida bir mahbusni ozod qilib kelar edim. Shunga ko'ra, sizlar uchun yahudiylarning Podshohini ozod qilishimni istaysizlarmi? 40 - Uni emas, Barabbani ozod qil! - deb hamma baravariga baqirdi. Barabba esa qaroqchi edi.

Isoni haqoratlash va mahkum qilish

19:1 Shundan keyin Pilat Isoga dast solib, Uni qamchilatdi. 2 Askarlar esa tikanlardan toj o'rib, Isoning boshiga qo'ydilar, tanasiga shohona to'n kiydirdilar. 3 Isoning oldida turganlaricha: - Yashavor, ey yahudiylarning Podshohi! - deb, Uni tarsakilar edilar. 4 Pilat yana tashqariga chiqib xaloyiqqa xitob qildi: - Mana, Uni oldingizga chiqaryapman, bilib qo'yinglar, men Undan hech qanday ayb topolmadim! 5 Shu payt boshida tikanli toj, egnida shohona to'n bilan Iso tashqariga chiqdi. - Mana, u Odam! - dedi Pilat ularga. 6 Oliy ruhoniylar va mirshablar Isoni ko'rib, baqirib ketishdi: - Uni xochga mixlab qo'y, xochga! - Uni sizlar olib xochga mixlab qo'yinglar! Men Undan hech qanday ayb topolmadim, - dedi Pilat ularga. 7 Yahudiylar unga javoban: - Bizda Qonun bor, Qonunimiz bo'yicha U o'lishi kerak, chunki U O'zini Xudoning O'g'li qilib ko'rsatdi, - dedilar. 8 Pilat buni eshitgach, yuragi orqaga tortib ketdi. 9 Qaytadan mahkamaga kirdi va Isodan: - Sen qayerdansan? - deb so'radi. Iso unga javob bermadi. 10 - Menga javob bermaysanmi? - dedi Pilat. - Seni xochga mixlatish yo bo'shatish uchun hukm yuritishga qodir ekanimni bilmaysanmi? 11 Iso javob berdi: - Agar senga yuqoridan berilmaganida edi, sen Mening ustimdan hech qanday hukm yurita olmas eding. Shu sababdan Meni sening qo'lingga tutib berganning gunohi sening gunohingdan katta. 12 Shu vaqtdan boshlab Pilat Isoni qo'yib yuborishga chora izlay boshladi. Ammo yahudiylar qichqirishardi: - Agar Uni qo'yib yuborsang, sen Qaysarning do'sti emassan. O'zini podshoh deydigan har bir kishi Qaysarning dushmani bo'ladi! 13 Pilat bu so'zni eshitgach, Isoni tashqariga olib chiqdi va yahudiycha Gabbata degan tosh supa ustidagi hukm kursisiga o'tirdi. 14 O'sha kuni Fisih bayrami arafasi, tush mahali edi. Pilat yahudiylarga xitob qildi: - Mana, Podshohingiz! 15 - Yo'q qil Uni, yo'q qil! Xochga mixlab qo'y! - deb baqirdi ular. - Sizlarning Podshohingizni xochga mixlab qo'yaymi? - so'radi Pilat. - Qaysardan boshqa podshohimiz yo'q, - deyishdi oliy ruhoniylar. 16 Oxiri Pilat Isoni xochga mixlash uchun ularga topshirdi. Ular esa Isoni olib ketdilar.

Isoni xochga mixlash

17 Iso O'z xochini ko'tarib, Boshsuyagi (yahudiycha Go'lgota) degan joyga keldi. 18 U yerda Isoni xochga mixlab qo'ydilar. Iso o'rtada bo'lib, chap va o'ng tomoniga yana ikki kishini mixlab qo'ydilar. 19 Pilat shu mazmundagi lavhani yozib xochning tepasiga ostirib qo'ydi: “Yahudiylarning Podshohi Nosiralik Iso”. 20 Iso xochga mixlangan joy shaharga yaqin bo'lgani uchun, bu lavhani anchagina yahudiylar o'qib o'tar edilar. Lavha yahudiy, yunon va lotin tillarida yozilgan edi. 21 Yahudiy oliy ruhoniylari esa Pilatga borib shunday dedilar: - “Yahudiylarning Podshohi” deb yozma, balki O'zi aytganidek, “Men yahudiylarning Podshohiman”, deb yozib qo'y. 22 - Men nimaiki yozgan bo'lsam, shundayligicha qolsin, - dedi Pilat. 23 Askarlar Isoni mixlab bo'lib, Uning kiyimini oldilar. Har askarga bir parchadan tekkuday qilib, kiyimni to'rt bo'lakka bo'ldilar. Ichki ko'ylagini ham oldilar. Ichki ko'ylak boshdan-oyoq choksiz bir to'qima edi. 24 Askarlar bir-biriga: - Buni yirtmaylik, bu uchun qur´a tashlaymiz, kimga tushsa, o'shaniki bo'lsin, - deyishdi. Shu tariqa quyidagi Zabur oyati bajo bo'ldi: “Kiyimlarimni o'zaro bo'lishib olib, Libosim uchun qur´a tashladilar”. Askarlar xuddi shunday qildilar. 25 Isoning xochi yonida Uning onasi, onasining opasi, Klopaning xotini Maryam hamda magdalalik Maryam turar edilar. 26 Iso onasi yonida O'zining sevikli shogirdi turganini ko'rdi-da, onasiga: - Ey ayol, mana bu sening o'g'ling! - dedi. 27 Keyin shogirdiga qarab: - Mana bu sening onang! - dedi. O'sha ondan boshlab u shogird Maryamni o'z uyiga olib ketdi.

Isoning jon berishi

28 Shundan keyin Iso endi hammasining amalga oshganini ko'rdi. Zabur oyati bajo bo'lsin deb, U: - Chanqadim! - dedi. 29 Bu yerda sirka to'la bir idish turgan edi. Askarlar sirkaga shimgichni botirdilar-da, nayning uchiga ilib, Isoning og'ziga olib bordilar. 30 Iso sirkani tatib ko'rgach: - Amalga oshdi! - dedi-yu, boshini egib jon berdi. 31 O'sha kuni dam olish kuni arafasi - juma edi. Ertangi shanba juda tabarruk kun hisoblangani uchun, yahudiy mansabdorlari jasadlarni xochda qoldirishni istamadilar. Ular Pilatning oldiga borib, jasadlarning boldirlarini sindirib tashlab, xochdan tushirishni so'radilar. 32 Shunda askarlar borib, Iso bilan birga xochga mixlangan birinchi, so'ngra ikkinchi odamning boldirlarini sindirib tashladilar. 33 Isoning oldiga kelib, Uning allaqachon o'lganligini payqadilar, boldirlarini sindirmadilar. 34 Lekin askarlardan biri Isoning biqinini nayza bilan teshdi, shu zahoti Uning biqinidan qon bilan suv oqib chiqdi. 35 Bu hodisani ko'rgan kishi, sizlar ishoninglar deb, guvohlik berib kelmoqda. Uning guvohligi haqiqatdir, u haqiqatni so'zlayotganini biladi. 36 Ana shu bo'lib o'tgan hodisa: “Uning suyagi sinmaydi”, - degan Zabur oyati bajo kelishi uchun ro'y berdi. 37 Boshqa bir oyatda shunday aytilgan: “Nayzalangan Odamga tikilib qaraydilar”.

Isoni dafn qilish

38 Bundan so'ng arimateyalik Yusuf Pilatdan Isoning jasadini xochdan tushirish uchun iltimos qildi. Yusuf Isoning shogirdi edi-yu, lekin yahudiylardan qo'rqqani uchun buni yashirib yurar edi. Pilat esa ijozat berdi. Shunda Yusuf borib, Isoning jasadini bo'shatib oldi. 39 Bundan ilgari kechasi Isoning oldiga kelgan Nikodim ham yuz qadoqcha mirra bilan sabur qorishmasini olib keldi. 40 Ular ikkovlon Isoning jasadini olib, yahudiylarning dafn odatlariga ko'ra, bu muattar moddalar bilan Uni kafanladilar. 41 Iso mixlangan joyda bir bog' bor edi, u bog'da hali hech murda qo'yilmagan yangi qabr bor edi. 42 Yahudiylarning dam olish kuniga tayyorgarlik qilish muddati tugayotgani sababli ular, bu joy yaqinroq, deb Isoni o'sha qabrga ko'mdilar.

Isoning tirilishi

20:1 Haftaning birinchi kuni erta saharda, hali qorong'i paytda, magdalalik Maryam qabrning oldiga kelib, qabr og'zidagi toshning ag'darilganini ko'rdi. 2 U yugurib Simun Butrus va Isoning sevgan boshqa shogirdi oldiga keldi-da: - Rabbimni qabrdan olib ketishibdi, Uni qayerga qo'yishganini bilmaymiz, - dedi. 3 O'sha zahoti Butrus va boshqa shogird qabr tomon jo'nashdi. 4 Ikkovi birga yugurib ketishdi. Ammo u shogird Butrusdan tezroq yugurib, qabrga birinchi bo'lib yetib keldi. 5 U engashib ichkariga ko'z tashladi, u yerda faqat kafan yotganini ko'rdi. O'zi qabrga kirmadi. 6 Uning orqasidan Simun Butrus yetib kelib, qabrga kirdi-yu, yotgan kafanni ko'rdi. 7 Isoning boshiga o'ralgan ro'mol esa kafan bilan birga emas, alohida joyga yig'ishtirib qo'yilgan edi. 8 Shunda avval kelgan shogird ham qabrga kirdi va ko'rib, ishonch hosil qildi. 9 Lekin Iso o'lib tirilishi kerak, degan oyatlarni ular hali tushunmas edilar.

Isoning Maryamga zohir bo'lishi

10 Shundan so'ng shogirdlar yana o'z uylariga qaytib ketdilar. 11 Maryam esa qabrning oldida turgancha, yig'lar edi. Yig'layotib, bir egilib qabr ichiga nazar soldi. 12 Shunda oq kiyim kiygan ikki farishtani ko'rib qoldi. Biri Isoning jasadi yotgan joyning bosh tomonida, ikkinchisi esa oyoq tomonida o'tirgan edi. 13 Ular Maryamga: - Ey ayol, nega yig'layapsan? - deyishdi. - Rabbimni olib ketishibdi, Uni qayerga qo'yishganini bilmayman, - dedi u. 14 Shunday dedi-yu, orqasiga burilib, turgan Isoni ko'rdi. Lekin Uning Iso ekanligini bilmadi. 15 - Ey ayol, nega yig'layapsan? Kimni qidiryapsan? - dedi Iso unga. Maryam Uni bog'bon deb o'yladi. Unga: - Og'a, agar sen Uni olib ketgan bo'lsang, qayerga qo'yganingni menga ayt-chi, men Uni borib kelay, - dedi. 16 Iso unga: - Maryam! - dedi. - Rabbuniy! - dedi Maryam Isoga qayrilib. (Rabbuniy yahudiy tilida “Ustozim” demakdir). 17 - Menga qo'l tegizma! - dedi Iso Maryamga. - Men hali Otamning huzuriga chiqqanim yo'q. Sen borib birodarlarimga shunday deb aytgin: Men O'z Otam va sizlarning Otangizning, O'z Xudoyim va sizlarning Xudoyingizning huzuriga chiqib ketyapman. 18 Shunda magdalalik Maryam shogirdlarning oldiga borib: - Men Rabbimni ko'rdim! - dedi, Iso unga nimalar aytganini gapirib berdi.

Isoning shogirdlariga zohir bo'lishi

19 O'sha yakshanba kuni oqshomda shogirdlar to'plangan edilar. Ular yahudiy mansabdorlaridan qo'rqib, uyning eshiklarini qulflab qo'ygan edilar. Shu payt Iso kelib qoldi. U o'rtada turib shogirdlariga: - Sizlarga tinchlik bo'lsin! - dedi. 20 Shunday deb, qo'l-oyoqlarini va biqinini ularga ko'rsatdi. Shogirdlar Rabbimizni ko'rdik, deb juda sevindilar. 21 Iso yana ularga dedi: - Sizlarga tinchlik bo'lsin! Otam Meni qanday yuborgan bo'lsa, Men ham sizlarni shunday yuboryapman. 22 Shunday deb, ularning ustiga pufladi va: - Muqaddas Ruhni olinglar, - dedi. 23 - Kimning gunohlarini kechirsangizlar, u kechiriladi. Kimning gunohlarini kechirmasangizlar, u kechirimsiz qolaveradi.

Iso bilan To'ma

24 O'n ikki shogirddan biri, “Egiz” laqabli To'ma, Iso kelganda u yerda shogirdlar orasida yo'q edi. 25 Boshqa shogirdlar unga: - Biz Rabbimizni ko'rdik, - deyishdi. To'ma ularga shunday dedi: - Men Uning qo'llaridagi mix chandiqlarini ko'rmagunimcha, Uning mix chandiqlariga o'z barmog'imni tegizmagunimcha, qo'limni Uning biqiniga qo'ymagunimcha, ishonmayman. 26 Sakkiz kundan so'ng Isoning shogirdlari yana uyda to'plangan edilar, To'ma ham ular bilan birga edi. Uyning eshiklari qulf bo'lgan vaqtda Iso keldi va o'rtalarida turib: - Sizlarga tinchlik bo'lsin! - dedi. 27 Keyin To'maga qarab: - Barmog'ingni bu yoqqa tekiz! Mening qo'llarimni ko'r, qo'lingni cho'zib biqinimga qo'y va imonsiz bo'lma, imonli bo'l! - dedi. 28 To'ma Isoga: - Ey, mening Rabbim va Xudoyim! - deb javob berdi. 29 Iso unga shunday dedi: - Sen Meni ko'rganing uchun ishonding. Ko'rmay ishonganlar qanday baxtlidirlar! 30 Iso bu kitobda yozilmagan boshqa bir talay ibratli mo'jizalarni O'z shogirdlariga ko'rsatdi. 31 Bular esa Iso - Xudoning O'g'li, Masih ekanligiga ishonishingiz uchun va ishonib, Uning nomi bilan hayotga erishishingiz uchun yozilgan.

Isoning ko'l bo'yida zohir bo'lishi

21:1 Undan keyin Tiveriya ko'li bo'yida Iso O'zini yana shogirdlariga ko'rsatdi. Bu shu yo'sinda sodir bo'ldi: 2 Simun Butrus, “Egiz” laqabli To'ma, Jalilaning Kana shahridan bo'lgan Natan´il, Zabadiyning o'g'illari va boshqa ikki shogird bir joyda edilar. 3 Simun Butrus boshqalarga: - Men baliq ovlagani ketyapman, - dedi. - Bizlar ham sen bilan boramiz, - deyishdi ular va qayiqqa tushib, jo'nab ketishdi. Lekin o'sha kecha hech narsa tutisholmadi. 4 Kun yorishgach, Iso qirg'oqda turar edi. Shogirdlari esa Uning Iso ekanligini payqamadilar. 5 - Bolalar, sizlarda biron ovqat bormi? - so'radi Iso ulardan. - Yo'q, - dedi ular. 6 - To'ringizni qayiqning o'ng tomoniga tashlanglar, shunda tutasizlar, - dedi Iso. Ular esa to'rni tashladilar va baliq ko'pligidan tortib ololmadilar. 7 Shu payt Isoning sevikli shogirdi Butrusga: - Ana, Rabbimiz! - dedi. Simun Butrus bu Rabbimiz, deb eshitiboq, yechib tashlagan jomasini kiydi-yu, o'zini ko'lga otdi. 8 Boshqa shogirdlar esa baliq to'la to'rni sudragancha, qayiqda keldilar. Ular quruqlikdan yaqin taqriban ikki yuz gaz narida edilar. 9 Qirg'oqqa chiqqanlarida, yonib turgan ko'mirni va qovurilayotgan baliq bilan nonni ko'rdilar. 10 Iso ularga: - Sizlar hozir tutgan baliqlaringizni olib kelinglar, - dedi. 11 Simun Butrus borib, to'rni qirg'oqqa tortib chiqardi. To'rda bir yuz ellik uchta katta baliq bor edi. Baliqlar ko'pligiga qaramasdan, to'r yirtilmadi. 12 Iso shogirdlariga: - Kelib ovqatlaninglar, - dedi. Ulardan hech biri: “Sen kimsan?” - deb so'rashga botinolmadi, chunki ular, Bu bizning Rabbimiz, deb bilar edilar. 13 Iso yaqinroq kelib, nonni oldi va ularga berdi. Baliqni ham shunday bo'lib berdi. 14 Shu yo'sin Iso tirilgandan keyin uchinchi marta shogirdlariga zohir bo'ldi.

Isoning Butrusga savoli

15 Nonushta qilib bo'lishgach, Iso Simun Butrusdan so'radi: - Yunus o'g'li Simun, sen Meni ulardan ko'proq sevasanmi? - Ha, Rabbim! Men Seni yaxshi ko'rishimni O'zing bilasan-ku, - dedi Unga Butrus. - Qo'zilarimni o'tlat, - dedi unga Iso. 16 Ikkinchi marta Iso Butrusdan yana so'radi: - Yunus o'g'li Simun, sen Meni sevasanmi? - Ha, Rabbim! Seni yaxshi ko'rishimni O'zing bilasan-ku, - dedi Butrus Unga. - Qo'ylarimni boq, - dedi unga Iso. 17 So'ng uchinchi marta Butrusdan so'radi: - Yunus o'g'li Simun, sen Meni yaxshi ko'rasanmi? O'zidan uch marta: “Meni yaxshi ko'rasanmi”, deb so'raganiga Butrus xafa bo'ldi. - Rabbim! Sen hammasini bilasan, men Seni yaxshi ko'rishimni ham bilasan, - dedi Butrus. Iso unga shunday dedi: - Qo'ylarimni o'tlat! 18 Senga rostini aytayin: yosh bo'lganingda kamaringni o'zing bog'lar, xohlagan joyingga borar eding. Lekin qariganingda esa qo'llaringni uzatasan va boshqa birov kamaringni bog'laydi-yu, seni xohlamagan joyingga olib boradi. 19 Iso bu so'zlarni Butrusning qay yo'l bilan o'lib, Xudoni ulug'lashiga ishora qilib aytgan edi. So'ngra unga: - Mening orqamdan yur! - dedi.

Iso va Uning sevikli shogirdi

20 Butrus burilib, Isoning sevikli shogirdi orqalaridan ergashib kelayotganini ko'rdi. Bu kechki ziyofatda Isoning bag'riga bosh qo'yib: “Rabbim, Seni kim tutib beradi?” - deb so'ragan shogirdi edi. 21 Butrus uni ko'rib, Isodan: - Rabbim, uning taqdiri nima bo'ladi? - deb so'radi. 22 Iso unga: - Agar Men kelgunimgacha uning sog' qolishini istasam, bundan senga nima? Sen Mening orqamdan yuraver, - dedi. 23 Shunday qilib, birodarlar orasida, bu shogird o'lmaydi, degan gap-so'z tarqalib ketdi. Holbuki, Iso uni o'lmaydi demagandi. U faqat: “Agar Men kelgunimgacha uning sog' qolishini istasam, bundan senga nima”, - deb aytgan edi.

Xotima

24 Ana shu shogird bu ishlarning hammasiga guvoh bo'lib, ularni yozib olgan. Uning guvohligi haqiqat ekanligini bilamiz. 25 Iso bajargan boshqa bir talay ishlar ham bor. Bular birma-bir yozib chiqilganda edi, yozilgan kitoblar olamga ham sig'mas edi, deb o'ylayman. Omin.

free web site hit counter