Iso Masihning nasl-nasabi
1:1 Ibrohim o'g'li, Dovud o'g'li Iso Masihning nasabnomasi. 2 Ibrohimdan Is´hoq tug'ildi. Is´hoqdan Yoqub tug'ildi. Yoqubdan Yahudo va uning aka-ukalari tug'ildilar. 3 Yahudo va Tamaradan Paras hamda Zarah tug'ildilar. Parasdan Hasro'n tug'ildi. Hasro'ndan Aram tug'ildi. 4 Aramdan Amminadab tug'ildi. Amminadabdan Nahsho'n tug'ildi. Nahsho'ndan Salmo'n tug'ildi. 5 Salmo'n va Rahobadan Bo'az tug'ildi. Bo'az va Rufdan Obid tug'ildi. Obiddan Ishay tug'ildi. 6 Ishaydan podshoh Dovud tug'ildi. Podshoh Dovud va Uriyoning sobiq xotinidan Sulaymon tug'ildi. 7 Sulaymondan Rahaba´m tug'ildi. Rahaba´mdan Abiyo tug'ildi. Abiyodan Oso tug'ildi. 8 Osodan Yo'shafat tug'ildi. Yo'shafatdan Yo'ram tug'ildi. Yo'ramdan Uzziyo tug'ildi. 9 Uzziyodan Yo'tam tug'ildi. Yo'tamdan Ahaz tug'ildi. Ahazdan Hizqiyo tug'ildi. 10 Hizqiyodan Manashe tug'ildi. Manashedan Amo'n tug'ildi. Amo'ndan Yo'shiyo tug'ildi. 11 Yo'shiyodan Yo'akim tug'ildi. Yo'akimdan Bobilga surgun bo'lish davrida Yako'niyo bilan aka-ukalari tug'ildilar. 12 Bobildagi surgunlik davridan keyin Yako'niyodan Sha´ltiel tug'ildi. Sha´ltieldan Zarubobil tug'ildi. 13 Zarubobildan Abihud tug'ildi. Abihuddan Elyoqim tug'ildi. Elyoqimdan Azo'r tug'ildi. 14 Azo'rdan Sado'q tug'ildi. Sado'qdan Axim tug'ildi. Aximdan Elihud tug'ildi. 15 Elihuddan Il´azar tug'ildi. Il´azardan Mattan tug'ildi. Mattandan Yoqub tug'ildi. 16 Yoqubdan Maryamning eri Yusuf tug'ildi. Maryamdan esa Masih deb atalgan Iso tug'ildi. 17 Shunday qilib, Ibrohimdan Dovudgacha hammasi bo'lib o'n to'rt nasl, Dovuddan Bobil surgunligigacha o'n to'rt nasl va Bobil surgunligidan Masih kelishigacha o'n to'rt nasldir.
Iso Masihning tug'ilishi
18 Iso Masihning tug'ilishi shunday sodir bo'ldi: Uning onasi Maryam Yusufga unashtirib qo'yilgan edi. Ularning nikohidan oldin Maryam Muqaddas Ruhdan homilador ekani ma´lum bo'ldi. 19 Uning eri Yusuf esa solih odam bo'lib, Maryamni sharmanda qilishni istamay, yashirincha qo'yib yuborish niyatida bo'ldi. 20 Buni o'ylab ko'rganidayoq, Xudovandning bir farishtasi tushida unga ko'rinib: “Ey Dovud o'g'li Yusuf! - dedi, - Sen Maryamni o'zingga xotinlikka olishdan qo'rqma; chunki uning vujudidagi homila Muqaddas Ruhdan paydo bo'lgan. 21 U o'g'il tug'adi va Uning ismini Iso qo'yasan, chunki U O'z xalqini gunohlaridan qutqaradi. 22 Bularning bari esa Xudovandning payg'ambar orqali aytgani bajo kelishi uchun ro'y berdi. Payg'ambar: 23 “Qiz homilali bo'lg'ay va o'g'il tuqqay, Uning ismini esa Immanuil qo'yurlar”,? deb karomat qilgan edi. Immanuil - “Xudo biz bilan” demakdir”. 24 Yusuf uyg'ongach, Xudovandning farishtasi unga buyurganidek qildi va Maryamni xotinlikka oldi. 25 Lekin u tug'maguncha unga yaqinlashmadi. Nihoyat, Maryam o'zining to'ng'ich o'g'lini tug'di va Uning ismini Iso qo'ydi.
Munajjimlarning Isoni ziyorat qilishi
2:1 Iso podshoh Hirod davrida, Yahudiyaning Baytlahm shaharchasida tug'ilganidan keyin, sharqdan Quddusga munajjimlar keldi. 2 Ular: - Yahudiylarning podshohi bo'lib tug'ilgan bola qayerda? Biz sharqda Uning yulduzini ko'rdik, Unga ta´zim qilgani keldik, - dedilar. 3 Podshoh Hirod buni eshitgach, u bilan butun Quddus bezovtalanib ketdi. 4 U barcha yahudiy oliy ruhoniylari va ulamolarini to'plab, ulardan Masihning qayerda tug'ilishi kerakligini so'radi. 5 Ular esa: - Yahudiyaning Baytlahm shahrida, - deyishdi unga, - chunki payg'ambarning kitobida shunday yozilgan: 6 “Ey Yahudo diyoridagi Baytlahm! Sen Yahudo ulug'laridan aslo kam emassan. Zero xalqim - Isroilni boquvchi Dohiy Sendan kelib chiqajak”. 7 O'shanda Hirod munajjimlarni yashirincha chaqirib, ulardan yulduzning paydo bo'lgan aniq vaqtini bilib oldi. 8 So'ng ularni Baytlahmga yuborib: - Boringlar, chaqaloq haqida sinchiklab surishtiringlar. Uni topgach, menga xabar beringlar, toki men ham borib Unga ta´zim qilayin, - dedi. 9 Munajjimlar podshohning so'zlariga quloq solib jo'nadilar. Ular sharqda ko'rgan yulduz esa ularga yo'l ko'rsatib bordi va nihoyat, chaqaloq yotgan joy tepasiga kelib to'xtadi. 10 Ular yulduzni ko'rib, haddan ziyod quvondilar. 11 Uyga kirib, chaqaloqni va Uning onasi Maryamni ko'rdilar-da, muk tushib, chaqaloqqa ta´zim qildilar. So'ng xazinalarini ochib, Unga oltin, xushbo'y tutatqilar va mumiyo tortiq qildilar. 12 Hirodga qaytmaslik haqida tushlarida ogohlantirilgandan keyin, boshqa yo'l bilan o'z yurtlariga qaytib ketdilar.
Misrga qochish
13 Munajjimlar jo'nab ketganlaridan so'ng, Xudovandning bir farishtasi Yusufga tushida ko'rinib: “O'rningdan tur! - dedi. - Chaqaloq bilan onasini olib, Misrga qoch va men senga biror narsa aytmagunimcha, u yerda qolgin. Chunki Hirod chaqaloqni qidirib topsa, uni halok qilish niyati bor”. 14 Yusuf shu kechasiyoq turib, chaqaloq bilan onasini olib, Misrga qarab yo'lga tushdi. 15 Hirodning ajali yetgunigacha, u yerda qoldi. Shu tariqa Xudovandning: “Men O'g'limni Misrdan chaqirib oldim”, - deb payg'ambar orqali aytgan so'zi bajo keldi.
Baytlahmda chaqaloqlarni qirg'in qilish
16 Hirod munajjimlar tomonidan aldanganini payqagach, juda qattiq g'azablandi. Ulardan bilib olgan vaqtga ko'ra, Baytlahm hamda uning tevarak-atroflaridagi ikki yosh va undan kichik bo'lgan hamma o'g'il bolalarni qilichdan o'tkazgani kishi yubordi. 17 O'shanda Yeremiya payg'ambarning ushbu karomati bajo keldi: 18 “Ramadan bir nido eshitilur, Cheksiz bir nolayu ohu fig'on, bu. Bolalari uchun yig'lar Rohila, Hech na yupatolmas, endi ular yo'q”.
Misrdan qaytib kelish
19 Hirodning o'limidan keyin Xudovandning bir farishtasi Misrda Yusufga tushida ko'rinib: 20 “O'rningdan tur! - dedi. - Chaqaloq bilan onasini olib, Isroil mamlakatiga yo'l ol. Chunki chaqaloqning joniga qasd qilganlar olamdan o'tdi”. 21 Shunda Yusuf chaqaloq bilan onasini olib jo'nadi, Isroil mamlakatiga qaytib keldi. 22 Ammo Yahudiyada Hirod o'rniga uning o'g'li Arxelay taxtga chiqqanini eshitib, u yerga borishga qo'rqdi. Biroq tushida vahiy kelgach, u Jalila yurtiga bordi. 23 U yurtning Nosira degan shahrida joylashdi. Shunday qilib, “U nosiralik deb atalgay”, - degan payg'ambar so'zi bajo keldi.
Yahyo payg'ambarning kelishi
3:1 O'sha kunlarda Yahyo payg'ambar paydo bo'lib, Yahudiya cho'lida voizlik qila boshladi. 2 U: “Tavba qilinglar, chunki Osmon Shohligi yaqinlashdi!” - deb xitob qilar edi. 3 Bu voqea esa Isha´yo payg'ambarga vahiy qilingan shu oyatga to'g'ri keladi: “Mana, cho'lda nido yangramoqda: Xudovand yo'lini tayyorlangiz, Ravon aylangiz so'qmoqlarin! - deya”. 4 Yahyoning o'zi tuya junidan kiyim kiyib, beliga teridan kamar taqar edi. Uning yeguligi esa chigirtka bilan yovvoyi asal edi. 5 Quddusda, Yahudiya yurti bo'ylab va O'rdun daryosi atrofida yashovchilarning hammasi Yahyo payg'ambarning oldiga chiqar edi. 6 Ular gunohlarini e´tirof etib, Yahyoning buyrug'i bilan O'rdun suviga cho'mib imon keltirar edilar. 7 Farziy va sadduqiy mazhablaridan ham talay kishi cho'mish uchun uning oldiga kelayotganlarini Yahyo ko'rib, ularga dedi: “Voy ilonlar zoti! Boshingizga keladigan Xudo g'azabidan qochib qutulishingizni sizlarga kim uqtirdi? 8 Bundan buyon tavba qilganingizga yarasha hosil beringlar! 9 “Ibrohim bizning otamiz”, deb ko'nglingizdan o'tkazmanglar. Men sizlarga aytamanki, Xudo shu toshlardan Ibrohimga avlod tiklashga qodir. 10 Hozirdanoq daraxtlar ildizida bolta yotibdi-ku. Yaxshi meva bermagan har qanday daraxt kesilib olovga tashlanadi. 11 Men sizlarni tavbaga chaqirish uchun suvga cho'mdirib yuribman. Lekin mening ketimdan Kelayotgan mendan qudratlidir. Men Uning choriqlarini ko'tarishga ham arzimayman. U sizlarni Muqaddas Ruhga va olovga cho'mdiradi. 12 Uning panshaxasi qo'lida tayyor turibdi. U o'z xirmonini shopirib tashlaydi; bug'doyini omborga to'plab, somonni so'nmas o'tda yondirib yuboradi”.
Xudoning Isoni tasdiqlashi
13 O'shanda Iso Yahyoning huzurida suvga cho'mish uchun Jaliladan O'rdun daryosi bo'yiga keldi. 14 Lekin Yahyo Isoni to'xtatmoqchi bo'lib: - Men Sening huzuringda imon keltirishim kerak edi. Sen bo'lsang, mening oldimga kelyapsanmi? - dedi. 15 Iso unga javob berib: - Endi rozi bo'l, chunki biz shu yo'sinda ilohiy amrni to'la bajarishimiz o'rinlidir, - dedi. Shundan keyin Yahyo Isoga izn berdi. 16 Iso daryoga tushdi. U suvdan chiqqan zahoti, osmon ochilib ketdi va Xudoning Ruhi kaptarday Isoning ustiga tushib qo'ngani ko'rindi. 17 Osmondan esa: “Bu Mening sevikli O'g'limdir, Undan mamnunman”, - degan nido keldi.
Isoning vasvasa qilinishi
4:1 O'shanda Iso, iblisning sinovidan o'tish uchun Muqaddas Ruh tomonidan sahroga olib borildi. 2 U qirq kun va qirq kecha ro'za tutib, oxiri och qoldi. 3 Shunda vasvasa qiluvchi Isoning yoniga kelib Unga: - Agar Sen Xudoning O'g'li bo'lsang, aytgin, bu toshlar nonga aylansin! - dedi. 4 Iso unga javoban dedi: - Tavrotda: “Inson birgina non bilan emas, balki Xudoning og'zidan chiqqan har bir so'z bilan yashaydi”, deb yozilgan. 5 Keyin iblis Isoni tabarruk shaharga keltirdi va ma´badning tepasida turg'izib, 6 Unga dedi: - Agar Sen Xudoning O'g'li bo'lsang, O'zingni pastga tashla-chi. Chunki Zaburda shunday yozilgan-ku: “U Sen haqda O'z farishtalariga amr etgay: Ular Seni qo'llarida ko'tarib ketar, Oyog'ing ham toshga qoqilib ketmas”. 7 Iso unga: - “Egang Xudovandni sinama”, deb yozilgani ham bor, - dedi. 8 Iblis Isoni yana juda baland toqqa olib chiqib ketdi. Dunyoning barcha saltanatlarini hamda ularning hashamatini Unga ko'rsatib: 9 - Agar tiz cho'kib menga sajda qilsang, bularning hammasini Senga beraman, - dedi. 10 Shunda Iso: - Yo'qol ko'zimdan, shayton! Chunki Tavrotda: “Egang - Xudovandga sajda qil, birgina Unga itoatda bo'l”, deb yozilgan, - dedi. 11 Shundan so'ng iblis Isoni tark etdi va farishtalar esa kelib, Isoga xizmat qila boshladilar.
Isoning xizmatini boshlashi
12 Iso Yahyoning hibsga olinganini eshitgach, Jalilaga qaytib bordi. 13 U Nosira shahrida ko'p qolmay, Zavulun va Naftoli yurtidagi ko'l bo'yida joylashgan Kafarnahum shahriga kelib o'rnashdi. 14 Shunday qilib, Isha´yo payg'ambarga vahiy bo'lgan ushbu oyat bajo keldi: 15 “Ey Zavulun diyori va Naftoli diyori, O'rdun nahrining naryog'ida, Dengiz yo'lida joylashgan majusiylar Jalilasi! 16 Zulmatda qolib kelgan xalq katta ziyoni ko'rdi, O'lim soyasiga burkangan el ufqlari yorishdi”. 17 Shu kundan boshlab Iso voizlik qiladigan bo'lib: “Tavba qilinglar, chunki Osmon Shohligi yaqinlab qoldi”, - deb aytar edi.
Isoning dastlabki shogirdlari
18 Jalila ko'li yonidan o'tayotganida, Iso ko'lga to'r tashlab turgan ikki aka-uka - Butrus deb ataluvchi Simun va uning ukasi Idrisni ko'rib qoldi. Ular baliqchi edilar. 19 Iso ularga: “Mening orqamdan yuringlar, Men sizni inson ovchilari qilaman”, - dedi. 20 Aka-uka darhol to'rlarini qoldirib, Uning orqasidan ergashdilar. 21 U yerdan o'tayotib, Iso boshqa ikki aka-uka - Zabadiyning o'g'li Yoqub va uning ukasi Yuhannoni ko'rib qoldi. Ular otalari Zabadiy bilan birga qayiqda to'rlarini yamab o'tirishgan edi. Iso ularni ham chaqirdi. 22 Ular ham darhol qayiqni va otalarini qoldirib, Isoning orqasidan ergashdilar.
Isoning voizlik va shifokorlik xizmati
23 Iso butun Jalilani aylanib chiqdi. U yurtning ibodatxonalarida ta´lim berib, Xudoning Shohligi to'g'risidagi Xushxabarni e´lon qilib, odamlardagi har turli kasallik va darmonsizlikni shifolab yurdi. 24 U haqdagi xabar butun Suriyaga yoyildi. Turli-tuman dardu illatlardan qiynalib yurganlar, jinga chalinganlar, tutqanoq va shol kasaliga yo'liqqanlarning hammasini Isoning oldiga keltirishar, U esa ularni sog'aytirar edi. 25 Jalila va O'nkent viloyatidan, Quddusdan, Yahudiya hamda O'rdunning narigi tomonidagi yurtlardan kelgan ko'plab xaloyiq Uning orqasidan ergashib bordi.
Haqiqiy baxtiyorlik
5:1 Iso talay xaloyiqni ko'rib, toqqa chiqib o'tirdi. Shogirdlari Uning oldiga kelishdi. 2 Iso ularga ta´lim berish uchun og'zini ochib, dedi: 3 “Ruhan kambag'al bo'lganlar baxtlidir, Chunki Osmon Shohligi ularnikidir. 4 Yig'layotganlar baxtlidir, Chunki ular tasalli topur. 5 Beozor bo'lganlar baxtlidir, Chunki ular yer yuziga ega bo'lur. 6 Adolatga ochu chanqoqlar baxtlidir, Chunki ular to'q bo'lur. 7 Rahmdil bo'lganlar baxtlidir, Chunki ular rahm-shafqat topur. 8 Pokdil bo'lganlar baxtlidir, Chunki ular Xudoni ko'rur. 9 Tinchlik o'rnatuvchilar baxtlidir, Chunki ular Xudo o'g'illari deyilur. 10 Adolat yo'lida jabr ko'rganlar baxtlidir, Chunki Osmon Shohligi ularnikidir. 11 Men tufayli odamlar sizni haqoratlab quvg'in etsa, siz haqda yolg'on gapirib fisqu g'iybat qilsa, baxtlisiz! 12 Sevininglar va xursand bo'linglar, chunki sizga osmon mukofoti buyuk. Sizdan avval o'tgan payg'ambarlar ham shunday quvg'in bo'lgan”.
Tuz va nur haqida
13 “Siz - yerning tuzisizlar. Agarda tuz kuchini yo'qotsa, uni yana qanday sho'r qilish mumkin? U endi chiqitga tashlab yuboriladi, oyoq ostida poymol bo'lishdan boshqaga yaramaydi. 14 Siz - dunyoning nurisizlar. Tog'ning tepasida qurilgan shahar yashirin qololmaydi. 15 Shuningdek, shamni yoqib, keyin idish bilan yopib qo'yishmaydi. Uydagilarning hammasiga yorug'lik bersin, deb uni shamdonga qo'yishadi. 16 Ayni ravishda sizning nuringiz ham insonlar oldida shunday porlasinki, ular yaxshi ishlaringizni ko'rib, osmondagi Otangizni ulug'lasinlar”.
Ilohiy Buyruq haqida
17 “Meni Tavrot yoki payg'ambar oyatlarini bekor qilgani keldi, deb o'ylamanglar. Men bekor qilgani emas, balki bajo keltirgani keldim. 18 Sizga chinini aytayin: yeru osmon tugamaguncha va taqdir etilgan hamma narsa amalga oshmaguncha, Tavrotdan na bir harf, na bir nuqta o'chadi. 19 Shunday qilib, kim bu amrlarning eng kichigini ham insonlarga buzib o'rgatsa, Osmon Shohligida eng kichik bo'ladi. Lekin kim bu amrlarni bajarib boshqalarga o'rgatsa, Osmon Shohligida buyuk bo'ladi. 20 Sizlarga aytib qo'yay: agar sizning solihligingiz ulamolar va farziylarning solihligidan ustun kelmasa, Osmon Shohligiga kirolmaysizlar”.
G'azab va jazo haqida
21 “Qadimgilarga: “Odam o'ldirma; kim odam o'ldirsa, javobgarlikka tortiladi”, - deb aytilganini eshitgansizlar. 22 Lekin Men sizga aytaman: kimki birodariga behuda g'azablansa, javobgarlikka tortiladi. Kimki birodariga ahmoq desa, oliy mahkamada javob beradi. Kimki birodariga telba desa, jahannam olovida javob beradi. 23 Shunday qilib, sen xayr-ehsoningni qurbongohga olib kelganingda, agar u yerda birodaring sendan xafa ekani yodingga tushsa, 24 xayr-ehsoningni u yerda, qurbongoh oldida qoldir va borib, avval birodaring bilan yarashgil. Shundan keyin kelib, xayr-ehsoningni bajo keltir. 25 Sen raqibing bilan qozixonaga borarkansan, yo'l-yo'lakay u bilan kelishishga shoshil, toki raqibing seni qoziga, qozi esa mirshabga topshirib, seni zindonga tashlamasin. 26 Senga chinini aytayin: oxirgi tiyiningni bermaguningcha, u yerdan chiqolmaysan!”
Zino va ajralish haqida
27 “Qadimgilarga: “Zino qilma”, - deb aytilganini eshitgansizlar. 28 Lekin Men sizga aytaman: kim bir ayolga shahvat bilan qarasa ham, allaqachon ko'nglida u bilan zino qilgan bo'ladi. 29 Agar sening o'ng ko'zing gunoh qilishingga sabab bo'lsa, uni sug'urib tashla. Chunki butun badaning jahannamga tashlanishidan ko'ra, a´zoyingdan birining nobud bo'lgani sen uchun yaxshiroqdir. 30 Agar sening o'ng qo'ling gunoh qilishingga sabab bo'lsa, uni chopib tashla. Chunki butun badaning jahannamga yo'liqishidan ko'ra, a´zoyingdan birining nobud bo'lgani sen uchun yaxshiroqdir. 31 Yana deyilganki: “Kim xotini bilan ajralmoqchi bo'lsa, unga taloq xatini yozib bersin”. 32 Lekin Men sizga aytaman: kim bevafolik aybidan boshqa sabab bilan xotinidan ajralsa, unga zino qilishga sabab topib beradi. Shuningdek, kim ajralgan xotinga uylansa, zino qilgan bo'ladi”.
Qasam haqida
33 “Yana qadimgilarga: “Qasamdan qaytma. Ichgan qasamlaringni Xudovand oldida bajo keltir”, - deb aytilganini eshitgansizlar. 34 Lekin Men sizga aytaman: hech qanday qasam ichmanglar - na osmon haqi, chunki u Xudoning taxtidir; 35 na yer haqi, chunki u Xudoning poyandozidir; na Quddus haqi, chunki u Buyuk Podshohning shahridir. 36 Boshing haqi ham qasam ichma, chunki sen bironta sochingni oq yoki qora qilolmaysan. 37 Sizlarning so'zingiz faqat “ha” yoki “yo'q” bo'lsin. Bundan ortig'i esa shaytonlikdir”.
Qarimta va qasos haqida
38 “Sizlar: “Ko'z evaziga ko'z, tish evaziga tish”, - deb aytilganini eshitgansizlar. 39 Lekin Men sizga aytaman: yomonga qarshi chiqma. Kim sening o'ng chakkangga ursa, unga ikkinchisini ham o'gir. 40 Kim sen bilan da´volashib, ko'ylagingni olmoqchi bo'lsa, unga to'ningni ham berib yubor. 41 Kim seni bir chaqirim yo'l yurishga majbur qilsa, u bilan ikki chaqirim yur. 42 Sendan so'raganga ber, sendan qarz olmoqchi bo'lgandan yuz o'girma”.
Dushmanlaringizni sevinglar
43 “Yana: “Qardoshingni sevgin, dushmaningdan nafratlan”, - deb aytilganini eshitgansizlar. 44 Lekin Men sizga aytaman: dushmanlaringizni sevinglar. Sizni la´natlaganlarni duo qilinglar. Sizdan nafratlanganlarga yaxshilik qiling. Sizning nomingizga isnod keltirganlar uchun, sizga jabr-zulm o'tkazganlar uchun ibodat qilinglar. 45 Shunda siz osmondagi Otangizning o'g'illari bo'lasizlar. Chunki U O'z quyoshini yovuzlar ustida ham, yaxshilar ustida ham balqitadi, yomg'irini solihlar ustiga ham, fosiqlar ustiga ham yog'diradi. 46 Agar sizni sevadiganlarnigina sevsangiz, bundan sizga rahmat bo'lurmi? Soliqchilar ham xuddi shunday qilishmaydimi? 47 Agar siz faqat birodarlaringiz bilangina salomlashsangiz, qanday fazilatli ish qilgan bo'lasizlar? Butparastlar ham xuddi shunday qilishmaydimi? 48 Shunday qilib, osmondagi Otangiz barkamol bo'lgani kabi, siz ham barkamol bo'linglar”.
Sadaqa haqida
6:1 “Ehtiyot bo'linglar, savobli ishingizni odamlarga ko'rinish uchun hammaning ko'z o'ngida qilmanglar. Aks holda osmondagi Otangizdan mukofot ololmaysizlar. 2 Shunday qilib, sen birovga sadaqa bermoqchi bo'lsang, o'tgan-ketganga jar solma. Ikkiyuzlamachilargina odamlardan olqish olish uchun ibodatxonalarda va ko'cha-ko'yda shunday qiladilar. Sizlarga chinini aytayin: bular o'zlariga yarasha mukofotni olib bo'ldilar. 3 Sen sadaqa berayotganingda, chap qo'ling o'ng qo'ling nima qilayotganini bilmasin. 4 Ya´ni sening muruvvating yashirin bo'lsin. Shunda yashirin bo'lganlarni ko'ruvchi Otang seni aniq taqdirlaydi”.
Ibodat haqida
5 “Ibodat qilayotganingizda, odamlarga ko'rinish uchun ibodatxonalarda va ko'cha burchaklarida turib ibodat qilishni yaxshi ko'radigan ikkiyuzlamachilarga o'xshamanglar. Sizlarga chinini aytayin: ular o'zlariga yarashasini olib bo'ldilar. 6 Sen esa ibodat qilayotganingda o'z hujrangga kir va eshikni berkitib, yashirin bo'lgan Otangga ibodat qil. Shunda yashirin bo'lganlarni ko'ruvchi Otang seni aniq taqdirlaydi. 7 Ibodat qilayotganingizda, majusiylar kabi ortiqcha so'zlarni takrorlab turmanglar. Ular: ko'p so'zlasam, ibodatim ijobat bo'ladi, deb o'ylaydilar. 8 Ularga o'xshamanglar, chunki Otangiz nimalarga muhtojligingizni Undan so'rashingizdan oldin biladi. 9 Sizlar esa bunday ibodat qilinglar: Bizning osmondagi Otamiz! Sening muqaddas isming ulug'lansin. 10 Sening Shohliging kelsin. Osmonda bo'lgani kabi, Yerda ham Sening irodang bajo kelsin. 11 Bugungi rizq-ro'zimizni bergin. 12 Bizga gunoh qilganlarni biz kechirgandek, Sen ham bizning gunohlarimizni kechirgin. 13 Bizni vasvasaga duchor qilmagin, Ammo yovuz shaytondan xalos qilgin. Saltanat, kuch-qudrat va shon-shuhrat to abad Senikidir. Omin. 14 Agar siz boshqalarning ayb-gunohlarini kechirsangizlar, samoviy Otangiz ham sizni kechiradi. 15 Biroq, agar siz boshqalarning ayb-gunohlarini kechirmasangizlar, Otangiz ham sizni kechirmaydi”.
Ro'za haqida
16 “Ro'za tutayotganingizda, ikkiyuzlamachilar kabi qovoq osiltirib yurmanglar. Ular ro'za ekanlarini odamlarga bildirish uchun o'zlarini avzoyi buzuq qilib ko'rsatadilar. Sizlarga chinini aytayin: ular o'zlariga yarashasini olib bo'ldilar. 17 Lekin sen ro'za tutganingda, o'zingni yuvib-tarab yurgin, 18 toki ro'za tutganing insonlarga emas, balki yashirin bo'lgan Otangga oshkor bo'lsin. Yashirin bo'lganlarni ko'ruvchi Otang esa seni aniq taqdirlaydi”. Samoviy xazinalar haqida 19 “Bu dunyoda kuya va zang yeb ketadigan hamda o'g'ri teshib talaydigan xazinalarni jamlamanglar. 20 Aksincha, kuya va zang yeb ketmaydigan, o'g'ri teshib talamaydigan u dunyoning xazinalarini jamlanglar. 21 Xazinangiz qayerda bo'lsa, yuragingiz ham o'sha yerda bo'lur. 22 Ko'z - tanning chirog'idir. Agar sening ko'zing tiniq bo'lsa, butun taning ham yorug' bo'lur. 23 Ammo ko'zing yomon bo'lsa, butun taning ham qorong'i bo'lur. Agarda ichingdagi nur qorong'i bo'lib tursa, u qorong'ilik qanchalik qo'rqinchli bo'lur! 24 Hech kim ikki xo'jayinga xizmat qilolmaydi. U yo birini yomon ko'rib, boshqasini sevadi, yoki biriga ixlos qo'yib, boshqasini xorlaydi. Siz ham Xudoga, ham pulga birdek sig'ina olmaysizlar”.
Tirikchilik tashvishlari haqida
25 “Binobarin, sizga shuni aytaman: nima yeb, nima ichamiz, deb joningiz uchun, nima kiyamiz, deb taningiz uchun tashvishlanib yurmanglar. Jon ovqatdan, tan esa kiyimdan afzal emasmi? 26 Ko'kda uchuvchi qushlarga qaranglar: ular na ekadi, na o'radi, na omborga don yig'adi. Shunga qaramay, samoviy Otangiz ularning rizqini beradi. Siz esa ulardan ancha a´loroq emasmisiz? 27 Sizlardan kim tashvishlanib, o'z umrini bir lahza bo'lsin uzaytira olar ekan? 28 Nega kiyim uchun tashvishlanasizlar? Dashtdagi piyozgullarning qanday o'sishiga qarab, ibrat olinglar: ular na mehnat qilar, na charx yigirar. 29 Ammo sizlarga aytib qo'yay: hatto podshoh Sulaymon ham o'zining shuhrat cho'qqisida bularning hech biriday kiyinmagan edi. 30 Agar Xudo bugun bor bo'lib, ertaga o'choqqa otiladigan dasht o'tiga shunday zeb bergan bo'lsa, sizni undan kam ko'rarmidi, ey imoni sustlar?! 31 Shunday ekan, nima yeymiz, nima ichamiz, nima kiyamiz, deb tashvishlanib yurmanglar. 32 Majusiylar hadeb bularning g'amida yurishadi. Lekin samoviy Otangiz siz bularning bariga muhtoj ekaningizni biladi-ku! 33 Siz avvalo Xudoning Shohligi va Uning irodasi payidan bo'linglar, shunda bularning hammasi sizga qo'shimcha qilib beriladi. 34 Binobarin, ertagi kun haqida tashvish tortmanglar. Ertaning tashvishi ertaning o'ziga tegishlidir. Har bir kunning dardi o'ziga yetar”.
Boshqalarni hukm qilmanglar
7:1 “Boshqalarni hukm qilmanglar, siz ham mahkum bo'lmaysiz. 2 Sizlar qanday hukm qilsangiz, sizga ham shunday hukm o'tkaziladi. Sizlar qanday o'lchov bilan o'lchasangiz, sizga ham shunday o'lchov tatbiq etiladi. 3 Nega sen birodaring ko'zidagi cho'pni ko'rasanu, lekin o'z ko'zingdagi xodani sezmaysan? 4 Sening ko'zingda xoda bor ekan, qanday qilib birodaringga: “Kel, ko'zingdagi cho'pni chiqarib olay”, - deysan? 5 Ey ikkiyuzlamachi! Oldin o'z ko'zingdan xodani chiqarib ol, keyin birodaring ko'zidan cho'pni qanday chiqarmoq uchun ko'zing ochiladi. 6 Muqaddas bo'lgan narsani itlarga bermang, marvaridlaringizni cho'chqalar oldiga tashlamang. Tag'in bularni oyoq-osti qilib, so'ngra o'zingizni tilka-pora qilmasinlar!”
Xudodan so'ranglar
7 “So'rab turing, sizga beriladi. Izlab turing, topasizlar. Taqillatib turing, sizga ochiladi. 8 Chunki har bir so'ragan olar, izlagan topar, taqillatganga eshik ochilar. 9 Orangizda bir kimsa bormi, o'g'li undan non so'raganda, unga tosh bersa? 10 Yoki baliq so'raganda, unga ilon bersa? 11 Sizlar yovuz bo'la turib, bolalaringizga yaxshi hadyalar berishni bilsangiz, boz ustiga osmondagi Otangiz Undan so'raganlarga mo'l-ko'l ne´matni beradi! 12 Odamlar sizga qanday muomala qilishlarini istasangiz, siz ham ularga shunday muomalada bo'ling. Tavrot va payg'ambarlar ta´limotining mag'zi shundadir”.
Najot eshigi tor
13 “Tor eshikdan kiringlar! Chunki halokatga eltuvchi yo'l ko'p enli, darvozasi esa kengdir. Ana, shu tomon yurayotganlar ko'p. 14 Hayot sari eltuvchi yo'l esa tang, eshigi juda tordir. Bu yo'lni topadiganlar oz”.
Daraxt va uning mevasi
15 “Soxta payg'ambarlardan ehtiyot bo'linglar! Ular sizning oldingizga qo'y kiyimida keladilar, lekin ichlaridan yirtqich bo'rilardir. 16 Ularni mevalaridan bilib olasizlar. Tikanakdan uzum, yoki yantoqdan anjir terisharmikan? 17 Har bir yaxshi daraxt yaxshi meva berar, yomon daraxt esa yomon meva berar. 18 Yaxshi daraxt yomon meva berolmas, yomon daraxt ham yaxshi meva berolmas. 19 Yaxshi meva bermaydigan har bir daraxt esa kesilib, olovga tashlanadi. 20 Shunday qilib, soxta payg'ambarlarni mevalaridan bilib olasizlar. 21 Meni “Yo Rabbiy, yo Rabbiy” deb chaqirgani bilan har bir odam Osmon Shohligiga kiravermaydi. Bunga osmondagi Otamning irodasini bajo keltiruvchigina erishadi. 22 Qiyomat kunida ko'plar Menga: “Yo Rabbiy, yo Rabbiy, bizlar Sening noming bilan bashorat qilmadikmi? Sening noming bilan jinlarni quvib chiqarmadikmi? Sening noming bilan ko'pgina mo'jizalar yaratmadikmi?” - deydilar. 23 O'sha vaqtda Men ularning yuziga qarab: Men sizlarni hech qachon tanigan emasman. Ey badkirdorlar, Mening oldimdan ketinglar! - deyman”.
Sog'lom va chirik negiz
24 “Endi kim Mening bu so'zlarimni eshitib, ularni bajo keltirsa, uni o'z uyini tosh ustiga qurgan farosatli odamga o'xshataman. 25 Yomg'ir yog'ib, sellar toshib, shamollar esib, u uyni bosib qolibdi. Lekin tosh ustiga o'rnatilgani uchun qulamabdi. 26 Biroq kim Mening bu so'zlarimni eshitib, ularni bajo keltirmasa, o'z uyini qum ustiga qurgan farosatsiz odamga o'xshaydi. 27 Yomg'ir yog'ib, sellar toshib, shamollar esib, u uyni bosib qolibdi. Uy esa qulab, yer bilan yakson bo'libdi”. 28 Iso bu so'zlarni aytib bo'lgandan keyin, xaloyiq Uning ta´limotiga hayron qoldi. 29 Chunki Iso ularga ulamolar va farziylar kabi emas, balki qudratli kuch egasiday ta´sirchan ta´lim berar edi.
Isoning moxovni sog'aytirishi
8:1 Iso tog'dan tushgach, tumonat xaloyiq Uning orqasidan ergashdi. 2 Shu o'rtada bir moxov Unga yaqinlashib, sajda qildi-da: - Hazrat, agar istasang, meni moxovlikdan pok qila olasan, - dedi. 3 Iso qo'lini uzatdi va unga tegizib: - Istayman, pok bo'l! - dedi. Moxov shu zahoti dardidan forig' bo'ldi. 4 Iso unga: - Ehtiyot bo'l, buni hech kimga aytma. Lekin borib, o'zingni ruhoniyga ko'rsat va sog'ayganingni tasdiqlatgin, Muso payg'ambar buyurgan qurbonlikni keltirib ber, - dedi.
Rimlik yuzboshining e´tiqodi
5 Iso Kafarnahum shahriga kirib kelayotganda, bir yuzboshi Uning oldiga keldi va yolvorib: 6 - Hazrat, mening xizmatkorim uyda shol bo'lib g'oyat qiynalib yotibdi, - dedi. 7 Iso unga: - Men borib uni sog'aytiraman, - dedi. 8 Yuzboshi javob berib: - Hazrat! - dedi, - Kulbamga oyoq bosishing uchun men munosib emasman. Sen birgina so'z aytsang, bas, xizmatkorim sog'ayib ketadi. 9 Chunki men ham buyruqqa tobe odamman, shuningdek, mening buyrug'imga bo'ysunuvchi askarlarim ham bor. Biriga “ket” desam, ketadi. Boshqasiga “kel” desam, keladi. Biron xizmatkorimga “shuni qil” desam, qiladi. 10 Iso buni eshitgach hayron qoldi. Orqasidan ergashib kelayotganlarga: - Sizlarga chinini aytayin, - dedi, - Men bunchalik buyuk ishonchni Isroilning biron joyida ham topmadim. 11 Sizlarga shuni aytaman: qiyomatda sharqu g'arbdan ko'plar kelib, Osmon Shohligida Ibrohim, Is´hoq va Yoqub bilan birga ziyofatga o'tirishadi. 12 Lekin Shoh ahlining o'zlari esa tashqi qorong'ilikka otiladilar. U yerda zor yig'lab, tish g'ichirlatadilar. 13 Keyin Iso yuzboshiga: - Bor, sen ishonganingdek bo'lsin, - dedi. Yuzboshining xizmatkori esa o'sha zahoti sog'ayib ketdi.
Iso ko'p xastalarni sog'aytirishi
14 Iso Butrusning uyiga kelganda, uning qaynonasi isitmalab yotganini ko'rdi. 15 Iso uning qo'liga tegishi bilan isitmasi tushdi. Ayol esa turib, Unga xizmat qila boshladi. 16 Kech kirishi bilan, jinga chalingan bir talay kishini Isoning oldiga keltirishdi. U so'z bilan yomon ruhlarni quvib chiqardi, dardga yo'liqqanlarning hammasini sog'aytirdi. 17 Shu tariqa Isha´yo payg'ambarga vahiy bo'lgan ushbu oyat bajo keldi: “U bizning kasalliklarimizni ko'tardi, Dardlarimizni esa O'zi chekdi”.
Isoga ergashishning shartlari
18 Iso atrofida ko'p xaloyiqni ko'rgach, shogirdlariga narigi tomonga suzib o'tishni buyurdi. 19 Shu vaqtda bir ulamo Unga yaqinlashib: - Ustoz, qayerga borma, men Sening orqangdan yuraman, - dedi. 20 Iso unga: - Tulkilarning inlari bor, osmon qushlarining uyalari bor. Lekin Inson O'g'lining bosh suqadigan joyi yo'q, - dedi. 21 Shogirdlardan boshqa biri Isoga: - Hazrat, oldin borib otamni ko'mib kelishimga ijozat ber, - dedi. 22 Lekin Iso unga: - Sen Mening orqamdan yur. O'liklarni qo'y, ularni o'zicha o'lik bo'lganlar ko'msin, - dedi.
Isoning to'fonni tinchitishi
23 Iso qayiqqa tushganda, Uning ketidan shogirdlari ham tushishdi. 24 Qo'qqisdan ko'lda kuchli to'fon ko'tarildi, qayiq to'lqinlar og'ushida qoldi. Iso esa uyquda edi. 25 Shogirdlari Uning yoniga bordi-da, Uni uyg'otishib: - Yo Rabbiy, bizlarni qutqar, halok bo'lyapmiz! - deyishdi. 26 Iso ularga: - Hoy imoni sustlar, buncha qo'rqoq bo'lmasangiz?! - dedi. So'ng turib, shamolga va ko'lga do'q urdi. Shu zahoti chuqur sukunat cho'kdi. 27 Odamlar esa bir-biriga: - Bu qanaqa kishiki, shamol ham, ko'l ham Unga bo'ysunsa? - deb hayratlanishdi.
Jin urgan ikki odamning qutulishi
28 Iso narigi qirg'oqqa, Gergesa yurtiga yetib kelganida, qabriston lahadlaridan chiqib kelgan, jinga chalingan ikki kishi Unga ro'baro' bo'ldi. Ular juda vahshiy bo'lganliklari uchun, hech kim bu yo'ldan o'tolmas edi. 29 Ular shunday baqira boshlashdi: - Ey Xudoning O'g'li Iso, bizda nima ishing bor? Bu yerga bizlarni vaqtidan oldin qiynagani keldingmi? 30 Ulardan uzoqroqda katta to'ng'iz podasi o'tlab yurgan edi. 31 Jinlar Isoga yolvorib: - Agar bizlarni quvib chiqaradigan bo'lsang, unda to'ng'iz podasiga yuborgin, - deyishdi. 32 Iso ularga: - Boringlar! - deyishi bilanoq, ular odamlardan chiqib ketib, to'ng'iz podasiga kirib oldilar. Shu onda butun to'ng'iz podasi tik qiyalikdan ko'l tomon yopirilib, suvda nobud bo'ldi. 33 To'ng'iz boquvchilar esa qochib shaharga borishdi va yuz bergan hamma hodisani, shuningdek, jinga chalinganlar bilan bo'lib-o'tgan voqeani gapirib berishdi. 34 Shunda butun shahar aholisi Isoning qarshisiga chiqdi. Uni ko'rgach, yurtlari hududidan chiqib ketishini iltimos qilishdi.
Isoning sholni sog'aytirishi
9:1 Shundan keyin Iso qayiqqa tushib, ko'lning berigi tomoniga qaytib suzib o'tdi. U O'z shahri - Kafarnahumga kirib kelgan zahoti 2 Uning oldiga to'shakda yotgan bir shol odamni ko'tarib keldilar. Iso ularning ishonchini ko'rib, sholga: - Dadil bo'l, bolam, gunohlaring kechirildi, - dedi. 3 Shunda ulamolardan ba´zilari o'zlaricha: “Bu kufrlik qilyapti-ku!” - deyishdi. 4 Iso esa ularning mulohazalarini payqab, dedi: - Nega sizlar ko'ngillaringizdan yomon fikrlarni o'tkazyapsiz? 5 “Gunohlaring kechirildi”, - deb aytish osonroqmi, yoki: “O'rningdan turib yura qol”, - deb aytishmi? 6 Lekin Inson O'g'lining yer yuzida gunohlarni kechirish qudrati borligini ham bilib qo'yinglar. Shundan so'ng Iso sholga qayrilib: - O'rningdan tur, to'shagingni olib uyingga ket! - dedi. 7 Shol esa o'rnidan turdi-da, to'shagini olib o'z uyiga ravona bo'ldi. 8 Bu voqeani ko'rgan xaloyiq o'ta hayron bo'lib, insonlarga bunday qudrat bergan Xudoni olqishladi.
Isoning Mattoni chaqirishi
9 Iso u yerdan o'tayotganda, soliq yig'adigan joyda o'tirgan Matto ismli odamni ko'rib qoldi-da, unga: - Mening orqamdan yur! - dedi. U esa o'rnidan qalqib, Isoning orqasidan yurdi. 10 Iso uyda yeb-ichib o'tirar ekan, ko'pgina soliqchilar va har xil gunohkor kishilar ham kelib, dasturxon atrofida Iso bilan shogirdlariga qo'shilishdi. 11 Farziylar buni ko'rib, Isoning shogirdlaridan: - Nega Ustozingiz soliqchilaru gunohkorlar bilan birga yeb-ichib o'tiribdi? - deb so'radilar. 12 Iso buni eshitgach, ularga dedi: - Sog'lar emas, bemorlar tabibga muhtojdir. 13 Yaxshisi sizlar borib, Tavrotdagi: “Men qurbon emas, rahm-shafqat istayman”, degan oyatning ma´nosini o'rganib olinglar. Chunki Men taqvodorlarni emas, balki gunohkorlarni tavbaga chaqirgani kelganman.
Ro'za tutish haqida savol
14 U vaqt Yahyoning shogirdlari Isoning oldiga kelib so'radilar: - Bizlar va farziylar ko'p ro'za tutamiz-u, Sening shogirdlaring-chi, nega tutmaydilar? 15 Iso ularga dedi: - Kuyov davrada bo'lgan vaqtda to'y ahli aza tutarmikin? Biroq kuyov ulardan judo bo'lgan kunlar keladi, ana o'shanda ro'za tutadilar. 16 Hech kim eski kiyimga yangi matodan yamoq solmaydi. Chunki yangi yamoq eski kiyimdan so'kilib, kiyimni battar sitib yuboradi. 17 Shuningdek, yangi sharobni ham eski meshga quymaydilar. Chunki eskining tagi tushadi, sharob to'kiladi va mesh ham nobud bo'ladi. Aksincha, yangi sharobni yangi meshga quyadilar, u ham, bu ham saqlab qolinadi.
Tirilgan qiz, sog'aygan ayol
18 Iso ularga bu so'zlarni aytib turganda, qaysi bir jamoaboshi kelib, Isoga ta´zim qildi-da: - Mening qizim hozir o'ldi. Biroq Sen kelib unga qo'lingni tekizsang, u yana tirilib ketadi, - dedi. 19 Iso o'rnidan turib, shogirdlari bilan u odamning orqasidan bordi. 20 Shu payt o'n ikki yildan beri qon ketishidan qiynalib yurgan bir ayol Isoga orqa tomondan yo'lab, kiyimining etagiga qo'l tegizdi. 21 U o'zicha: “Agar kiyimiga bir tegib olsam bas, sog'ayib ketaman”, - deb o'ylagan edi. 22 Iso orqasiga o'girilib, ayolni ko'rgach: - Dadil bo'l, qizim, ishonching seni qutqardi, - dedi. Ayol shu zahoti dardidan xalos bo'ldi. 23 Iso boshliqning uyiga yetib, nay chaluvchilarni va qiy-chuv qilayotgan olomonni ko'rgach: 24 - Bu yerdan tashqariga chiqinglar! Qizcha o'lgan emas, uxlab yotibdi, - dedi. Ular esa Uning ustidan kulishdi. 25 Olomon tashqariga chiqarilgandan so'ng Iso ichkariga kirib, qizchaning qo'lidan ushladi. Qizcha esa o'rnidan turib ketdi. 26 Bu hodisa xabari mamlakat bo'ylab ovoza bo'ldi.
Ikki ko'r va bir soqovni sog'aytirish
27 Iso u yerdan jo'nab ketayotganda, ikki ko'r Uning orqasidan ergashgancha dod solib: - Ey Dovud O'g'li Iso, bizlarga rahm qil! - deb faryod chekishardi. 28 Iso uyga qaytganda, ko'rlar Uning yoniga kelishdi. Iso ulardan so'radi: - Men xohishingizni bajo qilishga kuchim borligiga ishonasizlarmi? - Ishonamiz, Hazrat! - deb javob berishdi ular. 29 Shunda Iso ularning ko'zlariga tegib: - Sizning ishonchingizga yarasha bo'lsin, - dedi. 30 Shu bilan ularning ko'zlari ochilib ketdi. - Buni hech kim bilmasin, tag'in! - deb Iso ularga qattiq tayinladi. 31 Ular esa u yerdan chiqiboq, butun mamlakat bo'ylab U haqda ovoza tarqatib yuradigan bo'lishdi. 32 U kishilar endi chiqib borayotganda, jin chalgan bir soqovni Isoning oldiga keltirishdi. 33 Iso jinni quvib chiqargandan keyin, soqov gapira boshladi. Xalq esa hayratda qolib: - Isroilda bunday hodisa hech qachon bo'lgan emas, - dedi. 34 Bunga farziylar: - U jinlar boshlig'ining kuchi bilan jinlarni quvib chiqaryapti-ku, - deb g'ingshidilar.
Hosil mo'l, yumushchilar oz
35 Iso hamma shahar-qishloqlarni aylanadigan bo'ldi. Mahalliy ibodatxonalarda ta´lim berib, Xudoning Shohligi to'g'risidagi Xushxabarni e´lon qilar va odamlarning har xil dardu darmonsizliklarini davolar edi. 36 Xalq olomonini ko'rib, Iso ularga achindi; chunki cho'ponsiz qo'ylarday dovdiragan va holdan toygan edilar. 37 O'sha vaqtda Iso O'z shogirdlariga dedi: “Hosil mo'l, biroq yumushchilar oz. 38 O'z hosilingni yig'ib-teradigan yumushchilar yubor, deb hosil Egasiga iltijo qilinglar”.
O'n ikki shogirdni tanlab xizmatga yuborish
10:1 Iso O'zining o'n ikki shogirdini yoniga chaqirib, odamlardan yomon ruhlarni quvib chiqarish va har qanday dardu illatni sog'aytirish uchun ularga qudrat ato etdi. 2 Ushbu o'n ikki havoriyning ismlari esa quyidagicha: birinchisi Butrus deb atalgan Simun va uning ukasi Idris, keyin Zabadiyning o'g'illari Yoqub bilan ukasi Yuhanno, 3 Filip, Bartolmey, To'ma, soliqchi Matto, Alfeyning o'g'li Yoqub va Taddey deb atalgan Leviy, 4 vatanparvar Simun hamda Isoning xoini Yahudo Ishqariyot. 5 Iso bu o'n ikkovini jo'natib, buyruq berdi: “Majusiylar yo'liga oyoq bosmanglar va samariyaliklarning biron shahriga kirmanglar. 6 Aksincha, adashgan qo'ylarga o'xshagan Isroil xalqi oldiga boringlar. 7 Yo'lingiz qayga tushmasin, elga: “Osmon Shohligi yaqinlab qoldi”, - deb e´lon qilinglar. 8 Xastalarni sog'aytiringlar, moxovlarni pok qilinglar, o'liklarni tiriltiringlar, jinlarni quvib chiqaringlar. Tekin oldingizlar, tekin beringlar. 9 Belbog'laringizga oltin, kumush yoki mis pul ham tugmanglar. 10 Yo'l uchun na to'rva, na bir juft ko'ylak, na choriq va na hassa olinglar. Chunki mehnatkash o'zining non-nasibasiga munosibdir. 11 Qaysi shahar yoki qishloqqa kirsangiz, u yerda o'zingizga munosiblarnigina yo'qlab boring va jo'naguningizcha o'sha yerda qolinglar. 12 Uyga kirayotganingizda uy ahliga salom beringlar. 13 Agar u uy ahli niyatingizga munosib bo'lsa, ularning boshi salomat bo'ladi. Agarda munosib bo'lmasa, salomingiz sizga qaytib keladi. 14 Agar kim sizni qabul qilmasa va so'zlaringizga quloq solmasa, u uydan yoki shahardan chiqib ketayotganingizda oyoqlaringizdan changni ham qoqib ketinglar. 15 Sizga chinini aytayin: qiyomat kunida bunday shahardan ko'ra Sado'm va G'amo'ra yerining ahvoli yengilroq bo'ladi”.
Kelajak qayg'ular va quvg'inlar
16 “Mana, Men sizlarni bo'rilarning orasiga qo'ylar kabi yuboryapman. Siz ilonday ziyrak, kaptarday sodda bo'linglar. 17 Insonlardan ehtiyot bo'linglar; chunki sizlarni adliyaga topshirib, ibodatxonalarda kaltaklaydilar. 18 Mening nomim uchun sizlarni hokimlar va podshohlar qoshiga olib boradilar, siz esa ular va turli xalqlar oldida Mening guvohlarim bo'lasizlar. 19 Sizni tutib berishayotganda esa nimani aytamiz, qanday gapiramiz, deb o'ylab qayg'urmanglar. Nima aytishingiz kerakligi o'sha onda sizlarga uqtiriladi. 20 Chunki o'zlaringiz emas, ichingizdagi Otangizning Ruhi gapiradi. 21 Aka ukasini, ota o'g'lini o'limga topshiradi. Bolalar o'z ota-onalariga qarshi chiqib, ularni o'ldirtiradilar. 22 Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. Lekin oxirigacha chidagan qutuladi. 23 Agar sizlarni bir shahardan quvsalar, boshqasiga qochib o'tinglar. Sizlarga chinini aytayin: sizlar Isroilning shaharlarini aylanib chiqishga ulgurmasingizdan, Inson O'g'li yer yuziga qaytib keladi. 24 Shogird o'zining ustozidan yuqori bo'lmas, xizmatkor o'zining xo'jayinidan yuqori bo'lmas. 25 Shogirdga o'zining ustoziday, xizmatkorga o'zining xo'jayiniday bo'lsa kifoyadir. Agar uy egasiga iblis deb nom qo'yishgan bo'lsa, unda uy ahlini yana nimalar deyishmaydi!”
Qo'rqish va qo'rqmaslik haqida
26 “Shunday qilib, ulardan qo'rqmanglar! Chunki ochilmay qoladigan hech qanday yashirin narsa yo'q, ma´lum bo'lmaydigan hech qanday sir ham yo'qdir. 27 Sizga qorong'ilikda gapirayotganlarimni yorug'likda aytaveringlar. Qulog'ingizga shivirlab aytilayotganlarni tomlarning ustidan e´lon qilaveringlar. 28 Tanni o'ldirib, jonni esa o'ldira olmaydiganlardan qo'rqmanglar. Yaxshisi, jonni ham, tanni ham jahannamda halok etishga qodir bo'lgan Xudodan qo'rqinglar. 29 Ikkita chumchuq bir tangaga sotilmaydimi? Ammo Otangiz rozi bo'lmasdan, ularning bittasi ham yerga tushmaydi. 30 Sizlarga kelganda, boshingizdagi sochlarning hammasi ham sanalgandir. 31 Shuning uchun qo'rqmanglar, sizlar talay chumchuqlardan ko'ra qadrliroqsiz”.
Isoga loyiq bo'lish haqida
32 “Kimda-kim insonlar oldida Meni tan olsa, Men ham osmondagi Otamning oldida uni tan olaman. 33 Biroq, kim insonlar oldida Meni inkor etsa, Men ham osmondagi Otamning oldida uni inkor etaman. 34 Meni yer yuziga tinchlik keltirish uchun kelgan, deb o'ylamanglar. Men tinchlik emas, balki qilich keltirgani kelganman. 35 Odamni otasidan, qizni onasidan, kelinni qaynonasidan ajratish uchun kelganman. 36 Odamning dushmanlari o'z uyidagilar bo'ladi. 37 Ota yoki onasini Mendan ortiq sevgan Menga loyiq emas. O'g'li yoki qizini Mendan ortiq sevgan Menga loyiq emas. 38 Kimki o'z xochini olib, ortimdan ergashmasa, Menga loyiq emas. 39 O'z jonini ayamoqchi bo'lgan uni yo'qotadi. Men uchun jonini yo'qotgan esa jon topadi. 40 Sizni qabul qilgan Meni qabul qiladi. Meni qabul qilgan esa Meni Yuborganni qabul qilgan bo'ladi. 41 Kim payg'ambarni payg'ambar deb qabul qilsa, u payg'ambarga yarasha ehson oladi. Kim solihni solih deb qabul qilsa, u solihga yarasha ehson oladi. 42 Kimki shogirdlik hurmati deb, bularning hatto eng kichigiga bir piyola sovuq suvgina ichirsa ham, chindan sizlarga aytamanki, u ehsoniga sazovor bo'lur”.
Iso Masih va Yahyo payg'ambar
11:1 Iso o'n ikki shogirdiga ushbularni buyurib bo'lgach, yaqin shaharlarda ta´lim berish va voizlik qilish uchun u yerdan jo'nadi. 2 Zindonda yotgan Yahyo esa Masihning qilayotgan ishlarini eshitgach, o'z shogirdlaridan ikkitasini Uning oldiga yuborib: 3 “Keladigan Qutqaruvchi Senmisan, yoki biz boshqasini kutaylikmi?” - deb Undan so'ratdi. 4 Iso javob berib ularga dedi: “Boringlar, eshitib ko'rayotganlaringizni Yahyoga bildiringlar: 5 Ko'rlar ko'ryapti, cho'loqlar yuryapti, moxovlar tuzalyapti, karlar eshityapti, o'liklar tirilyapti va bechoralarga Xushxabar e´lon qilinyapti. 6 Meni deb vasvasaga tushmagan baxtlidir!” 7 Yahyoning shogirdlari jo'nayotgan paytda, Iso xaloyiqqa Yahyo haqida gapira boshladi: “Nima ko'rgani sahroga bordingizlar? Shamolda hilpirab turgan qamishnimi? 8 Axir, nima ko'rgani chiqdingizlar? Nafis kiyim kiygan odamnimi? Nafis kiyinganlar podshoh saroylarida bo'ladi-ku! 9 Axir, nima ko'rgani chiqdingizlar? Payg'ambarnimi? Ha, sizga aytamanki, payg'ambardan ham ulug' bo'lganni ko'rdingizlar. 10 Bu kishi Tavrotda yozilganning xuddi o'zi: “Men Sendan avval elchimni yuborarman, U Sening oldingda yo'l hozirlab yurar”. 11 Sizlarga chinini aytayin: ayol zotidan tug'ilganlar orasida Yahyo payg'ambardan buyugi chiqqan emas. Shunga qaramay, Osmon Shohligida hatto eng kichik hisoblangan ham undan kattadir. 12 Yahyo payg'ambar maydonga kelgan kunlardan to hozirgacha Osmon Shohligiga tajovuz qilib kelmoqdalar; tajovuzkorlar dastasi uni bosib olishga zo'r bermoqda. 13 Ma´lumki, Yahyogacha o'tgan barcha payg'ambarlar va shuningdek, Tavrot bitiklari bo'lg'usi hodisalar haqida oldindan darak berib kelgan. 14 Endi qabul qilishni istasangizlar, qaytib kelishi muqarrar bo'lgan Ilyos payg'ambar xuddi Yahyoning o'zidir. 15 Kimning eshitar qulog'i bo'lsa, eshitsin! 16 Endi bu naslni kimga o'xshatay? Bu nasl - maydonda o'tirib, bir-biriga: 17 “Senlarga nay chaldik, o'ynamadinglar, Senlarga yig'i chiqardik, dodlamadinglar”,? deb qichqirishadigan bolalarga o'xshaydi. 18 Chunki Yahyo kelib, yemadi-ichmadi va uni “jin uribdi” deyaptilar. 19 Inson O'g'li kelib, yedi ham, ichdi ham va bu gal: “Ana kabobxo'ru sharobxo'r odamni ko'ringlar, U soliqchilar va gunohkorlarning do'sti ekan!” - deyishmoqda. Va lekin ilohiy hikmat unga rioya qiluvchilar orqali tasdiqlanadi”.
Gunohkor shaharlarning holiga voy
20 Shu vaqt Iso mo'jizalarining aksari namoyon bo'lgan shaharlarga, tavba-tazarru qilmaganliklari uchun ta´na qila boshladi: 21 “Sening holingga voy, ey Horazin! Sening holingga voy, ey Baytsayda! Chunki sizlarda sodir bo'lgan mo'jizalar Tir va Sido'n shaharlarida ro'y berganda edi, ular allaqachon julga o'ranib, kulga surkanib, tavba-tazarru qilgan bo'lardilar. 22 Biroq sizlarga aytib qo'yay: qiyomat kunida sizdan ko'ra Tir va Sido'nning holi yengilroq bo'ladi. 23 Yo sen, ey ko'kkacha yuksaluvchi Kafarnahum! Sen tamug'gacha tushib ketursan. Chunki senda sodir bo'lgan mo'jizalar Sado'm yerida sodir bo'lganda edi, u yer shu kungacha saqlanib qolgan bo'lar edi. 24 Biroq sizlarga aytib qo'yay: qiyomat kunida sendan ko'ra Sado'm yerining ahvoli yengilroq bo'ladi”.
Horib-tolganlarga xushxabar
25 O'sha vaqtda Iso so'zini davom ettirib dedi: “Ey Ota, yeru ko'k Hukmroni! Sen bu ishlarni donoyu oqillardan yashirib, go'daklarga ma´lum etganing uchun Senga hamdu sanolar aytaman. 26 Ha Ota, Sening ezgu xohishing shunday edi. 27 Otam Menga hamma narsani topshirgan. Otadan boshqa hech kim O'g'ilni bilmas. O'g'ildan boshqa hamda O'g'il bilim berishni istagandan boshqa hech kim Otani bilmas. 28 Ey og'ir yuk ostida qiynalib, horib-tolgan hammalaringiz! Mening huzurimga keling, Men sizga orom beraman. 29 Mening bo'yinturug'imga o'zingizni qo'shing va Mendan o'rganinglar. Chunki Men beozor va soddadilman. Shunday qilib, jonlaringiz taskin topar. 30 Chunki Men solgan bo'yinturuq yumshoq, Men bergan yuk yengildir”.
Dam olish kuniga rioya qilish haqida
12:1 O'sha kezlar bir shanba kuni Iso ekinzordan o'tib borayotgan edi. Uning shogirdlari och bo'lganidan, boshoqlarni uzib yeya boshlashdi. 2 Farziylar buni ko'rib, Isoga: - Ana, Sening shogirdlaring dam olish kunida qilish mumkin bo'lmagan ishni qilyaptilar! - deyishdi. 3 - Nahotki sizlar Dovud va uning och qolgan hamrohlari nimalar qilganini o'qimagan bo'lsangiz? - dedi ularga Iso. 4 - Dovud Xudoning uyiga kirib, o'zi va yonidagilarga ham taqiqlangan, faqat ruhoniylargina yeyishi mumkin bo'lgan baxshida nonlarni yegan edi. 5 Yoki ma´baddagi ruhoniylar shanba kungi dam olish amrini buzsalar-da, gunohkor bo'lmasliklarini Tavrotda o'qimagansizmi? 6 Biroq Men sizlarga aytayinki, bu yerdagi Kimsa ma´baddan ham ulug'dir. 7 Agar sizlar Tavrotdagi: “Men qurbon emas, rahm-shafqat istayman” degan oyatga tushunganingizda, begunohlarni hukm qilmas edingizlar. 8 Chunki Inson O'g'li dam olish kunining ham hokimidir. 9 Iso u joydan nariga o'tib, yahudiy ibodatxonasiga kirdi. 10 U yerda qo'li shol bo'lib qolgan bir odam bor edi. Isoni ayblash maqsadida Uni so'roq qilishdi: - Shanba kunida kasalni davolash mumkinmi? 11 Iso ularga aytdi: - Sizdan qay biringiz bir qo'yi bo'laturib, agar qo'y shanba kuni chuqurga tushib ketsa, uni tortib chiqarmaydi? 12 Inson esa qo'ydan qanchalar ulug'! Shunga ko'ra, shanba kunida yaxshilik qilish mumkin. 13 Shunday qilib, Iso u odamga: - Qo'lingni uzat! - dedi. U esa uzatishi bilanoq, bu qo'li boshqa qo'liday soppa-sog' bo'ldi-qoldi. 14 Farziylar esa shu zahot tashqariga chiqib, Isoni yo'q qilishga til biriktirdilar. Iso buni bilib, u yerni tark etdi.
Ulug' Xaloskor Iso
15 Tumonat xaloyiq Isoning ketidan ergashdi, U esa hamma kasallarini sog'aytirdi. 16 O'zini oshkor etmoqni ularga qat´iy man qildi. 17 Shu bilan Isha´yo payg'ambarga kelgan quyidagi Xudo kalomi bajo bo'ldi: 18 “Mana, Mening tanlagan O'g'lonim, Mahbubim, ko'nglim Unga nisor! Men O'z Ruhimni Unga berarman, U esa elga adl e´lon etgay. 19 U talashmas, tortishmas ham, Ko'cha-ko'yda sira baqirmas. 20 Sindirmagay bukik qamishni, O'chirmagay tutayotgan pilikni-da, To adlu insofni o'rniga qo'yguncha. 21 Ellar esa Uning ismiga umid bog'lar”.
Iso va shayton
22 Shundan so'ng Isoning oldiga jinga chalinib ko'r va soqov bo'lgan kishini keltirishdi. Isoning shifolashi tufayli uning tili ham chiqdi, ko'zi ham ochildi. 23 Bundan butun xaloyiq hayratlanib: “Bu Dovudning O'g'li - Masih emasmikan?” - dedi. 24 Farziylar buni eshitishgach: “U ins-jinslarning boshlig'i - iblisning kuchi bilangina jinlarni quvib chiqaryapti-ku”, - dedilar. 25 Ularning o'y-fikrlarini bilib, Iso ularga dedi: “O'z ichidan bo'linib ketgan har bir podshohlik xarob bo'ladi, o'z ichidan bo'linib ketgan har bir shahar yoki uy abgor bo'ladi. 26 Agar shayton shaytonni quvib chiqarsa, unda u o'z-o'zidan bo'lingan bo'ladi. Endi uning saltanati qanday tura oladi? 27 Agar Men jinlarni iblisning kuchi bilan quvib chiqarayotgan bo'lsam, u holda sizlarning o'g'illaringiz kimning kuchi bilan quvib chiqaradi? Shu bois, ularning o'zi sizlarni hukm qiladilar. 28 Magar Men Xudoning Ruhi bilan jinlarni quvib chiqarayotgan ekanman, u demak, Xudoning Shohligi sizlarga yetib kelgan. 29 Uyning egasi bo'lgan baquvvat kishini avval bog'lab qo'ymasdan turib, birov uning uyiga kirib, mol-mulkini o'g'irlab keta olarmidi? Faqat shunday qilibgina uyni talash mumkin. 30 Kim Men bilan birga bo'lmasa, Menga qarshidir. Kim Men bilan birga yig'masa, sochadi. 31 Shuning uchun sizlarga aytaman: insonlarning har qanday gunohi va kufrligi kechiriladi. Lekin Muqaddas Ruhni kufr qilganlar kechirilmaydi. 32 Kim Inson O'g'liga qarshi so'z aytsa, kechiriladi. Lekin kim Muqaddas Ruhga qarshi so'z aytsa, ikki dunyoda ham kechirilmaydi. 33 Yo daraxtni yaxshi der ekansiz, mevasini ham yaxshi deng. Yoki daraxtni yomon der ekansiz, mevasini ham yomon deng. Chunki har bir daraxt o'z mevasidan bilinur. 34 Voy ilonlar zoti-yey! Sizlar yovuz bo'la turib, qanday qilib yaxshi so'zlay olasiz? Axir, odamning dilida nima bo'lsa, tili o'shani gapiradi-ku! 35 Yaxshi odam yuragining yaxshilik xazinasidan yaxshilik chiqarur. Yomon odam yuragining yomonlik xazinasidan yomonlik chiqarur. 36 Men sizga deymanki: insonlar aytadigan har bir bekor so'zi uchun qiyomat kunida hisob beradilar. 37 Sen o'z so'zlaring asosida yo oqlanasan, yoki ayblanasan”.
Isodan dalil so'rash
38 Shunda ulamolar va farziylardan ba´zilari Isoga: “Ustoz, biz Sendan shularning biron bir dalilini ko'rmoqchimiz”, - dedilar. 39 Iso ularga javoban dedi: “Bu yovuz va subutsiz nasl dalil izlayapti, lekin Yunus payg'ambarning alomatidan boshqa unga dalil berilmaydi. 40 Yunus payg'ambar uch kunu uch tun kit qornida bo'lgani kabi, Inson O'g'li ham xuddi shunday uch kunu uch tun yer bag'rida bo'ladi. 41 Nineviya odamlari qiyomat kunida bu nasl bilan birga tirilib, uni mahkum etadilar. Chunki ular Yunusning va´zi sababli tavba-tazarru qilganlar. Va mana, Yunusdan buyukrog'i shu yerdadir. 42 Janub malikasi qiyomat kunida bu nasl bilan birga ko'tarilib, uni mahkum etadi. Chunki u Sulaymonning hikmatini tinglash uchun dunyoning olis burchidan kelgan edi. Va mana, Sulaymondan buyukrog'i shu yerdadir. 43 Yovuz ruh insondan chiqib ketgandan so'ng, rohat izlab suvsiz yerlarni aylanadi va topolmagach: 44 “Men chiqqan uyimga qaytib boraman”, - deydi. U uyga kelgach uni kimsasiz, supurilgan va yig'ishtirilgan holda topadi. 45 O'shanda borib, o'zidan yovuzroq yana yettita ruhni o'ziga ergashtiradi va uyga kirib yashaydilar. U odamning so'nggi ahvoli esa avvalgidan battar bo'ladi. Bu yomon nasl bilan ham shunday bo'ladi”.
Isoning onasi bilan ukalari
46 Iso xalq ommasiga hali gapirib turgan vaqtda, Uning onasi bilan ukalari kelib qolishdi. Ular tashqarida kutib turib, U bilan gaplashmoqchi bo'lishdi. 47 Kimdir Isoga: - Mana, onang va ukalaring tashqarida Sen bilan gaplashmoqchi bo'lib turishibdi, - dedi. 48 Iso buni aytgan kishiga javob berib: - Mening onam kim? Ukalarim kim? - dedi. 49 So'ng qo'li bilan shogirdlarini ko'rsatib: - Mana, Mening onam va ukalarim! - dedi. 50 - Kimda-kim osmondagi Otamning irodasini bajo keltirsa, u Mening ukam, singlim va onam bo'ladi.
Xudo Shohligini tasvirlovchi yettita masal
13:1 O'sha kuni Iso uydan chiqib, ko'l bo'yida o'tirdi. 2 Uning oldida anchagina xaloyiq to'plangach, U qayiqqa tushib o'tirdi. Bor xaloyiq esa qirg'oqda Unga ko'z tikdi. 3 Iso ularga masal yo'li bilan ko'p nasihatlar qildi: “Urug' sepuvchi urug' sepgani chiqibdi.
Urug' sepuvchi
4 Urug' sepayotganda ba´zi urug'lar yo'l yoqasiga tushibdi. Qushlar uchib kelib, ularni cho'qib ketibdi. 5 Boshqa ba´zi urug'lar esa tuprog'i kam toshloqqa tushibdi. Tuproq sayoz bo'lganidan, urug'lar tez ko'karib chiqibdi. 6 Biroq quyosh chiqqach, so'lib, ildizi bo'lmagani uchun qurib qolibdi. 7 Yana boshqa ba´zi urug'lar tikanlar orasiga tushibdi. Tikanlar o'sib, urug'larni bo'g'ib qo'yibdi. 8 Yana boshqa urug'lar esa yaxshi yerga tushib, ba´zisi yuz, ba´zisi oltmish, ba´zisi o'ttiz qat hosil beribdi. 9 Kimning eshitar qulog'i bo'lsa, eshitsin!”
Masallarning maqsadi
10 Shogirdlar yaqinroq kelib, Isodan: - Nega xalqqa masallar bilan gapiryapsan? - deb so'radilar. 11 U ularga javob berib dedi: - Chunki Osmon Shohligining sirlarini bilish qobiliyati sizlarga berilgan, ularga berilmagan. 12 Zero kimda bor bo'lsa, unga yana beriladi va u mo'lchilikda bo'ladi. Ammo kimda yo'q bo'lsa, bori ham undan tortib olinadi. 13 Xalqqa masal bilan gapirishimning sababi shundaki, ular qarab turib ko'rmaydilar, quloq solib turib eshitmaydilar va anglamaydilar. 14 Isha´yo payg'ambarning karomati ularga juda to'g'ri keladi, mana Xudo shunday degan: “Tinglab tursangiz-da, anglamaysizlar, Qarab tursangiz-da, ko'rolmaysizlar. 15 Bu xalqning dilini-chi yog' bosgan, Arang eshitar quloqlari ham, Ko'zlarini esa yumib olganlar. Ko'z ko'rsin deb, quloq eshitsin deb, Dil farosatli bo'lsin deb, Menga iltijo qilsalar edi, Men ularga shifo berar edim”. 16 Lekin ko'zlaringiz ko'rayotgan va quloqlaringiz eshitayotgan sizlar qanday baxtlisizlar! 17 Sizga chinini aytayin: ne-ne payg'ambaru solihlar siz ko'rayotganlarni ko'rishni orzu qilganlar-u ko'rolmaganlar, siz eshitayotganlarni eshitishni orzu qilganlar-u eshitolmaganlar.
Urug' sepuvchi haqidagi masalning ma´nosi
18 “Endi sizlar urug' sepuvchi haqidagi masalni yaxshi tinglanglar. 19 Xudoning Shohligi to'g'risidagi kalomni eshitib, uqib olmagan har bir kishiga yovuz shayton kelib, uning yuragiga ekilgan ezgulik urug'larini o'g'irlab ketadi. Yo'l yoqasiga tushgan urug'lar ana shularga ishoradir. 20 Toshloqqa sepilgan urug'lar esa shunday kishini bildiradi: u kalomni eshitar-eshitmas sevinch bilan qabul qilaveradi. 21 Lekin ildizi yo'q, beqaror kishi bo'lgani uchun, kalom tufayli qayg'u yoki quvg'inga duchor bo'lgan hamon vasvasaga tushib qoladi. 22 Tikanlar orasiga sepilgan urug'lar esa shunday odamni bildiradi: u kalomni eshitsa-da, bu dunyoning tashvishlari va boylik rujui kalomni bo'g'ib tashlaydi va kalom samarasiz qoladi. 23 Yaxshi yerga sepilgan urug'lar esa, kalomni eshitib uni uqib oladigan odamni bildiradi. Bunday kishi, albatta, samarali bo'ladi; kimi yuz, kimi oltmish, kimi o'ttiz qat hosil beradi”.
Begona o't
24 Iso ularga boshqa bir masalni keltirdi: “Osmon Shohligi o'z dalasiga yaxshi urug' sepgan bir odamga o'xshaydi. 25 Hamma uxlab yotganda, u odamning dushmani kelib bug'doy orasiga begona o't urug'larini sepib ketibdi. 26 Ekin ko'karib boshoq chiqarganda, begona o'tlar ham paydo bo'libdi. 27 Yer egasining xizmatkorlari kelib: - Xo'jayin, siz dalangizga yaxshi urug' sepgan emasmidingiz? Endi bu begona o'tlar qayerdan paydo bo'ldi? - deb so'rashibdi. 28 - Bu dushmanning ishidir, - debdi yer egasi. - Istasangiz, biz borib ularni yulib tashlaymiz, - deyishibdi xizmatkorlar. 29 - Yo'q, - debdi u, - sizlar begona o'tlarni yulayotganda, ular bilan birga bug'doyni ham yulib olishingiz mumkin. 30 O'rim-yig'im vaqtigacha qo'yinglar, u ham, bu ham birga o'saversin. O'rim-yig'im bo'lgach, men o'roqchilarga: “Oldin begona o'tlarni o'rib olinglar va bog'-bog' qilib yoqishga tayyorlanglar. Bug'doyni esa mening omborimga to'plab qo'yinglar”, deb aytaman”.
Xantal urug'i
31 Iso ularga yana boshqa bir masalni aytib berdi: “Osmon Shohligi bir odam o'z dalasiga sepib qo'ygan xantal urug'iga o'xshaydi. 32 U barcha urug'lardan kichik bo'lsa-da, lekin yetilgach, hamma ko'katlardan baland bo'lib o'sadi. U shunday daraxt bo'ladiki, ko'k yuzidagi qushlar uchib kelib, uning shoxlarini o'zlariga uya qiladilar”.
Xamirturush burdasi
33 Iso ularga boshqa bir masalni ham aytib berdi: “Osmon Shohligi bir ayol butun xamirni oshirish uchun uch tog'ora unga qorishtirib solgan xamirturush burdasiga o'xshaydi”. 34 Iso bularning hammasini xalqqa masallar bilan tushuntirdi. Masalsiz ularga hech narsani tushuntirmas edi. 35 Shu bilan payg'ambarga vahiy bo'lgan shu so'z bajo keldi: “Og'zimni masallar aytmoqqa ochib, Azaliy sirlardan voqif etaman”.
Begona o't haqidagi masalning ma´nosi
36 Shundan so'ng Iso xaloyiqqa javob berib, uyga kirdi. Shogirdlari Uning oldiga kelib: - Daladagi begona o'tlar haqidagi masalni bizlarga tushuntirib bergin, - dedilar. 37 Iso ularga javoban dedi: - Yaxshi urug'ni sepgan - Inson O'g'lidir, 38 dala esa - dunyo. Yaxshi urug'lar - Xudo hokimiyatidagi odamlar, begona o'tlar esa - yovuz shayton hokimiyatidagi odamlardir. 39 Begona o'tlarni sepgan dushman bo'lsa - iblisdir. O'rim-yig'im - dunyoning oxiri, o'roqchilar esa farishtalarga teng keladi. 40 Begona o'tlarni qanday terib o'tda yoqsalar, bu dunyoning oxirida ham shunday bo'ladi. 41 Inson O'g'li O'z farishtalarini yuboradi, ular esa gunohga sabab bo'lgan va yomonlik qilib yurgan barchani Uning Shohligidan yig'ib olib, 42 lovullab turgan o'choqqa tashlaydilar. U yerda yig'i-sig'i va ohu nola bo'ladi. 43 O'shanda solihlar o'z Otalarining Shohligida quyosh kabi porlaydilar. Kimning eshitar qulog'i bo'lsa, eshitsin!
Yashirilgan xazina
44 “Yana Osmon Shohligi dalada yashirilgan xazinaga o'xshar. Uni bir odam topib sir saqlabdi va juda sevinganidan borib, bor-yo'g'ini sotib, u dalani xarid qilibdi”.
Qimmatbaho marvarid
45 “Yana Osmon Shohligi nodir marvarid izlayotgan bir savdogarga o'xshar. 46 U qimmatbaho marvaridni topganda, borib bor-yo'g'ini sotib, marvaridni xarid qilibdi”.
Dengizga tashlangan to'r
47 “Yana Osmon Shohligi dengizga tashlangan va turli baliqlarni tutgan to'rga o'xshaydi. 48 To'r to'lgach, uni qirg'oqqa tortib chiqarishibdi va o'tirishib, yaxshi baliqlarni saralab idishlarga solishibdi, yomonlarini esa tashqariga tashlab yuborishibdi. 49 Dunyoning oxirida ham shunday bo'ladi: farishtalar kelib, fosiqlarni solihlar orasidan ajratib, 50 ularni lovullab turgan o'choqqa tashlaydilar. U yerda yig'i-sig'i va ohu nola bo'ladi”. 51 Iso shogirdlaridan so'radi: - Bularning hammasiga tushundingizlarmi? - Tushundik, - dedi ular. 52 Iso shogirdlariga: - Demak, Osmon Shohligi to'g'risida ta´lim-tarbiya olgan har bir ulamo o'z xazinasidan yangi va eski narsalar chiqaradigan uy egasiga o'xshaydi, - dedi.
Isoning O'z yurtida rad qilinishi
53 Iso bu masallarni aytib bo'lgach, u yerdan ketdi. 54 O'z vataniga kelib, yerli xalqning ibodatxonasida ta´lim bera boshladi. Ular esa hayratda qolib: - Shunday donolik va mo'jizakorlik qudrati Unga qayerdan nasib bo'ldi ekan? 55 Duradgorning o'g'li emasmi O'zi? Onasining ismi Maryam, ukalari esa Yoqub, Yusuf, Simun va Yahudolar emasmi? 56 Uning hamma singillari ham bizning oramizda-ku! Bularning barchasiga U qanday qilib erishdi ekan? - deyishdi. 57 Va g'ashlanib, Uni rad qilishdi. Iso esa ularga: - Payg'ambar o'z vatani va uyidan boshqa yerda e´tiborsiz bo'lmas, - dedi. 58 Ularning e´tiqodsizligi sababli u yerda ko'p mo'jizalar ko'rsatmadi.
Yahyo payg'ambarning boshini olish
14:1 O'sha kezlarda viloyat hokimi Hirod Iso to'g'risidagi ovozalarni eshitib, 2 o'zining amaldorlariga: - Bu Yahyo payg'ambar-ku, u qaytadan tirilibdi! Shuning uchun U orqali ajoyibotlar sodir bo'lmoqda, - dedi. 3 Hirod o'z ukasi Filipning xotini Hirodiya tufayli Yahyoni tutib kishanlagan va zindonga tashlagan edi. 4 Chunki Yahyo unga: “Bu xotinni olish sen uchun ravo emas”, - deb aytib yurgan edi. 5 Hirod Yahyoni o'ldirmoqni istagan bo'lsa-da, xalqdan qo'rqardi. Chunki Yahyoni payg'ambar deb hisoblashardi. 6 Hirodning tug'ilgan kuni nishonlangan yig'inda Hirodiyaning qizi o'rtaga chiqib o'ynadi va Hirodning ko'nglini topdi. 7 Natijada Hirod u nimaiki so'rasa, topmoqqa qasam ichib, unga va´da berdi. 8 Qiz esa onasining tashviqiga ko'ra: - Menga hoziroq laganda Yahyo payg'ambarning boshini keltirib bering! - dedi. 9 Shoh xafa bo'ldi-yu, lekin o'zi bilan birga yeb-ichib o'tirganlarning ko'zi oldida qasam ichganligi uchun, bu iltimosning bajarilishini buyurdi. 10 Zindonga odam yuborib, Yahyoning boshini oldirdi. 11 Uning boshini laganda keltirib qizga berdilar, qiz esa onasiga olib borib berdi. 12 Yahyoning shogirdlari kelib, uning jasadini olib ko'mdilar. Keyin borib Isoga xabar berdilar.
Isoning 5000 kishini to'ydirishi
13 Iso buni bilib olgach, bir O'zi qayiqqa tushib, u yerdan xilvat joyga suzib ketdi. Xaloyiq buni eshitib, shaharlardan piyoda yo'lga tushib, Uning orqasidan ergashdi. 14 Iso qayiqdan chiqib, tumonat odamni ko'rdi. Ularga achindi va ularning xastalariga shifo berdi. 15 Oqshom tushgach, shogirdlari Uning yoniga kelib dedilar: - Bu yerlar yovon ekan, endi vaqt kech bo'lib qoldi. Xaloyiqqa ruxsat bergin, qishloqlarga borib o'zlariga ovqat sotib olsinlar. 16 Lekin Iso ularga: - Ular ketishlari kerak emas, sizlar ularga ovqat beringlar, - dedi. 17 - Bu yerda bizning beshta non va ikkita balig'imiz bor xolos, - deyishdi Unga. 18 - Ularni bu yerga, Menga keltiringlar, - dedi Iso. 19 So'ng U xaloyiqqa o't ustiga yonboshlashlarini buyurdi. Beshta non bilan ikkita baliqni olib, osmonga qarab duo qildi. Nonlarni sindirib shogirdlariga berdi, ular esa xaloyiqqa tarqatishdi. 20 Hammalarining qorni to'ydi. Ortib qolgan burda nonlarni terib olishganda, to'la o'n ikki savat chiqdi. 21 Yeganlar esa xotinlar va bolalardan tashqari besh mingga yaqin kishi edi.
Isoning suv ustida yurishi
22 Iso shogirdlarini o'sha zahoti qayiqqa tushirib, narigi tomonga suzib o'tishga majbur qildi. Ungacha O'zi odamlarga ruxsat beradigan bo'ldi. 23 U xaloyiqni jo'natib bo'lgandan keyin, tanho O'zi ibodat qilish uchun toqqa chiqdi. Kech kirganda, u yerda yolg'iz O'zi qoldi. 24 Qayiq esa ko'lning o'rtasida bo'lib to'lqinlarda chayqalar, yoqimsiz shamol esmoqda edi. 25 Subhidamda Iso ko'l tomondan shogirdlari yoniga keldi. 26 Ular esa Uning ko'l ustida yurib kelayotganini ko'rib, dahshatga tushdilar. - Bu bir sharpa! - deb qo'rquvdan qichqirib yubordilar. 27 Lekin Iso shu zahot ular bilan muloqotga kirib: - Dadil bo'linglar, bu Men, qo'rqmanglar! - dedi. 28 Butrus gapga kirib: - Yo Rabbim, agar bu Sen bo'lsang, menga buyruq ber, men suv ustida yurib Sening yoningga boray! - dedi. 29 Iso: - Kel! - dedi. Butrus esa qayiqdan chiqib, suv ustidan yurgancha Isoning yoniga yo'l oldi. 30 Lekin kuchli shamolni ko'rib, o'takasi yorildi. U cho'ka boshlagach: - Yo Rabbim, meni qutqar! - deb baqirdi. 31 Iso o'sha zahoti qo'lini uzatib, uni ushlab qoldi-da: - Ha, imoni sust, nega sen ikkilanding? - dedi. 32 Ular qayiqqa o'tishlari bilanoq shamol tindi. 33 Qayiqdagilar esa Isoga sajda qilib: - Haqiqatan ham Sen Xudoning O'g'lisan! - deyishdi. 34 Ko'ldan suzib o'tib, Genisaret qirg'og'iga kelib to'xtashdi. 35 U yerning odamlari Isoni tanib qolishdi. Butun tevarak-atroflarga odam yuborib, biron dardga chalinganlarning hammasini Uning oldiga yig'ishdi. 36 Aqalli kiyimining etagiga tegish uchun Undan iltimos qilishdi, tekkanlar esa dardlaridan xalos bo'ldi.
Diniy urf-odatlar va Xudoning amri
15:1 O'shanda Quddusdan ba´zi ulamolar va farziylar Isoning oldiga kelib, savol berdilar: 2 - Sening shogirdlaring nega ota-bobolar urf-odatini buzib yuribdi? Hatto ovqatlanayotganda ham ular qo'llarini yuvishmaydi! 3 Iso ularga javob berib dedi: - Nega sizlar ham o'z urf-odatingizni deb Xudoning amrini buzib yuribsizlar? 4 Xudo Tavrotda shunday amr bergan: “Ota-onangni hurmat qil”, va “Ota-onasini haqorat qilgan albatta o'ldirilsin”. 5 Ammo sizlar: “Agar kim ota yoki onasiga: “Mening senga yordamim Xudoga bag'ishlangan”, - desa, 6 “u ota yoki onasini hurmat qilmasa ham bo'ladi”, - deysizlar”. Shunday qilib, siz o'zingizning urf-odatingizni deb Xudoning amrini bekor qildingizlar. 7 Ey munofiqlar! Siz haqda karomat qilib aytgan Isha´yo payg'ambarning ushbu so'zlari to'g'ri chiqdi: 8 “Bu xalq Menga yaqinlashar faqat og'izda, Va Meni hurmatlar faqat tilida. Lekin dili esa Mendan uzoqdur. 9 Ular Meni behuda sano etur, Insonlar amru ta´limin o'rgatib”.
Insonni nima harom qiladi?
10 Keyin Iso xalqni yoniga chaqirib, ularga dedi: - Menga quloq solib, miyaga joylang! 11 Og'izga kiradigan narsa emas, balki og'izdan chiqadigan narsa insonni harom qiladi. 12 Shunda shogirdlari kelib Isoga: - Bilyapsanmi, farziylar bu so'zni eshitgach vasvasaga tushdilar, - deyishdi. 13 Iso javob berib dedi: - Samoviy Otam o'tqazmagan har bir o'simlik tag-tomiri bilan sug'urib tashlanadi. 14 Ularni qo'yinglar, ular ko'rlarning ko'r yo'lboshchilaridir. Agar ko'r ko'rni yetaklab yursa, unda ikkovi ham chohga tushib ketar. 15 Bunga javoban Butrus: - Bizga boyagi masalni tushuntirib ber! - dedi. 16 Iso dedi: - Sizlar ham hanuzgacha anglamadingizmi? 17 Og'izga kiradigan har bir narsa qoringa o'tib, kerak joydan chiqib ketishini hali ham tushunmadingizmi? 18 Biroq og'izdan chiqadigan narsalar esa yurakdan chiqadi. Ana shular insonni harom qiladi. 19 Yomon fikrlar, qotillik, fahshu zino ishlari, o'g'rilik, soxta guvohlik va haqoratlar bari yurakdan chiqadi. 20 Yuvilmagan qo'llar bilan ovqat yeyish insonni harom qilmaydi, ana shular insonni harom qiladi.
G'ayriyahudiy ayolning ishonchi
21 Iso u yerdan chiqib, Tir va Sido'n yurtiga ketdi. 22 O'sha tevarakdan kan´onlik bir ayol Isoni qarshilab: - Ey Hazrat, Dovudning O'g'li, menga rahm qil! Qizimni jin juda qattiq qiynayapti, - deb faryod chekdi. 23 Lekin Iso unga bir og'iz so'z ham javob bermadi. Shogirdlari kelib: - Uni qo'yib yubor, u orqamizdan dodlab yuribdi, - deb Isodan iltijo qildilar. 24 Iso esa javob berib: - Men faqat Isroil xalqining adashgan qo'ylari huzurigagina yuborilganman, - dedi. 25 Shunda ayol yaqinroq kelib: - Ey Hazrat, menga yordam ber! - deb Isoga sajda qildi. 26 Iso: - Bolalardan nonni olib itlarga tashlash yaxshi emas, - degan javobni qaytardi. 27 Ayol: - Xuddi shunday, Hazrat, lekin itlar ham xo'jayinlarining dasturxonidan tushgan ushoqlarni yeydilar-ku! - dedi. 28 Iso buni eshitib, ayolga: - Ey ayol, sening ishonching buyuk, sen tilagandek bo'lsin, - dedi. Ayolning qizi esa o'sha zahoti sog'ayib ketdi. 29 Iso u yerdan o'tib, Jalila ko'li atroflariga keldi. Toqqa chiqib, bir oz o'tirdi. 30 Huzuriga tumonat odam yig'ildi. Ular o'zlari bilan birga cho'loq, ko'r, soqov va boshqa ko'pgina mayib-majruhlarni olib kelib, Isoning oyoqlari oldiga qo'ydilar. Iso esa ularni sog'aytirdi. 31 Soqovlarning gapirayotganini, mayiblarning sog'lom bo'lib ketayotganini, cho'loqlarning yurib, ko'rlarning ko'zlari ochilayotganini xalq ko'rib, hayron bo'ldi va Isroilning Xudosiga hamd-sano aytdi.
Isoning 4000 kishini to'ydirishi
32 Iso shogirdlarini yoniga chaqirib ularga: - Xaloyiqqa achinaman, chunki uch kundir Mening oldimda turibdi va yeydigan hech narsasi yo'q. Men ularga ovqat bermay jo'natib yuborishni istamayman, chunki yo'lda darmonsizlanib qoladilar, - dedi. 33 Shogirdlari Unga: - Bu yovonda shuncha kishini to'ydiradigan yemakni qayerdan topamiz? - deyishdi. 34 - Qancha nonlaringiz bor? - so'radi Iso. - Yettita non va ozgina balig'imiz bor, - dedilar. 35 Shundan keyin Iso xaloyiqqa yerga o'tirishni buyurdi. 36 Yettita non va baliqlarni olib, shukrona duosini aytib sindirdi va shogirdlariga berdi, shogirdlari esa butun xaloyiqqa tarqatdi. 37 Hammalarining qorni to'ydi. Ortib qolgan non burdalari naq yetti savat bo'ldi. 38 Xo'randalar esa xotinlar va bolalardan tashqari to'rt ming kishi edi. 39 Iso xaloyiqqa ruxsat berdi va qayiqqa tushib, Magdala atroflariga keldi.
Zamonning alomatlarini bilish haqida
16:1 Farziy va sadduqiy mazhabidagilar Isoni sinash maqsadda Uning oldiga kelib, osmondan alomat ko'rsatishini so'radilar. 2 Iso esa ularga javoban dedi: “Oqshom tushgach, siz: “Osmon qizil ekan, havo ochiq bo'ladi”, - deysizlar. 3 Ertalab esa: “Osmon qizil-qoramtir ekan, bugun havo buzuq bo'ladi”, - deysizlar. Voy munofiqlar-ey! Ko'k yuzini aniqlay olasiz-u, nega zamonning alomatlarini aniqlay olmaysizlar? 4 Bu buzuq va besubut avlod dalolatni-ku izlaydi, ammo Yunus payg'ambarning alomatidan boshqa unga biror bir dalolat bo'lmaydi”. Shunday deb, Iso ularni qoldirib ketdi.
Idroksiz shogirdlarni koyish
5 Narigi qirg'oqqa yetib kelgan shogirdlar o'zlari bilan non olishni unutibdilar. 6 Iso ularga: - Qaranglar, farziylar bilan sadduqiylarning xamirturushidan ehtiyot bo'linglar! - dedi. 7 Ular esa: “Buni non olmaganimiz uchun aytdi, chog'i”, deb ko'ngillaridan o'tkazdilar. 8 Iso buni bilib, ularga dedi: - Ey imoni sustlar! O'zingizcha nega: o'zimiz bilan non olmadik, deb andisha qilyapsizlar? 9 Hali ham anglamadinglarmi? Beshta nonni besh ming kishi yeb, necha savat non burdalarini yig'ishtirib olganingizni eslamayapsizlarmi? 10 Yoki yettita nonni to'rt ming kishi yeb, necha savat yig'ishtirib olganingizni-chi? 11 Men sizlarga: “Farziylar bilan sadduqiylarning xamirturushidan ehtiyot bo'linglar”, - deb aytganim bu non haqida emasligini qanday qilib tushunmadinglar? 12 Shundan keyin shogirdlar, Iso ularga nonning xamirturushidan emas, balki farziylar bilan sadduqiylarning ta´limotidan ehtiyot bo'lish kerakligini aytganini tushundilar.
Butrusning Masihni tan olishi
13 Filip Kesariyasi atroflariga kelgan Iso O'z shogirdlaridan so'radi: - Odamlar Meni, Inson O'g'lini, kim deb hisoblaydilar? 14 - Ba´zilari Yahyo payg'ambar deb, boshqalari Ilyos payg'ambar deb, yana birlari esa Yeremiya yoki bo'lak payg'ambarlardan biri deb hisoblaydilar, - dedi shogirdlar. 15 Iso ulardan: - Sizlar-chi, Meni kim deb hisoblaysizlar? - deb so'ragach, 16 Simun Butrus javob berib dedi: - Sen barhayot Xudoning O'g'li - Masihsan! 17 Iso Butrusga javoban dedi: - Sen baxtiyorsan, ey Yunus o'g'li Simun! Bu sirni sen o'z uquv-idroking bilan uqqaning yo'q, balki osmondagi Otam senga ochib bergan. 18 Men ham senga shuni aytib qo'yay: sening tosh degan isming bor va Men O'z ummatimni bu tosh ustida bunyod etaman, jahannam kuchlari esa undan ustun chiqmas. 19 Osmon Shohligining ochqichlarini senga beraman. Yer yuzida sen nimani bog'lasang, osmonda ham bog'langan bo'ladi. Yer yuzida sen nimani yechsang, osmonda ham yechilgan bo'ladi. 20 Shundan so'ng Iso O'zining Masih ekanini biror kimsaga aytmoqni shogirdlariga qat´iy man etdi.
Iso O'z o'limi haqida
21 Shu vaqtdan boshlab, Iso shogirdlariga O'zining Quddusga borishi, oqsoqollar, oliy ruhoniylar va ulamolar qo'lida ko'p azob chekib, o'ldirilishi, uchinchi kuni esa tirilishi kerakligini oshkor etadigan bo'ldi. 22 Butrus Uni chetga olib ta´na qila boshladi: - Xudo xayringni bersin, Rabbim! Bu narsalar Sening boshingga tushmas, - dedi. 23 Iso esa Butrusga qarab: - Yo'qol ko'zimdan, shayton! - dedi. - Sen Meni yo'ldan uryapsan, chunki sen Xudoning ishlarini emas, balki inson ishlarini o'ylayapsan. 24 Keyin Iso O'z shogirdlariga dedi: - Agar kim Menga ergashishni istasa, o'zidan kechsin va o'z xochini ko'tarib, orqamdan yursin. 25 Kim o'z jonini ayamoqchi bo'lsa, uni yo'qotadi. Lekin kim Men uchun jonini yo'qotsa, jon topadi. 26 Agar inson butun dunyoni egallasa-yu, o'z joniga zarar yetkazsa, bundan qanday naf ko'radi? Yoki inson o'z joni evaziga qanday to'lov toparkan? 27 Inson O'g'li O'z Otasining ulug'vorligida, farishtalari bilan kelishida, har kimni o'z qilmishiga yarasha taqdirlaydi. 28 Sizlarga chinini aytayin: bu yerda turganlardan ba´zilari borki, ular Inson O'g'lining saltanatli Shoh bo'lib kelayotganini ko'rmaguncha, o'lim ko'rmaydilar.
Iso qiyofasining o'zgarishi
17:1 Oradan olti kun o'tgandan keyin Iso tanho Butrus, Yoqub va uning ukasi Yuhannoni yoniga olib, baland bir toqqa olib chiqdi. 2 U yerda, ularning ko'z o'ngida Isoning qiyofasi o'zgarib ketdi. Uning yuzi quyoshday porlab, kiyimlari esa nurday oppoq tus oldi. 3 Birdaniga ularga Muso bilan Ilyos payg'ambarlar ko'rinib, Iso bilan suhbatlashayotganday tuyuldi. 4 Buni Butrus ko'rib, Isoga: - Rabbim! Bizlar uchun bu joy juda yoqyapti. Agar istasang, shu yerda uchta chayla quraylik: birisi Senga, birisi Musoga, birisi Ilyosga... 5 U gapini tugatmasdanoq, nur yog'ilib turgan bir bulut ularni qoplab oldi. Bulut ichidan esa bir ovoz keldi: - Bu Mening sevikli O'g'limdir, Undan mamnunman. Unga quloq solinglar! 6 Shogirdlar buni eshitgach, vahimaga tushib, yerga yuz tuban yiqildilar. 7 Iso esa kelib ularga qo'l tegizdi-da: - Turinglar, qo'rqmanglar! - dedi. 8 Ular boshlarini ko'tarib, yolg'iz Isodan boshqa hech kimni ko'rmadilar. 9 Tog'dan tushayotganlarida, Iso shogirdlariga: - Inson O'g'li qaytadan tirilib kelmaguncha, ko'rganlaringizni hech kimga aytmanglar, - deb tayinladi. 10 Shogirdlari Undan so'radilar: - Nega ulamolar, oldin Ilyos payg'ambar kelishi kerak, deb aytadilar? 11 Iso javob berib ularga dedi: - Bu to'g'ri, oldin Ilyos payg'ambar kelib, hamma narsani yo'lga qo'yadi. 12 Lekin Men sizlarga shuni aytaman: Ilyos allaqachon kelgan. Ammo odamlar uni tanimay, u bilan istaganlarini qilishdi. Xuddi shunga o'xshab, Inson O'g'li ham odamlar qo'lida azob chekishi muqarrardir. 13 Shunda shogirdlar Iso ularga Yahyo payg'ambar haqida gapirganligini angladilar.
Iso tutqanoqli bolani sog'aytirishi
14 Ular xaloyiq yoniga kelganlarida, bir odam Isoning oldiga kelib tiz cho'kdi-da: 15 - Hazrat, - dedi, - o'g'limga rahming kelsin! Uning tutqanog'i bor, u juda azobda qoldi. Dam olovga, dam suvga tashlanadi. 16 Bolamni Sening shogirdlaringga ko'rsatdim, ammo ular uni tuzatisholmadi. 17 Iso javob berib: - Ey imonsiz, buzuq nasl-ey! Qachongacha sizni yoqlayveraman? Qachongacha sizga chidayin? Bolani bu yerga, Mening oldimga keltiringlar! - dedi. 18 Iso jinga do'q urgach, u boladan chiqib ketdi. Bola o'sha zahoti tuzaldi. 19 So'ngra shogirdlari Isoning yakka qolganda oldiga kelib: - Nega biz jinni quvib chiqarolmadik? - deb so'rashdi. 20 Iso ularga: - E´tiqodsizligingiz uchun! - dedi. - Chindan, sizlarga aytamanki: agar bir xantal doniday ishonchingiz bo'lsa-yu, bu toqqa: “Bu yerdan u yerga ko'ch”, - deb aytsangizlar, u ko'chadi. Sizga hech bir narsa imkonsiz bo'lmaydi. 21 Biroq bu toifa jinlar ibodat va ro'zadan boshqa narsa bilan chiqmas. 22 Ular Jalilaga qaytib kelgandan so'ng, Iso shogirdlariga dedi: - Inson O'g'li odamlar qo'liga tutib berilishi muqarrardir. 23 Uni o'ldiradilar va U uchinchi kuni qaytadan tiriladi. Shogirdlar juda xafa bo'ldilar.
Ma´bad solig'i
24 Ular Kafarnahumga kelganlarida, ikki diramlik ma´bad solig'ini yig'uvchilar Butrusning oldiga kelib: - Sizlarning Ustozingiz ma´bad solig'ini to'lamaydimi? - deb so'radilar. 25 Butrus: - To'laydi! - dedi. U uyga kelgach, Iso oldinroq gap ochib dedi: - Simun, sening fikring qanday? Bu dunyo podshohlari soliq yoki bojni kimdan oladilar? Vatan o'g'illaridanmi yoki begonalardanmi? 26 - Begonalardan-da, - dedi Unga Butrus. Iso javob berdi: - Unday bo'lsa, vatan o'g'illari soliqdan ozod ekan-da. 27 Shunga qaramay, biz ularni vasvasaga solmaylik. Sen ko'lga borib qarmoq tashla. Birinchi ilingan baliqni olib og'zini ochsang, to'rt diramlik tangaga ko'zing tushadi. Tangani olib, Men va o'zing uchun soliq to'lovi sifatida ularga ber.
Xudo oldida kim buyuk?
18:1 Shu kez shogirdlar Isoning oldiga kelib: - Osmon Shohligida kim buyuk? - degan savolni berdilar. 2 Iso yoniga bir bolani chaqirib, uni o'rtalarida turg'izib: 3 - Sizlarga chinini aytayin, - dedi. - Agar siz yo'lingizdan qaytib, bolalarday bo'lmasangiz, Osmon Shohligiga sira kirolmaysizlar. 4 Shunday qilib, kim bu bola kabi o'zini past olib yursa, Osmon Shohligida eng buyuk bo'ladi. 5 Kim shunday bir bolani Mening nomimdan qabul qilsa, Meni qabul qilgan bo'ladi.
Vasvasa va gunoh haqida
6 “Kimki Menga ishongan bu kichiklardan birontasini yo'ldan ozdirsa, uning bo'yniga ulkan tegirmon toshini osib dengiz chuqurligiga cho'ktirilishi u uchun yaxshiroq bo'lar edi. 7 Vasvasalar dastidan bu dunyoning holiga voy! Vasvasalar kelishi shaksizdir, lekin kim orqali kelsa, o'sha odamning holiga voy! 8 Agar qo'ling yoki oyog'ing seni yo'ldan ozdirsa, uni kesib tashla. Senga ikki qo'lu ikki oyog'ing bilan abadiy o'tga tashlanishdan ko'ra, mayib yoki cho'loq bo'lib abadiy hayotga erishganing yaxshiroqdir. 9 Agar ko'zing seni yo'ldan ozdirsa, uni o'yib tashla. Senga ikki ko'zing bilan o'tli jahannamga tashlanishdan ko'ra, bir ko'z bilan abadiy hayotga erishganing yaxshiroqdir”.
Adashgan qo'y haqida masal
10 “Ehtiyot bo'linglar, bu kichiklardan birontasini ham xor qilmanglar. Men sizga shuni aytaman: osmonda ularning farishtalari doimo samoviy Otamning jamolini ko'rib turadilar. 11 Inson O'g'li esa adashib gumroh bo'lganlarni qutqarish uchun kelgan.12 Sizlarning fikringiz qanday? Agar bir odamning yuzta qo'yi bo'lib, ulardan biri adashib qolsa, to'qson to'qqizini tog'larda qoldirib, adashib qolganni izlab ketmaydimi? 13 Agarda uni topib olsa bormi, sizga rostini aytsam, adashmagan to'qson to'qqiztasidan ko'ra, shu bir qo'y uchun u ko'proq sevinadi. 14 Shunga o'xshab, osmondagi Otangiz bu kichiklardan birining ham halok bo'lishini istamaydi”.
Birodaring gunoh qilsa...
15 “Agar birodaring senga qarshi gunoh qilsa, uning oldiga borib, faqat yuzma-yuz gapirib, aybini unga ko'rsat. Agar senga quloq solsa, sen birodaringni qaytarib olgan bo'lasan. 16 Agar senga quloq solmasa, o'zing bilan yana bir yoki ikki kishini olib bor, toki Tavrotda yozilganidek “aytiluvchi har bir so'z ikki yoki uch shohidning guvohligi bilan tasdiqlansin”. 17 Agar ularga ham quloq solmasa, imonlilar jamoatiga ayt. Agar imonlilar jamoatiga ham quloq solmasa, uni kofir yoki tamagir qatorida sana. 18 Sizlarga chinini aytayin: yer yuzida sizlar nimaiki bog'lasangizlar, osmonda ham bog'langan bo'ladi. Yer yuzida nimaiki yechsangizlar, osmonda ham yechilgan bo'ladi. 19 Sizlarga yana shuni ham aytay: agar yer yuzida sizdan ikki kishi yakdil bo'lib, qandaydir bir narsani so'rashsa, Mening osmondagi Otam ularning tilagini bajaradi. 20 Qayerda ikki yoki uch kishi Mening nomim uchun yig'ilsa, Men shu yerda ularning o'rtasida bo'laman”.
Rahmsiz banda haqida masal
21 Shu vaqtda Butrus kelib Isoga: “Rabbim, - dedi, - agar birodarim menga qarshi gunoh qilsa, men necha marta uni kechirayin? Yetti marta kechsam yetarmi?” 22 Iso unga dedi: “Senga yetti marta emas, balki yetmish karra yetti marta, deyapman. 23 Binobarin, Osmon Shohligi bandalari bilan hisob-kitob qilishni istagan bir podshohga o'xshaydi. 24 Hisoblashishni boshlaganda, undan o'n ming oltin yombi qarzdor bo'lgan bir bandani uning qoshiga keltiribdilar. 25 Lekin qarz to'lashga hech narsasi bo'lmagani uchun, podshoh unga o'zini, xotinini, bolalarini va butun mol-mulkini sotib, qarzini to'lashni buyuribdi. 26 Banda esa yerga yiqilib, podshohiga ta´zim qilib: - Podshohim, sabr qiling, men sizga hammasini to'layman, - debdi. 27 Bu bandasiga rahmi kelib, podshoh uni qo'yib yuboribdi va qarzini kechirib yuboribdi. 28 U banda esa tashqariga chiqib, o'zidan yuz kumush tanga qarzdor bo'lgan bir sherigini uchratib, uni ushlab olibdi-da: - Mendan olgan qarzingni qaytar! - deb bo'g'a boshlabdi. 29 Sherigi esa uning oyoqlariga yiqilib: - Sabr qil, men senga hammasini to'layman, - deb yolvoribdi. 30 Biroq u bunga ko'nmabdi, borib, qarzini to'lamagunicha sherigini zindonga qamatib qo'yibdi. 31 Uning sheriklari bu voqeani ko'rib, juda xafa bo'lishibdi va borib, podshohga hamma bo'lib-o'tganni xabar qilishibdi. 32 Shunda podshoh bandasini oldiga chaqirib: - Ey yovuz banda! - debdi. - Menga yolvorganing uchun, men sening barcha qarzingdan kechdim. 33 Men senga rahm qilganimday, sen ham sherigingga rahm qilsang bo'lmasmidi? 34 G'azablangan podshoh hamma qarzini to'lamaguncha bandasini azob beruvchilarning qo'liga topshiribdi. 35 Shuningdek, agar sizlarning har biringiz o'z birodaringizning gunohini chin ko'ngildan kechirmasangiz, Mening samoviy Otam ham sizlarga xuddi shu yo'lni tutadi”.
Nikoh va ajralish haqida
19:1 Iso bu so'zlarni aytib bo'lgach, Jalilani tark etib, Yahudiya hududiga, O'rdun daryosining narigi tomoniga keldi. 2 Tumonat xaloyiq Uning ketidan ergashib yurdi. Iso u yerda xastalarga shifo berdi. 3 Isoni sinash niyatidagi ba´zi farziylar Uning oldiga kelib: - Erkak har qanday sababga ko'ra o'z xotinidan ajralishi mumkinmi? - degan savolni berdilar. 4 Iso ularga javoban: - Tavrotda o'qimagansizlarmi? - dedi. - Parvardigor boshdanoq odamlarni erkak va ayol qilib yaratdi 5 va dedi: “Er kishi ota-onasini qoldirib, o'z xotiniga yopishib qoladi va ikkovi bir tan bo'ladi”. 6 Shunga ko'ra ular endi ikki emas, balki bir tan hisoblanadilar. Xudo birga qo'shganini bandasi ajratmasin. 7 Ular Isoga: - Unday bo'lsa, Muso nima uchun: “Erkak xotini bilan ajralsa, taloq xatini yozib bersin”, deb amr etganlar? - deyishdi. 8 U ularga dedi: - Bag'ri tosh odamlar bo'lganingiz uchun Muso sizlarga xotinlaringiz bilan ajralishga ijozat bergan. Lekin boshdan bunday emas edi. 9 Men sizlarga shuni aytayin: kim bevafolikdan boshqa sabab tufayli xotinidan ajralib, o'zgaga uylansa, zino qilgan bo'ladi. Shuningdek, eridan ajralgan xotinga uylangan ham zino qilgan bo'ladi. 10 Shogirdlar Isoga: - Agar erkakning xotiniga nisbatan shunday majburiyati bo'lsa, uylanmagan yaxshiroq ekan-da! - deyishdi. 11 Iso ularga: - Bu so'zni hamma ham hazm etolmaydi, - dedi. - Kimgaki nasib bo'lsa, u hazm eta oladi. 12 Ba´zi kishilarning onadan tug'ma erkakligi zaifdir. Boshqalar esa odamlar tomonidan axta qilinadilar. Yana boshqalar Osmon Shohligi yo'lida uylanishdan voz kechadilar. Uddalagan bu gaplarning mag'zini chaqsin.
Isoning bolalarni duo qilishi
13 Shunda Iso ularning peshanalariga qo'llarini qo'yib duo qilishi uchun, Uning oldiga bolalarni keltirishdi. Shogirdlari yetaklab keluvchilarni koyiy boshlagach, 14 Iso dedi: - Bolalarni qo'yinglar, Mening oldimga kelishlariga to'sqinlik qilmanglar. Zero Osmon Shohligi shundaylarnikidir. 15 Ularning peshanalarini silab, u yerdan jo'nab ketdi.
Boylik va abadiy hayot
16 Shu mahal bir kishi Isoning yoniga kelib: - Valine´mat Ustozim! Abadiy hayot nasib bo'lishi uchun qanday savobli ish qilmog'im lozim? - deb so'radi. 17 Iso unga dedi: - Nega sen Mendan savobli ish haqida so'rayapsan? Birgina Xudodan boshqa hech kim savob egasi emas. Agar boqiy hayotga erishmoq istasang, ilohiy amrlarga rioya qil. 18 - Qaysilariga? - deb so'radi u. Iso dedi: - “Odam o'ldirma. Zino qilma. O'g'rilik qilma. Soxta guvohlik berma. 19 Ota-onangni hurmat qil. O'zgani o'zing kabi sev”, degan amrlarni-da. 20 Yigit Unga dedi: - Men bularning hammasini yoshligimdan saqlab kelaman. Menga yana nima yetishmaydi? 21 Iso unga: - Agar komil bo'lishni istasang, bor, hamma mol-mulkingni sotib, pulini kambag'allarga tarqat. Shundagina ko'kda xazinang bo'lur. Va kel, Mening ortimdan ergash, - dedi. 22 Yigit bu so'zlarni eshitib, qayg'u ichida u yerdan chiqib ketdi. Chunki uning pul-dunyosi ko'p edi. 23 Iso shogirdlariga: - Sizga chinini aytayin: boy odamning Osmon Shohligiga kirishi qiyin bo'ladi. 24 Yana sizga aytaman: boy odamning Xudo Shohligiga kirishidan ko'ra, tuyaning igna teshigidan o'tishi osondir, - dedi. 25 Shogirdlari buni eshitib, chandon taajjublandilar va: - Unday bo'lsa, kim najot topa olarkan? - deb so'radilar. 26 Iso ularga ko'zlarini tikib: - Odamlarga bu imkonsiz, lekin Xudoga hamma narsa mumkindir, - dedi. 27 Bu so'zga javoban, Butrus Isoga dedi: - Mana, biz hamma narsani qoldirib, Sening orqangdan ergashib keldik. Buning evaziga biz nima toparmiz? 28 Iso ularga dedi: - Sizga chinini aytayin: yangi dunyoda Inson O'g'li O'zining ulug'vor taxtida o'tirganida, Mening orqamdan ergashib kelgan sizlar ham o'n ikkita taxtga o'tirib, Isroilning o'n ikki qabilasini hukm qilasizlar. 29 Men uchun uy-joy, aka-uka, opa-singil, ota-ona, xotin-bola yoki yer-mulkini tashlab ketgan har bir kishi bulardan yuz hissa ortiqrog'ini topib, abadiy hayotga noil bo'lajak. 30 Lekin ko'p birinchi bo'lganlar oxirgi, oxirgilar esa birinchi bo'ladilar.
Uzumzorda ishlovchilar haqida masal
20:1 “Shunday qilib, Osmon Shohligi uzumzoriga erta saharda mardikorlar yollagani chiqqan bog' egasiga o'xshaydi. 2 U mardikorlar bilan kuniga bir kumush tanga berishga kelishib, ularni o'zining uzumzoriga yuboribdi. 3 Soat to'qqizlarda u yana chiqib, bozor maydonida bekor turgan boshqa odamlarni ko'rib, 4 ularga: - Sizlar ham mening uzumzorimga boringlar, men sizlarga tegishli haqingizni beraman, - debdi. Ular esa boribdilar. 5 Tush chog'i va soat uchga yaqin u tag'in chiqib, yana shunday qilibdi. 6 Soat beshlarda chiqib, bekor turgan yana boshqalarni ko'ribdi-da: - Nega sizlar bu yerda kun bo'yi bekor turibsizlar? - deb so'rabdi. 7 Ular esa: - Hech kim bizlarni ishga yollamadi-da, - debdilar. Shunda bog' egasi: - Sizlar ham mening uzumzorimga boringlar, tegishli haqingizni olasizlar, - debdi. 8 Kech bo'lgach, uzumzor egasi o'zining hosilotiga: - Mardikorlarni chaqirib, ularga oxirgisidan boshlab birinchisigacha xizmat haqlarini bergin, - deb buyuribdi. 9 Shunday qilib, soat beshlarda ish boshlaganlar bir kumush tangadan olishibdi. 10 Birinchi kelganlar esa ko'proq olamiz, deb o'ylashibdi. Ammo ular ham bir kumush tangadan olishibdi. 11 Ular xizmat haqini olgach, bog' egasiga norozilik bildira boshlashibdi: 12 - Bu oxirgi kelganlar bir soatgina ishladi, siz esa ularni kunning issig'iyu mashaqqatini tortgan bizlar bilan teng ko'rdingiz. 13 Bunga javoban bog' egasi ulardan biriga: - Do'stim, men senga nohaqlik qilganim yo'q. Sen men bilan bir kumush tangaga kelishgan edingmi? 14 Endi haqingni olib, boraver. Men senga bergancha aqchani bu oxirgi kelganga ham bersam, nima bo'pti? 15 O'z pulimni xohlagancha istifoda qilish o'z ixtiyorimda emasmi? Yoki mening saxiyligimni ko'rolmayapsanmi? - debdi. 16 Shunga o'xshab, oxiratda ham oxirgilar birinchi va birinchilar esa oxirgi bo'ladilar. Chunki da´vat etilganlar ko'p, ammo tanlanganlar ozdir. ”
Iso O'z o'limini uchinchi bor aytishi
17 Iso Quddusga qarab yo'l olar ekan, o'n ikki shogirdini alohida chaqirib, ularga dedi: 18 “Hozir Quddusga boryapmiz va Inson O'g'li oliy ruhoniylar bilan ulamolarga tutib beriladi. Ular esa Uni o'limga mahkum etadilar. 19 Haqoratlash, qamchilash va xochga mixlash uchun Uni majusiylarga topshiradilar. Uchinchi kuni esa U qaytadan tirilajak”.
Bir onaning tilagi
20 Shunda Zabadiylar oilasining onasi o'g'illari bilan birga Isoning huzuriga keldi. Nimadir so'ramoqchi bo'lib, Unga ta´zim qildi. 21 Iso ayoldan so'radi: - Sen nima istaysan? - Sening Shohligingda bu mening ikki o'g'limning biri o'ng tomoningda va biri chap tomoningda o'tirishlarini buyurgin! - dedi Unga ayol. 22 Iso javob berib dedi: - Sizlar nima so'rayotganingizni bilmaysizlar. Men ichajak hasratli taqdir sharobini icha olasizlarmi? - Ichamiz! - dedi ular. 23 Iso ularga: - Sizlar-ku Mening kosamdan ichib, hasratlarimni chekasizlar, ammo Mening o'ng va chap tomonimda o'tirishga ruxsat berish Mening ixtiyorimda emas. Otam bu o'rinni kimlarga tayyorlagan bo'lsa, ularga buyuradi, - dedi. 24 Boshqa o'n shogird buni eshitgach, ikki aka-ukaga achchiqlana ketishdi. 25 Iso esa ularni yoniga chaqirib, dedi: - Bilasizlarki, dunyo xalqlari ustidan saltanatli podshohlar bor, el ustidan otabeklar hokimlik qiladi. 26 Ammo sizning orangizda bunday bo'lmasin. Orangizda kim katta bo'lishni istasa, sizga xizmatkor bo'lsin. 27 Orangizda kim birinchi bo'lishni istasa, sizga qul bo'lsin. 28 Zero Inson O'g'li ham O'ziga xizmat qildirish uchun emas, balki O'zi xizmat qilish va O'z jonini fido qilib, ko'plarni qutqarish uchun kelgan.
Isoning ikki ko'rni sog'aytirishi
29 Ular Yerixo shahridan jo'nayotganlarida, ko'p xalq Isoning orqasidan ergashib bordi. 30 Yo'l chekkasida o'tirgan ikki ko'r Iso ularning oldidan o'tib borayotganini eshitgach: - Ey Hazrat, Dovud O'g'li, bizlarga rahm qil! - deb baqira boshladilar. 31 Xaloyiq ularni jim bo'lishga majbur qilsa-da, lekin ular ovozlarini yanada balandroq qilib: - Ey Hazrat, Dovud O'g'li, bizlarga rahm qil! - deb yolvordilar. 32 Iso to'xtab, ularni yoniga chaqirdi-da: - Sizlar Mendan nima istaysizlar? - deb so'radi. 33 Ular: - Hazrat, ko'zlarimiz ochilsin! - deyishdi. 34 Isoning ularga rahmi kelib, ko'zlariga qo'l tegizdi. Shu onda ularning ko'zlari ochilib ketdi. Ular Isoning ortidan ergashdilar.
Isoning Quddusga tantanali kirishi
21:1 Quddusga yaqinlashishib, Zaytun tog'i etagidagi Baytfagiya qishlog'iga yetib kelishdi. Iso ikki shogirdini yana yo'lga solib: 2 “Qarshingizdagi qishloqqa boringlar, shu zahot bog'lab qo'yilgan urg'ochi eshakni va uning yonida xo'tikni ko'rasizlar. Ularni yechib, Mening oldimga keltiringlar. 3 Agar kimdir sizga biror nima desa, “Bular Rabbimizga kerak, U ko'p o'tmay ularni qaytarib yuboradi”, - deb javob beringlar”, - dedi. 4 Bu sodir bo'lganlarning hammasi payg'ambarga vahiy bo'lgan ushbu oyat bajo kelishi uchun ro'y berdi: 5 “Sion qiziga aytingizkim: Bir mocha eshakka minib, Xo'tikka mingashib kamtarona, Sening Podshohing kelar yoningga”. 6 Shogirdlar yo'lga tushib, Iso ularga buyurganiday qildilar. 7 Eshak bilan xo'tikni keltirib, ularning ustiga kiyimlarini yukladilar. Iso esa minib oldi. 8 Xalqning ko'pchilik qismi o'z kiyimlarini yo'lga poyandoz qildi. Ba´zilari esa daraxt shoxlarini kesib, yo'lga to'shadilar. 9 Oldda va orqada yurayotgan xaloyiq: “Dovud O'g'li mangu yashasin! Xudovand nomidan Kelayotgan muborak! Ko'klardan najot yuborgil!”? deb hayqirishar edi. 10 Iso Quddusga kirib kelganda, butun shahar: “Bu kim bo'ldi?” - deb harakatga keldi. 11 Xaloyiq esa: “Bu Jalilaning Nosira shahridan bo'lgan Iso payg'ambar!” - deb ta´kidladi.
Isoning sotuvchilarni ma´baddan quvishi
12 Iso Xudo ma´badiga kirib, ma´badda oldi-sotdi qilayotgan hammani quvib chiqardi. Sarroflarning xontaxtalarini va kaptar sotuvchilarning kursilarini ag'darib yubordi. 13 Iso ularga: - Tavrotda: “Mening uyim ibodat uyi atalgay”, - deb yozilgan. Sizlar esa uni qaroqchilar uyasiga aylantirib yuboribsizlar! 14 Ma´badda Isoning oldiga ko'rlar va cho'loqlar keldi. U esa ularga shifo berdi. 15 Lekin oliy ruhoniylar va ulamolar Isoning qilayotgan ajoyib ishlarini hamda ma´badda: “Dovud O'g'li mangu yashasin!” deb hayqirayotgan bolalarni ko'rib, darg'azab bo'ldilar. 16 - Bular nima demoqdalar, eshityapsanmi? - deyishdi Unga. Iso ularga: - Ha! - dedi. - Nahotki sizlar: “Go'dak va chaqaloqlar og'zidan Sen madhiya yaratding”, - degan oyatni hech qachon o'qimagan bo'lsangiz? 17 So'ng Iso ularni qoldirib, shahardan chiqdi va Baytaniyaga borib, u yerda tunadi.
Qurib qolgan anjir daraxti
18 Ertalab Iso shaharga qaytib kelayotganda och qoldi. 19 Yo'l chetida bir anjir daraxtini ko'rib, uning yoniga keldi. Iso barglardan boshqa hech narsa topmay, daraxtga: - Bundan keyin senda abadiy meva bitmasin! - dedi. Anjir daraxti esa shu onda qurib qoldi. 20 Buni ko'rgan shogirdlar hayratga tushib: - Qanday qilib anjir daraxti darhol qurib qoldi? - dedilar. 21 Iso ularga javoban: - Sizlarga chinini aytayin, - dedi, - Agar ishonchingiz qat´iy bo'lib, shubhalanmasangiz, bu anjir daraxti bilan sodir bo'lganni ado etish u yoqda tursin, hatto bu toqqa: “Ko'taril-da, dengizga otil”, - desangiz, aytganingiz bo'ladi. 22 Sizlar ibodat qilib, ishonch bilan nimaiki so'rasangiz, erishasizlar.
Isoning vakolati haqida savol
23 Iso ma´badga kirib ta´lim berayotganda, oliy ruhoniylar va xalq oqsoqollari Uning oldiga kelib: - Sen bu ishlarni qanday huquq bilan qilyapsan? Senga bunday vakolatni kim bergan? - deb so'radilar. 24 Iso ularga javob berib dedi: - Men ham sizga bir savol berayin. Agar Menga javob bersangizlar, shunda Men ham bu ishlarni qanday vakolat bilan qilayotganimni sizlarga aytaman. 25 Yahyo payg'ambar odamlarni suvda tavba qildirish uchun kimdan vakolat olgan edi? Xudodanmi yoki insondanmi? Ular esa o'zaro mulohaza yurita boshladilar: “Agar Xudodan desak, U bizlarga: “Nega unga ishonmadingiz?” - deb aytadi. 26 Agar insondan desak, xalqdan qo'rqish kerak, chunki xalqning bari Yahyoni payg'ambar deb hisoblaydi-ku”. 27 Nihoyat Isoga: - Bilmaymiz, - deb javob berdilar. Iso esa ularga: - Men ham bularni qanday vakolat bilan qilayotganimni sizga aytmayman, - dedi.
Ikki o'g'il haqida masal
28 “Sizlarning fikringiz qanday? Bir odamning ikki o'g'li bor ekan. U birinchisiga kelib: - O'g'lim, bugun borib uzumzorimizda ishla, - debdi. 29 Ammo u: - Istamayman! - deb so'z qaytaribdi. Keyin pushaymon bo'lib, boribdi. 30 U odam ikkinchi o'g'liga kelib, yana shunday debdi. Bunisi javob berib: - Xo'p xo'jayin, boraman, - debdi-yu, lekin bormabdi. 31 Ikkovidan qaysi biri otasining xohishini bajo keltirgan bo'ladi?” Isoga: “Birinchisi”, - dedilar. U ularga: “Sizlarga chinini aytayin, - dedi. - Sayoqlaru fohishalar Xudoning Shohligiga sizlardan oldin erishmoqdalar. 32 Chunki Yahyo payg'ambar sizning oldingizga to'g'ri yo'lni o'rgatib keldi va sizlar unga ishonmadingiz, sayoqlar va fohishalar esa ishondi. Sizlar-chi, buni ko'rgandan keyin ham pushaymon qilmadingiz, ishonmadingiz”.
Yovuz bog'bonlar haqida masal
33 “Endi boshqa bir masalni eshiting: bir yer egasi bor ekan. U uzumzor yaratib, atrof-tevaragini panjara bilan o'rab, ichida iskanja va qo'riqchi minorasi quribdi-da, uzumzorni bog'bonlarga ijaraga tashlab, o'zi vaqtincha boshqa mamlakatga ketibdi. 34 Hosil mavsumi yaqinlashgach, o'zining mahsulini olish uchun bog'bonlarning oldiga xizmatkorlarini yuboribdi. 35 Bog'bonlar esa uning xizmatkorlarini tutishibdi va kimini urib, kimini o'ldirib, kimini esa toshbo'ron qilishibdi. 36 Bog' egasi bu gal avvalgidan ham ko'proq boshqa xizmatkorlarini yuboribdi. Bog'bonlar esa ular bilan ham shunday qilishibdi. 37 Oxirida bog' egasi: - O'g'limni hurmat etarlar, - deb ularning oldiga o'z o'g'lini yuboribdi. 38 Lekin bog'bonlar o'g'lini ko'rib, bir-biriga: - Bu merosxo'r-ku, qani uni o'ldirib, merosiga ega bo'laylik, - deyishibdi. 39 Uni tutib, uzumzordan tashqariga chiqarib, o'ldirishibdi. 40 Shunday qilib, uzumzorning egasi qaytib kelganda, bu bog'bonlarni nima qilar ekan?” 41 Tinglayotganlar Isoga: “Bu yovuz odamlarni yovuzlarcha yo'q qilib, uzumzorini esa mavsumida hosilini terib turadigan boshqa bog'bonlarga ijaraga beradi”, - dedilar. 42 Iso ularga dedi: “Nahotki siz Zaburdagi bu so'zni hech o'qimagan bo'lsangizlar? “Binokorlar keraksiz deb tashlagan tosh Naq binoning peshtoqidan joy oldi. Bu Xudovand irodasi tufaylidir, Bizga esa ajoyibot timsolidir”. 43 Shuning uchun sizlarga aytamanki, Xudoning Shohligi sizdan olinib, tegishli hosilini yetishtiruvchi xalqqa beriladi. 44 Kimki bu toshga yiqilsa, parchalanib ketadi. Tosh kimning ustiga tushsa, uni ezib yuboradi”. 45 Oliy ruhoniylar va farziylar Isoning masallarini tinglagan sayin, ular o'zlari haqida aytilganini payqadilar. 46 Ular Isoni qo'lga tushirishga intilayotgan bo'lsalar-da, xalqdan qo'rqar edilar. Chunki xalq Isoni payg'ambar deb hisoblar edi.
Nikoh to'yi haqida masal
22:1 Iso masallar bilan gapini davom ettirib, xalqqa xitoban dedi: 2 “Osmon Shohligi o'zining o'g'liga nikoh to'yi qilgan bir podshohga o'xshaydi. 3 Podshoh to'yga taklif etilganlarni chaqirish uchun xizmatkorlarini yuboribdi. Ular esa kelishni istamabdilar. 4 Podshoh yana boshqa xizmatkorlarini yuborib: - Taklif etilganlarga aytinglarki, men ziyofat dasturxonini tayyorlab qo'ydim, ho'kizlaru bo'rdoqilarim so'yildi, hammasi tayyor. To'yga kelaveringlar! - debdi. 5 Biroq ular yana nazarga ilmay, biri o'zining dalasiga, boshqasi bozor-o'charga ketibdi. 6 Qolganlar esa podshoh xizmatkorlarini tutib, xo'rlab, o'ldirishibdi. 7 Podshoh buni eshitib, g'azablanibdi. Qo'shinlarini yuboribdi-da, qotillarni tig'dan o'tkazib, shaharlarini kulga aylantiribdi. 8 Keyin u qolgan xizmatkorlariga: - Nikoh to'yi tayyor, lekin taklif etilganlar bunga munosib emas ekanlar. 9 Shuning uchun chorrahalarga borib, kimni topsangizlar, to'yga chaqiringlar, - deb buyuribdi. 10 Bu xizmatkorlar yo'lga chiqib, uchratganlarining hammasini - yomonlarni ham, yaxshilarni ham to'plashibdi. To'yxona mehmonlarga to'lib ketibdi. 11 Podshoh mehmonlarni ko'rish uchun kirganda, u yerda nikoh kiyimida kiyinmagan bir odamni ko'ribdi 12 va undan: - Do'stim, nikoh kiyimisiz bu yerga qanday kirding? - deb so'rabdi, u indamabdi. 13 Shunda podshoh malaylariga buyruq berib: - Uning qo'l-oyoqlarini bog'lab, tashqariga, qorong'ilikka tashlanglar. U yerda yig'i-sig'i va ohu voh bo'ladi, - debdi. 14 Shunga o'xshab, Xudo da´vat etganlar ko'p, ammo tanlanganlar ozdir”.
Xudoning haqi Xudoga...
15 Shundan keyin farziylar borib, Isoni U aytadigan biron so'zi orqali ilintirish chorasini maslahatlashib oldilar. 16 Ular o'z shogirdlarini Hirod tarafdorlari bilan birga Isoning oldiga yuborishdi. Bular Isoga: - Ustoz, - deyishdi, - Biz bilamizki, Sen haqiqatgo'ysan va Xudoning haq yo'lini o'rgatib yuribsan. Kimlargadir ma´qul bo'lishni o'ylab o'tirmaysan, hech kimni yuz-xotir qilmaysan ham. 17 Endi bizlarga ayt-chi, Sening fikring qanday? Qaysarga soliq to'lash dinga muvofiqmi, yoki yo'qmi? 18 Lekin Iso ularning shumligini bilib: - Munofiqlar! - dedi, - Nega Meni sinab ko'rmoqchisizlar? 19 Qani, Menga soliqqa to'lanadigan tangani ko'rsatinglar-chi. Ular Isoga bir dinor keltirgach, 20 - Bu surat va yozuv kimniki? - deb so'radi. 21 - Qaysarniki, - dedilar. - Unday bo'lsa, Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, - dedi Iso. 22 Buni eshitganlarida hayron bo'ldilar va Isoning oldidan uzoqlashdilar.
Qiyomat haqida savol
23 Qiyomat yo'q, deb aytadigan sadduqiylar o'sha kuni Isoning oldiga kelib, 24 Unga savol berdilar: - Ey Ustoz! Muso payg'ambar deganki: “Agar kim farzand ko'rmasdan dunyodan o'tsa, ukasi uning xotinini nikohiga olib, akasining zurriyotini tiklasin”. 25 Bizda yetti aka-uka bor edi. Birinchisi uylanib, farzand ko'rmay qazo qildi, xotini esa ukasiga qoldi. 26 Ikkinchi, uchinchi, hatto yettinchigacha hammaning boshiga shu ko'rgilik tushdi. 27 Hammadan keyin xotin ham o'ldi. 28 Shunday qilib, u qiyomatda yettovidan qaysi birining xotini sanalar ekan? Chunki u hammasiga xotin bo'lgan edi-ku. 29 Iso ularga javob berib dedi: - Siz Muqaddas Kitobni ham, Xudoning qudratini ham bilmaganingizdan adashyapsizlar. 30 Chunki oxiratda na uylanadilar va na erga tegadilar, balki osmondagi Xudo farishtalariga o'xshaydilar. 31 O'liklarning qayta tirilishiga kelsak, Xudoning sizlarga yo'llaganini hech o'qimagansizmi? 32 “Men Ibrohimning Xudosi, Is´hoqning Xudosi va Yoqubning Xudosiman”, - degan edi U. Xudo esa o'liklarning emas, tiriklarning Xudosidir. 33 Xalq buni eshitib, Iso ta´limotiga mahliyo bo'ldi.
Eng buyuk amr
34 Iso sadduqiylarni jim qilib qo'yganini farziylar eshitgach, bir joyga to'plandilar. 35 Ulardan Tavrot tafsirchisi bo'lgan birisi Isoni sinash niyatida Undan: 36 - Ustoz, Tavrotning qaysi amri buyuk? - deb so'radi. 37 Iso unga: - “Egang Xudovandni butun qalbing bilan, butun joning bilan va butun onging bilan sevgin”. 38 Bu - birinchi va eng buyuk amr. 39 Ikkinchisi esa shunga o'xshashdir: “O'zgani o'zing kabi sevgin”. 40 Butun Ilohiy Buyruq va payg'ambar oyatlarining hammasi ham mana shu ikki amrga tayanadi.
Masih kimning o'g'li?
41 Farziylar yig'ilishganda, Iso ulardan so'radi: 42 - Masih haqida qanday fikrlaringiz bor? U kimning o'g'li? - Dovudning o'g'li-da, - deb javob berdilar. 43 Iso ularga dedi: - U holda, qanday qilib Dovud ilohiy ilhom bilan Masihni Rabbim deb atagan? Mana, Dovud nima degan: 44 “Xudovand mening Rabbimga aytdi: Yovlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha, Sen Mening o'ng tomonimda o'ltirib turgin”. 45 Demak, Dovud Uni Rabbim deb atagan bo'lsa, qanday qilib U Dovudning o'g'li bo'ladi? 46 Va hech kim Isoga bir og'iz so'z javob berolmadi. O'sha kundan boshlab yana hech kim Undan biron gap so'rashga jur´at etmadi.
Soxta va chin dindorlik
23:1 Undan keyin Iso xaloyiqqa va shogirdlariga xitob qilib, dedi: 2 “Ulamolar va farziylar Muso minbarida o'tiribdilar. 3 Shu bois ular sizga nimani bajarishni amr etsalar, bajo keltiringlar. Aytganini qiling, lekin qilganini qilmang! Chunki ular o'z aytganlarini bajarmaydilar. 4 Ular og'ir va ko'tarib bo'lmaydigan yuklarni insonlar yelkasiga tashlab qo'yadilar, lekin o'zlari bu yuklarga barmoq tegizishni ham istamaydilar. 5 Ular butun ishlarini insonlarga ko'rinish uchun qiladilar. Duo qutilarini yirikroq, kiyimlarining gajimlarini uzunroq qiladilar. 6 Shuningdek, ziyofatlarda to'rda va ibodatxonalarda hurmatli o'rinda o'tirishni, 7 xalq yig'inlarida alik olishni va odamlar tomonidan “Ustozimiz, Ustozimiz!” deb olqishlanishni yaxshi ko'radilar. 8 Biroq sizlar ustoz deb atalishga ko'nmang. Chunki sizning birgina Ustozingiz bor, U ham bo'lsa - Masihdir. Sizlar esa hammalaringiz birodarsizlar. 9 Yer yuzida hech kimni o'zingizga ota deb ham atamanglar. Chunki sizning birgina Otangiz bor, U ham bo'lsa - samoviy Otangizdir. 10 Rahbar deb ham nom olmanglar. Chunki sizlarning birgina Rahbaringiz bor - U Masihdir. 11 Orangizdagi kattangiz sizlarga xizmatda bo'lsin. 12 Zero kim o'zini yuqori qo'ysa, pasaytiriladi. Kim o'zini past olib yursa, ulug'lanadi”.
Din arboblariga ta´na qilish
13 “Ey ulamoyu farziylar, munofiqlar! Osmon Shohligini insonlarga bekitib qo'yganingiz uchun holingizga voy! O'zlaringiz ham unga kirmayapsizlar, kirmoqchi bo'lganlarga ham yo'l qo'ymayapsizlar. 14 Ey ulamoyu farziylar, siz munofiqlarning holiga voy! Siz beva ayollarning uylarini shilib, xo'ja ko'rsinga uzoq duo o'qiysizlar. Shunga yarasha og'irroq jazo olasizlar. 15 Ey ulamoyu farziylar, siz munofiqlarning holiga voy! Sizlar loaqal biror-bir kishini o'z diningizga kiritish uchun dengizlaru qit´alarni aylanib chiqasizlar. Lekin buni amalga oshirib bo'lgach esa, uni o'zingizdan ikki barobar yomonroq do'zaxi qilasizlar. 16 Ey ko'r peshvolar, holingizga voy! Sizlar: “Ma´bad haqiga ichilgan qasam o'tmaydi, lekin ma´baddagi oltin haqiga ichilgan qasam bajarilishi shart”, deysiz. 17 Hoy nodonu ko'rlar! Qaysi biri buyukroq: ma´badning oltinimi, yoki oltinni muqaddas qilgan ma´badning o'zimi? 18 Shuningdek, sizlar yana: “Qurbongoh haqiga ichilgan qasam o'tmaydi, lekin qurbongohdagi qurbonlik haqiga ichilgan qasam bajarilishi shart”, - deysizlar. 19 Hoy nodonlar, ko'rlar! Qaysi biri buyukroq: qurbonlikmi yoki qurbonlikni muqaddas qilgan qurbongohmi? 20 Axir, qurbongoh haqiga qasam ichgan, ham qurbongohning o'zi, hamda undagi barcha narsalar haqiga qasam ichgan bo'ladi. 21 Ma´bad haqiga qasam ichgan esa, ham ma´badning o'zi, hamda ma´badda yashaydigan Xudo haqiga qasam ichgan bo'ladi. 22 Osmon haqiga qasam ichgan esa, ham Arshi A´lo, hamda Arshi A´lodagi Xudoning O'zi haqiga qasam ichgan bo'ladi. 23 Ey ulamoyu farziylar, siz munofiqlarning holiga voy! Sizlar yalpiz, arpabodiyon va zira qatori oshko'kdan ushr berib turasiz-u, lekin Ilohiy Buyruqning nihoyatda muhim amrlari bo'lgan haqqoniyat, marhamat va sadoqatga esa e´tibor bermay qo'ydingizlar. Bularning birini bajara turib, ikkinchisini ham tashlab qo'ymasligingiz kerak edi. 24 Sizlar chivinni pesh qiluvchi, ammo tuyani yutib yuboradigan ko'r peshvolarsiz! 25 Ey ulamoyu farziylar, siz munofiqlarning holiga voy! Sizlar kosayu laganning sirtini tozalaysiz, ammo ularning ichi o'g'rilik va badnafslikka to'lib-toshib yotibdi. 26 Ey so'qir farziy! Sen avvalo kosa va laganning ichini tozalab ol, shunda ularning tashi ham toza bo'ladi. 27 Ey ulamoyu farziylar, siz munofiqlarning holiga voy! Sizlar tashqaridan chiroyli ko'rinadigan, lekin ichi o'liklarning suyaklari va har xil qabihliklarga to'la, ohaklangan qabrlarga o'xshaysizlar. 28 Garchi tashqaridan insonlarga mo'min ko'rinsangizlar ham, lekin ichlaringiz ikkiyuzlamachilik va yomonlikka to'ladir”.
Soxta dindorlar oladigan jazo
29 “Ey ulamoyu farziylar, siz munofiqlarning holiga voy! Chunki sizlar payg'ambarlarga maqbara qurib, aziz-avliyolarning yodgorliklarini bezab yuribsizlar. 30 “Agar ota-bobolarimiz davrida yashaganimizda, biz payg'ambarlarning qonini to'kishda ularga hamkorlik qilmas edik”, - deysizlar. 31 Bu bilan siz o'zingizni o'zingiz inkor etib, payg'ambarlarni qatl qilganlarning o'g'illari ekaningizni o'zingiz tasdiqlab turibsiz. 32 Qani, ota-bobolaringiz boshlagan ishni bitirib qo'ymaysizlarmi?! 33 Hoy ilonlar, zaharli ilon zotlari-yey! Jahannam jazosidan qanday qilib qutularkansizlar? 34 Ana shu sababdan Men sizga qanchadan-qancha payg'ambaru donishmandu ulamolarni yuborib turaman. Sizlar esa ulardan kimini o'ldirasizlar, kimini xochga mixlaysizlar, kimini esa ibodatxonalaringizda qamchilab shahardan-shaharga quvg'in qilasizlar. 35 Shu yo'sin solih kishi bo'lgan Hobilning qonidan tortib, ma´bad bilan qurbongoh oralig'ida sizlar o'ldirgan Baraxiya o'g'li Zakariyoning qonigacha, yer yuzida to'kilgan butun begunoh qonlar sizning bo'yningizda! 36 Ha, sizlarga chinini aytaman: ushbu gunohlarning hammasi shu naslning bo'yniga tushadi”.
Isoning Quddus uchun nolasi
37 “O, Quddus, Quddus! Payg'ambarlarni o'ldiruvchi va huzuringga yuborilganlarni toshbo'ron qilguvchi shahar! Tovuq o'z jo'jalarini qanotlari ostida qanday to'plasa, Men ham sening bolalaringni necha bor shunday to'plamoqchi bo'ldim, sizlar-chi, istamadingiz. 38 Mana, sizning uy-joyingiz huvullab qoladi. 39 Sizga shuni aytib qo'yay: “Xudovand nomidan Kelayotgan muborak”, - deb xitob qilmaguningizcha, Meni qaytib ko'rmaysizlar”.
Iso oxirzamon haqida
24:1 Iso ma´baddan chiqib ketayotganda, shogirdlari Uning yoniga kelib, diqqatini ma´badning binolariga qaratmoqchi bo'lishdi. 2 Iso ularga: “Bularning hammasini ko'ryapsizmi? Sizlarga chinini aytayin: bu yerda biror g'isht butun qolmaydi, hammasi vayron bo'ladi”, - dedi. 3 Iso bir O'zi Zaytun tog'ida o'tirgan vaqtda, shogirdlari Uning yoniga kelib, so'rashdi: “Bizlarga ayt-chi, bu voqealar qachon yuz beradi? Sening kelishing va oxirzamon yaqinlashganini ko'rsatadigan belgi qanday bo'ladi?” 4 Iso javob berib ularga dedi: “Hech kim sizlarni yo'ldan ozdirmasligi uchun ehtiyot bo'linglar. 5 Chunki talay kishilar Mening nomim bilan kelib: “Men Masih bo'laman”, - deb ko'plarni yo'ldan ozdiradi. 6 Shuningdek, yiroq-yaqindan urush xabarlarini eshitasizlar. Ammo cho'chib vahimaga tushmangiz! Hamma narsa Xudo taqdir etganidek sodir bo'lishi lozim. Ammo bu hali so'nggi nihoya emasdir. 7 Xalq xalqqa qarshi, podshohlik podshohlikka qarshi ko'tariladi. Ayrim joylarda qahatchiliklar, o'latlar, zilzilalar bo'ladi. 8 Bularning bari esa bamisli to'lg'oqning boshidir. 9 O'shanda sizlarni qiynash va o'ldirish uchun tutib beradilar. Mening nomim tufayli barcha xalqlar sizlardan nafratlanadi. 10 O'shanda ko'plar vasvasaga tushib, bir-birini tutib beradi, bir-biridan nafratlanadi. 11 Ko'pdan-ko'p soxta payg'ambarlar paydo bo'lib, ko'plarni yo'ldan uradi. 12 Yovuzlik avjga chiqishi tufayli ko'pchilikning sevgisi soviydi. 13 Lekin oxirigacha chidagan qutuladi. 14 Xudo saltanati to'g'risidagi Injil Xushxabari hamma xalqlarga dalolat bo'lish uchun jahon bo'ylab targ'ib qilinadi va o'shandagina so'ng bo'ladi”.
Buyuk musibat va Isoning qayta kelishi
15 “Shunday qilib, Doniel payg'ambar karomat qilib aytgan “dahshatli razolat” muqaddas joyda turganini ko'rganingizda (o'qigan o'zi tushunsin!) 16 Yahudiyada bo'lganlar tog'larga qochishsin. 17 Tomning ustida turganlar uyidan anjomlarini olish uchun pastga tushmasin. 18 Dalada bo'lganlar esa to'nini olgani qaytib kelmasin. 19 U kunlarda homilador va emizuvchi ayollarning holiga voy! 20 Qochishingiz qishga yoki dam olish kuniga to'g'ri kelmasligi uchun ibodat qilinglar. 21 Chunki o'shanda dunyo boshlanishidan to hozirgacha sodir bo'lmagan va qaytib sodir bo'lmaydigan buyuk musibat bo'ladi. 22 Agar o'sha kunlar qisqartirilmaganida edi, hech bir jonzod omon qolmasdi. Lekin tanlangan kishilar uchungina u kunlar qisqartiriladi. 23 Agar o'shanda kimdir sizga: “Masih mana bu yerda”, yoki “U yerda”, - deb aytsa, ishonmanglar. 24 Chunki soxta masihlar va soxta payg'ambarlar paydo bo'lib, ilojini topsalar, hatto tanlangan kishilarni ham yo'ldan ozdirish uchun g'aroyibot va mo'jizalar ko'rsatadilar. 25 Mana, Men sizlarga oldindan aytib qo'ydim. 26 Shunday qilib, agar sizlarga: “Mana, U sahroda”, - deb aytsalar, chiqmanglar. “Mana, U berk xonalarda”, - deb aytishsa ham, ishonmanglar. 27 Chunki Inson O'g'lining kelishi xuddi sharqda chaqnab, hatto g'arbda ham barchaga ko'rinuvchi chaqmoqday bo'ladi. 28 Murda qayerda bo'lsa, kalxatlar ham o'sha yerda to'planadi. 29 O'sha kunlarning musibatidan so'ng, alhol quyosh tutilib, oy xiralanadi. Yulduzlar osmondan tushib, samoviy kuchlar larzaga keladi. 30 O'shanda Inson O'g'lining alomati osmonda namoyon bo'ladi. Yer yuzidagi barcha qabilalar uvvos tortib yig'laydilar, Inson O'g'li osmon bulutlari uzra buyuk qudrat va shon-shuhrat ila kelayotganini ko'radilar. 31 U mahobatli karnay tutgan farishtalarini yuboradi. Ular esa Uning tanlagan kishilarini osmonning bir burchidan boshqa burchigacha, to'rt tomondan to'plab keladilar”.
Hushyor bo'lib turish haqida
32 “Anjir daraxtidan ibrat olinglar. Uning shoxlari ko'karib, barg chiqarayotganidan yoz yaqinlashganini bilasizlar. 33 Xuddi shunday, sizlar ham bularning hammasini ko'rgach, bilingki, U yaqindir, eshik oldida turibdi. 34 Sizlarga chinini aytayin: bu nasl o'tmasdanoq, bularning hammasi sodir bo'ladi. 35 Yeru osmon bitar, lekin Mening so'zlarim bitmas. 36 U kun va u soat haqida birgina Otamdan boshqa hech kim bilmaydi, osmondagi farishtalar ham bilmaydi. 37 Nuh payg'ambar davrida qanday bo'lgan bo'lsa, Inson O'g'li kelishida ham shunday bo'ladi. 38 To'fongacha bo'lgan kunlarda, to Nuh payg'ambar kemaga kirgan kunigacha yeb-ichdilar, uylandilar, turmushga chiqdilar. 39 Ular bo'lg'usi ofatdan bexabar yurganda, to'fon kelib, hammasini qirib tashladi. Inson O'g'lining kelishi ham xuddi shunday bo'ladi. 40 O'shanda ikki kishi dalada bo'ladi; biri olinadi, biri qoldiriladi. 41 Tegirmon tortayotgan ikki ayol bo'ladi; biri olinadi, biri qoldiriladi. 42 Shuning uchun hushyor bo'lib turinglar, chunki Rabbingiz qaysi soatda kelishini bilmaysizlar. 43 Lekin shuni bilib qo'yinglarki, o'g'ri tunning qay vaqtida kelishini agar uy egasi bilganda, bedor turib, uyiga lahim qazilishiga yo'l qo'ymas edi. 44 Shunga o'xshab, sizlar ham tayyor bo'lib turinglar. Chunki Inson O'g'li sizlar o'ylamagan soatda kelib qoladi”.
Yaxshi va yomon xizmatkor haqida masal
45 “Qul-cho'rilarga rizq-ro'zni o'z vaqtida berib turish uchun xo'jayin ularga boshliq qilib qo'ygan ishonchli va aqlli xizmatkor kimdir? 46 Xo'jayini kelganda, uni shularni bajarib turgan holda ko'rsa, u xizmatkor qanday baxtlidir! 47 Sizlarga chinini aytayin: o'zining butun mol-mulki ustidan uni nazoratchi qilib qo'yadi. 48 Agarda yomon niyatli xizmatkor o'z ko'nglida: “Xo'jayinim yaqin orada kelmaydi”, - deb o'ylab, 49 o'rtoqlarini urib, ichkilikbozlar bilan birga yeb-ichishni boshlasa, 50 u xizmatkorning xo'jayini kutmagan bir kunda, o'ylamagan bir soatda kelib qoladi-yu, 51 uni tilka-pora qilib, boshiga ikkiyuzlamachilar kunini soladi. U yerda yig'i-sig'i va ohu vohlar bo'ladi”.
O'n kelin dugonasi haqida masal
25:1 “O'sha vaqtda Osmon Shohligini o'zlarining chiroqlarini yoniga olishib, kuyovni qarshilagani chiqqan o'n kelin dugonasiga o'xshatsa bo'ladi. 2 Ulardan beshovi es-hushli, beshovi esa ovsar ekan. 3 Ovsarlari chiroqlarini olib, o'zlari bilan yog' olmabdilar. 4 Es-hushlilari esa chiroqlari bilan birga idishlarda yog' ham olibdilar. 5 Kuyov kechikkani sababli, hammalari mudrab, uxlab qolishibdi. 6 Tunning yarmida birdaniga ovoz yangrabdi: - Ana, kuyov kelyapti, uni qarshilagani chiqinglar! 7 Shunda qizlarning hammasi turib, chiroqlariga yopishibdi. 8 Ovsarlari es-hushlilarga: - Chiroqlarimiz o'chib boryapti, bizlarga yog'laringizdan beringlar! - deyishibdi. 9 Es-hushlilar javob berib: - Yo'q, bizlarda ham, sizlarda ham yog' yetmay qolmasin. Yaxshisi, siz baqqollarning oldiga borib, o'zlaringizga yog' sotib olinglar, - deyishibdi. 10 Ular yog' sotib olgani ketishganda, kuyov kelib qolibdi. Tayyor turgan qizlar kuyov bilan birga to'yxonaga kirib, orqalaridan eshiklar yopilibdi. 11 Bir muddatdan keyin qolgan qizlar kelib: - Hoy Egam, hoy Egam, eshikni oching, bizlar keldik! - deyishibdi. 12 Lekin U ularga javob berib: - Men sizga rostini aytsam, sizlarni tanimayman, - debdi. 13 Shunday qilib, hushyor bo'lib turinglar, chunki siz Inson O'g'li keladigan aniq kunni ham, soatni ham bilmaysizlar”.
Omonat pul haqida masal
14 “Yana oxirzamon bir odam safarga jo'nab, xizmatkorlarini chaqirib, o'z mol-mulkini ularga omonatga berganiga o'xshaydi. 15 U odam har bir kishiga o'z qobiliyatiga yarasha: biriga besh, biriga ikki, biriga bir yombidan berib, jo'nab ketibdi. 16 Beshta yombi olgan o'sha zahoti borib, pulini ishga solib, yana besh yombi orttiribdi. 17 Shunga o'xshab, ikki yombi olgan ham yana ikki yombi orttiribdi. 18 Bitta yombi olgan esa borib, chuqur qazib, xo'jayinining pulini yashirib qo'yibdi. 19 Ancha vaqtdan so'ng boyagi xizmatkorlarning xo'jayini qaytib kelib, ulardan hisobot so'rabdi. 20 Besh yombi olgan boshqa besh yombini ham olib kelib: - Xo'jayin! Menga besh yombi bergandingiz, mana men ularga qo'shib yana besh yombi orttirdim, - debdi. 21 Xo'jayini unga: - Barakalla, yaxshi va sodiq xizmatkor ekansan. Sen kichik bir ishda ham sodiq bo'lganing uchun, endi seni katta ishlarga munosib ko'raman. Xo'jayiningning shodligini baham ko'r, - debdi. 22 Ikki yombi olgan ham kelib: - Xo'jayin! Menga ikki yombi bergandingiz. Mana, men ularning yoniga qo'shib yana ikki yombi orttirdim, - debdi. 23 Xo'jayini unga: - Barakalla, yaxshi va sodiq xizmatkor ekansan. Sen kichik bir ishda ham sodiq bo'lganing uchun, endi seni katta ishlarga munosib ko'raman. Xo'jayiningning shodligini baham ko'r, - debdi. 24 Bitta yombi olgan ham kelib: - Xo'jayin! Men sizning qattiqqo'l odam ekaningizni bilardim. Siz ekmagan yerdan o'rasiz, uymagan joydan xirmon ko'tarasiz. 25 Shuning uchun men qo'rqqanimdan borib, sizning yombingizni yerga yashirib qo'ydim. Mana berganingiz! - debdi. 26 Xo'jayini unga javob qaytarib: - Ey yomon va yalqov xizmatkor! - debdi. - Men ekmagan yerdan o'rishimni, uymagan joydan xirmon ko'tarishimni bilarkansan, 27 u holda pulimni sudxo'rlarga qarzga bersang bo'lmasmidi? Shunda men kelib, uni foydasi bilan qaytarib olgan bo'lar edim. 28 Endi, undan yombini olib o'n yombisi borga beringlar! 29 Chunki kimda bor bo'lsa, unga yana beriladi va u mo'lchilikda bo'ladi. Kimda yo'q bo'lsa, undan bori ham tortib olinadi. 30 Endi bu yaramas xizmatkorni tashqariga, qorong'ilikka uloqtirib yuboringlar. U yerda yig'i-sig'i va oh-vohlar bo'ladi”. Bularni aytib, Iso xitob qilib dedi: “Kimning eshitar qulog'i bo'lsa, eshitsin!”
Qiyomat-qoyim so'rog'i
31 “Inson O'g'li O'zining ulug'vorligida, jamiki muqaddas farishtalari bilan birga kelgan paytida O'zining ulug'vor taxtiga o'tiradi. 32 Barcha xalqlar Uning huzuriga to'planadilar. Cho'pon qo'ylarni echkilardan ajratganiday, U ularni birma-bir saralab qo'yadi. 33 “Qo'ylarni” O'zining o'ng tomoniga, “echkilarni” esa chap tomoniga turg'izadi. 34 Shunda Podshoh o'ng tomondagilarga aytadi: - Ey, Mening Otamning olqaganlari, kelinglar! Dunyo yaratilganidan beri sizlar uchun meros sifatida tayyorlab qo'yilgan Shohlikni egallangiz. 35 Chunki Men och edim, Menga ovqat berdingizlar. Chanqagan edim, Menga suv ichirdingizlar. Musofir edim, Meni mehmon qildingizlar. 36 Yalang'och edim, Meni kiyintirdingizlar. Kasal edim, Meni boqdingizlar. Zindonda edim, Meni kelib ko'rdingizlar. 37 Bunga javoban solihlar Unga shunday deydilar: - Yo Rabbiy! Qachon Sening ochligingni ko'ribmizki, yedirgan bo'lsak, yoki chanqaganingni ko'ribmizki, suv tutgan bo'lsak? 38 Qachon Sening musofir bo'lganingni ko'rib, mehmon qildik, yoki yalang'ochligingni ko'rib, kiyintirdik? 39 Qachon biz kasal yoki zindonda bo'lganingni ko'rib, Seni yo'qlab keldik? 40 Podshoh javob berib ularga deydi: - Sizlarga chinini aytayin: sizlar Mening shu kichik birodarlarimdan biriga neki qilgan bo'lsangiz, bu Menga qilganingizdir. 41 So'ng U chap tomondagilarga ham aytadi: - Ey la´natilar! Ko'zimdan yo'qoling, iblis va uning farishtalariga tayyorlab qo'yilgan abadiy olovga mubtalo bo'ling! 42 Chunki Men och edim, ovqat bermadingizlar. Chanqagandim, suv tutmadingizlar. 43 Musofir edim, Meni mehmon qilmadingiz. Yalang'och edim, Meni kiyintirmadingiz. Kasal bo'ldim, zindonga tushdim, Meni kelib ko'rmadingizlar. 44 Shunga javoban ular ham: - Yo Rabbiy! Seni qachon och, chanqagan, musofir, yalang'och, kasal yoki zindonda bo'lganingni ko'ribmizki, Senga xizmat qilmagan bo'lsak? - deb so'raydilar. 45 U javob berib ularga shunday deydi: - Sizlarga chinini aytayin: sizlar shu kichiklarning biriga qilmagan muruvvatingiz Menga qilmagan bilan barobardir. 46 Shunday qilib, bular abadiy azobga, solihlar esa abadiy hayotga noil bo'ladilar”.
Isoni o'ldirish rejasi
26:1 Iso hamma so'zlarini aytib bo'lgach, shogirdlariga dedi: 2 “Ikki kundan keyin Fisih bayrami bo'lishini bilasizlar. Ana, o'shanda Inson O'g'li xochga mixlash uchun tutib beriladi”. 3 Shundan keyin oliy ruhoniylar, ulamolar va oqsoqollar jamisi Kayafa ismli bosh oliy ruhoniyning hovlisida to'planishib, 4 Isoni hiyla bilan tutib o'ldirishni o'zaro maslahatlashib oldilar. 5 Ular: “Bu ish faqat bayram kunlarida bo'lmasligi kerak, yana xalq g'alayon qilmasin”, - dedilar.
Isoga atir moy quygan ayol
6 Iso Baytaniyada moxov Simunning uyida ekan, 7 bir ayol Uning oldiga keldi. U ganchdan yasalgan idishda juda qimmatli atir moy keltirib, Iso dasturxon oldida o'tirgan paytda Uning boshiga quydi. 8 Shogirdlari buni ko'rgach, g'azablanib: - Bu isrofgarlikning nima keragi bor? 9 Bu moyni katta bahoga sotib, pulini kambag'allarga bo'lib berish mumkin edi-ku! - deyishdi. 10 Iso aytilganlarning farqiga borib, shogirdlariga dedi: - Nega ayolni xijolatda qoldiryapsizlar? U Men uchun ezgu ish qildi. 11 Kambag'allar har doim sizlar bilan birga, lekin Men doim sizlar bilan birga bo'lmayman. 12 Ayol bu moyni tanamga to'kib, Meni ko'mishga tayyorladi. 13 Sizlarga chinini aytayin: Injil Xushxabari dunyoning qaysi yerida targ'ib qilinsa, bu ayol ham eslanib, uning qilgan ishi yodga olinadi. 14 Shunda o'n ikki shogirddan biri bo'lgan Yahudo Ishqariyot degan kishi oliy ruhoniylarning oldiga borib: 15 - Isoni qo'lingizga tutib bersam, menga nima berasizlar? - deb so'radi. Ular Yahudoga o'ttiz kumush tanga taklif etdilar. 16 O'sha vaqtdan boshlab Yahudo Isoga xiyonat qilish uchun qulay payt poylaydigan bo'ldi.
Qutlug' ziyofat va Isoga xiyonat
17 Xamirturushsiz non yopiladigan Fisih bayramining birinchi kunida shogirdlar Isoning oldiga kelib so'radilar: - Senga Fisih bayrami taomini qayerda tayyorlashimizni buyurasan? 18 - Shaharga kirib falon kishining oldiga boringlar, - dedi Iso, - va unga shunday deb aytinglar: “Ustozimiz: Mening vaqt-soatim yaqinlashdi, deyapti, Fisih bayramini shogirdlarim bilan birga sening uyingda nishonlamoqchiman, deyapti”. 19 Shogirdlari Iso ularga buyurganiday qilib, Fisih taomini tayyorladilar. 20 Oqshom tushgach, Iso o'n ikki shogirdi bilan dasturxon atrofiga o'tirdi. 21 Ovqatlanayotganlarida, Iso: - Sizlarga rostini aytsam, sizdan bir kishi Meni tutib beradi, - dedi. 22 Shogirdlar juda xafa bo'lib, birin-ketin Undan: - Rabbiy, o'sha men emasmi? - deb so'ray boshladilar. 23 U esa javob qaytarib dedi: - Men bilan birga kosaga non botirib yegan Meni tutib beradi. 24 To'g'ri, Inson O'g'lining taqdiri oyatda yozilganiday ketyapti. Lekin Inson O'g'lini tutib beradigan o'sha odamning holiga voy! U odamning tug'ilmagani yaxshiroq bo'lar edi. 25 Shunda Isoga xoinlik qiladigan Yahudo so'radi: - Ustoz, meni ko'zda tutayotganing yo'qmi? - O'zing aytding, - dedi Iso. 26 Ular ovqatlanib o'tirganlarida, Iso nonni oldi, duo o'qib sindirdi va shogirdlariga tarqatib: - Olinglar, yenglar, bu Mening tanamdir, - dedi. 27 Kosani ham olib, shukrona duosini aytdi va ularga uzatib: - Bundan hammalaring ichinglar, - dedi. 28 - Chunki bu - ko'plarning gunohlari kechirilishi uchun to'kiladigan, Yangi Ahdni tasdiqlaydigan Mening qonimdir. 29 Men sizlarga shuni aytaman: Otamning Shohligida sizlar bilan yangi sharob ichadigan o'sha kungacha, Men uzumning bu ko'z yoshidan boshqa ichmayman. 30 Keyin ular kuylab, Zaytun tog'i tomon ketdilar.
Butrusning Isodan tonishi haqida karomat
31 Shu orada Iso shogirdlariga dedi: - Bu tunda hammangiz Mendan yuz o'girasizlar. Chunki Tavrotda shunday yozilgan: “Men cho'ponni jarohatlayman, Qo'ylar o'zi tarqab ketadi”. 32 Biroq o'lib tirilganimdan keyin, Men sizlardan oldin Jalilaga boraman. 33 Butrus javob berib Unga dedi: - Agar hamma Sendan yuz o'girsa ham, men hech qachon o'girmayman! - dedi. 34 Iso unga: - Senga rostini aytsam, shu kechayoq, xo'roz qichqirmasdan avval, sen Mendan uch marta tonasan, - dedi. 35 Butrus Unga: - Men Sen bilan birga o'lsam ham, Sendan aslo tonmayman! - dedi. Boshqa hamma shogirdlari ham shunday dedilar.
Isoning bog'dagi ibodati
36 Shundan keyin Iso shogirdlari bilan birga Getsemaniya degan joyga keldi va ularga: - Men nariroq borib ibodat qilgunimcha, sizlar shu yerda o'tirib turinglar, - dedi. 37 Butrus bilan Zabadiyning ikki o'g'lini O'ziga hamroh qilib olgan Iso ruhan siqilib, anduh cheka boshladi. 38 U yonidagilarga: - Mening jonim o'lim oldidaligini sezib, juda qiynalmoqda. Shu yerda qolib, Men bilan birga sergak turinglar, - dedi. 39 Bir oz nari ketib, yerga muk tushdi va ibodat qilib: - Ey Otam! Agar mumkin bo'lsa, bu zaqqum kosa Mening yonimdan o'tib ketsin. Lekin Men istagandek emas, Sen istagandek bo'lsin, - dedi. 40 U shogirdlari yoniga qaytib kelganda, ularni uxlab yotgan holda ko'rdi va Butrusga dedi: - Demak, sizlar Men bilan birga loaqal bir soatga uyg'oq tura olmadinglar. 41 Vasvasaga tushmaslik uchun hushyor bo'lib, ibodat qila turinglar. Ruh tetik, tana esa zaifdir. 42 Iso ikkinchi marta borib: - Ey Otam! Agar bu qismat Meni damiga olmay o'tib ketishi mumkin bo'lmasa, mayli, Sen xohlagandek bo'lsin, - deb ibodat qildi. 43 U qaytib kelib, shogirdlarini yana uxlab yotgan holda ko'rdi. Ularning qovoqlari salqigan edi. 44 Iso ularni qoldirib, yana uzoqlashdi va o'sha so'zlarni takrorlab, uchinchi marta ibodat qildi. 45 Shundan so'ng O'z shogirdlari yoniga kelib, ularga dedi: - Sizlar hali ham uxlab, rohatlanib yotibsizlarmi? Mana, vaqt-soati keldi, Inson O'g'li gunohkorlar qo'liga tutib berilyapti. 46 Turinglar, ketaylik. Mana, Menga xoinlik qiluvchi ham yaqinlashib qoldi.
Isoning hibsga olinishi
47 Iso gapini tugatmayoq, o'n ikki shogirdidan biri bo'lgan Yahudo kelib qoldi. Uning yonida oliy ruhoniylar va xalq oqsoqollari tomonidan yuborilgan, qilich va tayoq ushlagan olomon bor edi. 48 Isoga xoinlik qiluvchi esa: “Men kimni o'psam, U O'shadir, Uni tutib olinglar”, deb ular bilan til biriktirgan edi. 49 U to'g'ri Isoning oldiga borib: - Kayfing chog' bo'lsin, Ustoz! - deb, Uni o'pdi. 50 Iso unga: - Do'stim, nima uchun kelding? - deyishi bilanoq, odamlar kelib, Isoga qo'llari bilan yopishgancha Uni ushlab olishdi. 51 Shunda Iso bilan birga bo'lganlardan biri qilichini qinidan sug'urib, qulochkashlab oliy ruhoniyning qaroliga dast soldi-da, qulog'ini uzib tashladi. 52 Lekin Iso unga: - Qilichingni joyiga qaytarib qo'y! Qilich ko'targan bari qilichdan halok bo'lur. 53 Yoki o'ylaysanki, Men Otamga iltijo qilolmaymanmi? U Menga hoziroq o'n ikki tumandan ko'proq farishtalarni yuborishi mumkin. 54 Biroq u holda bularning sodir bo'lmog'i kerakligi aytilgan oyatlar bajo bo'larmikin? 55 Shundan so'ng Iso olomonga qayrilib dedi: - Sizlar Meni hibsga olish uchun qaroqchiga qarshi chiqqandek qilichlaru tayoqlar bilan qurollanib kelibsizlar. Men bo'lsam, har kuni ma´badda ta´lim berib, sizlar bilan birga o'tirar edim, sizlar-chi, Meni qo'lga olmadinglar. 56 Lekin bularning hammasi payg'ambar oyatlari bajo kelishi uchun sodir bo'ldi. O'shanda hamma shogirdlari Isoni qoldirib, qochib ketishdi.
Iso yahudiylarning Oliy Kengashi oldida
57 Isoni qo'lga olganlar Uni bosh oliy ruhoniy Kayafaning huzuriga keltirdilar. U yerga ulamolar bilan oqsoqollar ham to'plandilar. 58 Butrus esa Isoga uzoqdan ergashib, oliy ruhoniyning hovlisigacha keldi. Ichkariga kirib, bu voqeaning oxirini ko'rish uchun xizmatkorlar bilan birga o'tirdi. 59 Oliy ruhoniylar, oqsoqollar va butun Oliy Kengash Isoga o'lim jazosini berish uchun Unga qarshi soxta dalillar izlashga tushdilar. 60 Anchagina guvohlar olg'a chiqqan bo'lsa-da, yetarlicha ayblovchi dalillar topilmadi. Nihoyat, ikki soxta guvoh so'zga chiqib: 61 - Bu Odam: “Men Xudoning ma´badini buzib, uch kunda qayta tiklay olaman”, degan, - deb aytishdi. 62 Bosh oliy ruhoniy o'rnidan turib, Isoga: - Nega Sen hech javob qaytarmaysan? Ularning ayblovlariga nima deysan? - dedi. 63 Iso indamadi. Oliy ruhoniy Unga: - Barhayot Xudo haqi Senga qasam ichirayinki, bizlarga ayt: Xudoning O'g'li - Masih Senmisan? - dedi. 64 Iso unga: - O'zing aytding, - dedi. - Hatto sizlarga aytadurmanki, bundan keyin Inson O'g'li Qodir Tangrining o'ng tomonida o'ltirib, osmon bulutlari uzra kelayotganini ko'rasizlar. 65 Shunda oliy ruhoniy kiyimlarini yirtib: - U shakkoklik qilmoqda-ku! Bizlarga boshqa guvohlarning nima keragi bor? Mana endi U Xudoga shak keltirganini o'zlaringiz eshitdingizlar. 66 Sizlar nima deysizlar? - dedi. Ular javob berib: - O'limga loyiq! - deyishdi. 67 So'ng ular Isoning yuziga tupurib, Uni mushtlay boshladilar. Boshqalari esa Uni shapaloqlab: 68 - Ey Masih! Qani payg'ambarligingni ko'rsatib, aytib ber-chi, Seni kimlar uryapti ekan? - derdilar.
Butrusning Isodan tonishi
69 Bu vaqt Butrus tashqi hovlida o'tirib edi. Bir xizmatkor ayol uning yoniga kelib: - Sen ham jalilalik Iso bilan birga eding-ku! - dedi. 70 Lekin Butrus hammaning oldida inkor etib: - Sen bo'lmag'ur gapni aytyapsan, - dedi. 71 So'ng darvoza tomon chiqdi. Boshqa bir xizmatkor ayol ham uni ko'rib, atrofdagilarga: - Bu ham nosiralik Iso bilan birga bo'lgan! - dedi. 72 Butrus esa qasam ichgancha: - Men bu Odamni tanimayman! - deb yana tondi. 73 Bir ozdan keyin u yerda turganlar kelib, Butrusga: - Sen ulardan birining xuddi o'zisan, kaloming ham aytib turibdi, - deyishdi. 74 Lekin Butrus la´nat o'qib, qasam ichdi-da: - Men bu Odamni tanimayman! - deb turib oldi. Shu vaqt birdan xo'roz qichqirdi. 75 Isoning unga: “Xo'roz qichqirmasdanoq, sen Mendan uch marta tonasan”, - degan so'zi Butrusning esiga tushib, tashqariga chiqdi-da, achchiq-achchiq yig'ladi.
Xoin Yahudoning halokati
27:1 Tong otgach, oliy ruhoniylar bilan xalq oqsoqollari jamisi kengashib, Isoni o'lim jazosiga mahkum qilishga kelishdilar. 2 Isoni bog'ladilar va olib borib, viloyat hokimi Po'ntiy Pilatga topshirdilar. 3 Xoin Yahudo esa Isoning mahkum etilganini bilib, pushaymon bo'ldi va o'ttiz kumush tangani oliy ruhoniylar bilan oqsoqollarga qaytarib berib: 4 - Men xoinlik qildim, begunoh qon to'kilishida aybdorman, - dedi. Ular esa: - Bundan bizlarga nima? Yana o'zing bilasan! - deyishdi. 5 Shunda Yahudo kumush tangalarni ma´bad ichiga uloqtirib yubordi-da, u yerdan chiqib borib, o'zini osib o'ldirdi. 6 Oliy ruhoniylar tangalarni terib olib: “Bu pul qon narxidir, uni ma´badning xazinasiga qo'shish mumkin emas”, - deyishdi. 7 O'zaro kelishib, bu pulga begonalar ko'miladigan qabriston uchun Kulol Yerini sotib oldilar. 8 Shuning uchun u yer bugungacha “Qon Yeri” deb ataladi. 9 Shu yo'sin Yeremiya payg'ambarga vahiy bo'lgan ushbular bajo bo'ldi: “Isroil o'g'illari Unga baho berib qo'ygan O'ttiz kumush tangani olib, 10 Xudovand menga buyurgani kabi, Kulol Yerin sotib oldilar”.
Iso hokim Pilat oldida
11 Iso hokimning huzurida turdi. Hokim Undan so'radi: - Sen yahudiylarning Podshohimisan? - O'zing aytding, - dedi unga Iso. 12 Oliy ruhoniylar va oqsoqollar Uni ayblaganlarida, U hech narsa deb javob bermadi. 13 Shunda Pilat Unga: - Eshitmayapsanmi, Sening bo'yningga qancha ayblar qo'yishyapti! - dedi. 14 Lekin Iso bu gaplarga ham biron javob qaytarmadi. Hokim esa juda hayron bo'ldi. 15 Har Fisih bayramida hokim xalq istagan bir mahbusni ozod qilish odati bor edi. 16 O'sha kez qamoqda nom chiqargan Barabba ismli bandi bor edi. 17 Xalq to'plangach, Pilat ularga xitob qilib so'radi: - Sizlar kimni ozod qilishimni istaysizlar? Barabbanimi, yoki Masih atalmish Isonimi? 18 Ular Isoni ko'rolmaslikdan tutib berganlarini u bilar edi. 19 U hakamlik kursisida o'tirganda, xotinidan xabar keldi: “U solih Odam bilan sening ishing bo'lmasin. Chunki bu tunda men tushimda U tufayli ko'p azobda qoldim”. 20 Ammo oliy ruhoniylar va oqsoqollar bo'lsa, Barabbani ozod etish, Isoni esa yo'q qilishni so'rashlari uchun olomonni qayrab qo'ydilar. 21 Hokim yana ularga xitob qildi: - Sizlar ikkovidan qay birini ozod qilishimni istaysizlar? - Barabbani! - deb javob berishdi. 22 Pilat ularga dedi: - Unda men Masih atalgan Isoni nima qilay? - Xochga mixlansin! - deyishdi bir og'izdan. 23 - U nima yomonlik qilgan ekan? - so'radi hokim. Lekin ular ovozlarini yana balandroq ko'tarib: - Xochga mixlansin! - deb qichqirishdi. 24 Pilat hech narsa yordam bermayotganini, aksincha shov-shuv yanada kuchayib borayotganini ko'rgach: - Men bu solih Odamning qoni to'kilayotganidan begunohman. Bu ishni o'zlaringiz ko'rib chiqinglar! - dedi-da, olomonning ko'z oldida suv olib, qo'llarini chaydi. 25 Butun xalq bunga javoban: - Uning qoni bizlarning va bolalarimizning gardanidadir! - deyishdi. 26 Shundan so'ng Pilat ularga Barabbani chiqarib yubordi. Isoni esa savalatgandan keyin xochga mixlash uchun askarlarga topshirdi.
Isoni haqorat qilish
27 Shundan so'ng hokimning askarlari Isoni hukumat qarorgohiga olib borib, butun bo'linmani Uning boshiga to'pladilar. 28 Uning kiyimlarini yechib, egniga to'q qizil yaktak kiydirdilar. 29 Tikanlardan toj o'rib, boshiga kiygizdilar. O'ng qo'liga qamish berib, Uning oldida tiz cho'kkancha: “Yashavor, ey, yahudiylarning Podshohi!” - deb masxara qildilar. 30 Unga tupurganlaricha qamishni olib, boshiga urdilar. 31 Masxaralab bo'lishgandan so'ng egnidan yaktakni yechib, O'zining kiyimlarini kiydirdilar va xochga mixlash uchun olib ketdilar.
Isoni xochga mixlash
32 Ular chiqib ketayotganlarida, kirineyalik Simun degan kishini uchratib qoldilar. Uni Isoning xochini ko'tarib borishga majbur qildilar. 33 “Boshsuyagi” ma´nosini beruvchi Go'lgota degan joyga keldilar. 34 Shunda Isoga ichish uchun zardob aralashtirilgan sharob berdilar. Iso uni tatib ko'rgach, ichgisi kelmadi. 35 So'ng Uni xochga mixlab qo'ydilar. Kiyimlari uchun qur´a tashlab, o'zaro bo'lishib oldilar. 36 Keyin shu yerning o'zida o'tirgancha, Uni qo'riqlab turdilar. 37 Uning boshi uzra bir taxtachaga: “Yahudiylarning Podshohi Iso - Budir” degan aybnomani yozib qo'ydilar. 38 Iso bilan birga ikki qaroqchini ham - birini Uning o'ng tomonida, ikkinchisini esa so'l tomonida xochga mixlab qo'ydilar. 39 O'tib ketayotganlar boshlarini chayqagancha, Isoni haqoratlashardi: 40 - Hey ma´badni buzib uch kun ichida tiklaydigan! O'zingni O'zing qutqar-chi! Agar Sen Xudoning O'g'li bo'lsang, qani xochdan tushib ko'r-chi! 41 Oliy ruhoniylar, ulamolar va oqsoqollar ham barchasi bunga qo'shilishib, Uni masxaralay ketdilar: 42 - Boshqalarni qutqardi, O'zini esa qutqara olmaydi! Agar U Isroilning Podshohi bo'lsa, endi xochdan tushib ko'rsin, shunda biz Unga ishonamiz. 43 U Xudoga ishonardi-ku. Agar U Xudoning azizi bo'lsa, hozir qutqarib olsin-chi! Chunki U: “Men Xudoning O'g'liman”, - degan. 44 Iso bilan birga xochga mixlangan qaroqchilar ham Uni shunday so'kar edilar.
Isoning jon berishi
45 Tushdan boshlab soat uchgacha butun yerni qorong'ilik qopladi. 46 Soat uchlarda Iso baland ovoz bilan: - Eli, Eli, lamo shavaqtani? ya´ni “Tangrim, Tangrim, nega Meni tashlab qo'yding?” - deb faryod qildi. 47 U yerda turganlardan ba´zilari buni eshitib: - U Ilyosni chaqiryapti-ku, - deyishdi. 48 Ulardan biri darhol yugurib, shimgichni olib keldi-da, uni sirkaga botirib, qamishning uchiga ilgancha, Isoga ichishga uzatdi. 49 Boshqalari esa: - To'xta ko'raylik-chi, Ilyos kelib Uni qutqararmikan, - deyishdi. 50 Iso esa yana bir bor qattiq oh urib, jon berdi. 51 Shu ondayoq ma´baddagi parda yuqoridan pastgacha ikkiga bo'linib, yirtilib ketdi. Yer larzaga keldi, toshlar yorildi. 52 Qabrlar ochilib, talay rahmatli azizu avliyolarning jasadlari tirilib ketdi. 53 Ular qabrlaridan chiqib, Iso qayta tirilganidan keyin tabarruk shaharga kirib, ko'plarga ko'rindilar. 54 Isoni qo'riqlab turgan yuzboshi bilan yonidagi askarlar zilzilani va sodir bo'layotgan barcha ishlarni ko'rib, vahimaga tushdilar-da: - Haqiqatan ham bu Xudoning O'g'li ekan! - dedilar. 55 Jaliladan boshlab Isoga ergashib xizmat qilib kelgan ko'pgina ayollar ham uzoqdan qarab turgan edilar. 56 Ularning orasida magdalalik Maryam, Yoqub bilan Yusufning onasi Maryam hamda Zabadiy o'g'illarining onasi bor edi.
Isoni ko'mish, qabrni qo'riqlash
57 Oqshom tushgach, Arimateya shahridan bo'lgan Yusuf ismli bir boy odam keldi. O'zi ham Isoning shogirdi edi. 58 U Pilatning oldiga borib, Isoning jasadini so'radi. Shunda Pilat jasadni unga berishni buyurdi. 59 Yusuf jasadni olib, uni toza kafanga o'radi 60 va o'zining qoyada yo'nilgan yangi qabriga qo'ydi. Keyin qabrning og'ziga katta bir toshni yumalatib keltirib qo'ydi-da, jo'nadi. 61 Magdalalik Maryam bilan boshqa Maryam esa shu yerda, qabrning ro'parasida o'tirgan edilar. 62 Tayyorgarlik kunining ertasiga oliy ruhoniylar va farziylar Pilatning huzuriga to'planishib: 63 - Taqsir! - deyishdi, - O'sha aldamchi hali tirikligida: “Uch kundan keyin qayta tirilaman”, - degani esimizga tushdi. 64 Shuning uchun uch kungacha qabrni qorovullashni buyursangiz, toki Uning shogirdlari kechasi kelib Uni o'g'irlab ketishmasin va xalqqa: “U qayta tirildi”, - deb aytishmasin. Yo'qsa, oxirgi aldov birinchisidan battar bo'ladi. 65 Pilat ularga: - Mana, soqchilar bo'linmasi o'zlaringizning ixtiyoringizda. Borib, bilganingizdek qabrni qorovullanglar, - dedi. 66 Ular esa soqchilar bilan borib, qabr toshiga muhr bosib, qabrni qorovullay boshladilar.
Isoning tirilishi
28:1 Dam olish kunining ertasiga, yakshanba kuni tongotarda magdalalik Maryam bilan boshqa Maryam qabrni ko'rgani borishdi. 2 Shunda to'satdan shiddatli zilzila bo'ldi. Xudovandning bir farishtasi osmondan tushdi va qabrga borib toshni ag'darib yubordi-da, uning ustiga o'tirdi. 3 Uning ko'rinishi yashinday, kiyimlari esa qorday oppoq edi. 4 Soqchilar bo'lsa, qo'rquvdan titrab, joni chiqqanday bo'lishdi. 5 Farishta so'zini ayollarga qaratib: - Sizlar qo'rqmang! - dedi. - Xochga mixlangan Isoni izlayotganlaringizni bilaman. 6 U bu yerda yo'q. O'zi aytganidek, qayta tirilib ketdi. Kelinglar, Rabbingiz yotgan joyini ko'ringlar. 7 Endi tezroq borib, Uning shogirdlariga: “Iso tirildi. U sizdan oldin Jalilaga ketyapti, Uni o'sha yerda ko'rasizlar”, - deb aytinglar. Sizlarga buni men aytdim. 8 Ayollar qabrdan shosha-pisha chiqib, katta sevinch va qo'rquv ila yugura-yugura Isoning shogirdlariga xabar bergani ketishdi. 9 Shogirdlarga bu xabarni yetkazaylik, deb ular yo'lda ketayotganlarida, birdaniga Isoning O'zi ularning qarshisidan chiqib: - Salom! - dedi. Ular esa ro'baro' kelib, oyoqlariga yopishgancha Unga topina boshladilar. 10 Shunda Iso ularga: - Qo'rqmanglar! Borib birodarlarimga Jalilaga borishlarini, Meni o'sha yerda ko'rishlarini xabar beringlar, - dedi.
Soqchilarning xabar berishi
11 Ayollar hali yo'lda borishar ekan, soqchilar bo'linmasidan bir nechasi shaharga kirib, sodir bo'lgan barcha hodisotni oliy ruhoniylarga bildirdilar. 12 Ular oqsoqollar bilan to'planib kengashgach, askarlarga ancha pul berib, 13 shunday dedilar: - Sizlar: “Shogirdlari kechasi kelib, biz uxlab yotganimizda Uni o'g'irlab ketishdi”, deb aytinglar. 14 Agarda bu bo'lib-o'tganlar hokimning qulog'iga yetib borsa, bizlar uni shunga ishontiramiz va sizlarni ko'ngilsizlikdan xalos etamiz. 15 Soqchilar esa pulni olib, topshiriqni aytilgandek bajardilar. Shunday qilib, bu hangama to bugungacha yahudiylar orasida ovoza bo'lib keladi.
Isoning oxirgi buyrug'i
16 O'n bir shogird Jalilaga, Iso ularga tayin etgan toqqa borishdi. 17 Ular Isoni ko'rib, Unga sajda qildilar. Ba´zilari esa shubhaga bordilar. 18 Iso ularga yaqinlashib, shunday dedi: “Menga osmonda ham, yerda ham butun hokimiyat berilgandir. 19 Shuning uchun borib, barcha xalqlardan shogird orttiringlar. Ularni Ota, O'g'il va Muqaddas Ruh nomi bilan suvga cho'mdirib, imonga kiritinglar. 20 Men sizlarga buyurgan hamma narsaga amal qilishni ularga o'rgatinglar. Mana, Men har kuni, dunyoning oxirigacha sizlar bilan birga bo'laman”. Omin.