Muqaddima
1:1 Oramizda avj olgan voqealarni hikoya qilishga kirishgan ko'plarning tashabbuslari ma´lumdir. 2 Bu bo'lib o'tgan hodisotlarni boshdanoq o'z ko'zlari ila ko'rib, bizga naql qilgan kishilar Ilohiy Kalomning shohidu xizmatkorlari bo'lmishlar. 3 Shunday qilib, men ham boshidan hammasini sinchiklab tekshirganimdan keyin, ey muhtaram Teofil, bu voqealarning tafsilotini tartib ila sizga yozib berishni munosib ko'rdim, 4 toki siz berilgan ma´lumotlarning juda asosli ekanini bilingiz.
Yahyo payg'ambarning tug'ilishi haqida karomat
5 Yahudiya yurtida Hirod hokimlik qilayotgan davrda ruhoniylarning Abiyo ajdodidan Zakariyo ismli bir ruhoniy bor edi. Uning xotini esa Horun avlodidan bo'lib, oti Elisabet edi. 6 Bularning ikkovi ham solih va xudojo'y kishilar bo'lib, Xudovandning butun amru farmonlariga bekami-ko'st rioya qilib yurishar edi. 7 Lekin Elisabet pushtsiz bo'lganidan, ularning farzandi yo'q edi; buning ustiga ikkovi ham qartayib qolgan edilar. 8 Xizmat navbati o'z avlodiga qolgan bir kunda Zakariyo Xudo huzurida ruhoniylik xizmatini o'tab turgan edi. 9 Ruhoniylar odati bo'yicha, Xudovand ma´badiga kirib xushbo'y tutatqilar tutatish qur´asi unga nasib etgan edi. 10 Tutatqi tutatish vaqtida katta jamoat tashqarida ibodat qilayotgan edi. 11 Shu payt Xudovandning bir farishtasi tutatqi tutatiladigan qurbongohning o'ng yog'ida paydo bo'lib, Zakariyoga zohir bo'ldi. 12 Zakariyo uni ko'rib, esankiradi-yu vahimaga tushdi. 13 Farishta unga dedi: - Zakariyo, qo'rqma, chunki sening iltijolaring ijobat bo'ldi. Xotining Elisabet senga bir o'g'il tug'ib beradi va uning ismini Yahyo qo'yasan. 14 U senga shodlik va baxt-saodat keltiradi, uning tug'ilganidan ko'plar quvonadi. 15 U Xudovand nazarida ulug' kishi bo'ladi, mayu sharobni sira ichmaydi. Onasi qornidan u Muqaddas Ruhga to'lib tushadi. 16 Isroil farzandlaridan ko'plarini u o'zlarining Egasi - Xudovandga qaytarib qo'yadi. 17 U Ilyos payg'ambarning ruhi va qudrati ila Rabbimiz oldida yurib keladi. Otalar dilini farzandlariga qaytarib, osiy bandalarning fikrini solihlar tomon moyil qilib, hozirlanmish bir xalqni Rabbimizga taqdim etadi. 18 Zakariyo farishtaga: - Men bunga qanday amin bo'laman? Mana, o'zim qarib qoldimu, xotinim yoshi ham o'tib qoldi, - dedi. 19 Farishta unga javob berdi: - Men Xudo oldida turgan Jabroilman, senga bu gaplar to'g'risida xushxabar yetkazish uchun yuborilganman. 20 O'z vaqtida bajo bo'lajak so'zlarimga ishonmaganing uchun, mana endi tildan qolasan. Bu ishlar amalga oshadigan kungacha gapirolmaysan, - dedi. 21 Shu orada Zakariyoni kutib turgan xalq uning ma´badda imillab qolganiga hayron bo'ldi. 22 Zakariyo xalq oldiga chiqqach, so'zlamoqqa tili aylanmadi. Xalq uning ma´badda vahiy ko'rganligini tushundi. Zakariyo gung bo'lib qolgani uchun, ular bilan imo-ishora orqali muloqot etdi. 23 Diniy xizmat muddati tugagach, Zakariyo uyiga qaytib bordi. 24 Oradan kunlar o'tib, uning xotini Elisabet homilador bo'ldi. U besh oy yashirinib yurdi. 25 “Bu menga Rabbimning nazarlari tushgan shu kunlarda bo'ldi, - derdi u. - U menga e´tibor berib, el ichida yuzi qoralikdan qutqardi”.
Iso Masihning tug'ilishi haqida karomat
26 Elisabetning homiladorligiga olti oy bo'lgach, Xudo farishta Jabroilni Jalilaning Nosira degan shahriga, 27 Dovud avlodidan Yusuf ismli yigitga unashtirilgan bir qizga yubordi. Qizning oti Maryam edi. 28 Farishta uning oldiga kirib: - Salom, ey Xudo yorlaqagan! Xudovand sen bilan. Ayollar ichra muboraksan, - dedi. 29 Maryam esa farishtani ko'rib, uning so'zlaridan sarosimaga tushdi. “Bu qanaqa salomlashish bo'ldi?” - deya ko'nglidan o'tkazdi. 30 Farishta unga dedi: - Maryam, qo'rqma, sen Xudodan inoyat topding. 31 Mana, sen homilador bo'lib, o'g'il tug'ajaksan va Uning ismini Iso qo'yursan. 32 U ulug' bo'lgay, Xudoyi Taoloning O'g'li deb nom olgay. Xudoyi Taolo Unga otasi Dovudning taxtini bergay. 33 U Yoqub xonadoni uzra abadiy podshohlik qilur va bu podshohlikning cheki bo'lmagay. 34 Maryam: - Men hali er ko'rmagan bo'lsam, bu qanday bo'ladi? - deb so'radi farishtadan. 35 Farishta javob berdi: - Muqaddas Ruh sening ustingga tushib keladi, Xudoyi Taoloning qudrati seni qoplaydi. Shu sababli sendan tug'ilajak muqaddas bola Xudoning O'g'li deyilur. 36 Mana, bepusht deb yurishgan qarindoshing Elisabet ham qariligida o'g'ilga homilador bo'ldi. Homilasi oltinchi oyda. 37 Zero Xudoning biron kalomi puchga chiqmas. 38 Shunda Maryam: - Mana, men Xudovandning bandasiman. Menga aytganing kelsin, - dedi. Farishta esa uning yonidan g'oyib bo'ldi.
Maryam Elisabetning uyida
39 Maryam o'sha kunlardayoq zudlik bilan yo'lga tushib, tog'lik yurtga, Yahudo qabilasiga mansub bir shaharga bordi. 40 U Zakariyoning uyiga kirib Elisabet bilan salomlashdi. 41 Elisabet Maryamning salomini eshitgani zamon uning qornidagi bolasi o'ynoqlab ketdi. Elisabet Muqaddas Ruhga to'ldi-da, 42 baland ovoz bilan xitob qilib dedi: - Sen ayollar ichra muboraksan, qorningdagi bola ham muborakdir! 43 Ne baxtki, Rabbimning onalari menga tashrif ayladilar! 44 Sening saloming qulog'imga yetishi bilanoq qornimdagi bola quvonchdan o'ynoqlab ketdi. 45 Ey e´tiqod qilgan, baxtlisan! Chunki Xudovand senga aytganlarini amalga oshirgay. 46 Maryam shunday dedi: 47 “Jon-tanim-la Xudovandni ulug'layman, Xaloskor Tangrim ila ko'nglim shod-xurram. 48 Men bandayi haqiriga U nazar soldi. Endi meni barcha avlodlar olqagay. 49 Qodir Tangri azimkorlik ko'rsatdi menga; Uning ismi - muqaddasdir. 50 Uning marhamatlari nasib etgay Undan qo'rqqan avlod-ajdodlarga. 51 Kuchini U ko'rsatdi-da qo'ldan keluvchi, Manmanlarni o'z xayollari-la to'zday to'zitdi. 52 Taxtlaridan tushirdi hukmdorlarni, Balandga ko'tardi haqir-mo'minni. 53 Ochlarni to'yg'izib baxt-saodatli qildi, Quppa-quruq jo'natdi boylikka o'chni. 54 Ota-bobomizga bergan va´dasi bo'y-la, Ibrohimga hamda uning zurriyotiga 55 Shafqat qilishni yodda tutib mangu, O'g'loni - Isroilga himmat ayladi”. 56 Shunday qilib, Maryam uch oycha Elisabet bilan bo'lib, o'z uyiga qaytib keldi.
Yahyo payg'ambarning tug'ilishi
57 Elisabetning oy-kuni to'lib, o'g'il tug'di. 58 Qo'ni-qo'shni va qarindoshlari Xudovandning unga ko'rsatgan buyuk marhamatini eshitib, u bilan birga quvonishdi. 59 Sakkizinchi kuni bolani sunnat qilgani olib borishdi. Unga otasining ismini - Zakariyo qo'ymoqchi bo'lishdi. 60 Bunga bolaning onasi e´tiroz bildirib: - Yo'q, ismini Yahyo qo'yamiz, - dedi. 61 Lekin boshqalar: - Qarindosh-urug'ing orasida bu ism bilan atalgan hech kim yo'q-ku, - deyishdi unga. 62 Shu payt otasiga ham imo-ishora qilib, undan bolaga qanday ism qo'ymoqchi ekanligini so'rashdi. 63 Zakariyo bir taxtacha talab qildi va: “Uning ismi Yahyo bo'ladi”, - deb yozib qo'ydi. Hamma hayron qoldi. 64 O'sha zahoti Zakariyoning og'zi ochilib, tilga kirdi. U Xudoni ulug'lab gapira boshladi. 65 Atrofda yashovchilarning hammasini vahima bosdi. Bu haqdagi ovoza butun tog'lik Yahudiya o'lkasiga yoyilib, og'izga tushib ketdi. 66 Eshitgan barchaning fikri bular bilan band bo'lib: “Ajabo, bu bola kim bo'lar ekan?” - deb yurishdi. Chunki Xudovandning qo'li unda namoyon edi.
Zakariyoning payg'ambarona madhiyasi
67 Chaqaloqning otasi Zakariyo Muqaddas Ruhga to'lib, bashorat qilib dedi: 68 “O'z xalqini yo'qlab, asoratdan qutqargan Rabbimiz Isroilning Xudovandiga hamdu sanolar! 69 U quli Dovud xonadonidan chiqqan Qudratli Najotkorni berdi bizga; 70 Qadimdan muqaddas payg'ambarlar orqali so'zlaganiga muvofiq, 71 U barcha ashaddiy dushmanlarimiz qo'lidan bizni qutqargay. 72 Ota-bobomizlarga marhamat aylab, Ular-la qilgan muqaddas ahdini yodladi. 73 Otamiz Ibrohimga qasamyod qilganiga ko'ra, U yovlarimiz qo'lidan bizni qutqarib, 74 Umrimiz boricha O'z panohida bexatar saqlab, 75 Muqaddaslik va solihlik ila O'ziga xizmat qilmog'imizga iloj topajak. 76 Sen ham, ey chaqaloq, Haq Taoloning payg'ambari deb nom olasan. Zero sen Rabbimiz oldida yurib, U qadam bosar yo'lni muhayyo qilursan. 77 Uning xalqiga gunohlari afv bo'lib, Najot topajaklarini anglatarsan. 78 Zero Xudoyimiz mehr-shafqati ila Yuksaklikdan najot tongi yorishdi, Ufqimizni ravshan qilib yubordi. 79 Zulmatda, o'lim soyasida o'tirganlarga ziyosin sochdi, Oyoqlarimizni esa tinchlik yo'liga burdi”. 80 Shunday qilib, bola Yahyo ulg'ayib va ruhan quvvatlanib, Isroilga ko'rinadigan kunigacha cho'l-sahrolarda bo'ldi.
Iso Masihning tug'ilishi
2:1 O'sha kunlarda Qaysar Avgust, butun Rim dunyosidagi aholi ro'yxatga olinsin, degan farmon chiqardi. 2 Shunday qilib, Suriyada Kviriniy hokimlik qilganda ilk bor ro'yxatga olish sodir bo'ldi. 3 Har kim ro'yxatdan o'tish uchun o'z shahriga bordi. 4 Shuningdek, Yusuf ham Jalilaning Nosira shahridan Yahudiyaga, Dovudlar shahri Baytlahmga bordi. Chunki u Dovud nasabi va xonadonidan edi. 5 U o'ziga unashtirilgan qiz, homilador Maryam bilan birga ro'yxatdan o'tmoqchi bo'ldi. 6 Ular o'sha yerda bo'lganlarida esa Maryamning oy-kuni to'ldi. 7 U o'zining to'ng'ich o'g'lini tug'di. Uni yo'rgaklab, oxurga yotqizib qo'ydi, chunki musofirxonada ularga joy yo'q edi.
Cho'ponlar va farishtalar
8 O'sha yurtda cho'ponlar bor edi. Ular tunda suruvlarini poylab, dalada tunar edilar. 9 To'satdan Xudovandning farishtasi ularning oldida paydo bo'ldi va ilohiy nur ularning ko'zlarini qamashtirdi. Bu dahshat cho'ponlarni vahimaga soldi. 10 - Qo'rqmanglar! - dedi ularga farishta. - Men sizlarga el-xalqni cheksiz quvontirajak Xushxabarni keltirdim. 11 Bugun Dovudlar shahrida sizlar uchun Xaloskor tug'ildi. U Rabbimiz - Masihdir. 12 Mana, sizlarga Uning belgisi: yo'rgaklangan, oxurda yotgan chaqaloqni topasizlar. 13 Birdaniga farishta yonida lak-lak samoviy qo'shinlar bo'y ko'rsatdi. Ular Xudoga hamdu sano aytishardi: 14 “Samodagi Xudoga hurmatu izzat, Yerdagi bandalarga tinchligu marhamat!” 15 Farishtalar ular oldidan osmonga ko'tarilgan zamon, cho'ponlar o'zaro so'z qotdilar: - Qani, kelinglar, Baytlahmga borib, Xudovand bizga bildirgan bu voqeani ko'raylik! 16 Ular yugura borishib, Maryam, Yusuf va oxurda yotgan chaqaloqni topdilar. 17 Ko'rishiboq, chaqaloq haqida o'zlariga aytilgan bashoratdan so'zladilar. 18 Hamma eshitganlar cho'ponlarning gapiga juda hayron bo'lishdi. 19 Maryam esa bu so'zlarning barini diliga tugib olib, chuqur o'ylab yurdi. Oxiri cho'ponlar: 20 - Biz hamma narsani ayni aytilganidek topdik, - deb, eshitib ko'rganlari uchun Xudoga hamdu sano o'qib, qaytdilar.
Isoni Xudoga bag'ishlash marosimi
21 Oradan sakkiz kun o'tib, chaqaloqni sunnat qilmoq lozim bo'ldi. Maryam homilador bo'lishidan oldin farishta unga buyurganiday, bolaning ismini Iso qo'ydilar. 22 Musoning Qonunida bayon etilgan chilla davri tamom bo'lgach, Xudovandga bag'ishlash uchun Isoni Quddusga olib keldilar. 23 Chunki Xudovand Qonunida: “Tug'ilgan har bir to'ng'ich o'g'il Xudovandga bag'ishlansin”, deb bitilgan. 24 Yana Xudovand Qonunida aytilishicha, ular “ikkita musicha yoki ikkita kaptar palaponini” qurbon qilishga niyat qildilar. 25 O'sha vaqtda Quddusda Shim´o'n nomli bir odam bor edi. U solih va dindor bo'lib, Isroilning tasalli topish zamonini intizor bo'lib kutar edi. Muqaddas Ruh esa unga yor edi. 26 Muqaddas Ruh unga: “Sen Xudovand yuborgan Masihni ko'rmaguningcha, o'lmaysan”, deb ilhom bergan edi. 27 Shunday qilib, Shim´o'n Muqaddas Ruh ta´sirida ma´badga bordi. Isoning otasiyu onasi Ilohiy Qonunda buyurilgan marosimlarni ijro qilaylik, deb chaqaloqni ichkari olib kirganlarida, 28 Shim´o'n chaqaloqni quchog'iga bosib, Xudoni ulug'lab dedi: 29 “Hoy Egam, Sen aytgan so'zingga muvofiq, Qulingga endi tinch javob bergaysan. 30 Zeroki o'z ko'zim-la ko'roldim 31 Barcha ellar uchun hozirlagan najoting, 32 Turli elu xalqlarga ilohiy nur sochuvchi, Xalqing Isroilga esa sharaf keltiruvchi najoting”. 33 Isoning otasi Yusuf va onasi U haqda aytilgan bu so'zlarga hayron bo'lishdi. 34 Shim´o'n ularni duo qilib, Isoning onasi Maryamga dedi: - Mana shu yotgan go'dak Isroilda ko'plarning qulashi hamda yuksalishiga sababchi bo'ladi, ilohiy sinoat deb ko'p qarshilik qo'zg'aydi. 35 Sening qalbingga ham bu tig' sanchilar, ko'plarning qalbidagi fikr-xayoli ham oshkor bo'lib qolar. 36 U yerda Osher qabilasidan Fanuilning qizi Anna ismli juda keksa bir payg'ambar ayol ham bor edi. U yosh er ko'rib, yetti yilda tul qolgan edi. 37 Sakson to'rt yoshar beva endi ma´baddan hech ayrilmasdi, ro'za tutardi, kechayu kunduz toat-ibodat qilib, Xudo xizmatida edi. 38 Shu onda u ham yaqinlashib, Xudovandni madh etgancha Quddusning najot kuniga ko'z tikib yurganlarning hammasiga bu bola haqida so'zlay boshladi. 39 Yusuf bilan Maryam Xudovand Qonunida buyurilgan butun udumlarni bajo keltirgandan keyin Jalilaga, o'z shaharlari Nosiraga qaytib bordilar. 40 Bola esa o'sib, hikmatga boy va ruhan baquvvat bo'la borgan sayin, Xudoning inoyati Unda namoyon bo'lar edi.
O'smir Iso ma´badda
41 Isoning ota-onasi har yili Fisih bayramida Quddusga borar edilar. 42 Iso o'n ikki yoshga to'lganda, ular yana odatdagiday bayram uchun Quddusga bordilar. 43 Bayram kunlari tamom bo'lib, ular uyga qaytar ekanlar, o'smir Iso Quddusda qoldi. Isoning ota-onasi esa buni payqamadilar. 44 U boshqalar bilan birga kelyapti, deb o'yladilar. Bir kunlik yo'l yurishgach, qarindosh bilan tanishlari orasida Isoni qidira boshladilar. 45 Uni topolmay, qidira-qidira Quddusga qaytdilar. 46 Uch kundan so'ng Uni ma´baddan topdilar. U muallimlar orasida o'tirib, ularni tinglar va ham savollar berar edi. 47 Uni tinglayotganlar bari Uning fahm-idrokiga va berayotgan javoblariga hayron edilar. 48 Ota-onasi Uni ko'rib, ajablandilar. Onasi Unga: - Bolam, nega bizni bunday ovora qilding? Mana, otang bilan men juda qayg'urib Seni qidirib kelyapmiz, - dedi. 49 Iso ularga: - Meni qidirishingizning nima keragi bor edi? Yoki Otamning ishlari bilan mashg'ul bo'lishim kerakligini bilmas edingizmi? - dedi. 50 Ammo ular Uning aytgan so'zlarini tushunmadilar. 51 Iso ular bilan birga jo'nab, Nosiraga qaytib keldi. Ularga itoatli bo'lib yurdi. Onasi esa bu gaplarning hammasini diliga tugib oldi. 52 Shunday qilib, Iso zakovatda ham, yoshda ham ulg'ayib borib, Xudo va bandalarining mehrini qozonar edi.
Yahyo payg'ambarning o'rtaga chiqishi
3:1 Qaysar Tiberius saltanatining o'n beshinchi yili edi. Yahudiyada Po'ntiy Pilat, Jalilada Hirod, Itureya bilan Traxonit viloyatlarida uning ukasi Filip, Avilina yurtida esa Lisaniy hokimlik qilar edilar. 2 Hanan va Kayafa oliy ruhoniy lavozimida edilar. O'sha vaqtda sahroda yashayotgan Zakariyoning o'g'li Yahyoga Xudo kalomi keldi. 3 Yahyo O'rdun daryosi atrofidagi butun yurtlarni keza boshladi, xalqni tavba-tazarru qilishga va gunohlari kechirilishi uchun suvga cho'mib imon keltirishga chorladi. 4 Bu voqea xuddi Isha´yo payg'ambarning kitobida bitilgan oyatga to'g'ri keladi: “Mana, cho'lda nido yangramoqda: Xudovand yo'lini tayyorlangiz, Ravon aylangiz so'qmoqlarin! - deya. 5 Neki soy bor, to'lajak lim-lim, Har tog'u tosh cho'kajak bir qur. Qing'ir-qiyshiq yo'llar rostlanib, Past-balandliklar tekis bo'lur, 6 Har bir bashar Xudo najotin ko'rur”. 7 Yahyo o'z huzurida suvga cho'mib imon keltirish uchun kelayotgan xalq ommasiga xitob qildi: - Hoy ilonlar zoti-yey! Boshingizga kelayotgan Xudo g'azabidan qochishni sizlarga kim uqtirdi? 8 Bundan buyon tavba qilganingizga yarasha samara beringlar! O'zingizcha: Otamiz Ibrohim, deb o'ylab o'tirmanglar. Men sizlarga: Xudo shu toshlardan Ibrohimga avlod tiklashga qodir, deyapman. 9 Hozirdan daraxtlar ildizida bolta yotibdi-ku. Endi yaxshi meva bermagan har bir daraxt kesilib olovga tashlanadi. 10 Xaloyiq Yahyodan so'radi: - Unday bo'lsa, biz nima qilishimiz kerak? 11 U javob berib dedi: - Kimning ikkita ust-boshi bo'lsa, birini muhtojlarga bersin. Kimning oziq-ovqati bo'lsa, u ham shunday qilsin. 12 Soliqchilardan ba´zilari ham suvda imon keltirish uchun kelib, Yahyodan: - Ustoz, biz nima qilishimiz kerak? - deb so'rashdi. 13 Yahyo: - Sizlarga buyurilganidan ortig'ini talab qilmanglar, - deb javob berdi. 14 Ba´zi bir askarlar ham undan: - Xo'sh, bizlar nima qilishimiz kerak? - deb so'radilar. Yahyo ularga: - Hech talonchilik qilmanglar, hech kimning haqini yemanglar, o'z maoshingiz bilan qanoatlanib yuringlar, - dedi. 15 Xaloyiq umidvor bo'lib, Yahyo haqida: “Bu Masih emasmikin?” - deb ko'ngildan o'tkazib turar edi. 16 Yahyo esa hammaga javoban dedi: - Men sizlarni suvgagina cho'mdirib yuribman. Lekin bundan so'ng mendan qudratli Kishi kelmoqda, men Uning choriq iplarini yechishga ham munosib emasman. U sizlarni Muqaddas Ruhga va otashga cho'mdiradi. 17 Uning panshaxasi qo'lida tayyor turibdi, U O'z xirmonini shopirib tashlaydi: bug'doyni O'z omboriga to'plab, somonni esa so'nmas o'tda yondirib yuboradi. 18 Yahyo yana ko'p narsalar xususida xaloyiqqa nasihat qilib, Xushxabarni bayon etar edi. 19 Viloyat hokimi Hirod ham Yahyo tarafidan fosh bo'lib qoldi. Chunki u o'z ukasining xotini Hirodiyani olgan va boshqa bir qator yomonliklar ham qilgan edi. 20 Shunday qilib, Hirod qilg'iliklari yetmaganday, buning ustiga Yahyoni zindonga qamatib qo'ydi.
Isoning Xudo tomonidan tasdiqlanishi
21 Barcha xaloyiq suvga cho'mib imon keltirayotgan vaqtda, Iso ham suvga cho'mdi. U ibodat qilib turganda osmon ochilib ketdi 22 va Muqaddas Ruh jism tusini olib, kaptar shaklida Uning ustiga tushib keldi. Osmondan esa: “Sen Mening sevikli O'g'limsan, Sendan mamnunman”, - degan sado keldi.
Isoning nasabnomasi
23 Iso O'z xizmatini boshlagan vaqtda o'ttiz yoshlar chamasida edi. U Yusufning o'g'li hisoblanar edi. Yusuf esa - Eli o'g'li, 24 Mattot o'g'li, Leviy o'g'li, Malkiy o'g'li, Yanay o'g'li, Yusuf o'g'li, 25 Mattatiyo o'g'li, Omo's o'g'li, Nahum o'g'li, Hesli o'g'li, Nagay o'g'li, 26 Mahat o'g'li, Mattatiyo o'g'li, Shim´iy o'g'li, Yo'seh o'g'li, Yo'do o'g'li, 27 Yuhanno o'g'li, Rezo o'g'li, Zarubobil o'g'li, Sha´ltiel o'g'li, Neriy o'g'li, 28 Malkiy o'g'li, Addiy o'g'li, Qosam o'g'li, Elmodam o'g'li, G'yer o'g'li, 29 Yo'shua o'g'li, Il´azar o'g'li, Yorim o'g'li, Mattot o'g'li, Leviy o'g'li, 30 Shim´o'n o'g'li, Yahudo o'g'li, Yusuf o'g'li, Yunus o'g'li, Elyoqim o'g'li, 31 Maliyo o'g'li, Manno o'g'li, Mattato o'g'li, Natan o'g'li, Dovud o'g'li, 32 Ishay o'g'li, Obid o'g'li, Bo'az o'g'li, Salmo'n o'g'li, Nahsho'n o'g'li, 33 Aminadob o'g'li, Rom o'g'li, Hasro'n o'g'li, Paras o'g'li, Yahudo o'g'li, 34 Yoqub o'g'li, Is´hoq o'g'li, Ibrohim o'g'li, Terah o'g'li, Naho'r o'g'li, 35 Sarug' o'g'li, Rag'u o'g'li, Falaj o'g'li, Haver o'g'li, Shalah o'g'li, 36 Qenan o'g'li, Arpaxshod o'g'li, Som o'g'li, Nuh o'g'li, Lamak o'g'li, 37 Matushaloh o'g'li, Hano'x o'g'li, Yored o'g'li, Maholalil o'g'li, Qenan o'g'li, 38 Eno'sh o'g'li, Shit o'g'li, Odam o'g'li, Xudo o'g'li edi.
Isoning vasvasaga solinishi
4:1 Iso Muqaddas Ruhga to'lgan holda O'rdun daryosidan qaytib keldi. U Muqaddas Ruhning ta´sirida sahroda aylanib yurib, 2 qirq kun iblis tomonidan vasvasaga solindi. U bu kunlarda hech narsa yemay, oxirida och qoldi. 3 O'shanda iblis Isoga: - Agar Sen Xudoning O'g'li bo'lsang, bu toshga buyur, nonga aylansin! - dedi. 4 Iso bunga javoban: - Tavrotda: “Inson yolg'iz non bilan emas, balki Xudoning har bir kalomi bilan yashaydi”, deb yozilgan, - dedi. 5 So'ng Isoni baland bir toqqa olib chiqib, iblis bir lahzada olamning barcha saltanatlarini Unga ko'rsatdi. 6 Iblis Isoga dedi: - Barcha bu o'lkalar ustidan hokimlik qilishni hamda bularning shon-shuhratini Senga beraman; ular menga topshirilgan va men istaganimga beraman. 7 Endi Sen menga sajda qilsang bas, hammasi Seniki bo'ladi. 8 Iso javob berib: - Yo'qol oldimdan shayton! Tavrotda: “Egang Xudovandga sajda qil, birgina Unga itoatda bo'l”, deb yozilgan, - dedi. 9 Keyin iblis Isoni Quddusga olib bordi. Uni ma´badning tepasiga turg'izib, shunday dedi: - Agar Sen Xudoning O'g'li bo'lsang, O'zingni bu yerdan pastga tashla-chi. 10 Chunki shunday bitilgani bor: “U O'z farishtalariga sen haqda amr etgay, Toki seni asrab qolsinlar. 11 Ular seni qo'llarida ko'tarib ketar, Oyog'ing ham toshga qoqilmagay”. 12 Iso iblisga javoban: - Yana: “Egang Xudovandni sinama”, deb yozilgani ham bor, - dedi. 13 Iblis esa barcha vasvasalarini tamom qilgandan keyin vaqtincha Isodan uzoqlashdi.
Isoning O'z yurtida rad qilinishi
14 Iso Muqaddas Ruh qudratida Jalilaga qaytib keldi. U haqda mamlakat bo'ylab ovoza tarqaldi. 15 Yahudiylar ibodatxonalarida ta´lim bergani sari, hamma Uning duosini qildi. 16 So'ng Iso o'sib tarbiyalangan joyi Nosiraga bordi. O'z odati bo'yicha shanba kunida ibodatxonaga kirib, tilovat qilish uchun o'rnidan turdi. 17 Unga Isha´yo payg'ambarning kitobini uzatdilar. U kitobni ochib, quyidagi oyat yozilgan joyni topdi: 18 “Xudovandning Ruhi Menga yor. U Meni muqaddas moy-la moyladi. Bechoralarga mujda yetkazmoq uchun, Dilabgorlarga shifo bermoq uchun, Asirga: ozod bo'lgil, Ko'rga: ochilsin ko'zing, demoq-chun, Mazlumga erkinlikni e´lon etib, 19 Marhamat yili bo'lgay, demoq-chun, Xudovand Meni yubordi”. 20 Keyin Iso kitobni yopib, xizmatkorga berib, o'tirdi. Ibodatxonadagi barchaning ko'zi Unga tikildi. 21 Iso ularga so'zlay boshladi: - Sizlar eshitgan kalom shu bugun bajo bo'ldi, - dedi. 22 Hamma Isoning aytganlarini ma´qullar edi. Uning og'zidan chiqqan latif so'zlarga mahliyo bo'lishib: “Yusufning o'g'li emasmi O'zi?” - deb qo'yar edilar. 23 Iso ularga dedi: - Sizlar albatta: “Ey tabib, o'zingni o'zing davola” degan matalni esimga tushirmoqchisizlar. “Biz eshitganimizday, Kafarnahumda ro'y bergan ishlarni bu yerda, o'z yurtingda ham qil-chi”, deb aytmoqchisizlar-da. 24 Keyin Iso davom etdi: - Sizlarga chinini aytayin, hech qanday payg'ambar o'z yurtida qabul qilinmaydi. 25 Masalan, Ilyos payg'ambar davrida uch yilu olti oy osmon tutilib, butun mamlakatda og'ir ocharchilik bo'lganda, Isroilda ko'p beva ayollar bor edi. 26 Ammo Ilyos ularning birontasiga yuborilmay, faqatgina Sido'n diyoridagi Zorafat shahrida yashovchi bir bevaga yuborilgan edi. 27 Xuddi shu singari Elisha payg'ambarning davrida ham Isroilda ko'p moxovlar bor edi. Ammo bularning birontasi sog'aymagan bo'lsa-da, faqatgina suriyalik Naoman sog'ayib qoldi, - dedi. 28 Yig'ilgan jamoat bularni eshitib, hammalari qattiq g'azablanib ketishdi. 29 O'rinlaridan turib, Isoni shahardan tashqariga haydab chiqarishdi-da, Uni tashlab yuborish uchun o'z shaharlari qurilgan tepaning chetiga olib borishdi. 30 Lekin Iso ularning orasidan yorib o'tib, ko'zdan g'oyib bo'ldi.
Ibodatxonadan jinni quvib chiqarish
31 Iso Jalilaning Kafarnahum shahriga kelib, shanba kunlarida xalqqa ta´lim beradigan bo'ldi. 32 Xalq esa Isoning ta´limotiga hayron qoldi, chunki Uning so'zida kuch-qudrat bor edi. 33 Shaharning ibodatxonasida jinga chalingan, yomon ruhli bir odam bor edi. U baland ovoz bilan baqirib: 34 - Qo'ysang-chi, nosiralik Iso! Bizlar bilan nima ishing bor? Sen bizni halok qilgani kelding-ku! Sening kimligingni bilaman: Sen Xudoning Azizisan! - dedi. 35 - Jim bo'l va bu odamdan chiqib ket! - dedi Iso jinga do'q urib. Jin esa bu odamni hammaning ko'z o'ngida yerga qulatdi-da, unga hech qanday zarar yetkazmay, chiqib ketdi. 36 Hammani vahima bosdi. Xalq o'zaro mulohaza qilib: “Bu qanday gap ekan? U yomon ruhlarga ham kuch-qudrat va hokimlik bilan buyuradi, ular esa chiqib ketadi!” - deyishar edi. 37 Shunday qilib, Iso haqidagi shov-shuv yon-atrofga ovoza bo'ldi.
Ko'p xastalarni sog'aytirish
38 Iso ibodatxonadan chiqib Simunning uyiga kirdi. Simunning qaynonasi og'ir isitmada qiynalib yotgan edi. Isoga kasalni ko'rib qo'yishni iltimos qilishdi. 39 Iso ayolning yoniga kelib, isitmani koyib qo'ydi. Isitma esa o'sha zahoti ayolni tark etdi. U turiboq, ularga xizmat qilishga tutindi. 40 Quyosh botayotgan chog', hamma turli xastaliklarga yo'liqqan odamlarini Isoning huzuriga keltirishardi. Iso qo'llarini har biriga tegizib ularga shifo berardi. 41 Jinlar esa: “Sen Xudoning O'g'li - Masihsan!” - deb baqirganlaricha, ko'p odamlarni tark etardilar. Iso jinlarga do'q urib, gapirishlariga monelik qilardi. Chunki ular Uning Masihligini bilardi. 42 Kunduz bo'lgach, Iso uydan chiqib xilvat joyga tortinib ketdi. Xalq esa Uni qidirib topib, tashlab ketmaslikni so'rab yolvordi. 43 Iso ularga: - Men Xudo saltanati to'g'risidagi Xushxabarni boshqa shaharlarga ham yetkazishim farz, Men shuning uchun yuborilganman, - dedi. 44 Shunday qilib, Iso Jalila yurtining ibodatxonalarida voizlik qilib yurdi.
Isoning dastlabki shogirdlari
5:1 Bir kuni Iso Genisaret ko'li yoqasida turganda, xaloyiq Xudoning kalomini tinglash uchun Uning huzurida tirband edi. 2 Iso ko'l qirg'og'ida turgan ikki qayiqni ko'rdi. Baliqchilar shu orada qayiqdan chiqib, to'rlarini yuvayotgan edilar. 3 Qayiqlardan biri Simunning qayig'i edi. Iso unga tushib, qirg'oqdan bir oz nariroq suzib borishni Simundan iltimos qildi. So'ng o'tirib, qayiq ichidan xalqqa ta´lim berishga tushdi. 4 Nasihatlarini tugatib, Iso Simunga: - Chuqurroq suvlarga suzib borib, o'lja uchun to'rlaringizni tashlanglar, - dedi. 5 Simun javob berib: - Ustoz, bizlar tun bo'yi urinib, hech narsa tutolmadik. Lekin Sening so'zing bo'yicha to'rni tashlayman, - dedi. 6 Ular Isoning aytganini qilgach, juda ko'p baliq ovladilarki, hatto to'rlari yirtilib ketdi. 7 Ular boshqa qayiqdagi o'rtoqlariga yordam berishlari uchun ishora qildilar. O'rtoqlari kelib, ikkala qayiqni cho'kar darajada to'ldirib oldilar. 8 Simun Butrus buni ko'rdi-da, Isoning tiziga cho'kkalab: - Yo Rabbiy! Mening oldimdan ketgin, chunki men gunohkor insonman, - dedi. 9 Ular tutgan bunday mo'l baliq ovidan o'zini va u bilan birga bo'lganlarning hammasini vahima bosgan edi. 10 Simunning sheriklari Zabadiy o'g'illari Yoqub bilan Yuhanno ham vahimaga tushishgan edi. Iso Simunga qarab: - Qo'rqma, bundan buyon insonlarni ovlaysan, - dedi. 11 Ular ikkita qayiqni qirg'oqqa tortdilar va hammasini qoldirib, Isoning ortidan ergashdilar.
Isoning moxovni sog'aytirishi
12 Iso bir shaharda bo'lganda, butun tanasi moxov bo'lgan bir kishi kelib qoldi. U Isoni ko'rib, yuz tuban yerga tashlandi-da: - Ey Hazrat, agar istasang, meni moxovlikdan poklay olasan, - deb yalindi. 13 Iso qo'lini uzatdi va unga tegizib: - Istayman, pok bo'l! - deb qo'ydi. Moxovlik esa o'sha zahoti undan aridi. 14 Iso unga buni hech kimga aytmaslikni tayinladi. Unga: - Borib o'zingni ruhoniyga ko'rsat, darding ariganini tasdiqlatish uchun Muso payg'ambar amr etgan qurbonliklarni keltirib ber; bundan hammaga dalolat bo'lsin, - dedi. 15 Shu bilan Iso haqidagi gap-so'z yana ko'proq yoyilib ketdi. Tumonat xaloyiq Uni tinglash va o'zlarining dardlaridan forig' bo'lish uchun Uning oldiga yig'ilib kelar edi. 16 U esa goho-goho xilvat joylarga chekinib, ibodat qilar edi.
Isoning sholni sog'aytirishi
17 Iso ta´lim berayotgan kunlarning birida Jalila bilan Yahudiya yurtlarining har bir qishlog'idan hamda Quddusdan farziylar va Tavrot tafsirchilari keldi. Ular o'tirib tinglar ekanlar, xastalarni shifolovchi ilohiy kuch Isoda namoyon bo'layotgan edi. 18 Kimsalar to'shakda shol bir odamni olib keldilar. Uni uyga, Isoning oldiga olib kirishga urindilar. 19 Lekin odam ko'pligidan buning ilojini topolmay, uyning tomiga chiqib, tomni yorib, sholni to'shagi bilan o'rtaga, Isoning oldigayoq tushirdilar. 20 Iso ularning e´tiqodini ko'rib: - Ey odam bolasi, sening gunohlaring kechirildi, - dedi. 21 Ulamolar va farziylar esa: “Kufrlik qilayotgan bu Odam kim ekan? Yolg'iz Xudodan boshqa gunohlarni kim kechira oladi?” - deb mulohaza yurita boshladilar. 22 Iso ularning mulohazalarini sezib, bunga javoban: - Sizlar ko'ngilda nimalarni mulohaza qilyapsizlar? - dedi. 23 - Nimani aytish osonroq: Gunohlaring kechirildi, deb aytishmi, yoki: o'rningdan turib yura qol, deb aytishmi? 24 Lekin Inson O'g'lining yer yuzida gunohlarni kechirish qudrati borligini ham bilib qo'yinglar! Shunday deyishi bilan Iso shol odamga qayrilib: - Senga aytaman: O'rningdan tur, to'shagingni ol-da, uyingga yur! - dedi. 25 Shol o'sha zahoti hammaning ko'z o'ngida o'rnidan turib ketdi, o'zi yotgan to'shagini olib, Xudoni ulug'lab uyiga ketdi. 26 Hammani vahima bosdi. Xudoni olqishlar ekanlar: - Biz ajib ishlar ko'rdik-da bugun, - dedilar qattiq qo'rqib.
Isoning Leviyni chaqirishi
27 Shundan so'ng Iso u yerdan chiqib, soliq yig'adigan joyda o'tirgan Leviy nomli soliqchini ko'rib qoldi, unga: - Mening orqamdan yur! - dedi. 28 U o'rnidan turdi, hamma narsasini qoldirib, Isoning ketidan ergashdi. 29 So'ngra Leviy o'z uyida Iso sharafiga katta ziyofat berdi. Ular bilan birga yeb-ichib o'tirganlar orasida oddiy xalqdan talay kishi va ko'pgina soliqchilar bor edi. 30 Din olimlari va farziylar esa zorlanib, Isoning shogirdlariga: - Nega sizlar soliqchiyu gunohkorlar bilan birga yeb-ichib o'tiribsizlar? - deyishdi. 31 Iso ularga shunday javob berdi: - Sog'lar emas, bemorlar tabibga muhtojdir. 32 Men taqvodorlarni emas, gunohkorlarni tavbaga chaqirgani kelganman.
Ro'za tutish haqida
33 Yana Unga dedilar: - Mana, Yahyoning shogirdlari tez-tez ro'za tutib ibodat qilishadi, farziylarning shogirdlari ham xuddi shunday qilishadi. Sening shogirdlaring-chi, nega yeb-ichib yuribdilar? 34 Iso ularga dedi: - Kuyov davrada bo'lgan vaqtda to'y ahlini ro'za tutishga majbur qilib bo'larmikin? 35 Biroq kuyov ulardan judo bo'lgan kunlar keladi, ana o'shanda ro'za tutadilar. 36 Iso ularga bir masalni ham aytib berdi: - Hech kim yangi kiyimdan yirtib olib, eski kiyimga yamoq solmaydi. Aks holda yangi kiyim yirtiq-yamoq bo'ladi va yangi kiyimdan olingan yamoq ham eski kiyimga to'g'ri kelmaydi. 37 Shuningdek, hech kim yangi sharobni eski meshga quymaydi. Chunki yangi sharob meshni yirtadi, sharob to'kiladi va mesh ham nobud bo'ladi. 38 Aksincha, yangi sharobni yangi meshga quyish kerak. Shunda u ham, bu ham saqlab qolinadi.39 Hech kim eski sharobni sipqirar ekan, yangisini istamaydi. “Eskisi shirin”, - deb o'tiraveradi.
Dam olish kuniga rioya qilish haqida
6:1 Fisih bayramidan keyingi birinchi shanbada Isoning g'alla dalasidan o'tishiga to'g'ri keldi. Uning shogirdlari boshoqlarni uzib, kaftga uqalab yeyayotgan edilar. 2 Ba´zi farziylar esa ularga dedi: - Nega sizlar dam olish kunida qilish mumkin bo'lmagan ishni qilyapsizlar? 3 Iso ularga shunday javob berdi: - Nahotki sizlar Dovud bilan uning hamrohlari och qolganda nimalar qilganini hech o'qimagan bo'lsangiz? 4 Dovud Xudoning uyiga kirib, faqat ruhoniylargina yeyishi mumkin bo'lgan baxshida nonlarni olib yeb, hamrohlariga ham bergan edi. 5 Keyin Iso ularga dedi: - Inson O'g'li dam olish kunining ham hokimidir. 6 Boshqa shanba kunida ham Iso ibodatxonaga kirib ta´lim berishga tushdi. U yerda o'ng qo'li qurib qolgan bir odam bor edi. 7 Ulamolar bilan farziylar Isoni ayblash uchun biron vaj topish maqsadida, U shanba kunida ham odamni sog'aytirarmikan, deb Uni kuzatib turdilar. 8 Iso bo'lsa, ularning fikrlarini bilib, qo'li shol odamga: - O'rningdan turib o'rtaga chiq! - deb buyurdi. U o'rtaga chiqdi. 9 Iso hammaga xitob qilib dedi: - Men sizlarga savol beray: dam olish kunida nima qilish lozim - yaxshilikmi yoki yomonlikmi? Jonni xalos qilishmi yoki halok qilishmi? Ular indamadilar. 10 Iso ularga birin-ketin ko'z yugurtirdi-da, u odamga: - Qo'lingni uzat! - dedi. U odam shunday qilishi bilanoq shol qo'li boshqa qo'liday soppa-sog' bo'lib qoldi. 11 Boshqalar esa jazavalanib, Isoni nima qilsak ekan, deb o'zaro fikrlasha boshladilar.
Isoning o'n ikki havoriyni tanlashi
12 O'sha kunlarda Iso ibodat uchun toqqa chiqdi va kechani Xudoga ibodat qilish bilan o'tkazdi. 13 Tong yorishgach, shogirdlarini yoniga chaqirdi va oralaridan quyidagi o'n ikki kishini tanlab, havoriy qilib tayinladi: 14 U Butrus deb ham yuritgan Simun, uning ukasi Idris, Yoqub, Yuhanno, Filip, Bartolmey, 15 Matto, To'ma, Alfey o'g'li Yoqub, vatanparvar deb tanilgan Simun, 16 Yoqub o'g'li Yahudo va keyinchalik xiyonat qilgan Yahudo Ishqariyot. 17 Shundan so'ng Iso ular bilan birga pastga tushib, yassi bir joyda to'xtadi. Uning ko'plab shogirdlari, shuningdek, butun Yahudiyadan, Quddusdan, Tir va Sido'n sohillaridan kelgan juda katta olomon 18 Isoni tinglash va o'z xastaliklaridan forig' bo'lish uchun u yerga to'plangan edilar. Yomon ruhlardan aziyat tortganlar ham kelib, shifo topar edilar. 19 Butun xalq Unga qo'l tegizish ilinjida intilar edi, chunki Undan hammani sog'aytiradigan shifobaxsh bir kuch chiqar edi.
Saodatlilar va saodatsizlar
20 Iso ko'zlarini shogirdlariga tikib, dedi: “Ey kambag'allar, saodatlisiz! Chunki Xudoning Shohligi siznikidir. 21 Ey hozir och-yupunlar, saodatlisiz! Chunki siz to'q bo'lajaksizlar. Ey hozir yig'layotganlar, saodatlisiz! Chunki sizga sevinch kulgisi kelur. 22 Inson O'g'liga yon bosganingiz uchun Odamlar sizdan nafratlansa, Jamiyatdan quvg'in qilib, haqorat qilsa, Nomingizga dog' tushirib etsa badnom, Siz baribir saodatmandsizlar! 23 O'sha kunda sevining, sevinchdan o'ynanglar! Zero sizga samo mukofoti buyuk bo'lur. Payg'ambarlarga ham otalari shu yo'lni tutgan. 24 Lekin boylar, holingizga voy! Chunki siz o'z huzuringizni olib bo'ldingiz. 25 Ey hozir to'qlar, holingizga voy! Chunki siz och qolajaksizlar. Hozir kulguvchilar, holingizga voy! Siz yig'lab-ho'ngraysizlar. 26 Siz haqda xush gapirsa-da hamma insonlar, Bu holda ham holingizga voy! Soxta payg'ambarlarga ham otalari shu yo'lni tutgan”.
Dushmanlaringizni sevinglar
27 “Lekin siz, tinglayotganlarga aytaman: dushmanlaringizni sevinglar, sizdan nafratlanganga yaxshilik qilinglar. 28 Sizga qarg'ish yog'dirganga duolar o'qing. Sizga ozor berganlar uchun ibodat qilinglar. 29 Bir chakkangga urganga ikkinchisini ham tut. To'ningni olgandan ko'ylagingni ham ayamagil. 30 Sendan so'ragan har kimsaga ber, senikini olgandan qaytarib berishini talab qilma. 31 Odamlar sizlarga qanday muomala qilishlarini istasangizlar, siz ham ularga shunday muomalada bo'ling. 32 Agar sizni sevganlarnigina sevsangiz, qanday savob qilgan bo'lasizlar? Ana, gunohkorlar ham o'zlarini sevganlarni sevadilar. 33 Agar o'zingizga yaxshilik qilganlargagina yaxshilik qilsangiz, qanday savob qilgan bo'lasiz? Ana, gunohkorlar ham xuddi shunday qiladilar. 34 Agar siz qaytarib olishga umid qilib qarz bersangiz, qanday savob qilgan bo'lasiz? Ana, gunohkorlar ham qancha qarzlari bo'lsa, shuncha qaytarib olish maqsadidagina gunohkorlarga qarz beradilar. 35 Lekin siz dushmanlaringizni seving, yaxshilik qiling, hech narsa tama qilmay qarz bering. Shunda buyuk mukofot olib, Taoloning o'g'illari bo'lasizlar. Chunki Uning O'zi ham noshukurlar bilan yomon niyatlilarga nisbatan mehribon-ku. 36 Shunday qilib, Otangiz rahmdil bo'lgani kabi, sizlar ham rahmdil bo'linglar”.
Boshqalarni hukm qilmanglar
37 “Boshqalarni hukm qilmang, sizlar ham mahkum bo'lmaysiz. Boshqalarni ayblamang, sizlar ham aybdor bo'lmaysiz. Boshqalarni kechiring, sizlar ham kechirilasiz. 38 Boshqalarga bering, sizlarga ham qaytadi - yaxshilab bosilgan, silkitilgan, to'lib-toshgan o'lchov bilan qo'yin-qo'njingizga to'kiladi. Chunki sizlar qanday o'lchov bilan o'lchasangizlar, xuddi shunday o'lchov sizlarga ham tatbiq etiladi”. 39 Iso ularga quyidagi matalni ham aytib berdi: “Ko'r ko'rni yetaklab yura olarmikin? Ikkalasi ham chohga tushib ketmasmikin? 40 Ana, shogird o'z ustozidan yuqori bo'lmas. Ammo kamolotga yetgandan keyin har kim o'zining ustoziday bo'lur. 41 Sen nega birodaringning ko'zidagi zirapchaga qaraysan-u, lekin o'z ko'zingdagi xodani sezmaysan? 42 Sen o'z ko'zingdagi xodani ko'rmay turib qanday birodaringga: “Kel, birodarim, ko'zingdagi zirapchani chiqaray”, deya olasan? Ey ikkiyuzlamachi! Oldin o'z ko'zingdan xodani chiqarib qo'y, keyin birodaringning ko'zidan zirapchani chiqarishni aniq ko'rasan”.
Daraxt va uning mevasi
43 “Yaxshi daraxt yomon meva bermas, yomon daraxt ham yaxshi meva bermas. 44 Har bir daraxt o'z mevasidan bilinur. Tikanzordan anjir terilmas, butazordan uzilmas uzum. 45 Yaxshi odam o'zining yaxshi qalb xazinasidan yaxshilik chiqarur. Yomon odam o'zining yomon qalb xazinasidan yomonlik chiqarur. Odamning dili nimaga to'lib-toshsa, tili o'shani gapirur”.
Sog'lom va chirik negiz
46 “Nega sizlar Meni “Yo Rabbim, yo Rabbim” deb chaqirasiz-u, ammo aytganlarimni qilmaysizlar? 47 Mening oldimga kelgan va so'zlarimni eshitib, bajo keltirgan har bir kishining kimga o'xshashligini sizlarga uqtiray: 48 U uy qurayotganda qazib chuqur qilgan va poydevorini tosh ustiga o'rnatgan odamga o'xshaydi. Sel toshib, o'sha uyni suv bosibdi-yu, lekin uyni qo'zg'atolmabdi. Chunki u tosh ustiga mahkam o'rnatilgan ekan. 49 Lekin so'zimni eshitib, unga amal qilmagan kishi uyini tuproq ustiga, poydevorsiz qurgan odamga o'xshaydi. U uyni suv bosgan hamon qulab tushibdi, uning xarobaligi esa qo'rqinchli bo'libdi”.
Rimlik yuzboshining e´tiqodi
7:1 Iso O'zini tinglab turgan xalqqa bu so'zlarini aytib bo'lganidan keyin, Kafarnahum shahriga kirdi. 2 U yerda bir yuzboshining juda aziz xizmatkori kasal bo'lib, o'lim to'shagida yotgan edi. 3 Yuzboshi Isodan xabardor bo'lib, U kelib xizmatkorini davolasin, deb iltimos qilish uchun yahudiylarning oqsoqollarini Uning huzuriga yubordi. 4 Ular Isoning yoniga kelgach, bir samimiy o'tinch bilan: - U Sening shafoatingga munosibdir. 5 U xalqimizni sevadi, bizga hatto ibodatxona ham qurib bergan, - deyishdi. 6 Iso ular bilan birga ketdi. U uyga yaqinlashib qolganda, yuzboshi Isoga bu gaplarni aytgani do'stlarini peshvoz chiqardi: - Ey Hazrat, ovora bo'lma! Kulbamga oyoq bosishing uchun munosib emasman. 7 Shuning uchun Sening oldingga borishni ham o'zimga loyiq ko'rmadim. Sen birgina so'z aytsang, bas, xizmatkorim sog'ayib ketadi. 8 Chunki men ham buyruqqa tobe odamman, shuningdek, mening ixtiyorimda ham askarlar bor. Birisiga “ket” desam, ketadi, boshqasiga “kel” desam, keladi; biron xizmatkorimga “shuni qil” desam, qiladi. 9 Iso bu so'zlarni eshitgach, yuzboshiga hayron qoldi. U o'girilib, orqasidan ergashib kelayotgan xaloyiqqa: - Sizlarga shuni aytib qo'yay, Men bunday zo'r e´tiqodni Isroilda ham topganim yo'q, - dedi. 10 Yuborilganlar uyga qaytib kelishganda, bemor xizmatkorni tuzalgan holda ko'rdilar.
Beva ayolning o'g'lini tiriltirish
11 Oradan ko'p o'tmay, Iso Nain degan shaharga ketdi. Ko'plab shogirdlari va ancha xalq U bilan birga yurishar edi. 12 Iso shaharning darvozasiga yaqinlashganda, bir beva ayolning yakkayu yagona o'g'li o'ligini ko'tarib chiqayotgan edilar. Tumonat shahar aholisi u ayolni o'rab olgan edi. 13 Rabbimiz Iso onani ko'rgach, unga rahmi kelib: - Yig'lama! - dedi. 14 U yondashib, tobutga qo'l tegizdi. Tobutkashlar to'xtab qolishdi. Iso o'likka: - Ey yigit, senga aytyapman: tur o'rningdan! - dedi. 15 O'shanda o'lik rostlanib o'tirdi-da, gapira boshladi. Iso uni onasiga topshirdi. 16 Hammani vahima bosdi. “Oramizda buyuk payg'ambar paydo bo'ldi, Xudo O'z xalqini yo'qlab keldi”, - deganlaricha, Xudoni olqishlar edilar. 17 Shu tariqa Isoning dong'i butun Yahudiya hamda yon-atrofdagi joylarga tarqaldi.
Iso Masih va Yahyo payg'ambar
18 Yahyoning shogirdlari bu bo'lib o'tgan voqealar haqida ustozlariga xabar berishdi. 19 Shunda Yahyo shogirdlaridan ikkitasini chaqirib: “Keladigan Qutqaruvchi Senmisan, yoki biz boshqasini kutaylikmi?” - deb so'rash uchun ularni Isoning oldiga yubordi. 20 Ular Isoning oldiga kelib: - Bizni Yahyo payg'ambar yubordi. U Sendan: “Keladigan Qutqaruvchi Senmisan, yoki biz boshqasini kutaylikmi?” deb so'rayapti, - deyishdi. 21 Naq shu paytda Iso turli xastalik va illatlarga mubtalo va yovuz ruhlarga chalingan talay xalqqa shifo berib, ko'pgina ko'rning ko'zini ham ochib yurgan edi. 22 Iso Yahyoning shogirdlariga javoban dedi: - Boringlar, ko'rib eshitayotganlaringizni Yahyoga bildiringlar: ko'rlar ko'ryapti, cho'loqlar yuryapti, moxovlar tuzalyapti, karlar eshityapti, o'liklar tirilyapti va bechoralar Xushxabarni eshityaptilar. 23 Meni deb vasvasaga tushmagan baxtlidir! 24 Yahyoning xabarchilari ketgandan keyin, Iso xalqqa qarata Yahyo to'g'risida gapira boshladi: “Sahroga nima ko'rgani bordingizlar? Shamolda hilpirab turgan qamishnimi? 25 Axir, nima ko'rgani bordingizlar? Bashang kiyingan odamnimi? Biroq bashanglar, nash´alarda yashovchilar podshohlarning saroyida bo'ladi-ku! 26 Axir, nima ko'rgani bordingizlar? Payg'ambarnimi? Ha, sizlarga rostini aytsam, payg'ambardan ham ulug'ini ko'rdingizlar. 27 Bu kishi haqida Tavrotda shunday yozilgan: “Men Sendan avval O'z elchimni yuborarman, U Sening oldingda yo'l hozirlab yurar”. 28 Sizlarga aytamanki, ayol zotidan tug'ilganlar orasida Yahyo payg'ambardan ulug'roq biron payg'ambar yo'q. Shunga qaramay, Xudoning Shohligida hatto eng kichik hisoblangani ham undan kattadir”. 29 Shunda barcha xalq va hatto soliqchilar ham Yahyoning va´ziga quloq solib, suvda imon keltirdilar va Xudoni odil deb tan oldilar. 30 Lekin din olimlari va farziylar suvda imon keltirmay, Yahyoning va´zini, shuningdek, o'zlariga mo'ljallangan Xudo irodasini rad qildilar. 31 “Shunday qilib, bu nasl odamlarini nimaga tenglashtiray? - davom etdi Rabbimiz Iso. - Ular nimaga o'xshaydi? 32 Ana ular maydonda o'tirishib, bir-biroviga: “Sizlarga nay chaldik, o'ynamadinglar, Sizlarga yig'i chiqardik, yig'lamadinglar”,? deb qichqirishadigan bolalarga o'xshaydilar. 33 Chunki Yahyo payg'ambar kelib non yemadi, sharob ichmadi; sizlar esa uni “jin uribdi” deysizlar. 34 Inson O'g'li kelib, ham yedi, ham ichdi; bu gal esa Uni “kabobxo'ru sharobxo'r, soliqchilar bilan gunohkorlarning do'sti” deysizlar. 35 Va lekin ilohiy hikmat unga rioya qiluvchilar orqali oqlanadi”.
Iso va gunohkor ayol
36 Farziylardan biri Isoni taom yeyishga taklif qildi. Iso farziyning uyiga kirib, dasturxon atrofida o'tirdi. 37 Bu shaharlik gunohkor deb tanilgan bir ayol Isoning farziy uyida mehmon bo'lganligini bilib, bir ganch idishda atir moy olib keldi. 38 Isoning orqa tomonida, oyoqlari yonginasida turganicha yig'lab, ko'z yoshlari bilan Uning oyoqlarini ho'llay boshladi. So'ng sochlari bilan Isoning oyoqlarini artgancha, o'pa turib atir moy surtdi. 39 Isoni taklif etgan farziy buni ko'rgach: “Agar bu odam payg'ambar bo'lganida edi, Unga suykalib turgan shu ayolning kimligini, qanaqa gunohkor ayol ekanligini bilar edi”, - deb ko'nglidan o'tkazdi. 40 Iso unga qayrildi: - Simun, senga aytadigan so'zim bor. - Aytgil, Ustoz! - dedi u. 41 Iso dedi: - Bir qarz beruvchining ikki qarzdori bor ekan, biri besh yuz, ikkinchisi ellik kumush tanga qarz bo'lgan ekan. 42 Biroq qarzdorlarning to'lash uchun hech narsasi bo'lmaganidan, u ikkovini ham kechiribdi. Aytib ber-chi, ulardan qaysi biri uni ko'proq sevar ekan? 43 Simun javob berib: - Mening fikrimcha, ko'proq qarzi kechirilgan kishi bo'lsa kerak, - dedi. - To'g'ri mulohaza qilding, - dedi unga Iso. 44 Keyin ayolga o'girilib: - Bu ayolni ko'ryapsanmi? - dedi Simunga. - Men sening uyingga kelganimda, oyoqlarimni yuvgani suv berganing yo'q. U esa o'zining ko'z yoshlari bilan oyoqlarimni ho'llab, sochlari bilan artib quritdi. 45 Sen-chi, Meni o'pganing yo'q, bu ayol esa kelganimdan beri oyoqlarimni o'pishdan to'xtamayapti. 46 Sen boshimga hatto moy quymading, u esa-chi oyog'imga atir moy surkadi. 47 Shuning uchun senga aytib qo'yay: uning ko'p gunohlari kechirilgan, ko'p sevishining sababi ana shunda. Kimki oz kechirilsa, u oz sevadi. 48 So'ng Iso ayolga qayrilib: - Gunohlaring kechirildi, - dedi. 49 Iso bilan birga yeb-ichib o'tirganlar o'zlaricha fikr yurita boshlashdi: “Kim bo'ldi bu gunohni ham kechirayotgan?” 50 Iso esa yana ayolga: - Ishonching seni qutqardi, eson-omon borgil, - dedi.
Isoga ergashgan ayollar
8:1 Oradan ko'p o'tmay, Iso shaharu qishloqlar bo'ylab Xudo saltanati to'g'risidagi Xushxabarni tarqatar edi. O'n ikki shogirdi U bilan birga yurishar edi. 2 Shuningdek, yomon ruhlardan va turli kasalliklardan xalos bo'lgan bir necha ayollar, shu jumladan, ichidan yettita jin chiqib ketgan magdalalik Maryam, 3 Hirodning saroy boshqaruvchisi Xuzaning xotini Yo'anna, Susanna va boshqa ko'p ayollar ham Iso bilan yurib, o'z mol-mulklarini sarf qilib, Uning tirikchiligiga xizmat qilishar edi.
Urug' sepuvchi haqida masal
4 Yana ko'p xalq to'planib, barcha shaharlar aholisi ham Uning oldiga oqib kelayotgan bir paytda, Iso masal bilan gap boshladi: 5 “Urug' sepuvchi o'z urug'ini sepish uchun chiqibdi. Sepayotganda ba´zi urug'lar yo'l yoqasiga tushib, poymol bo'libdi. Osmondagi qushlar kelib, urug'larni cho'qib ketibdi. 6 Ba´zi urug'lar toshloq yerga tushibdi. Urug'lar ko'karib chiqibdiyu, lekin tuproq namsiz bo'lgani uchun qurib qolibdi. 7 Yana boshqa urug'lar tikanlar orasiga tushibdi. Tikanlar o'sib, urug'larni bo'g'ib qo'yibdi. 8 Yana ba´zi urug'lar yaxshi yerga tushibdi. Ular ko'karib chiqib, yuz marta ko'p hosil beribdi”. Iso bularni aytib bo'lib: “Kimning eshitar qulog'i bo'lsa, eshitsin!” - deb xitob qildi.
Masallarning maqsadi
9 Shogirdlar Isodan: - Boyagi masalning ma´nosi nima? - deb so'rashdi. 10 U shunday javob berdi: - Xudo Shohligining sirlarini bilish qobiliyati sizlarga nasib bo'lgan. Boshqalarga bo'lsa, hamma narsani masallar bilan tushuntiraman, toki oyatdagidek: “Ular qarab turib ko'rmasinlar, eshitib turib anglamasinlar”.
Urug' sepuvchi masalining ma´nosi
11 “Bu masalning ma´nosi shu: Urug' - Xudoning kalomidir. 12 Yo'l yoqasiga tushgan donlar shunday odamlarni bildiradiki, ular kalomni eshitadilar, lekin keyin imon va najot topmasliklari uchun iblis ularning yuragidan kalomni olib ketadi. 13 Toshloq yerga tushgan donlar esa shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitganda uni sevinch bilan qabul qilaveradilar. Lekin ular ildizga ega emas. O'qtin-o'qtin ishonsalar-da, sinov vaqtida imondan qaytadilar. 14 Tikanlar orasiga tushgan urug'lar shunday insonlarni bildiradiki, ular kalomni eshitadilar, biroq hayotning tashvishlari, boylik va zavq-shavq savdolari ostida bo'g'ilib, pishiq hosil bermaydilar. 15 Yaxshi yerga tushgan urug' esa shunday kishilarni bildiradi: ular kalomni eshitib, yaxshi, sof yurakda saqlaydilar va chidam bilan hosil beradilar”. Iso bularni aytib: “Kimning eshitar qulog'i bo'lsa, eshitsin!” - deb xitob qildi.
Yorug'lik va qorong'ilik haqida
16 “Hech kim shamni yoqib, uni idish bilan yopmaydi yoki chorpoya tagiga qo'ymaydi. Aksincha, kirganlar yorug'likni ko'rsin, deb uni shamdonga qo'yadi. 17 Shuningdek, oshkora bo'lmaydigan hech qanday sir yo'q, ma´lum va ayon bo'lmaydigan hech yashirin narsa yo'q. 18 Shu sababdan qanday tinglayotganingizga diqqat qilinglar. Chunki kimda bor bo'lsa, unga yana beriladi. Kimda yo'q bo'lsa, o'zida bor bo'lishini fikr qilgan narsasi ham undan tortib olinadi”.
Isoning onasi bilan ukalari
19 Isoning onasi bilan ukalari Uning oldiga keldilar, ammo xaloyiq ko'pligidan Unga yaqinlasha olmadilar. 20 Isoga: - Onang va ukalaring Seni ko'rmoqchi bo'lib tashqarida turibdilar, - degan xabar yetkazishdi. 21 Iso ularga shunday javob berdi: - Mening onam va ukalarim - Xudo kalomini tinglovchi va bajo keltiruvchilardir.
Isoning bo'ronni tinchitishi
22 Kunlarning birida Iso O'z shogirdlari bilan qayiqqa tushib ularga: - Ko'lning narigi tomoniga suzib o'taylik, - dedi. Ular jo'nab ketishdi. 23 Suzib ketayotganlarida Iso uxlab qoldi. Ko'lda qattiq bo'ron turdi. Qayiq suvga to'lib, ular xavfli ahvolda qoldi. 24 Shogirdlar Isoning yoniga borib: - Ustoz, Ustoz, halokatdamiz! - deb Uni uyg'otishdi. Iso turib shamolga va to'lqinlanayotgan suvlarga do'q urdi. Shu zahoti bo'ron tinib, sukunat tushdi. 25 Iso shogirdlariga: - Ishonchingiz qani? - dedi. Ular esa juda qo'rqib dong qotib qolishdi. - Kim ekan U? Mana shamollar va suvlarga ham buyuradi, ular esa Unga bo'ysunadi! - deyishdi bir-biriga.
Jinga chalinganning tuzalishi
26 Jalilaning qarshi tomonidagi Gadara yurtiga suzib keldilar. 27 Iso qirg'oqqa chiqishi bilan shahardan bir odam uchradi. Bu odam ancha vaqtdan beri jinga giriftor bo'lib, kiyim ham kiymasdi. U uyda ham turmay, qabriston g'orlarida yashar edi. 28 Isoni ko'rgach, u qichqirib yubordi-da, o'zini Uning oldiga tashlab, baland ovoz bilan: - Ey Iso, Xudoyi Taoloning O'g'li, men bilan nima ishing bor? O'tinaman, meni qiynama! - dedi. 29 Chunki Iso yomon ruhga bu odamdan chiqib ketishni buyurgan edi. Uni saqlash uchun zanjir-kishan bilan bog'lagan bo'lsalar-da, lekin u bandlarni uzib tashlar va jin tez-tez uni tutib cho'l-sahrolarga sudrab borar edi. 30 Iso undan so'radi: - Isming nima? - Ismim Tumonat, - dedi u. Chunki uning vujudini bir talay jin chirmagan edi. 31 Jinlar o'zlarini tubsiz qa´rga yubormaslikni Isodan yolvorib so'radilar. 32 Shu tog'ning yon bag'rida katta bir to'ng'iz podasi o'tlab yurgan edi. Jinlar to'ng'izlarga kirishga ruxsat berishi uchun Isodan yolvorib so'radilar. Iso ularga ruxsat berdi. 33 Shunda jinlar odamdan chiqib, to'ng'izlarga kirib oldilar. To'ng'iz podasi tik qiyalikdan pastga yopirildi va ko'lda g'arq bo'ldi. 34 To'ng'iz boquvchilar sodir bo'lgan voqeani ko'rgach, yugurib borib shaharda va ovullarda bularni gapirib berdilar. 35 U joylar aholisi esa bo'lib o'tgan hodisani ko'rish uchun dalaga chiqib, Isoning yoniga keldi. Jin chiqqan odamni kiyingan va aqli raso holatda Isoning oyog'i tomonda o'tirganini ko'rib, vahimaga tushishdi. 36 Hodisani ko'rganlar esa u odamning jindan qanday qutulganini hammaga so'zlab berishdi. 37 Shunda Gadara atrofidan kelgan barcha aholi qattiq dahshatga tushdi, ularning yeridan chiqib ketishni Isodan iltimos qilishdi. Iso esa qayiqqa tushib qaytib ketdi. 38 Jinlardan xalos bo'lgan odam Iso bilan birga yurmoqlikni Undan so'radi. Lekin Iso unga: 39 - O'z uyingga qaytib borib, Xudo sen bilan nimalar qilganini gapirib ber, - deb uni jo'natdi. U kishi borib, Iso u bilan nimalar qilganini butun shaharda e´lon qiladigan bo'ldi.
Tirilgan qiz, sog'aygan ayol
40 Iso berigi qirg'oqqa qaytib kelgach, xalq Uni quvonib qarshiladi, chunki hamma Uni kutib turgan edi. 41 Shu payt ibodatxonaning jamoaboshisi bo'lgan Yair ismli bir kishi kelib qoldi. Isoning oyoqlariga o'zini tashlab, uning uyiga borishini o'tinib so'radi. 42 Chunki uning o'n ikki yoshlardagi birgina qizi o'lim to'shagida yotar edi. Iso borarkan, xaloyiqning siquvida qoldi. 43 Shu o'rtada o'n ikki yildan beri qon ketishidan azob chekayotgan bir ayol ham bor edi. U bor-yo'g'ini tabiblarga sarf etgani bilan hech biridan shifo topmagan edi. 44 Ayol Isoga orqa tomondan yaqinlashib, etagiga elas qo'l tegizgan onda qon oqishi darhol to'xtadi. 45 - Kim u Menga qo'lini tegizgan? - dedi Iso. Hamma tongach, Butrus bilan yonidagilar dedi: - Ustoz, xaloyiq Seni o'rab, siqib turibdi, Sen esa-chi, Menga kim qo'l tegizdi, deysan? 46 Lekin Iso: - Kimdir Menga aniq tegdi-da, Men O'zimdan bir kuch chiqqanini sezdim, - dedi. 47 Ayol boshqa yashirina olmaganini payqagach, qaltiragancha Isoga yaqinlashib, Uning oyoqlariga o'zini tashladi-yu, Unga qanday maqsad bilan tekkanligini va o'sha zahoti qanday darddan xalos bo'lganini butun xalqqa eshittirib so'zlab berdi. 48 Iso unga: - Dadil bo'l, qizim! Ishonching seni qutqardi, eson-omon borgil, - dedi. 49 Iso gapini hali tugatmasdanoq, jamoaboshining uyidan kimdir kelib, jamoaboshiga: - Qizingiz o'ldi, Ustozni ovora qilmay qo'yaqoling, - dedi. 50 Buni eshitgan Iso u odamga: - Qo'rqma, faqat ishongin, qizing qutqariladi, - dedi. 51 Iso o'sha uyga kelib, Butrus, Yuhanno, Yoqub va qizning ota-onasidan boshqa hech kimning O'zi bilan ichkariga kirishiga ruxsat bermadi. 52 Hamma qizcha uchun yig'lab nola qilayotgan edi. Biroq Iso: - Yig'lamanglar, u o'lgan emas, faqat uxlab yotibdi, - dedi. 53 Ular qizchaning o'lganligini bila turib, Uning ustidan kulishdi. 54 Iso esa hammani tashqariga chiqarib, qizchaning qo'lidan ushlab qoldi-da: - Ey qizaloq, o'rningdan tur! - deb xitob qildi. 55 Qizchaning ruhi taniga qaytdi. U shu ondayoq o'rnidan turib ketdi. Iso unga ovqat berishni buyurdi. 56 Qizning ota-onasi hayron qoldilar. Iso esa ularga bo'lgan voqea haqida hech kimga aytmaslikni buyurdi.
O'n ikki shogirdni xizmatga yuborish
9:1 Iso o'n ikki shogirdini yoniga chaqirib, ularga butun jinlar ustidan hokimlik qilish va kasallarni sog'aytirish qudratini berdi. 2 Xudoning Shohligini e´lon qilish va xastalarga shifo berishga ularni yuborib, 3 Iso dedi: “Yo'lga hech narsa olmanglar: hassa ham, to'rva ham, non ham, aqcha ham, bir juft ko'ylak ham olmanglar. 4 Qaysi uyga kirsangizlar, u yerdan jo'naguningizcha o'sha uyda qolinglar. 5 Agar biror shaharda sizni qabul qilmasalar, u yerdan chiqayotganingizda aholiga ogohlantirish tariqasida oyoqlaringizdagi changni qoqib ketinglar”. 6 Shogirdlar jo'nadilar. Qishloqdan-qishloqqa o'tib borib, hamma yoqda Xushxabarni targ'ib qilar, kasallarga shifo berar edilar.
Hokim Hirodning esankirashi
7 Viloyat hokimi Hirod sodir bo'layotgan ajoyibotlarni eshitib, esankirab qoldi. Chunki ba´zilar: “Yahyo tirilib kelibdi”, - desalar, 8 boshqalar esa: “Ilyos payg'ambar paydo bo'libdi”, - derdilar. Yana boshqalar bo'lsa: “Qadimgi payg'ambarlardan biri tirilib kelibdi”, - deb yurishdi. 9 Hirod bo'lsa: “Men Yahyoni boshidan judo qilganman. Endi bunday ishlarni qilyapti, deb yurishgani kim ekan?” - dedi-da, Isoni ko'rgisi keldi.
Isoning 5000 kishini to'ydirishi
10 Shu orada Isoning havoriylari safardan qaytib kelib, qilgan ishlarini Unga aytib berishdi. Iso havoriylarni Baytsayda nomli shahar yaqinidagi xilvat joyga O'zi bilan olib ketdi. 11 Ammo xaloyiq buni bilib, Uning orqasidan boraverdi. Iso ularni yaxshi qarshilab, Xudoning Shohligi to'g'risida suhbatlashdi, shifoga muhtojlarni davoladi. 12 Kun botib, kech kira boshladi. Isoning o'n ikki shogirdi Uning oldiga kelib: - Xaloyiqqa ruxsat ber, atrofdagi ovul va qishloqlarga borib rizqini topsin, tunasin. Chunki bunda ovloq joydamiz, - dedilar. 13 - Sizlar ularga ovqat beringlar! - dedi Iso. - Beshta non va ikkita baliqdan boshqa biron narsamiz yo'q-ku. Borib shuncha kishiga ovqat sotib ololamizmi? - dedi shogirdlar. 14 O'sha yerda besh mingga yaqin erkak bor edi. Iso shogirdlariga: - Xaloyiqni har qatorga elliktadan qilib o'tqazinglar, - dedi. 15 Shogirdlar xuddi shunday qilib, hammani o'tqazdilar. 16 Iso beshta non bilan ikkita baliqni oldi-yu, osmonga qarab shukrona duosini o'qidi. So'ng bularni mayda-mayda qilib, xalqqa tarqatish uchun shogirdlariga berdi. 17 Hammalari yeb to'ydi. Ortib qolgan burdalarni terib olishganda, o'n ikki savat chiqdi.
Butrus Isoning Masihligini tan olishi
18 Bir vaqtda Iso yolg'iz O'zi ibodat qilar edi. Shogirdlari ham yaqin turar edilar. Iso ulardan: - Xalq Meni kim deb hisoblaydi? - deya so'radi. 19 Ular javob berib: - Yahyo payg'ambar deb hisoblaydi, boshqalar esa Ilyos payg'ambar deb hisoblaydi. Yana boshqalar bo'lsa: “Qadimgi payg'ambarlardan biri tirilib kelibdi”, deb o'ylab yurishibdi, - dedilar. 20 Iso ulardan: - Sizlar-chi, Meni kim deb hisoblaysizlar? - deb so'radi. Bunga javoban Butrus: - Sen Xudo yuborgan Masihsan! - dedi.
Iso O'z o'limi haqida
21 Iso bularni hech kimga aytmanglar, deb shogirdlariga qat´iy buyruq berdi. 22 “Inson O'g'li ko'p azob chekishi, oqsoqollar, oliy ruhoniylar va ulamolar tomonidan rad qilinib o'ldirilishi, uchinchi kuni esa qayta tirilishi kerak”, - dedi. 23 So'ng hammaga xitob qilib dedi: “Agar kim Menga ergashishni istasa, o'zidan kechsin va har kuni o'z xochini ko'tarib, ortimdan yursin. 24 Kim o'z jonini saqlab qolmoqchi bo'lsa, uni yo'qotadi. Kim Men uchun jonini yo'qotsa, uni saqlab qoladi. 25 Agar inson butun dunyoni egallab olsa-yu, biroq o'ziga zarar yetkazsa yoki halokatga yo'liqsa, bundan qanday foyda ko'radi? 26 Kim Mendan va Mening so'zlarimdan uyalsa, Inson O'g'li ham O'zi, Otasi va muqaddas farishtalar salobati ila kelganda, undan uyaladi. 27 Sizlarga chinini aytayin: bu yerda turganlardan ba´zilari borki, Xudoning Shohligini ko'rmaguncha, o'lim ko'rmaydilar”.
Iso qiyofasining o'zgarishi
28 Iso bu so'zlarni aytgandan keyin sakkiz kuncha o'tib, Butrus, Yuhanno va Yoqubni olib, ibodat qilish uchun toqqa chiqdi. 29 U ibodat qilayotganda, yuzining ko'rinishi o'zgarib, kiyimlari yashinday oq bir tusda yarqirab ketdi. 30 Shu onda nur yog'ilib turgan ikki zot - Muso va Ilyos payg'ambarlar paydo bo'lib, Iso bilan gapga tushdilar. Ular Isoning yaqinda Quddusga borib olamdan o'tishi to'g'risida suhbatlashar edilar. 32 Butrus va u bilan birga bo'lganlarni uyqu elitgan edi. Qo'qqisdan uyg'onishib, nurli Isoni va U bilan birga turgan ikki zotni ko'rdilar. 33 U zotlar endi Isodan ajralib ketaylik, degan paytda Butrus Isoga: - Ustoz, bizga bu joy juda yoqyapti! Qani, uchta chayla quraylik - birisi Senga, birisi Musoga, birisi Ilyosga, - dedi. Ammo u nima deyarini bilmas edi. 34 Butrus gapini tugatmasdanoq, bir bulut paydo bo'lib ularga soya soldi. Ular bulut ostida qolib, vahimaga tushdilar. 35 Bulut ichidan: - Bu Mening aziz O'g'limdir; Unga quloq solinglar, - degan sado eshitildi. 36 Sado uzilgach, shogirdlar Isoning u yerda yolg'iz qolganini ko'rdilar. Ular ko'rganlarini yashirib, o'sha kunlarda hech kimga bildirmadilar.
Isoning boladan jin quvishi
37 Ertasi kun ular tog'dan tushdi. Isoni ko'p xaloyiq qarshiladi. 38 Kimdir birdan xalq ichidan dod soldi: - Ustoz! Sendan yalinib so'rayman, o'g'limga bir qaragin, u mening yagona bolam-ku. 39 Bir ruh bolani tutib turadi va u birdaniga baqirib yuboradi. Ruh uni og'zidan ko'pik chiqquncha yerga yiqitib sudraydi, uni obdan qiynab, zo'rg'a undan ayriladi. 40 Men Sening shogirdlaringga, ruhni quvinglar, deb yolvordim, lekin ular eplolmadi, - dedi. 41 Iso bunga javoban: - Ey vafosiz va buzuq nasl! Qachongacha sizlar bilan birga bo'laman? Qachongacha sizlarga chidab turaman? O'g'lingni bu yerga keltir! - dedi. 42 Bola yaqinlashmasdanoq, jin uni yerga ag'natib ura ketdi. Lekin Iso yomon ruhga bas qilishni buyurdi, bolani sog'aytirdi va uni otasiga topshirdi. 43 Hamma Isoning buyukligiga hayron qoldi. Isoning qilayotgan ishlaridan hamma taajjubda ekan, U O'z shogirdlariga:
Iso yana O'z o'limi haqida
44 “Sizlar bu so'zlarimni quloqlaringizga quyib olinglar! - dedi. - Inson O'g'li odamlar qo'liga tutib berilishi muqarrardir”. 45 Shogirdlar bo'lsa, bu so'zni tushunmadilar. Bu so'z ularning tushunchasidan yashirin bo'lib, ma´nosiga yetmadilar, Isodan so'rashga esa qo'rqar edilar.
Kim katta?
46 Shogirdlar orasida: qay birimiz kattamiz, degan tortishuv bo'ldi. 47 Ularning ko'nglidagi fikrni uqib, Iso bir bolani olib O'zining yoniga turg'izdi-da, 48 ularga dedi: - Kim bu bolani Mening nomimdan qabul qilsa, Meni qabul qilgan bo'ladi. Kim Meni qabul qilsa, Meni Yuborganni qabul qilgan bo'ladi. Orangizda kim eng kichik ekan, mana u buyuk hisoblanadi. 49 Shunda Yuhanno so'z oldi: - Ustoz! Sening noming bilan jinlarni quvayotgan bir odamni ko'rdik. U biz bilan yurmagani sababli, unga buni man etdik. 50 - Man qilmang - dedi Iso. - Kimki sizga qarshi emas, u siz tomonda.
Samariyaliklarning Isoni rad qilishi
51 Isoning olamdan o'tish kunlari yaqinlasharkan, U Quddusga borishga jazm qildi. 52 O'zidan oldin xabarchilarni yubordi. Ular Iso kelishiga hozirlik ko'rish uchun Samariyaning bir qishlog'iga kirdilar. 53 Lekin U Quddusga ketayotgan sayyoh ko'rinishida bo'lgani uchun, samariyaliklar Isoni qabul qilmadilar. 54 Shogirdlari Yoqub ila Yuhanno buni ko'rib: - Rabbiy, istasang, biz Ilyos payg'ambar qilganidek, bularni gumdon qilish uchun osmondan olov tushsin deb aytaylik! - dedilar. 55 Iso esa ularga burildi-da, ta´na qilib: - Sizlar qanday ruhda borayotganingizni bilmaysizlar, - dedi. 56 - Inson O'g'li inson jonini halok qilish emas, xalos qilish uchun kelgan. So'ngra ular boshqa qishloq sari ketdilar.
Isoga ergashishning shartlari
57 Yo'lda ketar ekanlar, kimdir Isoga: - Hazrat, qayerga borma, men Sening orqangdan yuraman, - dedi. 58 Iso unga: - Tulkilarning inlari, ko'k qushlarining uyalari bor. Lekin Inson O'g'lining bosh suqadigan joyi yo'q, - dedi. 59 Boshqa birisiga Iso: - Orqamdan yur! - dedi. Lekin u: - Hazrat, oldin borib otamni ko'mib kelishga ijozat ber, - dedi. 60 Iso unga: - O'liklarni qo'y, ularni o'zicha o'lik bo'lganlar ko'msin. Sen esa borib, Xudoning Shohligi haqida xabar tarqatgin, - dedi. 61 Yana boshqa biri: - Hazrat, men Sening orqangdan yuraman. Faqat oldin borib uydagilar bilan xayrlashishimga ijozat ber, - dedi. 62 Lekin Iso unga dedi: - Qo'llarini omochda tutib, orqasiga qaragan hech kim Xudoning Shohligi uchun layoqatli bo'lmas.
Yetmish shogirdning voizlik safari
10:1 Bu hodisalardan keyin Rabbimiz Iso boshqa yetmish shogirdni tanlab, O'zi tashrif buyuradigan har bir shahar, har bir joyga O'zidan oldin borib tursin uchun ularni ikkita-ikkitadan yubordi. 2 Ularga xitoban dedi: “Hosil mo'l, biroq yumushchilar oz. O'z hosilingni yig'ib-teradigan yumushchilar yubor, deb hosil Egasiga iltijo qilinglar. 3 Boringlar! Sizni bo'rilar orasiga qo'zilarday yuboryapman. 4 Hamyon ham, to'rva ham, choriq ham olmang, yo'lda hech kimga salom ham bermanglar. 5 Qaysi uyga kirsangizlar, avval boshda: “Uyingizga tinchlik bo'lsin”, deb salom beringlar. 6 Agar u yerda biror tinchliksevar bo'lsa, uning boshi salomat bo'ladi. Bo'lmasa, salomingiz sizlarga qaytib keladi. 7 Kirgan uyda qolinglar, sizlarga nimaiki bersalar, uni yeb-ichinglar. Chunki mehnatkash o'z mehnatiga yarasha taqdirlanmoqqa munosibdir. Uyma-uy o'tib yurmanglar. 8 Qaysi shaharga kelganingizda sizlarni qabul qilsalar, oldingizga qo'yilganni yenglar. 9 O'sha yerdagi kasallarga shifo berib, ularga: “Xudoning Shohligi sizlarga yaqinlashdi”, deb aytinglar. 10 Agarda qaysi shaharga kelganingizda sizlarni qabul qilmasalar, u yerdan chiqayotganingizda ko'cha-ko'yda baralla: 11 “Shahringizdan oyoqlarimizga yopishgan changni ham qoqib, o'zingizga qoldirib ketyapmiz. Biroq shunga qaramay bilib qo'yinglarki, Xudoning Shohligi sizlarga yaqinlashdi”, deb aytinglar. 12 Sizlarga gapim shuki, qiyomat kunida u shahardan ko'ra Sado'm shahrining holi yengilroq bo'ladi”.
Gunohkor shaharlarning holiga voy
13 “Sening holingga voy, ey Horazin! Sening holingga voy, ey Baytsayda! Agar sizlarda sodir bo'lgan mo'jizalar Tir bilan Sido'n shaharlarida yaratilganda, ular allaqachon julga o'ranib, kulga o'tirib, tavba qilgan bo'lardilar. 14 Mana, qiyomat kunida sizdan ko'ra Tir va Sido'nning holi yengilroq bo'ladi. 15 Ey sen, ko'kkacha o'rlagan Kafarnahum, tuban ketajaksan tamug'ga! 16 Sizni tinglagan Meni tinglagan bo'ladi. Sizni rad etgan Meni rad etgan bo'ladi. Meni rad etgan esa Meni Yuborganni rad etgan bo'ladi”.
Yetmish shogirdning safardan qaytishi
17 Yetmish shogird quvonch bilan safardan qaytib kelib Isoga: - Rabbiy, Sening nomingni tilga olsak, jinlar ham bizga bo'ysunadi-ku! - dedilar. 18 Iso ularga dedi: - Men shaytonning osmondan yashinday tushganini ko'rdim. 19 Mana, Men sizlarga ilonu chayonlarni ezib tashlash hamda dushmanning butun kuch-qudratini oyoq osti qilish iqtidorini berganman. Hech narsa sizlarga zarar yetkazmaydi. 20 Biroq ruhlar sizga bo'ysunayotganidan quvonmanglar, balki nomlaringiz osmonda yozilganidan quvoninglar! 21 O'sha paytda Iso ilohiy Ruhdan ilhomlanib, juda xurram bo'lib dedi: - Ey Ota, yeru ko'k Hukmdori! Sen bu ishlarni donoyu oqillardan yashirib, go'daklarga ma´lum etganing uchun Senga hamdu sano aytaman. Ha Ota, Sening ezgu xohishing shunday edi. 22Keyin Iso shogirdlariga o'girilib, dedi: - Otam Menga hamma narsani topshirgan. O'g'ilning kimligini Otadan boshqa hech kim bilmaydi, Otaning kimligini ham O'g'ildan va O'g'il bilim berishni istagan kishidan boshqa hech kim bilmaydi. 23 So'ng shogirdlariga qarab, Iso alohida dedi: - Sizlar ko'rayotgan narsalarni ko'rib turgan ko'zlar saodatlidir! 24 Sizlarga shuni aytayin: ne-ne payg'ambaru podshohlar siz ko'rayotganni ko'rmoq orzu etgandilar, lekin ko'rolmadilar, siz eshitayotganni eshitmoq orzu etgandilar, lekin eshitolmadilar.
Amaliy rahmdillik haqida
25 Shunda Isoni sinash maqsadida kelgan Tavrot tafsirchilaridan biri oyoqqa turib, Unga savol berdi: - Ustoz, abadiy hayot nasib bo'lmog'i uchun nima qilishim kerak? 26 - Tavrotda nima yozilgan? Qanday o'qiysan? - deb so'radi Iso. 27 U kishi shunday javob berdi: - “Egang Xudovandni butun qalbing, butun joning, butun quvvating va butun onging bilan sev, yaqiningni esa o'zing kabi sev”, - deb yozilgan. 28 Iso unga: - Sen to'g'ri javob berding, shunday qilgin, ana shunda yashaysan! - dedi. 29 Ammo u odam o'zini oqlamoqchi bo'lib: - Xo'p, menga yaqin kim? - deb so'radi Isodan. 30 Iso unga o'rnakli naql bilan javob qaytardi: - Bir odam Quddusdan Yerixoga borar ekan, qaroqchilar qo'liga tushib qolibdi. Qaroqchilar uning kiyimlarini yechib olib, o'lasi qilib urib, shu holicha tashlab ketibdilar. 31 Ittifoqo, shu yo'ldan bir ruhoniy borar ekan. Uni ko'rib, yonidan o'tib ketibdi. 32 U joyga bir levit ham kelib, u odamni ko'riboq, yonidan o'tib ketaveribdi. 33 Bir samariyalik yo'lovchi esa bu joydan o'tarkan, uning ustidan chiqib qolibdi va holiga ko'p kuyinibdi. 34 Uning yoniga kelibdi-da, yaralariga moy surib, sharob quyib, bog'lab qo'yibdi. So'ng uni o'z uloviga mindiribdi-da, mehmonxonaga olib kelib, unga g'amxo'rlik qilibdi. 35 Ertasiga jo'nayotganda ikki kumush tanga chiqaribdi-da, mehmonxona egasiga berib: “Unga yaxshi qaragin. Agar bundan ziyod xarj qilar bo'lsang, men qaytib kelganimdan so'ng senga beraman”, - deb ketibdi. 36 Seningcha, uchovidan qaysi biri qaroqchilarning qo'liga tushgan odamning yaqini sanaladi? 37 Tavrot tafsirchisi: - Unga shafqat qilgan odam-da, - deb javob berdi. - Bor, sen ham shunday qil! - dedi unga Iso.
Iso Maryam bilan Martaning uyida
38 O'z yo'llarida davom etishdi. Iso bir qishloqqa kirdi. Bu yerda Marta ismli ayol Uni uyiga taklif qildi. 39 Uning Maryam ismli bir singlisi bor edi. Maryam Isoning oyoqlari oldida o'tirib Uning so'zlarini tinglar edi. 40 Marta esa tayyorgarchilik ishlari bilan juda ovora edi. Nihoyat, u Iso yoniga kelib: - Hazrat! Singlim bir o'zimni xizmatda qoldirib qo'yganiga e´tibor bermayapsanmi? Unga aytgin, menga yordam bersin! - dedi. 41 Iso unga shunday javob berdi: - Marta, Marta, buncha urinib tashvishlanmasang! 42 Zarur bo'lgan bittagina ish bor. Maryam esa o'zi uchun yaxshi ulushni tanladi va bu undan tortib olinmaydi.
Ibodat haqida
11:1 Iso bir joyda ibodat qilar edi. Ibodatni tamom qilgach, shogirdlaridan biri Unga: - Rabbiy! Yahyo o'z shogirdlarini o'rgatganidek, bizni ham ibodat qilishga o'rgat, - dedi. 2 Iso ularga dedi: - Ibodat qilayotganingizda shunday deb aytinglar: Ey, Otamiz! Sening muqaddas isming ulug'lansin. Sening Shohliging kelsin. 3 Kundalik rizqimizni berib turgin. 4 Gunohlarimizni kechirgin, chunki biz ham o'zimizga qarzdor bo'lgan har bir kishini kechiramiz. Bizni vasvasaga duchor qilmagin. 5 Yana ularga dedi: “Faraz qilaylik, orangizda bir kishining do'sti bor. Yarim kechada do'sti uning oldiga kelib: - Do'stim, menga uchta non qarz berib tur. 6 Mening bir do'stim yo'ldan o'taturib, tashrif buyurdi, oldiga qo'yadigan hech narsam yo'q, - deydi. 7 Unisi ichkaridan javob berib: - Meni bezovta qilma. Eshik qulf, bolalarim men bilan bir to'shakda yotishibdi, endi o'rnimdan turib senga berolmayman, - deydimi? 8 Sizlarga rostini aytsam: o'z do'sti bo'lgani uchun ham turib unga bermasa-da, lekin uning shilqimligi tufayli u turib, qancha so'rasa, shuncha beradi. 9 Shunday qilib, Men sizga aytaman: so'rab turinglar, sizga beriladi. Izlab turinglar, topasizlar. Taqillatib turinglar, eshik ochiladi. 10 Chunki har bir so'ragan olar, izlagan topar, taqillatganga eshik ochilar. 11 Orangizdagi qaysi bir ota, o'g'li undan non so'rasa, unga tosh beradi? Yoki baliq so'rasa, unga baliq o'rniga ilon beradi? 12 Yoki tuxum so'rasa, unga chayon beradi? 13 Shunday qilib, sizlar yovuz bo'la turib bolalaringizga yaxshi hadyalar bera bilar ekansiz, samodagi Ota esa Undan so'raganlarga Muqaddas Ruhni berishi yanada shubhasizdir”.
Iso va shayton
14 Bir kuni Iso soqovdan jinni quvib chiqardi. Jin chiqqandan so'ng, soqov tilga kirdi, xalq esa hayratda qoldi. 15 Ammo oralaridan ba´zilari: “U ins-jinslar boshlig'i iblisning kuchi bilangina jinlarni quvib chiqaryapti!” - dedilar. 16 Boshqalar esa Isoni sinab ko'rmoqchi bo'lib, osmondan dalolat ko'rsatishni Undan talab qildilar. 17 Iso ularning qalb kechinmalarini bilib, dedi: “O'z ichidan bo'lingan har bir podshohlik nuraydi, o'z ichidan bo'lingan xonadon xarob bo'ladi. 18 Agar shayton ham o'zaro bo'lingan bo'lsa, uning saltanati qanday tura oladi? Sizlar bo'lsa, yana Meni iblis kuchi bilan jinlarni quvib chiqarayotibdi, deysiz-a? 19 Agar Men jinlarni iblis kuchi bilan quvib chiqarayotgan bo'lsam, u holda sizlarning o'g'illaringiz kimning kuchi bilan quvib chiqarishadi? Shu sabab ham ular sizga hakam bo'ladilar. 20 Agar Men Xudo dasti ila jinlarni quvib chiqarayotgan ekanman, bu Xudo Shohligining sizga yetib kelgani demak. 21 Agar kuchli odam o'z uyini qurol-yarog'i bilan qo'riqlab tursa, uning mol-mulki bexatar bo'ladi. 22 Ammo undan kuchlirog'i hujum qilib uni yengsa, u tayangan barcha qurollarini tortib oladi va o'ljasini istaganga taqsimlab beradi. 23 Kim Men bilan birga bo'lmasa, Menga qarshidir. Kim Men bilan birga yig'masa, sochadi. 24 Yovuz ruh insondan chiqqanidan keyin, rohat izlab suvsiz yerlarni aylanib yuradi va topmagach: “Chiqqan uyimga qaytib boraman”, deydi. 25 Kelgach esa, uyni supurilgan va yig'ishtirilgan holda ko'radi. 26 Shunda borib, o'zidan ham yovuzroq boshqa yettita ruhni chaqiradi va ular bilan uyga kirib yashay boshlaydi. U odamning keyingi holi avvalgidan battarroq bo'lar”.
Haqiqiy baxtiyorlik
27 Iso bu so'zlarni aytayotganda, xalq orasidan bir ayol ovozini baland qilib: - Seni asragan qorin, Seni emizgan ko'krak baxtlidir! - deb yubordi. 28 Lekin Iso dedi: - Aniqrog'i, Xudo kalomini tinglab uni bajo keltirganlar baxtlidir!
Isodan dalil talab qilish
29 Ko'pdan-ko'p xaloyiq yig'ila boshlagach, Iso so'z ochib dedi: “Bu nasl yomondir! Bu nasl bir dalil izlamoqda, ammo Yunus payg'ambarning alomatidan boshqa unga dalil berilmaydi. 30 Yunus Nineviya aholisi uchun qanday alomatli bo'lgan bo'lsa, Inson O'g'li ham bu nasl uchun shunday alomatli bo'ladi. 31 Janub malikasi qiyomat kunida bu nasl odamlari bilan birga tirilib, ularni mahkum etadi. Chunki u Sulaymonning hikmatini tinglash uchun dunyoning olis elidan kelgan. Hamda mana, Sulaymondan buyukrog'i bu yerdadir! 32 Nineviya odamlari qiyomat kunida bu nasl bilan birga turib, uni mahkum etadilar. Chunki ular Yunusning va´zi sababli tazarru qilganlar. Hamda mana, Yunusdan buyukrog'i bu yerdadir!”
Yorug' tan haqida
33 “Hech kim shamni yoqib, uni ko'rinmas yerga yoki chelakning tagiga qo'ymaydi. Aksincha, kirganlar ziyoni ko'rsin, deb uni shamdonga qo'yadi. 34 Tanning chirog'i - ko'z. Agar ko'zing tiniq bo'lsa, butun taning ham nurli bo'lar. Agarda ko'zing yomon bo'lsa, taning ham qorong'i bo'lar. 35 Shuning uchun, ichingdagi nur qorong'i bo'lmasligiga e´tibor ber. 36 Agar taningda biron qorong'i qism bo'lmay, hamma joyi nurlanib tursa, shunda yonar chiroq seni yoritgandek, butun taning ham yorqin bo'lar”.
Isoning din arboblarini koyishi
37 Iso bularni gapirib turganda, bir farziy Uni dasturxonga taklif qildi. Iso uning uyiga kirib, ovqatlanishga o'tirdi. 38 Iso ovqatdan oldin qo'llarini yuvmaganini farziy ko'rib, ajablandi. 39 Rabbimiz Iso unga dedi: “Ey farziylar, sizlar piyolayu tovoqning sirtini tozalaysiz-u, ammo ichingiz talonchilik va yovuzlikka to'lib-toshadi! 40 Hoy befahmlar! Sirtni yaratgan ichni ham yaratgan emasmi? 41 Yaxshisi, o'zingizda boridan xayr-sadaqa beringlar, shunda sizlar uchun hamma narsa halol bo'ladi. 42 Ey farziylar, holingizga voy! Sizlar yalpiz, za´faron va har xil sabzavotdan ushr berasiz-u, ammo haqqoniyat va Xudo sevgisiga beparvosizlar! Bularning birini bajara turib, ikkinchisini ham tashlab qo'ymasligingiz kerak edi. 43 Ey farziylar, holingizga voy! Sizlar ibodatxonalarda to'rda o'tirish va xalq yig'inlarida alik olishni yaxshi ko'rasizlar. 44 Holingizga voy, ey munofiq tafsirchilar hamda farziylar! Sizlar odamlar sezmay ustidan bosib o'tgan belgisiz qabrlarga o'xshaysizlar”. 45 Shu mahalda Tavrot tafsirchilaridan biri so'zga chiqib Isoga: “Ustoz, bu so'zlarni aytib, bizni ham ranjitding-ku”, - dedi. 46 Iso esa aytdi: “Ey tafsirchilar, sizlarning ham holingizga voy! Siz ko'tarib bo'lmaydigan yuklarni insonlarga yuklaysiz-u, o'zlaringiz esa u yuklarga barmog'ingizni ham tegizmaysizlar. 47 Holingizga voy! Sizlar ota-bobolaringiz o'ldirgan payg'ambarlarga maqbara qurasizlar. 48 Shu bilan ota-bobolaringizning qilmishlarini tasdiqlab, ularga hamfikrdek bo'lmoqdasizlar. Ular-chi, payg'ambarlarni o'ldirishgandi, sizlar esa ularga maqbara qurib yuribsizlar! 49 Shuning uchun ham Xudo o'z hikmatlarida shunday degan: “Men ularga payg'ambarlar va rasullar yuboraman. Ulardan ba´zilarini o'ldiradilar, ba´zilarini esa quvg'in qiladilar”. 50 Shu sababli, dunyo bino bo'lgandan beri to'kilgan barcha payg'ambarlar qoni, Hobildan tortib, qurbongoh ila ma´bad orasida o'ldirilgan Zakariyogacha to'kilgan barcha qonlar shu naslning bo'yniga tushadi! Ha, sizlarga yana aytamanki, bu qonlar shu nasldan talab qilinadi! 52 Ey tafsirchilar, ma´rifat kalitini qo'lga olganingiz uchun holingizga voy! O'zlaringiz-ku eshikdan kirganingiz yo'q, kirmoqchi bo'lganlarga esa to'sqinlik qilib turibsizlar”. 53 Iso bularni endi aytib tugatar ekan, ulamolar va farziylar Uni qattiq siquvga oldilar, ko'plab so'roqlarga javob berishga majburladilar. 54 Uning og'zidan Uni ayblovchi biron gap chiqishini poylab, Uni tuzoqqa tushirish payida edilar.
Riyokorlikka qarshi ogohlantirish
12:1 Shu orada minglarcha odam to'planib, bir-birini ezayotganday tuyular edi. Iso oldin O'z shogirdlariga qarab so'zlay boshladi: “Farziylarning xamirturushidan (ya´ni riyokorligidan) ehtiyot bo'linglar! 2 Ochilmay qoladigan hech yopiq narsa yo'q, bilinmay qoladigan hech qanday sir yo'q. 3 Sizning qorong'ilikda so'zlaganlaringiz yorug'likda eshitilajak, berk eshiklar orqasida quloqqa shivirlaganlaringiz tomlar uzra e´lon etilajak”.
Qo'rqish va qo'rqmaslik haqida
4 “Men siz, do'stlarimga aytaman: badanni o'ldirib, keyin boshqa biron narsa qilishga qodir bo'lmaganlardan qo'rqmanglar. 5 Biroq kimdan qo'rqishingiz kerakligini sizlarga uqtiray: kishini o'ldirgandan keyin jahannamga tashlashga ham qodir bo'lgan Xudodan qo'rqinglar. Ha, sizlarga aytaman, Undan qo'rqinglar! 6 Beshta chumchuq ikki tangaga sotilmaydimi? Xudo huzurida bularning birisi ham unutilmagan. 7 Sizlarga kelsak, boshingizdagi sochlar ham bari sanoqli. Demak, qo'rqmanglar, siz ko'pdan-ko'p chumchuqlardan qadrliroqsiz. 8 Sizlarga yana shuni aytay: kimda-kim insonlar oldida Meni tan olsa, Inson O'g'li ham Xudo farishtalari oldida uni tan oladi. 9 Biroq kimda-kim insonlar oldida Meni inkor etsa, u Xudo farishtalari oldida ham inkor etiladi. 10 Kimki Inson O'g'liga qarshi so'z aytsa, kechiriladi. Lekin kim Muqaddas Ruhni kufr qilsa, kechirilmaydi. 11 Sizlarni diniy hay´atlar va boshliqlar, hokimlar oldiga olib kelganlarida, nima deb, qanday gapirib o'zimizni himoya qilamiz, deb qayg'urmanglar. 12 Chunki nima deyish kerakligini o'sha onda Muqaddas Ruh sizlarga o'rgatadi”.
Aqlsiz boy haqida masal
13 Xaloyiq ichidan kimdir Isoga: - Ustoz, akamga ayt, merosni men bilan bo'lsin, - dedi. 14 Iso unga: - Ey inson! Meni sizlarga kim qozi yoki meros bo'luvchi qilib qo'ydi? - dedi. 15 Keyin xaloyiqqa: - Ehtiyot bo'linglar, o'zingizni har turli tamagirlikdan saqlanglar. Zero inson umri uning mol-mulki ko'pligiga bog'liq emas, - dedi. 16 Iso ularga shunday masal keltirdi: “Bir boy odamning dalasi mo'l hosil berib turar ekan. 17 Boy o'z-o'ziga: - Nima qilay? Hosilni qo'yadigan joyim yo'q, - deb o'ylab yurgan ekan. 18 - Mana bunday qilaman, - debdi oxiri, - omborlarimni buzib, kattarog'ini quraman, butun g'alla va mollarimni shu yerga joylayman. 19 So'ng o'z-o'zimga: Ey jonim, deyman, sen ko'p yillarga yetgulik davlat to'plading. Endi rohat qil, yeb-ichgin, kayf-safo surgin, - debdi. 20 Lekin Xudo unga: - Ey nodon! Bu kechayoq joning olinadi. Shunda bu tejab qo'yganlaring kimga qoladi? - debdi. 21 O'zi uchun boylik to'plab, Xudo nazarida boyimagan kishining qismati ana shunday bo'ladi”.
Tirikchilik tashvishlari haqida
22 Iso shogirdlariga yana dedi: “Binobarin, sizlarga aytamanki, nima yeymiz, deb joningiz uchun, nima kiyamiz, deb taningiz uchun tashvishlanib yurmanglar. 23 Jon ovqatdan, tan esa kiyimdan a´lodir. 24 Qarg'alarga qaranglar: ular na ekadi, na o'radi, na omborlari va na qo'rxonalari bor. Shunga qaramay, Xudo ularning rizqini beradi. Sizlar esa qushlardan naqadar qadrlisizlar! 25 Sizlardan kim tashvishlanib, o'z umrini bir lahza bo'lsin uzaytira olar ekan? 26 Bu qadar kichik ishni qilishga qurbingiz yetmas ekan, boshqa narsalar tashvishini qilmoq ne darkor? 27 Piyozgullarga qaranglar, ular qanday o'sadi! Ular mehnat ham qilmaydi, charx ham yigirmaydi. Ammo sizlarga aytamanki, hatto podshoh Sulaymon o'zining shuhrat cho'qqisida ham bularning biriday kiyinmagan edi. 28 Bugun bor bo'lib, ertaga o'choqqa tashlanadigan dasht o'tiga Xudo bunday zeb bergan bo'lsa, sizlarni undan kam ko'rarmikin, ey imoni sustlar! 29 Nima yeymiz, nima ichamiz, deb qayg'urib yurib bezovta bo'lmanglar. 30 Dunyo xalqlari hadeb bu narsalarning payida yuradilar. Lekin sizlarning Otangiz bularga muhtoj ekaningizni biladi-ku! 31 Sizlar, yaxshisi, Xudo Shohligi payida bo'linglar va qolgani sizga nasib etadi. 32 Qo'rqmagil, ey kichik poda! Otangiz Shohlikni sizlarga berishni munosib ko'rdi. 33 Mol-mulkingizni sotib, sadaqa beringlar. O'zingizga eskirmaydigan hamyonlar qilib, ko'klarda bitmas-tuganmas xazina hozirlanglar. U yerda ularga o'g'ri ham yaqinlashmas, kuya ham tushmas. 34 Xazinangiz qayerda bo'lsa, yuragingiz ham o'sha yerda bo'lur”.
Isoning qayta kelishiga tayyor bo'lish
35 “Bellaringiz belbog'liq, chiroqlaringiz yonib tursin! 36 Sizlar xo'jayin to'ydan qaytishini kutib turgan, u kelib eshikni taqillatishi bilan ochib berishga tayyor turgan odamlardek bo'linglar. 37 Xo'jayin kelganda hushyor holda ko'rgan xizmatkorlar baxtlidir! Sizlarga chinini aytayin, u xizmatkorlarini o'tqazib, bel bog'lagancha o'zi ularning xizmatiga tushib ketadi. 38 Xoh yarim kechada, xoh tongotarda xo'jayin kelib qolsa-yu xizmatkorlarini shunday holda uchratsa, ular qanday baxtlidirlar! 39 Ammo bilinglarki, agar uy egasi o'g'ri qay soatda kelishini bilganda, u bedor bo'lib, uyiga lahim qazilishiga yo'l qo'ymas edi. 40 Shuningdek, sizlar ham tayyor bo'lib turinglar, chunki Inson O'g'li siz o'ylamagan soatda kelib qoladi”. 41 Shu payt Butrus Isodan: “Rabbiy, Sen u masalni faqat biz uchun aytyapsanmi, yoki hamma uchunmi?” - deb so'radi. 42 Rabbimiz Iso dedi: “Uy ahliga o'z vaqtida rizq-ro'z tarqatish uchun xo'jayin xizmatkorlariga boshliq qilib qo'ygan ishonchli va aqlli uy boshqaruvchi kim? 43 Xo'jayin kelib, xizmatkorini yumush qilib turganda ko'rsa, u qanday baxtlidir! 44 Sizlarga chinini aytayin, o'zining butun mol-mulklari ustidan uni nazoratchi qilib qo'yadi. 45 Mabodo u xizmatkor o'z ko'nglida: “Xo'jayinim yaqin orada kelmaydi”, deb qarolu cho'rilarni ura ketsa-da, yeb-ichib mast-alast bo'lsa, 46 u xo'jayin xizmatkori kutmagan bir kunda, o'ylamagan bir soatda kelib qoladi-yu, uni tilka-pora qilib, boshiga dahriylar kunini soladi. 47 Xo'jayinning xohishini bilib, tayyor bo'lmagan, xo'jayin istagicha ish tutmagan xizmatkor ko'p tayoq yeydi. 48 Bilmay turib jazoga munosib ish qilgan xizmatkor esa oz tayoq yeydi. Kimga ko'p berilgan bo'lsa, undan ko'p talab qilinadi. Kimga ko'p ishonib topshirilgan bo'lsa, undan ko'proq undiriladi”.
Iso nizoga sabab
49 “Men yer yuziga o't yoqish uchun keldim. O't endiyoq alanga olishini qanchalik istardim! 50 Men juda og'ir dard-alamni boshdan kechirishim kerak. Bu amalga oshmaguncha naqadar qiynalaman! 51 Meni yer yuziga tinchlik keltirish uchun kelgan, deb o'ylaysizlarmi? Sizga yo'q, aksincha, nizo solgani kelganman, deyapman. 52 Zero bundan buyon bir uyda besh kishi o'zaro bo'lingan bo'ladi, uchtasi ikkitasiga va ikkitasi uchtasiga qarshi tarafkashlik qiladi. 53 Ota o'g'liga qarshi, o'g'il otasiga qarshi, ona qiziga qarshi, qiz onasiga qarshi, qaynona keliniga qarshi, kelin qaynonasiga qarshi chiqadi”.
Zamon alomatlari va abadiylik
54 Iso xalq ommasiga yana ushbuni ham aytdi: “Siz g'arbdan bulut ko'tarilganini ko'rdingizmi, hamon “jala bo'ladi” deysizlar va xuddi shunday bo'ladi. 55 Janub shamoli esgan vaqtda sizlar “jazirama issiq bo'ladi” deysizlar va shunday bo'ladi. 56 Ey riyokorlar! Yeru ko'k yuzini aniqlay bilasiz-u, nega bu vaqt-soatning ma´nosini bila olmaysizlar? 57 Nahotki o'zingizcha to'g'ri yo'lni payqamasangiz? 58 Sen raqibing bilan birga mahkamaga borayotganingda, yo'l-yo'lakay u bilan kelishishga harakat qil. Aks holda u seni qozining oldiga sudrab keladi, qozi seni zindonbonga topshiradi, zindonbon esa seni zindon qa´riga tashlaydi. 59 Senga gapim shuki: so'nggi tiyinni to'lamaguningcha, u yerdan chiqmaysan”.
Tavba va halokat haqida
13:1 O'sha vaqtda kimlardir Isoga kelib, hokim Pilat o'ldirgan jalilaliklar haqida xabar qilishdi. Pilat ularni tig'dan o'tkazib, qonlarini o'zlari so'ygan qurbonlar qoniga aralashtirib tashlagan edi. 2 Iso xabarchilarga dedi: “Sizningcha, bu jalilaliklar boshqa butun Jalila kishilaridan ko'proq gunohkor bo'lgani uchun shunchalik jafo chekdilarmi? 3 Sizga yo'q deyman. Lekin tavba qilmasangiz, hammalaringiz ham ular kabi halok bo'lasiz. 4 Masalan, Siloam minorasi qulaganda, o'n sakkiz kishi ezilib nobud bo'lgan edi. Sizlar bu kishilarni Quddusda yashovchi hammadan ko'ra aybdorroq deb o'ylaysizmi? 5 Sizga yo'q deyman. Lekin tavba qilmasangiz, hammalaringiz ham ular kabi halok bo'lasiz”.
Xudoning sabri haqida masal
6 Iso quyidagi masalni ham aytib berdi: “Bir kishining uzumzorida o'tqazilgan anjir daraxti bor ekan. Kishi kelib, undan meva izlabdi-yu, lekin topolmabdi. 7 U bog'bonga: - Men uch yildan beri bu anjir daraxtidan meva izlab kelaman va topolmayman. Uni kesib tashla, nega u yerni band qilib turibdi? - deb aytibdi. 8 Bog'bon esa shunday javob beribdi: - Xo'jayin, daraxtingiz bu yil ham tursin. Men uning yon-bag'irlarini bir chopib go'ng solay. 9 Balki meva berar. Mayli, agar bermasa, unda kelgusi yil kesib tashlarsiz”.
Qaddi bukik ayolni shifolash
10 Shanba kuni Iso yahudiy ibodatxonalarining birida ta´lim berayotgan edi. 11 U yerdagi bir ayol o'n sakkiz yildan beri yomon ruhdan qiynalib og'rigan, ikki bukilgan, qaddini sira tiklayolmas edi. 12 Iso uni ko'rgach, yoniga chaqirib dedi: - Ey xotin, sen dardingdan xalos bo'lding! 13 So'ng qo'llarini ayolning boshiga qo'ydi. Ayol qaddi tiklandi-qoldi, Xudoga olqishlar ayta boshladi. 14 Iso dam olish kuni ham shifolash bilan mashg'ul ekanini ko'rgan jamoaboshi achchiqlanib, jamoaga: - Ishlash uchun olti kun bor. Davolanmoqchi bo'lsangiz, shanbadan boshqa kun kelinglar, - dedi. 15 Rabbimiz Iso unga javoban dedi: - Ey munofiq! Shanba kuni bo'lishiga qaramay, har biringiz o'z ho'kiz yoki eshagingizni oxurdan yechib sug'organi olib bormaysizmi? 16 Shunga ko'ra, o'n sakkiz yildan beri shayton bog'lab qo'ygan, bobomiz Ibrohim qizi hisoblangan bu ayolni shanba kuni kishanlaridan ozod qilish o'rinli emasmidi? 17 Isoning bu so'zlari Unga qarshilik ko'rsatganlarning hammasini uyatga qo'ydi. Butun xalq esa Iso bajarayotgan barcha ajoyib ishlarni ko'rgani sayin quvonar edi.
Xudo saltanati haqida ikki masal
18 Iso yana so'z oldi: “Xudoning Shohligi nimaga o'xshash? Uni nimaga tenglashtirayin? 19 U bir odam o'z bog'iga ekkan xantal urug'iga o'xshar. Urug' unib, ulkan daraxt bo'libdiki, shoxlari aro ko'k qushlari ham qo'nib uya quribdi”. 20 Tag'in dedi: “Xudoning Shohligini nimaga o'xshatay? 21 U bir ayol butun xamirni oshirish uchun uch tog'ora unga qorishtirib solgan xamirturush burdasiga o'xshar”.
Najot eshigi tor
22 Iso Quddus tomon yo'l olib, shaharma-qishloq yurib ta´lim berar edi. 23 Kimdir Unga savol berdi: - Hazrat, najot topadiganlar ozmi? Iso hammaga aytdi: 24 “Tor eshikdan kirish uchun jon kuydiringlar. Sizga shuni aytay: 25 Uy Egasi turib eshikni bekitib qo'ygach, ko'plar kirish uchun intiladilar, biroq kirolmaydilar. O'shanda sizlar ham tashqarida qolib: - Yo Rabbiy, yo Rabbiy, bizlarga ochib ber! - deb eshikni taqillata boshlaysizlar. Lekin U sizlarga: - Kim va qayerdan ekaningizni bilmayman, - deb javob beradi. 26 Shunda sizlar: - Biz Sening oldingda yeb-ichdik, Sen bizning ko'chalarda ta´lim berib yurding-ku, - deb aytasizlar. 27 U esa: - Kimsiz, qayerdansiz, bilmayman, deb sizlarga aytib edim-ku. Ey badkirdorlar to'dasi, Mening ko'zimdan uzoqlashinglar! - deydi. 28 O'shanda yig'i-sig'i va ohu vohlar chekasizlar. Chunki o'zingizni tashqariga quvg'indi, Ibrohim, Is´hoq, Yoqub va barcha payg'ambarlarni esa Xudoning Shohligi soyasida ko'rasizlar. 29 Sharqu g'arbdan, shimolu janubdan odamlar kelib, Xudo Shohligida ziyofatga o'tiradilar. 30 O'sha vaqt ba´zi oxirgilar birinchi, birinchilar esa oxirgi bo'ladilar”.
Isoning Quddus uchun nolasi
31 O'sha kuni farziylardan ayrimlari Isoning oldiga kelib: - Bu yerdan chiqib ket, chunki Hirod Seni o'ldirmoqchi, - deyishdi. 32 Iso ularga shunday dedi: - Borib u tulkiga aytinglar: Men bugun va erta jinlarni quvib, shifokorlik qilmoqdaman. Uchinchi kuniyoq davrim tugar. 33 Shunday bo'lsa ham, Men bugun, erta va indin O'z yo'limdan og'may yuraverishim kerak. Chunki payg'ambar Quddusdan tashqarida o'ldirilishi maholdir. 34 O Quddus, Quddus! Payg'ambarlarni qatl qilib, huzuringga yuborilganlarni toshbo'ron qilguvchi shahar! Tovuq o'z jo'jalarini qanotlari ostiga qanday to'plasa, Men ham sening bolalaringni necha bor shunday to'plamoqchi bo'ldim, lekin siz istamadingiz. 35 Mana, sizning uy-joyingiz huvullab qoladi. Sizga shuni aytib qo'yay: “Xudovand nomidan Kelayotgan muborak”, - deb xitob qilmaguningizcha, Meni yana ko'rmaysizlar.
Dam olish kunidagi shifokorlik
14:1 Bir shanba kuni Iso farziylar mazhabi boshliqlaridan birining uyiga mehmonga bordi. Uni zimdan kuzatib turishardi. 2 Isoning oldida istisqo dardidan qiynalib yurgan bir odam paydo bo'ldi. 3 Iso uni ko'rishi bilan Tavrot tafsirchilari va farziylarga qayrilib: - Dam olish kunida kishini shifolash mumkinmi, yo'qmi? - deb so'radi. 4 Ular esa indamadilar. Iso bu odamni ushladi-da, shifolab, jo'natib yubordi. 5 So'ng din peshvolariga dedi: - Sizlardan kimningdir o'g'li yoki ho'kizi quduqqa tushib ketsa, shanba kuni bo'lishiga qaramay, darhol chiqarib olmasmidingiz? 6 Ular esa bu gapga biron javob topa olmadilar.
Mehmonu mezbonga pand-nasihat
7 Mehmonlar to'rda o'tirishga intilayotganlarini payqagan Iso ularga ibratli naql aytdi: 8 “Seni birov nikoh to'yiga chaqirsa, to'rga chiqib o'tiraverma. Ehtimol, taklif etilganlar orasida sendan e´tiborlirog'i bo'lib qolar. 9 Shunda ikkovingizni ham chaqirgan mezbon kelib senga: “Bu o'rinni unga bo'shatib ber”, - deyishi mumkin. Sen esa xijolat tortib, poygahda o'tirishga majbur bo'lasan. 10 Shuning uchun, taklif etilgan bo'lsang, poygahda o'tirib tur, toki mezbonning o'zi kelib senga: “Do'stim, iltimos to'rga chiqqin”, - deb aytsin. Shunda boshqa mehmonlar ko'zida sening hurmating ortadi. 11 Kimki o'zini yuqori olsa, pasaytiriladi. Kimki o'zini past olsa, yuksaltiriladi”. 12 So'ng Iso O'zini taklif qilgan uy egasiga dedi: “Tushki yoki kechki ziyofat qilganingda, do'st, aka-uka, qarindosh-urug' va boy qo'shnilaringnigina chaqirib turma. Chunki ular ham seni chaqirib, qarimta qilishiga to'g'ri keladi. 13 Aksincha, ziyofat berganingda, qashshoq, mayib, shol va ko'rlarni chaqir. 14 Shunda sen baxtlisan. Chunki ular senga qarimtasini qaytara olmasa-da, lekin qiyomatda solihlar tirilganida sen buning qarimtasini ko'rasan”.
Xudo chaqirganlar haqida masal
15 Iso bilan birga dasturxon atrofida o'tirganlardan biri bu so'zlarni eshitib, Unga: - Xudoning Shohligida tuz totgan kishi baxtlidir! - dedi. 16 Iso o'z navbatida unga dedi: “Bir odam kechki katta dasturxon yasab, ko'plarni taklif etibdi. 17 Ziyofat vaqti yetganda: - Kelinglar, dasturxon tayyor bo'ldi, - deb mehmonlarni chaqirmoq uchun xizmatkorini yuboribdi. 18 Shunda hammalari kelishib olgandek, uzr so'ray boshlashibdi. Birinchisi unga: - Men yer sotib oldim, borib uni ko'rishim kerak. Iltimos, meni kechiring, - debdi. 19 Boshqasi esa: - Men besh juft ho'kiz sotib oldim, ularni sinagani boryapman. Iltimos, meni kechiring, - debdi. 20 Uchinchi birovi ham: - Men xotin oldim, shuning uchun kelolmayman, - debdi. 21 Xizmatkor qaytib kelib, xo'jayiniga vaziyatni tushuntiribdi. Xo'jayin g'azablanib, xizmatkoriga: - Tez bo'l, shaharning yo'lak va ko'chalarini kezib chiq, qashshoq, mayib, shol va ko'rlarni bu yerga olib kel, - debdi. 22 Xizmatkor borib kelib: - Xo'jayin, buyurganlaringizni bajardim-u, yana ham bo'sh joy bor, - debdi. 23 Shunda xo'jayin xizmatkoriga: - Yo'llarga chiq, so'qmoqlarga bor, elni kelishga qista, toki uyim to'lsin, - debdi. 24 - Sizlarga aytamanki, chaqirilgan odamlardan birortasi ham ziyofatimdan totib ko'rmaydi. Chunki da´vat etilganlar ko'p, ammo tanlanganlar ozdir. ”
Isoning shogirdi bo'lmoq
25 Ko'pdan-ko'p xaloyiq Iso bilan birga borar ekan, U o'girilib ularga dedi: 26 “Agar kim Mening huzurimga kelsa-yu, o'zining ota-onasi, xotini, bola-chaqasi, aka-ukasi, opa-singillari va hatto o'z jonidan ko'ngil uzmasa, u Mening shogirdim bo'lolmaydi. 27 Kimki o'z xochini ko'tarib orqamdan yurmasa, Mening shogirdim bo'lolmaydi. 28 Sizlardan birortangiz imorat qurmoqchi bo'lsangiz, uni bitirish uchun mablag' yetarlimi, deb oldindan xarajatini hisoblab chiqmaysizmi? 29 Bo'lmasa poydevor solib, imorat qura bilmasangiz, o'tgan-ketgan ko'rib: 30 “Bu odam qurishni boshladi-yu bitira olmadi”, - deb masxara qilishadi. 31 Yoki qaysi podshoh boshqa bir podshohga qarshi urushga borsa, o'zimning o'n ming askarim bilan yigirma ming askarga qarshi chiqishga kuchim yetarmikan, deb oldindan o'tirib maslahatlashmas ekan? 32 Kuchi yetmasa, dushman hali uzoqdaligida uning oldiga elchi yuborib sulh so'raydi. 33 Shunday qilib, sizlardan har biringiz o'zingizning bor-yo'g'ingizdan ko'ngil uzmasangiz, Mening shogirdim bo'lolmaysiz. 34 Tuz - yaxshi narsa. Lekin tuz o'z ta´mini yo'qotsa, uni yana nima bilan sho'r qilish mumkin? 35 Yerga ham, go'ngga ham yaramaydi, uni axlatga tashlab yuboradilar. Kimning eshitar qulog'i bo'lsa, eshitsin!”
Adashgan qo'y haqida masal
15:1 Har qanday gunohkor odamlar va soliqchilar Isoni tinglash uchun Uning oldiga oqib kelar edilar. 2 Buni ko'rgan farziylar va ulamolar: “Mana, U gunohkorlarni qabul qilib, birga yeb-ichmoqda”, - deb norozilik bildirdilar. 3 Iso esa ularga quyidagi masalni aytib berdi: 4 “Sizlardan kimningdir yuzta qo'yi bo'lsa-yu, ulardan birortasini yo'qotsa, to'qson to'qqiztasini dashtda qoldirib, yo'qolgan qo'yni topmaguncha qidirmaydimi? 5 Uni topgach, quvonib yelkasiga olib ko'tarib ketadi. 6 Uyga kelgach, do'stlari bilan qo'shnilarini chaqirib: “Men bilan birga quvoninglar, men yo'qolgan qo'yimni topdim”, - deydi. 7 Sizlarga aytamanki, xuddi shunga o'xshab, tavbaga hojat sezmagan to'qson to'qqiz taqvodordan ko'ra, tavba qilgan bittagina gunohkor uchun osmonda shodlik bo'ladi”.
Yo'qolgan tanga haqida masal
8 “Yoki qaysi bir ayolning o'nta kumush tangasi bo'lsa-da, bittasini yo'qotib qo'ysa, u sham yoqib pulni topmaguncha uyini supurib-sidirib sinchiklab qidirmaydimi? 9 Pulni topgach, dugonalari bilan qo'shnilarini chaqirib: “Men bilan birga quvoninglar, men yo'qolgan tangamni topdim”, - deydi. 10 Sizlarga aytamanki, xuddi shuningdek, tavba qilgan bitta gunohkor uchun Xudo farishtalari huzurida shodlik bo'ladi”.
Darbadar o'g'il (Xudo sevgisi haqida masal)
11 Iso yana dedi: “Bir odamning ikki o'g'li bor ekan. 12 Ularning kichigi otasiga: - Ota, mol-mulkingizdan menga tegishli qismini bering, - debdi. Ota bisotini ikki o'g'liga bo'lib beribdi. 13 Bir necha kundan keyin kichik o'g'il bor-yo'g'ini yig'ishtirib, uzoq bir mamlakatga ketibdi. U yerda shaloq yashab, mol-dunyosini ko'kka sovurib yuribdi. 14 Borini isrof etgandan keyin, u mamlakatda og'ir qahatchilik boshlanibdi, yigit ham muhtojlikka yo'liqibdi. 15 U borib, bu mamlakat fuqarolaridan biriga yollanibdi. U esa yigitni o'z dalasidagi to'ng'izlarni boqishga yuboribdi. 16 Nihoyat, yigit to'ng'izlar yeydigan qo'zoqlar bilan qornini to'ydirishga ham zor bo'libdi, lekin unga shuni ham ravo ko'rishmas ekan. 17 O'ziga kelgach, u debdi: “Otamning qanchadan-qancha yollanma ishchilarining noni oshib-toshib yotibdi, men esa bu yerda ochlikdan o'lyapman. 18 Endi otamning oldiga boray va unga: Ota, men Xudoga va sizga qarshi gunoh qildim. 19 Endi sizning o'g'lingiz atalishga loyiq emasman. Meni yollanma ishchilaringiz qatoriga qabul qilsangiz, bas, deyman”. 20 Yigit otasi oldiga ravona bo'libdi. U hali uzoqda kelayotganligidayoq, otasi o'g'lini ko'rib, ko'ngli bo'shab ketibdi. Yugurgancha borib, o'g'lining bo'ynidan quchib, yuz-ko'zlaridan o'pibdi. 21 O'g'li unga: - Ota, men Xudoga va sizga qarshi gunoh qildim. Endi sizning o'g'lingiz deb atalishga loyiq emasman, - debdi. 22 Ota xizmatkorlariga shunday buyuribdi: - Tez bo'ling, eng nafis to'n keltirib yelkasiga yoping, qo'liga uzuk taqing, oyoqlariga choriq kiygizinglar. 23 Bo'rdoqini olib chiqib, so'yinglar, yeb-ichaylik, xursandchilik qilaylik. 24 Chunki mening bu o'g'lim o'lgan edi - tirildi, yo'qolgan edi - topildi. Shunday qilib, xursandchilik qila boshlabdilar. 25 Katta o'g'il shu paytda dalada ekan. Qaytayotib uyga yaqinlashganda, qulog'iga cholg'u va o'yin-kulgi sadolari eshitilibdi. 26 Xizmatkorlardan birini chaqirib: - Nima gap? - deb so'rabdi. 27 - Ukangiz keldi, otangiz uni sog'-salomat ko'rgani uchun bo'rdoqini so'ydilar, - debdi u. 28 Shunda katta o'g'il achchiqlanib, ichkariga kirgisi kelmabdi. Otasi esa tashqariga chiqib, o'g'liga o'tinib gapiribdi. 29 U otasiga javob beribdi: - Men shuncha yildan beri sizga xizmat qilaman. Sira sizning buyrug'ingizga qarshi chiqqanim yo'q. Lekin do'stlarim bilan xursandchilik qilishim uchun siz menga bitta uloq ham atamadingiz. 30 Ammo mol-mulkingizni fohishalarga sarflab qaytgan anavi o'g'lingizga bo'rdoqi so'yibsiz! 31 Otasi unga shunday javob beribdi: - O'g'lim! Sen doimo men bilan birgasan, mening hamma narsam seniki. 32 Biroq bugun shodlanish, xursandchilik qilish kerak. Chunki sening bu ukang o'lgan edi - tirildi, yo'qolgan edi - topildi”.
Shum ish boshqaruvchi
16:1 Iso O'z shogirdlariga ham aytdi: “Bir boyning xo'jalik ishlarini boshqaruvchisi bor ekan. Boyning qulog'iga, ish boshqaruvchi mol-mulkingizni bejo sarf qilib yuribdi, degan chaquv yetibdi. 2 Shunda boy ish boshqaruvchini chaqirib: - Sen to'g'ringda uzunquloq gap yuribdi. Ishlaringning hisobini ber, sen endi uyimni boshqarolmaysan, - debdi. 3 Ish boshqaruvchi o'zicha: - Nima qilsam ekan? - debdi. - Xo'jayinim boshqaruvchilikni qo'limdan olyapti. Yer qazishga kuchim yetmaydi, tilanchilik qilish esa menga uyat. 4 Boshqaruvchilikdan bo'shatilganimdan so'ng odamlar yana o'z uylariga qabul qilishlari uchun nima qilsam bo'ladi? So'ng: - Ha, topdim! - debdi-da, 5 xo'jayinidan qarz bo'lganlarning har birini alohida yoniga chaqiribdi. Birinchisidan so'rabdi: - Xo'jayinimdan qancha qarzing bor? 6 - Yuz kuva zaytun moyi, - javob beribdi u. - Tilxatingni ol, tezda o'tirib ellik kuva deb yoz! - debdi unga ish boshqaruvchi. 7 Keyin boshqasidan ham so'rabdi: - Sening qancha qarzing bor? - Yuz qanor bug'doy, - javob beribdi u. Unga ham: - Tilxatingni ol, sakson qanor deb yoz! - debdi. 8 Xo'jayini esa o'zining bu shum ish boshqaruvchisini, aqlli ish qilding, deb maqtabdi. Chindan ham bu dunyoning odamlari o'zlariga o'xshaganlar orasida nur ahlidan ko'ra es-hushliroq harakat qiladilar”.
Boylik va sadoqat haqida
9 “Men sizga aytamanki, bu bevafo dunyoning boyligidan foydalanib do'st orttiringlar, toki bu boylik tugagach, sizlarni abadiy makonlarga qabul qilsinlar. 10 Kichik ishda sadoqatli bo'lgan buyuk ishda ham sadoqatlidir. Kichik ishda sadoqatsiz bo'lgan buyuk ishda ham sadoqatsizdir. 11 Agar siz bu bevafo dunyoning boyligiga sodiq bo'lmasangiz, haqiqiy boylikni sizga kim ishonib beradi? 12 Agar boshqalarning narsasiga sodiq bo'lmasangiz, o'z nasibangizni sizga kim beradi? 13 Hech qanday xizmatkor ikki xo'jayinga xizmat qilolmaydi. U yo birini yomon ko'rib, boshqasini sevadi, yoki biriga ixlos qo'yib, boshqasini xor qiladi. Siz ham Xudoga, ham pulga birdek sig'ina olmaysiz”.
Xudo saltanati haqida
14 Farziy mazhabidagilar bularni eshitib, pulparast bo'lganlari uchun Isoga mazax qila boshladilar. 15 Iso ularga dedi: “Siz odamlar oldida o'zingizni taqvodor qilib ko'rsatasizlar, lekin Xudo yuragingizni biladi. Ana, odamlarda ko'kka ko'tarilgan neki bo'lmasin, Xudo nazarida jirkanchdir. 16 Tavrot va Payg'ambarlar davri Yahyo kelguncha davom etdi. U vaqtdan buyon Xudo Shohligi to'g'risidagi Xushxabar va´z qilinmoqda va hamma bu Shohlikka kirish uchun zo'r bermoqda. 17 Biroq Tavrotdan bir chiziq yo'qolishidan ko'ra, yeru osmonning yo'qolishi osonroqdir. 18 Kimda-kim o'z xotinidan ajralib, boshqasiga uylansa, zino qilgan bo'ladi. Shuningdek, eridan ajralgan xotinga uylangan kishi ham zino qilgan bo'ladi”.
Oxiratdagi boy bilan gadoy
19 “Kimxob va shoyi kiyimlar kiyib, har kuni dabdabali bazmlarda kayf-safo surgan bir boy odam bor ekan. 20 Boyning darvozasi oldida hamma badaniga yara toshgan Lazar ismli bir qashshoq gadoy yotar ekan. 21 U boy dasturxonidan to'kilgan ushoqlar bilan qorin to'ydirishni orzu qilar, itlar esa kelib uning yaralarini yalab ketar ekan. 22 Bir kuni gadoy o'lib qolibdi, farishtalar uni Ibrohim alayhissalomning yoniga olib boribdilar. Keyin boy ham o'lib, uni ko'mishibdi. 23 Tamug' azobidan o'tar ekan, boy boshini ko'tarib uzoqdagi Ibrohimni va uning yonidagi Lazarni ko'ribdi. 24 U faryod ko'tarib: - Ey Ibrohim ota! Menga rahm qilib Lazarni yuborgin, u barmog'ining uchini suvga botirib tilimga suv tomizsin. Chunki men bu olovda ko'p azob chekyapman, - debdi. 25 Ibrohim unga shunday javob beribdi: - Unutma, o'g'lim, sen hayotingda yaxshilik nasibangni olib bo'lding, Lazar esa yomonlik nasibasini olib bo'ldi. Endi u bu yerda tasalli topyapti, sen bo'lsang, azob chekyapsan. 26 Bundan tashqari, siz bilan bizning oramizda tubsiz jarlik bor. Bu yerdan siz tomon o'tmoqchi bo'lganlar o'ta olmaydilar va u yerdan biz tomon ham o'tmaydilar. 27 - Unday bo'lsa, ey ota, sendan o'tinib so'rayman, Lazarni otamning uyiga yuborgin. 28 Mening beshta ukam bor. Ular ham bu azobli joyga kelmasliklari uchun ularni ogohlantirib qo'ysin, - debdi boy. 29 Ibrohim unga: - Ular Muso payg'ambarni va boshqa payg'ambarlarni bilishadi, ularga quloq solishsin, - debdi. 30 Boy esa: - Yo'q, Ibrohim ota, quloq solmaslar. Faqat o'liklardan biri ularning oldiga borsa, o'shanda tavba qilarlar, - debdi. 31 Ibrohim shunday debdi: - Agar Muso va boshqa payg'ambarlarga quloq solmagan bo'lsalar, o'liklardan biri tirilib borsa ham ishonmaydilar”.
Vasvasa, gunoh va kechirim haqida
17:1 Iso o'z shogirdlariga yana dedi: “Vasvasalar kelishi shaksizdir. Lekin kim orqali kelsa, o'sha odamning holiga voy! 2 Bu kichiklardan birontasini yo'ldan ozdirgandan ko'ra, uning bo'yniga tegirmon toshini osib, dengizga tashlanishi u uchun foydaliroq bo'lar edi. 3 O'zlaringizga ehtiyot bo'linglar! Agar birodaring gunoh qilsa, unga tanbeh ber. Agar tavba qilsa, uni kechir. 4 Agar senga qarshi bir kunning o'zida yetti marta gunoh qilsa-yu, yetti marta senga qaytib kelib: “Tavba qildim”, - desa, uni kechirib yubor”.
Imon haqida
5 Havoriylar Rabbimiz Isoga: - Imonimizga imon qo'sh, - dedilar. 6 Rabbimiz javob berdi: - Agar zig'irday imoningiz bo'lib, shu tut daraxtiga: “Ildizing bilan qo'porilib chiq va dengizga ko'chib ildiz ot”, - desangiz, daraxt sizga bo'ysunadi.
Xizmat burchi haqida
7 “Orangizdagi qay biringiz qo'sh haydovchi yoki podachi xizmatkoringiz daladan qaytgach, unga: “Tez kelib dasturxonga o'tir”, - deysiz? 8 Aksincha: “Kechki ovqatimni tayyorla, ishga bel bog'lab, ovqatlanib bo'lgunimcha menga xizmat qil, undan keyin o'zing yeb-ichasan”, - demaysizmi? 9 Xo'jayin buyurgan ishlarni bajargan qul tashakkur olarmikin? Qaydam. 10 Sizlar ham shunga o'xshab, o'zingizga buyurilgan hamma ishni bajargandan so'ng: “Bizlar arzimaydigan qullarmiz, faqat zimmamizdagi ishni qildik”, - denglar”.
Shifo topgan o'nta moxov
11 Iso Samariya bilan Jalila oralig'idan o'tib, Quddus tomon yo'l oldi. 12 U bir qishloqqa kirayotganda, o'nta moxovga duch keldi. Ular uzoqda turgancha 13 ovozlarini baland qilib: - Ey Ustozimiz Iso, bizga rahm qil! - deyishdi. 14 Ularni ko'rgan Iso: - Borib, o'zlaringni ruhoniylarga ko'rsatinglar, - dedi. Ular esa yo'lda ketayotib, moxovdan forig' bo'lishdi. 15 Ulardan biri o'zining shifo topganini payqagach, baland ovoz bilan Xudoni ulug'lab orqaga qaytdi. 16 Isoning oyoqlariga yiqilib Unga tashakkur bildirdi. Bu odam samariyalik edi. 17 Iso: - Shifo topgan o'n kishi edi-ku? Qolgan to'qqizingiz qani? 18 Xudoni ulug'lash uchun shu begona kishidan boshqa hech kim qaytib kelmadimi? - dedi. 19 So'ng u odamga: - O'rningdan turib bora qol, ishonching seni qutqardi, - dedi.
Xudo Shohligi va Isoning qayta kelishi
20 Farziylar Isoga: - Xudoning Shohligi qachon keladi? - degan savolni berishdi. Iso ularga javob berdi: - Xudoning Shohligi ko'zga ko'rinib kelmaydi. 21 “Qara, u bu yerda”, yoki “Ana u yerda”, - deb ham aytishmaydi. Mana, Xudoning Shohligi o'z ichingizdadir. 22 So'ng Iso shogirdlariga qayrilib, dedi: - Shunday kunlar keladiki, Inson O'g'lining bittagina kunini ko'rishga havas qilasizlar, biroq ko'rolmaysizlar. 23 Sizlarga: “Mana, u bu yerda”, yoki “Mana shu yerda”, deb aytishsa, bormanglar, ularning orqasidan quvmanglar. 24 Chunki chaqmoq chaqib, falakni bir uchidan boshqa uchigacha yarqiratib yuborganidek, Inson O'g'li ham O'z kunida xuddi shunday paydo bo'ladi. 25 Lekin undan avval U ko'p azob chekishi va bu nasl tomonidan rad qilinishi kerak. 26 Nuh payg'ambar davrida qanday bo'lgan bo'lsa, Inson O'g'li keladigan kunlarda ham shunday bo'ladi. 27 Nuh kemaga kirgan kuniga qadar yedilar, ichdilar, uylandilar, turmushga chiqdilar. Va to'fon kelib, hammani halok qildi. 28 Lut kunlarida ham shunday bo'ldi: yeb-ichdilar, oldi-sotdi qildilar, ekin-tikin va binokorlik bilan mashg'ul bo'ldilar. 29 Lekin Lut Sado'm shahridan chiqqan kuniyoq osmondan olov va oltingugurt yog'ib, hammani halok qildi. 30 Inson O'g'li zohir bo'lgan kunda ham xuddi shunday bo'ladi. 31 U kunda tomning ustida bo'lgan kishi uyda qoldirgan anjomlarini olish uchun pastga tushmasin. Shuningdek, daladagi ham qaytib kelmasin. 32 Lutning xotinini eslab turinglar. 33 Kimki jonini saqlashga harakat qilsa, uni yo'qotadi. Kimki jonini fido qilsa, uni qutqaradi. 34 Sizga yana aytamanki, o'sha kecha bir to'shakda ikki kishi bo'ladi; biri olinadi, biri qoldiriladi. 35 Ikki ayol birga tegirmon tortayotgan bo'ladi; biri olinadi, biri qoldiriladi. 36 Ikki kishi dalada bo'ladi; biri olinadi, biri qoldiriladi. 37 Shogirdlar Isodan so'radi: - Rabbiy, bu voqealar qayerda yuz beradi? - Murda qayerda bo'lsa, kalxatlar ham o'sha yerda to'planadi, - dedi Iso.
Muttasil ibodat haqida
18:1 Iso shogirdlariga doimo, bezmasdan ibodat qilish kerakligi haqida masal aytib berdi: 2 “Bir shaharda Xudodan ham qo'rqmaydigan, odamdan ham uyalmaydigan bir qozi bor ekan. 3 O'sha shaharda bir tul ayol ham yashar ekan. U qozining oldiga doim kelib: - Meni raqibimdan himoya qiling, - deb o'tinib yuribdi. 4 Qozi ancha vaqtgacha e´tibor bermas ekan. Oxirida u o'zi-o'ziga: - Men Xudodan qo'rqmayman, odamdan ham uyalmayman. 5 Biroq mayli, bu tul ayol menga tinchlik bermayotgani uchun, uni himoya qila qolay. Bo'lmasa u kelaverib, jonimdan bezor qiladi, - debdi. 6 Eshityapsizmi, insofsiz qozi nima debdi, - davom etdi Rabbimiz Iso. 7 - Nahotki Xudo O'ziga kechayu kunduz faryod qilayotgan O'z tanlaganlarini himoya qilmasa, nahotki ularni ko'p kuttirib qo'ysa? 8 Sizlarga aytamanki, ularni ko'p o'tmay himoya qiladi. Biroq Inson O'g'li kelganda, yer yuzida imon toparmikin?”
Dindor bilan gunohkorning ibodatlari
9 O'zining taqvodorligini pesh qilib, boshqalarni esa kamsitib yurgan ba´zi odamlarga Iso quyidagi masalni aytib berdi: 10 “Biri farziy, boshqasi soliqchi bo'lgan ikki kishi ibodat qilish uchun ma´badga kiribdilar. 11 Farziy alohida turib, o'zicha shunday ibodat qilibdi: - Yo Xudo! Men boshqa odamlarday talonchi, jinoyatchi, zinogar va hatto shu soliqchi singari bo'lmaganim uchun Senga shukr aytaman. 12 Haftada ikki marta ro'za tutaman. Topganimning o'ndan birini ushr uchun ajrataman. 13 Soliqchi bo'lsa uzoqda turib, hatto ko'zlarini osmonga qaratishga ham botina olmay, ko'kragiga urganicha: - Yo Xudo, men gunohkorga rahm qil! - debdi. 14 Sizga aytamanki, bu odam boyagidan ko'ra oqlanib uyiga qaytibdi. Chunki o'zini yuqori olgan har bir kishi pasaytiriladi, o'zini past olgan esa yuksaltiriladi”.
Isoning bolalarni duo qilishi
15 Ularga qo'li tegsin, deb Isoning oldiga yosh bolalarni ham keltirishar edi. Shogirdlar buni ko'rib, keltiruvchilarni koyiy boshlashdi. 16 Iso esa bolalarni yoniga chaqirib, shogirdlariga shunday dedi: “Bolalar Mening oldimga kelishlariga ijozat bering, ularni koyimang. Zero Xudoning Shohligi shundaylarnikidir. 17 Sizlarga chinini aytayin: kimki Xudoning Shohligini bola kabi qabul qilmasa, unga kirolmaydi”.
Boylik va abadiy hayot
18 Boshliqlardan biri Isodan so'radi: - Valine´mat Ustozim! Abadiy hayot nasib bo'lmog'i uchun nima qilishim kerak? 19 Iso unga dedi: - Nega sen Meni valine´mat deysan? Birgina Xudodan boshqa hech kim valine´mat emas. 20 Ilohiy amrlarni bilasan: “Zino qilma. Odam o'ldirma. O'g'rilik qilma. Soxta guvohlik berma. Ota-onangni hurmat qil”. 21 - Bularning hammasiga yoshligimdan amal qilib kelaman, - dedi boyagi boshliq kishi. 22 Buni eshitib, Iso: - Senga yana bir narsa yetishmaydi: nimaga ega bo'lsang, hammasini sot va pulini kambag'allarga bo'lish. Shundagina osmonda xazinang bo'ladi. Va so'ng kelib, Menga ergashgil, - dedi. 23 Boshliq bu so'zni eshitib, juda xafa bo'ldi, negaki u haddan ziyod badavlat edi. 24 Iso uning xafa bo'lganini ko'rib: - Mol-dunyosi borlar Xudo Shohligiga kirishga naqadar qiynaladi! 25 Boyning Xudo Shohligiga kirishidan ko'ra, tuyaning igna teshigidan o'tishi osonroqdir, - dedi. 26 Buni eshitganlar esa: - Unday bo'lsa, kim najot topa olar ekan? - deb so'rashdi. 27 - Odamlarga ilojsiz narsa Xudo uchun iloji bordir, - dedi Iso. 28 - Mana, biz mol-holimizni qoldirib, Sening orqangdan ergashib keldik! - dedi Butrus. 29 Iso shogirdlariga dedi: - Sizlarga chinini aytayin, Xudo Shohligi yo'lida uy-joy, ota-ona, aka-uka, opa-singil yoki xotin-bolalarini qoldirib ketgan har bir kishi 30 bu dunyodayoq qat-qat yaxshiliklar topib, u dunyoda esa abadiy hayotga muyassar bo'lur.
Iso O'z o'limini uchinchi bor aytishi
31 Iso o'n ikki shogirdini maxsus chaqirib ularga dedi: “Biz endi Quddusga yaqinlashib qoldik. Ana o'sha yerda Inson O'g'li to'g'risida yozilgan barcha payg'ambar oyatlari amalga oshadi. 32 Uni majusiylarga topshiradilar, Uni masxaralab haqorat qiladilar, Uning yuziga tupuradilar. 33 Uni qamchilab o'ldiradilar. Ammo uchinchi kuni U qayta tiriladi”. 34 Shogirdlar esa bu so'zlardan hech narsa anglamadilar. Bu so'zlar ma´nosi ularga sirli edi, aytilganni ular idrok etmadilar.
Isoning ko'rni sog'aytirishi
35 Iso Yerixo shahriga kirib kelayotganda, bir ko'r yo'l chekkasida sadaqa so'rab o'tirar edi. 36 Oldidan xaloyiq o'tib ketayotganini eshitib: - Nima gap? - deb so'radi. 37 - Nosiralik Iso o'tyapti, - deb unga xabar qilishdi. 38 Shunda ko'r: - Ey Dovud O'g'li Iso, menga rahm qil! - deb baqirib yubordi. 39 Oldinda ketayotganlar esa: - Jim bo'l! - deb uni koyib qo'yishdi. Lekin u yanada kuchliroq hayqira boshladi: - Ey Dovud O'g'li, menga rahm qil! 40 Shunda Iso to'xtab, ko'rni yoniga keltirishlarini buyurdi. Ko'r kelgach, 41 Iso undan so'radi: - Sen nima qilishimni istaysan? - Hazrat, ko'zlarim ko'rsin! - dedi u. 42 Iso unga: - Ko'zlaring ko'rsin, ishonching seni qutqardi, - dedi. 43 Shu zahoti ko'rning ko'zlari ko'ra boshladi. U Xudoga olqishlar aytgancha Isoning ketidan ergashdi. Buni ko'rgan butun xalq Xudoga hamdu sanolar aytdi.
Soliqchi Zakkayning Iso bilan uchrashuvi
19:1 Iso Yerixo shahriga kirib, guzarlaridan o'tib borardi. 2 Yo'lda Zakkay ismli bir odam uchradi; u soliqchilarning boshlig'i bo'lib, juda boy edi. 3 U Isoni ko'rishga, kim ekanligini bilishga oshiqar edi. Biroq bo'yi pastligi tufayli va xaloyiq ko'pligidan Uni ko'rolmadi. 4 Isoni ko'rish uchun oldinga yugurib, bir yovvoyi anjir daraxtiga chiqib oldi. Chunki Iso o'sha yerdan o'tishi kerak edi. 5 Iso u joyga kelgach, yuqoriga qarab qo'ydi-da, unga: - Zakkay! Tezroq pastga tush, Men bugun sening uyingga qo'nishim kerak, - dedi. 6 Zakkay darrov pastga tushdi, Isoni quvonch bilan qarshilab, mehmon qildi. 7 Buni ko'rganlarning hammasi: - U gunohkor odamning uyiga tashrif buyurdi, - deb norozilik bildirishdi. 8 Ammo Zakkay Rabbimiz Isoning oldida qo'l qovushtirib turib, Unga dedi: - Ey Hazrat, mol-mulkimning yarmini kambag'allarga berib yuboraman. Agar birovning haqini yeb ketgan bo'lsam, to'rt barobar ko'paytirib berganim bo'lsin. 9 Iso unga shunday javob berdi: - Bugun bu uyga najot keldi. Chunki bu odam ham bobomiz Ibrohim o'g'lidir. 10 Inson O'g'li esa adashganni izlab topish va qutqazish uchun kelgan.
O'n tilla haqida masal
11 Iso Quddusga yaqinlashib qolgani sababli, Uni tinglayotgan xaloyiq, Xudo Shohligi hozir namoyon bo'lishi kerak, deb o'ylar edi. Shunday qilib, Iso O'z nutqini bir masal bilan davom ettirdi: 12 “Asilzoda bir odam o'zi uchun saltanat olib kelish uchun uzoq mamlakatga boribdi. 13 O'zining xizmatkorlaridan o'n nafarini chaqiribdi-yu, ularga o'n tilladan bo'lib berib: - Men qaytib kelgunimcha, bu pulni ishlatib turinglar, - deb jo'nab ketibdi. 14 Holbuki, asilzodaning hamshaharlari uni yomon ko'rishar ekan. Hamshaharlar uning orqasidan elchilar yuborib: - Bu odam bizga podshoh bo'lishini istamaymiz, - deb ayttiribdilar. 15 Bir muddatdan so'ng u asilzoda saltanat egasi bo'lib, o'z vataniga qaytib kelibdi. Bergan aqchalari bilan kim qancha foyda undirganini bilish uchun, xizmatkorlarini yoniga chaqirtiribdi. 16 Birinchisi kelib: - Xo'jayin, sizning tillangiz o'n tilla undirdi, - debdi. 17 Xo'jayin unga: - Ofarin, sen yaxshi xizmatkor ekansan. Kichik ishda sadoqat ko'rsatganing uchun o'nta shahar ustidan hokim bo'lasan, - debdi. 18 Ikkinchisi kelib: - Xo'jayin, sizning tillangiz besh tilla foyda keltirdi, - debdi. 19 Unga ham: - Sen ham besh shaharga hokimlik qilasan, - debdi. 20 Uchinchisi kelib: - Xo'jayin! Mana sizning tillangiz, men uni ro'molchaga tugib saqladim. 21 Men sizdan qo'rqdim, siz qattiqqo'l odamsiz. Siz bermasdan olasiz, ekmasdan o'rasiz, - debdi. 22 Xo'jayin esa unga debdi: - Ey yomon xizmatkor, og'zingdan chiqqanini yelkangga yopishtiray! Mening qattiqqo'lligimni hamda bermasdan olishimni, ekmasdan o'rishimni bilarkansan, 23 nega pulimni muomalaga kiritmading? Shunda men kelib, hech bo'lmasa foydasini ko'rardim. 24 So'ng xo'jayin yonida turganlarga qarab: - Uning qo'lidan tillani olib, o'n tillasi borga beringlar, - debdi. 25 - Xo'jayin, uning o'n tillasi bor-ku! - deyishibdi ular. 26 - Sizlarga rostini aytsam, kimda bor bo'lsa, unga yana beriladi. Kimda yo'q bo'lsa, qo'lida bor bo'lgani ham undan tortib olinadi. 27 Endi mening podshohlik qilishimni istamagan o'sha dushmanlarimga kelsak, ularni shu yerga keltiringlar-da, ko'zim oldida dami tig'dan o'tkazinglar!”
Isoning Quddusga tantanali kirishi
28 Bu so'zlarni aytib, Iso olg'a bosgancha Quddus sari yo'l oldi. 29 Zaytun tog'i etagidagi Baytfagiya bilan Baytaniya qishloqlariga yaqinlashgach, U ikki shogirdini yuborib dedi: 30 - Qarshingizdagi qishloqqa boringlar. Qishloqqa kirgach, bog'lab qo'yilgan, hozirgacha odam bolasi minmagan xo'tikni topasizlar. Uni yechib olib kelinglar. 31 Agar kimki sizlardan: “Xo'tikni nega yechyapsizlar?” - deb so'rab qolsa, “U Rabbimizga kerak”, deb aytinglar. 32 Shogirdlar jo'nab, xuddi Isoning aytganini topdilar. 33 Xo'tikni yechayotganlarida uning egalari: - Nega xo'tikni yechyapsizlar? - deb so'rashdi. 34 Shogirdlar: - U Rabbimizga kerak, - dedilar. 35 Xo'tikni Isoning oldiga keltirishdi-da, ustiga o'z kiyimlarini tashlab, Isoni mindirishdi. 36 U minib ketayotganida, qolgan shogirdlar kiyimlarini yo'lga poyandoz qildi. 37 Iso endi Zaytun tog'idan oshib, past tomonga, shaharga qarab yurayotgan ediki, shogirdlar tumonati ko'rgan barcha mo'jizalarini eslab xursand bo'lishdi, ovozlarini baland ko'tarib, Xudo sha´niga hamdu sanolar ayta boshlashdi: 38 “Xudovand nomidan kelayotgan Podshoh muborak! Ko'klarda tinchlik, Arshi A´loda izzat!” 39 Shunda xaloyiq orasidagi ba´zi farziylar Isoga: - Ustoz, shogirdlaringni jim qil! - deyishdi. 40 U esa ularga javoban: - Sizga aytamanki, agar bular jim bo'lsa, toshlar chinqirgay! - dedi. 41 Iso Quddusga kiray deganda, shaharni ko'rib, uning holiga yig'lab yubordi: 42 - Koshki sen hech bo'lmasa shu kuningda tinchligingga nelar darkor ekanini bilsang edi! Biroq hozir bu ko'zlaringdan yashiringandir. 43 Boshingga shunday kunlar tushadiki, dushmanlaring atrofingga devor tortib, chor tarafdan qurshagancha siquvga oladilar. 44 Seni yer bilan yakson qilib, ko'ksingdagi farzandlaringni qirg'in qiladilar. Ilohiy yo'qlash vaqt-soatini bilmaganing uchun, kulingni ko'kka sovuradilar.
Sotuvchilarni ma´baddan quvish
45 Iso ma´badga kirib, ichkarida oldi-sotdi qilayotganlarni quvib chiqara boshladi. 46 Ularga shunday dedi: - Tavrotda: “Mening uyim ibodat uyi bo'lgay”, - deb yozilgan. Sizlar esa Xudo uyini qaroqchilar uyasiga aylantirib yuboribsizlar! 47 Iso har kun ma´badda ta´lim beradigan bo'ldi. Oliy ruhoniylar, ulamolar va xalq oqsoqollari esa Uni halok qilish payiga tushdilar. 48 Lekin buning chorasini topmadilar, negaki butun xalq Isoni jonu dili bilan tinglar edi.
Isoning vakolati haqida savol
20:1 O'sha kunlarning birida Iso ma´badda ta´lim berib, xalqqa Xushxabarni bayon etar edi. Oliy ruhoniylar va ulamolar esa oqsoqollar bilan birga kelib, 2 Isoga savol berishdi: - Bizlarga ayt-chi, Sen bu ishlarni qanday huquq bilan qilyapsan? Bularni qilish uchun Senga kim vakolat bergan? 3 Iso ularga shunday javob berdi: - Men ham sizlarga bir savol berayin, Menga aytinglar: 4 Yahyo payg'ambar odamlarni suvda tavba qildirish uchun kimdan vakolat olgan edi? Xudodanmi, insondanmi? 5 Ular esa o'zaro mulohaza yuritdilar: “Agar Xudodan desak, U: “Nega Yahyoga ishonmadingizlar?” - deydi. 6 Agar insondan desak, butun xalq bizni toshbo'ron qiladi, chunki xalq Yahyoning payg'ambarligiga qat´iy ishonadi”. 7 Nihoyat Isoga javoban: - Qayerdanligini bilmaymiz, - dedilar. 8 Iso ularga: - Unday bo'lsa, Men ham bu ishlarni qaysi vakolat bilan qilayotganimni sizga aytmayman, - dedi.
Yovuz bog'bonlar haqida masal
9 Iso so'zini davom ettirib, xalqqa ushbu masalni aytib berdi: “Bir odam uzumzor yaratib, uni bog'bonlarga ijaraga berib, o'zi uzoq vaqtga boshqa mamlakatga ketibdi. 10 Hosil chog'i uzumzor mahsulidan unga berishlari uchun bog'bonlar oldiga bir xizmatkorini yuboribdi. Lekin bog'bonlar uni urib, quruq qaytarishibdi. 11 Uzumzor egasi yana bir xizmatkorini yuboribdi. Uni ham urib, haqorat qilib, quruq qaytarib yuborishibdi. 12 Yana uchinchisini yuborganda, uni ham yarador qilib, quvib chiqarishibdi. 13 Shunda uzumzor egasi: - Nima qilsam ekan? Sevikli o'g'limni yubora qolay. Balki uni ko'rib, insofga kelishar, - debdi. 14 Ammo bog'bonlar uning o'g'lini ko'rishlari bilan o'zaro muhokamaga tushib: - Bu merosxo'r-ku! Uni o'ldiramiz, merosi bizga qoladi, - deyishibdi-da, 15 o'g'lini uzumzordan tashqariga haydab, o'ldirishibdi. Nachora, uzumzor egasi ularni nima ham qilardi? 16 U kelib boyagi bog'bonlarni yo'q qiladi, uzumzorni esa boshqalarga topshiradi”. Buni eshitganlar: - Xudo ko'rsatmasin! - deb yuborishdi. 17 Iso esa ularga tikilib, shunday dedi: - U holda, Zaburdagi: “Binokorlar keraksiz deb tashlagan tosh Naq binoning peshtoqidan o'rin oldi”,? degan oyat nimani ifodalaydi? 18 Kimki bu toshga yiqilsa, parchalanib ketadi. Tosh kimning ustiga tushsa, uni ezib yuboradi. 19 Iso bu masalni ularga qarata aytganini oliy ruhoniylar bilan ulamolar payqab, shu onda Unga qo'l uzatmoqchi bo'ldilar, lekin xalqdan hayiqdilar.
Xudoning haqi Xudoga...
20 Isoni zimdan kuzatib, Uning oldiga o'zlarini mo'min-qobil kishilardek ko'rsatuvchi iskovuchlarni yubordilar. Aytadigan biron nojo'ya so'zi uchun Uni tuzoqqa ilintirish va shu yo'sin hokimning qo'li va hukmiga topshirish niyatlari bor edi. 21 Ular Isodan so'radilar: - Ustoz! Biz bilamizki, Sen haqiqatgo'ysan, to'g'ri ta´lim berasan, hech kimga yuz-xotir qilmasdan Xudoning haqiqiy yo'lini o'rgatmoqdasan. 22 Bizga ayt-chi, Qaysarga qaramlik solig'i to'lashimiz dinga muvofiqmi, yo'qmi? 23 Iso ularning makkorligini anglab: - Nega Meni sinab ko'rmoqchisizlar-24 Qani, Menga bir dinor ko'rsatinglar! Bu tangadagi surat va yozuv kimniki? - dedi. - Qaysarniki, - javob berdi ular. 25 Iso: - Unday bo'lsa, Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, - dedi. 26 Shunday qilib, xalq oldida aytgan bironta so'zi uchun ham Isoni tuzoqqa tushirolmadilar. Uning javobidan hayron bo'lib, lol qoldilar.
Qiyomat haqida savol
27 O'shanda qayta tirilish bo'lishini inkor etadigan sadduqiylardan ba´zilari kelib, Isoga savol berdilar: 28 - Ey Ustoz! Muso payg'ambarimiz shunday yozib qoldirgan: “Agar xotini bor odam farzandsiz qazo qilsa, ukasi uning xotinini olib, o'z akasiga avlod tiklasin”. 29 Xo'sh, yetti aka-uka bor edi. Birinchisi uylanib, bolasiz o'tib ketdi. 30 Ikkinchisi ham o'sha xotinni olib, o'ldi. 31 Shuningdek, uchinchisi ham, hatto yettinchisigacha hammasi ham o'sha xotinni olib, farzand ko'rmay o'lib ketdilar. 32 Hammasidan keyin xotin ham o'ldi. 33 Xo'sh, qiyomatda u qaysi birining xotini bo'ladi ekan? Chunki u yettoviga ham xotinlik qilgan edi-ku. 34 Iso ularga javoban dedi: - Bu dunyoning bolalari uylanadilar va erga tegadilar. 35 Lekin u dunyoga ketganlar hamda tirilishga sazovor bo'lganlar uylanmaydilar ham, erga tegmaydilar ham. 36 Ular endi o'lim ko'rmaydilar. Ular farishtalar bilan teng bo'lib, qiyomat ahli sifatida Xudoning bolalari bo'ladilar. 37 Muso payg'ambarning o'zi ham yonayotgan buta to'g'risidagi oyatda Xudovandni “Ibrohimning Xudosi, Is´hoqning Xudosi va Yoqubning Xudosi” deb atab, o'liklarning tirilishiga ishora qilgan edi. 38 Zotan Xudo o'liklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Unga nisbatan hamma tirikdir. 39 Shunda ulamolardan ba´zilari: - Ustoz, Sen yaxshi so'zlading, - dedilar. 40 Va Isodan yana biron gap so'rashga botinolmadilar.
Masih kimning o'g'li?
41 Iso ularga dedi: “Nega Masihni Dovudning o'g'li deyishadi? 42 Mana, Dovudning o'zi Zabur kitobida nima degan: 43 “Xudovand mening Rabbimga aytdi: Yovlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha, Sen Mening o'ng tomonimda o'ltirib turgin”. 44 Demak, Dovud Masihni Rabbim deb atagan bo'lsa, qanday qilib Masih Dovudning o'g'li bo'ladi?”
Soxta dindorlikka qarshi ogohlantirish
45 Butun xaloyiq tinglab turganda, Iso o'z shogirdlariga burilib dedi: 46 “Uzun kiyimlar kiyib yurishni va xalq yig'inlarida alik olishni sevadigan, ibodatxonalarda yuqori o'rinni olish va ziyofatlarda to'rda o'tirishni yaxshi ko'radigan ulamolardan ehtiyot bo'linglar! 47 Ular bevalarning uy-joylarini shilib, xo'ja ko'rsinga uzoq duo o'qiydilar. Ana bundaylar og'irroq jazoga mubtalo bo'lg'usidir”.
Beva ayolning xayr-ehsoni
21:1 Iso ma´badning sadaqa qutisiga nazar solib, xayr-ehson tashlab turgan boy odamlarni ko'rdi. 2 Shuningdek, ikki tiyin tashlagan bir kambag'al beva ayolni ham ko'rdi. 3 Shunda Iso dedi: “Sizlarga chinini aytayin, bu kambag'al beva hammadan ko'proq ehson berdi. 4 Chunki bularning barisi o'zlarining ortiqcha pullaridan xudoyi qildi. Ammo bu ayol kamchiligiga qaramasdan, o'zining bor-yo'g'ini tashladi”.
Iso Masih oxirzamon haqida
5 Ba´zi kishilar ma´badning naqadar go'zal toshlar va baxshidalar bilan bezatilgani to'g'risida so'zlashar edilar. Iso esa dedi: 6 - Shunday kunlar keladiki, siz shu yerda ko'rib turgan binolardan biror g'isht butun qolmaydi, hammasi vayron bo'ladi. 7 Ular Isodan so'radilar: - Ustoz, bu ishlar qachon yuz beradi? Bularning sodir bo'lajagini qanday alomatdan bilmoq mumkin? 8 Iso dedi: - Yo'ldan ozmaslik uchun ehtiyot bo'linglar! Zero ko'plar “Bu Menman” va “Vaqt yaqin”, deb Mening nomim ostida keladilar. Ularning orqasidan bormanglar. 9 Urush va isyonlardan darak topganda cho'chimanglar. Chunki bular avvaldan bo'lib o'tishi kerak, lekin darhol so'nggi nihoya kelmaydi. 10 Keyin Iso davom etib ularga dedi: “Xalq xalqqa qarshi, podshohlik podshohlikka qarshi ko'tariladi. 11 Ayrim joylarda shiddatli zilzilalar, qahatchiliklar, o'latlar bo'ladi. Vahimali hodisalar sodir bo'lib, osmonda ajib g'aroyibotlar yuz beradi. 12 Lekin bularning hammasidan burun sizlarni iskanjaga olib, quvg'in qiladilar, diniy hay´atlarga topshirib, zindonlarga tashlaydilar. Mening nomim tufayli sizlarni podshohlar va hokimlar oldiga olib boradilar. 13 Shunda siz fursatdan foydalanib, Men haqda shohidlik qilasizlar. 14 O'zimizni qanday himoya qilamiz, deb oldindan qayg'urmaslikni yuragingizga tugib olinglar. 15 Chunki Men sizlarni og'zi botir qilib, shunday hikmat beramanki, sizlarga qarshi chiqqanlardan birortasi ham fikringizni inkor etolmay, gapsiz-so'zsiz qoladilar. 16 Hatto ota-ona, aka-uka, qarindosh-urug', yor-birodarlaringiz sizni tutib berishadi, ba´zilaringizni esa o'limga topshirishadi. 17 Mening nomim tufayli hamma sizdan nafratlanadi. 18 Biroq boshingizdan bir tola soch ham nobud bo'lmaydi. 19 Sabr-bardosh bilan joningizni saqlab qolasiz”.
Quddusning xarobaligi haqida karomat
20 “Quddusni qo'shinlar qurshab olganini ko'rganda bilingki, shaharning xarob bo'lish vaqti yaqinlashgan. 21 O'shanda Yahudiyada bo'lganlar tog'larga qochsin, shaharning ichida bo'lganlar undan chiqsin, atrof-tevarakda bo'lganlar shaharga aslo kirmasin. 22 Chunki bu kunlar - barcha oyatlar bajo bo'lg'usi intiqom kunlari bo'ladi. 23 U kunlarda homilador va emizuvchi ayollarning holiga voy! Chunki yer yuzini katta musibat chulg'ab olib, bu xalqning boshiga qahr-g'azab yog'adi. 24 Ular qilich damidan o'tkazilib, barcha ellarga asir qilib olib ketiladilar. Yot xalqlarning davroni tugamaguncha, Quddus yot xalqlar tomonidan oyoq osti qilinadi”.
Buyuk musibat va Isoning qayta kelishi
25 “Quyosh, oy va yulduzlarda ajoyib alomatlar paydo bo'ladi. Dengiz shovullab-jo'shib to'lqinlangan sari, yer yuzidagi xalqlar esankirab, ma´yuslikka tushadilar. 26 Odamlar jahonga kelayotgan musibatlarni kutib, qo'rquvdan ado bo'ladilar. Chunki o'shanda samoviy kuchlar larzaga keladi. 27 Nihoyat, bulut ichida, buyuk qudrat va ulug'vorlik ila kelayotgan Inson O'g'lini ko'radilar. 28 Bu voqealar ro'y bera boshlaganda, endi xalos bo'lish vaqt-soatingiz yaqinlashganini bilib, qomatingizni g'oz tutib bosh ko'taringlar”.
Hushyor bo'lib turish haqida
29 Iso ularga bir masalni aytib berdi: “Anjir daraxtiga va daraxtning boshqa turlariga qaranglar: 30 ular yaproq yozayotganini ko'rib, yoz kelib qolganini o'zingiz ham anglaysiz. 31 Xuddi shunga o'xshab, boyagi ishlarning sodir bo'layotganini ko'rganingizda bilingki, Xudoning Shohligi juda yaqindir. 32 Sizlarga chinini aytayin, bu nasl o'tmasdanoq, bularning hammasi sodir bo'lajak. 33 Yeru osmon bitar, lekin Mening so'zlarim bitmas. 34 O'zingizni ehtiyot qiling! Aysh qilib, kayf surib, hayotning tashvishlari ostida bo'g'ilib, yuraklaringizni yog' bosmasin, tag'in u kun nogahon boshga tushib sizni to'rga ilintirmasin! 35 Chunki u kun yer yuzida yashovchi har bir kishini bosib olajak. 36 Shu sababdan doim hushyor bo'linglar. Yuz berguvchi bu musibatlardan omon qolishga kuch topib, Inson O'g'li oldida turishga munosib bo'lmoq uchun doimo ibodat qilinglar”. 37 Iso kunduzi ma´badda ta´lim berar, tunlarini esa shahardan chiqib, Zaytun tog'ida o'tkazar edi. 38 Barcha xalq Isoni tinglamoq uchun ertalabdan ma´badga, Uning huzuriga oqib kelar edi.
Isoni o'ldirish rejasi
22:1 Xamirturushsiz non yopiladigan Fisih bayrami yaqinlashayotgan edi. 2 Oliy ruhoniylar bilan ulamolar xalqdan qo'rqib, Isoni oradan ko'tarish chorasini izlardilar. 3 Shunda o'n ikki havoriydan biri - Yahudo Ishqariyotning ichiga shayton kirib oldi. 4 Yahudo borib, oliy ruhoniylar va ma´bad mirshabboshilari bilan Isoni qanday qo'lga tushirish to'g'risida maslahatlashib oldi. 5 Ular sevinib, unga pul berishga ahd qildilar. 6 Yahudo bunga rozilik berdi va Isoni xalq ko'zidan yashirincha ularning qo'liga tutib berish uchun qulay payt izlaydigan bo'ldi.
So'nggi oqshom va Isoga xiyonat
7 Xamirturushsiz non yeyiladigan va qurbonlik qo'zi so'yiladigan Fisih bayramining qutlug' kuni keldi. 8 Iso Butrus bilan Yuhannoni yuborib: - Boringlar, Fisih bayrami taomini yeyishimiz uchun tayyorgarlik ko'ringlar, - dedi. 9 Ular Isodan so'radi: - Qayerda tayyorlashimizni buyurasan? 10 Iso ularga dedi: - Xo'sh, shaharga kirishingizda ko'zada suv ko'tarib ketayotgan bir odam uchraydi. Ortidan u kiradigan uyga ergashib kiring 11 va uy egasiga shunday denglar: “Ustoz sendan: Shogirdlarim bilan Fisih bayram taomini yeydigan xona qayerda, deb so'rayotir”. 12 Shunda u sizga to'shalgan katta boloxonani ko'rsatadi. O'sha yerda hozirlik ko'ringlar. 13 Shogirdlar borib, xuddi Isoning aytganini topdilar va Fisih taomini tayyorlab qo'ydilar. 14 Ziyofat vaqti yetgach, Iso o'n ikkala havoriy bilan birga dasturxon atrofida joy oldi 15 va ularga dedi: - Men azob chekmasimdan avval bu Fisih taomini sizlar bilan birga yeyishni juda ham orzu qilgandim. 16 Sizlarga aytib qo'yay: bu taom Xudo Shohligida to'la ma´nosini topmaguncha, Men uni boshqa yemayman. 17 Keyin Iso kosani olib, shukrona duosini aytib dedi: - Buni olinglar, o'zaro bo'lishinglar. 18 Sizlarga aytib qo'yay: Xudoning Shohligi amalga oshmaguncha, Men uzum ichkiligini boshqa ichmayman. 19 So'ngra nonni oldi, shukrona duosini aytib sindirdi va shogirdlariga berib: - Bu sizlar uchun fido bo'layotgan Mening tanamdir. Meni eslab turish uchun shunday qilinglar, - dedi. 20 Ovqatlanib bo'lishgach, Iso yana bir bor kosani olib, shunday dedi: - Bu kosa Xudo odamzod ila tuzgan Yangi Ahdni bildiradi. Bu ahd Mening sizlar uchun to'kayotgan qonim evaziga kuchga kiradi. 21 Biroq, Menga xiyonat qiluvchining qo'li ham Men bilan bir dasturxonga cho'zilmoqda. 22 Ha, Inson O'g'li taqdirida bo'lgan yo'ldan ketib boradir. Ammo Unga xiyonat qilguchi kishining holiga voy! 23 - Kim ekan ichimizda bu ishni qiladigan? - deya havoriylar o'zaro surishtira boshladilar.
Hammadan buyuk kim?
24 Havoriylar orasida, bizdan kim eng buyuk deb hisoblanmog'i kerak, degan masala haqida tortishuv ham yuz berdi. 25 Iso ularga dedi: “El-yurt podshohlari o'z xalqlari ustidan hukmronlik qiladilar. Elni boshqaruvchilar olihimmat deb olqishlanadilar. 26 Sizlar esa bunday bo'lmanglar. Aksincha, ichingizda kim katta bo'lsa, eng kichikday bo'lsin. Kim rahbar bo'lsa, xizmatkordek bo'lsin. 27 Qay biri ulug'dir - dasturxonga o'tirganmi, yoki xizmat qilib turganmi? Dasturxonga o'tirgan emasmi? Men esa orangizda bamisoli xizmatkordirman. 28 Sinov chog'larimda Men bilan birga dosh berganlar sizlar bo'ldingiz. 29 Shu sababdan, Otam Menga vasiyat qilgani kabi, Men ham sizga Shohlikni vasiyat qilaman. 30 Siz Mening Shohligim dasturxonida o'tirib yeb-ichasizlar, taxtlarga o'tirib, Isroilning o'n ikki qabilasi ustidan hukmronlik qilasizlar”.
Imondan qaytish vasvasasi
31 Rabbimiz Iso yana dedi: - Simun, Simun! Mana, shayton sizlarni bug'doy kabi g'alvirdan o'tkazishga izn so'radi. 32 Biroq Men, imondan toymagil, deya sen uchun ibodat qildim. Sen bir kun qaytib kelganingda, birodarlaring imonini mustahkamla. 33 Simun Isoga javoban: - Rabbiy! Men Sen bilan zindonga ham, o'limga ham borishga tayyorman! - dedi. 34 Iso dedi: - Senga shuni aytayin, Butrus, bugun xo'roz qichqirmasdan avvaloq sen Meni tanishdan uch marta tonasan.
Hamyon, to'rva, qilich
35 Iso shogirdlariga dedi: - Men sizlarni hamyonsiz, to'rvasiz, choriqsiz yuborganimda, biron narsada kamchiligingiz bormidi? - Hech narsada! - javob berdi ular. 36 Iso ularga shunday dedi: - Biroq endi kimning hamyoni bo'lsa, o'zi bilan olsin. Kimning to'rvasi bo'lsa, yonida ko'tarib yursin. Bo'lmasa, kiyimini sotib qilichga almashtirsin. 37 Sizlarga aytib qo'yay: Tavrotdagi “U jinoyatchilar qatorida turdi”, - degan oyat Menda amalga oshmog'i lozim. Chindan ham, Men to'g'rimda yozilgan barcha oyatlar bajo bo'lmoqda. 38 Shogirdlar: - Rabbiy, ana bu yerda ikkita qilich bor! - deyishdi. - Bas! - dedi Iso.
Isoning bog'dagi ibodati
39 Iso u yerdan jo'nab, odati bo'yicha Zaytun tog'iga chiqib ketdi. Shogirdlari ham Uning orqasidan ketdilar. 40 Bu yerga kelganda, Iso ularga: - Vasvasaga tushmaslik uchun ibodat qila turinglar, - dedi. 41 O'zi ulardan bir tosh otar masofacha nari bordi-da, tiz cho'kib ibodat qila boshladi: 42 - Ey Ota, koshki bu zaqqum kosani Mendan o'tkazib yuborsang! Lekin Men aytgandek emas, Sen aytgandek bo'lsin. 43 Shu orada osmondan bir farishta Isoga zohir bo'lib, Uni quvvatlab turdi. 44 U jon ilinjida yanada hafsala bilan ibodat qildi. Undan chiqqan ter esa yerga tomayotgan qon tomchilariga o'xshar edi. 45 Ibodatdan turib, Iso shogirdlari yoniga keldi. Ularni qayg'udan uxlab yotgan holda ko'rdi. 46 Ularga: - Nega uxlab yotibsizlar? Qani turinglar, vasvasaga tushmaslik uchun ibodat qila turinglar, - dedi.
Isoning hibsga olinishi
47 Iso hali bularni gapirib bo'lmasdan, bir olomon ko'zga ko'rindi. O'n ikki havoriydan Yahudo ismlisi oldinda kelayotib, Isoga yaqinlashdi-da, Uni o'pishga chog'landi. Chunki u: “Men kimni o'psam, U O'sha kishidir”, deb eshlariga aytib qo'ygan edi.48 Iso unga: - Yahudo, sen Inson O'g'liga o'pish bilan xiyonat qilyapsanmi? - dedi. 49 Isoning yonidagilar voqea qayoqqa yo'nalayotganini payqab: - Rabbiy, qilichni ishga solaylikmi? - deyishdi. 50 Ulardan biri esa oliy ruhoniyning qarolini bir urib, o'ng qulog'ini uzib tushirdi. 51 Shunda Iso: - Qo'yinglar, bas! - dedi-da, qarolning qulog'iga qo'l tegizib uni asl holiga qaytardi. 52 So'ng O'ziga ro'para bo'lgan oliy ruhoniylar, ma´bad mirshabboshilari va oqsoqollar tomon qayrilib, dedi: - Sizlar xuddi qaroqchining payiga tushgandek qilichu tayoq bilan Meni olgani kelibsizlar! 53 Lekin har kuni sizlar bilan birga ma´badda bo'lganimda Menga qo'l tegizmadinglar. Biroq endi zamon sizniki, endi zulumot hukmron.
Butrusning Isodan tonishi
54 Isoni ushlab, bosh oliy ruhoniyning uyiga olib bordilar. Butrus esa uzoqdan ularga ergashib keldi. 55 Hovlining o'rtasida olov yoqib birga o'tirishganda, Butrus ham u kishilarning orasiga o'tirdi. 56 Bir oqsoch Butrusning olov yonida o'tirganini ko'rib, unga tikilib qaradi-da: - Bu odam ham U bilan birga bo'lgan! - dedi. 57 Lekin Butrus u ayolga: - Ey singlim, men Uni tanimayman! - deb inkor etdi. 58 Bir ozdan keyin boshqa bir odam Butrusni ko'rib: - Sen ham ulardan birisan-ku! - dedi. Lekin Butrus unga ham: - Ey birodar, men ulardan emasman! - dedi. 59 Biron soat o'tgandan so'ng yana kimdir: - Haqiqatan bu odam ham U bilan birga bo'lgan, asli u ham jalilalik, - dedi komil ishonch bilan. 60 Lekin Butrus: - Birodar, o'zi nima deyapsan? - dedi unga ham. Shu zahoti, u gapini tugatmasdanoq, xo'roz qichqirdi. 61 Rabbimiz Iso Butrusga qayrilib, unga ko'zini tikdi. Shunda Butrus Rabbimizning unga: “Bugun xo'roz qichqirmasdan, sen Mendan uch marta tonasan”, - degan so'zini esladi. 62 Va tashqariga chiqib, achchiq-achchiq yig'ladi. 63 Isoni ushlab turgan odamlar esa Uni haqoratlab ura boshladilar. 64 Uning ko'zlarini bog'lab, yuziga shapaloqlar tortib: - Qani karomatingni ko'rsat-chi, Seni kim uryapti ekan? - deb so'rashdi Undan. 65 Yana ancha kufr so'zlar bilan Uni tahqirladilar.
Iso yahudiylarning Oliy Kengashi oldida
66 Tong otgach, xalq oqsoqollari va oliy ruhoniylar bilan ulamolar to'planib, Isoni o'zlarining Oliy Kengashi o'tkaziluvchi mashvaratxonalariga keltirdilar. 67 - Sen Masihmisan? Bizlarga ochig'ini ayt! - deyishdi Uni so'roq qilib. Iso ularga shundoq dedi: - Sizlarga aytsam, ishonmaysizlar. 68 Sizlarga savol bersam, javob bermaysiz, Meni ozod ham qilmaysizlar. 69 Biroq bundan buyon Inson O'g'li Qodir Tangrining o'ng tomonida o'ltirajak. 70 Shunda hamma birdaniga: - Demak, Sen Xudoning O'g'limisan? - deb so'rashdi. - O'sha Men ekanimni o'zingiz aytdingizlar, - dedi ularga Iso. 71 Shunda ular: - Bizga yana qanday guvohlik kerak? O'z og'zidan o'zimiz eshitdik, axir! - deyishdi.
Iso hokim Pilat oldida
23:1 Butun Kengash a´zolari turib, Isoni Pilatning oldiga keltirdilar. 2 Ular ayblovni boshlab: - Biz bu Odam xalqimizni yo'ldan ozdirayotganini aniqladik. U Qaysarga soliq to'lashni man etib, O'zini O'zi Masih, ya´ni podshoh deb aytmoqda, - dedilar. 3 Pilat Isodan: - Sen yahudiylarning Podshohimisan? - deb so'radi. Iso unga javob berib: - O'zing aytyapsan, - dedi. 4 Pilat oliy ruhoniylarga va xalq yig'iniga xitoban: - Men bu Odamda hech qanday ayb ko'rayotganim yo'q, - dedi. 5 Lekin ular qattiq turib: - Jaliladan tortib shu yergacha - butun Yahudiya bo'ylab ta´limotini yoyib, xalqni g'alayonga solmoqda, - dedilar. 6 Pilat Jalila so'zini eshitgach: - Bu Odam jalilalikmi? - deb so'radi. 7 Isoning Hirod hukumati doirasidan ekanini bilgach, Uni shu kunlarda Quddusda turgan Hirodning qoshiga yubordi.
Iso hokim Hirod oldida
8 Hirod Isoni ko'rib juda kayfi chog' bo'ldi. Chunki U haqda xabardor bo'lib, anchadan beri Uni ko'rmoqchi bo'lgan, U qilgan biron-bir mo'jizani o'z ko'zi bilan ko'rishni umid qilib yurgan edi. 9 Shunday qilib, Unga ancha savollar berdi. Biroq Iso unga hech bir javob qaytarmadi. 10 Atrofda turgan oliy ruhoniylar va ulamolar esa Uni shiddat bilan qoraladilar. 11 Hirodning o'zi ham askarlari bilan birga Isoni kamsitib masxara qildi-da, Unga shohona chopon kiydirib, Pilatning oldiga qaytarib yubordi. 12 Bu hodisadan avval bir-biriga adovatda bo'lgan Hirod va Pilat o'sha kuni do'stlashdilar.
Isoni mahkum qilish
13 Pilat esa oliy ruhoniylar, boshliqlar va xalqni bir yerga chaqirib, 14 ularga dedi: - Sizlar bu Odamni xalqni yo'ldan ozdirishda ayblab oldimga olib keldinglar. Ammo men Uni o'z ko'zlaringiz oldida tekshirib ko'rsam-da, sizlar qo'yayotgan ayblarning birontasini ham Undan topmadim. 15 Men Uni Hirodning oldiga yubordim, Hirod ham hech nima topolmadi. Xullas, Unda o'limga loyiq biror-bir ayb topilmadi. 16 Binobarin, Uni bir kaltaklab bo'shatib yuboraman. 17 Pilat ayni har bayramda bir mahbusni ozod qilishiga to'g'ri kelar edi. 18 Xaloyiq esa bir og'izdan: - Unga o'lim! Bizlarga Barabbani chiqarib yubor! - deb baqira ketishdi. 19 Barabba esa shaharda yuz bergan isyonga aralashib qotillik qilganligidan zindonga tashlangan edi. 20 Pilat Isoni bo'shatib yubormoqchi bo'lib, yana bir bor xaloyiqqa xitob etdi. 21 Lekin ular: - Uni xochga mixlab qo'y! Xochga! - deb qichqirdilar. 22 Pilat uchinchi marta ularga xitoban: - U axir nima yomonlik qildi? Men Unda o'limga loyiq biror-bir ayb topganim yo'q. Shunday ekan, men Uni bir kaltaklab bo'shatib yuborayin, - dedi. 23 Biroq ular ovozlari boricha qichqirishda davom etib, Isoni xochga mixlashni qattiq turib talab qildilar. Nihoyat xaloyiq va oliy ruhoniylarning baqiriq-chaqiriqlari ustun keldi 24 va Pilat ularning talabiga ko'ndi. 25 Ular so'rab turgan, isyonchiligi va qotilligi uchun zindonga solingan odamni ozodlikka chiqarib, Isoni esa ularning ixtiyoriga topshirdi.
Isoni xochga mixlash
26 Isoni olib chiqayotganlarida, daladan kelayotgan Simun ismli kirineyalik bir odamni ushlashdi-da, Isoning orqasidan ko'tarib borish uchun xochni unga yuklashdi. 27 Juda ko'p xaloyiq, jumladan Isoga yig'i qilib ko'ksiga urayotgan talay xotin-qizlar Uning orqasidan ergashib bordi. 28 Iso ularga qarab: - Ey Quddus qizlari! - dedi. - Men uchun yig'lamanglar, aksincha, o'zingiz va bolalaringiz uchun yig'langlar. 29 Zero shunday kunlar keladiki: “Tug'magan ayollar, bepusht qorinlar, bola emizmagan ko'kraklar baxtlidir”, - deb aytishadi. 30 O'shanda tog'larga: “Ustimizga qulang!”, tepaliklarga esa: “Bizni bosib qoling!” - deb aytishadi. 31 Yam-yashil og'ochga bunday qilishsa, qurigan og'ochga ne qilishar ekan? 32 Iso bilan birga ikki jinoyatchini ham o'limga olib bordilar. 33 Boshsuyagi degan joyga kelganlarida, Isoni hamda o'ng va so'l tomonida ikkala jinoyatchini xochga mixlab qo'ydilar. 34 Iso: - Ey Ota! Ularni kechirgin, ular nima qilayotganini bilmaydilar, - der edi. Askarlar qur´a tashlab, Isoning kiyimlarini bo'lib ola boshladilar. 35 Xaloyiq tomosha qilib turdi. Ular bilan birga boshliqlar ham Isoning ustidan hiringlashib: - Boshqalarni qutqarar edi. Modomiki U Xudoning arzandasi - Masih ekan, qani O'zini O'zi qutqarsin-chi! - deyishardi. 36 Askarlar ham Unga sirka ichirgani yaqinlashib: 37 - Agar Sen yahudiylarning Podshohi bo'lsang, O'z-o'zingni qutqar-chi! - dedilar istehzo bilan. 38 Isoning boshi uzra yunon, lotin va ibriy tillarida “Yahudiylarning Podshohi budir” - degan yozuv bor edi. 39 Osilgan jinoyatchilardan biri: - Agar Sen Masih bo'lsang, qani O'zingni va bizlarni ham qutqar, - deb Isoni kufr etdi. 40 Ikkinchisi esa unga ta´na qilib: - Sen ham ayni jazoga mahkum bo'lib, Xudodan qo'rqmaysanmi? 41 Mana bizlar qilmishimizga yarasha odilona jazo oldik. U esa hech qanday yomonlik qilgani yo'q, - dedi. 42 Keyin Isoga: - Yo Rabbiy, Shohligingga kirganingda meni eslagin! - dedi. 43 Iso unga dedi: - Senga chindan aytamanki, bugunning o'zida sen Men bilan birga jannatda bo'lasan.
Isoning jon berishi
44 Tush chamasida quyosh qorayib, butun yerni soat uchgacha davomli zulmat qopladi. 45 Ma´baddagi parda o'rtasidan yirtilib ketdi. 46 Iso baland ovoz bilan faryod qildi: - Ota! Ruhimni Sening qo'llaringga topshiryapman. Shunday dedi-da, jon taslim qildi. 47 Voqeani ko'rib turgan yuzboshi Xudoni ulug'lab: - Haqiqatan ham, bu solih Odam ekan, - dedi. 48 Tomoshaga to'plangan butun xaloyiq sodir bo'lgan voqealarni ko'rib, ko'ksiga ura-ura qaytib ketdi. 49 Isoni bilganlarning bari, shu jumladan, Jaliladan Unga ergashib kelgan ayollar uzoqda turgancha, bu hodisotni kuzatdilar.
Isoni dafn qilish
50 Kengash a´zolaridan Yusuf ismli yaxshi va solih bir kishi bor edi. 51 U yahudiylarning Arimateya shahridan bo'lib, Xudo Shohligiga ko'z tikib yurar edi. U Kengashning qarorida ham, ishida ham ishtirok etmagan edi. 52 Yusuf Pilatning oldiga borib Isoning jasadini so'radi. 53 So'ng Uni xochdan tushirib olib kafanladi va qoyada o'yilgan, hali ichiga kimsa qo'yilmagan bir qabrga qo'ydi. 54 U kun juma bo'lib, dam olish vaqti boshlanishiga sal qolgan edi. 55 Jaliladan Iso bilan birga kelgan ayollar ham ergashib borib, qabrni va Jasad qanday qo'yilganini ko'rdilar. 56 Qaytib kelganlaridan so'ng, atirlar va xushbo'y yog'lar tayyorladilar. Shanba kuni esa ilohiy amr bo'yicha orom oldilar.
Iso Masihning tirilishi
24:1 Yakshanba kuni erta tongda ayollar tayyorlab qo'ygan atirlarini olib qabrga keldilar. Ular bilan birga boshqa bir necha ayollar ham bor edi.2 Ular qabr og'zidagi toshni ag'darilgan holda ko'rdilar. 3 Ichkariga kirib, Rabbimiz Iso jasadini topmadilar. 4 Ular bundan gangib turganda, birdan oldilarida yaltiroq kiyim kiygan ikki zot paydo bo'ldi. 5 Ayollar vahimadan boshlarini yerga egib turishdi. U zotlar ularga: - Nega siz tirikni o'liklar orasidan izlayapsizlar? - deyishdi. 6 - U bu yerda yo'q, U qaytadan tirilib ketdi. Hali Jalilada ekanidayoq aytganlarini eslangiz. 7 U sizga: “Inson O'g'li gunohkor odamlar qo'liga tutib berilajak, xochga mixlanajak, uchinchi kuni esa qaytadan tirilajak”, - degan edi-ku. 8 Ayollar Isoning bu so'zlarini esladilar. 9 Qabrdan qaytib borib, bu haqda o'n bir havoriyga va bo'lak barchaga ma´lum qildilar. 10 Havoriylarga bu xabarni yetkazganlar - magdalalik Maryam, Yo'anna, Yoqubning onasi Maryam va ular bilan birga bo'lgan boshqa ayollar edi. 11 Biroq bu so'zlar havoriylarga quruq gap tuyulib, ayollarga ishonmadilar. 12 Butrus esa o'rnidan turib, qabr tomon yugurdi. Ichkariga engashib qarab, u yerda faqat kafanning o'zinigina ko'rdi. Yuz bergan voqeadan hayratga tushib, ortiga qaytdi.
Isoning yo'ldagi ikki shogirdiga ko'rinishi
13 Xuddi shu kuni shogirdlardan ikkisi Quddusdan bir tosh uzoqlikdagi Yommaus degan qishloqqa borishar edi. 14 Ro'y bergan bu hodisotlardan o'zaro gaplashib ketdilar. 15 O'zaro so'zlashib va bahslashib borishar ekan, Isoning O'zi ularga yaqinlashib, hamrohlik qildi. 16 Lekin ularning ko'zlari Uni tanimoqqa ojiz edi. 17 Iso ulardan: - Sizlar o'zaro nimalar haqida tortishib boryapsiz? Nega yuzingiz g'amgin? - deb so'radi. 18 Shogirdlardan Kleopa degani Unga javob berdi: - Nahotki Quddusga kelganlar orasida shu kunlarda bu yerda sodir bo'lgan hodisalardan bir O'zing bexabar bo'lsang? 19 - Qaysi hodisalar? - so'radi Iso. - Xudo va butun xalqning oldida qudratli ishi va so'zi bilan tanilgan nosiralik Iso payg'ambar haqidagi hodisalar-da, - deyishdi Unga. 20 - Bizning oliy ruhoniylar bilan boshliqlarimiz o'lim jazosini talab qilib, Uni xochga mixlatdilar. 21 Biz Uni Isroilni xalos qiladigan Najotkor deb o'ylab, umidvor bo'lgandik. Buning ustiga-ustak, bu hodisalar sodir bo'lganiga bugun uchinchi kun bo'ldiki, 22 bizning ayrim ayollarimiz bizni hayratda qoldirishdi. Ular erta bilan qabrga borib, 23 Uning jasadini topolmay kelishdi. Ular hatto: farishtalarni ko'rdik, deb aytishdi. Farishtalar ularga: “Iso tirik”, - deyishibdi. 24 Shunda oramizdan ba´zi odamlar qabrga borib, xuddi ayollar aytganlarining shohidi bo'lishibdi, Isoning O'zini esa ko'rishmabdi. 25 Iso ularga: - Ey farosatsizlar! Barcha payg'ambar so'zlariga ishonchi sust odamlar! 26 Masih O'z ulug'vorligiga erishmoq uchun shu azoblarni boshdan kechirmog'i kerakmasmidi? - dedi. 27 Shunday qilib, Iso Muso payg'ambardan tortib, barcha payg'ambar kitoblarida O'zi haqida yozilgan oyatlarning hammasini ularga tushuntira boshladi. 28 Nihoyat, o'sha borayotgan qishloqqa yaqinlashdilar. Iso O'zini yo'li davom etadigan qilib ko'rsatdi. 29 Lekin ular Unga: - Biz bilan birga qol, chunki kun botay deb qoldi, endi kech kira boshladi, - deb Uni qistashdi. Iso ular bilan birga qolgani ichkariga kirdi. 30 Ular bilan birga dasturxon yonida o'tirganda, nonni olib shukrona duosini aytdi va nonni sindirib ularga berdi. 31 Shundagina ularning ko'zlari ochilib, Uni tanib qolishdi. Biroq Iso shu onda ko'zdan g'oyib bo'ldi. 32 Shogirdlar bir-biriga: - U yo'lda biz bilan gaplashib, oyatlarni tushuntirayotganida, ko'nglimizga iliqlik yugurmaganmidi, axir! - dedilar. 33 Shu zahoti o'rinlaridan turib, Quddusga qaytib bordilar. O'n bir havoriyni va ular bilan to'planib turganlarni topdilar. 34 Ular kelganlarga: - Rabbimiz haqiqatan tirilib kelgan, U Simunga zohir bo'libdi-ku, - dedilar. 35 Kelganlar ham yo'ldagi voqealarni, Iso nonni sindirayotganda Uni qanday tanib qolganliklarini aytib berdilar.
Isoning shogirdlariga zohir bo'lishi
36 Ular hali bu xususda so'zlashayotganda, Isoning O'zi o'rtalarida zohir bo'ldi. - Sizlarga tinchlik bo'lsin! - dedi. 37 Shogirdlar o'takasi yorilganday bo'lib, arvoh ko'ryapmiz, deb o'yladilar. 38 Lekin Iso ularga dedi: - Nega buncha hayajonlanmoq? Nechun ko'nglingizda buncha gumonlar tug'ilyapti? 39 Qo'llarimga va oyoqlarimga qaranglar, bu Mening O'zim. Meni ushlab ko'ringlar. Menda ko'rib turganingizdek arvohning etu ustuxoni bo'lmaydi-ku, axir! 40 Shunday deb, Iso qo'l-oyoqlarini ularga ko'rsatdi. 41 Shogirdlar sevinchidan taajjublanib hali ishonmayin turganlarida, Iso ulardan so'radi: - Bu yerda yeydigan biron narsangiz bormi? 42 Ular Unga bir parcha qovurilgan baliq va bir oz mumli asal berishdi. 43 Iso buni olib, ularning ko'zlari oldida yedi. 44 So'ngra ularga: - Men hali sizlar bilan birga bo'lganimda, Men haqimda Muso Qonunida, Payg'ambarlar va Zabur kitoblarida hamma yozilganlar bajo kelishi kerak, deb aytgan edim-ku. Mana shu bo'lib-o'tganlarga to'g'ri keladi, - dedi. 45 Keyin oyatlarni anglamoq uchun shogirdlarining zehnini ochib yubordi 46 va ularga yana dedi: - Mana shu yozilganlarga ko'ra, Masih azob chekishi va uchinchi kuni esa qayta tirilishi kerak edi. 47 Shuningdek, Quddusdan boshlab barcha xalqlar Uning nomi bilan tavba-tazarruga chaqirilmog'i va gunohlari kechirilishi e´lon qilinmog'i ham lozim. 48 Sizlar esa bu ishlarga guvoh bo'lajaksiz. 49 Endi Men Otamning bergan va´dasini sizlarga yuboraman. Ammo yuqoridan bu qudratni olmaguningizcha, Quddus shahrida qola turinglar.
Isoning osmonga ko'tarilishi
50 Keyin Iso shogirdlarini shahardan tashqariga, Baytaniya yaqinlarigacha olib chiqdi-da, qo'llarini ko'tarib ularni duo qildi. 51 Duo qilayotib, ulardan uzoqlashgancha osmonga ko'tarildi. 52 Shogirdlar esa Unga sajda qildilar va katta sevinch ila Quddusga qaytib bordilar. 53 Xudoga hamdu sanolar aytib, doimo ma´badda bo'ldilar. Omin.