Yahyo payg'ambarning kelishi
1:1 Injil, ya´ni Xudoning O'g'li - Iso Masih haqidagi Xushxabar shu bilan boshlanadi. 2 Isha´yo payg'ambarning kitobida yozilganki: “Men Sendan avval elchimni yuborarman, U Sening oldingda yo'l hozirlab yurar. 3 Cho'l-biyobonda nido yangramoqda: Xudovand yo'lini tayyorlangiz, Ravon aylangiz so'qmoqlarin! - deya”. 4 Bu oyat xuddi Yahyo payg'ambarga to'g'ri keladi. U cho'lda paydo bo'lib, xalqni imonga chaqira boshladi. “Gunohlaringiz kechirilishi uchun tavba-tazarru qilinglar va suvga cho'mib imon keltiringlar”, - deb e´lon qilardi. 5 Shunda butun Yahudiya yurti bo'ylab yashovchilar va barcha quddusliklar Yahyoning oldiga chiqar, gunohlariga iqror bo'lar va Yahyoning buyrug'i bilan daryoga cho'mib imon keltirar edilar. 6 Yahyo tuya junidan kiyim kiyib, beliga teridan kamar bog'lab, chigirtkayu yovvoyi asal bilan ovqatlanardi. 7 U xalqqa shunday deb e´lon qilardi: “Orqamdan mendan ham Qudratlisi kelmoqda. Men engashib Uning choriq iplarini yechishga ham arzimayman. 8 Men sizlarni suvgagina cho'mdirib yuribman, U esa sizlarni Muqaddas Ruhga cho'mdiradi”.
Isoning Xudo tomonidan tasdiqlanishi
9 O'sha kunlari Iso Jalilaning Nosira shahridan keldi, Yahyo Uni O'rdun daryosiga cho'mdirdi. 10 Iso suvdan chiqishi bilanoq osmon ochilib, Muqaddas Ruh kaptarday uchib Isoning boshiga qo'ngani ko'rildi. 11 Osmondan esa: “Sen Mening sevikli O'g'limsan, Sendan mamnunman”, - degan sado eshitildi.
Isoning vasvasaga solinishi
12 Muqaddas Ruh Isoni darhol cho'lga haydab ketdi. 13 Iso cho'lda qirq kun bo'lib, shayton tomonidan vasvasaga solindi. U hayvonlar bilan birga yashar, farishtalar esa Unga xizmat qilishardi. 14 Yahyo qamab qo'yilgandan so'ng, Iso Jalilaga qaytdi. U Xudoning Shohligi haqida Xushxabar tarqatdi. 15 “Vaqt-soati keldi, Xudoning Shohligi yaqinlashib qoldi. Tavba qilinglar, Injilga imon keltiringlar!” - deb e´lon qilib yurdi.
Isoning dastlabki shogirdlari
16 Iso Jalila ko'li bo'yidan o'tayotib, ko'lga to'r tashlab o'tirgan Simun va uning ukasi Idrisni ko'rib qoldi. Ular baliqchi edilar. 17 Iso ularga: - Mening ketimdan yuringlar, Men sizlarni inson ovchilari qilaman, - dedi. 18 Ular esa darhol to'rlarini tashlab, Isoning ortidan yurishdi. 19 Iso u yerdan bir oz nari yurgach, Zabadiy o'g'illari Yoqub va uning ukasi Yuhannoni ko'rib qoldi. Ular qayiqda to'rlarini yamab o'tirishgan edi. 20 Iso shu onda ularni ham chaqirdi. Ular esa otalari Zabadiyni ishchilar bilan qayiqda qoldirib, Isoning orqasidan yurishdi.
Ibodatxonadan yomon ruhni quvib chiqarish
21 Ular Kafarnahum shahriga kirib kelishdi. Juma kuni kech kirgach, Iso yahudiy ibodatxonasiga borib, ta´lim bera boshladi. 22 Xaloyiq Isoning ta´limotiga hayron qoldi. Chunki U odamlarga ulamolar kabi emas, balki qudratli kuch egasiday ta´sirchan ta´lim berar edi. 23 O'sha ibodatxonada yomon ruhga chalingan bir odam bor edi. U to'satdan qichqirib yubordi: 24 - Ey nosiralik Iso! Bizda nima ishing bor? Sen bizni halok qilgani keldingmi? Sening kimligingni bilaman, Sen Xudoning Azizisan! 25 Biroq Iso yomon ruhga do'q urib: - Jim bo'l va undan chiqib ket! - dedi. 26 Yomon ruh u odamni larzaga soldi-da, ovozi boricha baqirib, uning vujudidan chiqib ketdi. 27 Hammani vahima bosdi. O'zaro fikr yuritib: - Bu nima gap? Bu qanaqa yangi ta´limot ekan? U yomon ruhlarga ham qudrat bilan buyuradi, ruhlar esa Unga bo'ysunadi! - deyishdi. 28 Shunday qilib, Iso haqidagi shov-shuv tezda butun Jalila yurtiga yoyilib, yon-atrofga ovoza bo'ldi.
Isoning ko'plarni sog'aytirishi
29 Ibodatxonadan chiqqan hamon Iso O'zi bilan Yoqub va Yuhannoni olib, Simun va Idrisning uyiga borishdi. 30 Simunning qaynonasi isitmalab yotgan edi. U haqda Isoga aytib qolishdi. 31 Iso ayolning yoniga borib, qo'lidan ushlab ko'tardi. Shu zahoti isitma tushdi va ayol xizmatga tutindi. 32 Quyosh botib, kech kirgan paytda, barcha kasallar va jinga chalinganlarni Isoning oldiga olib kela boshlashdi. 33 Butun shahar aholisi eshik oldiga yig'ilib qoldi. 34 Iso talay dardu illatlardan qiynalganlarni sog'aytirdi. Ko'p jinlarni quvib chiqardi, ularning so'zlashiga esa imkon bermasdi. Chunki jinlar Isoning Masihligini bilar edilar.
Isoning voizlik va shifokorlik safari
35 Ertalab Iso juda barvaqt turdi va shahardan tashqariga, xilvat joyga borib, ibodat qildi. 36 Simun va uning jo'ralari Isoning orqasidan borishdi. 37 Isoni topib: - Hamma Seni izlayapti-ku! - deyishdi. 38 Iso ularga: - Yaqin atrofdagi qishloq va shaharlarga boraylik, Men u yerlarda ham voizlik qilayin, chunki Men ana shu maqsad uchun kelganman, - dedi. 39 Shunday qilib, Iso butun Jalila yurtini kezib chiqib, mahalliy ibodatxonalarda voizlik qilar va jinlarni quvib chiqarar edi.
Isoning moxovni sog'aytirishi
40 Bir moxov Isoga yaqinlashib, Uning oldida tiz cho'kkancha yalindi: - Agar istasang, meni moxovlikdan pok qila olasan. 41 Isoning unga rahmi kelib, qo'lini uzatdi va unga tegizib: - Istayman, pok bo'l! - deb qo'ydi. 42 Buni aytar-aytmas, u odamning moxovligi arib, pok-pokiza bo'lib ketdi. 43 Iso esa unga jiddiy tanbeh berib: 44 - Menga qara! Hech kimga hech narsa aytma, lekin borib ruhoniyga ko'rin va sog'ayganingni tasdiqlat, bundan dalolat bo'lishi uchun Muso payg'ambar buyurgan qurbonliklarni keltirib ber, - dedi-da, uni darhol jo'natib yubordi. 45 U kishi chiqiboq, ro'y bergan hodisa haqida hamma yoqqa e´lon qila boshladi. Natijada Iso endi biror shaharga ochiq kirolmaydigan bo'lib qoldi. U shahardan tashqarida, xilvat joylardagina bo'lardi. Shunga qaramay, xaloyiq har tomondan Uning oldiga kelar edi.
Isoning sholni sog'aytirishi
2:1 Bir necha kundan keyin Iso yana Kafarnahum shahriga keldi. Uning uyda ekanligi ma´lum bo'lgach, 2 tezda ko'p xaloyiq to'plandiki, hatto eshik oldida ham joy qolmadi. Iso esa xalqqa Xudoning so'zini aytardi. 3 Shu orada to'rt kishi ko'tarib kelayotgan bir shol odamni Uning oldiga olib kelishdi. 4 Xalq ko'pligidan Isoga yaqinlashish imkonini topolmay, ular Iso o'tirgan uyning tomini teshib tuynuk ochishdi va sholni to'shagi bilan tushirishdi. 5 Iso ularning ishonchini ko'rib, sholga: - Bolam, gunohlaring kechirildi, - dedi. 6 Bu yerda ba´zi ulamolar o'tirgan edilar. Ular o'zlaricha: 7 “Nega U bunday shakkoklik qilyapti? Gunohlarni yolg'iz Xudodan boshqa kim ham kechira oladi?” - deb o'ylar edilar. 8 Iso shu onda ularning mulohazalarini ruhan payqab, ularga dedi: - Nega sizlar dillaringizda bunday mulohaza qilyapsizlar? 9 Nima osonroq? Sholga: “Gunohlaring kechirildi”, deb aytishmi, yoki: “O'rningdan tur, to'shagingni olib yur”, deb aytishmi? 10 Lekin Inson O'g'lining yer yuzida gunohlarni kechirish qudrati borligini ham bilib qo'yinglar! U shunday dedi-da, sholga qarab: 11 - Senga aytaman, o'rningdan tur, to'shagingni olu, uyingga ket! - dedi. 12 Shol shu ondayoq o'rnidan turib ketdi-yu, to'shagini ko'tarib, hammaning ko'z oldida chiqib ketdi. Barcha hayratga tushdi. - Biz hech qachon bunday holni ko'rmagan edik! - deb Xudoni olqishlar edilar.
Isoning Leviyni chaqirishi
13 Iso yana ko'l bo'yiga chiqdi. Tumonat xaloyiq Uning oldiga to'plandi. Iso ularga ta´lim berdi. 14 U yerdan o'tayotib, Iso soliq yig'adigan joyda o'tirgan Alfey o'g'li Leviyni ko'rib qoldi. - Mening orqamdan yur! - dedi unga Iso. Leviy esa o'rnidan turib, Isoning orqasidan ergashdi. 15 Keyin Iso Leviyning uyida mehmon bo'lib o'tirdi. Iso va shogirdlaridan boshqa ko'p soliqchilar va har xil gunohkor odamlar ham yeb-ichib o'tirardi. Bular singari Isoga ergashuvchi odamlar ko'p edi. 16 Iso soliqchilar va gunohkorlar bilan birga yeb-ichib o'tirganini ulamolar va farziylar ko'rib, Uning shogirdlariga: - Bu qanday gap? U soliqchilaru gunohkorlar bilan birga yeb-ichib o'tiribdi-ku! - deyishdi. 17 Iso buni eshitib, shunday javob berdi: - Sog'lar emas, bemorlar tabibga muhtojdir. Men taqvodorlarni emas, gunohkorlarni tavbaga chaqirgani kelganman.
Ro'za tutish haqida savol
18 Yahyoning ham, farziylarning ham shogirdlari ro'za tutayotgan edilar. Ular Isoning yoniga kelib: - Nega Yahyoning shogirdlari va farziylarning shogirdlari ro'za tutadi-yu, Sening shogirdlaring tutmaydi? - deb so'rashdi. 19 Iso ularga dedi: - Kuyov davrada bo'lgan vaqtda to'y ahli ro'za tuta olarmikin? Yo'q, kuyov ular bilan birga bo'lguncha, ro'za tuta olmaydilar. 20 Biroq kuyov ulardan judo bo'ladigan kunlar keladi, ana o'shanda ro'za tutadilar. 21 Hech kim yangi matodan yamoq qilib, eski kiyimga solmaydi. Aks holda, yangi yamoq eski kiyimdan so'kilib ketadi va yirtiq battar yomon bo'ladi. 22 Shuningdek, hech kim yangi sharobni eski meshga quymaydi. Aks holda, yangi sharob meshni yirtadi, sharob to'kiladi va mesh ham nobud bo'ladi. Illo, yangi sharobni yangi meshga quymoq darkor.
Dam olish kuniga rioya qilish haqida
23 Bir shanba kuni Iso g'alla dalasidan o'tayotgan edi. Uning shogirdlari yo'l-yo'lakay boshoqlarni uza boshlashdi. 24 Buni ko'rgan farziylar Isoga: - Qara, nega ular dam olish kunida taqiqlangan ishni qilishyapti? - deyishdi. 25 Iso ularga dedi: - Nahotki sizlar Dovud bilan hamrohlari och qolib muhtoj bo'lganda nimalar qilishganini hech qachon o'qimagan bo'lsangiz? 26 Dovud oliy ruhoniy Aviatar zamonida Xudoning uyiga kirib, faqat ruhoniylargina yeyishi mumkin bo'lgan baxshida nonlarni yeb, hamrohlariga ham bergan edi. 27 Keyin Iso davom etdi: - Inson dam olish kuni uchun emas, balki dam olish kuni inson uchun yaratilgan. 28 Binobarin, Inson O'g'li dam olish kunining ham hokimidir.
Iso qo'li shol odamni davolashi
3:1 Iso yana ibodatxonaga kirdi. U yerda qo'li shol bir odam bor edi. 2 U bu odamni dam olish kunida ham sog'aytirarmikan, deb Isoni zimdan kuzatib turishdi. 3 Iso qo'li shol odamga: - O'rtaga chiq! - dedi. 4 So'ng xaloyiqdan so'radi: - Dam olish kunida yaxshilik qilish lozimmi yoki yomonlik? Jonni xalos qilish kerakmi, yoki halok? Ular esa indamadi. 5 Iso odamlarning bunday bag'ri toshligidan qayg'urib, atrofga g'azab bilan qaragancha, u odamga: - Qo'lingni uzat! - dedi. U odam qo'lini uzatishi bilanoq, tuzalib ketdi. 6 Farziylar esa darrov tashqariga chiqib, Isoni halok qilish chorasini topmoq uchun Hirodchilar bilan til biriktirishdi.
Ko'l bo'yidagi olomon
7 Iso shogirdlari bilan ko'l tomon jo'nadi. Jalila va Yahudiyadan chiqqan katta bir olomon Unga ergashardi. 8 Quddus va Idumeyadan, O'rdun naryog'idagi yurtlardan, shuningdek, Tir va Sido'n sohillaridan kelgan tumonat xaloyiq Isoning qilayotgan ishlarini eshitib, Uning oldida tirband bo'lib qolgan edi. 9 Iso odam ko'pligidan siqilib qolmay, deb shogirdlariga qayiq tayyorlab qo'yishni aytdi. 10 Chunki ko'plar shifo topayotgan edi va hamma dardlilar qo'l tegizish ilinjida Iso tomon yopirilar edilar. 11 Yomon ruhlar esa Isoni ko'rgan paytda Uning oldiga yiqilib: “Sen Xudoning O'g'lisan”, - deb baqirib yuborishardi. 12 Ammo Iso O'zini oshkor qilib qo'ymasliklari uchun ruhlarni qattiq tanbehlab qo'yardi.
Iso o'n ikki shogirdini tanlashi
13 Shundan so'ng Iso toqqa chiqib, shogirdlaridan O'zi istaganlarini yoniga chaqirdi. Ular kelgach, 14 Iso ularni voizlik qilishga, kasallarni sog'aytirish va jinlarni quvib chiqarishga yubormoqchi bo'lib, kuch-qudrat egasi qildi. Iso doim O'zi bilan birga bo'lish uchun quyidagi o'n ikki shogirdini tayinladi: 16 unga Butrus deb laqab qo'ygan Simun, 17 Bani-ragash, ya´ni “Momaqaldiroq o'g'illari” deb laqab qo'ygan Zabadiy o'g'illari Yoqub va Yuhanno, 18 yana Idris, Filip, Bartolmey, Matto, To'ma, Alfey o'g'li Yoqub, Taddey, vatanparvar Simun 19 va Isoga xiyonat qilgan Yahudo Ishqariyot.
Iso va shayton
20 Shundan so'ng uyga keldilar. Yana shunchalik ko'p xaloyiq to'plangan ediki, hatto non yeyishga vaqtlari bo'lmadi. 21 Isoning yaqinlari buni eshitib, - U aqldan ozib qolibdi, - deb olib kelishga bordilar. 22 Quddusdan kelgan ulamolar esa: - Uni shayton urgan, U ins-jinslarning boshlig'i shayton kuchi bilangina jinlarni quvib chiqaryapti, - deyishdi. 23 Shunda Iso ularni yoniga chaqirib, masal bilan so'zlay boshladi: - Qanday qilib shayton shaytonni quvib chiqara oladi? 24 Agar bir podshohlik o'z ichidan bo'linib ketsa, u podshohlik turolmaydi. 25 Bir xonadon o'z ichidan bo'linib ketsa, u xonadon turolmaydi. 26 Agarda shayton o'z-o'ziga qarshi chiqib bo'lingan bo'lsa, u tura olmaydi, balki uning kuni bitadi. 27 Hech kim uyning egasi bo'lgan kuchli kishini avval bog'lab qo'ymasdan turib, uning uyiga kirib, mol-dunyosini o'g'irlab ketolmaydi. Faqat shunday qilibgina uyni talash mumkin. 28 Sizlarga chinini aytayin: odam bolalarining qilgan barcha gunohlari va aytgan barcha kufrliklari kechiriladi. 29 Lekin kim Muqaddas Ruhni kufr etsa, abadiy kechirilmaydi, u abadiy jazoga mahkum bo'ladi. 30 Iso bu so'zni, “Uni jin uribdi”, - deganlari sababli aytdi.
Isoning onasi bilan ukalari
31 Isoning onasi bilan ukalari kelib qolishdi. O'zlari uyning tashqarisida kutib turib, Isoni chaqirib kelish uchun odam yuborishdi. 32 Isoning atrofida xaloyiq tirband edi. Ular Unga: - Mana, onang, ukalaring va singillaring tashqarida kutib, Seni so'rayaptilar, - deyishdi. 33 Iso ularga javoban: - Mening onam va ukalarim kim? - dedi. 34 So'ngra atrofida o'tirganlarga nazar solib dedi: - Mana, Mening onam va ukalarim! 35 Kimda-kim Xudoning irodasini bajo keltirsa, u Mening ukam, singlim, onam bo'ladi.
Urug' sepuvchi haqida masal
4:1 Iso yana ko'l bo'yida ta´lim berishni boshladi. Oldiga bir talay odam yig'ilib qolgach, Iso ko'ldagi qayiqqa tushib o'tirdi. Butun xaloyiq esa ko'l qirg'og'ida, quruqlikda qoldi. 2 Iso masal orqali xalqqa ko'p nasihatlar qildi. O'z ta´limotida shunday dedi: 3 “Quloq solinglar! Urug' sepuvchi urug' sepgani chiqibdi. 4 Urug' sepayotganda ba´zi urug'lar yo'l yoqasiga tushibdi. Qushlar uchib kelib, urug'larni cho'qib ketibdi. 5 Ba´zi donlar tuprog'i kam toshloqqa tushibdi. Tuproq chuqur bo'lmaganidan, urug'lar tez ko'karib chiqibdi. 6 Biroq quyosh chiqqach, so'lib, ildizi bo'lmagani uchun qurib ketibdi. 7 Boshqa urug'lar tikanlar orasiga tushibdi. Tikanlar o'sib, urug'larni bo'g'ib qo'yibdi va ular hosil bermabdi. 8 Yana boshqa urug'lar esa yaxshi yerga tushibdi va unib-o'sib, o'ttiz, oltmish va hatto yuz barobar ko'p hosil beribdi”. 9 Keyin Iso ularga: “Kimning eshitar qulog'i bo'lsa, eshitsin!” - dedi.
Masallarning hikmati
10 Xalq ketib, Iso yolg'iz qolgach, U bilan yuruvchilar va o'n ikki shogirdi boyagi masal haqida alohida so'radilar. 11 Iso ularga dedi: “Xudo Shohligining siri sizlarga nasib etgan. Tashqaridagilarga esa hamma narsa masallar bilan uqtiriladi. 12 Shunday qilib, ularga qaratilgan bu oyat bajo kelmoqda: “Ular qarab turib, ko'rmaslar, Eshitib turib, anglamaslar. Aks holda tavba-tazarru qilur Va gunohlaridan forig' bo'lur edilar””.
Urug' sepuvchi haqidagi masalning mohiyati
13 “Bu masalni tushunmayapsizlarmi? - dedi ularga Iso. - Unday bo'lsa, barcha masallarni ham qanday qilib tushunasizlar? 14 Mana, urug' sepuvchining sepgani - Xudoning kalomidir. 15 Yo'l yoqasiga tushgan urug' shunday odamlarni bildiradi: ularning yuragiga ilohiy kalom sepiladi. Biroq ular eshitgan hamon shayton kelib, qalblariga sepilgan kalomni o'g'irlab ketadi. 16 Toshloqqa tushgan urug' esa shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitar-eshitmas, sevinch bilan qabul qilaveradilar. 17 Lekin ular ildizi yo'q beqaror odamlardir. So'ngra kalom tufayli qayg'u yoki quvg'inga duchor bo'lishsa, tezda vasvasaga tushib qoladilar. 18 Yana boshqalar tikanzorga tushgan uruqqa o'xshaydilar. Ular Xudoning kalomini eshitadi-yu, 19 lekin bu dunyoning tashvishlari, boylikka o'chlik va boshqa havaslar ularning yuraklariga suqilib kirib, kalomni bo'g'ib qo'yadi, kalom esa samarasiz qoladi. 20 Yaxshi tuproqqa tushgan urug' bo'lsa, kalomni eshitib, qalbiga jo qilgan odamlarni bildiradi. Ular goh o'ttiz, goh oltmish, goh yuz barobar ko'p samara beradilar”.
Ilohiy nurni tan olish haqida
21 Iso ularga yana dedi: “Shamni olib kelib, idishning yoki chorpoyaning tagiga qo'yadimi? Aksincha, shamdonga qo'ymaydimi? 22 Xuddi shu singari, oshkora bo'lmaydigan hech qanday sir yo'q, sirtga chiqmaydigan hech yashirin narsa yo'q. 23 Kimning eshitar qulog'i bo'lsa, eshitsin!” 24 Keyin ularga yana dedi: “Eshitayotganlaringizni qulog'ingizga quyib oling! Siz qanday o'lchov bilan o'lchasangiz, xuddi shunday o'lchov bilan sizga ham o'lchab beriladi. Siz, tinglayotganlarga esa qo'shib ham beriladi. 25 Kimda bor bo'lsa, unga yana beriladi. Kimda yo'q bo'lsa, bor bo'lgani ham tortib olinadi”.
Injilning yoyilishi va ta´siri haqida
26 Iso yana dedi: “Xudoning Shohligi yerga urug' sepgan odamga o'xshaydi. 27 Kechasi bo'ldimi, uxlaydi, kunduzi bo'ldimi, turadi. Urug'ning qanday unib-o'sayotganidan u bexabar. 28 Yer o'z-o'zidan avval ko'katni, so'ngra boshoqni, undan keyin boshoqdagi to'liq donni undiradi. 29 Hosil pishgach, yig'im-terim vaqti keldi, deb darhol o'roq soladi”. 30 Iso yana dedi: “Xudo Shohligini nimaga o'xshataylik? Uni qanday masal bilan ifodalasak bo'ladi? 31 Mana, Xudoning Shohligi bir xantal doniga o'xshaydi: u yerga sepilganda, yer yuzidagi barcha urug'lardan kichik bo'ladi. 32 Lekin sepilgandan keyin ko'karadi va barcha ko'katlardan baland bo'lib o'sadi. U ulkan shoxlar chiqaradiki, osmondagi qushlar ham uning panohida uya quradilar”. 33 Shunday qilib, Iso xalqning eshitish imkoniga qarab, bu singari ko'pgina masallar orqali Xudo kalomini o'rgatar edi. 34 Masalsiz ularga gapirmas edi. Shogirdlari bilan tanho qolganda esa, ularga hammasini ochiq tushuntirar edi.
Isoning bo'ronni tinchitishi
35 O'sha kuni kechqurun Iso shogirdlariga: - Narigi qirg'oqqa suzib o'taylik, - dedi. 36 Ular xaloyiqni jo'natib, Isoni o'tirgan qayig'ida olib ketishdi. Isoning ketidan boshqa qayiqlar ham suzib keldi. 37 Shu orada ko'lda kuchli bo'ron ko'tarildi. To'lqinlar qayiqni tebratib yubordi, qayiq suvga to'la boshladi. 38 Iso esa qayiqning quyruq tomonida yostiqqa bosh qo'yib, uxlab yotgan edi. Shogirdlar Isoni uyg'otib: - Ustoz, biz halok bo'lyapmiz! Parvo qilmaysanmi? - deyishdi. 39 Shunda Iso turib, shamolga do'q urdi va ko'lga: - Jim bo'l, bas qil! - deb qo'ydi. Shu onda shamol tindi va chuqur sukunat bo'ldi. 40 Iso shogirdlariga: - Nega bunday qo'rqoqsizlar? Qanday qilib haligacha ishonchingiz yo'q? - dedi. 41 Ular esa juda qo'rqib, bir-biriga: - Bu qanaqa kishiki, shamol ham, ko'l ham Unga bo'ysunsa? - deyishdi.
Iso yovuz ruhli odamni sog'aytirishi
5:1 Ko'lning narigi qirg'og'idagi Gadara yurtiga yetib kelishdi. 2 Iso qayiqdan tushishi bilanoq, yovuz ruhga chalingan bir odam qabrlar orasidan chiqib, Uni qarshiladi. 3 Turar joyi qabriston bo'lgan bu odamni hech kim hatto zanjir bilan ham bog'lay olmas edi. 4 Ko'p martaba uni kishanu zanjirlar bilan bog'lagan bo'lsalar-da, ammo u zanjirlarni uzib, kishanlarni ham sindirib tashlar edi. Uni tiyish uchun hech kimning kuchi yetmas edi. 5 Doimo, kechayu kunduz qabrlarda, tog'larda baqirib yurar, o'zini toshlarga urib jarohatlar edi. 6 U Isoni uzoqdan ko'rib, yugurib keldi-da, Unga ta´zim qilib, 7 ovozi boricha baqirdi: - Ey Iso, Xudoyi Taoloning O'g'li! Men bilan nima ishing bor? Xudo haqi Senga yolvoraman, meni qiynama! 8 Chunki Iso unga: “Ey yovuz ruh, bu odamdan chiqib ket!” - deb buyurgan edi. 9 Iso undan so'radi: - Isming nima? - Ismim Tumonat, chunki bizlar ko'pchilikmiz, - javob berdi u. 10 O'zlarini bu yurtdan tashqariga haydab chiqarmasligini Isodan ko'p yolvorib so'radi. 11 O'sha tog'ning yon bag'rida katta to'ng'iz podasi o'tlab yurgan edi. 12 Hamma ruhlar Isoga yolvorib: - Bizni shu to'ng'izlarga yuborgin, ularga kiraylik, - deyishdi. 13 Iso ularga ruxsat berdi. Yovuz ruhlar esa shu zahoti u odamdan chiqib, to'ng'izlarga kirib olishdi. Ikki mingga yaqin to'ng'iz podasi tik qiyalikdan ko'lga yopirilib, g'arq bo'ldi. 14 Shunda to'ng'iz boquvchilar to'rt tomonga to'zib, shahar va qishloqlarda bu bo'lib o'tgan hodisani gapirib berishdi. Aholi esa buni ko'rgani borib, 15 Isoning oldiga yig'ilishdi. Ilgari tumonat jin qamragan odamni kiyingan va aqli raso holda o'tirganini ko'rib, qo'rqib ketishdi. 16 Voqeani ko'rganlar esa haligi odam jindan qanday qutulgani va to'ng'izlar bilan nima ro'y bergani haqida xalqqa so'zlab berishdi. 17 Shunda yerli xalq Isodan o'z yurtlari chegarasidan chiqib ketishni iltimos qildi. 18 Iso qayiqqa tushdi. Jindan qutulgan odam Isoga ergashish uchun ruxsat so'radi. 19 Lekin Iso rozilik bermadi. - O'z uyingga bor, Rabbing senga nimalar qilganini, qanday rahm-shafqat ko'rsatganini o'z yaqinlaringga gapirib ber, - dedi unga. 20 Shunda u kishi borib, O'nkent viloyatida Iso o'ziga nimalar qilganini targ'ib qila boshladi. Hamma ham hayratga tushdi.
Tirilgan qiz, sog'aygan ayol
21 Iso ko'lning berigi bo'yiga suzib o'tib, qirg'oqda turardi. Uning oldiga yana ko'p xaloyiq to'plandi. 22 Yahudiy jamoa boshlaridan Yair ismli bir kishi kelib qoldi. U Isoni ko'rib, Uning oyoqlariga o'zini tashladi-da: 23 - Qizim o'lim to'shagida yotibdi. Kelib unga qo'lingni tegizgin, u sog'ayib tirik qolsin, - deb yalinib-yolvordi. 24 Iso u bilan ketdi. Uning orqasidan ko'p xaloyiq ergashib, Uni siqib qo'yar edi. 25 U yerda o'n ikki yildan beri qon ketishidan azob chekayotgan bir ayol ham bor edi. 26 U ko'p tabiblardan ko'p qiynalib, butun mol-mulkini sarf etgani bilan hech foyda ko'rmagan, aksincha, ahvoli yanada og'irlashib ketgan edi. 27 Ayol Iso haqida eshitdiyu, xaloyiq o'rtasida orqa tomondan Unga yaqinlashib, kiyimiga qo'l tegizdi. 28 U o'zicha: “Agar kiyimiga bir tegib olsam bas, sog'ayib ketaman”, - deb o'ylagan edi. 29 U shunday qilishi bilanoq, qon ketishi to'xtadi. Ayol kasallikdan forig' bo'lganini o'z tanasida his etdi. 30 Iso esa shu onda O'zidan bir kuch chiqqanligini payqadi. U atrofidagi xaloyiqqa ko'z yugurtirib: - Mening kiyimimga kim tegdi? - dedi. 31 Shogirdlari Unga: - Xaloyiq Seni siqib turganligini ko'ryapsan-ku va tag'in kiyimimga kim tegdi, deb so'rayapsanmi? - deyishdi. 32 Lekin Iso buni qilgan ayolni ko'rish uchun atrofga qarar edi. 33 Ayol o'ziga nima bo'lganini bilib, qo'rqib va qaltirab keldi, Isoning oyoqlariga o'zini tashlab, butun haqiqatni Unga so'zlab berdi. 34 Iso unga: - Qizim, ishonching seni qutqardi. Eson-omon borib, dardingdan forig' bo'lgil, - dedi. 35 Iso shunday deb turgan ham ediki, jamoaboshining uyidan odamlar kelib unga: - Qizingiz o'ldi, nega yana Ustozni ovora qilyapsiz? - dedilar. 36 Iso bu so'zlarni eshitib, jamoaboshiga: - Qo'rqma, faqat ishongin, - dedi. 37 Iso hech kimning ergashishiga yo'l qo'ymay, faqat Butrus, Yoqub va uning ukasi Yuhannoni olib ketdi. 38 Jamoaboshining uyiga yetganlarida, yig'i va dod-faryod to'la bir qiy-chuvga duch kelishdi. 39 Iso ichkariga kirib: - Nega qayg'uryapsizlar, nega yig'layapsizlar? Qizcha o'lgan emas, u uxlab yotibdi, - dedi. 40 Ular esa Uning ustidan kulishdi. Iso hammani tashqariga chiqarib yubordi, qizchaning ota-onasi va shogirdlarini olib qoldi va qizcha yotgan xonaga kirdi. 41 Qizchaning qo'lidan ushlab unga: - Talifa qumi! - dedi. Bu so'zning tarjimasi: “Qizim, senga aytaman: o'rningdan tur!” demakdir. 42 O'n ikki yashar qizaloq shu onda o'rnidan turib, yura boshladi. Buni ko'rganlarning aqli shoshdi. 43 Iso: - Buni hech kim bilmasin, - deb ularga qat´iy buyurdi va qizchaga ovqat berishlarini aytdi.
Isoning O'z yurtida rad qilinishi
6:1 Iso u yerdan jo'nab, O'z yurtiga bordi. Shogirdlari ham Uning orqasidan ergashib kelishdi. 2 Shanba kuni bo'lgach, Iso ibodatxonada ta´lim bera boshladi. Uni tinglayotganlarning ko'pchiligi hayratga tushib: - Bular Unga qayerdan nasib bo'lgan ekan? Unga bunday donolikni kim berdi? Qanday qilib Uning qo'li orqali bunaqa mo'jizalar sodir bo'lyapti? 3 Maryamning o'g'li, Yoqub, Yusuf, Yahudo va Simunning akasi duradgor Iso bu emasmi? Uning singillari ham mana shu yerda, o'z oramizda turibdi-ku! - deyishdi. Va g'ashlanib, Isoni rad qilishdi. 4 Iso ularga: - Payg'ambar o'z vatanidan, o'z qarindosh-urug'lari va uyidan boshqa yerda e´tiborsiz qolmas, - dedi. 5 Iso u yerda hech qanday mo'jiza yaratolmadi. Faqatgina bir muncha bemorlarga qo'l tegizib, ularni sog'aytirdi. 6 Ularning imonsizligiga ajablandi. Shundan so'ng Iso atrofdagi qishloqlarda kezib ta´lim berardi.
O'n ikki shogirdni xizmatga yuborish
7 O'n ikki shogirdini yoniga chaqirib, ikkita-ikkitadan qilib jo'natmoqchi bo'ldi. Ularga yovuz ruhlar ustidan hokimlik qilish uchun qudrat berdi. 8 Ularga buyurib: “Yo'l uchun yolg'iz hassadan boshqa hech narsa - to'rva ham, non ham, kamarlaringga mis chaqa ham olmanglar, 9 balki oddiygina choriq kiyib, ikki sidra kiyim esa kiymanglar”, - dedi. 10 Iso yana dedi: “Agar biron joyda biron uyga kirsangizlar, u yerdan chiqishingizgacha o'sha uyda qolinglar. 11 Agar biron joy odamlari sizni qabul qilmasa va sizga quloq solmasalar, u yerdan chiqayotganingizda ularga ogohlantirish tariqasida oyoqlaringizdan changni qoqib ketinglar. Sizlarga chinini aytayin, qiyomat kunida u shahardan ko'ra Sado'm va G'amo'ra shaharlarining holi yengilroq bo'ladi. ” 12 Shunda shogirdlar yo'lga tushib, xalqni tavba qilishga undab yurishdi. 13 Ko'p jinlarni quvib chiqarishdi va ko'p kasallarga yog' surtib ularni sog'aytirishdi.
Yahyo payg'ambarning boshini olish
14 Isoning nomi el og'ziga tushib qolgan edi. Podshoh Hirodning qulog'iga ham mish-mishlar yetganda, u: - Yahyo payg'ambar tirilib kelibdi. Shuning uchun bu Kishi orqali bunday ajoyibotlar sodir bo'lmoqda, - dedi. 15 Boshqalar esa Uni Ilyos payg'ambar deb hisoblasa, yana boshqalar Uni qadimgi payg'ambarlar qatorida bir payg'ambar derdilar. 16 Hirod bularni eshitib: - Bu men boshini kesgan Yahyodan boshqasi emas. U qayta tirilib kelgan, - deb qattiq turdi. 17 Hirod o'z ukasi Filipning xotini Hirodiyaga uylangani sababli Yahyoni qo'lga olib, zindonga qamatib qo'ygan edi. 18 Chunki Yahyo Hirodga: “Ukangning xotinini olish sen uchun ravo emas”, - deb yurgan edi. 19 Hirodiyaning o'zi Yahyodan achchiqlanib, uni o'ldirmoqchi bo'lgan, ammo bu niyatiga yeta olmayotgan edi. 20 Hirod esa Yahyoning solih va muqaddas kishi ekanini bilib, undan qo'rqar va uni himoya qilar edi. Uning so'zlarini maroq bilan tinglar va ko'p ishlarni uning maslahati bilan qilardi. 21 Bir kuni qulay fursat tug'ilib qoldi. Hirod o'zining tug'ilgan kuni munosabati bilan o'z mansabdorlari, mingboshilari va Jalila yurtining og'alariga ziyofat berdi. 22 Hirodiyaning qizi kirib, raqs tushdi va Hirod bilan ulfatlarining ko'nglini topdi. Podshoh qizga: - Nima istasang, tila, men senga beraman, - dedi. 23 Unga hatto qasam ichib: - Mendan nima so'rasang, beraman, podshohligimning yarmigacha bo'lsa ham, beraman, - dedi. 24 Qiz chiqib onasidan so'radi: - Nimani so'ray? - Yahyo payg'ambarning boshini so'ra! - dedi onasi. 25 Qiz shu onda podshoh huzuriga yugurib borib: - Menga hoziroq laganda Yahyo payg'ambarning boshini olib berishingizni so'rayman, - dedi. 26 Podshoh juda xafa bo'ldi. Lekin qasam ichganligi tufayli va mehmonlar xotiri uchun qizning iltimosini rad etishni istamadi. 27 U shu ondayoq jallodni yuborib, Yahyoning boshini keltirishni buyurdi. 28 Jallod zindonga borib, Yahyoning boshini tanidan judo qildi va laganga solib, qizga olib berdi; qiz esa onasiga topshirdi. 29 Yahyoning shogirdlari yuz bergan hodisani eshitib, uning jasadini olgani borishdi va uni dafn etishdi.
Isoning 5000 kishini to'ydirishi
30 Havoriylar Isoning huzuriga to'planib, qanday ishlar qilishganini, xalqqa nimalar o'rgatishganini birma-bir aytib berdilar. 31 Iso ularga: - Kelinglar, bir o'zimiz biron xilvat joyga boraylik, bir oz dam olinglar, - dedi. Chunki kelib-ketuvchilar ko'pligidan ularning ovqat yeyishga ham vaqti yo'q edi. 32 Iso bilan shogirdlari alohida qayiqqa tushib, xilvat joyga jo'nab ketishdi. 33 Lekin xalq ularning ketayotganini ko'rdi, ko'pchilik tanib qoldi. Shunda hamma shaharlardan piyoda yo'lga tushishdi, Iso bilan shogirdlari borayotgan joyga yugurib borib, ulardan oldin yetib kelishdi. 34 Iso qayiqdan chiqqanda, shuncha xaloyiqni ko'rib, ularga achindi. Chunki ular cho'ponsiz qo'ylarga o'xshardi. Iso ularga ko'p narsalarni o'rgatardi. 35 Ancha vaqt o'tgandan so'ng, shogirdlar Isoning yoniga kelib: - Bu yer yovon ekan, endi vaqt kech bo'lib qoldi. 36 Xalqni qo'yib yubor, atrofdagi qishloq va ovullarga borib o'zlariga non sotib olishsin, yeydigan hech narsalari yo'q, - deyishdi. 37 Iso ularga javoban: - Sizlar ularga ovqat beringlar! - dedi. - Nahotki biz ikki yuz kumush tangaga non sotib olib kelib, xalqqa yedirsak? - deb so'rashdi Undan. 38 Iso dedi: - Qancha nonlaringiz bor? Borib ko'ringlar. Ular bilib kelgach: - Beshta non, ikkita baliq bor ekan, - deyishdi. 39 Iso xaloyiqni to'p-to'p qilib yashil o't ustida o'tqazishni shogirdlariga buyurdi. 40 Xalq yuztadan va elliktadan to'da-to'da bo'lib o'tirdi. 41 Iso beshta non bilan ikkita baliqni oldi va osmonga qarab shukrona duosini o'qidi. Nonlarni sindirib, xaloyiqqa tarqatish uchun shogirdlariga berdi. Ikkita baliqni ham hammaga taqsimlab berdi. 42 Ularning hammalari yeb to'ydi. 43 So'ng ortib qolgan non burdalari va baliqlarni terib olishdi, to'la o'n ikki savat chiqdi. 44 Non yeganlar besh mingga yaqin erkak edi.
Isoning suv ustida yurishi
45 Iso vaqt o'tkazmay, shogirdlarini qayiqqa tushirib, narigi tomondagi Baytsayda shahriga suzib o'tishga majbur qildi. Ungacha O'zi odamlarga ruxsat beradigan bo'ldi. 46 Xalqni jo'natib yuborganidan keyin, Iso ibodat qilish uchun toqqa chiqdi. 47 Kech kirgach, qayiq ko'lning o'rtasida edi, Iso esa yolg'iz O'zi quruqlikda edi. 48 Shamol shogirdlarga qarshi esar edi. Iso ular qayiqni haydashga qiynalayotganini ko'rdi. Subhidam chog'i Iso ko'l ustida yurgancha shogirdlari tomon keldi-da, yonlaridan o'tguday bo'ldi. 49 Shogirdlar esa ko'l yuzida yurgan Isoni ko'rib, allaqanday sharpa deb o'ylab, qichqirib yuborishdi. 50 Hammasi ham Uni ko'rib, yuraklari orqasiga tortib ketdi. Ammo Iso o'sha zahoti gapga kirib: - Dadil bo'linglar! Bu Men, qo'rqmanglar! - dedi. 51 Iso shogirdlari yoniga, qayiqqa tushishi bilan shamol tindi. Shogirdlar haddan tashqari taajjublanib, lol bo'lib qolishdi. 52 Ular non bilan bo'lgan mo'jizadan ham ibrat olmagan edilar, aqllari yetmas edi. 53 Ko'ldan suzib o'tib, Genisaret qirg'og'iga kelib to'xtadilar. 54 Qayiqdan chiqishlari bilanoq xalq Isoni tanib qoldi. 55 Tezda butun o'sha yurtga xabar yelib bordi. Isoning qayerdaligini eshitganlar esa o'z kasallarini to'shakda ko'tarib borib, Isoni qidirib topguncha yurtni aylanadigan bo'lishdi. 56 Iso qayerga bormasin - qishloqlargami, shaharlargami, ovullargami - odamlar kasallarni ochiq maydonlarga qo'yar, aqalli kiyimining bir chekkasiga tegish uchun Undan iltimos qilishardi. Unga qo'l tegizganlar esa shifo topardi.
Diniy urf-odatlar va Xudoning amri
7:1 Farziylar va Quddusdan kelgan ayrim ulamolar Isoning yoniga to'plandilar. 2 Ular Iso shogirdlarining ba´zilari harom, ya´ni yuvilmagan qo'llari bilan non yeyayotganlarini ko'rib, ta´na qildilar. 3 Sababki, farziylar va umuman yahudiylar ota-bobolarining urf-odatini saqlab, qo'llarini yaxshilab yuvmay hech ovqat yemaydilar. 4 Bozordan qaytganlarida ham yuvinmay ovqat yemaydilar. Shuningdek, kosa, tovoq, qozon, kursi yuvish bilan bog'liq ko'pgina udumlarga rioya qiladilar. 5 Shunday qilib, farziylar va ulamolar Isodan: - Sening shogirdlaring nega ota-bobolar urf-odatini saqlamaydilar? Nima uchun yuvilmagan qo'llari bilan non yeyishadi? - deb so'radilar. 6 Iso ularga shunday javob berdi: - Isha´yo payg'ambarning karomati siz ikkiyuzlamachilarga juda to'g'ri keladi, mana uning kitobida Xudo nima degan: “Bu xalq Meni hurmatlar tilida, Lekin dili esa Mendan uzoqdur. 7 Ular Menga behudaga o'qir sanolar, Insonlar amru ta´limin farz deb”. 8 Sizlar-ku qozon-tovoq chayish bilan bog'liq va boshqa yana ko'p udumlarga rioya qilib, Xudoning amrini tashlaysiz-u, insonlar urf-odatini esa pesh qilasizlar. 9 Yana ularga dedi: - Siz o'z urf-odatlaringizni deb Xudoning amrlarini bir chetga yig'ishtirib qo'yishni boplaysiz-da! 10 Muso payg'ambar aytgan edi: “Ota-onangni hurmat qil”, va “Ota-onasini haqorat qilgan mutlaqo o'ldirilsin”. 11 Ammo sizlar: Agar kim ota yoki onasiga: Mening senga yordamim qurbon, ya´ni Xudoga bag'ishlangan, - desa, 12 u ota yoki onasiga biron yaxshilik qilmasa ham bo'ladi, deysizlar. 13 Shu bilan siz o'zlaringiz o'rnatgan urf-odatlaringizni deb Xudoning kalomini bekor qilasizlar. Va shunga o'xshash yana ko'p ishlarni qilasizlar.
Insonni nima harom qiladi?
14 Keyin Iso butun xalqni yoniga chaqirib, dedi: - Hammalaringiz Menga quloq solib, miyaga joylang! 15 Sirtdan inson ichiga kiradigan hech narsa insonni harom qila olmaydi. Aksincha, inson ichidan chiqadigan narsa insonni harom qiladi. 16 Kimning eshitar qulog'i bo'lsa, eshitsin! 17 Iso xaloyiq orasidan chiqib uyga kirdi, shogirdlari Undan boyagi masal haqida so'radilar. 18 U ularga dedi: - Sizlar ham shunchalik befahmmisizlar? Sirtdan insonning ichiga kiradigan hech narsa uni harom qila olmasligini anglamaysizlarmi? 19 Bu narsalar insonning qalbiga emas, qorniga kiradi va kerak joydan chiqib ketadi. Shu bilan Iso har qanday oziq-ovqatlarni halolladi. 20 U yana dedi: - Insonning ichidan chiqadigan narsalar insonni harom qiladi. 21 Chunki ichdan, ya´ni inson qalbidan yomon fikrlar, fahshu zino, qotillik, 22 o'g'rilik, tamagirlik, badniyatlik, makkorlik, nafsga berilganlik, g'ayirlik, kufr, manmanlik va nodonlik chiqadi. 23 Ana shu yomonliklarning hammasi insonning ichidan chiqib, uni harom qiladi.
G'ayriyahudiy ayolning ishonchi
24 Iso u yerdan chiqib, Tir va Sido'n taraflariga keldi. Bir uyga kirdi va buni hech kim bilib qolishini istamas edi, lekin yashirina olmadi. 25 Qizalog'ini yovuz ruh chalgan bir ayol Iso haqida eshitib qoldi-da, tez kelib Uning oyog'iga yiqildi. 26 Bu ayol Suriyaning Finikiya muzofotida tug'ilgan bo'lib, yahudiy emas edi. Qizidan jinni quvib chiqarishni Isodan iltimos qildi. 27 Biroq Iso unga: - Avval bolalar to'ysin, bolalardan nonni olib itlarga tashlash yaxshi emas, - dedi. 28 Ayol: - Xuddi shunday, Hazrat, lekin itlar ham bolalar dasturxonidan to'kilgan ushoqlarni terib yeydi-ku, - deb javob berdi. 29 Iso unga: - Bor, mana shu gaping uchun qizingdan jin chiqib ketdi, - dedi. 30 Ayol borib uyiga kelganda, qizini jindan qutulib, to'shakda yotgan holda ko'rdi.
Isoning kar-soqovni tuzatishi
31 Iso Tir va Sido'n chegarasidan jo'nab, O'nkent viloyatidan o'tib, yana Jalila ko'li bo'yiga keldi. 32 Isoning oldiga bir kar-soqovni keltirib, unga qo'l tegizishini so'rashdi. 33 Iso u odamni xaloyiq orasidan olib chiqib bir chetga tortdi-da, barmoqlarini uning quloqlariga tiqib qo'ydi va tupurib tiliga tegizdi. 34 Keyin osmonga qarab, chuqur xo'rsindi-da, unga: - Effatah! - dedi. Bu so'zning tarjimasi “Ochil!” demakdir. 35 Shu onda u odamning quloqlari ochilib, tilga kirdi, ravongina gapira boshladi. 36 Iso u yerdagilarga, buni hech kimga aytmanglar, deb buyurdi. Biroq U odamlarga qancha man etsa ham, ular yanada ko'proq oshkor etishardi. 37 Ular haddan tashqari tong qolib: “U hamma narsani yaxshi qiladi, karlarni eshitadigan, soqovlarni gapiradigan qiladi”, - deyishardi.
Isoning 4000 kishini to'ydirishi
8:1 O'sha kunlarda yana ko'pdan-ko'p odam yig'ilgan edi. Yeyish uchun hech narsalari qolmaganda, Iso shogirdlarini yoniga chaqirib dedi: 2 - Xalqqa achinyapman. Uch kundan beri Mening oldimda turishibdi va yeydigan hech narsalari yo'q. 3 Agar ularni uylariga ovqat bermay jo'natib yuborsam, yo'lda holdan toyadilar, chunki ba´zilari olis yerlardan kelishgan. 4 Shogirdlari bunga javoban: - Ularni to'ydirish uchun bu sahroda kim qayerdan non topa olardi? - deyishdi. 5 - Qancha nonlaringiz bor? - so'radi Iso. - Yettita, - dedi shogirdlar. 6 Shundan keyin Iso xalqqa yerga o'tirishni buyurdi. Yettita nonni olib, shukrona duosini o'qib sindirdi va tarqatish uchun shogirdlariga berdi. Shogirdlar xalqqa tarqatishdi. 7 Ularda bir oz baliq ham bor edi. Iso duo o'qib, bularni ham tarqatishni buyurdi. 8 Xalq yeb to'ydi. Ortib qolgan burdalarni terishganda, yetti savat chiqdi. 9 U yerda to'rt mingga yaqin odam bor edi. Iso xaloyiqqa javob berdi 10 va tezda shogirdlari bilan qayiqqa tushib, Dalmanuta yurtiga suzib o'tdi.
Isodan dalil so'rash
11 Farziylar Isoning oldiga borib, U bilan bahslasha boshladilar. Uni sinab ko'rish maqsadida ko'kdan dalil ko'rsatishini so'radilar. 12 Lekin Iso chuqur xo'rsindi: - Nega bu avlod dalilni talab qilyapti? Sizlarga aytib qo'yay, bu avlodga hech qanday dalil ko'rsatilmaydi! 13 Shunday dedi-yu, ularni qoldirib, yana qayiqqa tushdi va narigi qirg'oqqa suzib o'tdi.
Ongsiz shogirdlarni koyish
14 Shogirdlar o'zlari bilan non olishni unutibdilar. Qayiqda bittagina nondan boshqa narsa yo'q edi. 15 Shu orada Iso shogirdlarini ogohlantirib: - Menga qaranglar, farziylarning va Hirodning xamirturushidan ehtiyot bo'linglar! - dedi. 16 Ular o'zlaricha: “Buni non olmaganimiz uchun aytdi, chog'i”, - deb fikr yuritishdi. 17 Iso buni bilib qolib, ularga dedi: - Nega sizlar, nonimiz yo'q, deb qayg'uryapsizlar? Hali ham tushunmayapsizlarmi, anglamayapsizlarmi? Hali ham yuragingiz so'qirmi? 18 Nahotki ko'zlaringiz bo'lib, ko'rmaysizlar, quloqlaringiz bo'lib, eshitmaysizlar? Esingizda yo'qmi? 19 Men beshta nonni sindirib, besh ming kishiga bo'lib berganimda, sizlar non burdalaridan necha savat terib oldinglar? - O'n ikki savat, - dedi ular. 20 - Men yettita nonni sindirib, to'rt ming kishiga bo'lib berganimda, burdalaridan necha savat terib oldinglar? - Yetti savat, - deyishdi. 21 - Hali ham anglamadinglarmi? - dedi ularga Iso.
Isoning ko'rni sog'aytirishi
22 Iso Baytsayda qishlog'iga keldi. Uning oldiga bir ko'rni olib kelib, unga qo'l tegizishini so'rashdi. 23 Iso ko'rning qo'lidan ushlab, qishloq tashqarisiga olib chiqdi. Ko'zlariga tupurib, qo'llarini uning boshiga qo'ydi-da: - Biron narsa ko'ryapsanmi? - deb so'radi. 24 Ko'r boshini ko'tarib: - Odamlarni ko'ryapman, lekin ular menga yurayotgan daraxtlarday tuyulmoqdalar, - dedi. 25 Shundan keyin Iso qo'llarini yana ko'rning ko'zlariga tegizib, unga bir qarashni buyurdi. U ko'zlarini ochib qarasa, sog'ayib qolgan, hamma narsani aniq ko'rayotgan edi. 26 Iso uni uyiga jo'natarkan: - Qishloqqa kirma, qishloqda hech kimga buni aytma, - dedi.
Butrusning Masihni tan olishi
27 Iso o'z shogirdlari bilan Filip Kesariyasiga mansub qishloqlarga ketdi. Yo'lda U shogirdlaridan: - Odamlar Meni kim deb hisoblaydilar? - deb so'radi. 28 Shogirdlar dedi: - Ba´zilari Yahyo payg'ambar deb, boshqalari Ilyos payg'ambar deb, yana birlari esa o'tgan payg'ambarlardan biri deb hisoblaydilar. 29 Iso ulardan so'radi: - Sizlar-chi, Meni kim deb hisoblaysizlar? Butrus Unga javob berib: - Sen Masihsan, - dedi. 30 Bundan so'ng Iso, Men haqimda hech kimga gapirmanglar, deb shogirdlariga qat´iy buyurdi.
Iso O'z o'limi haqida
31 Inson O'g'li ko'p azob chekishi, oqsoqollar, oliy ruhoniylar va ulamolar tomonidan rad qilinib, o'ldirilishi, uchinchi kuni esa qayta tirilishi kerak, deb Iso shogirdlariga uqtira boshladi. 32 Bu haqda ochiqdan-ochiq gapirar edi. Shunda Butrus Isoni chetga tortib, fikridan aynitishga harakat qildi. 33 Lekin Iso o'girilib shogirdlarini ko'rdi-da, Butrusga ta´na qildi: - Yo'qol ko'zimdan, shayton! Sen Xudoning ishlarini emas, inson ishlarini o'ylayapsan, - dedi. 34 Shundan so'ng Iso xalq bilan shogirdlarini oldiga chaqirib dedi: - Kimda-kim Menga ergashishni istasa, o'zidan kechsin va o'z xochini ko'tarib, orqamdan yursin. 35 Kim jonini ayamoqchi bo'lsa, jonini yo'qotadi. Kim Men va Injil uchun jonini bersa, jonini qutqaradi. 36 Agar inson butun dunyoni egallab olsa-yu, o'z joniga zarar keltirsa, bundan unga nima foyda? 37 Inson o'z joni evaziga qanday to'lov topib berarkan? 38 Kimki bu vafosizu gunohkor nasl orasida Mendan va Mening so'zlarimdan uyalar ekan, Inson O'g'li ham muqaddas farishtalar bilan birga Otasining ulug'vorligida kelganda, undan uyaladi.
Iso qiyofasining o'zgarishi
9:1 Iso ularga yana dedi: - Sizlarga chinini aytayin, bu yerda turganlardan ba´zilari borki, ular Xudo Shohligi qudrat bilan kelishini ko'rmaguncha, o'lim ko'rmaydilar. 2 Oradan olti kun o'tgach, Iso Butrus, Yoqub va Yuhannoni alohida baland bir toqqa olib chiqdi. U yerda, ularning ko'zi oldida Isoning qiyofasi o'zgarib ketdi. 3 Uning kiyimlari yarqirab, qorday oppoq tusga kirdiki, yer yuzida hech bir kir yuvuvchi bunday oqartira olmas edi. 4 To'satdan shogirdlarga Ilyos bilan Muso payg'ambarlar ko'rindi. Ular Iso bilan suhbatlashayotgan edilar. 5 Shunda Butrus Isoga: - Ustoz! Bizlar uchun bu yerda bo'lish juda yoqyapti. Uchta chayla yasaylik, birisi Senga, birisi Musoga, birisi Ilyosga, - dedi. 6 Lekin u nima deyishini bilmas edi, ularni juda vahima bosgan edi. 7 Shu paytda bir bulut paydo bo'lib, ularga soya soldi. Bulut ichidan: - Bu Mening sevikli O'g'limdir, Unga quloq solinglar! - degan sado keldi. 8 Birdaniga shogirdlar atroflariga qarab, yolg'iz Isodan boshqa hech kimni yonlarida ko'rishmadi. 9 Tog'dan tushayotganlarida Iso ularga: - Inson O'g'li o'lib tirilmaguncha, bu ko'rganlaringni hech kimga aytmanglar, - deb buyurdi. 10 Ular esa bu so'zni diliga tugib olib, o'lib tirilish o'zi nima ekan, deb o'zaro fikrlashar edilar. 11 Isodan so'radilar: - Nega ulamolar, qiyomatdan oldin Ilyos payg'ambar kelishi kerak, deb aytadilar? 12 Iso ularga javoban dedi: - To'g'ri, avvalo Ilyos payg'ambar kelib, hamma narsani yo'lga qo'yadi. Xo'sh, qanday qilib Inson O'g'li ko'p azob chekishi va xo'rlanishi kerak, degan oyatlar ham bor? 13 Biroq Men sizlarga shuni aytaman: Ilyos allaqachon keldi va, u haqida yozilganidek, u bilan o'z bilganlaricha qildilar.
Jin urgan bolani sog'aytirish
14 Iso qolgan shogirdlari yoniga qaytib kelgach, ularning atrofida ko'p xaloyiqni va ular bilan bahslashayotgan ulamolarni ko'rdi. 15 Xaloyiq Isoni ko'rishi bilanoq hammasi ajablanib ketishdi. Uning oldiga yugurib borib, salom berishdi. 16 Iso ulamolardan: - Ular bilan nimalar to'g'risida bahslashyapsizlar? - deb so'radi. 17 Xaloyiq orasidan kimdir javob berdi: - Ustoz! Men Sening oldingga o'g'limni olib keldim, mana uni tilsiz ruh urgan. 18 Yovuz ruh uni qayerda tutib olsa, yerga yiqitib sudraydi. Uning og'zidan ko'pik chiqadi, tishlarini g'ichirlatib qotib qoladi. Sening shogirdlaringga, ruhni quvib chiqaringlar, dedim, lekin ular eplasholmadi. 19 Iso bunga javoban: - Ey imonsiz avlod! Qachongacha sizlar bilan bo'laman? Qachongacha sizlarga chidayman? Oldimga keltiringlar bolani! - dedi. 20 Bolani Isoning oldiga keltirishdi. Yovuz ruh Isoni ko'rishi bilanoq, bolani qaltiratib tashladi. Bola yerga yiqildi-yu, og'zidan ko'pik oqizgancha ag'nab yotaverdi. 21 Iso uning otasiga qarab: - U bu ahvolga tushganiga necha vaqt bo'ldi? - deb so'radi. - Bolaligidan shunaqa. 22 Ruh uni halok qilmoqchi bo'lib ko'p martaba olovga, suvga tashladi. Agar qo'lingdan kelsa, bizlarga rahm qil, yordam bergin, - dedi. 23 Iso unga: - Qo'limdan kelsami? To'g'risi, sen bir oz bo'lsa ham ishona olsang edi! E´tiqodli kishi hamma imkonga ega bo'ladi, - dedi. 24 Shu on bolaning otasi ko'z yoshi bilan hayqirib: - E´tiqod qilaman, Rabbiy! E´tiqodsizligimdan qutqargin! - dedi. 25 Xalq yugurishib yig'ilayotganini ko'rgan Iso yovuz ruhga do'q qilib: - Ey soqov va kar ruh, Men senga buyuraman: boladan chiq va qaytib unga kirma! - dedi. 26 Shunda ruh qattiq qichqirib yubordi-da, bolani shiddat bilan qaltiratib undan chiqib ketdi. Bola o'likday bo'lib qolganidan, ko'plar uni o'ldi, deb aytishdi. 27 Lekin Iso uni qo'lidan ushlab ko'tardi, bola oyoqqa turdi. 28 Iso uyga kirdi. U yolg'iz ekan, shogirdlari Undan: - Nega biz jinni quvib chiqarolmadik? - deb so'radilar. 29 Iso ularga dedi: - Bu toifa jinlarni ibodatdan boshqa yo'l bilan quvib bo'lmaydi.
Ikkinchi marta Iso O'z o'limi haqida
30 Ular u yerdan jo'nab, Jalila yurti orqali yurib o'tdilar. Iso esa buni hech kim bilib qolishini istamas edi. 31 U shogirdlariga ta´lim berib, shunday dedi: - Inson O'g'li odamlar qo'liga tutib beriladi. Uni o'ldirishadi, o'ldirishgandan uch kun keyin esa U qayta tiriladi. 32 Shogirdlar esa bu so'zlarni tushunmasalar-da, ammo Undan so'rashga ham botina olmadilar.
Eng katta kim?
33 Iso Kafarnahum shahriga keldi. Uyda bo'lganda, shogirdlaridan so'radi: - Yo'lda ketayotganingizda nimalar haqida bahslashdinglar? 34 Ular indamadilar, yo'lda ular kim eng katta deb bahslashgan edilar. 35 Iso o'tirib, o'n ikki shogirdini yoniga chaqirdi: - Kim birinchi bo'lishni istasa, hammaning oxirida tursin va hammaga xizmatkor bo'lsin, - dedi. 36 So'ngra bir bolani olib, uni o'rtalarida turg'izib qo'ydi va bolani quchoqlagancha, shogirdlariga dedi: 37 - Kim shunday bolalardan birini Mening nomimdan qabul qilsa, u Meni qabul qilgan bo'ladi. Kim Meni qabul qilsa, u Meni emas, balki Meni Yuborganni qabul qilgan bo'ladi.
Masihga shogird bo'lish haqida
38 Yuhanno Isoga: - Ustoz! Sening noming bilan jin quvib chiqarayotgan bir odamni ko'rib qoldik. U biz bilan yurmayapti, deb unga buni man qildik, - dedi. 39 Iso shunday dedi: - Man qilmang! Chunki Mening nomim bilan mo'jiza yaratgan hech kim darrov Meni yomonlay olmaydi. 40 Kim sizga qarshi bo'lmasa, u siz tomonda. 41 Kim sizga Mening nomim uchun, Masih ummati bo'lganingiz uchun bir piyola suvgina ichirsa ham, sizlarga chindan aytamanki, u o'z mukofotidan quruq qolmas.
Yo'ldan ozish va ozdirish haqida
42 “Kim Menga ishongan shu kichiklardan birontasini yo'ldan ozdirsa, uning bo'yniga bir tegirmon toshini osib dengizga tashlanishi u uchun yaxshiroq bo'lar edi. 43 Agar qo'ling seni yo'ldan ozdirsa, uni chopib tashla. Ikki qo'ling bilan so'nmas do'zax o'tiga yo'liqqaningdan ko'ra, mayib bo'lib abadiy hayotga erishganing yaxshiroqdir. 44 Do'zaxilarning qurti ham o'lmas, o'ti ham so'nmas. 45 Agar oyog'ing seni yo'ldan ozdirsa, uni chopib tashla. Ikki oyog'ing bilan so'nmas do'zax o'tiga tashlangandan ko'ra, cho'loq bo'lib abadiy hayotga erishganing yaxshiroqdir. 46 Do'zaxilarning qurti ham o'lmas, o'ti ham so'nmas. 47 Agar ko'zing seni yo'ldan ozdirsa, uni o'yib tashla. Ikki ko'zing bilan o'tli do'zaxga tashlangandan ko'ra, bir ko'z bilan Xudoning Shohligiga kirganing yaxshiroqdir. 48 Do'zaxilarning qurti ham o'lmas, o'ti ham so'nmas. 49 Hamma ham o'tda poklanadi, har bir qurbonlik tuzga bulanadi. 50 Tuz - yaxshi narsa. Lekin tuz o'z sho'rligini yo'qotsa, uni yana nima bilan sho'r qilasizlar? Gapingiz tuzli bo'lsin, o'zaro tinch-totuv yashanglar”.
Nikoh va ajralish haqida
10:1 Iso u yerdan ketib, Yahudiya o'lkasiga va O'rdun daryosining naryog'iga keldi. Uning atrofiga yana ko'p xalq yig'ildi, U O'z odati bo'yicha odamlarga yana ta´lim bera boshladi. 2 Ba´zi farziylar Uni sinab ko'rmoq niyatida yaqinlashib: - Er o'z xotinidan ajralishiga ijozat beriladimi? - deb so'radilar. 3 Iso bunga javoban: - Muso sizlarga nimani buyurgan edi? - deb so'radi. 4 - Muso erkak taloq xatini yozib xotinidan ajralishiga ijozat bergan edi, - deyishdi. 5 Iso ularga javob berib dedi: - Bag'ri toshligingiz uchun Muso sizlarga bu amrni yozib qoldirgan. 6 Aslida Xudo dunyoni yaratishidanoq odamlarni erkak va xotin qilib yaratdi. 7 Tavrotda yozilishicha: “Shuning uchun er kishi ota-onasini qoldirib, 8 o'z xotiniga yopishib qoladi va ikkovi bir tan bo'ladi”. Bunga ko'ra, ular endi ikki emas, balki bir tan hisoblanadi. 9 Xudo birga qo'shganni bandasi ajratmasin. 10 Uyga kelganlarida, shogirdlar yana shu haqda Isodan so'radilar. 11 U ularga dedi: - Kim o'z xotini bilan ajralib boshqasiga uylansa, u xotiniga nisbatan zino qilgan bo'ladi. 12 Xotin ham agar o'z eridan ajralib boshqasiga tegsa, zino qilgan bo'ladi.
Isoning bolalarni duo qilishi
13 Ularning peshanasiga qo'lini qo'ysin, deb Isoning oldiga bolalarni keltirishardi. Shogirdlar esa yetaklab keluvchilarni koyib qo'yishdi. 14 Iso buni ko'rganda, g'azablanib dedi: - Bolalarga yo'l qo'yinglar, Mening oldimga kelishiga to'sqinlik qilmanglar! Mana, Xudoning Shohligi bundaylarnikidir. 15 Sizlarga chinini aytayin: kim Xudoning Shohligini bola kabi qabul qilmasa, unga hech kirolmaydi. 16 Keyin bolalarni quchoqlab, ularning peshanalarini silab duo qildi.
Boylik va abadiy hayot
17 Iso yo'lga chiqayotganda, kimdir yugurib kelib, Uning oldida tiz cho'kdi-da: - Valine´mat Ustozim! Abadiy hayot nasib bo'lmog'i uchun nima qilishim kerak? - deb so'radi. 18 Iso unga dedi: - Nega Meni valine´mat deysan? Birgina Xudodan boshqa hech kim valine´mat emas-ku. 19 Sen ilohiy amrlarni bilasan: “Zino qilma. Odam o'ldirma. O'g'rilik qilma. Soxta guvohlik berma. Birovning haqini yema. Ota-onangni hurmat qil”. 20 U kishi Isoga javob qaytarib: - Ustozim! Bularning hammasiga yoshligimdan buyon rioya qilib kelaman, - dedi. 21 Iso unga qaradi va yaxshi ko'rib qoldi. - Senga bir narsa yetishmaydi, - dedi unga. - Bor, nimaga ega bo'lsang, hammasini sotib, pulini kambag'allarga bo'lib ber. Shundagina osmonda xazinang bo'ladi. Keyin kel, xochni olib orqamdan yur. 22 Bu so'zlardan boyning ta´bi xira bo'ldi, chunki uning mol-mulki ko'p edi. U qayg'urib qaytib ketdi. 23 Iso atrofga ko'z yugurtirib shogirdlariga dedi: - Pul-dunyosi borlarning Xudo Shohligiga kirishlari naqadar qiyin! 24 Shogirdlar bu so'zlarni eshitib, aqllari shoshdi. Iso esa qayta boshdan so'z oldi: - Bolalarim, boylikka umid bog'laganlar Xudo Shohligiga kirishga qanchalik qiynaladi! 25 Boy odamning Xudo Shohligiga kirishidan ko'ra, tuyaning igna teshigidan o'tishi osondir. 26 Shogirdlar haddan tashqari ajablanib o'zlaricha: - Unday bo'lsa, kim najot topa olarkan? - deyishdi. 27 Iso ularga ko'zini tikib: - Odamlarga bu imkonsiz, lekin Xudoga emas. Chunki Xudo hamma imkonga egadir, - dedi. 28 Butrus so'z olib Isoga: - Mana, biz hamma narsani qoldirib, Sening orqangdan ergashib keldik, - dedi. 29 Iso bunga javoban dedi: - Sizlarga rostini aytsam, kim Men va Injil uchun uy-joy, aka-uka, opa-singil, ota-ona, xotin-bolalarini yoki yer-mulkini tashlab ketsa, 30 u hozir, bu dunyodayoq duchor bo'layotgan quvg'inlar orasida yuz hissa ortiq uy-joylar, aka-ukalar, opa-singillar, ota-onalar, bolalar va yerlarga ega bo'ladi, kelajak dunyoda esa abadiy hayotga sazovor bo'ladi. 31 Lekin ko'p birinchilar oxirgi va oxirgilar esa birinchi bo'ladilar.
Iso uchinchi marta O'z o'limi haqida
32 Quddusga qarab yo'l bosar edilar. Iso oldinda ketayotgan edi. Shogirdlari hayron edi, boshqalar esa qo'rqib-qo'rqib ergashayotgan edilar. Iso o'n ikki shogirdini yoniga chaqirib, yana O'zi bilan nima yuz berishi to'g'risida so'zlay boshladi: 33 - Mana, biz endi Quddusga kirib boryapmiz. U yerda Inson O'g'li oliy ruhoniylar va ulamolar qo'liga tutib beriladi. Ular Uni o'limga mahkum qilib, majusiylarga topshiradilar. 34 Ular Uni haqorat qiladilar, qamchilaydilar, yuziga tupuradilar va Uni o'ldiradilar. Lekin uch kundan so'ng U qayta tiriladi.
Yoqub bilan Yuhannoning tilagi
35 Zabadiy o'g'illari Yoqub bilan Yuhanno Isoning oldiga kelib: - Ustoz, bizning bir tilagimiz bor, uni biz uchun bajo keltirishingni istaymiz, - deyishdi. 36 - Sizlar uchun nima qilishimni istaysizlar? - so'radi Iso. 37 Ular: - Sen ulug'vor dargohingda bo'lganingda, birimiz Sening o'ng tomoningda, boshqamiz esa chap tomoningda o'tirishimizga ruxsat bergin, - deyishdi. 38 Iso ularga: - Sizlar nima so'rayotganingizni bilmaysizlar. Men ichadigan zaqqum kosani siz icha olasizlarmi? Men botadigan qayg'u-alamlarga botib chidayolasizlarmi? - dedi. 39 Ular: - Chidayolamiz, - deb javob berishdi. Iso ularga dedi: - Sizlar-ku Men ichadigan zaqqum kosani ichib, botadigan qayg'u-alamlarimga o'zingiz ham duchor bo'lasizlar. 40 Ammo Mening o'ng va chap tomonimda o'tirishga ruxsat berish Mening ixtiyorimda emas. Bu o'rin kimlarga atalgan bo'lsa, ularniki bo'ladi. 41 Qolgan o'nala shogird buni eshitib, Yoqub bilan Yuhannodan achchiqlana ketishdi. 42 Iso esa ularni yoniga chaqirib, dedi: - Bilasizlarki, xalqlarning hokimlari hisoblanganlar hokimlik qilishdan qolishmaydilar, katta amaldorlar elga o'z hukmini o'tkazadilar. 43 Ammo sizlarning orangizda bunday bo'lmasin. Aksincha, orangizda kim katta bo'lishni istasa, sizlarga xizmatda bo'lsin. 44 Orangizda kim birinchi bo'lishni istasa, hammangizga qul bo'lsin. 45 Chunki Inson O'g'li ham O'ziga xizmat qildirish uchun emas, balki O'zi xizmat qilish va O'z jonini fido qilib, ko'plarni qutqarish uchun kelgan.
Yerixo shahridagi ko'rning ko'zini ochish
46 Ular Yerixo shahriga keldilar. Shahardan yana chiqib ketayotganlarida, Isoga O'z shogirdlari hamda bir talay xaloyiq ergashib borayotgan edi. Yo'l chekkasida Timeyning o'g'li ko'r Bartimey sadaqa so'rab o'tirgan edi. 47 U nosiralik Iso o'tib ketayotganini eshitib: - Ey Dovud O'g'li Iso, menga rahm qil! - deb baqira boshladi. 48 Ko'p odamlar esa uni koyib, jim bo'lishga majbur qilishdi. Lekin u: - Ey Dovud O'g'li, menga rahm qil! - deb yana qattiqroq hayqirdi. 49 Iso to'xtadi va u odamni yoniga chaqirtirdi. Ko'rni chaqirgani borganlar unga: - Qo'rqma, o'rningdan tur, U seni chaqiryapti, - deyishdi. 50 Ko'r to'nini yechib tashlab, o'rnidan turib ketdi-da, Isoning yoniga keldi. 51 Iso undan so'radi: - Sen Mendan nima istaysan? - Ustozim, ko'zlarim ko'rsin! - dedi ko'r. 52 Iso unga: - Bor, ishonching seni qutqardi, - dedi. O'sha zahoti ko'rning ko'zlari ochilib ketdi. U Isoning ortidan ergashib yo'l yurdi.
Isoning Quddusga tantanali kirishi
11:1 Quddusga yaqinlashib, Zaytun tog'i etagidagi Baytfagiya va Baytaniya qishloqlariga kelganlarida, Iso shogirdlaridan ikkitasini jo'nata turib dedi: 2 - Qarshingizdagi qishloqqa boringlar. U yerga kirishingiz bilanoq, hech kim minmagan, bog'lab qo'yilgan xo'tikni topinglar. Uni yechib bu yerga olib kelinglar. 3 Agar kim sizlardan: “Nima qilyapsizlar?” deb so'rab qolsa, “U Rabbimizga kerak, U uni darhol bu yerga qaytarib yuboradi”, deb javob beringlar. 4 Ular borib, ko'chada darvoza yonida bog'lab qo'yilgan xo'tikni topib, yechib olishdi. 5 U yerda turgan bir necha kishi ularga: - Nima qilyapsizlar? Nega xo'tikni yechyapsizlar? - deyishdi. 6 Shogirdlar Iso buyurganidek javob berishdi, odamlar ularni qo'yib yuborishdi. 7 Xo'tikni Isoning oldiga olib kelishdi. Uning ustiga kiyimlarini yozib qo'yishdi, Iso unga mindi. 8 Ko'pchilik o'z kiyimlarini yo'lga poyandoz qildi. Boshqalar esa dashtdagi daraxtlardan yashil novdalarni kesib, yo'lga to'shadilar. 9 Oldinda va orqada yurayotganlar: “Najot bergin! Xudovand nomidan Kelayotgan muborak! 10 Otamiz Dovudning yaqinlashgan shohligi mangu bo'lsin! Ko'klardan najot kelsin!”? deb hayqirishar edilar. 11 Iso Quddusga kirib kelib, ma´badga bordi. Hamma narsani ko'zdan kechirib, vaqt kech bo'lib qoldi, deb o'n ikki shogirdi bilan Baytaniya qishlog'iga ketdi.
Qurib qolgan anjir daraxti
12 Ertasi kun Baytaniyadan chiqqanlarida, Iso och qoldi. 13 U uzoqdan barglar bilan qoplangan bir anjir daraxtini ko'rib qoldi, biron narsa topilarmikin, deb unga yaqinlashdi. Daraxtning yoniga kelib, bargdan boshqa hech narsa topolmadi; chunki anjir terish vaqti emas edi. 14 Iso daraxtga qarab: - Bundan keyin abadiy sening mevangni yeguvchi bo'lmasin! - dedi. Shogirdlari ham bu gapni eshitishdi.
Oldi-sotdi qiluvchilarni ma´baddan quvish
15 So'ng Quddusga kelishdi. Iso ma´badga kirib, ichkarida oldi-sotdi qilayotganlarni quvib chiqara boshladi. Sarroflarning xontaxtalarini, kabutar sotuvchilarning kursilarini ag'darib yubordi. 16 Ma´bad ichida biron narsa ko'tarib o'tishga ham ruxsat bermadi. 17 Iso xalqqa ta´lim berayotib dedi: - Tavrotda: “Mening uyim barcha xalqlar ibodat qiladigan uy deb atalgay”, - deb yozilmaganmi? Sizlar esa Xudoning uyini qaroqchilar uyasiga aylantirib yuboribsizlar! 18 Ulamolar va oliy ruhoniylar buni eshitganda, Isoni halok etish chorasini topmoq payiga tushdilar. Ammo butun xalq Uning ta´limotiga mahliyo edi, shuning uchun Undan hayiqar edilar. 19 Kech bo'lgach, Iso shahardan tashqariga chiqib ketdi.
Ibodat va ishonch haqida
20 Erta bilan ular yana anjir daraxti yonidan o'tib qarashsaki, daraxt ildizigacha qurib qolgan ekan. 21 Butrus bo'lgan hodisani eslab, Isoga: - Ustoz! Qara, Sen la´natlagan anjir daraxti qurib qolibdi, - dedi. 22 Iso bunga javoban aytdi: 23 - Xudoga ishonchingiz bo'lsin. Sizlarga gapim shuki, agar kim bu toqqa: “Qo'porilib dengizga otil”, desa-yu, o'z qalbida shubhalanmay, aytgani bajo kelishiga qattiq ishonsa, aytgani bo'ladi. 24 Binobarin, sizlarga aytaman: siz ibodatda nimaiki so'rasangiz, olishingizga ishoninglar va erishasizlar. 25 Ibodat qilib turganingizda birovda ginangiz bo'lsa, uni kechirib yuboring, toki osmondagi Otangiz ham sizlarning gunohlaringizni kechirsin. 26 Agar sizlar boshqalarning ayb-gunohlarini kechirmasangizlar, osmondagi Otangiz ham sizlarni kechirmaydi.
Isoning vakolati haqida savol
27 Ular yana Quddusga keldilar. Iso ma´badda aylanib yurgan edi, oliy ruhoniylar, ulamolar va oqsoqollar Uning oldiga kelib 28 so'radilar: - Sen bu mo'jizalarni qanday kuch bilan qilyapsan? Bularni qilish uchun Senga kim vakolat bergan? 29 Iso ularga shunday javob berdi: - Men sizlarga bir savol beray. Menga javob bersangizlar, Men ham bu ishlarni qanday vakolat bilan qilayotganimni sizlarga aytaman. 30 Yahyo payg'ambar xalqni suvda tavba qildirish uchun Xudodan vakolat olganmidi, yoki insondanmi? Javob beringlar Menga. 31 Ular o'zlaricha mulohaza yurita boshlashdi: “Agar Xudodan desak, U: Nega Yahyoga ishonmadingizlar? - deydi. 32 Ammo insondan desak-chi?” Vaholanki, ular xalqdan qo'rqardilar, chunki hammalari Yahyoni haqiqiy payg'ambar deb hisoblardi. 33 Xullas, ular Isoga javoban: - Bilmaymiz, - deyishdi. Iso ularga: - U holda Men ham qanday vakolat bilan bu ishlarni qilayotganimni sizlarga aytmayman, - deb javob berdi.
Yovuz bog'bonlar haqida masal
12:1 Iso xalqqa masallar orqali so'zlay boshladi: “Bir odam uzumzor barpo qilibdi. Atrof-tevaragini panjara bilan o'rab, uzum siqadigan iskanja qurib, qo'riqchi minorasi o'rnatibdi-da, bog'ni bog'bonlarga ijaraga berib, o'zi vaqtincha boshqa mamlakatga ketibdi. 2 Mavsumida uzumzorning hosilidan olish uchun bog'bonlarning oldiga bir xizmatkorini yuboribdi. 3 Bog'bonlar esa uni tutib urishibdi va hech narsa bermasdan qaytarib yuborishibdi. 4 Bog' egasi yana boshqa bir xizmatkorini ularning oldiga yuboribdi. Ular esa tosh bilan uning boshini yorib, xo'rlab chiqarib yuborishibdi. 5 Yana boshqasini yo'llabdi, unisini esa o'ldirishibdi. Boshqa bir qancha xizmatkorini yuboraveribdi, ammo bog'bonlar ularning ba´zisini urib, ba´zisini o'ldirishibdi. 6 Bog' egasining endi birgina odami qolibdi, u ham bo'lsa, sevikli o'g'li ekan. U: “O'g'limni hurmat etarlar”, - deb, bog'bonlar oldiga uni yuboribdi. 7 Lekin ular bir-biriga: - Bu merosxo'r-ku! Qani, uni o'ldiramiz, shunda meros bizga qoladi, - deyishibdi. 8 O'g'lini ushlab, o'ldirib, bog'dan tashqariga chiqarib tashlashibdi. 9 Endi bog' egasi nima qilar ekan? U kelib bog'bonlarni o'ldiradi, bog'ini esa boshqalarga topshiradi. 10 Nahotki sizlar shu oyatni hech o'qimagan bo'lsangiz: “Binokorlar keraksiz deb tashlagan tosh Naq binoning peshtoqidan joy oldi. 11 Bu Xudovand irodasi tufaylidir, Bizga esa ajoyibot timsolidir””. 12 Din peshvolari buni eshitib, Isoni qo'lga olishga intildilar. Chunki U bu masalni o'zlari haqida aytganini tushundilar. Biroq xalqdan qo'rqqanlaridan, Uni qoldirib ketdilar.
Xudoning haqi Xudoga
13 Isoni tilidan tuzoqqa ilintirish uchun Uning oldiga farziylardan va Hirod odamlaridan ba´zilarini yubordilar. 14 Ular kelib: - Ustoz, - dedilar, - biz bilamizki, Sen odilsan, biror kishiga xushomadgo'ylik qilmaysan. Odamlarga yuz-xotir qilmasdan, Xudoning yo'lini to'g'ri o'rgatasan. Seningcha, Qaysarga soliq to'lash dinga muvofiqmi, yoki yo'q? Bizlar beraylikmi, bermaylikmi? 15 Iso ularning munofiqligini bilar edi. - Nima, Meni sinab ko'rmoqchimisizlar? Menga bir dinor olib kelinglar, bir ko'rayin, - dedi. 16 Ular olib kelgach, Iso so'radi: - Bu surat va yozuv kimniki? - Qaysarniki, - dedi ular. 17 Iso ularga: - Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, - dedi. Buni eshitganlar juda hayron bo'ldilar.
Qiyomat haqida savol
18 Bundan keyin o'liklar tirilmaydi, deb aytadigan sadduqiylar Isoning oldiga kelib, Undan so'radilar: 19 - Ey Ustoz! Muso payg'ambar bizga shunday yozib qoldirgan: “Agar kimning akasi o'lib, uning xotini qolib, ammo undan farzand qolmagan bo'lsa, unda ukasi akasining xotiniga uylanib, u uchun avlod yaratsin”. 20 Xo'sh, yetti aka-uka bor ekan. Birinchisi xotin olib, nasl qoldirmay o'lib ketibdi. 21 Ikkinchisi o'sha xotinni olib, farzand ko'rmay olamdan o'tibdi. Uchinchisining boshiga xuddi shu ko'rgilik tushibdi. 22 Shuningdek, aka-ukalarning yettovi ham o'sha xotinga uylanib, farzand ko'rmay olamdan o'tibdilar. Oxirida xotin ham qazo qilibdi. 23 Xo'sh, qiyomatda ular tirilganda, xotin qaysi birining xotini sanalar ekan? Yettovi ham unga uylangan ekanlar-ku! 24 Iso ularga shunday javob berdi: - Sizlar Muqaddas Kitobni ham, Xudoning qudratini ham bilmaysizlar, ana shu sababdan adashyapsizlar. 25 O'liklar tirilganda, na uylanadilar va na erga tegadilar, balki bamisoli osmondagi farishtalarday bo'ladilar. 26 Nahotki sizlar Musoning kitobida, yonayotgan buta to'g'risidagi oyatda Xudoning nima aytganini hech o'qimagan bo'lsangizlar? Xudo Musoga: “Men Ibrohimning Xudosi, Is´hoqning Xudosi va Yoqubning Xudosiman”, - degan va shu tariqa o'liklarning tirilishiga ishora qilgan. 27 Chunki Xudo o'liklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Sizlar juda ham adashyapsizlar.
Eng muhim ilohiy amr
28 Ulamolardan biri ularning munozara qilayotganini eshitib, Isoning ularga yaxshi javob berib turganini ko'rdi. U Isoning oldiga kelib: - Butun ilohiy amrlarning eng muhimi qaysi biri? - deb so'radi. 29 Iso unga javob berib dedi: - Butun amrlarning eng muhimi shu: “Tingla, ey Isroil! Rabbimiz bo'lgan Xudovand - yagona Xudovanddir. 30 Rabbing bo'lgan Xudovandni butun qalbing bilan, butun joning bilan, butun onging bilan va butun quvvating bilan sevgin”. Mana bu eng muhim amr. 31 Ikkinchisi esa undan kam emas, chunonchi: “O'zgani o'zing kabi sevgin”. Bulardan buyuk amr yo'q. 32 - Yaxshi gapirding, Ustoz, - dedi ulamo Isoga. - Xudo yagona, Undan boshqa xudo yo'q, deb to'g'ri aytding. 33 Uni butun qalb, butun ong, butun jon va butun quvvat bilan sevish, o'zgani esa o'zimizni sevganday sevish kerak. Bu - har qanday qurbon so'yish va nazr-niyoz atashdan a´loroqdir. 34 Iso uning oqilona javob berganini ko'rib: - Sen Xudoning Shohligidan uzoqda emassan, - dedi. Shundan keyin boshqa hech kim Undan so'rashga jur´at etmadi.
Masih kimning o'g'li?
35 Iso ma´badda ta´lim berayotib, savol tashladi: - Qanday qilib ulamolar Masihni Dovudning O'g'li deydilar? 36 Dovudning o'zi Muqaddas Ruh ilhomi bilan deganki: “Xudovand mening Rabbimga aytdi: Yovlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha, Sen Mening o'ng tomonimda o'ltirib turgin”. 37 Demak, Dovudning o'zi Masihni Rabbim deb atagan bo'lsa, qanday qilib Masih uning o'g'li bo'ladi? Ko'pchilik xalq esa Isoni ishtiyoq bilan tinglar edi.
Soxta dindorlikka qarshi ogohlantirish
38 Iso xalqqa nasihat qilib yana shunday dedi: - Uzun kiyimlar kiyish, xalq yig'inlarida alik olish, ibodatxonalarda hurmatli o'rinda va ziyofatlarda to'rda o'tirishni yaxshi ko'radigan ulamolardan ehtiyot bo'linglar! 40 Ular beva ayollarning uy-joylarini shilib, xo'ja ko'rsinga uzoq duo o'qiydilar. Mana shular og'irroq jazoga duchor bo'ladilar.
Beva ayolning xayr-ehsoni
41 Iso ma´bad xazinasi qarshisida o'tirib, xalqning sadaqa qutisiga qanday pul solayotganiga qarab turar edi. Bir to'da boylar anchagina pul tashladilar. 42 Bir kambag'al beva ayol ham kelib, ikki chaqa tashladi. 43 Shunda Iso shogirdlarini yoniga chaqirib dedi: - Sizlarga chinini aytayin, bu kambag'al beva ayol qutiga pul tashlaganlarning hammasidan ham ko'proq tashladi. 44 Chunki boshqalarning barchasi o'zlarining ortiqcha pullaridan tashladilar. Ammo bu ayol o'zining tirikchilik tashvishlariga qaramasdan, bor-yo'g'ini tashladi.
Iso oxirzamon haqida
13:1 Iso ma´baddan chiqib ketayotganda, shogirdlaridan biri: - Ustoz, qara, naqadar chiroyli toshlar, naqadar hashamatli binolar! - dedi. 2 Iso unga javob berib: - Bu hashamatli binolarni ko'ryapsanmi? Bu yerda biror-bir g'isht butun qolmaydi, hammasi vayron bo'ladi, - dedi. 3 Iso Zaytun tog'ida, ma´badning ro'parasida o'tirgan vaqtda Butrus, Yoqub, Yuhanno va Idris Undan alohida so'radilar: 4 - Bizga ayt-chi, bu aytganlaring qachon yuz beradi? Bularning amalga oshishini ko'rsatadigan belgi qanday bo'ladi? 5 Iso shogirdlariga qarab so'z boshladi: “Hech kim sizlarni yo'ldan ozdirmasligi uchun ehtiyot bo'linglar! 6 Chunki ko'p kishilar Mening nomim bilan kelib: “Men U bo'laman”, - deb ko'plarni yo'ldan ozdiradilar. 7 Siz yiroq-yaqindan urush xabarlarini eshitganda, cho'chimanglar. Garchi bular sodir bo'lishi kerak bo'lsa-da, bu hali so'nggi nihoya emas. 8 Xalq xalqqa qarshi, podshohlik podshohlikka qarshi ko'tariladi. Ayrim joylarda zilzilalar, qahatchiliklar, qo'zg'olonlar bo'ladi. Bu hodisalar esa bamisli to'lg'oqning boshidir. 9 Sizlar esa o'zingizga ehtiyot bo'linglar. Chunki sizlarni adliyaga topshirib, ibodatxonalarda uradilar. Men tufayli sizlarni hokimlar va podshohlar huzurida turg'izib qo'yadilar, sizlar esa Mening guvohlarim bo'lasizlar. 10 Chunki avvalo barcha xalqlarga Injil Xushxabari targ'ib qilinishi lozim. 11 Sizlarni topshirish uchun olib borayotganlarida, nima aytamiz, deb oldindan o'ylamanglar, qayg'urmanglar. O'sha soatda nima nasib etsa, uni aytinglar. Chunki o'shanda sizlar emas, balki Muqaddas Ruh gapiradi. 12 Aka ukasini, ota bolasini o'limga topshiradi. Bolalar o'z ota-onalariga qarshi chiqib, ularni o'ldiradilar. 13 Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. Lekin oxirigacha chidagan qutuladi”.
Buyuk musibat va Isoning olamga qaytishi
14 “Doniel payg'ambar karomat qilib aytgan “dahshatli razolat” nomunosib joyda turganini ko'rganingizda (o'qigan o'zi tushunsin!) Yahudiyada bo'lganlar tog'larga qochishsin. 15 Tomning ustida bo'lganlar pastga tushib uyidan biron narsa olib kelish uchun uyiga kirishmasin. 16 Dalada bo'lganlar choponini olgani orqasiga qaytishmasin. 17 U kunlarda homilador va emizikli ayollarning holiga voy! 18 Qochishingiz qishga to'g'ri kelmasligi uchun ibodat qilinglar. 19 Chunki o'sha kunlarda shunday musibat bo'ladiki, Xudo dunyoni yaratganidan to hozirgacha bunday bo'lmagan va qaytib sodir bo'lmaydi. 20 Agar Rabbimiz o'sha kunlarni qisqartirmaganda edi, hech bir jonzod omon qololmas edi. Lekin U tanlagan kishilar uchungina o'sha kunlarni qisqartiradi. 21 Agar o'shanda kimdir sizlarga: “Masih mana bu yerda”, yoki: “Mana u yerda”, - deb aytsa, ishonmanglar. 22 Chunki soxta masihlar va soxta payg'ambarlar paydo bo'lib, iloji bo'lsa, tanlanganlarni ham yo'ldan ozdirish uchun g'aroyibotlar va mo'jizalar ko'rsatadilar. 23 Sizlar esa ehtiyot bo'linglar. Mana, Men hammasini sizlarga oldindan aytib qo'ydim. 24 Ammo o'sha kunlarda, o'sha musibatdan keyin quyosh tutilib, oy xiralanadi. 25 Yulduzlar osmondan tushib, samoviy kuchlar larzaga keladi. 26 U vaqt Inson O'g'li bulutlar ichida, buyuk qudrat va shon-shuhrat bilan kelayotganini ko'radilar. 27 O'shanda U farishtalarini yuborib, osmonning bir burchidan boshqa burchigacha, yerning to'rt tomonidan O'zining tanlagan kishilarini to'plab oladi”.
Hushyor bo'lish haqida
28 “Anjir daraxtidan ibrat olinglar: uning shoxlari ko'karib barglar chiqarayotganda, yoz yaqinlashganini bilasizlar. 29 Shunga o'xshab, bu ishlarning sodir bo'layotganini ko'rganda bilinglarki, U yaqindir, bo'sag'ada turibdi. 30 Sizlarga chinini aytayin: bu nasl o'tmasdanoq, bularning hammasi sodir bo'ladi. 31 Yeru osmon bitar, lekin Mening so'zlarim bitmas. 32 O'sha kun yoki soat haqida birgina Otamdan boshqa hech kim bilmaydi; O'g'il ham, osmondagi farishtalar ham bilmaydilar. 33 Ko'z-quloq bo'lib turinglar, hushyor bo'lib ibodat qilinglar; chunki o'sha vaqt-soat qachon kelishini bilmaysizlar. 34 Bu xuddi safarga jo'nagan uy egasiga o'xshaydi. U o'z uy-ro'zg'orini xizmatkorlariga topshirib, har biriga biron vazifa berib, darvozabonga esa hushyor bo'lib turishni buyurib, jo'nab ketibdi. 35 Xuddi shunday, sizlar ham hushyor bo'lib turinglar. Chunki uy Egasi qachon kelishini - kechqurunmi, yarim tundami, xo'rozlar qichqirgandami, yoki ertalabmi - bilmaysizlar. 36 Mabodo U nogahon kelib, sizlarni g'aflat uyqusida ko'rmasin! 37 Sizlarga nima aytayotgan bo'lsam, hammaga aytganimdir: hushyor bo'lib turinglar!”
Isoni o'ldirish rejasi
14:1 Yahudiylar xamirturushsiz non yeydigan Fisih bayramiga ikki kun qolgan edi. Oliy ruhoniylar va ulamolar Isoni hiyla bilan tutib, o'ldirish uchun fursat poylab turgan edilar. 2 Ular: - Bu ish faqat bayram kunlarida bo'lmasligi kerak, yana xalq g'alayon qilmasin, - deyishdi.
Isoga sunbul moyi quygan ayol
3 Iso Baytaniya qishlog'ida moxov Simunning uyida mehmon bo'lib o'tirgan edi, bir ayol ganchdan yasalgan idishda sof, qimmatbaho sunbul moyi olib keldi. Idishni sindirib, moyni Isoning boshiga quydi. 4 Ba´zilar bundan g'azablanib, bir-biriga: - Bu moyni bunday isrof etishning nima keragi bor edi? 5 Mana, bu moyni uch yuz kumush tangadan ham ko'proqqa sotib kambag'allarga taqsimlab berish mumkin edi-ku! - deb ayolni qattiq koyishdi. 6 - Qo'yinglar uni! - dedi Iso. - Nega ayolni xijolatda qoldiryapsizlar? U Men uchun ezgu ish qildi. 7 Kambag'allar har doim sizlar bilan birga bo'ladilar. Istagan vaqtingizda ularga ezgulik qila olasizlar. Lekin Men doim sizlar bilan birga bo'lmayman. 8 Ayol qo'lida borini berdi. U Mening tanamga xushbo'y moy surtib, hozirdan dafnga tayyorladi. 9 Sizlarga chinini aytayin: Injil Xushxabari dunyoning qaysi yerida targ'ib qilinsa, bu ayol ham eslanib, uning qilgan ishi yodga olinadi. 10 Shunda o'n ikki shogirddan biri bo'lgan Ishqariyot Yahudo chiqib, Isoni tutib berish uchun oliy ruhoniylarning oldiga bordi. 11 Ular buni eshitib, sevindilar va Yahudoga pul berishga ahd qildilar. U esa Isoga xiyonat qilish uchun qulay payt izlay boshladi.
Qutlug' ziyofat va Isoga xiyonat
12 Yahudiylar xamirturushsiz non yeydigan Fisih bayramining birinchi kunida qurbon qo'zisini so'yish kerak edi. Bu kunda shogirdlar Isoga: - Fisih bayram taomini qayerda yemoqchisan? Biz borib tayyorgarchilik qilaylik, - deyishdi. 13 Iso shogirdlaridan ikkitasini yuborayotib, ularga dedi: - Shaharga boringlar, sizlarga ko'zada suv ko'tarib ketayotgan odam uchraydi; uning orqasidan boringlar. 14 U kiradigan uyning egasiga: “Ustozimiz: Shogirdlarim bilan Fisih bayram taomini yeydigan xona qayerda, deb so'rayapti”, deb aytinglar. 15 U kishi sizlarga shinam, tayyorlab qo'yilgan katta boloxonani ko'rsatadi. U yerda biz uchun hozirlik ko'ringlar. 16 Shogirdlar jo'nashdi. Shaharga kirganlarida, xuddi Isoning aytganini topdilar va Fisih bayram taomini tayyorladilar. 17 Oqshom bo'lgach, Iso o'n ikki shogirdi bilan birga u yerga keldi. 18 Ular yeb o'tirganlarida Iso: - Sizlarga chinini aytayin, Men bilan taom yeyayotgan sizlardan bir kishi Meni tutib beradi, - dedi. 19 Shogirdlar xafa bo'lib, birin-ketin: - O'sha men emasmi? - deb Undan so'ray boshladilar. Va shogirdlardan biri yana: - O'sha men emasmi? - dedi. 20 Iso ularga javoban dedi: - O'n ikki shogirdimdan biri-da, kim Men bilan birga kosaga non ivitib yesa, o'shadir. 21 To'g'ri, Inson O'g'lining taqdiri oyatda yozilganiday ketyapti. Lekin Inson O'g'lini tutib beradigan o'sha odamning holiga voy! U odamning tug'ilmagani o'zi uchun yaxshiroq bo'lar edi. 22 Ular ovqatlanayotganda, Iso nonni oldi, duo o'qib sindirdi va shogirdlariga berib: - Olinglar, yenglar, bu Mening tanamdir, - dedi. 23 Kosani ham oldi va shukrona duosini o'qib ularga uzatdi. Hammalari undan ichdilar. 24 Iso ularga dedi: - Bu ko'plar uchun to'kiladigan, Yangi Ahdni kuchga kiritadigan Mening qonimdir. 25 Sizlarga chinini aytayin: Xudoning Shohligida Men yangi sharob ichadigan kungacha uzum ne´matini boshqa ichmayman. 26 So'ng ular kuylab, Zaytun tog'i tomon ketdilar.
Butrusning Isodan tonishi haqida karomat
27 Iso shogirdlariga dedi: - Bu tunda hammangiz Mendan yuz o'girasizlar. Chunki Tavrotda shunday yozilgan: “Men cho'ponni jarohatlayman, Qo'ylar o'zi tarqab ketadi”. 28 Biroq Men o'lib tirilganimdan keyin, sizlarni Jalilada kutaman. 29 Butrus Isoga: - Agar hamma Sendan yuz o'girsa ham, men o'girmayman! - dedi. 30 Iso unga: - Senga rostini aytsam, bugun, shu kechasiyoq, xo'roz ikki marta qichqirmasdanoq, sen Mendan uch marta tonasan, - dedi. 31 Lekin Butrus yana ta´kid bilan o'zinikini tasdiqlab: - Men Sen bilan birga o'lishim kerak bo'lsa ham, Sendan aslo tonmayman, - dedi. Boshqa hamma shogirdlar ham shunday deyishdi.
Isoning bog'dagi ibodati
32 So'ngra Getsemaniya degan bir joyga keldilar. Iso shogirdlariga: - Men ibodat qilgunimcha, sizlar bu yerda o'tirib turinglar, - dedi. 33 Butrus, Yoqub va Yuhannoni O'zi bilan birga olgan Iso vahimaga tushdi va qattiq qayg'ura boshladi. 34 Shogirdlariga: - Mening jonim o'lim oldidaligini sezib, juda qiynalmoqda. Shu yerda qolinglar-da, sergak turinglar, - dedi. 35 Bir oz nari ketib yerga yiqildi, agar iloji bo'lsa, bu soatning alami meni chetlab o'tsin, deb ibodat qildi. 36 - Ey aziz Otam! - dedi. - Sen hamma narsaga qodirsan, bu zaqqum kosani Mening yonimdan o'tkazib yuborgin. Lekin Mening istaganim emas, Sening istaganing bo'lsin. 37 Shogirdlari oldiga qaytib kelgach, ularni uxlab yotgan holda ko'rdi. Butrusga dedi: - Simun! Uxlayapsanmi? Bir soatgina ham uyg'oq o'tira olmadingmi? 38 Vasvasaga tushmaslik uchun hushyor bo'lib, ibodat qilib turinglar. Ruh tetik, tana esa zaifdir. 39 Iso yana borib, o'sha so'zlarni aytib ibodat qildi. 40 U qaytib kelib, shogirdlarini yana uxlab yotgan holda ko'rdi. Ularning ko'zlarini g'aflat bosgan edi. Unga nima deb javob berishlarini bilmas edilar. 41 Uchinchi marta borib kelib, Iso shogirdlariga dedi: - Sizlar hali ham beparvo uxlab, rohatlanib yotibsizlarmi? Bas endi, mana vaqt-soati keldi, Inson O'g'li gunohkorlar qo'liga tutib berilyapti. 42 Turinglar, ketaylik! Mana, Menga xiyonat qiluvchi yaqinlashib qoldi.
Isoning qo'lga olinishi
43 Iso hali gapirib turganda, o'n ikki shogirdidan biri Yahudo qo'qqisdan kelib qoldi. Uning yonida oliy ruhoniylar, ulamolar va oqsoqollar tomonidan yuborilgan, qilich va tayoq ushlagan olomon bor edi. 44 Xoin Yahudo: “Men kimni o'psam, u O'sha Kishidir. Uni ushlanglar va ehtiyot qilib olib ketinglar”, - deb ular bilan til biriktirgan edi. 45 Yahudo keliboq, Isoga yaqinlashdi-da: - Ustoz! Ustoz! - deb Uni o'pdi. 46 Shu onda odamlar Isoga dast solib, Uni ushlab olishdi. 47 Isoning yonida turganlardan biri qilichini qinidan sug'urdi-da, oliy ruhoniy qaroliga bir urib qulog'ini kesib tashladi. 48 Iso ularga dedi: - Sizlar Meni qo'lga olish uchun qaroqchiga qarshi chiqqandek qilichu tayoqlar bilan qurollanib kelibsizlar. 49 Men esa har kuni ma´badda sizning orangizda edim, ta´lim berardim, sizlar-chi, Meni qo'lga olmadingizlar. Ammo zotan oyatlar bajo kelishi lozim. 50 O'shanda hamma shogirdlari Isoni tashlab, qochib ketishdi. 51 Yalang'och tanasini choyshabga o'ragan bir yigit ham Isoga ergashib borayotgan edi. Askarlar uni ushlab olganda, 52 u choyshabni tashlab, ulardan yalang'och holda qochib qutuldi.
Iso yahudiylarning Oliy Kengashi oldida
53 Isoni bosh oliy ruhoniyning oldiga olib keldilar. Uning yoniga hamma oliy ruhoniylar, oqsoqollar va ulamolar yig'ildilar. 54 Butrus esa Isoga uzoqdan, to oliy ruhoniyning hovlisi ichigacha ergashib kelgandi. Xizmatkorlar bilan birga olov yonida o'tirib, isindi. 55 Oliy ruhoniylar va Oliy Kengashning barcha a´zosi Isoga o'lim jazosi berish uchun Unga qarshi guvoh izlar edilar, lekin topolmas edilar. 56 Ko'p odamlar Unga qarshi soxta guvohlik berayotgan bo'lsalar-da, ammo bergan guvohliklari bir-biriga mos kelmas edi. 57 Soxta guvohlardan ba´zilari so'zga chiqib shunday der edilar: 58 - U: “Inson qo'li bilan qurilgan bu ma´badni Men buzib tashlayman-u, uch kunda inson qo'llarisiz, boshqa bir ma´badni tiklayman”, - deganini eshitgan edik. 59 Lekin bu xususda ham guvohlarning bergan ma´lumotlari bir-biriga zid edi. 60 Bundan keyin bosh oliy ruhoniy o'rtaga chiqib Isodan so'radi: - Sen nega hech javob qaytarmaysan? Ularning Senga qo'ygan ayblariga nima deysan? 61 Iso esa indamadi, hech javob qaytarmadi. Bosh oliy ruhoniy yana Undan so'radi: - Muborak Xudoning O'g'li - Masih Senmisan? 62 Iso: - Men O'shaman va siz Inson O'g'lini qodir Tangrining o'ng tomonida o'tirib, osmon bulutlari bilan kelayotganini ko'rasizlar, - dedi. 63 Shundan keyin bosh oliy ruhoniy o'z kiyimlarini yirtib: - Bizlarga yana guvohlarning nima keragi bor? 64 Kufr ketganini o'zlaringiz eshitdingizlar. Bunga nima deysizlar? - dedi. Hammalari Uni o'limga loyiq deb topishdi. 65 Ba´zilar Unga tupura boshlashdi. Uning yuz-ko'zini bog'lab, mushtlaganlaricha: - Payg'ambarligingni ko'rsat-chi! - deyishardi. Xizmatkorlar ham Uni shapaloqlashardi.
Butrusning Isodan tonishi
66 Butrus pastdagi hovlida ekan, oliy ruhoniyning xizmatkor ayollaridan biri kelib qoldi. 67 Isinib turgan Butrusni ko'rib, unga tikilib qaradi-da: - Sen ham nosiralik Iso bilan birga eding-ku! - dedi. 68 Lekin Butrus inkor etdi: - Sen nima deyapsan o'zi, tushunmayapman, anglamayapman, - dedi-yu, boshqa yoqqa, tashqi hovliga chiqib ketdi. Shu payt xo'roz qichqirdi. 69 Xizmatkor ayol uni yana uchratib, u yerda turganlarga: - Bu ulardan biri-ku! - deb so'zlay boshladi. 70 Butrus yana inkor etdi. Bir ozdan keyin u yerda turganlar yana Butrusga gapira boshlashdi: - Haqiqatan sen ulardan birisan, jalilaliksan, lahjang juda o'xshaydi. 71 - Sizlar aytayotgan bu Odamni men tanimayman! - deb Butrus la´nat o'qib, qasam icha boshladi. 72 Naq shu payt xo'roz ikkinchi marta qichqirdi. Isoning: “Xo'roz ikki marta qichqirmasdanoq, sen Mendan uch marta tonasan”, - degan so'zi Butrusning esiga tushib, yig'lay boshladi.
Iso hokim Pilatning oldida
15:1 Tong otar-otmas, oliy ruhoniylar, oqsoqollar va ulamolar hamda Oliy Kengashning qolgan a´zolari maslahatlashib olishdi va Isoni bog'latib, Pilatga olib borib topshirishdi. 2 Pilat Isodan: - Sen yahudiylarning Podshosimisan? - deb so'radi. - O'zing aytding, - deb javob berdi Iso. 3 Oliy ruhoniylar Uni ko'p masalada ayblayotgan edilar. 4 Pilat yana Unga: - Sen hech narsaga javob bermaysanmi? Ko'ryapsan-ku, Senga qarshi ayblar juda ko'p! - dedi. 5 Lekin Iso boshqa hech javob bermadi. Pilat bunga hayron qoldi. 6 Har bayramda Pilat xalqning iltimosiga binoan bir mahbusni ozod qilar edi. 7 O'shanda isyon vaqtida qotillik qilgan Barabba ismli bir kishi o'z sheriklari bilan qamoqda edi. 8 Xalq yangitdan qiy-chuvlashib, Pilatdan har doim qilib kelgan ishni ular uchun ado etishni so'ray boshladi. 9 Oliy ruhoniylar Isoni ko'rolmaganlaridan tutib berganliklarini bilgan Pilat: - Yahudiylarning Podshosini oldingizga chiqarib yuborishimni istaysizlarmi? - deb so'radi. 11 Oliy ruhoniylar esa, buning o'rniga yaxshisi Barabbani ozod qilishini talab qilinglar, deb xalqni qo'zg'ab qo'yishdi. 12 Pilat yana ularga xitob qildi: - Unday bo'lsa, sizlar yahudiylarning Podshosi deb atagan Kishini nima qilishimni istaysizlar? 13 - Uni xochga mixlab qo'y! - deb qaytadan shovqin-suron ko'tarishdi. 14 Pilat so'radi: - U nima yomonlik qilibdi? - Uni xochga mixlab qo'y! - deb yana kuchliroq baqirishdi. 15 Shundan keyin Pilat xalqni mamnun qilay, deb ularning oldiga Barabbani chiqarib yubordi. Isoni esa rosa savalatgandan so'ng xochga mixlash uchun askarlarga topshirdi.
Isoni haqorat qilish
16 Askarlar Isoni hukumat saroyidagi mahkama binosiga olib borib, butun bo'linmani Uning boshiga to'plashdi. 17 Unga shohona to'n kiydirishdi va tikanlardan toj o'rib boshiga qo'yishdi. 18 - Yashavor, ey yahudiylarning Podshosi! - deb Uni qutlay boshlashdi. 19 Qamish bilan Uning boshiga urib, yuziga tupurishdi. Uning oldida tiz cho'kib, ta´zim qilishdi. 20 Uni shunday masxara qilganlaridan keyin, Undan shohona to'nni yechib olib, O'zining kiyimlarini kiydirishdi va Uni xochga mixlash uchun olib ketishdi.
Isoni xochga mixlash
21 Iskandar va Rufning otasi, kirineyalik Simun ismli bir kishi daladan kelib o'tib ketayotgan edi. Bu kishini Isoning xochini ko'tarib borishga majbur qilishdi. 22 Nihoyat Isoni “Boshsuyagi” ma´nosini beruvchi Go'lgota degan joyga olib kelishdi. 23 Unga mirra aralashtirilgan sharob berishdi, lekin U ichmadi. 24 Bundan so'ng Isoni xochga mixlab qo'yishdi. Uning kiyimlarini esa o'zaro bo'lishib, kim nima oladi, deb qur´a tashlashdi. 25 Uni xochga mixlaganlarida soat to'qqiz edi. 26 Boshi ustida “Yahudiylarning Podshohi” deb Uning aybini ko'rsatadigan yozuv bor edi. 27 Iso bilan birga ikki qaroqchini ham - birini Uning o'ng tomoniga, ikkinchisini esa chap tomoniga xochga mixlab qo'ydilar. 28 Shunday qilib, “U jinoyatchilar qatorida turdi”, degan oyat bajo bo'ldi. 29 O'tib ketayotganlar boshlarini chayqagancha Isoni haqoratlashardi: - Hey ma´badni buzib uch kun ichida tiklaydigan! 30 O'zingni O'zing qutqarib, xochdan tushib ko'r-chi! 31 Oliy ruhoniylar va ulamolar ham ularga qo'shilib, Isoni masxaralay ketishdi. Ular bir-biriga: - Boshqalarni qutqardi, O'zini esa qutqara olmaydi! 32 Isroilning Podshosi Masih endilikda xochdan tushsin, toki biz ko'rib Unga ishonaylik! - deyishardi. Iso bilan birga xochga mixlanganlar ham Uni so'kar edilar.
Isoning jon berishi
33 Tush chog'i butun yerni qorong'ilik qoplab, soat uchgacha davom etdi. 34 Soat uchda Iso baland ovoz bilan: - Elohi, Elohi, lamo shavaqtani? - deb faryod qildi. Bu so'zning tarjimasi: “Tangrim, Tangrim, nega Meni tashlab qo'yding?” - demakdir. 35 U yerda turgan ba´zilar buni eshitib: - Qarang, U Ilyos payg'ambarni chaqiryapti-ku, - deyishdi. 36 Shunda birov yugurib borib, shimgichni sirkaga botirib, qamishning uchiga ilib qo'ydi-da, Isoga ichirmoqchi bo'ldi. U: - To'xtanglar, ko'raylik-chi, Ilyos kelib xochdan tushirarmikan, - dedi. 37 Ammo Iso qattiq faryod qildiyu jon berdi. 38 Ma´baddagi parda yuqoridan pastgacha yirtilib, ikkiga bo'linib ketdi. 39 Isoning qarshisida turgan yuzboshi Uning shunday qattiq faryod qilib jon berganini ko'rib: - Haqiqatan ham bu Odam Xudoning O'g'li ekan! - dedi. 40 U yerda uzoqdan qarab turgan ayollar bor edi. Ular orasida magdalalik Maryam, kichik Yoqub bilan Yusufning onasi Maryam hamda Salomiya bor edilar. 41 Iso Jalilada ekanligida, ular Unga xizmat qilib ergashib kelgan edilar. U yerda Iso bilan birga Quddusga kelgan boshqa ko'p ayollar ham bor edi.
Isoni dafn qilish
42 Juma kuni kech kirishiga sal qolgan, dam olish kuniga tayyorgarlik qilish vaqti tugayotgan edi. 43 Shunda Oliy Kengashning taniqli a´zosi, Xudo Shohligiga ko'z tikib yurgan arimateyalik Yusuf jur´at etib, Pilatning huzuriga bordi va Isoning jasadini so'radi. 44 Pilat Uning darrov o'lganiga hayron bo'ldi. Yuzboshini chaqirib: - Uning o'lganiga ko'p bo'ldimi? - deb so'radi. 45 Yuzboshidan bilib olgach, jasadni Yusufga berdi. 46 Yusuf kafan sotib oldi. Isoni xochdan tushirib olib, kafanga o'radi va qoyada o'yilgan qabrga qo'ydi. Keyin qabrning og'ziga bir toshni yumalatib keltirib, qo'yib ketdi. 47 Magdalalik Maryam bilan Yusufning onasi Maryam esa Isoning qayerga ko'milganini ko'rdilar.
Isoning tirilishi
16:1 Shanba kungi dam olish vaqti tugagach, magdalalik Maryam, Yoqubning onasi Maryam va Salomiya borib Isoga surtish uchun atirlar sotib oldilar. 2 Yakshanba kuni juda barvaqt turib, tong otarda qabrga bordilar. 3 Ular bir-biriga: - Qabr og'zidagi toshni biz uchun kim ag'darib beradi? - deyishdi. 4 Boshlarini ko'tarib qarashsaki, tosh allaqachon ag'darilgan ekan; u juda ham katta edi. 5 Qabr ichiga kirib, o'ng tomonda o'tirgan oq kiyimli bir yigitni ko'rdilaru, cho'chidilar. 6 Yigit ularga: - Qo'rqmanglar! - dedi. - Sizlar xochga mixlangan nosiralik Isoni izlamoqdasizlar. U tirildi, U bu yerda yo'q. Mana Uning qo'yilgan joyi! 7 Endi sizlar borib Uning shogirdlariga, ayniqsa Butrusga: “U sizlarni Jalilada kutyapti; sizlarga aytganidek, Uni o'sha yerda ko'rasizlar”, - deb aytinglar. 8 Ayollar qabrdan chiqib, yugurib qochib ketdilar. Ularni qaltiroq va dahshat bosgan edi. Qo'rqqanlaridan hech kimga biron narsa aytmadilar.
Isoning shogirdlariga zohir bo'lishi
9 Yakshanba kuni erta saharda tirilgan Iso birinchi bo'lib yetti jindan qutqargan magdalalik Maryamga ko'rindi. 10 Maryam borib, ilgari Iso bilan birga bo'lgan, endi esa motam tutib yig'layotgan kishilarga xabar yetkazdi. 11 Biroq ular Isoning tirik ekanligini va Maryam Uni ko'rganligini eshitsalar ham, ishonmadilar. 12 Shundan keyin Iso yo'lda bir qishloq tomon ketayotgan ikkita shogirdiga boshqacharoq qiyofada ko'rindi. 13 Ular esa qaytib kelib, boshqalarga xabar yetkazishdi, lekin ularga ham ishonmadilar. 14 Nihoyat, Iso O'zining yeb-ichib o'tirgan o'n bir shogirdiga zohir bo'ldi. Uni tirilgan holda ko'rgan odamlarga ishonmay, imonsiz qolganlari, diydasini qotirgani uchun ularga ta´na qildi.
Isoning so'nggi so'zlari va osmonga ko'tarilishi
15 Iso shogirdlariga dedi: “Butun jahon bo'ylab yuringlar va hamma tirik jonga Injil Xushxabarini targ'ib qilinglar. 16 Kim ishonib, suvda imon keltirsa, najot topadi. Ishonmagan esa mahkum bo'ladi. 17 Quyidagi alomatlar imonlilarga hamroh bo'ladi: Mening nomim bilan jinlarni quvib chiqaradilar. Yangi tillarda so'zlaydilar. 18 Qo'llariga ilon olib ko'tarsalar yoki halokatli biron narsa ichsalar ham, ularga zarar yetmaydi. Bemorlarga qo'llarini qo'yganda, ular sog'ayib ketadilar”. 19 Rabbimiz Iso shogirdlariga ushbularni tayinlab bo'lgach, osmonga ko'tarildi va Xudoning o'ng tomoniga o'tirdi. 20 Shogirdlar esa ketib, hamma yoqda voizlik qilib yurdilar. Rabbimiz ularga ko'maklashar va paydo qilgan mo'jizalar orqali O'z kalomini tasdiqlar edi. Omin.