Zabur 1

Solihning halovati, fosiqning halokati

1 Saodatli odamdir u, Fosiqlar maslahatiga yurmas, Gunohkorlar yo'liga kirmas, Buzuqilar yig'inida o'tirmas. 2 Illo Xudovandning Qonunidir uning zavqu orzusi, Tunu kun Tangri Qonuni ila banddir fikri-zikri. 3 Oqar suvlar kanoriga o'tqazilgan, Mevasini mavsumida tugadigan, Barglari esa so'lmaydigan daraxt kabidir u kishi. U neki qilsa, tole unga yordir. 4 Fosiqlar esa-chi bunday emaslar, Balki shamolda to'zg'ib ketgusi to'pondirlar. 5 Shu bois fosiqlar hukm qilinganda bosh ko'tarmas, Gunohkorlar esa solihlar majlisida tura olmas. 6 Xudovand solihlar yo'lini asrar, Fosiqlar esa o'z yo'lida halok bo'lar.

Zabur 2

Xudo tayinlagan abadiy Hukmron

1 Nega isyon ko'taryapti millatlar? Nechun puch rejalarni tuzyapti elatlar? 2 Birgalashib isyon qilib dunyo podshohlari, Xudovand va Uning Masihiga qarshi kengashdilar: 3 «Qani, buzib tashlaylik ularning kishanlarin, Xalos bo'laylik ularning bo'yinturug'idin!» 4 Samoda o'ltirgan Egam kular, Rabbim ularni masxara qilar. 5 Vaqti kelib, U qahri bilan so'zlar, G'azab ila ularning ko'ksiga g'ulu solar. 6 «Men O'z Podshohimni tayinladim, Muqaddas tog'im bo'lmish Sionda o'rnatdim», - deyar. 7 Men Xudovand farmonini e´lon etgayman, U Menga aytdi-kim: «Sen Mening O'g'limsan, Seni bugun tavallud ettirdim. 8 Mendan talab qilgin, toki Elu xalqlarni nasibang qilay, Butun yer yuzini mulkingga beray. 9 Temir hassa ila boshqarasan ularni, Sopol ko'za misoli parchalab tashlarsan». 10 Endi, ey podshohlar, aqlli bo'ling! Ibrat oling, ey dunyo hokimlari! 11 Qo'rquv ila Xudovandga xizmat qiling, Qaltirab Undan masrur bo'ling! 12 Uning O'g'lini e´zozlang, Toki qahri kelmasin. Uning g'azabi o't olsa tezda, Unda nobud bo'lasiz o'z yo'lingizda. Iqbollidir barcha Undan panoh topganlar!

Zabur 3

O'G'LI ABUSALOMDAN QOCHAYOTGAN PAYTDA DOVUDNING AYTGAN SANOSI.

2 Ey Xudovand, Yovlarim qanchalik ko'payib ketgan! Son-sanoqsizdir menga qarshi chiqayotganlar! 3 Ko'plar mening jonimga qasd ila: Xudodan unga najot yo'q ekan, demoqdalar. SALOT 4 Biroq Sen, ey Xudovand, Mening qalqonim, mening izzatimsan, Boshimni baland ko'taradigansan. 5 Xudovandga faryod qilganimda, U meni tinglar O'zining muqaddas tog'idan. SALOT 6 Men tinchgina uxlab, xotirjam uyg'onaman, Zero Xudovand menga madadkor bo'lur. 7 Qo'rqinch solmas menga har yoqdan qurshab, Minglab yopirilgan olomon. 8 Ey Xudovand, o'rningdan turgin, Qutqargin meni, ey Xudoyim! Sen barcha dushmanlarim jag'iga urib, Fosiqlar tishini sindirib tashlaysan! 9 Najot - Xudovanddandir; Sening barakatingdan xalqing bahramand bo'lg'ay! SALOT

Zabur 4

IJROCHILAR RAHBARIGA. SOZ UCHUN. DOVUD SANOSI.

2 Iltijo qilganimda, menga javob aylagin, Ey mening odil Xudoyim! Tang qolganimda O'zing najot bergansan; Yana menga mehribonlik ko'rsatgin, Ibodatimga quloq bergil! 3 Ey inson o'g'illari, Qachongacha izzatimni tuproqqa qorasizlar? Qachongacha puch niyatlarga ruju qo'yasizlar? Qachongacha yolg'on-yashiqqa havaslanasizlar? SALOT 4 Biroq bilingiz-kim, Xudovand O'z azizini ajratib olgan. Xudovand mening iltijomni eshitar. 5 G'azablanib, gunoh qilmang! Yotganingizda qalbingiz ila hamsuhbat bo'lib, tinchlaning. SALOT 6 Halol qurbonliklar keltiring, Xudovandga umid bog'lang! 7 Ko'plar so'ramoqdalar: Kim bizga baxt-saodat keltirar ekan? Jamoling nurini ustimizga solgin, ey Xudovand! 8 Ularning bug'doyi va sharobi ko'paygan, biroq Sen mening dilimga shodlik berding ko'proq. 9 Osoyishta yotaman ham uyg'onaman; Chunki, ey Xudovand, Xotirjamligimga yolg'iz Sen posbon.

Zabur 5

IJROCHILAR RAHBARIGA. NAYCHILAR UCHUN. DOVUD SANOSI.

2 Ey Xudovand, So'zlarimni tinglagin, Ogoh bo'lgil niyatimdan! 3 Nolayu faryodimga quloq solgin, Ey Podshohim ham Xudoyim! Men Senga ibodat qilmoqdaman. 4 Tong chog'i ovozimni eshitasan, ey Xudovand, Tong chog'i Sening oldingda hozir bo'laman, Intizorlik-la ko'z tutaman Sen tomon. 5 Sen yovuzlikni xush ko'rmaydigan Tangrisan, Nopok odam joy topmas Sening huzuringda, 6 Takabbur esa qad ko'tarmas qarshingda. Nafrat etasan jami badkirdorlardan, 7 Yolg'on so'zlovchini O'zing mahv etasan. Ha, Xudovand qonxo'ru makkordan jirkanur. 8 Men esam, rahming ko'pligi tufayli Sening uyingga kiraman. Muqaddas ma´bading tomon bosh egib, Senga xos qo'rqinch ila sajda qilaman. 9 Yovlarim-chun meni haqiqat yo'lingga boshla, O'z yo'lingni ravon qilgin oldimda, Ey Xudovand! 10 Ularning og'zida to'g'rilik yo'qdir, Kasofatdir ularning botini. Bo'g'izlari - ochiq qabr, So'zlari - faqat tilyog'lama. 11 Ey Xudoyim, ularni gunohkor bil! Yomon niyatlari o'zlariga ursin! Gunohlari ko'pligi bois ularni daf qil! Chunki ular Senga qarshi isyon qildilar. 12 Sendan panoh topgan hamma sevingay, Doimo quvonib tarannum etishgay. Ularni O'zing himoya qilursan, Nomingni sevguchilar Sen-la shod bo'lgay. 13 Ey Xudovand, Solihga O'zing baraka berursan, Lutfu karamingni qalqonday qilib, Uning ila solihni o'rab olursan.

Zabur 6

IJROCHILAR RAHBARIGA. SAKKIZ TORLI SOZDA. DOVUD SANOSI.

2 Ey Xudovand, Qahring kelib, ta´zirimni bermagin, G'azabing ila meni jazolamagin! 3 Menga mehribonlik qilgin, yo Rabbim, Chunki men bemajolman. Menga shifo bergin, ey Xudovandim, Chunki ustuxonlarimni titroq bosdi. 4 Jon-tanimni vahima qamramoqda. Sen-chi, ey Xudovand, qachongacha..? 5 Qaytgin, ey Tangrim, jonimni qutqar, Lutfing sharafi uchun xalos qil meni! 6 O'lim diyorida Seni yodlamaslar, Tamug'da kim shukrona aytar Senga? 7 Men oh-zor qilaverib g'oyatda charchadim. Har kecha ko'rpam nam bo'ladi, Ko'z yoshim-la ho'llayman to'shagim. 8 Ko'zim nuri qayg'udan ado bo'ldi, Yovu ag'yor madorimni tamom qildi. 9 Ey sizlar, hamma badkirdorlar, Yo'qolinglar mening ko'z oldimdan! Xudovand eshitdi mening ohu nolamni, 10 Xudovand eshitdi munojotimni. Ha, ibodatimni Xudovand qabul etadi. 11 Barcha dushmanlarim sharmanda bo'lsin, Qattiq sarosimaga tushsinlar! Bir lahzada qaytib, shuvut bo'lsinlar!

Zabur 7

BENYAMINLAR O'G'LI KUSHNING QILMISHLARI HAQIDA DOVUDNING XUDOVANDGA O'QIGAN GIRASI.

2 Sendan men panoh topdim, ey Xudovandi karimim, Hamma qasdimga tushganlardan qutqar, xalos et! 3 Aks holda sherdayin jonimni tishlab parchalar, Chilparchin bo'larman, xaloskorim qolmasdan. 4 Ey Xudovandi karimim, Agar gunoh ish qilgan bo'lsam, Qo'limni nohaqlikka bulg'agan bo'lsam, 5 Pok niyatliga yomonlik qaytargan bo'lsam, Sababsiz g'animni g'orat qilgan bo'lsam, 6 Unda dushman jonim payiga tushib, quvib yetsin, Hayotimni yerda toptab, nomusimni tuproqqa qorsin. SALOT 7 Ey Xudovand, g'azabing ila tur! Yovlarim zo'g'imiga qarshi ko'taril! Voqif bo'lib, meni odil hukm qil! 8 Xalqlar jamoati Seni o'rasin; Ular ustidan yuksak o'rningni olgin! 9 Ey Xudovand, qavmlarni hukm etuvchi! Men solihman, ko'nglim pok, Yuzimni yorug' qilgin, ey Xudovand! 10 Fosiqlar yovuzligi barham topsin, Solihni-ku Sen asrarsan, ey odil Xudo, Yuraklaru ko'ngillarni sinovdan o'tkazuvchi! 11 Mening qalqonim Xudo bo'lur; Pokdillarga U najot berur. 12 Xudo odil hukm chiqarur, Har kun tegishlicha chora ko'rur. 13 Fosiq bo'lsa, gunoh yo'ldan qaytmas. U shamshirin charxlab, shay qilgan kamonin. 14 Tirlarini yonadigan qilib, O'ziga o'zi ajal sipohisi bo'lgan. 15 U noto'g'rilik tuxumini bosib, Kasofat jo'jalarini ochib chiqar, Oqibatda o'zini o'zi aldar. 16 O'zgaga choh qazigan kishi Qazigan chohiga o'zi qular. 17 O'zgaga falokat tilaganning falokati O'z oyog'i ostida bo'lar. Mushtumzo'rning mushti o'ziga qaytar. 18 Men Xudovandning adolatini kuylab shukrlar deyman, Tangri Taoloning nomini tarannum etgayman.

Zabur 8

IJROCHILAR RAHBARIGA. «GAT» SOZIDA. DOVUD SANOSI.

2 Ey Xudovand, bizning Rabbimiz, Yer yuzi bo'ylab Sening noming naqadar ulug'vor! Osmondan ham yuksakdir ulug'vorliging! 3 Sen go'dagu chaqaloqlar og'zida madh yaratding, Toki Senga qarshi xusumat saqlab yurgan Dushmanu intiqomchi og'zini to'sib qo'ygin. 4 Sen bunyod etgan ko'kka ko'zim tikilsa, O'zing o'rnatgan oyu yulduzlarga boqsam, 5 Inson qadri nedirki, Sen uni yodlagaysan? Odam o'g'li nedirki, Sen uni ardoqlaysan? 6 Sen uni Xudodan andak past qilding, Izzatu jamol tojini unga kiydirding. 7 O'z yaratganlaring ustidan unga saltanat berding, Bor mavjudotni uning oyoqlari tagiga qo'yding: 8 Qo'ylaru sigirlar barisin, Hamda dala-dasht hayvonlarin, 9 Ko'k parrandasiyu dengiz baliqlarin, Rohi bahrdan o'tuvchi suv maxluqotlarin. 10 Ey Xudovand, bizning Rabbimiz, Yer yuzi bo'ylab Sening noming naqadar ulug'vor!

Zabur 9

IJROCHILAR RAHBARIGA. «O'G'ILNING O'LIMI» KUYIGA. DOVUD SANOSI.

2 Chin yurakdan Xudovandga shukrlar deyman, Sening mo'jizalaringni, ey Taolo, Bir-bir hikoya qilaman. 3 Sendan shodlanib tantana qilaman, Ismi sharifingni doim tarannum etaman. 4 Mening dushmanlarim orqaga qaytdi, Qarshingda qoqilib, yo'qolib ketdi. 5 Sen meni hukm etib, yuzimni yorug' qilding, Adolatli hakam bo'lib taxtga o'tirding. 6 Sen ellarga ta´zir berding, Betavfiqlarni mahv qilding, Nomlarini dorilbaqodan o'chirding. 7 Dushmanlar bitdi, kul bo'ldi yarog'i, Shaharlarini Sen xarob qilding, Ulardan xotira ham qolmadi. 8 Xudovand abadiy O'z taxtida o'tirar, Hukm uchun U taxtini qurgandir. 9 Dunyoni adolat bilan boshqarib, Xalqlar uchun to'g'ri hukm chiqarur. 10 Mazlum uchun Xudovand panohdir, Qayg'uli zamonlarida panogohdir. 11 Nomingni bilganlar Senga umid bog'lar, O'zingga iltijo qiluvchilarni tark etmaysan, ey Xudovand! 12 Sionda davr surgan Xudovandni kuylang! Xalqlar ichra ajoyibotlarini xabarlang! 13 Xudovand xun oluvchidir, U jafokashni yodda tutadi, Unutmaydi mazlumlar faryodini. 14 Menga mehribonlik ko'rsatgin, ey Xudovand, G'animlarimdan tortgan kulfatimni ko'rgin! O'lim darvozasidan O'zing qaytargansan meni, 15 Toki Sion qizing darvozalarida Sening barcha hamdlaringni xabar qilay, Sening najoting bilan quvonay! 16 Xalqlar o'z qazigan chohlariga quladi, O'z qo'ygan domlariga oyoqlari ilindi. 17 Xudovand O'z hukmini yuritganidan tanildi, Betavfiq esa o'z qilmishlari bilan tutildi. OHANGLI SALOT 18 Betavfiqu Xudoni unutgan barcha ellar O'liklar diyoriga tushib qoladilar. 19 Biroq bechorahol umrbod unutilmas, Kambag'alning umidi abadiy tugamas. 20 Turgin, ey Xudovand, Banda manmanlik qilmasin! Xalqlar Sening huzuringda muhokama bo'lsin! 21 Ey Xudovand, xalqlarga dahshat solgin! Ular bilsinki, oddiy insondirlar. SALOT 22 Ey Xudovand, nega mendan uzoqdasan? Nega og'ir zamonlarda ko'rinmaysan? 23 Mana, betavfiq mag'rurlanmoqda, Bechoraholning esa joni yonmoqda. Ular to'qigan ig'volari o'z boshiga qaytsin! 24 Betavfiq-ku g'arazgo'yni duo qiladi, O'zining nafs bandasi bo'lishi bilan maqtanib. 25 Xudovandni esa mensimaydi betavfiq, «Xudo o'ch olmas-ku», deydi gerdayib; Xudoga hech joy yo'q uning xayolida. 26 Yo'llari har doim o'ng'ay bo'lur, Sening hukmlaring esa balandda, Uzoqda turur uning xayolidan. Dushmanlariga esa u bir puflab, Hammasini nazarga ilmay qo'yar. 27 Yuragida u aytadir: Men hech qachon pand yemayman, Falokatga ham uchramayman, to abad! 28 Tili ostida la´natu hiyla-nayrang yotadir, Uqubatu kasofat uning izmidadir. 29 U qo'ra ortida pisib yotib, Pinhona gunohsizni o'ldirar, Ko'zlari faqirni yashirincha qidirar. 30 O'z inida berkingan arslon singari Bechorani tutmoq-chun pistirmaga berkinar, Bechorani bosib olib, o'z domiga tortar. 31 Bechora-ku ezilib, ikki bukilib, Yirtqich panjalaridan nobud bo'lar. 32 Betavfiq o'z dilida aytar: Tangri unutibdi, yuz-ko'zini berkitibdi, Qilmishimni U abadiy ko'rmas! 33 Turgin, ey Xudovand, Cho'z qo'lingni, ey Tangrim! Unutma bechorayu mazlumni! 34 Nechun betavfiq Xudoni mensimay: «Sen o'ch olmaysan», deb ko'nglida aytar? 35 Sen ko'rib turibsan-ku, O'z qo'ling bilan uning chorasini berasan. Sen jafoni, azob-uqubatni ko'rasan! Bechorahol umidini Senga bog'laydi, Yesir-yetimlarga O'zing g'amxo'rsan. 36 Fosiqlaru jinoyatchilar qo'lini qirqib tashla, Toki yovuzligining izi bitsin! 37 Xudovand abadulabad Podshohdir, Yot xalqlar Uning diyoridan yo'q bo'lur. 38 Mo'minlar tilagini Sen eshitasan, ey Xudovand, Yuraklariga dalda berib, ularga quloq solasan. 39 Yetimu mazlumlarni O'zing himoya qilasan; Yerdagi odamzod boshqa vahm olmasin.

Zabur 10

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

1 Xudovanddan men panoh topdim. Sizlar qanday qilib jonimga deysiz: «Qush kabi tog'laringga uchib ket!» 2 Qarang, fosiqlar kamonini tortib, Pokdilni zulmatda otmoq uchun O'qlarini ipga qadab qo'yibdilar! 3 «Poydevor vayron bo'lgandan so'ng, Solih ne qila bilar-» - deya. 4 Xudovand O'zining muqaddas ma´badidadir, Taxti osmondadir Xudovandning. Xudovandning ko'zlari ko'rar, Nigohi tekshirar inson o'g'illarin. 5 U solihlaru fosiqlarni sinab ko'rar, Zo'ravonlar esa Uning nafratiga yo'liqar. 6 Fosiqlar boshiga U yomg'irday qo'ru cho'g' Hamda yonayotgan oltingugurt yog'dirar, Garmsel ularning taqdiru qismati bo'lar. 7 Zeroki Xudovand barhaqdir, U haqqoniy ishlarni sevar, To'g'ri kishiga esa yuzini qaratar.

Zabur 11

IJROCHILAR RAHBARIGA. SAKKIZ TORLI SOZDA. DOVUD SANOSI.

2 Najot bergin, ey Xudovand! Chunki xudojo'y hech qolmadi, Banibashar ichra mo'min yo'q bo'ldi. 3 Har kim o'z yaqiniga yolg'on so'zlaydir, Tili boshqa, dili boshqa tilyog'lamachilardir. 4 Xudovand qirib tashlagay bunday buzuq og'izni, Qirqib tashlagay katta gapiruvchi har bir tilni! 5 «Biz tilimiz-la zo'r chiqamiz, Lab-dahan o'zimizniki, - demoqda ular ? Kim ham bizga xo'jayin bo'lolar ekan-» 6 «Bechorahollar xonavayron bo'lganini, Faqirlarning xo'rsinganini Men eshitib, Endi harakatga kelaman, - deydi Xudovand, ? Ular ko'z tegizgan odamni huzurga erishtiraman». 7 Xudovand kalomlari - pok kalomlardir, Tuproqdan olinib o'choqda yetti gal eritilgan Musaffo kumushday kalomlardir. 8 Ey Xudovand, Sen ularni muhofaza qilasan, Bizni ham bu nasldan abadiy asraysan. 9 Betavfiqlar endi bemalol aylanib yurishibdi, Banibashar ichra tubanlik avjga chiqqan.

Zabur 12

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

2 Ey Xudovand, qachongacha meni unutasan? Qachongacha mendan yuz o'girasan? 3 Qachongacha qiynar ekanman jonimni, Tunu kun talvasada to'lg'anib qalbim? To qaygacha dushman mendan g'olib chiqar ekan? 4 Yo Xudoyo Xudovando, Menga qarab, quloq solgin, O'lim uyqusiga botib qolmayin! 5 Dushmanim: Uni yengdim, demasin, Yiqilib qolsam, yov tantana qilmasin. 6 Men Sening lutfingga umid bog'ladim, Sendan najot topib, ko'nglim quvonur. U menga xayrixohlik ko'rsatdi deb, Xudovandni tarannum etarman.

Zabur 13

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

1 Ahmoq o'z ko'nglida: «Xudo yo'q», - deydi. Bundaylar buzilib, razolat botqog'iga botar. Yaxshilik qiladigan hech kimsa yo'qdir. 2 Xudovand inson o'g'illariga osmondan boqar, Xudoni qidiruvchi biror idrokli kishi bormikan deya. 3 Biroq hammasi yanglishib, Barchasi murdor bo'lgan. Yaxshilik qiluvchi hech kimsa yo'q, Hatto biror kishi ham yo'qdir! 4 Xalqimni bir luqma kabi yeb yuboradigan, Xudovandni esa hech chaqirmaydigan O'sha badkirdorlar to'dasining aqli yetmaydimi? 5 Mana, qo'qqisdan ularni vahma bosdi! Chunki Xudo solihlar nasli orasidadir. 6 Faqirni ko'ngil armonidan ayirdingiz, Illo Xudovand uning panohidir. 7 Koshki Siondan Isroilga najot kelsa! Xudovand O'z xalqini asoratdan qaytargach, Bani-Yoqub shod bo'lgay, Isroil sevingay!

Zabur 14

DOVUD SANOSI.

1 Ey Xudovand, Sening chodiringga kim qo'nar? Kim maskan topar muqaddas tog'ingda? 2 Kimki pokdil bo'lib, halol ishlasa, Chin qalbdan haqiqatni so'zlasa, 3 Kimki tiliga bo'hton olmasa, Birodariga yomonlik qilmasa, Xesh-aqrabosini sharmanda qilmasa, 4 Kimki manfur kishidan nafrat etsa, Xudovanddan qo'rqqanlarni hurmat qilsa, O'z zarariga bo'lsa ham so'zidan qaytmasa, 5 Pulini qarzga berib sudxo'rlik qilmasa, Begunohni qoralash uchun pora yemasa ? Kimda-kim bularga e´tibor bersa, U to abad tebranmas.

Zabur 15

DOVUD SHE´RI.

1 Ey Tangrim, meni O'zing asragin, Chunki Sendan panoh topganman. 2 Men Xudovandga dedim: Sen mening Rabbimsan, Sendan boshqa men uchun xayr yo'q. 3 Mamlakatdagi asil, aziz kishilardadir Mening butun zavqu murodlarim. 4 Soxta xudoga sajda qilganlarning dard-g'ami oshsin! Ular qon to'kib xudoyi qiladilar. Men qo'limni bulg'amayman bunday ishlarga, Ularning nomini ham og'zimga olmayman. 5 Ey Xudovand, Sen mening nasibamsan, Kosam oqi - O'zingdirsan, Taqdirim qur´asi - Sening qo'lingda. 6 Ko'ngilli yerlarga tushdi marzalarim, Huzur-halovatdir mening merosim. 7 Menga mashvarat bergan Xudovandni olqishlayman, Kechalari o'z botinlarim menga o'git qilar. 8 Xudovandni doim ko'z oldimda ko'raman, U o'ng tomonimda bo'lguncha tebranmasman. 9 Shul bois mening dilim quvonur, Tilimdan shod-xurramlik to'kilur, Tanim ham umidvoru bexatar bo'lur. 10 Sen o'liklar diyoriga tashlab ketmaysan jonimni, O'z azizingga chuqurlik yuzini ko'rsatmaysan. 11 Sen hayot yo'lini menga bildirasan, Baxt-quvonchlar to'kindir huzuringda, Boqiy halovatdir Sening o'ng qo'lingda.

Zabur 16

DOVUD IBODATI.

1 Ey Xudovand, salohga e´tibor bergin, Dod-faryodimga quloq solgin, Makrsiz irindan ungan ibodatimni tinglagin! 2 Yuzimni O'zing yorug' qilgin, Ko'zlaring to'g'rilikka yetaklansin! 3 Dilimni sinab, kechalari meni yo'qlading, Imtihon qildingu, biror yomon niyatni topmading. Chunon tilim ila dilim birdir mening. 4 Odamlar ish-amaliga kelganda deyman: Men Sening kalomingga rioya qildimu, G'addor yo'llaridan o'zimni tiydim. 5 Qadamlarimni O'z rohingda sobit qilgin, Toki oyoqlarim zinhor tebranmasin. 6 Senga nola qilaman, ey Tangrim, Chunki Sen menga javob berarsan. Qulog'ingni menga tutgin, tingla so'zimni! 7 Ajoyib mehr-inoyatingni ko'rsatgin, Ey, iltijo qiluvchilarning Xaloskori! Sening qo'ling himoyasida Osiylardan panoh topsa bo'ladi. 8 Ko'z qorachig'iday asragin meni, O'z qanotlaring soyasida yashirgin meni 9 Zarba bergan betavfiqlardan, Har yoqdan o'rab olgan jon dushmanidan! 10 Ularning yuragini-ku yog' bosgan, Og'izlari maqtanishdan gupurmoqda. 11 Har qadamda bizni ta´qib etib, Har tomonlama o'rab olmoqdalar, Yerga urmoq uchun pusib yotibdilar. 12 Ular ovga zoriqqan arslonga, Pistirmada poylab yotgan qoplonga o'xshar. 13 Ey Xudovand, turgin! Ularning oldini olib, qulatgin! O'z qiliching-la jonimni fosiqlar qo'lidan tortib olgin! 14 Ey Xudovand, shunday odamlardan, Ha, shu jahonning odamlaridan O'z qo'ling bilan meni xalos qilgin! Ular nasibalarini bu hayotdayoq olmoqdalar. Sen ularga ravo ko'rgan oziq bilan qornini to'q qil! O'g'illari qornini ham to'q qil! Hatto kelajak avlodga ham ortib qolsin! 15 Men esa saloh ila Sening siymongni ko'rgayman, Uyg'onganim zamon Sening diydoringga to'yarman.

Zabur 17

IJROCHILAR RAHBARIGA. XUDOVAND O'Z QULI DOVUDNI BARCHA DUSHMANLARI VA SHOUL QO'LIDAN OZOD ETGAN KUNDA, DOVUD USHBU QO'SHIQ BILAN XUDOVANDNI TARANNUM ETIB, DEDI:

2 Ey Xudovand, mening quvvatim, Senga men mehr bog'ladim. 3 Xudovand - suyanchig'im mening, Qo'rg'onimu Xaloskorim mening! Tangrim - boshpana topgan qoyam, Qalqonim, qahramonim, istehkomim mening! 4 Tahsinlarimga loyiqdir Xudovand, Uni chaqirgan chog'im yovlarimdan xalos etur. 5 O'lim zanjirlari meni qurshab oldi, Balo-qazo sellari dahshatga chulg'adi. 6 Tamug' iplariga ilinib qoldim, O'lim to'rlariga o'ralib qoldim. 7 Tang ahvolimda Xudovandni chaqirdim, Xudoyimga faryod etib yolvordim. O'z ma´badidan Ul eshitdi ovozim, Fig'onim Uning dargohiyu qulog'iga yetdi. 8 Onchoq dunyo larzaga kelib qaltiradi, Tog'lar poydevori titrab junbushga keldi. Chunki Tangri Taolo g'azabga mindi. 9 Uning burnidan tutun chiqdi, Og'zidan halokatli otash sochildi, Yonayotgan cho'g'lar yog'ildi Undan. 10 U ko'klar bag'rini tilib tushdi, Tim zulmat oyoqlari ostida edi. 11 U malakka minib uchib, Yel qanotlari uzra parvoz etdi. 12 Tun pardasini O'ziga yopinchiq qilib, Tubsiz, sim-siyoh suvlarga berkinib, Quyuq falak bulutlariga burkandi. 13 Uning huzuri nurafshanligidan bulutlar qochdi, Do'l va yonayotgan cho'g'lar yog'ildi. 14 Xudovand ko'klarni gulduratdi, Xudoyi Taolo tovushini eshittirdi, Do'l va yonayotgan cho'g'lar yog'dirdi. 15 U o'qlarini otib yovlarini tarqatdi, Chaqmog'ini chaqnatib ularni to'zitib yubordi. 16 Ey Xudovand, Sening qahrli tovushingdan, Ruhingning g'azabnok sadosidan Suv chashmalari ochilib qoldi, Dunyoning poydevori yaqqol ko'rindi. 17 U ko'kdan enkayib qo'limdan ushlab qoldi, Azim suvlar ichidan meni chiqarib oldi. 18 U meni baquvvat dushmanlarimdan, Mendan kuchli g'animlarimdan xalos etdi. 19 Ofatli kunimda ular qarshimga chiqdi, Lekin Xudovand mening tayanchim bo'ldi. 20 U meni kenglikka chiqarib qo'ydi, Mendan rozi bo'lib, erkinlikka chiqardi. 21 Xudovand salohimga yarasha meni siylar, Qo'llarim pokligi bo'yicha meni taqdirlar. 22 Chunki men Xudovand yo'llarini tutdim, Xudoyim yo'lidan chiqib yomonlik qilmadim. 23 Uning butun hukmlari ko'z o'ngimdadir, Uning qonunlaridan chekinmadim aslo. 24 Uning oldida sidqi dil bilan yurib, Gunohlardan o'zimni saqladim. 25 Xudovand meni solih deb taqdirladi, Halol ish qilib, Unga maqbul bo'ldim. 26 Sodiq kishiga Sen sadoqat ko'rsatasan, Samimiy odamga samimiy bo'lasan. 27 Pok kishiga poklik ato qilasan; Biroq egri odam bilan ters yo'l tutasan. 28 Ezilgan xalqni O'zing qutqarib, Manmanlarni esa qaqshatasan. 29 Yo Rabbim, Sen mening shamimni yoqasan, Zulmatimni Xudoyim O'zi yorug' aylar. 30 Sening madading ila men qo'shinga ham zarba beraman, Xudoyim nomi bilan to'siq oshib ketaman. 31 Tangrining yo'li komildir, Xudovandning kalomi sofdir. Undan panoh so'ragan hammaga U bir qalqondir. 32 Xudovanddan boshqa tangri kim ekan? Xudoyimizdan bo'lak panoh qoyasi bormikan? 33 Tangri belimga quvvat kamarin bog'lar, Yo'limni O'zi kamolga yetkazar. 34 U oyoqlarimni bug'u oyoqlariday qilib, Meni baland yerlar ustiga turg'izar. 35 Qo'llarimni U jangga o'rgatar, Mis yoyni otish ham qo'limdan kelar. 36 Sen menga najot qalqoningni bergansan. Sening qo'ling - tayanchim mening, Iltifoting meni yuksaltirur. 37 Oyog'imni O'zing sobitqadam qilursan, Qimir etmas hech tovonim. 38 Dushmanlarimni quvib ularga yetaman, Ularni tor-mor qilmaguncha qaytmayman. 39 Ularga zarba qilsam, qad ko'tarmaslar, Oyoqlarim ostiga yiqilib qolarlar. 40 Jang qilmog'im uchun belimga quvvat kiritarsan, Menga qarshi chiqqan yovni oyog'im ostiga cho'ktirarsan. 41 Dushmanlarimning orqa tomonini menga burding, Mendan nafrat etganlarni qirib bitiraman. 42 Ular faryod etsa-da, qutqaruvchi bo'lmas, Xudovandni chaqirsalar-da, U eshitmas. 43 Yel to'zonni ko'kka sovurganday, Men ularning kulini ko'kka sovuraman, Yo'l ustidagi loy kabi toptab tashlayman ularni. 44 Sen harbu zarbdan meni xalos etding, Yot xalqlarga meni sardor qilding, Men bilmaydigan el menga qaram bo'ldi. 45 Ular ovozimni eshitiboq itoat etadilar, Ajnabiylar menga shirinzabonlik etadilar. 46 Qal´alaridan tir-tir titrab chiqadilar, Holdan ketib, ajnabiy o'g'illari. 47 Xudovand barhayotdir, mening qoyamdir, Unga hamdu sanolar bo'lsin! Najotkor Xudoyim yuksalsin! 48 Tangrim mening o'chimni oladi, Xalqlarni menga tobe qiladi. 49 Dushmanlarimdan O'zing qutqarasan, G'animlarimdan ko'ra meni yuksaltirasan, Zo'ravonlar panjasidan xalos qilasan. 50 Shul sababdan, ey Xudovand, Millatlar ichra Seni madh qilaman, Ismingni tarannum etaman Sening. 51 Sen podshohingga ulug' najotlar ato qilarsan, O'z tanlaganing - Dovud va uning zurriyotiga Mangu inoyatlar baxsh etarsan.

Zabur 18

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

2 Osmon Tangri ulug'vorligini e´lon etar, Falak Uning yaratganlarini bayon etar. 3 Kun kunga suxan qilar, Tun tunga bilim qo'shar. 4 Na so'zlar bor, na biron kalom, Eshitilmas ularning tovushi. 5 Lek butun dunyoga yoyildi daragi, Yerning to'rt tarafiga yetdi xabari. Mana, quyosh uchun ham makon qurilgan! 6 U quyoshdirki, go'shangadan chiqqan kuyovday, Botirday quvonib, o'z yo'lida yelib ketar. 7 Uning chiqishi osmonning bir chetidandir, Davrasi esa ko'k yuzi chegarasiga qadardir. Hech na berkina bilmas uning taftidan. 8 Xudovand Qonuni mukammaldir, U jonga jon kiritadi. Xudovand vahiysi barqarordir, U sodda odamga donish beradi. 9 Xudovand farmoni rostdir, U ko'ngilni quvontiradi. Xudovand amri yorug'dir, ko'zni yoritadi. 10 Xudovanddan qo'rqmoqlik pok va boqiydir, Xudovandning bari hukmi haq va to'g'ridir. 11 Oltindan, musaffo zardan ham ko'ngilliroqdir, Asaldan, mumli bol tomchisidan ham shirinroqdir. 12 Mana, Sening quling ham ulardan ibrat olur, Ularga rioya etgan kishi buyuk mukofot topur. 13 Adashmaslikka kimning fahmi yetar? Yashirin xatolardan meni poklagin! 14 Qasdan qiladigan gunohlardan ham saqla bandangni, Ular menga hokim bo'lmasin! Shunda men beayb bo'lurman, Og'ir gunohdan ham xoli bo'lurman. 15 Ey Xudovand, og'zimdan chiqadigan so'zlar, Qalbimdan kechadigan andishalar Sening oldingda maqbul bo'lsin, Ey, mening suyanchim va Xaloskorim!

Zabur 19

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

2 Og'ir kunda Xudovand seni eshitsin! Yoqub Xudosining ismi qo'rg'oning bo'lsin! 3 Muqaddas makonidan senga yordam yuborsin! Siondan senga madad yo'llasin! 4 Barcha xayr-ehsonlaringni qabul etsin! Kuydirgan qurbonlaringni yodda tutsin! SALOT 5 Senga ko'ngling tilaganicha bersin! Butun armonlaringni ro'yobga chiqarsin! 6 Biz sening g'alabalaringni kuylaymiz, Xudoyimiz nomi ila tug'larimizni ko'taramiz. Xudovand barcha murodlaringni bajo keltirgay! 7 Endi aniq bildimki, Xudovand tanlagan podshohini qutqarar, O'zining muzaffar qo'lini uzatar, Najot yuborib osmoni shariflaridan. 8 Ba´zilar jang arobalari bilan maqtanar, Boshqalar otu otliq bilan gerdayar. Bizlar esa Rabbimiz nomi bilan, Xudovand ismi bilan faxrlanamiz. 9 Ular yiqilib tushdilar, Bizlar esa ko'tarilib tik turibmiz. 10 Ey Xudovand, podshohga zafar bergin! Seni chaqirgan kunimizda javob bergin!

Zabur 20

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

2 Ey Xudovand, Sening qudrating ila podshoh sevinur, Yuborgan najoting-la u behad masrur bo'lur. 3 Ko'ngil armonini unga berding, U neki tilasa, rad etmading. SALOT 4 Sen ne´matu barakatlar bilan uni kuzatding, Boshiga sof oltindan toj kiygizding. 5 Sendan u hayot so'radi - unga berding, Uzoq umr hamda baqo bag'ishlading. 6 Sen baxsh etgan najot tufayli uning dong'i oshdi, Sharaf-shon va dabdabalarga sazovor qilding uni. 7 Ha, Sen uni abadiy muborak aylading, O'z huzuringdagi baxt-saodatga muyassar etding. 8 Podshoh Xudovandga umid bog'lagan, Haq Taoloning inoyati ila u tebranmas. 9 Sening o'ng qo'ling barcha yovlaringni topib oladi, Senga g'araz qiluvchilarni topib oladi qo'ling. 10 Ey Xudovand, Sen zuhur etdiging zamon, Ularni qizigan tandirga aylantirasan. Sen qahringni sochib barham berasan, Olov kuydirib ado etadi ularni. 11 Sen ularning naslini yer yuzidan supurib, Zurriyotini bani-inson orasidan quritasan. 12 Senga qarshi yomonlikni o'ylaganlar Qora niyatlariga erisha olmaslar. 13 Sen o'q-yoyingni shay qilib, Yuzlariga qarab o'q uzasan, Toki maqsadlari puchga ketsin. 14 Ey Xudovand, qudrating ila yuksalaver! Biz Sening botirligingni kuylaymiz, Senga hamdu sanolar o'qiymiz.

Zabur 21

IJROCHILAR RAHBARIGA. «TONGDA CHIQQAN KIYIK» KUYIGA. DOVUD SANOSI.

2 Tangrim! Tangrim! Nega meni tashlab qo'yding? Men nolayu fig'on chekyapman, Sen esa yiroqdasan, qutqarmayapsan. 3 Ey Xudoyim, Kunduzlari arz-dodimni qilyapman, Ammo Sen quloq solmayapsan; Kechalari ham menda tinim yo'q. 4 Biroq Sen - muqaddassan, Isroilning sanolari uzra saltanatlisan. 5 Ota-bobolarimiz Sendan umid qilardilar, Umid qilardilar-u, Sen ularni xalos etarding. 6 Senga faryod etardilar-u, qochib qutulardilar, Senga ishonib, sharmanda bo'lmasdilar. 7 Lekin men - inson emas, qurtman, Sharmandayi olamman, el aro yuzim qora. 8 Meni ko'rgan barcha mazax qiladi, Burnini jiyirib, bosh irg'atib deydilar: 9 «Xudovandga e´tiqod qildi, U xalos etsin! Xudovand undan rozi ekan, O'zi qutqarsin!» 10 Sensan-ku meni onam qornidan yorug' yuzaga chiqargan, Volidam ko'kragida tinch yotqizgansan meni. 11 Mavludimdanoq Senga nazr qilinganman, Onam qornidan chiqqanimdan buyon Sen mening Tangrimsan. 12 Endi mendan uzoqlashma, Qayg'u yaqin, madadkorim qolmadi. 13 Bir gala buqalar meni qurshab oldi, Zo'r Bashan buqalari menga yopirildi. 14 Ov qo'msab o'kirayotgan arslon kabi Ular menga og'izlarini katta ochdi. 15 Mening ichlarim sel bo'lib oqyapti, Butun suyaklarim bo'g'ini bo'shashguday bo'ldi, Yuragim tanimda mum kabi erib bitdi. 16 Darmonim sopol parchasidek qurib qaqshadi, Tilim tanglayimga yopishib qoldi. Sen meni o'lim xokiga topshirding-ku! 17 Mana, itlar meni qurshab oldi, Yovuzlar to'dasi meni o'rab oldi, Ular qo'llarim va oyoqlarimga ham sanchdi. 18 Suyaklarimni birma-bir sanay olaman, Ular menga tikilib baqraymoqdalar. 19 Kiyimlarimni o'zaro bo'lishib olib, Libosim uchun qur´a tashladilar. 20 Ey Xudovand, mendan uzoqlashma, Sensan majolim mening, yordamga shoshil! 21 Hayotimni dami tig'dan saqlagin, Itlar panjasidan qutqar jonimni! 22 Sher komidan meni tortib chiqargin, Yakkashox muguzlaridan asragin meni! 23 Sening ismingni birodarlarimga e´lon etgayman, Jamoat ichra Senga hamdu sanolar ayturman. 24 Ey siz, Xudovanddan qo'rqqanlar, Unga hamdu sanolar o'qinglar! Uni siylanglar, ey Yoqubning barcha zurriyoti! Tavof qilingiz, Isroilning jami avlodlari! 25 U ezilganning dardini kamsitmadi, Xor qilmadi, yuzini burmadi undan, Uning faryodiga quloq soldi. 26 Sengadir hamdu sanoyim ulug' jamoat ichra, Nazr-niyozimni bajo keltirgum xudotarslar ichra. 27 Bechorahollar bo'lsa, ular yeb to'yadilar, Xudovandni qidiruvchilar Unga sanolar o'qisin, Dilingizga jon kirsin, to abad! 28 Dunyoning to'rt burchida yashovchi insonlar Xudovandni yod etib, Unga qaytib kelajaklar, Bor elu elatlar Xudovandga sajda qilajaklar. 29 Xudovand - hokimi mutlaqdir, El-xalq ustidan U hukmfarmodir. 30 Bu dunyoda yeb-ichib to'ygan, O'ziga to'q bo'lgan barcha Unga sajda qilajak. O'z hayotini saqlayolmay, go'rga borgan barcha Uning oldida tiz cho'kajak. 31 Hozirgi zurriyot Unga xizmat qilajak, Keyingi naslga Rabbim haqida darak yetajak. 32 Tug'ilajak avlodga ham e´lon qilib, Rabbimning ajoyibotini xabar qilajaklar.

Zabur 22

DOVUD SANOSI.

1 Xudovand - Cho'ponim mening, Men muhtojlik ko'rmayman aslo. 2 U meni yam-yashil yaylovlarda yotqizar, Orombaxsh suvlar bo'ylab yetaklab borar. 3 Jonimga U tetiklik kiritar, O'z nomi uchun meni to'g'ri yo'lga boshlar. 4 O'lim vodiysi zulmatida yursam ham, Dahshatlardan men qo'rqmayman. Chunki Sen menga hamrohdirsan, O'z hassangu xiviching menga tasalli berar. 5 Yovning ko'z o'ngida menga dasturxon tuzagansan, Xushbo'y moy ila moylagansan boshimni, Lim-lim to'ldirgansan kosamni. 6 Umrim bo'yi xayru inoyat izimdan yurar, Bor kunlarim Xudovandning uyida o'tar.

Zabur 23

DOVUD SANOSI.

1 Xudovandnikidir butun dunyoyu Uni to'ldirgan borliq, Yer yuziyu barcha unda yashovchilar. 2 U dengizlar uzra yerni bunyod etgan, Ummonlar uzra uni mahkam o'rnatgan. 3 Xudovandning tog'iga kim chiqib boradi? Uning muqaddas makonida kim tura oladi? 4 Kimki qo'li halol, ko'ngli pok, Yolg'on-yashiq gapga ko'ngil bog'lamas, Makkorona qasamyod qilmas ekan, 5 U Xudovanddan barakat topar, Xaloskor Xudosidan najot topar. 6 Mana budir Xudovandni qidiruvchilar nasli; Ey, Yoqubning Xudosi, ana shundaydir Sening huzuringga intiluvchilar nasli! SALOT 7 Ey darvozalar, kengroq ochiling, Balandroq ko'tariling, mangu qopqalar; Toki ulug'vor Podshoh kirib kelsin. 8 Kimdir bu ulug'vor Podshoh? Qudratli va muzaffar Xudovanddir, Jangda zafar quchg'usi Xudovanddir U. 9 Ey darvozalar, kengroq ochiling, Balandroq ko'tariling, mangu qopqalar; Toki ulug'vor Podshoh kirib kelsin. 10 Kimdir bu ulug'vor Podshoh? Mana, Xudovand, Sarvari koinot, Udir ulug'vor Podshoh! SALOT

Zabur 24

DOVUD SANOSI.

1 Senga, ey Xudovand, dilimni yo'llayman. 2 Senga tavakkal qilaman, ey Xudoyim! Men sharmanda bo'lmayin, Dushmanlarim tantana qilmasin ustimdan! 3 Senga umid bog'lagan hech kim sharmanda bo'lmas; Sababsiz xoinlik qilganlar esa sharmandayu sharmisor bo'lsin. 4 Ey Xudovand, menga O'z yo'lingni ko'rsatgin, O'z yo'riqlaringni o'rgatgin menga. 5 Meni haqiqating yo'lidan boshlab, o'rgatgin, Chunki Najotkor Xudoyim O'zingsan, Kundan-kun umidim Senda. 6 Ey Xudovand, O'z marhamatingni, Azaliy inoyatlaringni eslab tur! 7 Yoshlik chog'ida qilgan gunohlarim Va jinoyatlarimni esga solma. O'z rahmingu muruvvatingni yodlab, Menga rahm aylagin, ey Xudovand! 8 Xudovand muruvvatli va adolatlidir, U gunohkorlarga yo'l-yo'riq ko'rsatur. 9 Bo'ysunganlarni to'g'ri yo'lga boshlar, Beozorlarga O'zi rahnamo bo'lar. 10 O'zining ahdu nizomin tutganlar uchun Xudovandning barcha yo'llari inoyat va haqiqatdir. 11 Ey Xudovand, O'z noming xotiri uchun gunohimdan o'tgil, Chunki ko'pdir mening gunohim. 12 Xudovanddan qo'rqqan odam kim? Tanlaydigan yo'lini unga O'zi ko'rsatar. 13 Jon-tani farog'atga erishar, Zurriyoti esa yerga ega bo'lar. 14 Xudovand O'z sirini xudotarslarga ochar, Undan qo'rqqanlarga ilohiy ahd nasib etar. 15 Ko'zlarim doim Xudovanddadir, Oyog'imni O'zi to'rdan tortib olar. 16 Menga nazar solib, mehribonlik qilgin, Chunki men yolg'iz va tushkunman. 17 Yuragimda dard to'lib-toshgan, Balolarimdan meni qutqargin! 18 Tushkunligim va ezilganligimni ko'rgil, Barcha gunohlarimdan kechgil! 19 Dushmanlarimni ko'rgin, qanchalik ko'paygan ular! Ashaddiy nafrat sochib menga qasd qilmoqdalar. 20 Jonimni O'zing saqla, xalos qilgin meni! Sendan panoh topdim deb sharmanda bo'lmayin. 21 Soflik va to'g'rilik saqlasin meni, Chunki Senga umid bog'laganman. 22 Ey Xudo, Isroilni barcha dardlaridan qutqargin!

Zabur 25

DOVUD SANOSI.

1 Ey Xudovand, yuzimni yorug' qilgin, Chunki men pokdil bo'lib yurdim; Xudovandga tayanib ikkilanmadim. 2 Ey Xudovand, Meni imtihon qil, sinab ko'rgin, Ko'nglim va yuragimni sinovdan o'tkazgin! 3 Sening inoyating ko'zim oldidadir, Men Sening haqiqating ila yurdim. 4 Yolg'onchi odamlar aro o'tirmasman, Yurmasman ham hiylagarlar birlan. 5 Badkirdorlar jamiyatidan nafratlanaman, Betavfiqlarga bo'lmasman hamsuhbat. 6 Halol qo'llarimni chaydim, ey Xudovand, Sening qurbongohingni aylanib chiqaman. 7 Senga shukronalar aytaman, Mo'jizalaringni bir-bir hikoya etib. 8 Ey Xudovand, Sening maskaningni, Jaloling o'rin olgan makonni sevaman. 9 Jonimni gunohkorlar joni bilan, Tanimni qonxo'rlar tani bilan bir sanab, barham bermagin! 10 Ularning-ku so'l qo'li fojirlik, O'ng qo'li poraga to'lib-toshgan. 11 Men bo'lsam, pokdil bo'lib yuraman; Xalos qilgin meni, ayamagil mehring! 12 Tekis maydonda turibdi oyog'im mening, Yig'inlarda Xudovandni olqishlagayman.

Zabur 26

DOVUD SANOSI.

1 Nurim va najotkorim Xudovanddir, Kimdan men qo'rqaman? Hayotim qo'rg'oni Xudovanddir, Kimdan xavotirlanaman? 2 Yovuzlar etimni g'ajimoq-chun hujum qilganda, O'zlari qoqilib qulaydi, o'sha ashaddiy yovlarim. 3 Yuragimga dahshat tushmaydi, garchi Qarshimga jangga tizilsalar ham. Hatto hamla qilsalar ham, Komildir mening ishonchim. 4 Xudovanddan bir tilagim bor, Faqat o'shani izlayman: Xudovand uyida umrbod turayin, Xudovand jamolini tamosho qilayin, Uning ma´badini ziyorat qilib. 5 Og'ir kunda U meni himoyasiga olar, O'z makoni soyasida meni yashirar, Qoya ustiga meni yuksaltirib qo'yar. 6 Endi men bosh ko'tarib yuraman, Qurshab olgan yovlar ustidan g'alaba qilaman. Xudovand makoniga tantana ila kirib, Xursandlik ila qurbonlik keltiraman. Xudovandni kuylab vasf qilaman. 7 Ey Xudovand, Chaqirgan paytim ovozimni eshitgin, Mehribonlik qilib, menga javob bergin! 8 «Huzurimni qidiring» degan so'zingni Men dilimga tugib qo'ydim. Sening huzuringni qidiraman, ey Xudovand! 9 Mendan yuz o'girmagin, G'azab ila siltab tashlama qulingni! Sen mening panohim bo'lgansan-ku, Mendan voz kechma, tashlab ketma, Ey, mening najotkorim Xudovand! 10 Ota-onam meni tashlab ketsa-da, Xudovand meni qabul qilar. 11 Ey Xudovand, O'z yo'l-yo'rig'ingni menga o'rgatgin, Yovlarim sababli meni to'g'ri yo'lga boshla! 12 Ag'yorim ixtiyoriga topshirmagin meni! Mana, yolg'onchi shohidlar, Qahr-zo'g'im sochib turgan zo'ravonlar Menga qarshi hujum boshladi! 13 Menga qolsa, ishonchim komilki, Men tiriklar diyorida qolaman, Xudovandning barakatlarini ko'raman. 14 Xudovandga umid bog'la! Baquvvat bo'l, dadil bo'l, Xudovandga umid bog'la!

Zabur 27

DOVUD SANOSI.

1 Ey Xudovand, mening suyangan qoyam! Seni chaqiraman, meni eshitmay qolmagin! Sen menga javob bermasang gar, Yer bag'riga tushganlarga o'xshab qolarman. 2 Men Senga yolvorib fig'on qilsam, Muqaddas makoning tomon qo'llarim cho'zsam, Munojotimga quloq solgin! 3 O'z qo'shnilari bilan do'stona gapirib, Dilida esa qora niyat saqlayotgan betavfiq, Yomon odamlar birla meni qirib tashlama! 4 Sen ularning qilmishiga yarasha, Kirdikorlari yomonligiga yarasha, Qo'llari bulg'angan qabihliklariga yarasha jazo ber! 5 Ular-ku Xudovandning faoliyatiga, Uning bajargan ajoyib ishlariga beparvo qaraydi. Xudovand ularni xonavayron qiladiyu, Tag'in hech barpo etmas. 6 Xudovand hamdu sanoga munosibdir, U mening tavallolarimni eshitdi. 7 Xudovand mening qudratim va qalqonimdir. Men chin yurakdan Unga umid bog'ladim, U menga yordam berganda, dilim quvonchga to'ldi; Qo'shig'im bilan Unga shukrlar deyman. 8 Xudovand O'z xalqining qudratidir, Tanlagan podshohiga najotkoru qo'rg'ondir. 9 O'z xalqingga O'zing najot bergin, O'z mulkingni muborak aylagin! Ularni abadiy yuksaltirib borgin!

Zabur 28

DOVUD SANOSI.

1 Ey Tangri o'g'illari, Xudovandga tan bering! Xudovandning shavkati va qudratiga tan bering! 2 Xudovandning ismi sharafiga tan bering! Muqaddas ko'rkda Xudovandga sajda qiling! 3 Xudovandning ovozi suvlar uzradir, Ulug'vor Tangri gulduros tovush chiqarur, Azim suvlar ustidadir Xudovand. 4 Xudovandning ovozi kuchlidir, Xudovandning ovozi mahobatlidir. 5 Xudovandning ovozi kedr daraxtini qulatar, Lubnon kedrlarini yorib tashlar Xudovand. 6 U ularni buzoqdayin o'ynatar, Lubnon va Sirio'n tog'ini buqadek choptirar. 7 Xudovandning ovozi o't alangasini yorib yuborar. 8 Xudovandning ovozi cho'lni titratar, Qadesh cho'lini larzaga solar Xudovand. 9 Xudovandning ovozi bug'ularni tug'dirar, O'rmonlarni yalang'ochlab yuborar. Ma´badida esa hammasi Uning ulug'vorligini kuylar. 10 To'fon bo'lganda Xudovand taxtida o'tirar edi, Xudovand mangu Podshoh bo'lib taxtiga o'tirgan. 11 Xudovand O'z xalqiga kuch-qudrat ato etar, Xudovand O'z xalqiga barakayu osoyish baxsh etar.

Zabur 29

DOVUDNING UYMUBORAK MADHIYASI.

2 Seni ulug'layman, ey Xudovand, Sen meni chuqurlikdan chiqarib olding, Yovlarimning tantana qilishiga yo'l qo'ymading. 3 Ey Xudoyim, Senga faryod qildim, Ey Xudovandim, menga shifo berding. 4 Jonimni o'liklar diyoridan qaytarding, yo Rab, Qabrga kirmasligim uchun menga hayot bag'ishlading. 5 Xudovandni tarannum eting, ey, Uning muxlislari! Uning muqaddasligi sharafiga shukrlar qiling! 6 Chunki Uning g'azabi - bir lahzalik, Lutfu karami esa umrboddir. Oqshomda yig'i hukm sursa, Saharda shodiyona kelur. 7 Men esam o'zimga amin bo'lib, To abad tebranmasman, degan edim. 8 Ey Xudovand, muruvvat etgan chog'ingda Meni qudratli toqqa aylantirding; Biroq mendan yuz o'girganingda, Men sarosimaga tushdim. 9 Senga, ey Xudovand, iltijo qildim, Men o'z Rabbimga yalinib-yolvordim: 10 Men o'lib go'rga kirsam, Hayotimdan ne foyda? Tuproq Senga shukrona aytarmikan, Haqiqatingni yuqori ko'tararmikan? 11 Quloq bergin, ey Xudovand, Menga mehribonlik qilgin! Yo Rab, O'zing menga madadkor bo'lgin! 12 Sen motamimni raqsga aylantirding, Qora kiyimimdan forig' qilding, Baxt-sevinch libosini kiygizding. 13 Yo Xudoyo Xudovando! Senga tinimsiz sanolar o'qisa arziydi, Men Senga abadiy shukrlar aytaman.

Zabur 30

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

2 Ey Xudovand, Seni panohim deb bilaman, Abadiy sharmanda bo'lmayin! O'z adolating haqi meni qutqargin! 3 Menga quloq sol, tezroq xalos qilgin! Men uchun suyanadigan tog', Najot topadigan qal´a bo'lgin! 4 Mening qoyam va qo'rg'onim Sen ekansan, O'z isming sha´ni uchun meni yetaklab, Menga rahnamo bo'lgil! 5 Men uchun yashirishgan to'rdan chiqarib qo'y, Chunon Seni panohim deb bildim. 6 Ruhim Sening qo'lingda omonatdir. Sen menga erkinlik berasan, Ey Xudovand, ey Haq Taolo! 7 Bema´ni butga sig'inuvchilardan nafratlanib, Men faqat Xudovandga umid bog'layman. 8 Sening inoyating uchun men shod-xurramman, Sen bechorahol bo'lganimni ko'rding, Jonim azob-uqubatda qolganini bilding. 9 Dushman qo'liga meni topshirmading, Oyoqlarimni keng yerlarga qo'yding. 10 Ey Xudovand, menga rahm-shafqat ko'rsat, Yuragimga qil sig'may bo'lib qoldi. Qayg'udan ko'zim xiralashdi, Botinim, jon-tanim ado bo'ldi. 11 Mana, hayotim g'am-g'ussada, Umrim oh-zor bilan o'tib ketdi. Gunohlarim uchun iligim qurib, suyaklarim qaqshadi. 12 Barcha raqiblarim nazarida uyatga qoldim, Qo'ni-qo'shni va tanishlarimga olabo'ji bo'ldim. Ko'chada ko'rgan barcha mendan qochyaptilar. 13 O'lik kabi esdan chiqarildim, unutildim, Parchalangan sopolga o'xshab qoldim. 14 Ko'plarning haqoratini eshityapman, Mana, hamma yoqda vahimalar! Menga qarshi til biriktiryaptilar, Jonimni olmoq-chun suiqasd qilmoqdalar. 15 Men-chi Senga e´tiqod qilaman, ey Xudovand, Sensan mening Xudoyim, deyman. 16 Har bir kunim Sening qo'lingdadir. Dushmanlarim va ezuvchilarim qo'lidan Meni xalos qilgin! 17 Munavvar yuzingni qulingdan darig' tutma, Inoyating bilan meni xalos etgin! 18 Ey Xudovand, Senga tavakkal qildim deb uyatga qolmayin. Betavfiqlar esa sharmanda-sharmisor bo'lsin, O'liklar diyoriga tushib jimjit bo'lib qolsin. 19 Yolg'onchilar tili lol bo'lsin! Ular uyalmasdan solihni haqorat qilib, Katta gapirib gerdayib yuribdilar. 20 Sen O'zingdan qo'rqqanlar uchun yashirgan, El ko'zida Seni panoh bilganlar uchun yaratgan Ehsonlar xazinasi qanchalik ajoyibdir! 21 O'z huzuringda panoh topganlarni Sen inson fitnasidan saqlarsan, O'z soyangda yashirarsan yolg'on chaqiqlardan. 22 Xudovandga shon-sharaflar bo'lsin! U mustahkam shaharda menga ajoyib inoyatini ko'rsatdi. 23 Ko'zingdan judo bo'ldim, dedim men esankirab. Illo Senga faryod qilib o'tinganimda, Sen munojotimga quloq berding. 24 Xudovandni sevingiz, Uning barcha azizlari! Xudovand sodiqlarni O'z panohida asraydi, Takabburlardan esa darig' tutmaydi tegishli chorasini. 25 Ey, barcha Xudovandga tavakkal qiluvchilar, Baquvvat va dadil bo'lingiz!

Zabur 31

DOVUD QASIDASI.

1 Qanday baxtli gunohi o'tilgan, Qonunsiz ishlari afv bo'lgan odam! 2 Qanday saodatli unday kishi-kim, Xudovand inobatga olmas aybin, Ko'nglida esa biron makr yo'q. 3 Men gunohimni sir saqlaganim sayin, Suyaklarimgacha hurkirab, nolib o'tirdim. 4 Kechayu kunduz Sening qo'ling ustimda og'irlashdi, Yozning saratonidagi mevadek qurib qoldim, Tinka-madorim butunlay ado bo'ldi. SALOT 5 Sening oldingda gunohimga iqror bo'ldim, Yashirmadim hech bir aybimni. Yoziqlarimni bo'ynimga olaman, - dedim Senga, ey Xudovand. Sen esa gunohu aybimni kechirding. SALOT 6 Shul sababdan har bir xudojo'y Ijobat chog'ida Senga sig'insin, Toki azim suvlar toshqini unga yetmasin. 7 Sensan mening panogohim, Tangligimdan O'zing xalos etarsan, Ozodlik kuylari-la meni ko'mib tashlarsan. SALOT 8 «Men senga aql o'rgatarman, Yurar yo'lingni ko'rsatarman. Ko'zim sening ustingda bo'lib, Senga rahnamolik qilarman. 9 Ongsiz ot yoki xachir kabi bo'lmanglar! Ularni tutib yurish uchun yugan va suvluq taqmasang, Ular senga sira bo'ysunmas». 10 Fosiqning dardlari ko'p bo'lur. Vale Xudovandga umid bog'laganga Ilohiy lutf-karam doim yor bo'lur. 11 Xudovanddan quvoning, ey solihlar, Xurram bo'ling, tarannum eting, Ey barcha ko'ngli to'g'rilar!

Zabur 32

Yaratgan, Asraganga hamdu sanolar

1 Ey solihlar, Xudovandni kuylangiz! Dili to'g'rilarga hamdu sano yarashar. 2 G'ijjak chalib, Xudovandga shukr qiling, O'n torli chang bilan Uni tarannum eting! 3 Unga yangi bir qo'shiq kuylang, Go'zal ohang chalib, xitob qiling! 4 Zero Xudovandning kalomi - haqiqatdir, Uning barcha ishlari vafodorligidan dalolatdir. 5 Solihlik va adolatni Xudovand sevar, Uning inoyati ila dunyo to'lgandir. 6 Ko'k Xudovand kalomi bilan bunyod bo'lgan, Barcha osmon lashkari Uning amri ila yaralgan. 7 Dengiz suvlarini uyumday uyib qo'ygan, Ummonni O'z omboriga joylab saqlagan. 8 Xudovanddan butun yer yuzi qo'rqsin, Barcha ahli jahon Undan qaltirasin. 9 Zero U so'zladi, xuddi aytganiday bo'ldi; U amr berdi, amri vojib bo'ldi. 10 Xudovand majusiylar niyatini buzadi, Xalqlar murod-maqsadini puchga chiqaradi. 11 Xudovandning niyati esa boqiy turadi, Nasldan-naslga joriy bo'ladi Uning dil murodi. 12 Xudovandni Tangrimiz deb bilgan xalq baxtli! Xudovand O'z mulkim deb saylagan el iqbolli! 13 Xudovand osmondan boqar, Barcha inson o'g'illarin ko'rib turar. 14 Taxti makonidan kuzatib turib, Butun jahonni tekshirib ko'rar. 15 U jami insonning yuragini yaratgan, Inson qilmishlariga ham anglab yetar. 16 Askarlari ko'pligi bilan podshoh qutulmas, Quvvati ko'pligi uchun jangchi zafar topmas. 17 Ot jangchining boshini omon saqlayolishi yolg'ondir, Katta kuchi bilan ham uni qutqara bilmas. 18 Mana, Xudovandning ko'zi Undan qo'rqqanlarda, Uning inoyatiga umid qilganlardadir. 19 U ularning jonini o'limdan qutqazar, Ochlik paytida ularning diliga quvvat kiritar. 20 Jonimiz Xudovandga muntazir, Yordamchimiz, qalqonimiz O'zidir. 21 Qalbimiz U bilan shod bo'lur, Uning muqaddas nomi bizning tayanchimizdir. 22 Ey Xudovand, biz Senga umid bog'laganmiz, Yana inoyating bizga yor bo'lsin!

Zabur 33

ABUMALIK OLDIDA O'ZINI AQLSIZLIKKA SOLIB, UNING HUZURIDAN QUVILIB QOCHGAN PAYTDA DOVUDNING AYTGAN QO'SHIG'I.

2 Har lahzada Xudovandni olqishlayman, Uning sanosi tushmas hech tilimdan. 3 Jonim Xudovand bilan faxrlanur, Beozorlar buni eshitib sevinur. 4 Men bilan birga Xudovandni ulug'lang, Keling, birga Uning ismini sharaflaylik! 5 Xudovandga murojaat qilganimda, U menga quloq soldi-yu, Barcha dahshatlarimdan qutqardi. 6 Unga boqqanlar ziyo oldilar, Ularning aslo yuzi shuvut bo'lmas. 7 Bu faqir chaqirganda, Xudovand eshitdi, Barcha dardlaridan uni xalos qildi. 8 Xudovandning farishtasi mo'minlar atrofida qarorgoh qurgan, Undan qo'rqqanlarni O'zi xalos etar. 9 Xudovanddan lazzat olib ko'ring-chi, U qanchalik muruvvatli ekan! Baxtli Undan panoh topgan odam! 10 Xudovanddan qo'rqing, ey Uning azizlari! Undan qo'rqqan kishi muhtojlik ko'rmas. 11 Arslonlar och va muhtoj bo'lur, Xudojo'ylar rizq-nasibasi esa but bo'lur. 12 Ey o'g'illarim, keling, meni tinglang! Xudovanddan qo'rqishni sizlarga o'rgatay. 13 Hayot yaxshi, umrim uzoq bo'lsin, Yaxshi kunlar ko'ray, degan odam kim? 14 U tilini yomon so'zdan tiysin, Og'zini egri gapdan saqlasin. 15 Yomonlikdan qochib yaxshilik qilgin, Tinchlikni qidirib uning payidan bo'lgin. 16 Xudovandning ko'zlari solihlardadir, Solihlar fig'oniga U quloq solar. 17 Badkirdorlardan esa U yuz o'girar, Yer yuzidan yo'q qilar ularning xotirasin. 18 Solihlar faryod etgach, Xudovand eshitar, Barcha dardlaridan ularni xalos etar. 19 Xudovand dili vayronlarga yaqindir, Ruhi tushkunlarni O'zi qutqarar. 20 Solihning dardlari ko'p bo'lar, Biroq Xudovand uni barchasidan xalos etar. 21 Suyaklarining hech biri sinmasin deya, Ularning barchasini o'z o'rnida tutar. 22 Yovuz odam yovuzlarcha o'lib ketar, Solihga dushmanlik qiluvchilar aybdor bo'lar. 23 Qullarining jon to'lovini Xudovand berar, Undan panoh so'ragan hech kim aybdor bo'lmas.

Zabur 34

DOVUD SANOSI.

1 Ey Xudovand, Men bilan talashayotganlar bilan O'zing talashgin! Men bilan jang qilayotganlar-la O'zing jang qilgin! 2 Sovut va qalqonni olib, menga yordamga kelgin! 3 Nayzangni yalang'ochlab chiqqin, Meni quvayotganlarning yo'lini to'sgin! Jonimga: «Sening najoting Menman!» - degin. 4 Jonimga qasd qilganlar sharmandayu sharmisor bo'lsin, Menga yomonlikni o'ylayotganlar orqaga qaytsin, Yuzlari shuvut bo'lsin. 5 Shamolda uchib ketgan to'zon kabi, Xudovandning farishtasi ularni supurib tashlasin. 6 Ularning yo'li qorong'i va toyg'anchoq bo'lsin, Xudovandning farishtasi ularni haydab yuborsin. 7 Ular-ku men uchun sababsiz dom tayyorlashdi, Sababsiz jonimga qasd qilib, choh qazishdi. 8 Tasodifan ularning boshiga halokat tushsin, Yashirgan to'rlariga o'zlari tushib mahv bo'lsin! 9 Mening jonim Xudovanddan masrur bo'lur, U bergan najotdan ko'nglim quvonur. 10 Hatto suyaklarim ham tilga kirur: Ey Xudovand, ezilganni quvvatlidan, Bechora-faqirni talonchidan qutqaruvchi Sendan bo'lak kim ham bor ekan? 11 Qora niyatli shohidlar bosh ko'tarib, Bilmaydiganlarim haqida so'roq qiladilar. 12 Yaxshilik evaziga yomonlik ko'rsatib, Jonimni hijronda qoldirmoqdalar. 13 Men bo'lsam, ular og'riganda jon kuydirar, Juldurga burkanib ro'za tutar edim, Ammo mening duom o'z bag'rimga qaytar edi. 14 Xuddi u mening do'stim, Qardoshim bo'lganday munosabatda bo'lar edim, Onasi uchun aza tutgandek mungli yurar, G'am-g'ussa bilan yig'lar edim. 15 Lek men qoqilganimda ular sevinib to'plandi, Urushqoq odamlar boshimga to'planib, To'xtovsiz menga azob berishar edi, Negadir - men bilmayman. 16 Yuzlarini burishtirib uyalmay masxara qilar, Menga tishlarini qayrar edilar. 17 Yo Rabbiy, qachongacha qarab turasan? Jonimga ular berayotgan uqubatdan qutqar, Hayotimni shu yirtqichlardan xalos qil! 18 Ulug' jamoat ichra Senga shukrlar deyman, Behisob el aro Senga hamd lar aytaman. 19 Nohaq menga xusumat etganlar tantana qilmasin, Sababsiz nafrat etganlar bir-biriga ko'z o'ynatmasin. 20 Ular tinchlikni og'ziga ham olmaydilar, Mamlakatda tinch yashayotganlarga qarshi fitna uyushtiradilar. 21 Menga og'izlarini katta ochib: «Eha, ehe, ko'zimiz bilan ko'rdik!» - deyaptilar. 22 Ey Xudovand, Sen buni ko'rding-ku, Indamay o'tirmagin! Yo Rabbiy, mendan uzoqlashib ketma! 23 Harakatga kel, g'ayratga kel, Mening da´vomni inobatga olgin, Yuzimni yorug' qilgin, yo Rabbim, yo Xudoyim! 24 Ey mening Rabbim va Tangrim, Menga adolatli hukm chiqargin, Ular ustimdan tantana qilmasin! 25 «Eha, tilagimiz bajo bo'ldi!» - deb Ko'ngillaridan kechirmasinlar, «Uni yutib yubordik!» - demasinlar. 26 Baxtsizligimdan sevinganlar bari uyalsin, Ularning yuzi qora bo'lsin! Menga qarshi bosh ko'targanlar qora kiysin, Sharmandayu sharmisor bo'lishsin! 27 Meni oqlovchilar esa sevinib tarannum etsin, Ular doimo: «Xudovand yuksalaversin! U O'z quliga xotirjamlik tilagan», - desinlar. 28 Men esa Sening adolatingni tildan qo'ymay, Kun bo'yi Seni maqtab hikoya qilarman.

Zabur 35

IJROCHILAR RAHBARIGA. XUDOVAND QULI DOVUDNING SANOSI.

2 Qonunsizning fisq-fasodi dilimga g'ulu soladi, Uning ko'z o'ngida Xudodan qo'rqish degan narsa yo'q. 3 U maqtanib yurib, o'zini o'zi aldaydi, Yomonligi fosh bo'lganda esa nadomat qilmaydi. 4 Og'zidan chiqqan so'zlar egriligu makkorlikdir, Fahm-farosatdan, xayrli ishdan u bosh tortgan. 5 Yotganida ham yovuzlikni xayol qilib, Fisq-fasod so'qmog'iga qadam tashlab, Nopok niyatidan yuz o'girmaydi. 6 Ey Xudovand, Sening inoyating ko'klargacha, Sodiqliging bulutlarga qadardir. 7 Adolating Tangri tog'lariday yuksakdir, Hukmlaring esa - tubsiz ummon. Insonu hayvonni O'zing qutqarasan, ey Xudovand! 8 Yo Xudo, inoyating qanchalik bebaho! Qanotlaring soyasida odam o'g'illari osoyish topar. 9 Ular uying noz-ne´matlaridan to'yadilar, Lazzat daryolaringdan qondirarsan ularni. 10 Zotan, hayot manbayi Sendadir, Sening nuringdan biz ziyo olamiz. 11 Seni bilganlardan inoyatingni ayamagil, Rahmatingni darig' tutma yuragi soflardan! 12 Takabburning oyog'i menga yetmasin, Fosiqning qo'li meni ovora qilmasin. 13 Mana, badkirdorlar bexosdan ag'darilib, yiqilib tushdi, Ular tag'in qad ko'tara bilmas.

Zabur 36

DOVUD SANOSI.

1 Yomon odamlarga g'ashlik qilma, Badkirdorlarga havas qilma! 2 Chunki ular o't kabi tezda qurib, Yashil sabzaday so'lib ketadilar. 3 Xudovandga umidvor bo'lib yaxshilik qilgin, Yer yuzida yashab, e´tiqodni saqlagin. 4 Xudovanddan lazzat olgin, U seni ko'ngil armonlaringga yetkazadi. 5 Yo'llaringni Xudovandga topshir, Undan umid qil, U bajo keltiradi. 6 U sening haqligingni nurday porlatar, Kun yorug'ligiday yorug' qilar yuzingni. 7 Xudovand huzurida tinch tur, Unga umidvoru muntazir bo'lgil. Yo'li ochilgan firibgarga g'ashlik qilma. 8 Qahrdan chekinib, g'azabdan o'zingni tutgil, Hayajonlanib yovuzlik qilishga moyil bo'lma. 9 Yomonlik qiluvchilar bari qirib tashlanur, Xudovandga umidvorlar esa yer yuziga ega bo'lur. 10 Yana birozdan keyin fosiq yo'q bo'lur, Uning joyini ko'rasan-u, Ammo o'zi yo'qolib ketgan bo'lur. 11 Beozorlar esa yer yuziga ega bo'lajak, Ular tinch-osoyishtalikda huzur qilajak. 12 Fosiq solihga yomonlik tilab, Unga qarshi tishlarini qayraydi. 13 Fosiqning kuni bitay deb turibdi-ku, Egam buni ko'rib, unga mazax qiladi. 14 Bechora va faqirni yerga urmoq, To'g'ri yo'ldan yuruvchilarni bo'g'izlamoq-chun Fosiqlar qilich charxlab, yoylarini tortadilar. 15 Ularning tig'i qaytib, o'z yuragiga sanchilgay, Yoylari esa sinib chilparchin bo'lgay. 16 Solihning qo'lidagi oz narsasi Barcha fosiqlar mo'lchiligidan afzaldir. 17 Fosiqning-ku qo'llari sinib ketgusi, Solihlarga esa Xudovand madad bergusi. 18 Xudovand sofdillar kunlarini belgilab, Ularning nasibasini mangulikka beradi. 19 Ofat zamonida ham ular sharmanda bo'lmas, Qahatchilik kunlarida ham yeb to'yadilar. 20 Ammo fosiqlar esa-chi, halok bo'lajaklar, Xudovand dushmanlari qo'ylar podasidek to'zib ketajak, Tutunga aylanib yo'qolib ketajaklar. 21 Fosiq qarz olib uni to'lamaydi, Solih esa muruvvatu saxovat ko'rsatadi. 22 Xudovand olqaganlar yer yuzini egallab olur, U qarg'aganlar esa barham topurlar. 23 Kishi qadamlarini Xudovand to'g'rilar, U rozi bo'lgan kishining yo'lini ochar. 24 U kishi munkiganda ham yuz tuban yiqilmas, Chunki uning qo'lidan Xudovand ushlab turar. 25 Men yosh ham edim, qarib ham qoldim, Ammo solihning tashlab ketilganini, Yoki uning zurriyoti nonga zor bo'lganini ko'rmadim. 26 Kundan-kun u muruvvat ko'rsatib, Mardumga qarz berar, Zurriyoti esa muborak bo'lar. 27 Yomonlikdan bosh tortib, yaxshilik qilgin, Shunda mangu yashaysan. 28 Chunki Xudovand adolatni sevar, O'z azizlarini tashlab ketmas. Ular abadiy saqlanar, Fosiqlar tomiri esa qurib qolar. 29 Solihlar yer yuziga ega bo'lib, Unda mangu yashaydilar. 30 Solihning irni hikmatni so'zlar, Tili esa to'g'rilikni bayon etar. 31 Xudosi Qonuni diliga bo'lgan jo, Adashmas uning qadami aslo. 32 Fosiq kishilar solihni kuzatib, Uni o'ldirmoq uchun poylaydilar. 33 Xudovand ular qo'liga solihni topshirmas, Hukm paytida uni ayblashga yo'l qo'ymas. 34 Xudovandga ko'z tutib, U ko'rsatgan yo'lda yur, Yer yuziga ega bo'lishing uchun seni U yuksaltirur. Fosiqlar nobud bo'lganda sen buni ko'rursan. 35 Yovuz va zolim bir odamning ildiz otib, Yashil daraxt kabi unib yashnaganini ko'rdim. 36 Biroq u o'tdi, bitdi, yo'q bo'ldi, Uni qidirsam ham, topa olmadim. 37 Sofdilga nigoh tashla, to'g'ri odamni kuzat! Bunday kishining istiqboli osoyishtalikdir. 38 Ammo qonunsizlar bari nobud bo'lur, Fosiqlar nasli oqibatda qirib tashlanur. 39 Solihlar omonligi Xudovanddan kelur, Kulfat chog'ida O'zi ularga qal´a bo'lur. 40 Xudovand ularga madadu najot yuborur, Fosiqlar qo'lidan ularni xalos etur, Mendan panoh so'radi, deb ularni qutqarur.

Zabur 37

DOVUDNING ESDALIGI.

2 Ey Xudovand, G'azabing ila ta´zirimni berma, Qahring kelib menga jazo berma! 3 Sening o'qlaring menga sanchildi, Qo'ling ustimga og'ir bosib tushdi. 4 G'azabingdan badanimda sog' joy qolmadi, Gunohim tufayli ustuxonimda rohat yo'q. 5 Mening yomonliklarim boshimdan oshdi, Og'ir yuk kabi ustimga bosdi, Endi ko'tara olmayman. 6 O'zimning aqlsizligim tufayli Yaralarim yiringlab sasimoqda. 7 G'oyat bukchayib, cho'kib qoldim, Kun bo'yi g'amgin yuraman. 8 Ha, belim o'tday yonmoqda, Badanimda sog' joy qolmadi. 9 Majolim qolmadi, g'oyat ezildim, Yuragim alamidan dodlab yuraman. 10 Yo Rabbiy! Butun tilagim Senga ravshandir, Nolayu fig'onim Sendan pinhon emas. 11 Yuragim bezovta, quvvatim ado bo'ldi, Ko'zlarim nuridan ham mahrum bo'ldim. 12 Meni sevadigan do'stlaru mahbublarim Jarohatimdan jirkanib uzoqlashib ketdi, Xesh-aqrabo uzoqdan ko'z olaytirmoqdalar. 13 Jonimga qasd qilganlar tuzoq qo'ymoqda, Yovuzlik payidan bo'lganlar menga balo-qazodan so'zlab, Kun bo'yi hiylayu nayrang to'qimoqdalar. 14 Men esa eshitmaydigan kar kabiman, Og'zini ocha olmaydigan soqovga o'xshayman. 15 Ha, og'zidan gap chiqmaydigan, Eshitmaydigan odam bo'lib qoldim. 16 Ey Xudovand, umidim Sendandir, Yo Rabbim, ey Tangrim, Sen tinglaysan-ku! 17 Dushmanlarim tantana qilmasin, deyman, Oyog'im qoqilsa, dimog'i ko'tarilmasin. 18 Mana, men yiqilish arafasidaman, G'am-alam menga doim hamroh. 19 Men gunohimni bo'ynimga oldim, O'z aybim uchun qayg'urmoqdaman. 20 Lekin dushmanlarim bardam va kuchlidir, Mendan nohaq nafratlanganlar ko'payib ketgan. 21 Yaxshilikka javoban menga yomonlik qiladilar, Ezgu niyatim evaziga adovat saqlaydilar. 22 Ey Xudovand, meni tashlab qo'ymagin, Ey Xudoyim, mendan uzoqlashmagin! 23 Menga madad bermoq uchun shoshilgin, Yo Rabbiy, ey mening Xaloskorim!

Zabur 38

IJROCHILAR RAHBARIGA. YEDUTUNGA BAG'ISHLANGAN DOVUD SANOSI.

2 Men yurar yo'limga ehtiyot bo'layin, Aytar so'zim ila gunoh qilib qo'ymayin, Fosiq qarshimda ekan, og'iz ochmayin, dedim. 3 Tilimni tiyib, sukut etdim, Har qanday yaxshi gapni ham og'zimga olmay, jim bo'ldim. Shunda dardim ortib bordi, 4 Vujudimda yuragim haroratlandi, Xayolimdan ko'nglim o'rtandi, Nihoyat men tilga keldim: 5 Aytgil, Xudovand, umrim qazosin, Kunlarim sanog'i necha erkan, Nechog'lik foniy ekanman, bilayin! 6 Ha, Sen kunlarimni qarichlab bergansan, Umrim Sening oldingda hech narsaday, Har qanday badastir inson umri ham faqat ovoragarchilikdir. SALOT 7 Har bir odam yuradigan ko'lankaga o'xshaydi, Inson g'avg'olarining hammasi - ovoragarchilik. Mol to'playdi, biroq kimga qolishini bilmaydi. 8 Endi, yo Rabbim, men nimani kutay? Sendandir mening barcha umidim! 9 Butun qonunsizligimdan o'tib forig' qilgin, Razillar razolatiga duchor etmagin meni! 10 Indamadim, og'zimni ochmadim, Chunki Sening ishingdir bu. 11 Zarblaringni mendan chetlatgin, Qo'ling balosidan men tamom bo'ldim. 12 Sen insonni jinoyati uchun fosh etib, Jazosini beradigan bo'lsang gar, Uning bor husni, kuya yemirgandek, kukunga aylanar. Ha, har bir inson umri ovoragarchilikdir. SALOT 13 Ibodatimni eshitgin, ey Xudovand, Quloq solgin dod-faryodimga! Ko'z yoshlarimni nazarga ilmay qo'yma! Mana, Sening oldingda men bir g'aribman, Barcha bobolarim kabi bir musofirman. 14 G'azabingni mendan qaytargin, Olamdan o'tib yo'qolishimdan oldin Men bir taskin topayin!

Zabur 39

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

2 Men Xudovandga qattiq umid bog'ladim, U menga egilib, faryodimni eshitdi. 3 U meni dahshatli zovurdan, Loyli botqoqdan chiqarib oldi. Oyoqlarimni qoyaga bostirib, Qadamlarimni mustahkamlab qo'ydi. 4 U og'zimga yangi bir qo'shiq, Xudoyimiz uchun tasanno soldi. Ko'plar buni ko'rib va qo'rqib, Xudovandga umid bog'laydilar. 5 Xudovandga umid bog'laydigan, Mag'rurlarga esa yalinmaydigan, Kazzoblar bilan yurmaydigan odam baxtli! 6 Yo Rabbim, Xudoyo Xudovando, Sen ko'p ajoyibotlar ko'rsatding, Mo'jizakor maqsadlaring biz uchundir; Bunda Sening tenging yo'q. Ajoyibotlaringni bayon etib og'iz ochsam, Ularning son-sanog'i yo'q. 7 Qurbonlik va bag'ishlovdan Sen rozi bo'lmading, - Quloqlarimni ochib yubording ? Gunoh uchun yoqiladigan qurbonlikni, Baxshidani talab qilmading. 8 O'shanda men dedim: Sening huzuringga keldim, O'rog'liq bitikda men haqda bitilgan. 9 Xohishingni bajarmoq istayman, ey Xudoyim, Sening Qonuning yuragimda mening. 10 Ulug' jamoat ichra haqqoniyatni e´lon etdim, Aslo irnimga qatag'on qilmadim; Ey Xudovand, Sen bilasan! 11 Sening haqligingni yuragimda yashirmadim, Sadoqat va najotkorligingni bayon etdim, Inoyatu haqiqatingni esa sir saqlamadim ulug' jamoatdan. 12 Ey Xudovand, Darig' tutma mendan himmatlaring, Inoyatu haqiqating meni doim saqlasin! 13 Men sanoqsiz ofatlarga duchor bo'ldim, O'z gunohlarim meni quvib, boshimga yetdi, Qarashga ham botinolmayman. Ular boshimdagi sochlardan ham ko'p, Yuragim meni tark etdi. 14 Ey Xudovand, meni ozod etmoqqa rozi bo'lgin, Menga yordam berishga shoshilgin, ey Xudovand! 15 Jonim payiga tushganlarning hammasi Sharmanda bo'lsin, yuzi shuvut bo'lsin! Menga yomon niyatlarni istaganlar Orqaga qaytib kalaka bo'lsinlar! 16 Menga: «Ehe, Eha!» - deganlar Sharmisorlikdan esankirab qolsinlar! 17 Barcha Seni qidiruvchilar esa Sendan shod bo'lib sevinsinlar. Sening najotlaringni sevganlar: «Xudovand ulug'!» - desinlar mudom. 18 Men bo'lsam - bechorayu faqirman, Vale Rabbim yeydi mening g'amimni, Udir madadkoru xaloskorim mening. Kechikmagin, ey Xudoyim!

Zabur 40

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

2 Bechoraga joni kuygan kishi baxtlidir, Ofat kunida Xudovand uni qutqarar. 3 Xudovand uni asrab, hayot bag'ishlar, O'zi mamlakatda baxtli bo'lar. Sen uni dushman ixtiyoriga topshirmaysan, ey Xudovand. 4 U og'rib yotganida uni mustahkamlaysan, Xastalik to'shagini O'zing ag'darib yuborasan! 5 Men Xudovandga dedim: Menga mehribonlik qilgin, Dardimga davo bergin; Men Senga qarshi gunoh qildim. 6 Dushmanlarim meni g'iybat qiladilar, «Qachon o'lib, uning nomi yo'q bo'larkan-» - deydilar. 7 Ular meni ko'rmoqqa kelsa gar, Yolg'on so'zlab, ko'nglida yomonlik to'qiydilar, Tashqariga chiqar-chiqmas, lof uradilar. 8 Mendan nafratlanuvchilar o'zaro pichirlashib, Menga qarshi yomon niyat qiladilar. 9 «Balo-qazo yopishibdi unga, - deydilar, ? Bir yotgandan keyin joyidan turmas!» 10 Hatto mening non-tuzimni totgan, Men suyangan, men bilan totuv bo'lgan do'stim Menga qarshi tovonini ko'tardi! 11 Ammo Sen, ey Xudovand, Menga mehribonlik qilib, oyoqqa turg'az, Toki ulardan qasos olayin! 12 Mendan rozi ekaningni shundan bilaman: Dushmanim mendan aslo ustun chiqa olmaydi. 13 Sofdilligim tufayli menga madadkorsan, Yuzing o'ngida abadiy turg'azib saqlaysan. 14 Isroilning Tangrisi - Xudovandga Abadulabad shon-sharaflar bo'lsin! Omin! Omin!

Zabur 41

IJROCHILAR RAHBARIGA. QO'RAH O'G'ILLARI QASIDASI.

2 Kiyik oqar anhor suvlarini tusaganday, Ko'nglim Seni shunday tusamoqda, ey Xudo! 3 Xudoga, kuchli, barhayot Tangriga jonim tashna. Qachon kelib Xudoning huzuriga ko'rinar ekanman? 4 «Sening Xudoying qayerda-» deb Mendan kun bo'yi so'rashmoqda, Kecha-kunduz ko'z yoshim menga oziq bo'lmoqda. 5 Shularni eslaganimda ko'nglim sel bo'lyapti: Men jamoat bilan sayr etar edim, Bayram tusli, tantanavor olomon ichra, Baland ovozli kuylaru hamd lar ichra Xudoning ma´badiga borib kirar edim. 6 Ey jonim, nega bunday tushkunsan? Nechun ichimda g'ashlik qilasan? Xudoga umid bog'la! Ha, men yana Xudoga shukr aytaman, Undan kelar menga najot. 7 Jonim ichimda qiynalib ketmoqda, Shuning uchun O'rdun diyoridan, Hermo'n va Mis´or tog'laridan turib, Seni xotirlamoqdaman, ey Xudoyim! 8 Sening sharsharang ovozlari ila Girdob girdobni chorlamoqda, Sening barcha suv to'lqinlaring Ustimdan o'tib ketmoqdalar. 9 Kunduzi Xudovand inoyatini yo'llar, Kechasi esa Ungadir mening xonishim, Hayotim Tangrisigadir ibodatim. 10 Men suyangan qoyam - Xudoga deyman: Nechun Sen meni unutding? Nega yov zulmi ostida g'amgin yurar ekanman? 11 «Sening Xudoying qayerda-» deb Kun bo'yi so'rashmoqda dushmanlarim. Ularning haqorati iligimga singdi, Suyaklarim zirqirab ketdi. 12 Ey jonim, nega bunday tushkunsan? Nechun ichimda g'ashlik qilasan? Xudoga umid bog'la! Ha, men yana Xudoga shukr aytaman, Undan kelar menga najot.

Zabur 42

Ilohiy yordam uchun munojot

1 Yo Xudoyo, yuzimni yorug' qilgin! Shakkok xaloyiqqa haqligimni ko'rsat! Yolg'onchidan, hiylagardan meni himoya qil! 2 Mening Xudoyim va qo'rg'onim Sensan-ku, Nechun meni rad qilding? Nega yov zulmi ostida g'amgin yurar ekanman? 3 O'z nuring va haqiqatingni yuborgil, Ular menga yo'l ko'rsatsin, Sening muqaddas tog'ingga, Ulug' maskanlaringga meni eltsin; 4 Toki men Xudoning qurbongohiga boray, Meni quvontirgan Tangrimga shukrlar dey. Seni g'ijjak chalib kuylayman, Ey, meni shod qilgan Xudoyim! 5 Ey jonim, nega bunday tushkunsan, Nechun ichimda g'ashlik qilasan? Xudoga umid bog'la! Ha, men yana Xudoga shukr aytaman, Undan kelar menga najot.

Zabur 43

IJROCHILAR RAHBARIGA. QO'RAH O'G'ILLARI QASIDASI.

2 Yo Xudoyo! Biz o'z qulog'imiz bilan eshitganmiz, O'tgan kunlarda, qadimiy zamonlarda Sen yaratgan ajoyib ishlaring haqida Bizga otalarimiz hikoya qilib keldilar. 3 Sen O'z qo'ling-la xalqlarni quvib tashlagansan, Elu elatlarni to'ntarib, surib tashlagansan, Ota-bobolarimizning esa aziz diyorda tomir yoyishiga yo'l bergansan. 4 Ular diyorni o'z qilichi bilan olgani yo'q, Qo'l kuchlari yordamida g'alabaga erishgani yo'q. Faqat Sening qo'ling, Sening kuching, Yuzing nuri va lutfing tufayli g'alabaga erishganlar. 5 Ey Xudoyim va Podshohim, Sen O'shasan, Bani-Yoqubga O'zing najotlar yo'llagaysan. 6 Sening quvvating-la yovni suzib yuborarmiz, Ismi sharifing-la ezib tashlarmiz g'animni. 7 Men o'z kamonimga suyanmayman, Shamshirim esa meni qutqarmas. 8 Dushmanlarimizdan bizni Sen qutqarursan, Bizdan nafratlanganlarni sharmanda qilursan. 9 Kundan-kun Sen bizning iftixorimizsan, ey Xudo, Sening ismingni abadiy sharaflaymiz. SALOT 10 Biroq hozir Sen bizni tashlab, sharmanda qilding, Qo'shinlarimiz bilan jangga chiqmayapsan endi. 11 Yov oldidan bizni qochirding, Ag'yorlar bizni talon-taroj qilmoqdalar. 12 Bizni qo'ylar kabi yemish uchun topshirding, Xalqlar orasiga bizni tarqatib yubording. 13 O'z xalqingni esa tekinga sotding, Uning bahosi haqida savdolashmading. 14 Qo'shnilarimiz oldida yuzimizni qora qilding, Atrofimizdagilarga kulgi va masxara bo'ldik. 15 Ellar aro bizni kinoyaga qoldirding, Yot qavmlar bizga qarab, bosh chayqab qo'ydilar. 16 Har kuni sharmandalik ko'zim o'ngida, Yuzim qora, berkitib yuraman. 17 Tuhmatchi va tahqirchining so'kuvidan, Dushman va qasoskorning boqishidan uyalaman. 18 Bularning hammasi boshimizga tushdi, Biroq biz Seni unutmadik, Ahdingga ham xoinlik qilmadik. 19 Ko'nglimiz qaytmadi Sendan, Tovonimiz og'ib ketmadi rohingdan. 20 Illo Sen bizni ajdarho inida poymol qilding, O'lim soyasi bilan boshimizni chulg'ading. 21 Agar biz Xudoyimiz nomini unutib, Begona bir tangriga sig'inganimizda, 22 Xudovand buning hisobini so'ramasmidi? U yurak sirlarini biladi-ku! 23 Sen tufayli bizni har kun o'ldirmoqdalar, Qurbonlik qo'ylar deb hisoblaydilar. 24 Yo Rabbiy, uyg'ongin, nega uyqudasan? Turgin, bizni abadiy tashlab qo'yma! 25 Nega Sen yuzingni yashirasan, Faqir va mazlumlarimizni unutasan? 26 Jonimiz tuproqda poymol bo'ldi, Bag'rimiz yerga yopishib qoldi. 27 Sen turib, bizga yordamga shoshil, Inoyating bilan bizga najot yuborgil!

Zabur 44

IJROCHILAR RAHBARIGA. «LOLAGUL» KUYIGA. QO'RAH O'G'ILLARI QASIDASI. SEVGI QO'SHIG'I.

2 Dilimdan ezgu kalomlar to'kilaveradi, Tilim - mohir yozuvchining qalami. Yaratgan she´rimni podshohga taqdim etgayman: 3 Sen inson o'g'illarining eng go'zalisan, Lablaringdan latofatli so'zlar quyilar. Shul bois Xudo seni mangu muborak aylagan. 4 Ey botir, jamolu salobating ila Belingdagi shamshirni shaylab qo'y! 5 Shu salobating ila jangga tushgil, Haqiqatgo'ylik, olijanoblik, odillik yo'lida kurashgil! Sening qo'lingdan ajoyib ishlar kelgay. 6 Kamoning o'qlari o'tkir bo'lgay, Podshoh dushmanlarining yuragiga sanchilgay, Sening poyingga xalqlar yiqilgay! 7 Ey Xudo, Sening taxting doimiy va abadiydir, Podshohliging hassasi - haqqoniyat hassasi. 8 Sen adolatni sevib, Yovuzlikdan nafratlanasan, Shuning uchun Xudo, Sening Xudoying Tengdoshlaringdan ko'ra ko'proq Sening boshingga xurramlik moyi surtgan. 9 Butun ust-boshingdan mirra, Sabur va dolchin hidi sochilar; Fil suyagidan qilingan saroylardan kelgan O'yin-kulgi sadolari seni shod qilar. 10 Hurmatli bonularing ichra shoh qizlari bor, Malika esa O'fir oltiniga bezanib, Sening o'ng tomoningda turibdi. 11 Tingla, ey qiz, quloq solib qaragin, Qavming va otang uyini unutgin! 12 Podshoh sening go'zalligingni orzu etmoqda, Sening janobingdir u, unga sajda qil! 13 Tir qizi senga tavajjuh qilsin, Elning boylari senga yalinib-yolvorsin. 14 Haramdagi podshoh qizi juda chiroyli, Oltindan tikilgandir uning libosi. 15 Naqshinkor libosda uni shohga keltiradilar, Dugonalari uning ortidan borib, Senga uni eltadilar. 16 Ular shodligu xurramlik-la kuzatilib, Podshoh saroyiga kiradilar. 17 Bobolaring joyini o'g'illaring olgaylar, Sen butun jahonda ularni sarvar etgaysan. 18 Men nasldan-naslga Sening nomingni maqtayman, Xalqlar esa ilalabad Senga shukronalar aytgay.

Zabur 45

IJROCHILAR RAHBARIGA. «QIZLAR» KUYIGA. QO'RAH O'G'ILLARINING QO'SHIG'I.

2 Xudo bizning panohimiz va quvvatimizdir, Tang ahvollarimizda hamisha tayyor turgan yordamchimizdir. 3 Shuning uchun biz qo'rqmaymiz; Hatto yer ostin-ustin bo'lib ketsa ham, Dengizlar bag'riga tog'lar qulab tushsa ham, 4 To'lqinlar mavj urib, ko'pirib ketsa ham, Po'rtanalardan tog'u tepa silkinib ketsa ham, Biz qo'rqmaymiz! SALOT 5 Bir daryo borki, Uning oqimlari Xudoning shahriga, Taoloning muqaddas maskaniga sevinch keltirur. 6 Xudo uning o'rtasida, u tebranmas aslo. Tong otganda Xudo unga yor bo'lur. 7 Xalqlar shovqin soldi, o'lkalar tebrandi, Tangri ovoz berdi, dunyo erib ketdi. 8 Sarvari koinot bizlar bilan, Yoqub Xudosi qo'rg'onimiz bizning! SALOT 9 Keling, Xudovand qilmishlarini ko'ring, U yer yuziga qanday dahshatlar soldi! 10 Yer chetlariga qadar U janglarni to'xtatadi, Kamonni sindirib, nayzani parchalaydi, Jang arobalarini yoqib kulga aylantiradi. 11 «To'xtang, bilingki, Men - Xudoman, Xalqlar ichra nomim baland bo'lgay, Yer yuzi bo'ylab nomim baland bo'lgay». 12 Sarvari koinot bizlar bilan, Yoqub Xudosi qo'rg'onimiz bizning! SALOT

Zabur 46

IJROCHILAR RAHBARIGA. QO'RAH O'G'ILLARI SANOSI.

2 Ey barcha xalqlar, Xudo sha´niga qarsak chalinglar, Quvonchli sadolar-la xitob qilinglar! 3 Xudoyi Taolodan qo'rqmoq lozim, Butun yer yuzida U buyuk Podshohdir! 4 U bizga xalqlarni tobe qildi, Elatlarni oyog'imiz tagiga qo'ydi. 5 Suygan quli Yoqubning faxrli qismatin Bizning qismatimiz qilib belgiladi. SALOT 6 Xudo zafar shodiyonasi ila yuksaldi, Surnay ovozi-la taxtga chiqdi Xudovand. 7 Tarannum eting, Xudoga tarannum eting! Tarannum eting, Podshohimizga tarannum eting! 8 Xudo butun yer yuzining Podshohidir; Buni fahmlab, tarannum aylang! 9 Xudo xalqlar ustidan saltanatlidir, Xudo muqaddas taxtida o'ltiribdir. 10 Xalqlar asilzodalari to'plandilar, Ibrohim Xudosining qavmiga to'plandilar, Xudoga qaramdir yer yuzi sarkardalari; U g'oyat baland martabalidir.

Zabur 47

QO'RAH O'G'ILLARI SANOSI. QO'SHIQ.

2 Xudovand buzrukvordir! O'z shahrida, O'zining muqaddas tog'ida Xudoyimizni qanchalar ulug'lasa ozdir. 3 Sion tog'i go'zal tepalikdir, Butun yer yuzining sevinchidir. Shimol tog'lariday ulug'dir u, Buyuk Podshohning shahridir u. 4 Xudo uning saroylarida hozirdir, Mudofaa qal´asi O'zi ekanini ko'rsatur. 5 Shuning uchun podshohlar to'planib, Uning huzuriga saf-saf bo'lib o'tdilar. 6 Uni ko'rganlarida taajjubda qolib, Vahmu dahshat olib qochib ketdilar. 7 Tug'ayotgan xotinning to'lg'og'i kabi, U yerda ularni titroq va azob qopladi. 8 Sen sharq shamolini estirib, Tarshish kemalarini parchalab tashlading. 9 Biz Xudoyimizning shahrida, Sarvari koinotning kentida eshitgan edik, Endi xuddi o'shani ko'rdik: Xudo shaharni to abad mustahkamlaydi. SALOT 10 Ey Xudovand, Sening ma´bading o'rtasida Biz inoyatingni ko'z oldiga keltirib, mahliyo bo'ldik. 11 Ey Xudo, Sening noming qanchalik ulug'! Shuhrating yerning chetlarigacha yoyilgan, O'ng qo'ling adolatli ishlarga to'lib-toshgan. 12 Sening haqqoniy hukmlaring tufayli Sion tog'i sevinsin, Yahudo qizlari shod bo'lsin! 13 Sion chegarasini kezib, Atrofini aylanib chiqingiz, Minoralarini sanab chiqingiz. 14 Istehkomlariga yaxshi e´tibor bering, Saroylarida sayr qilinglar, Kelajak naslga ham hikoya etinglar: 15 Ana, bu - Xudodir! Abadulabad bizning Xudoyimizdir, O'limdan nariga boshlovchi Dohiymizdir.

Zabur 48

IJROCHILAR RAHBARIGA. QO'RAH O'G'ILLARI SANOSI.

2 Bunga quloq soling, ey hamma xalqlar! Ey ahli dorilfano, barchangiz tinglang! 3 Avomlaru bekzoda ham, boylaru fuqaro ham Birgalikda quloq solinglar! 4 Tilim hikmatni bayon etar, Dilimdan dono mulohazalar o'tar. 5 O'zim ham masalga quloq solib, Sirimni g'ijjak bilan anglatarman. 6 Ofatli kunlarda nechun qo'rqar ekanman? Mana, ta´qib qiluvchilarning yovuzligi Har yoqdan meni siqib qo'ymoqda! 7 Ular o'z davlatmandligiga tayanib, Boyliklari ko'pligidan gerdayib ketganlar. 8 Vale to'lov bilan qutqara olmas Biron-bir inson o'z birodarin, Xudoga pul bera bilmas Joniga najot topmoq uchun. 9 Jonlar bahosi-ku - bebahodir, Bunga kishi aslo erisha olmas. 10 Yo'qsa kishi boqiy yashar, Qabr yuzini ham ko'rmas edi. 11 Ma´lumki, hatto donolar o'lar, Ahmoq va nodon birday yo'q bo'lar, Boyliklari esa boshqalarga qolar. 12 Ular ich-ichidan xayol surib: Bizning uy-joyimiz boqiydir, deydilar, Maskanimiz nasldan-naslga o'taveradi, deb, Yer-suviga o'z nomlarini beradilar. 13 Biroq odam izzatli bo'lsa-da mangu qo'nmas, U hayvonga o'xshab yo'q bo'lib ketar. 14 Ularning bu yo'li telbalikdir, Ularni ma´qullaganlar esa ularga ergashadilar. SALOT 15 Ular qo'ylardek tamug'ga haydaladilar, O'lim esa ularning cho'poni bo'lib qolar. Subhda solihlar ular ustidan hukm surar. Ularning tani tamug'da nurab ketar, O'liklar diyori ularning qasri bo'lar. 16 Biroq mening jonimni Xudo O'lim panjasidan qutqarib qolar, O'zi meni qabul qilar. SALOT 17 Birovning davlatmand bo'lganidan, Yoki xonadoni izzati oshganidan qo'rqma. 18 U o'lganida o'zi bilan hech narsa olib ketmas, Uning izzati ham orqasidan ketmas. 19 Garchi tirikligida uni duo etishgan bo'lsa ham, Garchi u insonga yaxshilik qilib, Maqtovga sazovor bo'lgan bo'lsa ham, 20 U o'z otalari nasliga yetar, Ularday to abad yorug'likni ko'rmas. 21 Shuni anglamaydigan inson izzatli bo'lsa-da, Hayvonga o'xshab yo'q bo'lib ketar.

Zabur 49

ASAF SANOSI.

1 Xudovand, Tangri Taolo so'zladi, Quyoshning chiqar yeridan botar yerigacha U yer yuziga xitob qilmoqda. 2 Kamoli chiroyli Siondan Xudo zuhur etadi. 3 Xudoyimiz keladiyu, indamay turmas. Uning oldida yeb bitiradigan otash, Atrofida esa - shiddatli bo'ron. 4 O'z xalqiga hukm chiqarmoq uchun, U yuqoridan yeru osmonni chaqiradi: 5 «Men bilan qurbonlikka ahd qilgan Azizlarimni Menga to'plab beringlar!» 6 Osmon Uning adolatini e´lon qiladi, Xudoning O'zi - Hukmlovchidir. SALOT 7 «Ey xalqim, tinglagin, Men so'zlayman, Ey Isroil, seni qattiq ogohlantiraman, Men Xudoman, Sening Xudoyingman. 8 Qurbonliklaring uchun ta´na qilmayman, Kuydirgan bag'ishlovlaring qarshimda doim. 9 Men na hovlingdagi buqani, Na og'ilingdagi takani istayman. 10 Menikidir o'rmonning hamma hayvonlari, Tog'da yashovchi minglab jonivorlar. 11 Barcha tog' qushlarini Men bilaman, Butun dasht jonivorlari qo'lim ostida. 12 Och qolsam-da, sendan so'ramayman, Menikidir dunyo va uni to'ldirgan borliq. 13 Men buqa go'shtini yermikanman, Yoki takalar qonini icharmikanman-» 14 «Xudoga shukrona bilan qurbonlik keltir, Haq Taologa nazrlaringni bajo keltir. 15 Og'ir kunlarda Meni chaqirgin, Men senga najot beraman, Sen esa Meni ulug'laysan». 16 Biroq gunohkorga Xudo bunday deydi: «Nega sen Mening amrlarimni talqin qilib, Ahd-paymonimni og'zingga olasan? 17 Sen Mening yo'l-yo'rig'imdan nafratlanib, Kalomlarimni xor qilib tashlaysan-ku! 18 O'g'rini ko'rganda u bilan topishib olasan, Zinogar ila bir jon, bir tan bo'lasan. 19 Og'zingda yomonlikka erk berib, Tilingda hiylani to'qiysan. 20 O'tirsang, birodaringni g'iybat qilasan, O'z onang o'g'liga tuhmat qilasan. 21 Sen shu ishlarni qilding, Men esa indamadim; Shunda Meni o'zingga o'xshash deb o'ylading. Endi Men adabingni berib qo'yaman, Gunohingni ko'z o'ngingda fosh qilaman. 22 Endi shuni anglab oling, Ey sizlar, Xudoni unutganlar! Yo'qsa sizlarni parchalab tashlarman Va najotkoringiz qolmas». 23 «Shukrona bilan qurbonlik keltirgan Meni ulug'laydi, Shu yo'lda to'g'ri yurganlarga Men ilohiy najot yo'llayman».

Zabur 50

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI. DOVUD BINT-SHABONI OLGANDAN SO'NG, NATAN PAYG'AMBAR UNING OLDIGA KELGANDA USHBUNI O'QIGAN.

3 Ey Xudo, menga inoyat qilib, Mehribonlik ko'rsatgin! Cheksiz rahm-shafqating tufayli Qonunsiz ishimdan kechib yuborgin! 4 Aybimni tamoman yuvib tashla, Gunohimdan meni tozalagin! 5 Qilmishimni qonunsizlik deb tan olaman, Qilgan gunohim ko'z o'ngimdadir mudom. 6 Men Senga, faqat Senga qarshi gunoh qildim, Sening ko'z oldingda yomonlik qildim. Sen esa so'zingda doim barhaqsan, Hukm qilganingda faqat odilsan. 7 Men gunohkor bo'lib dunyoga kelganman, Onam meni gunoh ichida tuqqan ekan. 8 Sen ko'ngillardan haqiqatni qidirasan, Yashirin qalbimga hikmatni o'rgatasan. 9 Meni issop bilan tozala, pok bo'lay, Meni yuvgin, qordan ham oq bo'lay! 10 Menga shodligu xursandlik mujdasin keltir, Sen ezgan suyaklarimga yana jonu quvonch kirsin! 11 Gunohlarimdan yuzingni o'girgin, Barcha yomonliklarimdan kechib yuborgin! 12 Ey Xudo, menda pok yurakni yaratgin, Ichimda yangi, sobit ruhni bunyod etgin. 13 Meni O'zingdan uzoqlashtirib tashlama, O'z Muqaddas Ruhingni mendan olma. 14 Najoting ila meni qayta quvontirgin, Irodali ruh ila meni mustahkamlagin. 15 Qonunbuzarlarga Sening yo'llaringni o'rgataman, Gunohkorlar Senga qaytib kelsinlar. 16 Qonimdan o'tavergin, ey Xudoyim, Najotkorim, Sening adolatingni tarannum etsin tilim. 17 Qulfi dilimni O'zing ochib yuborgin, yo Rabbiy, Tilimdan tushmasin endi Sening sanolaring! 18 Sen qurbonlikni xohlamassan, Aks holda uni so'yib keltirar edim; Kuydirilgan bag'ishlovdan ham rozi bo'lmassan. 19 Xudoga ma´qul bo'ladigan qurbonlik - buzilgan ko'ngildir. Buzilgan, ezilgan ko'ngilni Sen xorlamassan, ey Xudo. 20 Sionga lutfu karam aylagin, Quddus devorlarini obod qilgin! 21 O'shanda halol qurbonliklar keltirilajak, O'shanda yoqiladigan qurbonliklar tutuni Sening rizoligingni topajak, Qurbongohingda novvoslar qurbon qilinajak.

Zabur 51

IJROCHILAR RAHBARIGA. EDO'MLIK DO'EG SHOUL OLDIGA BORIB: «DOVUD AXIMALIKNING UYIGA KIRIBDI», - DEB BILDIRGAN PAYTDA DOVUDNING AYTGAN QASIDASI.

3 Ey zo'ravon, nechun yovuzliging bilan maqtanib, «Tangri inoyati menga doim yor», deb yurasan? 4 Hoy hiylagar, niyati buzuq, Keskir ustaradekdir tiling! 5 Sen yaxshilikdan ko'ra yomonlikni, Haqiqatdan ko'ra yolg'onni ortiq sevasan. SALOT 6 Ey sen, makrli til, Qing'ir maqsadlarni ortiq sevasan! 7 Tangri O'zi seni abadiy halok qiladi, Seni chodiringdan quvib chiqaradi, Tiriklar diyoridan ildizingni quritib tashlaydi. SALOT 8 Solihlar buni ko'rib, qo'rqadilar, Uning ustidan kulib, deydilar: 9 «Qarang, Xudoni tayanchim deb bilmagan, Davlati ko'pligiga e´tiqod qo'yib, Boyligiga ishongan odamning oqibati shu!» 10 Men esa Xudo uyida yashnab turgan zaytun daraxti kabiman, Ilalabad Xudo inoyatiga suyanib, umid qilaman. 11 Senga mangu shukrlar deyman, yo Rab, Chunki buni Sen bajarding. Sening ismingga umid qilaman, Zero azizlaring nazdida ezgudir isming.

Zabur 52

IJROCHILAR RAHBARIGA. «QAYG'U-ALAM» KUYIGA. DOVUD QASIDASI.

2 Ahmoq o'z ko'nglida: «Xudo yo'q!» - deydi. Bundaylar buzilib borgan sari rasvo bo'ladilar. Yaxshilik qiladigan hech kimsa yo'q. 3 Xudo inson o'g'illariga osmondan boqadi, Meni qidiruvchi biror idrokli kishi bormikan, deya. 4 Illo hamma yo'ldan ozib gumroh bo'lgan, Barcha chirib, yaroqsiz bo'lgan. Ezgulik qiladigan yo'q, Hatto biror kishi ham yo'q! 5 Xalqimni bir luqma kabi yutib yuboradigan, Xudoni esa chaqirmaydigan badkirdorlarning aqli yetmasmikin? 6 Qarang, ular qo'rquvdan cho'chidilar, Ammo hech qo'rqinch yo'q edi. Xudo seni qamal qilganlarning suyaklarini sochib tashladi. Sen ularning sharmandasini chiqarding, Ha, Xudoning O'zi ularni rad etdi. 7 Koshki Siondan Isroilga najot kelsa! Xudo O'z xalqini asirlikdan qaytargach, Bani-Yoqub shod bo'lgay, Isroil sevingay.

Zabur 53

IJROCHILAR RAHBARIGA. SOZ UCHUN. ZIFLIKLAR SHOULNING OLDIGA BORIB: «DOVUD BIZNING ORAMIZDA YASHIRINMOQDA-KU», - DEGANLARIDA DOVUDNING AYTGAN QASIDASI.

3 Ey Xudo, Isming haqi uchun meni qutqargin, Qudrating ila huquqimni himoya qilgin! 4 Ibodatimni tinglagin, ey Xudo, So'zlarimga quloq bergin! 5 Ajnabiylar menga qarshi oyoq ko'tardi, Zolimlar jonimga qasd qildilar; Ular Xudoni pisand qilmaydilar. SALOT 6 Mana qarang, Xudo menga yordamchidir, Rabbimning O'zi jonimni asraydi. 7 U ofatni mendan qaytarib, Yovlarimning o'z boshiga soladi. Haqiqating haqi ularni mahv qil, ey Xudovand! 8 Senga chin ko'ngildan qurbonlik keltirib, Ismingga shukrlar deyman, yo Rabbim, Chunki ezgudir Sening isming. 9 Sen meni har qanday kulfatdan qutqarding, Yovlarimning sharmandaligini menga ko'rsatding.

Zabur 54

IJROCHILAR RAHBARIGA. SOZ UCHUN. DOVUD QASIDASI.

2 Ey Xudo, Ibodatimga quloq solgin, Yuz o'girma munojotimdan! 3 Meni yaxshi tinglab, javob bergin! Men qayg'uga botib, fig'on chekyapman. 4 Dushman do'q-po'pisa qilayotir, Fosiq jabr-sitam aylamoqda; Ular menga kulfat keltirmoqchi, Qahr-zo'g'im va xusumat yog'dirmoqdalar. 5 Bag'rimda yuragim o'ynayapti, Ustimga o'lim dahshatlari tushdi. 6 Menga qo'rquv va titroq keldi, Vahima bosib oldi yuragimni. 7 Koshki kabutarning qanoti menda bo'lsa edi, Uchar va rohat ham topar edim, dedim. 8 Ha, uzoqlarga uchib ketib, Cho'l-biyobonda qo'nolg'a topar edim. SALOT 9 Qiron va bo'rondan tez qochib, Bekinar joy qidirib topar edim. 10 Yo Rabbiy, Sen ularni yakson qil, Tillaridan ayirib tashla! Shaharda faqat zo'ravonlik va g'avg'oni ko'ryapman. 11 Kechayu kunduz shahar devorlari ustida yuribdilar, Shahar gunoh va kulfat bilan to'lib-toshgan. 12 Uning o'rtasida buzuqchilik hokim, Hiylayu firib maydonlaridan chiqmay qoldi. 13 Meni haqorat qilayotgan dushman emas, Aks holda chidar edim. Menga ag'yorlik qilayotgan yov emas, Yo'qsa undan qochar edim. 14 Ammo sen o'zingsan, mening tengqurim, O'rtog'im, mening jon do'stim! 15 Biz qanday birga shirin suhbatlar qilib, Olomon bilan Xudo uyiga kirib chiqar edik... 16 O'lim ularning boshiga kelsin, Tamug'ga tirikligicha ketsinlar! Ularning uylaridayu ichlarida - faqat yovuzlik. 17 Men bo'lsam, Xudoni chaqiryapman, Xudovand menga najot berar. 18 Oqshom, subh va qiyomda faryod etib, Tashvishmandlar nolasini qilyapman. Xudovand mening tovushimni eshitar. 19 Qarshimda ko'pchilik saf tortgan bo'lsa-da, Jangdan jonimni O'zi qutqarar, Meni sog'-salomat saqlab qolar. 20 Azaldan Tangri O'z taxtida o'ltiribdi, U eshitadi va ularni jilovlaydi. SALOT Ular tavba-tazarruga yondashmaydi, Xudodan ham qo'rqmaydilar. 21 Tinch aholiga qo'l uzatib, Ahd-paymonni buzib yuribdilar. 22 Ularning tili yoG'day bo'lsa ham, Lekin yuraklarida harbu zarb bor. So'zlari halimdek bo'lsa-da, Lekin o'zlari - yalang'och qilichdir. 23 Tashvishingni Xudovandga tashlab ket, Uning O'zi senga tayanchiq bo'lur. Solihning yiqilishiga U abadiy yo'l bermas. 24 Qonxo'r va hiylagar odamlarni esa O'zing halokat chohiga tashlaysan, ey Xudo, Ular umrining yarmini ham yashamaydilar. Mening esa Senga ishonchim komil.

Zabur 55

IJROCHILAR RAHBARIGA. «G'URBATDAGI LOL KABUTAR» KUYIGA. FILISTIYLAR TOMONIDAN GAT SHAHRIDA TUTILGANDA DOVUDNING YARATGAN SHE´RI.

2 Ey Xudo, menga mehribonlik ko'rsatgin! Chunki inson meni yutmoqni istamoqda, Kun bo'yi zarba berib, iskanjaga olmoqdalar. 3 Kundan-kun dushmanlarim meni yutmoq payida, Juda ko'pchilik menga qarshi chiqqan, yo Taolo! 4 Qo'rqqan kunimda umidim Senda, yo Rab! 5 Men Xudo kalomini tarannum etaman, Xudoga umid bog'lab, qo'rqmayman; Bashar menga ne qila bilar? 6 Har kun so'zlarimni buzib ko'rsatadilar, Menga qarshi butun niyatlari - yovuzlik. 7 Ular meni yashirincha kuzatib turadilar, Jonimga qasd qilib, izimdan quvadilar. 8 Ularni aslo qo'ldan chiqarma, ey Xudo, G'azabing ila xalqlarni to'ntarib yubor! 9 G'urbatimni Sen hisobga olgansan; Ko'z yoshlarimni shishangga solib ko'rgin, Ular Sening kitobingda yozilgan-ku! 10 Men Seni chaqirgan kunimda, Dushmanlarim orqaga qaytadilar; Shundan bilamanki, Xudo men tomonda. 11 Men Xudo so'zini tarannum etaman, Xudovand kalomini kuylayman; 12 Xudoga umid bog'lab, qo'rqmayman; Inson menga ne qila bilar? 13 Ey Xudo, atagan nazrlarim menga farzdir, Senga shukronalarimni bajo keltiraman. 14 Sen jonimni o'limdan asrading, Oyoqlarimni to'siqlardan saqlading. Men endi hayot yorug'ida, Xudo huzurida yuraman.

Zabur 56

IJROCHILAR RAHBARIGA. «XAROB ETMA» KUYIGA. SHOUL OLDIDAN G'ORGA QOCHIB KETGANDA DOVUDNING YARATGAN SHE´RI.

2 Menga shafqat qilgin, ey Xudo, Menga shafqat qilgin! O'zingsan-ku jonimga panoh! Balolar qaytmaguniga qadar, Qanotlaring soyasida panoh topaman. 3 Men uchun ezgulik yaratuvchi Tangrimga, Xudoyi Taologa iltijo qilaman. 4 U ko'kdan menga najot yuborgay, Meni tishlayotganlarni sharmanda qilgay. SALOT Xudo O'zining inoyatu haqiqatini yuborgay. 5 Men arslonlar o'rtasida qoldim, Yirtqichlar ichra yotibman-ku! Odamzod tishi - bamisoli nayzayu o'q, Ularning zaboni - keskir qilich! 6 Ey Xudo, falakdan ham baland yuksalgin, Ulug'vorliging ro'yi zamin uzra porlasin! 7 Ular qadamlarimga to'r tayyorlashdi, Jonim ma´yuslikka tushdi. Borar yo'limda chuqur qazishdi, Chuqurga o'zlari qulab tushdi. SALOT 8 Yuragim shay, ey Xudo, yuragim shaydir. Men Seni kuylayman, tarannum etaman. 9 Uyg'ongin, ey ruhim! Uyg'oning, ey chang ila g'ijjak! Men saharni uyg'otib yuboraman. 10 Xalqlar ichra Senga shukr deyman, yo Rabbiy, Ellar aro Seni tarannum etgayman. 11 Sening inoyating ko'klardan ham baland, Haqiqating esa bulutlardan ham yuksakdir. 12 Ey Xudo, falakdan ham yuqoriga yuksalgin, Ulug'vorliging ro'yi zamin uzra porlasin!

Zabur 57

IJROCHILAR RAHBARIGA. «XAROB ETMA» KUYIGA. DOVUD SHE´RI.

2 Ey qozilar, nahotki siz adolatni so'zlayapsizlar? Nahotki to'g'ri hukm chiqaryapsiz, ey bekzodalar? 3 Aksincha, ko'nglingizda nohaqlikni to'qiysizlar, Qo'lingizdan mamlakat bo'ylab zo'ravonlik keladi. 4 Fosiqlar ona qornidan chiqiboq yanglishar, Yolg'onchilar tug'ilishidan boshlab adashar. 5 Ularning zahari - bamisli ilon og'usi, Ular kar ilonga o'xshab qulog'ini berkitar. 6 U ilonki, eshitmas afsungar tovushin, Tuymas ham uning mohirona sehr-jodusin. 7 Yo Xudoyo Xudovando, Ularning og'zidagi tishlarni sindirib tashla, Arslonlar jag'larini ezib tashla! 8 Oqar suvday sochilib yo'q bo'lsinlar, Yoyni tortganda o'qlari sinib tushsin. 9 Shilliq qurt singari erib ketsinlar, Onasi qornidan chala tug'ilgan, Quyosh ko'rmagan go'dakday bo'lsinlar. 10 Qozonlaringiz tikan o'tini sezishidan oldin, Go'sht xommi, pishiqmi deb o'tirmasdan, Ularni uyurma supurib tashlagay! 11 Solih qarimtasini ko'rib sevingay, Fosiqning qoni ila oyoqlarini yuvgay. 12 O'shanda insonlar aytadurlar: Hali ham solihga mukofot bor ekan, Hanuz yer yuzida hukm qiluvchi Xudo bor ekan!

Zabur 58

IJROCHILAR RAHBARIGA. «XAROB ETMA» KUYIGA. SHOUL DOVUDNI O'LDIRISH UCHUN UNING HOVLISINI POYLASHGA KISHI YUBORGANDA DOVUD USHBU SHE´RNI YARATGAN.

2 Meni dushmanlarimdan ozod etgin, ey Xudoyim, Menga isyon qilganlardan himoya qilgin. 3 Badkirdorlardan meni xalos qilgin, Qonxo'r odamlardan meni qutqargin. 4 Mana ular pisib yotib, jonimga qasd qilmoqdalar, Zo'ravonlar menga hujum boshlayaptilar. Jinoyat yoxud gunohim tufayli emas, ey Xudovand, 5 Men begunoh bo'la turib, hujumga saf tortyaptilar. Menga yordam bermoq uchun turgin va qaragin! 6 Sen, ey Xudovand, Sarvari koinot, Isroilning Tangrisi, Barcha xalqlarga chora bermoq uchun qo'zg'algin, Sotqinu xoinlarning hech birini ayamagin! SALOT 7 Shomda ular qaytib, itlarday uvlab, Shahar atrofini aylanib chiqadilar. 8 Ularning og'zi tinmay ig'vo to'qiydi, Lablari esa bamisoli dudama qilich! Ular: Kim eshitar ekan? - deydi. 9 Sen esang, ey Xudovand, Bundaylar ustidan kulasan, Elu elatlarni masxara qilasan. 10 Ey qudratim, Senga ko'z tikaman; Mening minoram Sensan-ku, ey Xudoyim! 11 Xudoyim O'z inoyati ila meni qarshilaydi, Dushmanlarim ustidan zafar bag'ishlaydi. 12 Ularni o'ldirma, toki xalqim unutmasin, Ularni qudrating-la yiqit, darbadar qil, Yo Rabbiy, bizning qalqonimiz! 13 Og'izlaridan chiqqan gunohli so'zlar, Ular o'qigan la´nat va yolg'onlar uchun O'z g'ururlari bilan ushlab qolinsinlar. 14 Nest-nobud qilgin ularni! G'azabing bilan qirib tashla ularni! Ular yo'q bo'lsin va hamma bilsin: Yoqub elida va ro'yi zamin uzra Xudo hokimi mutlaqdir. SALOT 15 Shomda ular qaytib, itlarday uvlab, Shahar atrofini aylanib chiqadilar. 16 O'lja topmoq-chun daydib yurib, Ochlikdan irillab tunaydilar. 17 Men esam, Sening qudratingni kuylayman, Erta tongdan inoyatingni tarannum etaman. Chunki Sen menga minora bo'lgansan, Xavfli kunimda panohim bo'lgansan. 18 Ey qudratim, Seni tarannum etaman. Xudodir mening mustahkam qal´am, U mendan mehr-inoyatini ayamaydi.

Zabur 59

IJROCHILAR RAHBARIGA. «LOLAGUL SHAHODATI» KUYIGA. TA´LIM UCHUN. DOVUD ARAM-NAHARAYIM VA ARAM-SO'BO MARDUMI BILAN JANG QILGANDAN KEYIN YO'OB QAYTIB, O'N IKKI MING EDO'MLIKNI TUZ DENGIZI VODIYSIDA URGANI HAQIDA DOVUDNING YARATGAN SHE´RI.

3 Ey Xudo, Sen bizlarni tashlab qo'yding, Saflarimizni yorib bosding, Bizlardan g'azablanding. Koshki bizlarga yana yuz tutsang! 4 Sen mamlakatni larzon aylading, Yerni darz-darz qilib yubording. Yer yuzi yakson-talqon bo'ldi, Yoriqlarini tiklamoq-chun davo topgin! 5 Xalqingga og'ir kulfatlar keltirding, Bizga zaqqumli sharobni ichirding. 6 O'zingdan qo'rqqanlarga tug' berginki, Uni haqiqat yo'lida baland ko'tarsinlar! SALOT 7 O'z sevganlaring xalos bo'lsinlar, Kuchli qo'ling bilan qutqargin bizni, Quloq solgin bizga! 8 Xudo O'zining muqaddas makonida so'zladi: «Men Shakamni tantana ila taqsimlayman, Sukkot vodiysini esa o'lchab olaman. 9 Gil´ad Meniki, Manashe ham Meniki. Efraim - boshimdagi dubulg'a, Yahudo - saltanatim hassasi. 10 Mo'ov - yuvinadigan tosimdir. Edo'm ustiga etigimni bosaman, Filistiya uzra g'alaba e´lon qilaman». 11 Mustahkam shaharga meni kim eltadi? Edo'mga meni kim kuzatib boradi? 12 Ey Xudo, O'zing bizni tashlab qo'ymadingmi? Qo'shinlarimiz bilan chiqmayapsan-ku, ey Xudo! 13 Yovga qarshi kurashda bizga yordam bergin, Chunki bashariyat najoti bema´nilikdir! 14 Biz Xudo nomi bilan botirlik qilamiz, Dushmanlarimizni U tor-mor etadi.

Zabur 60

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUDNING CHOLG'ULI SANOSI.

2 Ey Xudo, dod-faryodimni eshitgin, Toat-ibodatimga quloq solgin! 3 Mening dilim qon bo'ldi-ku, Yerning olis burchidan Seni chaqiraman. O'zimdan baland qoyaga meni olib chiqqin! 4 O'zing menga panoh bo'lgansan-ku, Yovga qarshi mustahkam minora bo'lgansan. 5 Sening chodiringda boqiy qolarman, Qanotlaring soyasida osoyish toparman. SALOT 6 Ey Xudo, Mening nazr-niyozimni O'zing eshitding, Xudojo'ylar nasibasiga meni noil etding. 7 Podshoh kunlariga kunlar qo'shgin, Uning umri ayyomi davrlarcha davom etsin! 8 U Sening huzuringda abadiy tursin, Ey Xudo, amr bergin-kim, Inoyat va haqiqat unga yor bo'lsin doim! 9 Men Sening ismingni mangu kuylayman, Atagan nazrlarimni kundan-kun bajo etaman.

Zabur 61

IJROCHILAR RAHBARIGA. YEDUTUNGA BAG'ISHLANGAN DOVUD SANOSI.

2 Xudo oldida mening qalbim tinch, Faqat Undan kelar menga najot. 3 O'zidir suyanchig'im, najotkorim, Mustahkam qal´am mening; Men tebranmasman mutlaqo. 4 Qachongacha hammangiz erga yopirilasizlar? Go'yo egilgan paxsa, qiyshaygan g'ov bo'lganday, Unga qaqshatqich zarba berasizlar. 5 Uning nomiga dog' tushirishni ko'zlab, Yolg'on-yashiq gapga ruju qo'yasizlar. Ularning og'zidan-ku xayr duo to'kilur, Lekin yuraklarida zahru la´nat to'qilur. SALOT 6 Xudo oldida tinchlan, qalbim mening, Faqat Undandir mening umidim. 7 O'zidir suyanchig'im, najotkorim, Mustahkam qal´am mening; Men tebranmasman hech qachon. 8 Najotim va izzatim Xudodan kelur, Xudodir qudratli qoyam, panohim mening. 9 Har dam Unga umid bog'lang, ey mardum, Uning oldida yuraklaringizni oching; Xudodir bizning panohimiz. SALOT 10 Odamzod-ku - bir nafasgina, Bekzoda-chi - bir yolg'ondir. Ular ikkovi tarozida tortilsa, Nafasdan ham yengil bo'lib chiqarlar. 11 Talonchilikka umid bog'lamang, O'g'irliq-la behuda maqtanmang, Davlat oshib ketsa, unga ko'ngil qo'ymang! 12 Xudo bir daf´a so'zladi, Men ikki karra eshitdim: Qudrat Xudodan kelur, deya. 13 Inoyat ham Sendan kelur, yo Rabbiy, Sen har kishini qilmishiga yarasha taqdirlaysan.

Zabur 62

YAHUDO CHO'LIDA BO'LGANDA DOVUDNING O'QIGAN SANOSI.

2 Ey Xudo, Sen mening Tangrimsan, Erta sahardan Seni izlayman, Senga tashnadir jon-dilim. Qurib, charchab, suvsiz qolgan tuproqday Vujudim Seni qo'msab qiynalmoqda. 3 Muqaddas makoningda Senga intizor bo'lib, Qudrating va jamolingni ko'ray deb turibman. 4 Sening inoyating hayotdan ham afzaldir, Sening madhingni tildan qo'ymayman. 5 Umrim bo'yi Senga sanolar o'qib, Sening noming-la ko'kka cho'zaman qo'llarim. 6 Ilik va charvidan to'ygandek jonim to'yar, Lab-dahanim esa Seni tarannum etar. 7 Yotganimda Seni xotirlayman, Kechalari Seni chuqur o'ylayman. 8 Qanotlaring soyasida tarannum etaman, Chunki Sen menga yordam berib kelding. 9 Jon-dilim ila Senga bog'langanman, Sening o'ng qo'ling meni qattiq ushlar. 10 Biroq jonimga qasd qilganlar esa Yerning qa´riga tushib ketgaylar. 11 Ular qilich tig'idan halok bo'lg'ay, Chiyabo'riga o'lja bo'lg'aylar. 12 Podshoh bo'lsa Xudodan shod bo'lg'ay. Xudo nomi ila ont ichgan barcha Shu ko'yi iftixor topar; Illo yolg'onchilar og'zi kuyar.

Zabur 63

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

2 Ey Xudo, hasratli ovozimni eshitgin, Dushman dahshatidan meni omon saqlagin! 3 Yomon odamlarning fitna-fasodidan, Badkirdorlar g'avg'osidan meni himoya qilgin! 4 Ular tillarini shamshirday qayrab, O'q uzganday zaharini sochadilar. 5 Sofdil odamni pistirmadan poylab, Hech qo'rqmasdan, nogahon uni otadilar. 6 Ular yovuz niyatlarida qattiq turadilar, Domlarini yashirish uchun til biriktirib: «Ishimizni kim ham ko'radi-» - deydilar. 7 Ular yovuzlik rejalarini tuzib: «Rosa boplabmiz-da shu ishni!» - deydilar, Odamning yurak-bag'rini chuqur kovlaydilar. 8 Biroq Xudo ularga o'q otib, Nogahon ularni yaralaydi. 9 O'zlarining tillari orqali Xudo ularni yo'ldan qoqintiradi; Ularni ko'rgan barcha ulardan qochadi. 10 Butun odamzod vahm olib: Buni Xudo qilgan, deb tan oladilar, Xudoning faoliyatini fahmlab oladilar. 11 Solihlar Xudovanddan shodligu panoh topur, Barcha yuragi poklar esa U bilan iftixor etur.

Zabur 64

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI. QO'SHIQ.

2 Ey Xudo, Sen Sion maqtovlariga munosibsan, Senga atalgan nazr-niyozlar bajo bo'lg'usi. 3 Sen ibodatni eshitguchisan, Senga keladi barcha banibashar. 4 Gunohli ishlar meni yengmoqda, Qonunsizlik aybimizni Sen o'chirgaysan. 5 Saodatlidir unday kishi-kim, Sen uni ma´bading hovlisiga kiritib, O'z huzuringga sazovor bilasan! Biz Sening uying farovonligidan, Muqaddas ma´bading barakasidan qoniqaylik. 6 Ey Sen, bizning najotkor Xudoyimiz! Sen bizga mahobatu adolat ila javob berasan, Ey Sen, yerning to'rt burchi-yu, Olisdagi dengizlarning umidi! 7 O'z qudrating-la tog'larni o'rnatgansan, Sening libosing - haybat. 8 Sen dengizlar shov-shuvini, To'lqinlar gumburlashini, Xalqlar shovqin-suronini tinchitasan. 9 Yer yuzi burchaklarida yashovchilar Sening g'aroyibotlaringni ko'rib qo'rqadilar. Sen kunchiqar va kunbotar yerlarini ham O'z sha´ningga tarannum ettirasan. 10 Sen yerni ziyorat etib, suvga qondirasan, Unga mo'l-ko'lchilik ato qilasan. Xudoning daryosi suv bilan to'lib-toshadi. Sen yerni shunday yaratding-kim, Odamlar uchun g'alla hosil etsin. 11 Dala jo'yaklariga suv tarab, Kesaklarini O'zing tekislaysan. Tuprog'ini yomg'ir bilan yumshatib, Unib-o'suviga baraka berasan. 12 Yilning mo'l-ko'lchiligi ta´minlanar, Sening izlaringdan farovonlik kelar. 13 Cho'ldagi o'tzorlar ham suvga qonib, Tepaliklar shodlik tusiga burkanar. 14 Yaylovlarga chorva yoyilar, Vodiylarda bug'doy to'lg'anar. Ular bari sevinchdan o'ynoqlab, Tantana bilan kuylaydilar.

Zabur 65

IJROCHILAR RAHBARIGA. CHOLG'ULI XONISH.

1 Ey butun yer yuzi, Xudo sha´niga tantana qiling! 2 Uning ulug' ismini kuylang, Shon-shuhratini yuksaltiring! 3 Xudoga aytingiz-kim: Sening ishlaring qanday qo'rqinchli! Qudrating buyukligi tufayli, Dushmanlaring Senga bo'yin egarlar. 4 Butun dunyo Senga sajda qilsin, Seni tarannum etsin, ismingni kuylasin! SALOT 5 Keling-da, Xudo yaratganlarini ko'ringlar! U bani-insonga ne-ne mudhish ishlar ko'rsatdi! 6 U dengizni quruqlikka aylantirdi, Bani-Isroilni bahrdan piyoda o'tkazdi; Shul kez biz Undan chog' bo'ldik. 7 U O'z qudrati bilan abadiy hukm surar, Ko'zlari xalqlarga diqqat bilan boqar, Isyonchilar esa qad ko'tarmas aslo! SALOT 8 Ey xalqlar, Xudoyimizga sanolar o'qing, Unga tahsin-tasannolar yog'diring! 9 Bizning jonimizni O'zi barhayot saqlagan, Oyog'imizning toyib ketishiga yo'l bermagan. 10 Sen bizni sinab ko'rding, ey Xudo, Kumushni tozalaganday bizni tozalading. 11 Bizlarni to'rga ilintirib, Belimizga og'ir yuk qo'yding. 12 Insonni boshimizga mindirding, Bizni o'tga ham, suvga ham itqitding, Tag'in bizni farovonlikka erishtirding. 13 Men Sening uyingga borib, Qurbonliklar keltirib beraman, Atagan nazr-niyozlarimni bajo etaman. 14 Qayg'uli kunlarimda o'z og'zim bilan Bu haqda Senga va´da bergan edim. 15 Sening sha´ningga qo'chqorni so'yaman, Dumba moyini kuydirib tutataman, Buqalaru takalarni bag'ishlayman. SALOT 16 Kelingiz, tinglangiz, ey siz, Barcha Xudodan qo'rqadiganlar! Jonim uchun U nelar qilganini hikoya etayin. 17 O'z og'zim bilan Uni chaqirar edim, Tildan qo'ymas edim hamdu sanosin. 18 Dilimda terslik bo'lsaydi gar, Rabbim meni tinglamas edi. 19 Holbuki Xudo menga quloq soldi, Duoyu ibodatlarim ijobat bo'ldi. 20 Xudo ibodatimni rad etmadi, Darig' tutmadi mendan inoyatin. Unga shon-sharaflar bo'lsin!

Zabur 66

IJROCHILAR RAHBARIGA. SOZLI SANO. QO'SHIQ.

2 Ey Xudo, Bizga mehribon bo'l, duo qilgin bizni, Munavvar yuzingni ustimizga porlatgin! SALOT 3 Yer yuzi bo'ylab rohing ma´lum bo'lsin, Barcha xalqlar bilib olsin najoting! 4 Ey Xudo, xalqlar Senga shukr qilsin, Barcha xalqlar Senga shukrona aytsin. 5 Ellar bari sevinib tarannum etsin. Elatlarni Sen adolat ila hukm etasan, Yer yuzidagi qavomlarga yo'l ko'rsatasan. SALOT 6 Ey Xudo, xalqlar Senga shukr qilsin, Barcha xalqlar Senga shukrona aytsin. 7 Mana, yer o'z hosilini berdi, Xudo, bizning Xudoyimiz bizni duo qildi. 8 Ha, Xudo bizni doim duo qilsin, toki Yer yuzining to'rt burchagi Undan qo'rqsin!

Zabur 67

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI. QO'SHIQ.

2 Xudo ko'tarilsin, yovlari to'zisin, G'animlari Uning oldidan qochib ketsin! 3 Sen ularni tutunday tarqatib yubor! Otashda mum qanday erib ketsa, Fosiqlar Xudo oldidan shunday yo'q bo'lsin! 4 Solihlar bo'lsa sevinsinlar, Xudo huzurida shodiyona qilsinlar, Quvonch bilan tarannum etsinlar! 5 Qani, Xudoga kuylar ayting, Uning ismini tarannum eting! Bulut Chavandozini yuksaltiring! Uning nomi - Xudovanddir, Xursandchilik qiling huzurida! 6 Xudo O'zining muqaddas makonidadir, U yetim-yesirlarning Otasidir, Tul ayollarning Himoyachisidir. 7 Xudo yolg'izlarga uy-joy beradi, Zanjirbandlarni ozodlikka chiqaradi; Isyonkorlar esa quruq cho'lda qolaveradilar. 8 Ey Xudo, Sen O'z xalqing oldiga chiqayotganingda, Biyobonda kezib qadam otayotganingda, SALOT 9 Xudo oldida, Isroilning Tangrisi oldida Yer larzaga keldi, Sinay tog'i tebrandi, Hatto falak ham erib sel bo'ldi. 10 Sen diyoringga baraka yomg'irini yog'dirding, Tetiklading-da holdan ketganda, ey Xudo. 11 Ummating u diyorda istiqomat qilganda, Bechorahollarga O'z ne´matingni hozirlading, ey Xudo! 12 Rabbano e´lon qilmoqda, Mujda keltirayotgan qizlar - ulkan qo'shin: 13 «Sarkardayu shohlar to'zday to'zg'ib ketyapti, Uyda qolgan ayollar o'ljani taqsimlashyapti». 14 Nahot siz qo'ralar aro yotaverasiz? Kaptarning qanotlari kumush ila qoplangan, Parlari yaltiroq oltin kabi tovlanar. 15 Jabbor diyoridan shohlarni to'zitganda, Zulmon tog'ini qor yog'ib bosdi. 16 Bashan tog'i - Xudoning tog'i, Bashan tog'i - yuksak tog'dir. 17 Xudo makonim deb tanlagan Sion tog'iga Nechun siz g'ilay qaraysiz, yuksak cho'qqilar? Mana, Xudovand unda abadiy davr surar! 18 Xudoning jang arobalari ming-mingu lak-lak, Ular ichra Rabbimiz O'zi kelyapti; U muqaddas makoni - Sinay tog'idadir. 19 Sen yuksaklikka chiqib, asirlarni asir olding, Insonlar aro hadyalar qabul qilding, Toki hatto osiy bandalar ham Sendan panoh topsin, yohu Xudovando! 20 Har kuni Rabbimizni olqishlang! Xudo bizga og'irlik qo'ysa-da, Bizni O'zi xalos qiladi. SALOT 21 Xudo biz uchun Xaloskor Tangridir, Qodir Rabbimiz qo'lidadir o'limdan najot. 22 Xudoning O'zi yovning boshini ezib tashlar, Gunohi bilan gerdayib yurgan sochli kallani majaq qilar. 23 «Bashandan qaytaraman, - dedi Rabbano, ? Dengiz tubidan qaytaraman seni. 24 Oyog'ingni yovning qoniga bulagaysan, Itlaring ham qon yalab-yalab to'ygay!» 25 Ular Sening tantanavor yurishlaringni, Yo Xudoyo, ey Tangrim, ey Podshohim, Sening muqaddas makonga chiqishingni ko'rdilar. 26 Oldinda xonandalar, orqada sozandalar, O'rtada childirmachi qizlar yurishardi. 27 Ey sizlar, Isroil urug'i bo'lganlar, Yig'inlarda Xudoyi Taologa sanolar o'qing! 28 Mana kenja Benyamin ularning yo'lboshchisi, Ular aro tumonat Yahudo amirlari bor, Zavulun va Naftoli beklari ham hozir edi. 29 Xudoying senga kuch atab qo'ygan. Bizga yaratganingni amalda ko'rsat, yo Xudoyo! 30 Quddus tepasidagi ma´badingdan boshlab Podshohlar Senga hadya keltiradilar. 31 Qamishzorda yashovchi yovvoyi hayvonni, Xalqlar buzoqlari ichidagi buqalar galasini cho'chitgin! Kumush yombilari ila yasanib yelib borayotgan Jangovar xalqlarni O'zing to'zitib yuborgil! 32 Misrdan hudaychilar keladi, Habashlar Xudoga qo'l cho'zadi. 33 Ey yer yuzi sultonliklari, Xudoni kuylang, Rabbimiz sha´niga xonish aylang! SALOT 34 Osmonu falak yuksakligiga mingan, Azaliy samovotdan tushgan Chavandozni kuylang! Mana, U O'z ovoziga kuch berib xitob qilar. 35 Xudoning qudratiga tan beringlar! Uning salobati Isroilning ustidadir, Kuch-qudrati esa bulutlarda namoyondir. 36 Xudo O'zining muqaddas makonida vahimalidir, U Isroilning Tangrisidir, O'z xalqiga quvvat va g'alaba baxsh etar. Xudoni olqishlang!

Zabur 68

IJROCHILAR RAHBARIGA. «LOLAGUL» KUYIGA. DOVUD SANOSI.

2 Qutqargin meni, ey Xudo! Suvlar halqumimga qadar yetdi. 3 Chuqur botqoqlikka botganman, Oyoq qo'yadigan joyim yo'q. Tubsiz girdob og'ushida qoldim, Sel meni olib keta yozdi. 4 Men faryod qilaverib charchadim, Tomog'im qurib ketdi, Xudoni kutib ko'zim nuri so'ndi. 5 Mendan nohaq nafratlanayotganlar Boshimdagi sochlardan ham ko'p bo'ldi-ku! Menga behuda xusumat qilayotganlar juda zo'r, Ular meni xomush qilmoqchilar. Men hech na olmagan bo'lsam ham, Qaytarib berishga majbur etyaptilar. 6 Ey Xudo, aqlsizligimni O'zing bilasan, Aybdorligimni Sendan yashirmayman. 7 Yo Rabbiy, Sarvari koinot, Senga umid qilganlar uyatga qolmasin, Men sababli, ey Isroil Xudosi, Tavakkal qiluvchilar bo'lmasin xijolat! 8 Men Sen deb haqoratga chidayapman, Xijolatdan yuzim shuvut. 9 Aka-ukamga, o'z onamning o'g'illariga G'aribu begona bo'lib qoldim. 10 Sening uyingga bo'lgan rashkim Mening ichimni kemiryapti. Seni tahqir qiluvchilarning haqorati Mening boshimga tushdi. 11 Yig'lab, ro'za tutib jonimni qiynasam, Bu ham haqorat sanaldi menga. 12 Qanorni o'zimga ust-bosh qilganimda, Ular uchun afsona bo'ldim. 13 Shahar kirishida o'tirganlar og'ziga tushdim, Mayxo'rlar taronasiga hadaf bo'ldim. 14 Ey Xudovand, Sen lutf qilgan chog'ing Ibodatimni Senga yo'llayman, Ey Xudo, Sening inoyating behad ekan, Menga qat´iy najot yuborgin! 15 Meni balchiqdan chiqarib qo'y, botib ketmayin! Mendan nafratlanayotgan odamlardan, Chuqur suvlardan xalos bo'layin! 16 Sel suvlari meni olib ketmasin, Tubsiz chuqurlik meni yutmasin, Quduq og'zi ustimdan yopilmasin! 17 Menga quloq bergin, ey Xudovand! Sening lutfu karaming beqiyos, Rahmdilliging esa behisob ekan, Menga e´tibor bergin! 18 Yuz o'girma qulingdan, Kulfatdaman, menga tez javob bergin! 19 Yaqinroq kelib, jonimni xalos qilgin, Menga najot ber, dushmanlarim uyalsin! 20 Boshimga ne-ne haqoratlar tushdi, Qanchalik rasvoyu sharmisor bo'ldim, O'zing bilasan! Yovlarimning hammasi Sening ko'z o'ngingda. 21 Sharmandalikdan yuragim qon bo'ldi, O'lar holatda darmonsizman. Shafqat kutdim, ammo behuda; Tasalli qidirdim, lekin topmadim. 22 Yemagim uchun menga zahar berdilar, Tashnaligimda menga sirka ichirdilar. 23 O'z dasturxonlari ularga qopqon bo'lsin, O'z hamsuhbatlari ularga tuzoq bo'lsin! 24 Ularning ko'z nuri so'nib qolsin, Bellari doim titraydigan bo'lsin! 25 Sen g'azabingni ularning boshiga soch, Qahringga duchor qil ularni! 26 Ularning maskani huvullab qolsin, Chodirlarida tirik jon qolmasin! 27 Sendan jafo chekkanlarni ular quvadi, Sen yaralagan odamlarning yarasini esa Qayta-qayta kovlaydilar. 28 Ularning gunohiga gunoh qo'shgin, Ularni mutlaqo oqlamagin! 29 Hayot kitobidan o'chirilsinlar, Solihlar bilan birga yozilmasinlar! 30 Men-ku bechoraman, azobdaman; Ey Xudo, O'z najoting ila meni tiklagin! 31 Qo'shig'imda Xudoning nomini sharaflayman, Shukronalar bilan Uni ulug'layman. 32 Ana shu har qanday tuyoqli, shoxli buqadan Yoki ho'kizdan ko'ra Xudovandga maqbul keladi. 33 Haqirlar buni ko'rib sevinadilar. Ey, barcha Xudoga intilayotganlar, Sizning dilingizga yana jon kirsin! 34 Xudovand bechoralar fig'onini eshitar, Asir tushgan O'z azizlarini xor qilmas. 35 Yer ham, ko'k ham, dengizlar ham, Unda qaynaydigan bor maxluqotlar ham Xudoga hamdu sanolar aytishsin! 36 Zero Xudo Sionga najot yuborib, Yahudo shaharlarini obodon qilajak. Ular diyorni egallab, tinch yashashajak. 37 Xudo qullarining nasli unga o'rnashajak, Xudo nomini sevguchilar unda huzur topajak.

Zabur 69

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUDNING ESDALIGI.

2 Yo Xudoyo Xudovando, yordam bergin, Meni xalos qilmoqqa shoshilgin! 3 Jonimga qasd qilganlar sharmanda bo'lsin, Yuzlari shuvut bo'lsin! Menga yomonlikni istaganlar orqaga qaytib, Rasvoi olam bo'lsinlar! 4 Menga: «Ehe, eha!» - deganlar Sharmandalikdan parishon bo'lsinlar! 5 Barcha Seni qidiruvchilar quvonib, Sendan xursand bo'lsinlar! Sening najotingni orzu qilganlar: «Xudo ulug'dir!» - desinlar mudom. 6 Men ersam, bechora va faqirman, Ey Xudo, menga tez kelgin! Sensan yordamchim va Qutqaruvchim, Kech qolmagin, ey Xudovand!

Zabur 70

Qariganda Xudodan yordam so'rash

1 Ey Xudovand, Seni panoh tortib kelaman, Abadiy sharmanda bo'lmayin! 2 Adolating xotiri uchun menga najot bergin, Qulog'ingni men tomonga tutgin, Toki kulfatdan qochib xalos bo'layin! 3 Sen men uchun suyanar qoya bo'lgin, Doim qochib berkinar joyim bo'lgin! Meni qutqarmoqqa amr bergansan-ku, Yakka O'zingsan mening suyanchig'im, qo'rg'onim! 4 Ey Xudoyim, Qutqar meni fosiq odamlardan, Nopoku tajovuzkorlar panjasidan! 5 Mening umidim Sensan-ku, yo Rabbiy, Yoshligimdan beri ishonchimsan, ey Xudovand! 6 Tug'ilganimdan buyoq Senga suyanganman, Onam qornidan O'zing yorug' dunyoga chiqarding, Seni qanchalar madh qilsam ozdir. 7 Men ko'plar nazarida ajib bo'lib qoldim, Illo Sen mening qudratli panohimsan. 8 Savlating kun bo'yi ko'z o'ngimda mening, Hamdu sanoying tushmas tilimdan mening. 9 Qarigan chog'imda meni tashlab ketma, Quvvatim bitganda meni tark etma! 10 Dushmanlarim menga qarshi til birkitmoqda, O'zaro kengashib, jonimga qasd qilmoqdalar. 11 «Xudo uni tashlab qo'ygan, deyaptilar, Quvib yetib tutinglar uni, Uni qutqaradigan qolmabdi-ku». 12 Ey Xudo, mendan uzoqlashma, Menga yordam bermoqqa shoshgin, ey Xudoyim! 13 Jonim dushmanlari sharmanda bo'lsin, yo'qolsin! Menga yomonlikni ravo ko'rganlar uyalsin, Rasvoi olam bo'lsinlar! 14 Menga qolsa, doim Senga umid bog'layman, Senga maqtovlarni oshiraveraman. 15 Sening adolatingni kun sayin hikoya etaman, Najotkorligingni tildan qo'ymayman mutlaqo. Sinoatlaringni qancha bayon etsam ozdir! 16 Men Rabbimning kuch-qudratiga suyanib boraman, Sening haqiqatingdan bo'lak hech na tilga olmasman, ey Xudovand. 17 Yoshligimdanoq O'zing meni o'rgatgansan, ey Xudo, Hozirga qadar mo'jizalaringni xabarlab yuraman. 18 Ey Xudo, men qartayganimda ham, Sochimga oq tushganda ham meni tark etma, Toki shu naslga Sening qudratingni bayon etay, Kelajak avlodga esa botirligingni e´lon etay! 19 Ey Xudo, osmonday yuksakdir adolating, Sen ulug' ishlar bajargansan. Sen kabi kim bor, ey Xudo? 20 Sen meni ko'p yomon falokatlarga yo'liqtirding, Endi qayta jonlantirgin meni! Yerning qa´ridan qaytarib chiqargin meni! 21 Meni yana yuksaltirib, taskin bergin! 22 Ey Xudo, Senga shukrlar deyman, Sening sadoqatingni changda kuylayman, G'ijjak chalib Seni kuylayman, Ey Isroilning muqaddas Tangrisi! 23 Men Seni tarannum etaveraman, Lab-dahanim Seni kuylayversin, Sen qutqargan jonim ham kuylasin. 24 Adolatingni tildan qo'ymasman aslo. Menga yomonlik istaganlarni qarang, Ular sharmandayu, yuzlari shuvut bo'ldi!

Zabur 71

SULAYMON SANOSI.

1 Ey Xudo, Podshohga O'z haqqoniyatingni ato qilgin, Shahzodaga Sening adolating yor bo'lsin! 2 U Sening xalqingni haqqoniyat bilan, Faqirlaringni insof ila hukm etsin. 3 Toki tog'lardan elga osoyishtalik, Tepalardan adolat oqib kelsin. 4 U elning faqirlarini himoya qilsin, G'arib-g'urabolarni xalos etsin, Zolimni esa ezib tashlasin! 5 Quyosh balqib, oy chiqib turguncha, Barcha nasllar sendan qo'rqqaylar. 6 O'ti o'rilgan maysazorga tushuvchi yomg'ir kabi, Tuproqni sug'oradigan ko'k tomchilari singari Shoh diyorga barakat keltirgay. 7 U hukm surgan ayyomda solih yashnagay, Oy yo'q bo'lguncha tinchlik-osoyish bo'lgay. 8 Dengizdan dengizga qadar, Daryodan to yer chetlarigacha U hukm surgay. 9 Cho'l xalqi Uning oldida egilajak, Dushmanlari tuproqni yalayajak! 10 Tarshish va orollar shohlari Unga boj keltirajak, Shabo va Sabo shohlari Unga hadya berajak. 11 Hamma podshohlar Unga sajda qilajak, Barcha millatlar Unga xizmat qilajak. 12 Zero U dodlab yurgan faqirni, Homiysi yo'q qashshoqni qutqarur. 13 Bechorayu miskinlarga rahmdillik ko'rsatur, Faqirlarning joniga ora kirur. 14 Hiylagar va zo'ravondan ularni ozod qilur, Nazarida ularning qoni juda qadrli bo'lur. 15 U uzoq yashasin! Unga Shabo oltinidan berilsin! Doimo U uchun duo qilgaylar, Kundan-kun Uni olqagaylar! 16 O'lka bo'ylab bug'doy hosili mo'l bo'lgay, Lubnon o'rmonlariday bo'lgay hosili, Tog'u tepa boshlarida hilpillagay. Shahar ahli esa yerdagi maysa kabi chechak otgay. 17 Shohimiz nomi mangulikka turajak, Quyosh turguncha dong'i oshajak. Barcha xalqlar U orqali baraka topajak, Hamma ellar Uni muborakbod etajaklar. 18 Mo'jizaviy ishlarni yolg'iz O'zi bajaruvchi Isroilning Tangrisi, Xudoyi Taoloni olqishlang! 19 Uning ulug'vor ismiga abadiy ofarinlar bo'lsin, Butun yer yuzi Uning shuhrati bilan to'lsin! Omin! Omin! 20 Ishay o'g'li Dovudning ibodatlari shu bilan tugadi.

Zabur 72

ASAF SANOSI.

1 Isroilga, ha, barcha dili poklarga Xudo doim himmatlidir. 2 Mening esa oyoqlarim qoqila yozib, Tovonlarim toyishiga oz qolgan edi. 3 Men fosiqlar sog'lomligini ko'rdim, Maqtanchoqlar holiga g'ashim keldi. 4 Ular o'lgundek iztirob chekmaydi, Tanlari esa soppa-sog'lomdir. 5 Ularda xalq dardi yo'q, Boshqa odamlarday baloga yo'liqmaydilar. 6 Gardanlariga mag'rurlik munchog'in taqib, Zo'ravonlik libosiga bezanganlar. 7 Ko'zlari semizlikdan qisilib qolgan, Ko'ngillaridagi xayollar daydib yuradi. 8 Mazax bilan, kek saqlab gapiradilar, Kibr ham, jabr ham tushmas tillaridan. 9 Og'izlarini ko'kka ko'targanlar, Zabonlari esa yerda sudralmoqda. 10 Hatto Xudo xalqi ular tomon yuz burmoqda, Ularda suv ko'p ekan, ichgan qonar ekan. 11 «Tangri qayerdan biladi? Taoloda bilim bormikan-» - deydilar. 12 Ana shundaydir betavfiqlar, Bu dunyoda rohat-farog'atdadirlar, Davlatlari tobora oshib boradi. 13 Men bekorga pok saqlabman yuragim, Halol qo'lim-la ishlamog'im behuda ekan! 14 Men har kuni kulfatga yo'liqaman, Subhdan-subhga adabimni yeyapman-ku! 15 Agarda shunday so'zlayman, deganimda, Sening o'g'illaring nasliga xoinlik qilar edim. 16 Buni qanday tushunish kerak deb o'ylaganimda, Bu menga ovoragarchilikday tuyuldi ? 17 To Tangrining aziz makoniga kirib, Ularning xotimasini tushunib olgunimcha..! 18 Ha, Sen ularni toyg'oq yerlarga qo'yding, Bexosdan tubi yo'q jarlikka uloqtirarsan. 19 Ular nogahon dong qotib qolar, Dahshatdan supurilib, barham topar. 20 Uyg'onganda tush qanday esdan uchib ketsa, Sen, yo Rabbiy, ularni shunday uyg'otib, Bema´ni xayollarini barbod qilasan. 21 Mening yuragim qaynab turganda, Jon-tanim azobda qolganda, 22 Men nodon va johil bo'lib qoldim, Sening oldingda hayvon kabi edim. 23 Biroq men doim Sen bilanman, Sen mening o'ng qo'limdan tutib turasan. 24 Maslahating ila menga yo'l ko'rsatib, Oxirida meni sharaf ila qabul qilasan. 25 Osmonda kimim bor Sendan bo'lak? Yerda ham Sendan o'zgasini istamayman. 26 Badanim, yuragim holdan ketmoqda, Illo Xudo abadiy dilim suyanchig'idir, Ezgulik qismatim Uning O'zidir. 27 Mana, Sendan uzoqda qolganlar yo'qolur, Senga xoinlik qilgan har bir kishini nobud etasan. 28 Lekin men uchun Xudoga yaqinlashmoq yaxshidir. Uning barcha ishlarini targ'ib qilay deyman, Xudoyi Taoloni o'zim uchun panoh bilaman.

Zabur 73

ASAF QASIDASI.

1 Ey Xudo, Sen nechun bizni abadiy rad qilding? Nega O'z yayloving qo'ylariga qarshi qahring o't oldi? 2 Qadimdan sohib bo'lgan ummatingni eslagin, O'z xalqim deb qo'lga kiritgan millatni, Maskanim deb tanlagan Sion tog'ini ayagil! 3 Shu bepoyon xarobaga qarab odim otib boravergin: Dushman ma´badingga qanchalik vayronagarchilik keltirgan! 4 Aziz makoning o'rtasida yovlaring na´ra tortib, Tug' deb o'z sanjoqlarini o'rnatdilar. 5 Ular xuddi daraxtga bolta urgandek, Sening aziz makoningni boltalab tashladilar. 6 Ma´badning hamma yog'och bezaklarini Boltayu tabarlar-la chopib tashladilar. 7 Ma´badingni otashga berdilar, Isming o'rin olgan aziz joyni haromladilar. 8 «Ularni batamom vayron qilamiz!» - deb ko'ngildan kechirdilar, Mamlakatdagi barcha Xudo uylarini kulga aylantirdilar. 9 Ilohiy alomatni topolmay qoldik, Nabi-anbiyo ham qolmadi bizda, Hech kim bilmaydi, qachongacha... 10 Ey Xudo, qachongacha g'anim haqorat etadi? Dushman ismingni abadiy so'karmikan? 11 Nechun qo'lingni, kuchli o'ng qo'lingni cho'zmay turasan? Qo'ltig'ingdan qo'lingni chiqar-da, yo'q qil ularni! 12 Ey Xudo, Sen qadimdanoq mening Podshohimsan, Zamin bo'ylab najotlar yuborguchi Xudosan. 13 Sen qudrating bilan dengizni yorib, Ajdaho boshlarini suvda yakson qilgansan. 14 Ha, Levatan boshlarini tilka-pora qilib, Uni cho'l ahliga yemish uchun tashlagansan. 15 Yangi chashmalaru anhorlarni yuzaga keltirib, Doim oqib kelgan daryolarni quritib yuborgansan. 16 Kunduz Seniki, kecha ham Senikidir, Yog'duni, quyosh nurini Sen bunyod etgansan. 17 Barcha yer chekkalarini o'rnatgan Sensan, Yozu qishni ta´sis etgan O'zingsan. 18 Shuni eslagin, ey Xudovand, Dushman Seni haqorat qildi, Olchoq bir qavm Sening ismingni so'kdi. 19 Kaptaring jonini yovvoyi hayvonlarga berma, Bechoralaring hayotini abadiy unutma! 20 O'z ahd-paymoningga e´tibor bergin, Zero diyorimizning qorong'u joylari Zo'ravonlik o'choqlari bilan to'lib ketgan. 21 Haqiru mazlum sharmandalarcha tislanmasin, Bechorayu kambag'al yana ismingga sanolar o'qisin! 22 Turgin, ey Xudo, O'z g'oyangni himoya qilgin! Kun bo'yi yog'ayotgan razillar haqoratini inobatga olgin! 23 Dushmanlaringning tovushini eshitmay qolmagin, Isyonchilar g'ulg'ulasi to'xtovsiz yuksalib boryapti-ku!

Zabur 74

IJROCHILAR RAHBARIGA. «XAROB ETMA» KUYIGA. ASAF SANOSI. QO'SHIQ.

2 Senga shukrlar deymiz, ey Xudo, Shukrlar deymiz, chunki Sening isming yaqin, Bunga O'z ajoyiboting guvohdir. 3 «Men belgilagan vaqtning o'zida To'g'rilik bilan hukm chiqaraman. 4 Yer va undagi borliq jon qaltiraganda, Uning ustunlarini O'zim o'rnida tutaman». SALOT 5 Manmanchilarga deyman: Manmanlik qilmang! Muguzingizni ko'tarmangiz, ey fosiqlar! 6 Ko'kka ko'tarmangiz muguzlaring, Kekkayib gapirmang-da g'oz yurib! 7 Zotan na Sharqdan, na G'arbdan, Na cho'llardan odamga yuksaklik kelur. 8 Hokimi mutlaq faqat Xudodir, Birovni yerga urar, birovni yuksaltirur. 9 Mana, Xudovandning qo'lida kosa bor, Unda sharob ko'pirib qaynar; Shu kosadan U quyar-da, Zamindagi jami betavfiqlarga ichirar, Ular ichib-ichib, quyqasini ham yalab chiqar. 10 Shuni men abadiy xabar qilaman, Yoqubning Xudosiga tarannum etaman. 11 Fosiqlarning hamma shoxlari qirqilgusi, Solihlar muguzi esa yuksalib borgusi.

Zabur 75

IJROCHILAR RAHBARIGA. ASAF SANOSI. SOZLI QO'SHIQ.

2 Yahudo yurtida Xudo ma´lumdir, Isroilda Uning nomi buyukdir. 3 Salimda Uning makoni bo'lgan, Sionni O'ziga maskan qilib olgan. 4 O'sha yerda U lovullagan o'qlarni sindirib, Qalqonu, shamshiru jang yarog'larin Yakson qilgan edi. SALOT 5 Sendan nur yog'ilib turadi, Vahshiy tog'lardan ham bahaybatsan. 6 Dili botirlar o'lja bo'lib, O'lim uyqusiga yo'liqdilar; Erlarning hech biri qo'liga mador topolmadi. 7 Ey Yoqub Xudosi, Sening tanbehingdan Arava ham, ot ham karaxt bo'lib ketdi. 8 Sen, ha Sen - dahshatlisan; G'azabing kelganda oldingda kim tura olar? 9 Osmondan hukmingni bildirganingda, Yer qo'rqib, sukutga cho'mdi. 10 Ey Xudo, Sen hukm etmoqqa turganingda, Yerdagi barcha mazlumlarga qutulish umidi keldi. SALOT 11 Insonlar qahri Senga hamdu sanoga aylanadi, Qolgan g'azabni esa Sen bo'ysundirasan. 12 Rabbingiz Xudovandga nazr atab, Uni bajo keltiringlar! Ey, barcha Uning atrofida bo'lganlar, Dahshatli Xudoga hadya keltiringlar! 13 U amirlar ruhini bo'ysundirur, U dunyo podshohlari uchun qo'rqinchlidur.

Zabur 76

IJROCHILAR RAHBARIGA. YEDUTUNGA BAG'ISHLANGAN ASAF SANOSI.

2 Ovozim boricha Xudoga faryod qilaman, Ovozim Xudoga yetib boradi, U quloq soladi menga. 3 Og'ir kunimda Rabbimga iltijo qilaman, Tun bo'yi qo'limni uzatib, tushirmayman, Jonim esa tasallini rad qiladi. 4 Xudoni eslab, titrayapman, Andisha qilib, jonim holdan toymoqda. SALOT 5 Sen ko'z yumishimga yo'l bermayapsan, Yuragim siqilib, so'zlay olmayman. 6 Men eski kunlarni, O'tgan davrlarni o'ylamoqdaman. 7 Kechalari chalgan ohanglarimni eslab, O'z qalbim ila suhbat qilaman, Ruhim so'rab-surishtirmoqda: 8 Nahotki Rabbimiz abadiy tashlab qo'yar, Boshqa hech qachon lutf-karam qilmas bizga? 9 Nahotki Uning inoyati tamoman ado bo'lgan, Kelgusi nasllarga yana vahiy kelmas bo'lsa? 10 Nahotki Tangri shafqat qilishni unutgan, Rahmdillik manbaini g'azabi to'sib qo'ygan bo'lsa? SALOT 11 Taoloning o'ng qo'li o'zgargani ? Bu mening dardimning boisi, dedim. 12 Men Xudovandning ishlarini xotirlayman, U azaldan yaratgan barcha mo'jizalarini eslayman. 13 Sening butun amallaring haqida fikr yurgizib, Ko'rsatgan ajoyibotingni chuqur o'ylayman. 14 Ey Xudo, Sening yo'ling muqaddasdir, Xudomizdan ulug' iloh kim ekan? 15 Mo'jizakor Tangri faqat Sensan, Xalqlar aro qudratingni bildirgansan. 16 O'z xalqingni kuchli qo'ling-la ozod etib, Yoqub va Yusuf o'g'illarini qutqargansan. SALOT 17 Suvlar Seni ko'rdi, ey Xudo, Suvlar Seni ko'rdi-da qo'rqdi, Tubsiz ummonlar larzaga keldi. 18 Bulutlar yomg'irin quydi, Samoda momaqaldiroq gumburladi, O'qlaring to'rt tomonga uchib ketdi. 19 Dovul ichidan chaqmog'ing gumburladi, Barqlaring dunyoni yoritib yubordi, Yer yuzi qaltirab ostin-ustin bo'ldi. 20 Sening yo'llaring dengizdan o'tdi, Rohlaring azamat suvlardan kechdi. Izlaring esa - noma´lumdir. 21 Muso va Horun qo'li bilan Sen Xalqingni suruv kabi yetaklab bording.

Zabur 77

ASAF QASIDASI.

1 Ey xalqim, Qonunimga diqqat eting, Og'zimdan chiqqan o'gitlarni tinglang! 2 Masal aytmoq-chun og'iz ochaman, Azaliy sirlarni bayon etaman. 3 Eshitgan hamda bilganlarimizni, Ota-bobolarimiz bizga aytganlarini 4 O'z o'g'il-nabiralarimizdan yashirmaylik, Kelajak naslga ham xabar etaylik Xudovandning shon-shuhratiyu buyuk qudratin, Uning ko'rsatgan barcha mo'jizalarin. 5 U Bani-Yoqub uchun nizom o'rnatgan, Isroil o'g'illariga Tavrotni yo'llagan. O'g'illaringizga ularni o'rgating deb, Ota-bobolarimizga buni amr etgan-kim, 6 Kelgusi nasl, tug'ilajak o'g'illar ham bilsin, Ular esa o'z davrida o'z o'g'illariga o'rgatsin. 7 Toki ular Xudoga umid bog'lasinlar, Tangri yaratgan ajoyibotni unutmasinlar, Amr-farmonlariga esa amal qilsinlar. 8 Zinhor, ota-bobolarimiz kabi o'jar va isyonkor, Yuragi tosh, Xudoga sadoqatsiz nasl bo'lmasinlar. 9 O'q-yoy bilan qurollangan Efraim o'g'illari Jang kunida orqaga qaytdilar. 10 Ular Xudo buyurgan ahdni tutmadilar, U yuborgan Tavrot yo'lidan yurmoq istamadilar. 11 Uning ajoyibotini esdan chiqarib, Ko'rsatgan mo'jizalarini unutdilar. 12 Misr diyorida, So'an dashtida Ularning ota-bobolari oldida Xudo mo'jizalar ko'rsatgan edi: 13 Dengizni yorib, o'rtasidan ularni o'tkazdi, Suvlarni bir devor kabi qilib qo'ydi. 14 Kunduzi bulut bilan ularni yetaklar, Tunlari esa otash yorug'i ila yo'l ko'rsatar edi. 15 Ular uchun cho'l-biyobonda qoyalarni yorib, Katta girdobday suv chiqarib berdi. 16 U qoyalardan oqizgan suvlar Ulkan daryoga aylanib qoldi. 17 Ammo ular gunoh qilishda davom etib, Sahroda Xudoyi Taoloni g'azablantirdilar. 18 Nafslariga qarab ovqat talab qilib, Ko'ngillarida Tangrini sinab ko'rdilar. 19 Xudoga qarshi so'zlab, shunday dedilar: «Tangri cho'lda dasturxon yozolarmikan? 20 Darvoqe, U qoyani yorib suv chiqazgan, Shunda selday suvlar oqqan edi. Ammo nahot xalqiga non ham berar, Go'sht ham hozirlay bilar ekan-» 21 Xudovand bularni eshitib g'azablandi, Bani-Yoqubga o't-suv bo'ldi, Isroilga qarshi jahlga mindi. 22 Chunki ular Xudoga inonmadilar, Tan bermadilar-da najotkorligiga. 23 Shunga qaramay, U yuqoridan bulutlarga amr etdi, Osmon qopqalarini ochib yubordi. 24 Yemoq uchun ularga manna yog'dirdi, Ha, samoviy g'alla berdi ularga. 25 Odamzod farishtalar nonini yedi, Ularga to'yguncha ozuqa yubordi. 26 Ko'k yuzidan U sharq shamolini qo'zg'atdi, Qudrati bilan janub yelini estirdi. 27 Ularning ustiga to'zondek go'sht yog'dirdi, Dengizdagi qumday qush-parranda shay qildi. 28 Ular manzilining o'rtasigayoq, Chodirlari atrofigacha bularni yog'dirdi. 29 Ular qorni to'yguncha yeb-ichishdi, Nafslari qonguncha, ularga berdi. 30 Hanuz ishtahalari uzilmagan, Luqmalari hamon og'izlarida ekan, 31 Ularga qarshi Xudo qahri keldi, U Isroil yigitlarini qirdi, Eng baquvvatlarini o'ldirdi. 32 Shunga qaramay, ular yana gunoh qildilar, Xudovandning mo'jizalariga inonmadilar. 33 U ularning kunini ovoragarchilikda, Umr yillarini dahshat ichida bitirdi. 34 Tangri ularni o'ldirayotganda ular o'girilib, Tongdanoq Uning huzuriga yugurishar edi. 35 Xudo ularning najot qoyasi bo'lganini, Xudoyi Taolo ularni qutqarib kelganini eslardilar. 36 Lek og'izlari-la Unga xushomad qilar, Tillari-la Unga yolg'on so'zlardilar. 37 Uning oldida yuraklari qiyshaygan edi, Buyurgan ahdiga bevafolik qildilar. 38 Shunga qaramay, U rahmdillik ko'rsatdi, Gunohlaridan o'tib ularni halok etmadi. Necha martalab qahrini ulardan qaytarib, Butun g'azabini birdan to'kmadi. 39 U bilar ediki, ular o'tkinchi maxluqdir, Chiqib ketib, qaytib kelmas nafasginadir. 40 Necha martalab cho'lda Uning g'ashini keltirdilar, Dasht-biyobonda Uni g'azablantirdilar! 41 Ular Xudoni qayta-qayta sinadilar, Isroilning muqaddas Tangrisini ranjitdilar. 42 Ular Uning qudratli qo'lini, Ularni jabr-zulmdan qutqargan kunini, 43 Uning Misrda ko'rsatgan ajoyibotini, So'an dashtida ko'rgazgan g'aroyibotini esdan chiqardilar. 44 Xudo Nil daryosini qonga aylantirdi, Misrliklar suv icholmay qoldi. 45 Ularni chaqsin deya hasharot galasini yubordi, Qirib bitirsin deya qurbaqalarni yo'lladi. 46 Ularning hosilini chigirtkaga berdi, Mehnatlari samarasini qurtlarga yedirdi. 47 Uzumzorlariga do'l yog'dirdi, Tut-anjirlarini yax bilan xarob etdi. 48 Hayvonlarini do'lga duchor qildi, Podalarini barq otashiga berdi. 49 Ularga qarshi qahr-g'azabi o't oldi, Boshlariga jahl, zug'um, balolar keltirdi, Talay qiruvchi malaklarni ham yubordi. 50 Tangri O'z g'azabiga yo'l ochdi-yu, O'limdan saqlamadi ularning jonini, Vaboyu qirg'inga topshirdi mollarini. 51 Misrda har bir to'ng'ich farzandni urdi, Hom chodirlaridagi bor erkaklik g'ururini yo'qotdi. 52 Xudo O'z xalqini qo'ylar kabi haydab chiqardi, Cho'lda ularni suruv kabi yetaklab bordi. 53 Ularni bexatar boshlab bordi, ular qo'rqmadi, Dushmanlari esa dengizga ko'mildi. 54 Ularni O'zining muqaddas o'lkasi hududiga, O'ng qo'li egallagan bu toqqa keltirdi. 55 O'z oldidan el-elatlarni quvib chiqardi, Isroil avlodlariga u yerni meros qilib berdi, Ularni yovning chodirlarida joylashtirdi. 56 Ular esa hali ham Xudoyi Taoloni sinab, xafa qilardilar, Nizom-qoidalariga rioya etmasdilar. 57 Otalari kabi orqaga qaytib xoinlik qildilar, O'qi adashgan kamon kabi egri ketdilar. 58 Tepadagi sanamlarga topinib Uni xafa qildilar, O'yma butlarga sajda qilib rashkini qo'zg'atdilar. 59 Xudo buni eshitib g'azabga mindi, Isroildan juda qattiq achchiqlandi. 60 Odamzod ichra U olgan O'z o'rnini, Shilo'da qurgan maskanini tashlab qo'ydi. 61 O'z shonu shavkatin asirlikka mubtalo qildi, Dushmanlar qo'liga berdi O'z sharafin. 62 O'z xalqini qilichga topshirdi, O'z mulkidan g'azabi keldi Xudoning. 63 Ularning yigitlarini o't yoqib bitirdi, Qizlari nikoh qo'shiqlarini aytmay qoldi. 64 Ruhoniylari qilichdan o'tkazildi, Tul xotinlari yig'layolmay qoldi. 65 O'sha vaqt Rabbim uyqudan turgan kabi, Sharobdan kayf qilgan botirday uyg'ondi. 66 Dushmanlariga zarba berib orqaga qaytardi, Ularni abadiy sharmandalikka duchor qildi. 67 Xudo Yusuf qavmini rad etgan, Efraim naslini tan olmagan bo'lsa-da, 68 Lekin Yahudo avlodini tanlab oldi, O'zi sevgan Sion tog'ini sayladi. 69 O'zining aziz makonini falak kabi yaratdi, Yer kurrasiday mangu o'rnatdi uni. 70 Xudo O'z quli Dovudni tanlab, Uni qo'y qo'ralaridan olib chiqdi. 71 O'zining xalqi bo'lgan Bani-Yoqubni, O'ziga ayirib olgan Isroilni boshqarmoq uchun, Dovudni mol boquvchilikdan ozod qilib yuksaltirdi. 72 U esa dil sofligi ila ularga cho'pon bo'ldi, Mahoratli qo'llari-la ularga boshchilik qildi.

Zabur 78

ASAF SANOSI.

1 Yot xalqlar Sening diyoringni bosib oldi, Muqaddas ma´badingni murdor qildilar, Quddusni xarobaga aylantirdilar, ey Xudo. 2 Qullaring jasadini yem uchun ko'k qushlariga, Azizlaring etini dasht hayvonlariga berdilar. 3 Quddus atrofida ularning qonini suvdek to'kib, Ularni ko'madigan biror kishi ham qoldirmadilar. 4 Qo'shnilarimiz ko'zi oldida rasvoi jahon bo'ldik, Atrofdagilarga kulgi va masxara bo'ldik. 5 Ey Xudovand, Qachongacha to'xtovsiz g'azab sochasan? Qachongacha rashking otashday yonaveradi? 6 Seni tanimaydigan millatlar ustiga, Ismingni tilga olmaydigan o'lkalar uzra Qahringni to'kib tashlagin! 7 Ular Yoqubning boshini yeb yutdilar, Uning yurtini talon-taroj qildilar. 8 Otalarimizning gunohlarini bizga eslatma, Darrov rahm-shafqatingni biz tomon yo'lla! Chunki biz juda ham xo'rlandik. 9 Ey, najotkor Xudomiz! Isming hurmati uchun bizga yordam bergin, O'z noming xotiri uchun bizni qutqargin, Gunohlarimizdan kechib yuborgin! 10 Nima uchun yot xalqlar: «Ularning Xudosi qayerda-» - desin? Qullaringning to'kilgan qonlari badaliga Xalqlardan o'ch olgin, ko'zlarimiz ko'rsin! 11 Mahbuslar nolasi Senga yetsin! O'limga mahkum bo'lgan odamzodni Buyuk qudrating bilan asragin! 12 Yo Rabbiy, Qo'shnilarimiz Senga qilgan haqoratlarini Yetti marta ko'paytirib o'z bag'riga qaytargin! 13 Mana bizlar - Sening xalqingmiz, Sening yayloving qo'ylarimiz! Senga abadiy shukrona aytamiz, Nasldan-naslga maqtovingni oshiraveramiz.

Zabur 79

IJROCHILAR RAHBARIGA. «LOLAGUL» SHAHODATI. ASAF SANOSI.

2 Ey Isroilning Cho'poni, bizni tinglagin! Zuhur etgin, ey, Yusufni suruvday boshqargan, Malaklar ustida taxt qurgan Xudo! 3 Efraim, Benyamin, Manashe avlodlari oldida O'z qudratingni namoyon qilgin, Bizni qutqarishga kelgin! 4 Ey Xudo, bizni asl holimizga keltirgin, Munavvar yuzingni ko'rsatgin, Bizlar najot topaylik! 5 Ey Xudovand, Sarvari koinot, Qachongacha xalqing ibodatiga darg'azab bo'lasan? 6 Sen bizga ko'z yoshi bilan non yedirding, Kosa-kosa ko'z yoshi ichirding. 7 Qo'shnilarimizning biz bilan talashuviga sabab bo'lding, Dushmanlarimiz bari mazax qilmoqdalar. 8 Ey Xudo, Sarvari koinot, Bizlarni asl holimizga keltirgin, Munavvar yuzingni ko'rsatgin, Bizlar najot topaylik! 9 Misrdan tok novdasini keltirding, Xalqlarni quvib uni o'tqazding. 10 U uchun yer tayyorlagan eding, U chuqur ildiz yoyib mamlakatni qopladi. 11 Hatto tog'lar ham uning soyasi ostida qoldi, Tangri daraxtlaridaydir uning tarmoqlari. 12 Uning butoqlari dengizga qadar, Shoxlari esa Frot daryosigacha yoyilgan edi. 13 Endi nega Sen uning ihotalarini buzding? O'tgan-ketgan uning unumini yulib tashlamoqda. 14 O'rmon to'ng'izlari uning ildizini yemirmoqda, Yovon jonivorlari novdasini g'ajib tashlamoqda. 15 Ey Xudo, Sarvari koinot, Bizga qaytib kelgin, axir! Osmondan boqib panoh bergin, Shu tokning ahvolini ko'rib ketgin! 16 O'z qo'ling bilan o'tqazgan ko'chatni, O'zing uchun o'stirgan o'g'lonni asragin! 17 Mana, uni chopib, otashda yondiryaptilar, Ular Sening tanbeh-g'azabingdan yo'q bo'lsin! 18 O'ng tomoningga ravo ko'rgan mard uzra, O'zing uchun o'stirgan inson o'g'li uzra qo'ling bo'lsin! 19 Biz endi Sendan yuz o'girmaymiz, Jonimizga O'zing jon bo'lgin, Toki Sening nomingni chaqirib yuraylik. 20 Ey Xudovand, Sarvari koinot, Bizlarni asl holimizga keltirgin, Munavvar yuzingni ko'rsatgin, Bizlar najot topaylik!

Zabur 80

IJROCHILAR RAHBARIGA. GAT SOZIDA. ASAF SANOSI.

2 Quvvatimiz - Xudoni tarannum eting, Yoqub Xudosiga shodlanib xitob qiling! 3 Xonish qiling, childirma chaling, Xushovoz g'ijjak ila chang cherting! 4 Yangi oyda, belgilangan vaqtda, Bayram kunimizda burg'u chaling! 5 Chunki bu Isroilning qonunidir, Yoqub Xudosining farmonidir. 6 Xudo Misr yeriga qarshi chiqqanda, Men tushunmaydigan bir til eshitdim, U shuni Yusufga nizom qilib berdi: 7 «Uning yelkasidagi yukini yengillashtirdim, Qullik bo'yinturug'idan ozod etdim qo'lin. 8 Musibat kuni fig'on ko'targaningda, Men senga najot yo'lladim, Guldurosli bulut ichidan senga javob berdim, Isyongoh suvlari bo'yida seni sinadim». SALOT 9 «Tingla, xalqim, seni jiddiy ogohlantiraman, Ey Isroil, koshki Menga quloq solsang! 10 Orangda boshqa tangri bo'lmasin, O'zga el xudosiga bosh egmagin! 11 Misr diyoridan seni olib chiqqan Rabbing, Xudovand - O'zimdirman. Og'zingni katta och, Men uni to'ldirarman». 12 «Biroq xalqim gapimga quloq solmadi, Isroil Menga bo'ysunmoq istamadi. 13 Men ularni o'jarliklari bo'yicha qoldirdim, Mayli o'z xayollari bilan borsinlar, deya». 14 «Qani edi xalqim Menga quloq solsa edi, Isroil Mening yo'llarimdan yursa edi! 15 Dushmanlarini bir onda mag'lub qilar edim, Jabr etuvchilari uzra qo'limni bosar edim. 16 Xudobezorlar unga laganbardorlik qilar, Uning ezgu qismati esa mangu bo'lar edi. 17 Senga bug'doyning a´losini yedirar edim, Qoyadan asal oqizib seni to'ydirar edim».

Zabur 81

ASAF SANOSI.

1 Xudo ilohiy majlisda turib, Ilohiylar orasida hukmini yuritdi. 2 Qachongacha siz nohaq hukm qilasizlar, Fosiq odamlarga yuz-xotir qilasizlar? SALOT 3 Qashshoq va yetimning da´vosini qiling, Bechorayu kambag'alga insof ko'rsating! 4 Darmonsizu faqirni xalos qiling, Fosiqlar qo'lidan ozod eting ularni! 5 Ular bilmasdan va anglamasdan zulmatda kezmoqda, Hatto yerning negizlari larzon urmoqda. 6 «Men aytdim: Sizlar xudolarsiz, Hammangiz ham Taoloning o'g'illarisiz. 7 Shunga qaramay, inson kabi o'lasizlar, Har qanday rais kabi yiqilasizlar». 8 Turgin, ey Xudo, yer yuzini hukm etgin! Barcha xalqlarning Sohibi Sensan-ku!

Zabur 82

ASAF SANOSI. QO'SHIQ.

2 Ey Xudo, indamay turmagin, Jim bo'lma, sukutda qolma, ey Tangrim! 3 Mana Sening dushmanlaring to'polon qilmoqda, Xudobezorlar bosh ko'tarmoqdalar. 4 Sening xalqingga suiqasd qilmoqdalar, O'z himoyangga olganlaringga qarshi Mug'ombirona kengash o'tkazmoqdalar. 5 «Yuringlar, ularni millat sifatida yo'q qilaylik, Isroil nomi boshqa esga olinmasin!» - deyaptilar. 6 Ular bir jon, bir dil bo'lib, Senga qarshi ittifoq tuzdilar. 7 Mana, Edom va Ismoil chodirlari, Bani-Mo'ov va hajriylar, 8 Jabal, Ammon va Omoleq o'g'illari, Filistiylar hamda Tir aholisi, 9 Hatto Assiriya ham ularga qo'shilib, Lut o'g'illarini qo'llab-quvvatlagan. SALOT 10 Sen Qisho'n darasida midyonliklarni, Shohlari Sisaro va Yobinni to'ntargan eding, Endi xuddi shunday ularni to'ntarib yuborgin! 11 Ular-ku Ayn-Do'rda poymol bo'lgan edilar, Ha, yer uchun go'ngga aylangan edilar. 12 O'rib va Zaibga qanday muomala qilgan bo'lsang, O'zlariyu ulug'lariga xuddi shunday muomala qilgin; Beklari Zavoh va Salmunoga qanday qilgan bo'lsang, Ularning jami sarkardalarini ham shu ko'yga solgin! 13 «Xudo o'tloqlarini o'zimizga mulk qilib olamiz!» - deb aytishgan edi-ku ular. 14 Ey Xudoyim, ularni quyundagi to'zonday, Uyurmadagi somon kabi uchirib yuborgin! 15 Alangada o'rmon yongani kabi, Olov tog'larni kuydirgani kabi, 16 Sen bo'ron chaqirib ularni haydab tashla, Boshlariga to'fon keltirib dahshatga solgin! 17 Sening nomingga rijo etishlari uchun Ularning yuzini shuvut qilgin, ey Xudovand! 18 Ular abadiy sharmandayu sarosima bo'lsin, Rasvoi jahon bo'lsinlar, yo'qolsinlar! 19 Bilsinlarki, Sening isming - Xudovand, Butun dunyoda eng oliy yolg'iz Sensan.

Zabur 83

IJROCHILAR RAHBARIGA. GAT SOZIDA. QO'RAH O'G'ILLARI SANOSI.

2 Ey Xudovand, Sarvari koinot, Sening maskanlaring qanday azizdir! 3 Xudovand huzurini sog'inib ko'nglim ado bo'ldi, Jonu tanim barhayot Tangrini tarannum etadi. 4 Mana, qushcha ham o'ziga qo'nolg'a topgan, Qaldirg'och palaponlarim uchun joy topay deya, Sening qurbongohlaring aro uyasin qurgan, Ey Xudovand, ey Sarvari koinot, Mening Podshohim va Xudoyim! 5 Sening uyingda manzil topganlar baxtlidir! Ular tinimsiz Senga hamdu sano aytadilar. SALOT 6 Dil so'qmoqlari Sen tomon burilgan, Seni quvvatim deb bilgan odamlar baxtli! 7 Hasrat vodiysidan o'tar ekanlar, Uni chashmazorga aylantiradilar, Baraka yomg'irlari esa unumini oshirar. 8 Ular qadam bosgan sari kuchayaverib, Sionda Xudoning huzurida hozir bo'ladilar. 9 Ey Xudoyi Taolo, Sarvari koinot, Ibodatimni tinglagin! Quloq solgin, ey Yoqub Xudosi! SALOT 10 Ey Xudo, bizning Himoyachimiz, Tanlagan Podshohingga iltifot-la qaragin! 11 Ma´bading hovlisida o'tgan bir kun Boshqa ming kundan afzaldir, Fosiqlar chodirida yashagandan ko'ra, Xudoyim uyi eshigida turganim yaxshidir. 12 Xudovandi karim quyosh va qalqondir, Inoyat va izzat baxsh etadi Xudovand; To'g'ri yurganlardan darig' tutmas ne´matin. 13 Ey Xudovand, Sarvari koinot, Baxtlidir Senga umid bog'lagan inson!

Zabur 84

IJROCHILAR RAHBARIGA. QO'RAH O'G'ILLARI SANOSI.

2 Ey Xudovand, Sen O'z diyoringga iltifot ko'rsatib, Bani-Yoqubni asoratdan qaytargansan. 3 Xalqingning gunohidan o'tib, Barcha ayblarini kechirgansan. SALOT 4 Butun g'azabingni qo'yningga solib, Lovullab yonayotgan qahringdan tushgansan. 5 Ey, najotkorimiz Xudo! Yana bizni asl holimizga keltirgin, Bizga qarshi jahlingni barham ber! 6 Nahot bizga abadiy g'azablanib, Avlodlarcha qahringni sochaverasan? 7 Nahot xalqing Sendan shodlanmog'i-chun, Bizni qaytadan jonlantirmaysan? 8 Ey Xudovand, lutf-karamingni ko'rsatib, Bizlarga najot bergin! 9 Tangri Taolo nelar so'zlayotir, Quloq solayin: U O'z xalqiga, O'zining ahli mo'miniga tinchlikdan so'zlayotir, Toki ular yana tentaklikka qaytmasinlar. 10 Xudotarslar najoti juda yaqindir, Diyorimizda izzat-hurmat qaror topgay. 11 Inoyat va haqiqat uchrashgay, Adolat va tinchlik o'pishgay. 12 Haqiqat yerdan unib chiqqay, Adolat esa ko'kdan yoqqay. 13 Xudovand barakatin bergay, Diyorimiz hosilin bergay. 14 Adolat Uning oldidan yurgay, Qadamlarini yo'lga solgay.

Zabur 85

DOVUDNING IBODATI.

1 Qulog'ingni men tomon tutib, Javob bergin, ey Xudovand; Chunki men faqir va miskinman. 2 Jonimni asragin, negaki xudojo'yman. Senga umid qilgan qulingni qutqargin, yo Xudoyim! 3 Menga mehribon bo'l, ey Xudovand, Men har kun Senga yolvormoqdaman. 4 Qulingning ko'nglini sevintirgin, Senga, yo Rab, ko'ngil bog'laganman. 5 Sen muruvvatli va kechirimlisan, ey Xudovand, Barcha Seni chaqirganlarga karaming cheksizdir. 6 Mening ibodatimga quloq solgin, Hasratli ovozimni eshit, ey Xudovand! 7 Musibat kunida Seni chaqiraman, Chunki Sen menga javob berasan. 8 Xudolar orasida Senga o'xshashi yo'q, Ishlaringning tengi ham yo'q, ey Xudovand. 9 Sen yaratgan barcha xalqlar kelib, Sening huzuringda sajda qiladilar, Ismingni sharaflaydilar, ey Xudovand. 10 Zero Sen juda buyuksan, Mo'jizalarni paydo qilasan. Yolg'iz Sen - Xudosan. 11 O'z yo'lingni menga o'rgatgin, ey Xudovand, Toki haqiqat so'qmog'ingda yurayin, Ismingdan qo'rqmoq-chun yuragim butun bo'lsin! 12 Yo Rabbim, chin yurakdan Senga shukr deyman, Abadiy ismingni sharaflayman, yo Xudoyim! 13 Sen menga buyuk inoyat ko'rsatding, Tubandagi do'zaxdan jonimni qutqarding. 14 Takabbur odamlar menga qarshi ko'tarilgan, G'addorlar to'dasi jonimga qasd qilgan, yo Xudo, Ular Seni xayollariga ham keltirmaydi-ku! 15 Ammo Sen mening Rabbimsan, Rahmdil va mehribon Tangrimsan. Sen juda uzoq sabrlisan, Inoyating va sadoqating ham ko'p. 16 Men tomonga yuz burib, mehribon bo'lgin! Shu qulingga quvvat bergin, Kanizaging o'g'liga najot bergin! 17 Baxtim uchun bir alomat yaratgin, Toki mendan nafratlanganlar buni ko'rib, Sharmanda bo'lsinlar! O'zing mening yordamchimsan-ku, ey Xudovand, Menga tasalli berib kelasan.

Zabur 86

QO'RAH O'G'ILLARI SANOSI. QO'SHIQ.

1 Poydevori aziz tog'lardadir Sionning! 2 Barcha Yoqubning maskanlaridan ko'ra, Xudovand sevadi Sion darvozalarin. 3 Seni zo'r ehtirom ila tilga olurlar, Ey Xudoning shahri! SALOT 4 Tanishlarim aro Misr ila Bobilni eslaturman, Filistiya, Tir, Habashiston haqida so'ylashib: «Mana bu odam o'sha yerda tug'ilgan», - derlar. 5 Sionga esa shunday aytajaklar: «Har bir kishi o'sha yerda tug'ilgan, Xudoyi Taolo O'zi uni mustahkamlagan». 6 Xudovand xalqlarni ro'yxatga olgan paytda: «Falon kishi bu yerda tug'ilgan», - deb yozib qo'yajak. SALOT 7 Xonandayu cholg'uchilar tarannum etishajak: Mening barcha manbalarim Sendadir, deb.

Zabur 87

QO'RAH O'G'ILLARI SANOSI. QO'SHIQ. IJROCHILAR RAHBARIGA. «QAYG'U-ALAM» KUYIGA. EZRAHLIK HEYMAN QASIDASI.

2 Ey Xudovand, najotkorim Xudo, Kecha-kunduz Senga nola qilib turaman. 3 Ibodatim oldingga yetib ijobat bo'lsin, Faryod-fiG'onimga quloq solgin! 4 Chunki musibatlardan jonim to'ygan, O'liklar diyoriga yaqinlashgandir hayotim. 5 Go'rga ketayotganlar bilan bir sanalaman, Madori qurigan odamday bo'lib qoldim. 6 O'liklar orasiga tashlanganman, Qabrda yotgan tig' qurbonlaridayman. Sen ularni boshqa eslamaysan, Ular yiroq tushgan qo'lingdan. 7 Sen meni chuqurlik tubiga qo'yding, Zulmat, zimziyo mag'oraga tashlading. 8 G'azabing ustimga og'ir yukday cho'kdi, Mavju sellaring ila meni ezib qo'yding. SALOT 9 Tanishlarimdan meni uzoqlashtirding, Ularni mendan jirkantirding; Qamalganman, chiqa bilmayman. 10 Azob-uqubatdan ko'zlarim xiralashdi, Har kun Seni chorlayman, ey Xudovand, Qo'llarimni Senga qarata cho'zib yotaman. 11 O'liklarga mo'jiza ko'rsaturmikansan? Marhumlar turib Senga shukr qilurmikan? SALOT 12 Nahotki qabrda Sening lutfu karamingni, Talafot diyorida haqiqatingni maqtasalar? 13 Nahotki zulmatda, unutilganlar diyorida Sening ajoyib, odil ishlaringni bilsalar? 14 Biroq men Senga faryod qilyapman, ey Xudovand, Subhdanoq ibodatim Seni qarshilar. 15 Ey Xudovand, nega jonimni rad qilding? Ne sababdan mendan yuz o'girding? 16 Men g'aribman, yoshligimdan boshlab so'nmoqdaman; Sening dahshatlaringni ko'raverib holdan toydim. 17 G'azabing o'ti ustimdan o'tib jonimni o'rtadi, Vahimalaring meni tamoman xazon qildi. 18 Selday bo'ldi-ku meni o'rab olganlar, Kun bo'yi meni iskanjaga olmoqdalar. 19 Mahbubu do'stimni mendan yiroqlashtirding, Tanishim qorong'ulikka ko'milib qoldi.

Zabur 88

EZRAHLIK EYTAN QASIDASI.

2 Ey Xudovand, Sening mehr-inoyatingni abadiy kuylayman, Tildan qo'ymasman haqiqating-da to abad. 3 Inoyating mangu asoslangan, dedim, Sadoqating falakda mustahkamlangan. 4 Sen degan eding-kim: «Men O'z tanlaganim ila ahd tuzganman, Qulim Dovudga qasamyod qilganman: 5 Sening zurriyotingni abadiylashtiraman, Taxtingni nasldan-naslga o'tkazaman», deb. SALOT 6 Ey Xudovand, ko'k Sening ajoyibotingni kuylasin, Malaklar jamoatida haqiqatingga tan berilsin! 7 Osmonu falakda Xudovandga tengi bormikan? Ilohiy zotlar ichra Xudovand kabi bormikan? 8 Malaklar majlisida Tangri bir haybatlidir, Atrofidagilarning hammasi uchun qo'rqinchlidir. 9 Ey Xudovand, Sarvari koinot, Sen kabi qudratli kimdir? Sadoqating butun atrofni egallagan, ey Xudovand! 10 Dengiz mavj urganda, Sen hukmronsan, To'lqinlari ko'tarilganda, ularni Sen tinchitasan. 11 Rahab bilan jang qildingu tor-mor qilding, Kuchli qo'ling-la dushmanlaringni to'zitib yubording. 12 Osmon Seniki, yer ham Senikidir, Dunyo va uning borlig'ini Sen bunyod etgansan. 13 Shimol va Janub tomonlarni Sen yaratgansan, Tobur va Hermo'n tog'lari ismingni kuylar. 14 Sening qudrat-iqtidoring mislsizdir, So'l qo'ling kuchli, o'ng qo'ling muzaffardir. 15 Taxting asosi adolat va haqqoniyatdir, Inoyat va sadoqat esa doim huzuringdadir. 16 Ey Xudovand, baxtlidir unday xalqki, G'oliblarcha tantana qilishni biladi, Sening yuzing nuri bilan yuradi! 17 Isming ila xalq kun sayin sevinar, Adolating orqali el yuksalib borar. 18 Xalqing quvvatiyu savlati faqat Sensan, Sening roziliging ila biz g'alaba qozonamiz. 19 Bizning qalqonimiz yolg'iz Xudovanddir, Muqaddas Isroil Xudosining amridadir shohimiz. 20 Qadimda Sen o'z azizingga vahiy yuborib degansan: «Men bir botirga yordam yo'lladim, El orasidan arzandamni yuksaltirdim. 21 Qulim Dovudni topdim, Muqaddas moyim-la uni surkadim. 22 Qo'lim abadiy unga yor bo'lur, O'zim unga kuch-quvvat beraman. 23 Dushman uni yengib olmas, Mug'ombir unga sitam bermas. 24 Yovlarini uning ko'z o'ngida qulataman, G'animlarini yer bilan yakson qilaman. 25 O'z sadoqatim va inoyatim unga yor bo'lar, Mening nomim bilan u g'alaba quchar. 26 Uning so'l qo'lini dengiz uzra, O'ng qo'lini esa nahrlar uzra qo'yaman». 27 «U meni chaqirib deydi-kim: Sen - mening Otamsan, Xudoyim, najot topadigan qoyamsan. 28 Men uni to'ng'ich o'g'lim deb, Dunyo podshohlaridan yuqori qo'yaman. 29 U uchun inoyatimni abadiy saqlayman, U bilan ahdim sobit bo'lgay. 30 Uning zurriyotiga mangu umr berib, Taxtini ko'k kunlariday davom ettiraman». 31 «Mabodo uning o'g'illari Tavrotimdan chiqib, Qonunlarim bilan yurmasalar, 32 Mabodo qonun-qoidalarimni buzib, Amrlarimga bo'ysunmasalar, 33 Unda Men qonunbuzarlarni xivich ila, Gunohkorlarni yara-jarohat ila jazolayman. 34 Lekin o'zidan inoyatimni darig' tutmay, Sadoqatimni sira o'zgartirmayman. 35 Tuzgan ahdimni aslo buzmay, Bergan so'zimdan qaytmayman. 36 Bir marta muqaddasligim haqi ont ichib, Dovudga yolg'on so'zlarmikanman? 37 Uning zurriyoti abadiy yashar, Taxti qarshimda quyosh kabi turar. 38 Ko'k yuzidagi barhaq shohid - oy kabi, U ham mangu sobit turar», - degan eding. SALOT 39 Biroq endi Sen darg'azab bo'lding, Tanlaganingni qahr bilan siltab tashlading. 40 Quling bilan qilgan ahdingni mensimay, Uning tojini tuproqqa qording. 41 Barcha devorlarini yiqitib, Qasrlarini vayronaga aylantirding. 42 Yo'ldan o'tayotgan barcha uni talamoqda, Qo'shnilari oldida u masxara bo'ldi. 43 Yovlarining qo'llarini baland qilding, Butun dushmanlarini sevintirding. 44 Hatto qilichi uchini qaytarding, Jangda uni qo'llamading. 45 Uning dovrug'ini bitirding, Taxtini esa yerga urding. 46 Yoshlik kunlarini qisqartirding, Yuzi qaro qilding. SALOT 47 Qachongacha, ey Xudovand..? O'zingni abadiy yashiraverasanmi? Qachongacha g'azabing otash kabi yonar? 48 Umrim naqadar qisqa ekan, esda tutgin! Qanday ovoragarchilik uchun yaratgansan odam bolalarin! 49 Qanday er borki, yashab, o'lim yuzi ko'rmas ekan, O'liklar diyoridan esa qutqarar ekan jonin? SALOT 50 Dovudga ichgan ontingga sadoqat ko'rsatgin, Avvalgi lutf-karaming qayerda qoldi, yo Rabbiy? 51 Quling qanchalik sharmanda bo'lganini, Butun qudratli xalqlarning jabr-sitamini Qanday bag'rimda ko'tarib yurganimni esda tut, ey Xudovand! 52 Dushmanlaring qanday tahqir etganlarini, Tanlaganing izlarini qanday tahqir etganlarini Esda tut, ey Xudovand! 53 Xudovandga abadiy shon-sharaflar bo'lsin! Omin! Omin!

Zabur 89

XUDO ODAMI NABI MUSONING IBODATI.

2 Yo Rabbiy, Sen barcha nasllarimizga panoh eding. 3 Tog'lar vujudga kelmasidan oldin, Yer va koinot bunyod bo'lmasidan burun, Azaldan va ilalabad Sen Tangrisan. 4 Sen insonni tuproqqa qaytarasan, «Ey odam o'g'illari, qaytinglar!» - deysan. 5 Mana, Sening nazaringda ming yil ? O'tib ketgan kechagi kun kabi, Bir tun qorovulligi qadardir. 6 Odamlarni selday supurib tashlaysan, Ular uyqu singari o'tib ketadilar, Subhda ko'karib chiqqan o'tga o'xshaydilar. Subhda o't ko'karib gul ochar, Oqshomda esa so'lib, qurib ketar. 7 Mana, Sening qahr-g'azabingdan Biz vahimalanib, tugab boryapmiz. 8 Sen gunohlarimizni qarshingga keltirding, Sirli ishlarimizni yuzing nuriga chiqarib qo'yding. 9 Bor kunlarimiz Sening g'azabing ostida o'tdi, Yillarimizni oh bilan boy berib qo'ydik. 10 Umrimiz muddati yetmish yil ekan, Yoki bardamlik bersa sakson yil ekan, Uning cho'qqisi ham jafo va zahmatdir. Hayot tezlik bilan o'tar, Mana, biz uchib ketamiz! 11 G'azabing shiddatiga kimning fahmi yetar? Qahring dahshatini kim o'lchar ekan? 12 Kunlarimizni sanashni bizga o'rgatgin, Toki dono qalb egasi bo'laylik! 13 Qaytgin bizga, ey Xudovand, qachongacha..? Qullaringga rahm aylagin! 14 Subhda yana inoyating ila bizni to'ydirgin, Toki umrimiz boricha shod bo'lib kuylaylik. 15 Bizni ranjitgan kunlar evaziga, Baloga yo'liqtirgan yillar evaziga Bizni tag'in sevintirgin! 16 Qullaringga ulug' ishlaringni ko'rsatgin, Qullaring o'g'illariga ham ulug'liging oshkor bo'lsin! 17 Yo Rabbimiz Xudo, marhamating bizga yor bo'lsin, Qo'llarimizga O'zing baraka ato etgin, Qo'l urgan barcha ishlarimiz o'ngsin!

Zabur 90

Qodir Tangri soyasida yashash

1 Kimki Xudoyi Taoloning panohida yashar, Qodir Tangri soyasida orom topar ekan, 2 U Xudovandga aytadi: O'zingsan boshpanam, qasrim mening, Umidim faqat Senda, ey Xudoyim! 3 Xudo seni ovchi qopqonidan ham, Vabo-qazodan ham xalos etar. 4 U O'z parlari bilan seni yopar, Qanotlari ostida bexatar bo'lasan; Haqiqati senga qalqon va to'siq bo'lar. 5 Na tungi vahimadan qo'rqasan, Na kunduzi uchayotgan o'qdan, 6 Na zulmatda kezuvchi vabodan, Na qiyom chog'i qiruvchi o'latdan. 7 Sening yoningda mingtasi yiqilib, Tuman qulab ketsa-da o'ng yoG'ingda, Balo-qazo senga yaqin yo'lamas. 8 Sen faqat ko'zlaring bilan boqib, Fosiqlarga berilgan jazoni ko'rasan. 9 Xudovandni panohim deb bilganing uchun, Haq Taoloni qo'rg'onim deganing uchun, 10 Tushmas boshingga biron-bir falokat, Yo'lamas chodiringga ham qandaydir o'lat. 11 U O'z farishtalariga sen haqda amr etgay, Toki butun yo'llaringda seni asrasinlar. 12 Ular seni qo'llarida ko'tarib ketar, Oyog'ing ham toshga qoqilib ketmas. 13 Sher va bo'g'ma ilon ustidan bosib o'tasan, Arslon va ajdarni ezib tashlaysan. 14 «U Menga mehr bog'lagani-chun qutqazaman, Nomimni tan olgani-chun omon saqlayman. 15 U Meni chaqirgan choG'ida javob beraman, Qayg'uli kunida u bilan birga bo'laman, Uni xalos etib hurmatga sazovor qilaman. 16 Uzoq umr berib ko'nglini to'yg'azaman, Najotkorligimni unga namoyon qilaman».

Zabur 91

DAM OLISH KUNI SANOSI. QO'SHIQ.

2 Qanday yaxshidir Xudovandga shukr etmoq, Sening ismingni kuylamoq, yo Rabbi Taolo! 3 Subhdanoq inoyatingni xabarlamoq, Kechalari esa sadoqatingni tan olmoq, 4 O'n torli soz va tanburda Seni kuylab, G'ijjakda ham ohang chalmoq yaxshidir. 5 Ey Xudovand, O'z ijodlaring ila meni sevintirding, Yaratganlaringdan qoyil bo'lib kuylayman. 6 Ishlaring qanday buyukdir, ey Xudovand, Juda terandir andishalaring Sening! 7 Befahm kishi buni bila olmas, Nodon odam buni anglab yetmas. 8 Betavfiqlarning o't kabi chechak otishi, Hamma qonunsizlarning yashnab-gullashi Ularning abadiy yo'q bo'lishi uchundir. 9 Lekin Sen, ey Xudovand, Abadulabad ulug'vorsan! 10 Dushmanlaringga qara, ey Xudovand, Mana, dushmanlaring yo'q bo'ladilar, Barcha qonunsizlar tarqalib ketadilar! 11 Yovvoyi buqa qanday shoxini ko'tarib yursa, Sen boshimni shunday ko'tarib yurgizasan, Meni yog'ing-la surtib jonimni kirgizasan. 12 Yovlarim yiqilganini o'z ko'zim-la ko'rdim, O'z qulog'im bilan eshitdim faryodini Menga qarshi qo'l ko'targan yovuz dushmanning. 13 Solihlar xurmo daraxti kabi gullab-yashnar, Lubnondagi kedr daraxtidek yuksalib ketar. 14 Xudovandning uyida o'tqazilgan barchalar Xudoyimiz hovlilarida yayrab-yashnaydilar. 15 Mo'ysafidlikda ham mo'l meva beradilar, Bardam va shirador bo'ladilar. 16 Xudovandning haqligini xabar qiladilar, Qoyam Udir, Unda nohaqlik yo'q, deydilar.

Zabur 92

Xudovand - mahobatli Hukmron

1 Xudovand saltanat surmoqda; Ulug'vorlik bilan kiyingandir U, Qudrat kamarin bog'lab yasangandir Xudovand. Mana, dunyo qaror topgan, u tebranmas aslo. 2 Sening taxting qadimdan mustahkamlangan, Sen azaliy O'shasan, ey Xudo! 3 Mana, daryolar shovqini, ey Xudovand, Mana, daryolar shovqini ko'tarildi! Nahrlar shov-shuvi juda balandladi! 4 Ko'p suvlarning shovqinidan ko'ra, Azim dengiz dolg'alaridan ko'ra, Yuqoridagi Xudovand juda mahobatlidir. 5 Sening vahiylaring shak-shubhasizdir, Uyingga ilalabad muqaddaslik yarashur, Ey Xudovand!

Zabur 93

Xudo dunyoni odilona hukm etadi

1 Yo Xudovando, intiqomlar Tangrisi! Yo intiqomlar Tangrisi, zuhur etgin! 2 Ko'tarilgin, ey yerni Hukm qiluvchi, Mag'rurlarning jazosini bergin! 3 Qachongacha betavfiqlar, ey Xudovand, Qachongacha betavfiqlar tantana qiladilar? 4 Badkirdorlar hammasi og'zini katta ochib, Balandparvoz gaplar-la kekkayib yuradilar. 5 Ey Xudovand, Sening xalqingni tepkilab, Ummatingga jabr-jafo bermoqdalar. 6 Beva va g'ariblarni o'ldirib, Yetimlarni nobud qilmoqdalar, 7 «Xudovand ko'rmas», - deya, «Yoqub Xudosi bilmas», - deya. 8 Ey elning tentaklari, aqlga kiringlar! Qachon hushingizni yig'asiz, ey ahmoqlar? 9 Quloqni yasagan eshitmaydimi? Ko'zni yaratgan ko'rmaydimi? 10 Nahotki odam bolalariga aql o'rgatuvchi, Xalqlarga tanbeh beruvchi Xudo fosh qilmasa? 11 Xudovand insonlarni biladiki, Ularning fikr-xayolotlari behudadir. 12 Yo Xudoyo, baxtlidir O'zing tanbeh beradigan, Qonuning orqali aql o'rganadigan kishi! 13 Uni yomon kundan sog'-omon saqlaysan, To fosiq uchun chuqur qazilmaguncha... 14 Xudovand O'z xalqini tark etmas, O'z ummatin tashlab qo'ymas mutlaqo. 15 Chunki hukm-farmon adolatga qaytajak, Hamma pokdillar esa uning payidan bo'lajak. 16 Yomon odamlar oldida kim meni yoqlaydi? Badkirdorlar qarshisida kim meni oqlaydi? 17 Xudovand yordamchim bo'lmasaydi gar, Allaqachon jonim chiqar, Sukunat diyorida yotar edim. 18 Oyog'im qoqila yozdi, deganimda, Lutfing meni qo'lladi, ey Xudovand. 19 Ichimda qayg'ularim toshib borganida, Taskinlaringdan ko'nglim quvonchga to'ldi. 20 Qonundan qiyshiq hukmlar chiqaradigan Insofsiz qozilarga Sen sherik bo'larmiding? 21 Ular-ku solihga qarshi hujumga yopirilib, Begunoh qonni yerga qormoqchilar. 22 Illo Xudovand mening istehkomimdir, Ha, panoh topar qoyamdir Xudoyim mening. 23 Ularning fosidligini U o'z boshlariga solar, O'z yovuzliklari bilan ularni qirib tashlar; Ha, bizning Rabbimiz - Xudovand O'zi ularni qirib tashlar.

Zabur 94

Xudoga topinish va bo'ysunishga undov

1 Kelinglar, Xudovandni kuylaylik, Najotimiz Qoyasini olqishlab xitob qilaylik! 2 Uning huzuriga shukrona aytib yaqinlashaylik, Unga sevinchli qo'shiqlar-la xitob qilaylik! 3 Chunki Xudovand - ulug' Tangridir, Butun xudolar ustidan buyuk Podshohdir. 4 Yerning tubsiz qa´ri Uning qo'lidadir, Tog'lar cho'qqilari ham Unga qaramdir. 5 Dengiz Uniki, uni yaratgan O'zidir, Quruqlikni ham Uning qo'llari bunyod etgan. 6 Kelinglar, Unga yuz tuban sajda qilaylik, Parvardigorimiz oldida tiz cho'kaylik! 7 Chunki U bizning Xudoyimizdir, Bizlar esa - Uning yaylovining xalqi, Uning qo'li ostidagi qo'ylarmiz. Koshki bugun Uning ovoziga quloq solsangiz! 8 «Cho'lda, isyon va sinov kunida bo'lganday, Yana yuragingizni tosh qilmanglar! 9 O'shanda otalaringiz Meni sinov qildilar, Ishimni ko'rib turib, imtihon qildilar. 10 Qirq yil bu nasldan bezor bo'lib dedim: Bular dilidan adashgan bir qavmdir, Mening yo'llarimga rioya qilmadilar. 11 Men g'azablanib ont ichdimki, Ular Mening farog'at diyorimga kirmas».

Zabur 95

Xudoni butun jahon kuylasin

1 Xudovandga yangi qo'shiq ayting! Ey butun yer yuzi, Xudovandni kuylang! 2 Xudovandni kuylab, ismiga sanolar o'qing, Najotkorligini kundan-kunga e´lon qiling! 3 Shon-shuhratini xalqlar orasida xabarlang, Mo'jizalarini barcha ellarga bildiring! 4 Xudovand buzrukvordir, U ko'p maqtovga sazovordir; Barcha xudolardan ko'ra Undan qo'rqmoq kerak. 5 Chunki barcha xalqlarning xudolari - but, Xudovand esa osmonu falakni yaratgandir. 6 Uning huzurida - savlat va mahobat, Aziz makonida esa qudrat va hashamatdir. 7 Ey xalq qabilalari, Xudovandga tan bering, Uning shuhratiyu qudratiga tan bering! 8 Xudovandning ismi sharafiga tan bering, Siylov bilan Uning huzuriga kiring! 9 Muqaddas ko'rkda Xudovandga sajda qiling, Butun yer yuzi Uning oldida titrasin! 10 Xalqlar orasida e´lon qiling: Xudovand - Hokimi mutlaqdir, Dunyo qaror topgan, u tebranmas aslo. Xalqlarni U to'g'rilik bilan hukm etadi. 11 Osmon sevinsin, yer xursand bo'lsin, Dengiz va uni to'ldirgan borliq jo'sh ursin! 12 Dalalar va ulardagi borliq jon yayrasin, O'rmondagi butun daraxtlar Xudovandni kuylasin! 13 Chunki mana, Xudovand keladi! U keladi-yu, yerni hukm etadi; U koinotni O'z adolati bilan, Dunyo xalqlarini haqiqati ila hukm etadi.

Zabur 96

Xudovandning qudrati va saltanati

1 Xudovand Hokimi mutlaqdir. Yer xursand bo'lsin, Butun orollar sevinsin! 2 Bulutlar va zulumot Uning atrofidadir, Haqqoniyat va adolat taxtining asosidir. 3 Uning oldida otashu olov yugurar, Atrofdagi dushmanlarni kuydirib tashlar. 4 Uning yashinlari dunyoni yorqin qildi, Yer buni ko'rib titramoqda. 5 Xudovand oldida, Butun yerning Egasi oldida Tog'lar mumday erib ketmoqda. 6 Ko'k Uning adolatini e´lon qilar, Ulug'vorligini barcha xalqlar ko'rar. 7 Uyalsin barcha sanamga bosh eguvchilar, Butlari bilan maqtanib yuruvchilar! Hamma xudolar Haqqa sajda etsinlar! 8 Ey Xudovand, odil hukmlaringni eshitgach, Sion quvondi, Yahudo qizlari shod bo'ldi. 9 Ey Xudovand, butun yer uzra eng yuksagi Sensan, Barcha xudolarga qaraganda Sen juda yuqorisan. 10 Ey sizlar, Xudovandni sevganlar, Yovuzlikdan nafratlaning! Azizlarining jonini U saqlar, Betavfiqlar qo'lidan xalos etar. 11 Solihlar yo'liga nur sochilgay, Dili to'g'rilarga xurramlik nasib etgay. 12 Ey solihlar, Xudovanddan xursand bo'ling, Muqaddasligiga tan berib hamdu sano qiling!

Zabur 97

SANO.

1 Xudovandga yangi bir qo'shiq ayting! Chunki U mo'jizalar yaratdi, O'zining o'ng qo'li, muqaddas qo'li Unga zafar keltirdi. 2 Xudovand O'z najotkorligini ko'rsatdi, Xalqlar o'ngida odil hukmini namoyon qildi. 3 Isroil xalqiga bo'lgan inoyatu sadoqatini esladi, Yerning to'rt burchi Xudoyimiz najotini ko'rdi. 4 Ey butun yer yuzi, Xudovandni olqishlang, Quvnab kuy kuylang, cholg'u chaling! 5 Xudovand sha´niga g'ijjak chaling, G'ijjak chalib qo'shiqlar ayting! 6 Karnay va surnay tovushlari bilan Podshohimiz Xudovandni kuylang! 7 Dengiz va undagi barcha mavjudot, Dunyo va unda yashaydiganlar jo'sh ursin! 8 Xudovand oldida daryolar qarsak ursin, Tog'lar ham qo'shilib tarannum etsin! 9 Chunki U yerni hukm etgali keladi. U keladi-da, dunyoni adolat bilan, Xalqlarni odillik bilan hukm qiladi.

Zabur 98

Xudoyi Taoloning mutlaq saltanati

1 Xudovand - Hokimi mutlaqdir, Elu xalqlar titrab ketar. Malaklar uzra saltanatlidir U, Yer yuzi larzaga kelar. 2 Sionda Xudovand buyukdir, Barcha xalqlar ustidan oliydir. 3 Sening ismingni tan olsinlar, ey Xudovand, Ulug' va qo'rqinchli, muqaddasdir isming. 4 Podshohning qudrati adolatsevarlikdadir. O'zing to'g'rilikni mahkam o'rnatgansan, yo Rab, Bani-Yoqubga adolat va haqqoniyat ko'rsatgansan. 5 Rabbimiz - Xudovandni ulug'lang, Uning oyog'iga yiqilib sajda qiling! U - muqaddasdir. 6 Uning ruhoniylari aro Muso va Horun bor edi, Ismini chorlaganlar ichra Shomuil hozir edi. Ular Xudovandni chaqirganlarida, U ularga quloq solar edi. 7 Xudo bulut ustunidan ularga so'zlar, Ular esa U bergan nizom-qoidalarga amal qilishar edi. 8 Sen ularga quloq solar eding, yo Rabbiy. Ey Xudovand, Sen ularning aybini kechiruvchi, Yomon qilmishlariga yarasha jazo ham beruvchi bir Tangri eding. 9 Rabbimiz - Xudovandni ulug'lang, Muqaddas tog'ida Unga sajda qiling! Chunki Rabbimiz - muqaddasdir.

Zabur 99

SHUKRONALIK SANOSI.

1 Ey butun yer yuzi, Xudovandni olqishlang! 2 Xudovandga xursandchilik ila xizmat qiling, Huzuriga hayqiriqlar ila yaqinlashing! 3 Bilingki, Xudovand - Haq Xudodir, Uning O'zi bizni yaratgan, Bizlar - Unga tegishlimiz, O'z xalqiyu yaylovining qo'ylarimiz. 4 Ma´bad darvozalariga shukrona aytib kiring, Maqtovlar aytib Xudoning huzuriga keling, Unga shukr qilib, ismiga hamd o'qing! 5 Chunki Xudovand ezgudir, abadiy inoyatlidir, Sadoqati esa davrdan-davrga hukm surar.

Zabur 100

DOVUD SANOSI.

1 Lutfu karaming va adolatingni kuylab, Seni tarannum etaman, ey Xudovand. 2 Benuqsonlik yo'li haqida fikr yuritaman. Sen qachon men tomonga kelasan? Xonadonim ichra sof dilim ila yuraman. 3 Razil narsani ko'z o'ngimga keltirmayman, Buzuqilar qilmishidan nafratlanaman, Bunday narsa menga yopishmas aslo. 4 Ters ko'ngil mendan uzoqlashadi, Yovuzlar bilan aloqam bo'lmaydi. 5 Do'stini orqavorotdan g'iybat qilganni Men yo'q qilaman - chiday olmayman hech Ko'zlari mag'rur, o'ziga bino qo'ygan odamga. 6 Ko'zlarim mamlakatning mo'minlaridadir, Ular mening soyamda o'rnashurlar. Sofdil odam menga xizmat qilur. 7 Hiylagarlar mening huzurimda yashamas, Yolg'onchilar turmas hech qarshimda. 8 Sahar demay mamlakatning bari fosiqlarin Yo'q qilaman - quritib tashlayman-da Badkirdorlar ildizin Xudovand shahridan.

Zabur 101

DARD-ALAMGA BOTGAN VA ARZINI XUDOVAND OLDIGA TO'KKAN G'ARIBNING IBODATI.

2 Ey Xudovand, ibodatimni eshitgin, Faryodim Senga yetib borsin! 3 Musibat kunimda mendan yuz o'girma, Qulog'ingni men tomon tutgil; Chaqirgan chog'im menga tez javob bergin! 4 Mana, kunlarim tutun kabi o'tib ketdi, Suyaklarim - bamisli so'xta o'tin! 5 Yuragim quyoshdan qovjiragan o'tdayin, Hatto nonimni yeyishni ham unutyapman. 6 Men ohu zor qilaverib, Etim suyagimga yopishib qoldi. 7 Men cho'l-biyobonda yashovchi soqqaqushga, Vayronalarda qo'nuvchi boyo'g'liga o'xshayman. 8 Ko'zimga uyqu kelmay qoldi, Tom ustida yolg'iz qolgan qush kabiman. 9 Dushmanlarim har kun meni haqoratlamoqda, Ismimni tahqirlovchilar la´nat o'qimoqdalar. 10 Men kulni non deb yeyapman, Ichimligimni ko'z yoshim-la aralashtiryapman. 11 Sening qahru g'azabing tufaylidir bu, Sen meni ko'tarding-u, yerga urding. 12 Ko'lanka uzaygandek kunim bitdi, Qurigan o't singari qaqshab ketdim. 13 Lekin Sen abadiy hukmronsan, ey Xudovand, Davrlar osha davom etar shon-shuhrating Sening. 14 Sen ko'tarilib Sionga marhamat etgaysan, Ana, unga mehribonlik qilish vaqti keldi, Ha, vaqt-soati yetib keldi! 15 Uning toshlariga qullaring mehr qo'ygan, Hatto gardu to'zonini ham ayamoqdalar. 16 Ey Xudovand! Elu xalqlar va butun jahon podshohlari Sening mahobatli ismingdan qo'rqadilar. 17 Mana, Xudovand Sionni obod qilajak, O'zining mahobati bilan zohir bo'lajak. 18 Ma´yuslar ibodatiga e´tibor berajak, U xor qilmagay aslo toatlarin. 19 Ushbular kelajak nasl uchun yozilsin, Toki tug'ilajak qavm hamdu sano o'qisin! 20 Xudovand muqaddas yuksakligidan engashadi, Yerga boqadi osmoni falakdan ? 21 Mahbuslar nolasini eshitay deya, O'lib ketadigan odamzodni qutqaray deya. 22 Sionda Xudovand ismini sharaflasinlar, Quddusda xabar qilsinlar shon-shuhratin. 23 Shunda barcha xalqlar jam bo'lajak, Mamlakatlar Xudovandga xizmat etajak. 24 Yo'limda U quvvatimni oldi, Kunlarimni O'zi qisqartirdi. 25 Umrim yarmida meni olma, dedim, Sening yillaring davrlarcha davom etar, yo Rabbim! 26 Sen yerni azaldan yaratgansan, Osmon esa qo'llaring amalidir. 27 Ular yo'q bo'lib ketar, Lekin Sen turaverasan. Hammasi kiyimday nurab ketar, Ularni joma kabi almashtirasan, Ular esa o'zgarib ketar. 28 Biroq Sen ayni O'shaning O'zisan, Yillaring tamom bo'lmas Sening. 29 Qullaring o'g'illari o'zlariga makon topajak, Ularning zurriyoti esa Sening huzuringda bexatar yashayajak.

Zabur 102

DOVUD SANOSI.

1 Ey jonim, Xudovandni olqishla! Uning muqaddas ismini olqishlang, Ey, butun a´zoyi badanim! 2 Ey jonim, Xudovandni olqishlagin, Unutma Uning biron-bir ehsonini! 3 U butun ayb-gunohlaringni kechirar, Barcha xastaliklaringga davo topar; 4 Hayotingni go'r azobidan qutqarar, Boshingga inoyatu marhamat tojin taqar; 5 Ko'nglingni ne´matlar bilan qondirar, Yoshliging kuchini burgut kuchiday yangilar. 6 Xudovand adolatli hukm chiqarar, Barcha ezilganlar huquqini himoya qilar. 7 U O'z yo'llarini Muso payg'ambarga, Ishlarini Bani-Isroilga namoyon qilgan. 8 Xudovand rahmon va mehribondir, Juda uzoq sabrli va inoyatlidir. 9 U oxirigacha arazlab yurmas, To abad darg'azab ham bo'lmas. 10 Ayblarimizga qarab bizga muomala qilmas, Gunohlarimizga yarasha bizga jazo bermas. 11 Osmon yerdan qanchalik yuksak bo'lsa, Undan qo'rqqanlarga inoyati shunchalik ko'pdir. 12 Sharq G'arbdan qanchalik uzoqda bo'lsa, Yoziqlarimizni bizdan shu qadar uzoqlashtirdi. 13 Ota farzandlariga qanday marhamat qilsa, Xudovand Undan qo'rqqanlarga shunday marhamatlidir. 14 Bizning tarkibimizni U bilar, Tuproq ekanligimizni yodga olar. 15 Inson kunlari bir o'tga o'xshar, Dasht guliday unib chiqib, chechak otar. 16 Uning ustidan shamol esib o'tadi-yu, U yo'q bo'lur, makoni ham uni tanimas. 17 Lek Xudovandning inoyati abadiydir, Ilalabad Undan qo'rqqanlarga yordir, Ularning o'g'illariga ham sadoqati yordir. 18 Xudovand buyurgan ahdga vafo qilgan, Amrlarini eslab bajargan barchaga ham Uning sadoqati yordir. 19 Xudovand taxtini osmonda qurgan, Uning saltanati butun koinotga hokimdir. 20 Ey, Uning so'ziga quloq beruvchi, Kalomini ijro etuvchi kuchli, botir malaklar, Xudovandni olqishlanglar! 21 Ey sizlar, Uning barcha qo'shinlari, Irodasini ado etuvchi xizmatkorlari, Xudovandni olqishlanglar! 22 Ey, Xudovand yaratgan borliq jon, Saltanatining hamma joyida Uni olqishlang! Ey mening jonim, Xudovandni olqishlagin!

Zabur 103

Koinotni Yaratgan va Asraganga shukr

1 Ey jonim, Xudovandni olqishlagin! Ey Xudovand, yo Rabbim, juda ulug'san, Jamol va salobat ila kiyingansan. 2 Yorug'lik libosiga burkangansan, Osmonni chodir kabi yoyib qo'ygansan. 3 Yuqori dargohlaring tomini suvdan qurgansan, Bulutlarni O'zingga aroba qilib, Shamol qanotlari uzra kezasan. 4 Shamollarni O'zingga malak qilasan, Xizmatchilaring qilib o't-olovni ishlatasan. 5 Yer to abad tebranmasin deya, Uni poydevori uzra mahkam qurgansan. 6 Unga ummonni libosday kiydirgansan, Suvlar tog' cho'qqilarigacha yetib bordi. 7 Sening qat´iy ajrimingdan suvlar chekindi, Chaqmog'ing guldurashidan tez qochib ketdi. 8 Ular Sen tayinlagan yerga oqdi, Tog' cho'qqilarigacha chiqib bordi, Vodiylarni to'ldirib toshdi. 9 To'fon qaytib toshmasin, Yerni yana qoplamasin deya, Sen unga chegara qo'ygansan. 10 Daralarda chashmalarni ochib yubording, Suvi tog'lar orasidan oqib boradi. 11 Suviga dashtdagi har bir jonivor qonadi, Yovvoyi eshak ham chanqovini bosadi. 12 O'sha suvlar bo'yida ko'k qushlari qo'nadi, Daraxt shoxlari aro ular sayraydi. 13 Yuqori dargohlaringdan tog'larni sug'orasan, Yer mo'jizalaring mahsulidan to'yar. 14 Sen hayvon uchun o't-o'lan o'stirib, Insonlar uchun ko'kat yaratasan; Inson yeriga ishlov berib ovqat topar. 15 Odam dilini xushnud qiladigan sharobni, Inson yuzini yaltiratadigan yog'ni, Diliga quvvat beradigan nonni ham Sen yaratasan. 16 Xudovandning daraxtlari ? O'zi o'tqazgan Lubnon kedrlari suvga qonadi. 17 Shoxlari aro qushlar uya quradi, Laylak uyasi esa sarv daraxtlarida. 18 Baland tepalar - tog' echkilarining yurti, Qoyalar esa - bo'rsuqlar panohidir. 19 Fasllarni aniqlamoq uchun U oyni yaratdi, Quyosh ersa - botar yerin bilur. 20 Sen qorong'ilik cho'ktirsang, tun bo'lur, O'rmondagi hayvonlar bari sayrga chiqur. 21 Arslon bolalari o'lja axtarib bo'kirar, Tangridan oziq-ovqatlarini so'rashar. 22 Quyosh chiqar, to'planarlar, Qaytib kirib, inlarida yotarlar. 23 Inson esa o'z mehnatiga chiqar, Oqshomgacha ro'zg'or tebratish uchun ishlar. 24 Ey Xudovand, Sening ishlaring qanchalik ko'pdir! Hammasini hikmat bilan yaratgansan, Yer Sening ijodlaring bilan to'ladir. 25 Mana, buyuk, bepoyon dengiz! Unda son-sanog'i yo'q jonivorlar, Kichik va katta hayvonlar bor. 26 Dengizda kemalar qatnaydi, Unda o'ynasin deya Sen Levatanni ? O'sha haybatli baliqni yaratgansan. 27 Ularning hammasi Senga ko'z tikar, Vaqtida ovqatimizni bersin deb umid qilar. 28 Ularga berganingda, terib olarlar, Qo'lingni ochganingda, ne´matingga to'yarlar. 29 Yuzingni yashirganingda, ular dahshatga tushar, Ruhlarini olsang, ular o'lib ketar, Yana tuproqqa qaytarlar. 30 Ruhingni yuborsang, qayta yaratilurlar, Yer yuziga Sen yangi qiyofa berursan. 31 Xudovandning shon-shuhrati abadiy bo'lsin, O'z ishlari bilan sevinsin Xudovand! 32 U yerga boqqanida, yer titraydi, Tog'larga tekkanida, ular tutun chiqaradi. 33 Men bor ekanman Xudovandni kuylayman, Umrim boricha Xudoyimni tarannum etaman. 34 Mening suxanim Unga xush kelsin, Men Xudovanddan xursand bo'laman. 35 Gunohkorlar dunyodan yo'q bo'lsin, Betavfiqlar yo'qolib ketsinlar! Ey jonim, Xudovandni olqishlagin! Hamdlar bo'lsin!

Zabur 104

Isroil tarixida Xudoning mo'jizakorligi

1 Xudovandga shukr qiling, ismini chorlang, Xalqlar aro ajoyibotini targ'ib qiling! 2 Qo'shiqlar aytib, Uni tarannum eting, Butun mo'jizalarini so'zlab bering! 3 Muqaddas ismi bilan iftixor qiling, Xudovandni sog'inganlar ko'ngli shod bo'lsin! 4 Xudovandni, Uning qudratini axtaring, Uning huzurini doimo qidiring! 5 Uning yaratgan ajib mo'jizalarini, Og'zidan chiqqan hukmlarini esda tuting! 6 Ey, Uning quli Ibrohim zurriyoti, O'zi tanlagan Yoqubning o'g'illari: 7 Rabbimiz - Xudovand ana shudir, Butun yer yuzida Uning hukmi o'tadi. 8 U qilgan ahdini abadiy yodda tutar, Vasiyatini minglab nasllargacha eslar. 9 Ibrohim bilan tuzgan ahdini, Is´hoqqa ichgan qasamini xotirlar. 10 Buni Yoqubga qonun deb joriy qildi, Isroilga abadiy ahd qilib berdi. 11 «Kan´on yerini ulushing qilib Senga va zurriyotingga beraman», - dedi. 12 O'shanda ular son jihatdan juda oz, U yerda hali kelgindi edilar. 13 Bir xalqdan boshqa xalqqa, Bir o'lkadan o'zga elga kezar edilar. 14 Xudo ularga ozor berishga yo'l qo'ymas, Ular haqida podshohlarga ham man etardi. 15 «Mening tanlaganlarimga tegmangiz, Nabilarimga yomonlik qilmangiz!» - derdi U. 16 Mamlakat bo'ylab ocharchilik e´lon qildi, G'alla poyasini ham butkul quritib yubordi. 17 Ulardan oldin bir odamni ? Qul qilib sotilgan Yusufni yuborgan edi. 18 Uning oyoqlarini kundalab qo'ydilar, Joni temirga kirganday qiynalar edi ? 19 To Xudovandning so'zi ijro bo'lguncha, Ilohiy kalom uni sinab soflaguncha. 20 Shoh odam yuborib uni bandilikdan qutqardi, Ha, ellar hukmdori uni ozodlikka chiqazdi. 21 Uni o'z uyi ustidan mirzo qilib qo'ydi, Butun mol-mulkiga boshliq qilib tayinladi. 22 Toki vazirlariga ko'nglidagidek o'git qilsin, Oqsoqollariga esa hikmatni o'rgatsin. 23 So'ngra Yoqub Misrga keldi, Hom diyorida maskan oldi Isroil. 24 Xudovand xalqini juda ham ko'paytirib, Dushmanlaridan ko'ra quvvatliroq qildi. 25 O'z xalqiga qarshi xusumat qilmog'i-chun, Qullariga qarshi fitna uyushtirmog'i-chun Yovning yuraklarida nafrat uyg'otdi. 26 U O'z quli - Muso payg'ambarni, O'zi tanlagan Horunni yo'lladi. 27 Ular Hom diyorida Xudovand ajoyibotin, Ilohiy alomatlarni namoyon qilishdi. 28 Xudovand qorong'ilik yubordi, Yon-atrofni zulmat qamradi, Misriylar Uning amriga qarshi turmadi. 29 Ularning suvlarini qonga aylantirdi, Baliqlarini esa nobud qilib tashladi. 30 O'lkalarini g'uj-g'uj qurbaqalar bosdi, To podshoh yotoqxonasigacha to'lib ketdi. 31 Ilohiy amr bo'yicha pashsha galalari bosib keldi, Mamlakatning to'rt tomonini bitlar bosib oldi. 32 Boshlariga yomg'ir o'rniga do'l yog'dirdi, O'lkalariga jazirama otash yubordi. 33 Bog'larini, anjir daraxtlarini quritdi, Sarhadlari ichidagi har butani qirib tashladi. 34 Uning buyrug'i ila chigirtkalar paydo bo'ldi, Son-sanoqsiz hasharot galalari chiqdi. 35 Mamlakatdagi butun o't-o'lanni o'pirib yubordi, Daladagi hosilni tamoman yeb tugatdi. 36 Oxiri Xudo o'lkaning barcha to'ng'ichlarini, Elning butun erkaklik g'ururini o'ldirdi. 37 O'z xalqini esa simu zar ila chiqardi, Oralaridan ojiz qolgani yo'q edi. 38 Ularning chiqqaniga Misr sevindi, Chunki ularga vahm solgan edilar. 39 Xudovand bulutni pardaday yoyib tashlar, Tunni oydin qilmoq uchun otash yuborar edi. 40 Ular so'radi, Xudo bedanalarni muhayyo qildi, Ularni samoviy non ila to'yg'azdi. 41 Xudovand qoyani yorib suv oqizdi, Quruq cho'l o'rtasida daryoday suv oqdi. 42 U bergan muqaddas so'zini xotirladi, O'z quli Ibrohimni esdan chiqarmadi. 43 O'zi uchun tanlab olgan xalqini Shodiyonayu tantanalar ila ozodlikka chiqardi. 44 Ularga elu elatlar diyorini berdi, Boshqa xalqlar mehnati ularga nasib bo'ldi. 45 Toki ular Xudo qonunlarini tutib, Ko'rsatgan yo'l-yo'riqlariga rioya qilsinlar! Hamdlar bo'lsin!

Zabur 105

Isroilning bevafoligi, Xudoning sadoqati

1 Hamdlar bo'lsin! Xudovandga shukr qilinglar! U olijanobdir, abadiydir inoyati. 2 Xudovandning qudratli ishlarini kim so'zlay bilar? Uning bor shon-shuhratini kim bayon qila olar? 3 Baxtlidir adlu insof ila ish tutgan, Doim solihlik bilan yurgan kishi! 4 Xalqingga ko'rsatgan karamingni menga ravo ko'r, Najotingni men tomon yo'lla, yo Rab! 5 Tanlaganlaring qut-barakasini ko'rayin, Xalqing shodligi ila shod bo'layin, Eling iftixori ila maqtanib yurayin! 6 Biz otalarimiz qatorida gunoh qildik, Yo'ldan ozdik, buzuqlik qildik. 7 Ota-bobolarimiz Misrda bo'lganlarida, Sening ajoyibotingni fahmlamasdilar. Behad lutfu karamingni esga olmasdan, Dengizda, Qizil dengiz bo'yida isyon qildilar. 8 Xudovand ersa, qudratimni ko'rsatay deya, O'z ismi hurmati uchun ularni qutqardi. 9 U Qizil dengizga do'q urdi, Dengiz qoq quruq bo'ldi. Xuddi cho'l o'rtasidan kezdirganday, Ularni girdob o'rtasidan quruq o'tkazdi. 10 Ag'yor qo'lidan ularni qutqardi, Dushman dastidan xalos qildi. 11 Yovlarini suvlar bosdi, Ularning hech biri qolmadi. 12 O'shanda inondilar Uning kalomlariga, Sano o'qidilar-da shonu shuhratiga. 13 Biroq tezda unutdilar ishlarini, Ko'z tikmadilar o'git-nasihatlariga. 14 Cho'lda o'taketgan ehtirosga berildilar, Dasht-biyobonda Tangrini sinadilar. 15 So'raganlarini U ularga berdi-yu, Jonlarini ozg'inlikka ham mubtalo qildi. 16 Manzilda Xudovandning avliyolari ? Muso bilan Horunga rashk qildilar. 17 Yer yorilib Datanni yutib yubordi, Abirom qavmini qoplab oldi. 18 Boshlariga nogahon o't-olov tushdi, Osiylar to'dasini yondirib yubordi. 19 Ho'rib tog'ida quyma butni yasadilar, Buzoqqa topinib sajda qildilar. 20 Ha, o't yeydigan ho'kiz surati bilan Ulug'vor Xudovandlarini almashtirdilar. 21 Misrda buyuk ishlar namoyon qilgan Xaloskorlari - Tangrini unutdilar. 22 Ha, Hom diyorida ajoyibotlar yaratgan, Qizil dengizda mahobatini ko'rsatgan Xudoni unutdilar. 23 Xudo ularni halok qilishga niyat qildi. Agarda Xudovandning tanlagani - Muso Xudovand huzurida tik turmaganida, Dahshatli g'azabidan qaytarmaganida edi, U niyatini bajargan bo'lur edi. 24 Go'zal Diyorni ham ular xor qildilar, Inonmasdilar-da Xudoning kalomiga. 25 Chodirlarida zorlanib turdilar, Bo'ysunmadilar-da Xudovand amriga. 26 Shu kez Xudo ularga qarshi qo'l ko'tardi, Cho'lda ularni yakson qilmoqchi bo'ldi. 27 Bari zurriyotini ellar orasiga sochib tashlay, Turli xalqlar aro ularni yakson qilay, dedi. 28 Ular Baal-Peg'o'r nomli butga topindilar, Jonsiz sanamga qurbonlik atab yedilar. 29 Qilmishlari-la Xudovand qahrini keltirdilar, Ittifoqo o'latga giriftor bo'ldilar. 30 Pinhos turdi-da, hukm yuritdi, Shunda o'lat ham kesildi. 31 Bu Pinhosning ezgu ishlariga kirdi, Nasllar osha, abadiy qadrlangusi. 32 Isyongoh suvlarida Bani-Isroil tag'in Xudovandning g'azabini keltirdilar, Ular sababli Muso jafo tortar edi. 33 Musoning g'ashini keltirganlarida, U o'ylamay so'zlab yubordi. 34 Xudovand ularga amr bergan edi, Vale halok qilmadilar yot xalqlarni. 35 Ular majusiylar bilan aralashib, Ularning ishlarini o'rgandilar. 36 Sanamlariga ham topindilar, Bular esa tuzoq bo'ldi ularga. 37 O'z o'g'illariyu qizlarini o'ldirib, Jinlarga qurbonlikka bag'ishladilar. 38 Manfur Kan´on butlariga qurbonlik atab, O'g'il-qizlarining begunoh qonini to'kdilar, Mamlakat esa qonga botib harom bo'ldi. 39 Ular bu ishi tufayli murdor bo'ldilar, Qilmishlari-la fahshlik qilganday bo'ldilar. 40 Shunda Xudovand O'z xalqidan g'azablandi, O'zining aziz diyoridan nafratlandi. 41 Ularni yot xalqlarning qo'liga berdi, G'animlari ular ustidan hukmronlik qildi. 42 Dushmanlaridan ular jabr-zulm chekdi, Yov qo'li ostida egilib-bukildilar. 43 Ko'p martalab Xudovand ularni qutqarardi, Ular esa o'z qaysarligi ila Uni achchiqlantirar, O'z yomonliklari tufayli xazon ham bo'lardilar. 44 Shunga qaramay Xudovand Ularning nolasini eshitdi, Og'ir ahvollariga e´tibor berdi. 45 Ular bilan qilgan ahdini esladi, Ko'p iltifot qilib ularni ayadi. 46 Ularni asir olgan hammaning dilida Ularga nisbatan rahm qo'zg'atdi. 47 Yo Rabbano, yo Xudovando, bizlarni qutqargin! Xalqlar orasidan bizni to'plab olgin, Toki muqaddas ismingni ulug'laylik, Hamdu sanoying ila iftixor etaylik! 48 Isroilning Tangrisi - Xudovandga Azaliy va abadiy ofarinlar bo'lsin! Butun qavm esa «Omin!» - desin! Hamdlar bo'lsin!

Zabur 106

Najot topganlarning hamdu sanosi

1 Xudovandga shukr qilinglar! U olijanobdir, abadiydir inoyati. 2 Bunday desin Xudovand qutqargan, Dushman qo'lidan najot topgan xalq! 3 U bizni Sharqu G'arbdan, Shimolu Janubdan, Turli o'lkalardan to'plab oldi, deb yurishsin! 4 Ular cho'lu biyobonni kezib adashardilar, Odam yashaydigan biron shahar topolmasdan. 5 Och hamda suvsiz qolgan edilar, Jonu tanlari holdan ketar edi. 6 Mashaqqatlarida Xudovandga faryod etishgach, U ularni qutqardi azob-uqubatlaridan. 7 Odam yashaydigan shaharni topsin deya, Ularni to'g'ri yo'lga boshladi U. 8 Xudovandga shukr qilsinlar bergan inoyati uchun, Odam bolalariga ko'rsatgan mo'jizalari uchun! 9 Chunki U qondirdi chanqoq ko'ngilni, Ne´matlar bilan to'ydirdi ochiqqan jonni. 10 Zulmatga, o'lim vahimasiga kelib qoldilar, Temir kishanda o'tirib azob chekardilar. 11 Chunki Tangri amrlariga qarshilik qildilar, Tangri Taolo irodasini mensimadilar. 12 U og'ir ish bilan ularning dimog'ini tushirdi, Ular qoqildi, yordamchilari yo'q edi. 13 Mashaqqatlarida Xudovandga faryod etishgach, U ularni qutqardi azob-uqubatlaridan. 14 Zulmat va o'lim vahmasidan ularni ozod qildi, Zanjir-kishanlarini sindirib tashladi. 15 Xudovandga shukr qilsinlar bergan inoyati uchun, Odam bolalariga ko'rsatgan mo'jizalari uchun! 16 Mana O'zi mis darvozalarni pora-pora qilgan, Temir tambalarni chopib parchalab tashlagan. 17 Ular esa tentaklik qilib isyon ko'tardilar, Qilgan yomonliklari evaziga jafo ham chekdilar. 18 Jonlari har qanday oziq-ovqatni rad etar, O'lim darvozasiga yaqinlashgan edilar. 19 Mashaqqatlarida Xudovandga faryod etishgach, U ularni qutqardi azob-uqubatlaridan. 20 Kalomini yuborib ularga shifo berdi, Ularni tushgan chohlaridan chiqarib oldi. 21 Xudovandga shukr qilsinlar bergan inoyati uchun, Odam bolalariga ko'rsatgan mo'jizalari uchun! 22 Xudovandga shukrona bilan qurbonlik atasinlar, Uning ishlarini tantana ila targ'ib qilsinlar! 23 Kemalarida dengizda qatnovchilar ham, Bahrlar aro mehnat qiluvchilar ham 24 Xudovandning ishlariga guvoh bo'ldilar, Girdobda ko'rsatgan mo'jizalarin ko'rdilar. 25 U amr berib, kuchli bo'ron keltirdi, Dengiz to'lqinlarin baland ko'tarib yubordi. 26 Kemachilar ko'kka o'rlab, tubsizlikka cho'kdi, Dahshatdan ularning joni mumdek eridi. 27 Ular mast kabi o'ynoqlab aylandi, Aqli-hushi boshidan uchdi. 28 Mashaqqatlarida Xudovandga faryod etishgach, U ularni chiqardi azob-uqubatlaridan. 29 Xudovand bo'ronni tinchitib qo'ydi, Suv to'lqinlarini ham pasaytirdi. 30 Suvlarni tinchitib, ummatini sevintirdi, Orzu qilgan bekatlariga yetaklab bordi. 31 Xudovandga shukr qilsinlar bergan inoyati uchun, Odam bolalariga ko'rsatgan mo'jizalari uchun! 32 Xalq yig'inlarida Uni ko'kka ko'tarsinlar, Oqsoqollar majlisida Unga hamd aytsinlar. 33 Xudovand daryolarni cho'lga aylantiradi, Buloqlarni esa quritib yuboradi. 34 Aholisining yovuzligi sababli Hosildor tuproqni sho'r yerga aylantiradi. 35 Tag'in sahroda ko'llarni paydo qilib, Bo'z yerni chashmazorga aylantiradi. 36 Och-yupunlarni o'sha yerga joylashtiradi, Ular yashaydigan shaharni quradilar. 37 Ekin ekib, uzumzor yaratadilar, Daladan mo'l-ko'l hosil ko'taradilar. 38 Xudovand ularga barakat beradi, Ularning soni oshib boradi, Chorvasi esa sira kamaymaydi. 39 Tag'in ular son jihatdan ozayib qolgan, Jabr-jafo, balo-qazoga yo'liqib qaddi bukilgan edi. 40 Sarkardalarni shuvut qiluvchi Xudovand O'zi Yo'lsiz sahroda ularni sargardon qildi. 41 Lek bechorahollarni tuproqdan yuqori ko'tardi, Oilalarini qo'ylar podasidek ko'paytirdi. 42 To'g'ri kishilar buni ko'rib sevinur, Barcha qalloblar og'zi esa to'silib qolur. 43 Kimki oqil bo'lsa, bularni payqar, Xudovandning mehr-inoyatini anglar.

Zabur 107

QO'SHIQ. DOVUD SANOSI.

2 Yuragim shaydir, ey Xudo! Men bajonu dil kuylayman, Seni tarannum etaman. 3 Uyg'oning, ey chang ila g'ijjak! Men saharni uyg'otib yuboraman. 4 Ellar aro Senga shukr deyman, ey Xudovand, Elatlar ichra Seni tarannum etgayman. 5 Sening inoyating ko'klardan ham baland, Haqiqating esa bulutlardan ham yuksakdir. 6 Ey Xudo, falakdan yuqoriga yuksalgin, Ulug'vorliging ro'yi zamin uzra porlasin! 7 Sevganlaring xalos bo'lsin uchun Kuchli o'ng qo'lingni uzatib yuborgin! Menga quloq solgin, najot bergin! 8 Xudo O'zining muqaddas makonida so'zladi: «Men Shakamni tantana ila taqsimlayman, Sukkot vodiysini esa o'lchab olaman. 9 Gil´ad Meniki, Manashe ham Meniki. Efraim - boshimdagi dubulg'a, Yahudo - saltanatim hassasi. 10 Mo'ov - yuvinadigan tosimdir, Edo'm ustiga etigimni bosaman, Filistiya uzra g'alaba e´lon qilaman». 11 Mustahkam shaharga meni kim eltadi? Edo'mga meni kim kuzatib boradi? 12 Ey Xudo, bizni tashlab qo'ygan Sen emasmi? Qo'shinlarimiz bilan chiqmayapsan-ku, ey Xudo! 13 Dushmanga qarshi kurashda bizga yordam bergin! Chunki inson najoti - bekordir. 14 Biz Xudo nomi bilan botirlik qilamiz, Dushmanlarimizni O'zi tor-mor etadi.

Zabur 108

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

1 Ey, mening maqtaydigan Xudoyim, jim turma! 2 Mana, fosiqlaru makkorlar og'zini katta ochib, Menga qarshi tillarini qayramoqdalar! 3 Nafratli so'zlar bilan meni chulg'ab, Sababsiz menga zarba bermoqdalar. 4 Muhabbatim uchun menga adovat qiladilar, Men bo'lsam - toat-ibodatdaman. 5 Yaxshiligim evaziga yomonlik qiladilar, Sevgimga qarshi nafrat izhor etadilar. 6 Bunday odamning boshiga fosiqni mindir, Shayton tursin uning o'ng tomonida. 7 Muhokama qilinganda aybdor bo'lib chiqsin, Toati gunoh deb hisoblansin. 8 Umri qisqa bo'lsin, O'rnini boshqasi egallasin. 9 Bolalari yetim qolsin, Xotini beva bo'lsin. 10 O'g'illari darbadarlikka yo'liqsin, Vayronalarda gadoylik qilishsin. 11 Mol-holini sudxo'rlar egallasin, Mehnati samarasin begonalar taroj qilsin. 12 Unga hech kim iltifot ko'rsatmasin, Yetimlariga hech kimsa achinmasin. 13 Uning zurriyoti qirib tashlansin, Kelajak nasldan nomlari o'chirilsin. 14 Otalari ayblarini Xudovand yodga olsin, Onalari gunohlaridan kechmasin. 15 Doim Xudovandning o'ngida bo'lsin aybi, Yer yuzidan supurib tashlasin xotirasini. 16 Ular-ku bechorayu faqirni ta´qib qildi, Iltifot ko'rsatmoqni hech o'ylamadi, Dilabgorlarni o'ldirmoqqa qasd qildi. 17 La´natgo'yning la´nati o'z boshiga tushadi, Duo qilmoq istamagandan duo ariydi. 18 La´natni u libosday kiyib olsin, Qarg'ishni esa suvday ichsin, Ilikday suyaklariga o'rnashib qolsin. 19 O'zi uchun la´nat hamisha kiyadigan joma, Doimo taqadigan bir tasma bo'lsin. 20 Jonimga yomonlik tilaganlarning oqibati, Tuhmatchilarning Xudovanddan jazosi shu bo'lsin! 21 Ey Xudovand, mening Rabbim, Isming hurmati uchun menga iltifot ko'rsatgin, Beqiyosdir inoyating Sening, xalos qilgil meni! 22 Chunki men bechorayu miskinman, Yuragimga o'q qadalganday bo'ldi. 23 Kechki soya kabi tez o'tib ketyapman, Chigirtka kabi uloqtirib tashladilar. 24 Tizzalarim ro'zadan titramoqda, Etim suyagimga yopishib qolgan. 25 Odamlarning haqoratiga nishon bo'ldim, Menga ko'z olaytirib, bosh chayqayaptilar. 26 Ey Xudovand, mening Xudoyim, Madad yuborgin menga! Inoyat qilib meni qutqargin! 27 Bilsinlarki, bu Sening qo'lingdir, Buni bajargan Sensan, yo Rabbiy! 28 Ular la´nat o'qisa-da, Sen duo qilasan, Ular oyoqlansa-da, sharmanda bo'lib qaytarlar, Sening quling esa sevinib ketar. 29 G'animlarim rasvolikka burkansin, Sharmandalikka joma kabi o'ransinlar. 30 Xudovandga shukrni tilimdan tushirmayman, Katta xaloyiq ichra Unga sanolar o'qiyman. 31 Jon dushmanlaridan uni qutqarib qolay deya, Xudovand faqirning o'ng tomonida turadi.

Zabur 109

DOVUD SANOSI.

1 Xudovand mening Rabbimga aytdi: «Yovlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha, Sen Mening o'ng tomonimda o'ltirib turgin!» 2 Sening qudratli saltanating hassasin Xudovand Siondan uzatib yuborgay, Dushmanlaring o'rtasida hukmron bo'lgil deya. 3 Jangovarlik kuningda Sening xalqing Muqaddas ziynatda Senga xohish bildirgay, Tong bag'ridan tushgan shabnam misoli Yigitlaring Sen tomon kelaverishgay. 4 Xudovand ont ichgan va so'zidan qaytmas: «Malkisidq martabasi bo'yicha Sen abadiy ruhoniysan». 5 Rabbing Sening o'ng tomoningda o'ltirar, Qahri kelgan kunda shohlarni ezib tashlar. 6 Xalqlarni U hukm etgan vaqtda Yer yuzi jasadlar bilan to'lg'usi, Ulkan davlat boshlari majaq bo'lg'usi. 7 Yo'l bo'yidagi irmoqdan suv ichib, Mard boshini baland ko'tarib yurgusi.

Zabur 110

Xudoning inoyati va sadoqati

1 Hamdlar bo'lsin! Men solihlar mahfilida, ulug' jamoatda Xudovandga chin yurakdan shukr qilaman. 2 Xudovandning ishlari buyukdir, Barcha muxlislari ulardan zavq olur. 3 Xudovand ijodi - jamol va salobatdir, Uning adolati ersa - ilalabaddir. 4 Ajoyibotini unutilmaydigan qilib yaratgan, Rahmonu mehribondir Xudovand. 5 O'zidan qo'rqqanlarning rizqi-ro'zini berar, Xalqi ila tuzgan ahdini abadiy esda tutar. 6 O'z xalqiga qudratli faoliyatini ko'rsatdi, Majusiylar yer-mulkini ularga berdi. 7 Bajargan ishlari haqiqat va adolatdir, Barqarordir bari farmoyishlari. 8 Ular doimiy va abadiy ustuvordir, Haq va to'g'rilik ila ijro bo'lmishdir. 9 Xudovand O'z xalqiga najot yuborgan, O'z ahdini abadiy qilib buyurgan, Uning ismi - muqaddas va qo'rqinchlidir. 10 Donolikning boshi - Xudodan qo'rqmoqlikdir, Bunday yo'l tutgan hammaning aqli rasodir, Xudovandga abadiy sano o'qimoq darkordir.

Zabur 111

Xudojo'y - tabarrukdir

1 Hamdlar bo'lsin! Qanday baxtli Xudovanddan qo'rqadigan, Amrlariga zavq bilan bo'ysunadigan kishi! 2 Uning zurriyoti yer yuzida mard avlod bo'lgay, Ko'ngli to'g'rilar nasli tabarruk bo'lgay. 3 Boylik va mo'lchilik solihning hovlisidadir, Boqiy umr ko'rgay solihning salohi. 4 Solihga qorong'ulikda ham yog'du nur sochar, Rahmonu mehribon hamda odildir U. 5 Elga muruvvat qilib qarz beruvchi, Insof ila ish boshqaruvchi odam baxtiyordir. 6 Solih to abad tebranmagay, Mangu bo'lgay uning xotirasi. 7 Yomon ovozadan u qo'rqmaydi, Umidi Xudovandda, sobitdir yuragi. 8 Dushmanlariga bemalol qarar, U dovyurak va qo'rqmas bo'lar. 9 U qo'lini ochib kambag'alga sadaqa berar, Uning solihligi boqiy bo'lar, Izzat-hurmati yuksalib borar. 10 Betavfiq buni ko'rib g'azablanur, Tishlarin g'ijirlataru zavol topur, Ha, betavfiqlar tilagi puchga chiqur.

Zabur 112

Xudovandni olqishlang!

1 Hamdlar bo'lsin! Hamdlar ayting, ey Xudovand qullari, Xudovand nomiga hamd aytinglar! 2 Xudovand nomiga olqishlar bo'lsin, Hozirdan boshlab to mangulikka qadar! 3 Kun chiqardan to kun botarga qadar Xudovand ismiga maqtovlar bo'lsin! 4 Xudovand barcha xalqlar ustidan oliydir, Ulug'vorligi esa osmondan ham balanddir. 5 Rabbimiz Xudovand yuksaklarda o'ltiribdi, Unga o'xshaydigan kim ham bor ekan? 6 U ham yer, ham ko'kdagilarni ko'ray deya, Tubanlikka engashib nigoh tashlar. 7 Bechoraholni U tuproqdan ko'tarar, Faqirni axlatdan olib chiqib yuksaltirar. 8 Ularni elning ulug'lari birla, O'z xalqining beklari birla o'tqizar. 9 Tug'mas ayolni U uyida o'rnashtirar, Uni farzandlar onasi qilib quvontirar. Hamdlar bo'lsin!

Zabur 113

Mo'jizakor Xudovandga shukrona

1 Bani-Isroil Misrdan qochgan paytda, Yoqub zaboni zabun eldan chiqqan kezda, 2 Yahudo yeri Xudoning aziz makoni bo'ldi, Isroil yurti Xudo saltanatiga asos bo'ldi. 3 Dengiz suvi buni ko'rdi-da qochdi, O'rdun oqimi to'xtab orqaga qaytdi. 4 Tog'lar qo'ylarday sakrashdi, Tepalar qo'zilarday irg'ishladi. 5 Ey dengiz, senga ne bo'ldi, qochyapsan? Nechun orqaga qaytyapsan, O'rdun suvi? 6 Ey tog'lar, nega qo'ylarday sakrayapsizlar? Nechun qo'zilarday irg'ishlayapsiz, ey tepalar? 7 Rabbano oldida, Yoqubning Xudosi oldida Yer yuzi qo'rquvdan titrasin! 8 U qoyani suv hovuziga aylantirgan, Xarsang toshdan selday suv oqizgan. 9 Bizlarga emas, ey Xudovand, bizlarga emas, O'zingning ismingga maqtov bergin! Zero Sen ko'p inoyatliyu sadoqatlisan. 10 Nima uchun majusiylar: «Qani ularning Xudosi», - deydi? 11 Bizning Xudoyimiz osmondadir, U istaganini yarataveradi. 12 Ularning sanamlari kumush va oltindir, Inson qo'llarining ish-amalidir. 13 Og'izlari bor, lekin so'zlamaydilar, Ko'zlari bor, ammo ko'rmaydilar. 14 Quloqlari bor-u, eshitmaydilar, Burunlari bor-u, hidlamaydilar. 15 Qo'llari bordir, vale sezmaydilar, Oyoqlari bordir, vale yurmaydilar, Bo'g'izlaridan esa tovush chiqmaydi. 16 Ularni yasagan har bir kishi ? Hamma ularga e´tiqod qiluvchilar Xuddi ularga o'xshab qolur. 17 Ey Isroil, Xudovandga umid bog'lagin! U sening yordamching va qalqoningdir. 18 Ey Horun xonadoni, Xudovandga umid bog'lang! U sizning yordamchingiz va qalqoningizdir. 19 Ey xudojo'ylar, Xudovandga umid bog'lang! U sizning yordamchingiz va qalqoningizdir. 20 Xudovand bizlarni esladi-yu, Qut-barakali ham qildi. Isroil xonadonini barakali qilsin! Horun xonadonini barakali qilsin! 21 O'zidan qo'rqqan kattayu kichikni Xudovand barakali qilsin! 22 Xudovand o'zlaringiz va o'g'illaringizga Xiyla va xiyla ko'paytirib bersin! 23 Yeru osmonni yaratgan Xudovand Sizlarni muborak aylasin! 24 Osmon - Xudovandning osmonidir, Ammo yerni U inson o'g'illariga bergan. 25 O'lib sukunat diyoriga borgan hech kimsa Xudovandga hamdu sano aytmas. 26 Biz esa hozirdan boshlab to abad Xudovandga hamdu sanolar aytamiz. Hamdlar bo'lsin!

Zabur 114

O'limdan qutulganning shodiyonasi

1 Dodu fig'onimga quloq solgani-chun Men Xudovandni sevaman. 2 Qulog'ini men tomon tutgani-chun Umrim boricha Uni chaqiraman. 3 O'lim to'rlari meni chulg'ab oldi, Do'zax azoblari boshimga tushdi, Juda siqildimu, dard-alamda qoldim. 4 O'shanda Xudovand ismini chaqirdim, Yohu Xudovando, jonimni qutqar, dedim. 5 Xudovand mehribon va odildir, Ha, Xudoyimiz rahmdildir. 6 Xudovand soddadil odamlarni asrar, Ojiz qolganimda O'zi meni qutqarar. 7 Ey jonim, rohatingga qaytgil, Mana Xudovand senga ezgulik qilgan! 8 Jonimni o'limdan, ko'zimni yoshdan, Oyog'imni esa qoqilib ketishdan O'zing tiygansan, yo Rabbim! 9 Men tiriklar diyorida qolaman, Xudovand huzurida yuraveraman.

Zabur 115

Najot topganning hamdu sanosi

1 Men ishondim, shul bois gapirdim: Men ko'p ozor chekdim, dedim. 2 Butun insoniyat yolg'onchilikdir, - dedim men hayajonlanib. 3 Menga qilgan barcha yaxshiliklari uchun Xudovandni qanday taqdirlayman? 4 Men najot qadahini ko'tarib, Xudovand nomini chaqiraman. 5 Butun ahli mo'minning ko'zi o'ngida Xudovandga ataganlarimni bajo etaman. 6 O'z azizlarining o'limi Xudovand nazarida bebahodir. 7 Yohu Xudovando, Men Sening qulingman-ku, O'z kanizaging o'g'lidirman, Kishanlarimni O'zing yechgansan. 8 Sening ismingni chaqirib, ey Xudovand, Shukrona bilan qurbonlik keltiraman. 9 Butun ahli mo'minning ko'zi o'ngida Xudovandga ataganlarimni bajo etaman. 10 Xudovandning ma´badi hovlilarida, Quddus bag'rida nazrlarimni ifo etaman. Hamdlar bo'lsin!

Zabur 116

Ey barcha xalqlar..!

1 Ey barcha xalqlar, Xudovandni madh etinglar! Unga hamdu sano aytinglar, Ey butun millatlar! 2 Uning bizga bergan inoyati behaddir, Abadiydir Xudovandning vafosiyu haqiqati. Hamdlar bo'lsin!

Zabur 117

G'alaba bag'ishlagan Xudoga shukrona

1 Xudovandga shukr qiling! U ezgudir, abadiydir inoyati. 2 Isroil xonadoni desin: Abadiydir Uning inoyati! 3 Horun xonadoni desin: Abadiydir Uning inoyati! 4 Xudodan qo'rqqanlar desin: Abadiydir Uning inoyati! 5 Tang qolganimda Xudovandni chaqirdim, U menga quloq soldi-da, Kenglikka chiqarib qo'ydi meni. 6 Xudovand men tomonda, qo'rqmayman, Inson menga ne qila bilar? 7 Xudovand mening yordamchim ekan, G'animlarimga bemalol qarayman. 8 Insonga e´tiqod qilgandan ko'ra, Xudovanddan panoh so'rash afzaldir. 9 Shahzodalarga ishongandan ko'ra, Xudovanddan panoh so'rash afzaldir. 10 Barcha xalqlar meni o'rab olgan edi, Xudovand nomi ila qirib tashladim ularni. 11 Meni o'rab olgandilar, ha, Hamma yog'imdan qisib qo'ygandilar; Xudovand nomi ila qirib tashladim ularni. 12 Arilar kabi meni o'rab oldilar, Tikan alangasidek o'chib qoldilar; Xudovand nomi ila qirib tashladim ularni. 13 Yiqilib ketsin deb meni turtdilaring, Illo Xudovand menga yordam berdi. 14 Yohu, quvvatim va qo'shig'im mening, O'zing bo'lding Najotkorim mening! 15 Xursandchilik va ozodlik sadolari Solihlarning chodirlarida yangraydi: Xudovandning o'ng qo'li mardlik ko'rsatur! 16 Xudovandning o'ng qo'li baland ko'tarilur! Xudovandning o'ng qo'li mardlik ko'rsatur! 17 Men o'lmasman, yashayveraman, Xudovandning ishlarini xabar qilaman. 18 Xudovand menga qattiq chora ko'rdi-yu, Illo o'limga topshirmadi jonimni. 19 Saloh qopqalarini menga ochib qo'yingiz, Ulardan kirib, Xudovandga shukr qilayin! 20 Bu - Xudovandning darvozasidir, Undan solihlar kiradilar. 21 Senga shukrlar deyman, yo Rab, Sen menga quloq solding, Xaloskorim ham bo'lding. 22 Binokorlar keraksiz deb tashlagan Tosh Naq binoning peshtoqidan joy oldi. 23 Bu Xudovand irodasi tufaylidir, Bizga esa ajoyibot timsolidir. 24 Xudovandning yaratgan kunidir bu, Undan shod bo'lib sevinaylik! 25 Xudoyo Xudovando, najot bergin! Xudoyo Xudovando, muvaffaqiyat tilagin! 26 Xudovand nomidan Kelayotgan muborak! Xudovand uyidan turib sizni duo qilamiz. 27 Haq Tangri - Xudovanddir, U bizga ziyo yo'llagandir. Bayram tusida arqon ulashing-da, Qurbongoh muguzlarini ziyorat eting! 28 Sensan Tangrim mening, shukr qilaman, Sensan Xudoyim mening, sano qilaman. 29 Xudovandga shukr qilinglar! U ezgudir, abadiydir inoyati.

Zabur 118

Alef

1 Qanday baxtlidir sofdillik yo'lidan boruvchi, Ilohiy Qonun bilan yuruvchi kishilar! 2 Baxtlidir Xudovand shahodatin saqlab, Chin qalbdan Xudoga intiluvchilar! 3 Ular qonunsiz ishga oyog'ini burmay, Xudovandning yo'llaridan yuradilar. 4 Nizom-qonunlaringni O'zing buyurgansan, Jiddiylik bilan rioya qilinsin deya. 5 Qoidalaringga amal qilmoqqa Koshki yo'llarim o'ngsa edi! 6 Shunda sharmanda bo'lmasman, Barcha amrlaringni ko'z o'ngimga keltirib. 7 Sof ko'ngildan shukr qilarman, Sening odil hukmlaringni o'rganib. 8 Farmonlaringni bajaraman Sening, Meni butunlay tashlab ketmagin!

Bet

9 Yigit o'z yo'lini qanday qilib sof saqlar? Sening kaloming bilan yursa bu bo'lar. 10 Men Seni chin ko'ngildan qidiryapman, Amrlaringdan bosh tortishimga yo'l qo'yma! 11 Senga qarshi gunoh qilmaslik uchun, Kalomingni yuragimda saqlayman. 12 Ey Xudovand, men Seni olqishlayman, Qonun-qoidalaringni menga o'rgatgin! 13 Og'zingdan chiqqan barcha hukmlarni O'z irnim bilan xabar qilaman. 14 Sening vahiylaring yo'lida men Katta boylik topgandek xursand bo'laman. 15 Buyruqlaringni teran o'ylab, Sening yo'llaringga ko'z tikaman. 16 Nizom-qoidalaringdan zavq topaman, Unutmayman kaloming Sening.

Gimel

17 Qulingga iltifot qilgin, Men yashab so'zingni tutayin! 18 Ko'zlarimni ochib yuborgin, Qonuning ajoyibotlarini ko'rayin! 19 Men bu dunyoda musofirman, Amrlaringni mendan yashirmagin! 20 Hukmlaringni doimo orzu qilaman, Sog'inchdan jonim ado bo'lmoqda. 21 Boshboshdoqlarning adabini O'zing berasan, Amrlaringdan adashgan hamma la´natidir. 22 Sharmandalik va haqoratni mendan uzoqlashtir, Men Sening shahodatingga rioya qilaman-ku. 23 Hatto beklar o'tirib meni g'iybat qilmoqda, Quling esa nizomlaringni teran o'ylamoqda. 24 Ha, Sening vahiylaring men uchun zavqdir, Ular mening maslahatchilarim hamdir.

Dalet

25 Jonim tuproqqa yopishib qolgan, O'z kaloming ila meni jonlantirgin! 26 Yo'llarimni Senga ochganimda, meni eshitding; Qonun-qoidalaringni menga o'rgatgin! 27 Buyruqlaring yo'lini menga anglatgin, Toki mo'jizalaringni teran o'ylab olayin! 28 Jonim g'am-g'ussadan ado bo'lmoqda, Kaloming bilan meni mustahkamlagin! 29 Yolg'onchilik yo'lin mendan uzoqlashtir, Qonuning rohini men uchun o'nglagin! 30 Men sadoqat yo'lini tanlab, Hukm-farmonlaringni oldimga qo'ydim. 31 Vahiylaringga qattiq yopishdim, Meni sharmanda qilma, yo Rabbim! 32 Sen yuragimni keng qilgan sayin, Amrlaring yo'lidan yelib borarman.

He

33 Ey Xudovand, Qonun-qoidalaring yo'lini menga o'rgatgin, Ularni oxirigacha tutib amalga oshirayin! 34 Menga aql-idrok bergin, Toki Qonuningga rioya qilayin, Uni chin qalbdan saqlab yurayin! 35 Meni amrlaring yo'lidan yurgizgin, Chunki undan men xushnud bo'ldim. 36 Yuragimni tamagirlikka emas, O'z shahodatingga moyil qilgin! 37 Behuda ish-harakatlarga qaratma ko'zim, O'z yo'llaringda meni tirik tutgin! 38 Sendan qo'rqqanlarga bergan so'zingni O'z qulingga ham barqaror qilgin! 39 Men qo'rqadigan haqoratni mendan uzoqlashtirgin! Faqat Sening hukmlaring olijanobdir. 40 Ha, Sening buyruqlaringni havas qildim, O'z adolating haqi jonlantirgin meni!

Vov

41 Bergan va´dangga ko'ra, ey Xudovand, Inoyating va najoting menga kelsin! 42 Shunda haqorat qilganlarga javob berarman, Chunki Sening kalomingga ishonchim komil. 43 Og'zimdan haqiqat kalomini butunlay tortib olma, Men Sening hukmlaringga umid bog'laganman. 44 Sening Qonuningni men hamma vaqt, Doimo va abadiy saqlayman. 45 Yuragim keng bo'lib yuraveraman, Zero buyruqlaringga ko'nglim moyil. 46 Shohlar qoshida shahodat keltiraman, Seni deb sharmanda bo'lmayin! 47 Men amrlaringni ko'p sevaman, Ulardan huzur-halovat topaman. 48 Mehr bilan qo'l cho'zaman amringga, Farmonlaringni chuqur o'ylab o'rganaman.

Zayn

49 Bandangga bergan so'zingni eslagin, Undan meni umidvor qilgansan-ku! 50 Musibatim kunida tasallim shu bo'lur: Sening kaloming jonimga jon kiritur. 51 Takabburlar meni ko'p masxara qilishdi, Men esa qaytmadim Qonuningdan. 52 Azaliy hukmlaringni eslab Sening, Men tasalli topmoqdaman, ey Xudovand. 53 Qonuningni tashlab ketgan, Yo'l-yo'rig'ing bahridan kechgan fosidlardan Meni vahima bosib ketdi. 54 Shu g'urbatsaromda nizomu qoidalaring Ilhom bo'ldi qo'shiqlarimga mening. 55 Ey Xudovand, tunda Sening ismingni eslab, Qonuningga rioya qilishga azm qildim. 56 Sening buyruqlaringni saqlaganim uchun, Bu baxt menga nasib bo'ldi.

Het

57 Ey Xudovand, - dedim men, ? Kalomingni saqlashdir mening burchim. 58 Men chin ko'ngildan Senga yolvordim, Va´dangga ko'ra menga mehribonlik qilgin! 59 Men yo'llarimni o'ylab ko'rdimu, Oyoqlarimni qoidalaring tomon burdim. 60 Amrlaringni tutmoq uchun shoshildim, Shu yo'lda mutlaqo imillamadim. 61 Betavfiqlar o'z domiga tortdi meni, Vale Sening Qonuningni unutmadim. 62 Odil hukmlaring uchun shukr qilay deb, Men yarim kechada ham turaman. 63 Men barcha Sendan qo'rqqanlarning, Buyruqlaringni tutganlarning ulfatiman. 64 Sening inoyating bilan to'ladir yer yuzi, Menga qoidalaringni o'rgatgin, yo Rab!

Tet

65 Ey Xudovand, O'z kalomingga muvofiq Shu qulingga yaxshilik qilgin! 66 Menga a´lo did va farosat baxsh etgin, Buyruqlaringga ishonchim komil mening. 67 Jafo tortmasdan oldin adashar edim, Endi esa kalomingni tutmoqdaman. 68 Sen yaxshisan, yaxshilik qiluvchisan, Qonunlaringni menga o'rgatgin! 69 Takabburlar orqamdan g'iybatimni qiladilar, Men esa chin qalbdan amrlaringni tutaman. 70 Ularning yuragi charvi bog'lab semirgan, Men esa Sening Qonuningdan lazzat olaman. 71 Jafo tortganim menga yaxshi bo'libdi, Chunki qonun-qoidalaringni o'rganib oldim. 72 Minglab oltinu kumushdan afzal bilaman O'z og'zingdan chiqqan Qonuning Sening.

Yud

73 Sening qo'llaring meni yaratgan, barpo etgan, Amrlaringni o'rganishim uchun menga idrok bergin! 74 Sendan qo'rqqanlar meni ko'rib sevinar, Chunki Sening so'zingga umid bog'laganman. 75 Ey Xudovand, hukmlaring odil ekanini bilaman, Meni qiynaganingda ham vafodorlik qilding. 76 Qulingga bergan va´dangga ko'ra, Iltifoting menga tasalli bo'lsin! 77 Rahm-shafqating menga kelsin va yashayman, Sening Qonuningdir menga huzur beradigan. 78 Meni nohaq sitam qilgan shakkoklar uyalsin, Men Sening buyrug'ingni fikrlab borayin. 79 Sendan qo'rqqan, shahodatingni bilgan Barcha men tomon burilib kelsin. 80 Men sharmanda bo'lmasligim uchun, Qoidalaring yo'lida dilimni pok saqlayman.

Kof

81 Najotingni kutib jonim ado bo'lmoqda, Kalomingga men umid bog'laganman. 82 Qachon menga tasalli berasan? - deya, Kalomingga tikilib ko'zim so'nib bormoqda. 83 Tutunda bujmayib qolgan meshga o'xshayman, Lekin Sening farmonlaringni unutmayman. 84 Shu qulingning umri ham qancha bo'lardi? Izimga tushganlarni qachon hukm etarsan? 85 Qonuningni mensimaydigan shakkoklar Menga choh-chuqur qazidilar. 86 Barcha amrlaring haqdir Sening. Nohaq izimga tushganlarga qarshi turib, Menga yordam yuborgin! 87 Meni yer yuzidan yo'q qilishlariga oz qoldi, Biroq men amrlaringdan ko'z yummadim. 88 Inoyat qilib meni barhayot saqlagin, O'z og'zingdan chiqqan shahodatni saqlab yurayin!

Lomed

89 Ey Xudovand, Sening kaloming abadiydir, U fazoda mahkam o'rnatilgandir. 90 Sadoqating nasldan-naslga o'tadi, Sen yerni mustahkam qilib yaratgansan. 91 Qaroring ila bugungacha hammasi mavjud, Sening qullaringdir borliq mavjudot. 92 Qonuningdan tasalli topolmasaydim gar, Men musibatdan yo'q bo'lib ketardim. 93 Buyruqlaringni hech vaqt unutmayman, Ular orqali menga hayot bag'ishlading. 94 Men Senikiman, xalos qilgin meni, Sening amringni o'zim talab qilganman. 95 Betavfiqlar meni yo'q etmoqni poyladi, Men-chi shahodatingni dilimga tugib oldim. 96 Har qanday kamolotning haddini ko'rdim, Sening amring esa hadsiz-poyonsizdir.

Mem

97 Qonuningni men qanchalik sevaman, Kun bo'yi u fikr-xayolimda mening. 98 Yovlarimdan ortiq dono qildi meni amring, To abad meniki deb bilaman farmoning. 99 Barcha ustozlarimdan aqlliroq bo'ldim, Chunon xayolimdan ketmas qonun-qoidalaring. 100 Oqsoqollardan ham hikmatliroq bo'ldim, Zero Sening buyruqlaringni saqlab kelaman. 101 So'zingga rioya qilay deya tiydim men Oyoqlarimni barcha yomon yo'ldan. 102 Sening hukmlaringdan qaytmadim, Zero O'zing menga ta´lim beryapsan. 103 Kalomlaring tomog'imga nechuk lazizdir, Og'zimga ular boldan ham shirin tatiydi! 104 Buyruqlaringdan aql o'rganganim uchun, Har xil yolg'on yo'ldan nafratlanaman.

Nun

105 Sening kaloming qadamlarim uchun chiroqdir, Yo'limga nur sochadigan yorug'likdir. 106 Haq qarorlaringni tutmoqqa ont ichdimu, Qasamimga vafo ham qilaman. 107 Men juda ko'p jafo chekdim, yo Rab, Kaloming ila menga jon baxsh etgin! 108 Ey Xudovand, tilimdagi hamdu sanoni Ko'ngil qurbonligi kabi qabul etgin, Hukmu qarorlaringni menga o'rgatgin! 109 Jonim nuqul hovuchimda bo'lsa ham, Lek Sening Qonuningni unutmadim. 110 Fosiqlar menga qopqon qo'ygan bo'lsa-da, Lek Sening amrlaringdan bosh tortmadim. 111 Vahiylaringni abadiy meros qilib oldim, Ular yuragimga shod-xurramlik bag'ishlaydi. 112 Nizom-qoidalaringga rioya qilmoqqa, Umrbod, qat´iy qaror qildim.

Somex

113 Ikkilanuvchilardan nafratlanaman, Sening Qonuningni men sevaman. 114 Panohim va qalqonim Sensan, Sening so'zingga umid bog'laganman. 115 Ey badkirdorlar, mendan uzoqlashing, Xudoyimning amrlarini tutib yurayin! 116 O'z amring bo'yicha mahkam ushla qo'limdan, Yashayverayin, ko'nglimni sovitma umidimdan! 117 Menga madad yuborgin, xalos bo'layin, Nizomlaringga sinchiklab qarayin mudom! 118 Qoidalaringdan chiqqan barchani Sen rad qilasan, Mana behudadir ularning hiylayu nayrangi! 119 Yer yuzidagi hamma betavfiqlarni Sen chiqitday supurib tashlaysan; Men-ku Sening vahiylaringni sevaman. 120 Sendan qo'rqqanimdan vujudimni titroq bosdi, Hukmlaringdan men juda qo'rqaman.

Ayn

121 Men insof va haqqoniyat yo'lida harakat qildim, Jabr qiluvchilar qo'liga topshirma meni! 122 O'z qulingdan darig' tutma shafoating, Takabburlar menga jabr-zulm qilmasin! 123 Sening najotingga ko'zim to'rt bo'ldi, Odil hukmingni kutib ko'zim nuri to'kildi. 124 Qulingga inoyat qilib ish ko'rsatgin, Amru farmonlaringni o'rgatgin menga! 125 Men Sening qulingman-ku, Menga aql-idrok bergin, Vahiylaringni fahmlab olayin! 126 Xudovandning ish qilish vaqt-soati keldi, Mana, Sening Qonuningni buzib yuribdilar! 127 Menga qolsa, amrlaringni oltindan ham, Eng sof tilladan ham ko'proq sevaman. 128 Hamma buyruqlaringni to'g'ri deb bilaman, Har qanday yolg'onchilikdan nafratlanaman.

Pe

129 Vahiylaring ajoyibdir Sening, Shul bois ularga yopishar jonim. 130 Kaloming ochilib qolganda ziyo sochar, G'ofillarga aql-idrok berar. 131 Og'zimni keng ochib oh deyman, Amrlaringga qanchalik zoriqaman! 132 Ismingni sevguchilarga qilganingdek, Menga ham qarab mehribonlik ko'rsatgin! 133 Amring ila qadamlarimni to'g'ri qil, Hech bir yomonlik menga hukmron bo'lmasin! 134 Inson jabridan meni qutqargin, Buyruqlaringni tutib borayin! 135 Qulingga munavvar yuzingni ko'rsatgin, Nizom-qoidalaringni o'rgatgin menga! 136 Qonuningni buzganlar sababli Ko'z yoshimni daryoday to'kib yuraman.

Sode

137 Sen odilsan, ey Xudovand, Hukmlaring esa to'g'ridir Sening. 138 Vahiylaringni barhaq qilib buyurgansan, Ular tamomila ishonarlidir. 139 Jahdu g'ayratim meni ado etmoqda, Kalomingni esdan chiqaryapti-ku yovlarim! 140 Sening kaloming juda musaffodir, Quling unga qanchalik mehr qo'ygan! 141 Men kichikman, xo'rlanganman, Lekin buyruqlaringni unutmayman. 142 Sening adolating - mangu alolat, Qonuning esa - haqiqatdir. 143 Men azob va mashaqqatga yo'liqdim, Amrlaring-chi menga zavq bag'ishlar. 144 Vahiylaring abadiy adolatdir, Menga idrok bergin va yashayman.

Quf

145 Chin ko'ngildan yolvoryapman, Menga javob bergin, ey Xudovand! Sening qonun-qoidalaringni saqlayman. 146 Senga yolvoryapman, qutqargin meni, Toki shahodatingga sodiq qolayin! 147 Sahar chog'i turib nolayu fig'on qilaman, Sening so'zingga umid bog'layman. 148 Kalomingni fikr qilib tunni tongga ulayman, Ko'zlarimga uyqu bermayman aslo. 149 Inoyat qilib ovozimni eshitgin, yo Rabbim, Adolat qilib menga jon bergin! 150 Fisq-fasod payidan bo'lgan buzuq niyatlilar Qonuningdan uzoqlashib, menga yaqinlashdilar. 151 Biroq Sen juda yaqinsan, ey Xudovand, Barcha amrlaring esa haqiqatdir. 152 Vahiylaringni azaliy deb bilaman, Sen ularni mangu barqaror qilgansan.

Resh

153 Tushkunligimni ko'ru, meni qutqargin, Chunki Sening Qonuningni unutmadim! 154 Da´vomga chora qil, meni himoya etgin, Va´dangga ko'ra meni jonlantirgin! 155 Betavfiqlar qutulishdan uzoqdir, Chunki ular nizomingni izlamaydilar. 156 Sen esa-chi ko'p rahmdilsan, ey Xudovand, O'z hukmu qaroring ila jonimni kiritgin! 157 Meni ta´qib qilayotgan dushmanlarim ko'p, Biroq Sening shahodatingdan men chiqmadim. 158 Kalomingga amal qilmaydigan xoinlarni ko'rib, Men qattiq nafratlandim. 159 Qara, Sening amrlaringni men qanday sevaman! Ey Xudovand, lutf qilib meni jonlantirgin! 160 Sening kaloming asosi haqiqatdir, Har bir adolatli hukming abadiydir.

Shin

161 Beklar sababsiz orqamdan tushdilar, Dilimga esa Sening kaloming qo'rquv solar. 162 Men Sening va´dangni eshitib, Katta g'animat topganday xursand bo'ldim. 163 Yolg'onchilikdan nafratlanib jirkanaman, Lekin Sening Qonuningni sevaman. 164 Men adolatli hukmlaringni kuylab, Har kuni yetti marta Senga sano aytaman. 165 Qonuningni sevganlarga buyuk xotirjamlik yordir, Ularning oyog'i to'siqqa qoqilib ketmas. 166 Najotingga umid bog'ladim, ey Xudovand, Sening amrlaringni bajarib boraman. 167 Vahiylaringni qalbimda saqlab yuraman, Ularni jon-dilim bilan sevaman. 168 Buyruq va nizomlaringni tutaman, Barcha yo'llarim Sening oldingda ayondir.

Tov

169 Faryodim Senga borib yetsin, ey Xudovand, Kaloming bilan menga fahm-idrok bergin! 170 Yolvorib-yalinishim Senga borib yetsin, So'zingga yarasha meni xalos qilgin! 171 Nizomlaringni menga o'rgatar ekansan, Senga maqtovlar tilimdan tushmasin! 172 Sening barcha amrlaring adolatli ekan, Irnim kalomingni tarannum etsin! 173 Qo'ling menga yordam bermoqqa shay bo'lsin, Sen buyurgan amrlarni men tanlaganman. 174 Najotingni havas bilan izlayman, yo Rabbim, Qonuning esa zavqu ovunchog'im bo'ldi mening. 175 Jonim yashasin, Senga maqtovlar o'qisin, Hukmlaring menga yordam bersin! 176 Yo'qolgan qo'y kabi yo'ldan adashdim; Sen shu qulingni axtarib topgin, Chunki amrlaringni unutmadim.

Zabur 119

ZIYORAT QO'SHIG'I.

1 Xudovandga dod qildim men tangligimda, U esa quloq soldi faryodimga. 2 Yolg'onchi lablardan, makkor tildan Jonimni asragin, yo Rabbiy! 3 Hoy makkor til-yey, Senga ne nasib bo'lar ekan? Nelar orttirar ekan senga Tangri? 4 Bahodirning o'tkirlashgan o'qlariyu, Qizg'in yulg'un cho'g'i nasib etgusi. 5 O'zimning holimga voy, deyman, Mana, kofirlar o'rtasida qolibman-ku, Imonsizlar chodiridan chiqmay qoldim! 6 Tinchlik dushmanlari birla uzoq yashab, Ancha qiynadim men jonimni! 7 Men tinchlik tarafdoriman, Illo og'zimni ochay desam, Ular urushni istaydilar.

Zabur 120

ZIYORAT QO'SHIG'I.

1 Tog'larga ko'zlarimni tikaman, Menga madad qayerdan kelar ekan? 2 Xudovand yeru osmonni yaratgan, Undan kelar menga madad. 3 Oyoqlaring qoqilishiga U yo'l qo'ymagay, Sening Qo'riqchingdir U, uxlamagay aslo! 4 Ha, Isroilni Qo'riqlovchi mudramas, U mijja ham qoqmas. 5 Xudovand sening Qo'riqchingdir, O'ng tomoningdagi soyaboningdir U. 6 Kunduzi quyosh seni urmas, Kechasi oy senga zarar yetkazmas. 7 Har bir badbaxtlikdan seni asrar, Joningni ham qo'riqlar Xudovand. 8 Hozirdan boshlab to abadga qadar Chiqish va qaytishingni Xudovand asrar.

Zabur 121

DOVUDNING ZIYORAT QO'SHIG'I.

1 Xudovandning uyiga boramiz! - deganlardan xursand bo'ldim. 2 Sening darvozalaring ostonasida Oyoqlarimiz turgan edi, Quddus! 3 Uylaring bir-biriga tutash, Mahkam qurilgan shaharsan, Quddus! 4 U shaharga qabilalar borib kirdi, Xudovandning qabilalari borib kirdi. Xudovand ismini madh etmoq ? Ana bu Bani-Isroilga buyurilgan amr. 5 O'sha yerda hukm qilish uchun taxtlar qurilgan, Dovud xonadoni uchun minbarlar qurilgan. 6 Quddusga tinchlik tilangiz: Seni sevguchilar huzur ko'rgay! 7 Devorlaring ichra tinchlik, Qasrlaring aro osoyish bo'lg'ay! 8 Qardoshu qondoshlarim uchun deyman: Senga tinchlik hamroh bo'lg'ay! 9 Rabbi Xudovandimiz xonadoni xotiri uchun Senga ezgulik tilayman.

Zabur 122

ZIYORAT QO'SHIG'I.

1 Ko'zlarimni Senga tikaman, Ey, osmoni falakda o'ltirgan Egam! 2 Xuddi qullarning ko'zlari xo'jayini qo'liga, Kanizlarning ko'zlari bekasi qo'liga tikilganday, Bizning ko'zimiz Rabbi Xudovandimizga tikilgan, To U bizga mehribonlik qilguniga qadar. 3 Bizga mehribonlik qilgin, ey Xudovand! Bizga mehribonlik aylagin, Zero haqoratdan juda to'yganmiz. 4 Rohatda yashovchilarning masxarasidan, Dimog'i ko'tarilganlarning haqoratidan Jonimiz juda ham to'ygandir..!

Zabur 123

DOVUDNING ZIYORAT QO'SHIG'I.

1 Agar Xudovand biz bilan bo'lmasa edi, - desin Isroil, ? 2 Banibashar bizga qarshi chiqqanda, Agar Xudovand biz bilan bo'lmasa edi, 3 Ular ashaddiy qahr-g'azabi bilan Tiriklayin bizni yutib yuborishar edi. 4 Unda suvlar bizni bosib qolar, Jonimiz ustidan sellar quyular edi. 5 Unda suvlar shovullab toshib, Jonimiz ustidan bosib o'tar edi. 6 Xudovandni olqishlaylik, chunki Yirtqichlarga o'lja qilib qo'ymadi bizni. 7 Ovchilar qopqonidan qochib qutuldi Jonimiz bizning, bamisoli qush; Qopqon sinib, biz qochib qutuldik. 8 Yeru osmonni yaratgan Parvardigor ? Xudovandning ismidandir madadimiz.

Zabur 124

ZIYORAT QO'SHIG'I.

1 Xudovandga umid bog'laganlar Sion tog'idaydir: U tebranmas, mustahkamdir ilalabad. 2 Quddus-chi tog'u tepa uning atrofidadir, Xudovand esa O'z xalqining atrofidadir, Hozirdan boshlab to ilalabad. 3 Xudovand fosiqlarning hukm hassasini Solihlar taqdiriga ustun qo'ymas, toki Solihlar nohaq ishga qo'l urmasin zinhor. 4 Yaxshilarga, yuragi to'g'rilarga O'zing yaxshilik qilgin, ey Xudovand! 5 O'zlarining qing'irligi ila yuruvchilarni esa Xudovand badkirdorlar bilan irg'itib tashlar. Isroilga tinchlik yor bo'lsin!

Zabur 125

ZIYORAT QO'SHIG'I.

1 Xudovand Sion ahlini surgundan qaytarganda, Biz tush ko'rayotganlarday bo'lar edik. 2 Shu kez og'zimiz kulgi ila to'lib-toshar, Tilimizdan esa uzilmas edi tarannum. Shu kez el-xalqlar orasida: «Xudovand ular uchun buyuk ishlar yaratdi», - degan gap-so'z yoyilar edi. 3 Ha, Xudovand biz uchun buyuk ishlar yaratdi, Bundan biz xurram bo'lar edik. 4 Ey Xudovand, Janubistondagi sellarni Mavsumida Sen qanday qaytarib tursang, Surgunda bo'lganlarimizni shunday qaytargin! 5 Ko'z yoshi bilan ekin ekkanlar Xursandchilik bilan hosil ko'tarar. 6 Oh-zor bilan urug'ini sepgan dehqon Bog'-bog' bug'doy ko'tarib kuylab qaytar.

Zabur 126

SULAYMONNING ZIYORAT QO'SHIG'I.

1 Agar uyni Xudovand qurmasa, Quruvchilar bekorga ishlaydi; Agar shaharni Xudovand qo'riqlamasa, Qorovul bekorga bedor qoladi. 2 Bekorga sizlar sahar turib, Tungi uyqudan qolasizlar, Bekorga g'am-g'ussa nonini yeysizlar. Mana, Xudoning mahbubiga uyqu nasib etar. 3 Mana o'g'illar - Xudovand bergan nasiba, Farzandlar - Xudovand bergan mukofotdir. 4 Botirning qo'lida o'qlar qanday bo'lsa, Yoshlik chog'ida ko'rgan o'g'illari shundaydir. 5 O'qdoni ular bilan to'lgan er baxtli! Maydonda dushmanlari bilan da´volashsa, Elning ko'zi oldida sharmanda bo'lmas.

Zabur 127

ZIYORAT QO'SHIG'I.

1 Baxtlidir Xudovanddan qo'rqadigan, Uning yo'llaridan yuradigan har bir inson! 2 Qo'l mehnating samarasini yer ekansan, Huzur-halovatga noil bo'lursan. 3 Xotining hovling ichra o'tqazilgan Serhosil tok novdasi kabi bo'lur. Dasturxoning atrofidagi o'g'illaring Zaytun ko'chatlari singari bo'lurlar. 4 Mana qarang Xudodan qo'rqqan erni, U qanchadan-qancha barakaga erishur! 5 Xudovand seni Siondan tabarruk qilgay! Sen butun hayoting davomida Quddusning gullab-yashnashini ko'rgaysan. 6 Hatto o'g'illaring o'g'illarini ko'rgaysan. Isroilga tinchlik yor bo'lsin!

Zabur 128

ZIYORAT QO'SHIG'I.

1 Yoshligimdan beri meni ko'p jabrladilar, - desin Isroil, ? 2 Yoshligimdan beri meni ko'p jabrladilar, Biroq meni yenga olmadilar. 3 Orqamda qo'shchilar yer haydab, Uzun egatlar ochdilar. 4 Xudovand esa-chi adolatparvardir, U fosiqlar kishanlarin sindirib tashladi. 5 Barcha Siondan nafratlanuvchilar Sharmanda bo'lib orqaga qaytsinlar! 6 Yulinmasdan oldin qurib ketgan Tom ustidagi o't kabi bo'lsinlar! 7 U bilan na o'roqchining hovuchi, Na bog' bog'lovchining qo'yni to'lar. 8 O'tgan-ketgan o'roqchilarga aytishmasin: «Xudovand sizga baraka bersin!» - deya, «Xudovand nomidan sizni muborakbod etamiz!» - deb ham aytishmasin zinhor.

Zabur 129

ZIYORAT QO'SHIG'I.

1 Ey Xudovand, Chuqurliklardan Seni chorlayapman! 2 Yo Rabbiy, ovozimni tinglagin, Yolvorishimga quloqlaring diqqat qilsin! 3 Yohu Rabbano! Sen gunohlarni hisobga olsang, Kim ham tura olar ekan? 4 Biroq, Sen kechirimlisan; Shu sabab el Sendan qo'rqsin. 5 Xudovandga umid bog'ladim, Jonim bilan umid bog'ladim, Uning amriga muntazirman. 6 Qorovulning saharni kutishidan ko'ra, Posbonning tongni kutishidan ko'ra, Jonim Rabbimga ko'proq muntazirdir. 7 Isroil Xudovandga umid bog'lasin! Xudovand rahm-shafqatlidir, Jon isqotini O'zi mo'l beradi. 8 O'zi forig' qiladi Isroilni Barcha gunohlaridan.

Zabur 130

DOVUDNING ZIYORAT QO'SHIG'I.

1 Ey Xudovand, dilimda mag'rurlik yo'q, Ko'zlarim takabburona boqmaydi. Men yeta olmaydigan, ajib ishlarga kirishmayman. 2 Jonimni tinchitdim men, osudaman. Onasi quchog'ida yotgan emiziksiz go'dak, Sutdan chiqarilgan chaqaloq kabi Bag'rimda yotibdi jonim mening. 3 Hozirdan to ilalabad Isroil Xudovandga umid bog'lasin!

Zabur 131

ZIYORAT QO'SHIG'I.

1 Ey Xudovand, Dovudni ham, Barcha qayg'ularini ham eslagin! 2 U Xudovand huzurida qasam ichgan, Yoqubdek Jabborga nazr atab degan: 3 «Men uyimga kirmayman, To'shagim uzra yotmayman, 4 Ko'zlarimga uyqu kelmagay, Yumilmagay qovoqlarim ham, 5 To Xudovandga bir makon topmagunimcha, Manzil qurmagunimcha Yoqub qo'rqqan Jabborga». 6 Ahd Sandig'i Efratda, deb eshitgan edik, Ya´ar qirlarida esa uni topib oldik. 7 Keling, Xudoning maskaniga kiraylik, Oyoqlari ostiga yiqilib sajda qilaylik! 8 Turgin, ey Xudovand, Rohatlanadigan yeringga chiqqin, O'zing ila qudratli Sandig'ing birla! 9 Ruhoniylaring solihlik ila kiyinsin, Azizlaring sevinch-la tarannum etsin! 10 Quling Dovudning xotiri uchun, O'z tanlaganingdan yuz o'girmagin! 11 Xudovand Dovudga ont ichgan edi, So'zi barqarordir, U so'zidan qaytmas: «Taxtingga o'z urug'ingdan odam o'tqazaman. 12 Agar o'g'illaring Mening ahd-paymonimga, O'zim o'rgatgan shahodatga rioya qilsalar, O'g'illaring o'g'illari ham taxtingga o'tirar, to abad». 13 Zotan, Xudovand Sionni tanladi, O'ziga maskan uchun u yerni xohladi. 14 «Rohatlanadigan yerim shudir to abad, Bunda o'rnashaman, bu yerni xohladim, - dedi, 15 Ozuqalarini barakali qilib beraman, Nonga to'ydiraman faqir-fuqarolarin. 16 Ruhoniylariga najot kiyimini kiydiraman, Buyuk sevinch-la kuylab borar azizlarim. 17 O'sha yerda Dovudga saltanat paydo qilaman, Tanlaganimga yonar chiroqni muhayyo qilaman. 18 Dushmanlarini sharmandalik bilan qoplayman, Boshidagi toji esa gullab-yashnagay».

Zabur 132

DOVUDNING ZIYORAT QO'SHIG'I.

1 Birodarlarning inoq bo'lib yashashi Mana, qanday yaxshi va qanday soz! 2 Boshga surtilgan xushbo'y yog' kabidir bu, Ha, Horunning soqoliga oqib tushgan, To'ni yoqasigacha oqib tushgan moydekdir. 3 Sion tepaliklarigacha tushib kelgan Ko'hi Hermo'n shabnami kabidir bu. Zero Sionda Xudovand barakatni, Abadiy hayotni amr etgan.

Zabur 133

ZIYORAT QO'SHIG'I.

1 Ey sizlar, Xudovandning barcha bandalari, Kechalari Xudovandning uyida turganlar, Xudovand sha´niga hamdu sano aytinglar! 2 Uning muqaddas makoniga tomon Qo'llaringizni yuqoriga cho'zing-da, Hamdu sano aytinglar Xudovandga! 3 Osmon va yerni yaratgan Xudovand Seni Siondan turib tabarruk qilgay!

Zabur 134

Qodir Xudovandni kuylash

1 Hamdlar bo'lsin! Hamdlar o'qing, ey Xudovand qullari, Xudovandning ismiga hamdlar o'qing! 2 Ey siz, Xudovandning uyida turganlar, Xudoyimiz hovlilarida xizmat qilayotganlar, 3 Xudovandni maqtanglar, chunki U ezgudir, Ismini tarannum eting, chunki u olijanobdir! 4 Zeroki Xudovand O'ziga Yoqubni, Azizim deb Isroilni tanlagan. 5 Men bilaman, Xudovand ulug'dir, Ha, Rabbimiz barcha xudolardan ulug'dir. 6 Yer va osmonda ham, Dengizlar va hamma tubsiz joylarda ham Xudovand istaganini yarataveradi. 7 Yerning chetidan U bulutlarni chiqaradi, Yomg'ir ichra chaqmoqlarni chaqnatadi, O'z xazinalaridan yelni ham chiqaradi. 8 Udir Misrning to'ng'ichlarini qirgan, Insondan tortib hayvonga qadar. 9 Misr o'rtasida, Fir´avnning ko'zi o'ngida, Fir´avnning barcha qullari ko'zi o'ngida U karomatli ajoyibotlar paydo qilgan. 10 U ancha elu xalqlarni qirgan, Qudratli shohlarni tig'dan o'tkazgan. 11 Amo'riylar shohi Siho'nni ham, Bashan podshohi O'gni ham, Butun Kan´on shohliklarini ham U ag'darib tashlagan. 12 Ularning yer-mulkini tortib olib, O'z xalqi Isroilning mulkiga qo'shib bergan. 13 Ey Xudovand, Sening noming abadiydir, Nasllarcha davom etar xotirang, ey Xudovand. 14 Xudovand O'z xalqini hukm qilar, O'z qullariga rahm-shafqat aylar. 15 Majusiylarning manfur sanamlari kumush va oltindir, Inson qo'llarining ish-amalidir. 16 Ularning og'zi bor, lek so'zlamaydilar, Ularning ko'zlari bor, lek ko'rmaydilar. 17 Quloqlari bor-u, eshitmaydilar, Og'izlaridan esa nafas chiqarmas. 18 Ularni yasagan kishi, Ularga e´tiqod qilgan barcha Xuddi ularga o'xshab qolur. 19 Ey Isroil xonadoni, Xudovandni olqishlang! Ey Horun xonadoni, Xudovandni olqishlang! 20 Ey Leviy xonadoni, Xudovandni olqishlang! Ey Xudovanddan qo'rqqanlar, Uni olqishlang! 21 Quddusda maskan topgan Xudovand sha´niga Sionda hamdu sanolar o'qilsin! Hamdlar bo'lsin!

Zabur 135

Abadiydir Uning inoyati!

1 Xudovandga shukr qiling, U olijanobdir, abadiydir inoyati! 2 Xudolar Xudosiga shukr qiling, Abadiydir Uning inoyati! 3 Hokimlar Hokimiga shukr qiling, Abadiydir Uning inoyati! 4 Yolg'iz O'zi buyuk mo'jizalar yaratgan, Abadiydir Uning inoyati! 5 Osmonni U hikmat bilan yaratgan, Abadiydir Uning inoyati! 6 Yerni suvlar ustida o'rnatgan, Abadiydir Uning inoyati! 7 Buyuk osmon yoritqichlarin yaratgan, Abadiydir Uning inoyati! 8 Kunduzi hukm surmog'i-chun quyoshni yaratgan, Abadiydir Uning inoyati! 9 Tunda hukm surmog'i-chun oy va yulduzlarni yaratgan, Abadiydir Uning inoyati! 10 Misrdagi to'ng'ichlarni Qirganga shukr qiling, Abadiydir Uning inoyati! 11 U Bani-Isroilni o'rtalaridan olib chiqqan, Abadiydir Uning inoyati! 12 Ularni O'zining baland qo'li ila, O'zining cho'zilgan qo'li ila ozod qilgan, Abadiydir Uning inoyati! 13 Qizil dengizni ikkiga bo'lgan, Abadiydir Uning inoyati! 14 Bani-Isroilni dengiz o'rtasidan o'tkazgan, Abadiydir Uning inoyati! 15 Fir´avn va lashkarin Qizil dengizga ag'dargan, Abadiydir Uning inoyati! 16 Xalqini cho'ldan O'tkazganga shukr qiling, Abadiydir Uning inoyati! 17 U buyuk podshohlarni qirib tashlagan, Abadiydir Uning inoyati! 18 Shuhrati baland shohlarni o'ldirgan, Abadiydir Uning inoyati! 19 Amo'riylar shohi Siho'nni o'ldirgan, Abadiydir Uning inoyati! 20 Bashan podshohi O'gni nobud qilgan, Abadiydir Uning inoyati! 21 Ularning yerini meros qilib bergan, Abadiydir Uning inoyati! 22 O'z quli Isroilga meros qilib bergan, Abadiydir Uning inoyati! 23 Xor bo'lganimizda U bizni eslagan, Abadiydir Uning inoyati! 24 Yovlarimizdan bizni xalos etgan, Abadiydir Uning inoyati! 25 Har bir jonga rizqini Beruvchiga shukr qiling, Abadiydir Uning inoyati! 26 Osmon Tangrisiga shukr qiling, Abadiydir Uning inoyati!

Zabur 136

Surgundagi xalqning nolayu faryodi

1 Bobil nahrlari bo'yida o'tirib, Biz Sionni eslab yig'lar edik. 2 Bobil bag'ridagi tol daraxtlariga G'ijjaklarimizni osib qo'ygan edik. 3 Chunki bizni asir qilib olganlar Bizni u yerda masxara qilar, Bizdan qo'shiq aytib berishni so'rar, «Sion qo'shiqlaridan aytib beringlar!» - deb jonimizni qiynar edilar. 4 Ammo begona yerda ekanmiz, Xudovandning qo'shig'ini qanday aytaylik? 5 Agar seni unutsam, ey Quddus, O'ng qo'lim meni unutsin! 6 Ey Quddus, agar seni eslamasam, Eng cheksiz sevinchimdan yuqori tutmasam, Tilim tanglayimga yopishib qolsin! 7 Quddusga falokat kelgan kunda: «Uni tubigacha yalang'ochlang, Uni xarob qilib tashlang!» - degan Edo'm o'g'illarini esga olgin, ey Xudovand! 8 Ey, vayronagarchilik qizi - Bobil! Bizga qilgan yomonliklaring uchun Sendan o'ch olguchi baxtli bo'lur! 9 Go'daklaringni olib qoyaga urib, Tilka-pora qilguchi baxtli bo'lur!

Zabur 137

DOVUD SANOSI.

1 Ey Xudovand, Chin ko'ngildan Senga shukr qilib, Ilohlar qarshisida Seni kuylayman. 2 Muqaddas ma´bading tomon sajda qilib, Inoyatu sadoqating uchun shukr qilaman, Ulug' nomingga tan beraman Sening. Sen nomingdan ham ulug' va´da bergansan. 3 Chaqirgan kunimda menga quloq solding, Ko'nglimni ko'tarib tetik qilding. 4 Ey Xudovand, O'z og'zingdan chiqqan amrlarni eshitganlarida, Yer yuzi shohlari hammasi Senga shukr qiladilar. 5 Xudovandning yo'llarini kuylaydilar, Chunki shuhrati buyukdir Xudovandning! 6 Xudovand yuksak bo'lib, yuvoshlarga boqar, Mag'rurlarni esa uzoqdangina tanir. 7 Musibatlar ichida yursam ham, Sen mening ruhimni ko'tarasan; Yovlarim g'azabiga qarshi qo'l ko'tarib, Kuchli o'ng qo'ling ila meni qutqazasan. 8 Xudovand mening ishimni ro'yobga chiqazar. Sening inoyating abadiydir, ey Xudovand, O'zing yaratganlarni hech vaqt tashlab qo'ymagin!

Zabur 138

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

1 Ey Xudovand, Sen meni sinading Hamda bilib olding. 2 O'tirib-turishlarimni Sen bilasan, Xayollarimni uzoqdan anglaysan. 3 Yurishimu yotishimni Sen tekshirasan, Barcha yo'llarim Senga ravshandir. 4 Biron gapni aytmoqqa tilim bormasdan, Sen hammasini bilasan, ey Xudovand. 5 Oldimdan va orqamdan meni o'rab olib, Qo'lingni ustimga qo'ygansan. 6 Bu mening tushuncham uchun g'oyat ajibdir, Yuksakdir, aqlim bovar qilmas. 7 Sening Ruhingdan qayerga ham ketar edim? Sening huzuringdan qayerga qochib boraman? 8 Agar osmonga o'rlasam, Sen u yerdasan, O'liklar diyoriga tushay desam, O'sha yerda ham Sen borsan. 9 Saharning qanotlarini olib uchsam, Dengiz chetlarigacha ko'chib o'rnashsam, 10 O'sha yerda ham Sening qo'ling meni yetaklar, Ha, kuchli o'ng qo'ling meni ushlab turar. 11 Agar men: Zulmat meni o'rab olsin, Atrofimdagi yorug'lik tunga aylansin, - desam-da, 12 Hatto zulmat ham Sen uchun qora emas, Tunni go'yo kunduzdek yorug' ko'rasan. Qorong'u va yorug' Sen uchun bari birdir. 13 Butun ichlarimni Sen bunyod etding, Onam qornida meni tashkil qilding. 14 Senga shukrlar qilaman, Men haybatli suratda yaralganman, San´ating ajoyibdir Sening, Buni jon deb tan olaman. 15 Shaklim Senga sir emas edi; Pinhona vujudga kelganimni, Yerning tuban joylarida to'qilganimni, Hammasini ham Sen bilasan. 16 Hamon pusht shaklida ekanman, Ko'zlaring ko'rardi meni. Hali bir kun ham yashamaganimda, Sen kunlarimni tayin qilib, Hammasini kitobingga yozgan eding. 17 Sening muddaolaring menga juda azizdir, Ular qanchadan-qanchadir, ey Tangrim! 18 Ularni sanab chiqadigan bo'lsam, Qum zarralaridan ko'proq bo'lib chiqar. Men bir uxlab, uyg'onsam, Hali ham Sen bilan birgaman. 19 Ey Xudo, koshki Sen fosiqni o'ldirsang edi! Uzoqlashinglar mendan, barcha qonxo'rlar! 20 Nopok niyat bilan Seni tilga oladilar, Behuda ishlarni xayol qiladilar g'animlaring. 21 Ey Xudovand, Sendan nafratlanganlardan Men nafratlanmayinmi? Senga qarshi chiqqanlardan jirkanmayinmi? 22 Bor nafrat bilan ulardan jirkanaman, O'zimga dushman deb bilaman ularni! 23 Ey Tangrim, Meni sinab, yuragimni bilib olgin! Meni tekshirib, xayollarimni o'rganib chiqqin! 24 Ko'rgil-chi, yo'limda biron xafalik bormikin? Abadiyat yo'liga meni yo'naltirgin!

Zabur 139

IJROCHILAR RAHBARIGA. DOVUD SANOSI.

2 Ey Xudovand, Meni yomon odamdan qutqargin, Zolimdan asrab qolgin meni! 3 Ular yuragida yovuz niyatlarni to'qib, Kundan-kunga urush qo'zg'aydilar. 4 Ilon kabi tillarini qayraydilar, Lablari uchida qora ilon zahridir. SALOT 5 Ey Xudovand, fosiq qo'lidan meni saqlagin, Zolim odamdan asrab qolgin meni! Ular meni turtib, yo'ldan toydirmoqchi. 6 Mag'rurlar men uchun dom yashirishdi, Borar yo'lim chetiga to'ru ilmoq, Qopqonu tuzoq yoyib qo'yishdi. SALOT 7 Mening Tangrim Sensan, dedim Xudovandga. Yolvorishimga quloq bergin, ey Xudovand! 8 Yo Xudoyo Xudovando! O'zingsan quvvatimu najotim mening, Jang kunida O'z panohingda asrading. 9 Fosiqlar tilagini bermagin, yo Rabbiy! Yovuz niyatlariga omad bersang gar, Ular mag'rurlanib ketar! SALOT 10 Meni o'rab olganlarning til uchidagi yomonligi O'z boshiga qaytib ularni shuvut qilsin! 11 Boshlariga yonayotgan cho'g'lar yog'sin, Otashga, tubsiz chuqurliklarga tashlansin, Qaytib u yerdan chiqmasinlar! 12 Til qayrovchi odam mamlakatda o'rnashmasin, Zolim izidan badbaxtlik quvib halok qilsin! 13 Bilaman, Xudovand mazlumni himoya qilar, Bechoraholni U adolatli hukm qilar. 14 Solihlar-chi Sening ismingga shukr qilar, Sofdillar bari Sening huzuringda yashar.

Zabur 140

DOVUD SANOSI.

1 Ey Xudovand, Senga yolvoryapman, menga shoshilgin! Chaqirgan chog'im tavallomga quloq solgin! 2 Ibodatim isiriq kabi tutab, Sening oldingga yetib borsin; Duoga qo'l cho'zishlarim esa Senga Shom qurbonligiday maqbul bo'lsin! 3 Ey Xudovand, og'zimga posbon qo'ygin, Irnim eshigini ihota qilgin! 4 Yuragimni yomon yo'lga mayl qilmagin, Yovuz odamlarning kirdikorlarigagin, Yomon qilmishlariga havaslantirma, Ularning mazasidan men lazzat olmayin! 5 Solih meni urar ekan - bu inoyatdir, U meni fosh qilar ekan - boshimga moydir, Bundan men bosh tortmayman mutlaqo. Vale hanuzgacha mening ibodatim Yovuzlarning yovuzligiga qarshi qaratilgan. 6 Ularning beklari qoyaga urilib nobud bo'lganda, Mening so'zlarimga ular quloq solajaklar, Yoqimli so'zlar ekanini tushunajaklar. 7 Xuddi yer haydagandek bizni chopib-tilib, Suyaklarimizni o'liklar diyoriga sochib yubordilar. 8 Mening ko'zlarim esa Senga tikilgan, Yo Rabbim! Ey Xudovand! Sendan panoh topgan ekanman, Zinhor itqitib tashlama jonim! 9 Menga qasd qilib qo'yilgan domdan, Qonunsizlar tuzog'idan saqlagin meni! 10 Men bemalol o'tib ketar ekanman, Fosiqlar o'z to'rlariga tushib qolsinlar.

Zabur 141

DOVUDNING G'ORDALIGIDAGI QASIDASI. IBODAT.

1 Ovozim Xudovandga yetib borsin, Nolayu faryod qilaman. Ovozim Xudovandga yetib borsin, Tavallo qilib yalinaman. 2 Ko'nglimni Uning oldida ochaman, Qayg'ularimni Unga so'zlab beraman. 3 Tanimdagi ruhim holdan ketganda, Sen borar yo'limni bilar eding. Men kelayotgan yo'limda-ku Men uchun ilmoq yashiribdilar. 4 O'ng tomonimga qarasam, Meni taniydigan hech kim yo'q, Men uchun qochar joy qolmabdi, Jonim haqida hech kim qayg'urmayapti. 5 Ey Xudovand, Senga faryod qildim: Sensan mening panohim, dedim, O'zingsan tiriklar diyoridagi hissam mening. 6 Nolamni tinglagil, juda toliqqanman! Meni quvg'in qilganlar qo'lidan xalos etgin, Ular mendan g'oyat zo'rdirlar! 7 Ismingni madh etmog'im uchun, Zindondan chiqarib yubor jonimni! Menga ezgulik qilganing uchun, Solihlar atrofimga to'planadilar.

Zabur 142

DOVUD SANOSI.

1 Ey Xudovand, ibodatimni eshitgin, Sadoqating haqi tavallomga quloq solgin, Adolating haqi menga javob bergin! 2 Bandang bilan da´volashmagin, Chunki yashaydiganlardan birortasi Sening oldingda oqlana bilmas. 3 Dushman jonim payiga tushdi, Hayotimni oyoqosti qildi. Dunyodan o'tib ketganlar kabi, Meni qorong'ida yashashga majbur etdi. 4 Tanimdagi ruhim juda tushkun, Siynamdagi qalbim alamzada. 5 Ilgarigi kunlarni eslayman, Barcha ishlaringni fikrlab yuraman, Qo'llaring ijodi haqida o'ylab yuraman. 6 Qo'llarimni Sen tomon cho'zaman, Jonim qurigan yer kabi Senga tashna. SALOT 7 Ey Xudovand, meni tezda eshitgin! Sog'inchdan ruhim holdan ketmoqda! Yuzingni mendan yashirmagin, toki Go'rga kirganlar kabi bo'lib qolmayin! 8 Sahardan inoyatli so'zingni eshittirgin, Chunki Senga umid bog'laganman. Yuradigan yo'limni menga ko'rsatgin, Chunki Senga ko'ngil bog'laganman. 9 Dushmanlarimdan xalos qilgin, ey Xudovand! Men Sening huzuringga yuguraman. 10 Irodangni ado etishni menga o'rgatgin, Sensan mening Xudoyim! Sening olihimmat Ruhing Ravon yerlardan meni yetaklab borar. 11 Ey Xudovand! O'z isming haqi meni jonlantirgin, Adolating haqi meni kulfatdan qutqargin! 12 Inoyating haqi dushmanlarimni qirib bitirgin, Jonimga g'ulu solganlarning barini yo'q qilgin! Axir, men Sening bandangman-ku!

Zabur 143

DOVUD SANOSI.

1 Qo'llarimni jangga, Barmoqlarimni urushga o'rgatgan Suyanchig'im - Xudovandni olqishlayman. 2 U inoyat manbaim va qo'rg'onimdir, Istehkomim, Xaloskorim mening, Qalqonimdir, Undan panoh topdim, U xalqimni menga bo'ysundirgan. 3 Ey Xudovand, inson qadri nedirki, Sen unga e´tibor bergaysan? Inson o'g'li nedirki, Sen uni ardoqlaysan? 4 Odamzod - bir nafasginadir, Kunlari bir soya kabi o'tib ketar. 5 Ey Xudovand, osmoningni yorib tushgil, Tog'larga tekkil, ulardan tutun chiqargil! 6 Chaqmoq yuborib, yovlarni tarqatgin, O'qlaringni otib, ularni supurib tashlagin! 7 Samodan qo'lingni uzatib meni qutqargin, Ulkan suvlardan, ajnabiylar qo'lidan Meni xalos qilgin! 8 Ularning og'zidan yolg'on-yashiq gaplar toshgan, Qo'llari esa harom ishlarga bulg'angandir. 9 Ey Xudo, Senga yangi qo'shiq aytaman, O'n torli changda Seni tarannum etaman. 10 Sensan-ku shohlarga najot beradigan, Bandang Dovudni qilich damidan qutqazgan. 11 Ajnabiy o'g'illarining qo'lidan qutqar, Xalos qil bandangni! Ularning og'zidan yolg'on-yashiq gaplar toshgan, Qo'llari esa harom ishlarga bulg'angandir. 12 O'g'illarimiz yoshligida o'sib qalinlashgan ko'chatlar kabi, Qizlarimiz saroyning naqshli ustunlari kabi bo'lsinlar! 13 Omborlarimizda mo'l-ko'lchilik bo'lsin, Har xil ne´matlardan to'lib-toshsin! Yaylovlarimizdagi qo'ylar ming-minglab, Mingi esa tuman bo'lib ko'paysin! 14 Qora molimiz semirib borsin, Talash ham, zarar-ziyon ham bo'lmasin, Ko'chalarimizda dod-fig'on eshitilmasin! 15 Mana shunday duolarni olgan xalq baxtli! Xudovandni Rabbimiz deb bilgan xalq baxtli!

Zabur 144

DOVUDNING MAQTOV QO'SHIG'I.

1 Ey Xudoyim, ey Podshohim, Seni ulug'layman, Ismingga abadulabad tasannolar aytgayman. 2 Seni kundan-kunga olqishlayman, Ismingni madh etaman ilalabad. 3 Xudovand buzrukvordir, U ko'p maqtovga sazovordir, Uning buyukligiga aql yetmas. 4 Ishlaringga zurriyotlarimiz tasanno aytishgay, Qudratli ajoyibotlaringni xabarlab yurishgay. 5 Men ulug'vorliging, savlatu mahobating, Ajoyib ishlaring haqida o'ylab yurgayman. 6 Vahimali g'aroyibotlaring haqida gapirgaylar, Buyukligingni xabar qilmoq esa menga farz. 7 Ulug' iltifotingni maqtab yurgaylar, Odilligingni kuylab tarannum etgaylar. 8 Xudovand rahmonu mehribondir, U uzoq sabrli, juda inoyatlidir. 9 Xudovand har bir insonga himmat aylar, Barcha maxluqotga rahm-shafqat ko'rsatar. 10 Ey Xudovand, Hamma yaratganlaring Senga shukr qilar, Azizlaring Senga hamdu sano o'qirlar. 11 Saltanating shon-shuhratini targ'ib qilar, Kuch-qudrating haqida hikoya qilarlar. 12 Inson o'g'illariga Sening qudratli ishlaring, Buyuk, hashamatli saltanatingni bildirarlar. 13 Sening saltanating davrlar osha davom etar, Asrdan-asrga Sen hukmronlik qilasan. 14 Barcha yiqilayotganlarga Xudovand madad berar, Har bir qaddi bukilganni U rostlar. 15 Hammaning ko'zi Senga tikilgan ekan, O'z vaqtida ularning rizqini berasan. 16 Sen qo'lingni ochasan-u, Har bir jonzotni marhamatingga to'ydirasan. 17 Xudovand barcha yo'llarida adolatli, Hamma ishlarida sodiq va inoyatlidir. 18 Xudovandga murojaat qiladigan, Chin qalbdan murojaat qiladigan Har bir insonga U yaqindir. 19 Xudojo'ylarning tilagini U qondirar, Ularning faryodini eshitib, najot berar. 20 O'zini sevgan hammani Xudovand asrar, Barcha betavfiqlarni esa yo'q qilar. 21 Xudovandning madhi tilimdan tushmas, Butun odamzod hamdu sano aytsin Uning muqaddas ismiga, to abad!

Zabur 145

Vafodor va odil Xudoga hamdu sano

1 Hamdlar bo'lsin! Ey jonim, Xudovandni madh qilgin! 2 Tirik ekanman Xudovandni madh qilaman, Umrim boricha Xudoyimni tarannum etaman. 3 Umid bog'lamang beklarga, Najot berolmaydigan odamzodga! 4 Uning ruhi chiqib, o'z tuprog'iga qaytar, O'sha kunning o'zida puchga chiqar Uning barcha murod-orzulari. 5 Yoqub Tangrisini yordamchim deb bilgan, Rabbim deb Xudovandga umid bog'lagan Har bir inson baxtlidir! 6 O'zi yeru osmonni ham, dengizni ham, Ulardagi har bir mavjudotni ham yaratgan, U abadiy vafodorligini saqlaydi. 7 Xudovand ezilganlarni himoya qiladi, Ochlarga non, asirlarga ozodlik beradi. 8 Xudovand ko'rlarning ko'zini ochadi, Qaddi bukilganlarni U rostlaydi, Solihlarni sevadi Xudovand. 9 Xudovand g'ariblarni asraydi, Yetim va bevalarga mador beradi, Fosiqlarni esa yo'llaridan adashtiradi. 10 Xudovand abadiy hukm surgay! Sening Xudoying, ey Sion, Davrdan-davrga saltanatli bo'lgay! Hamdlar bo'lsin!

Zabur 146

Parvardigor kimdan rozi?

1 Hamdlar bo'lsin! Xudoyimizni tarannum etmoq Qanday yaxshi, qanday lazzatlidir! Mana, U ko'p maqtovga munosibdir! 2 Quddusni qayta qurajak Xudovand, Isroilning tarqalib ketganlarini esa O'zi to'plab olajak. 3 U ezilgan ko'ngillarni davolab, Yaralariga malham surtadi. 4 U yulduzlar sonini belgilab, Hammasini nomma-nom chaqiradi. 5 Rabbimiz buyuk, quvvati azimdir, Donoligini esa o'lchab bo'lmaydi. 6 Xudovand xokisorlarni yuqori ko'tarar, Betavfiqlarni esa yerga urar. 7 Xudovandga shukrona aytib kuylanglar, G'ijjakda kuylanglar Xudoyimizni! 8 U bulutlar ila osmonni qoplaydi, Yer uchun yomg'ir hozirlaydi, Tog'larda esa giyoh o'stiradi. 9 Hayvonlarga U rizqi-ro'zini beradi, Qag'illaydigan qarg'a bolalarin to'yg'azadi. 10 Xudovand otning kuch-quvvatidan rozi bo'lmas, Chopqirning boldirlari Unga manzur bo'la olmas. 11 Xudovand O'zidan qo'rqadiganlardan, Inoyatiga umid bog'laganlardan rozi bo'lur.

Zabur 147

Ey Quddus va butun dunyo!

1 Ey Quddus, Xudovandni madh qilgin! Xudoyingga hamd aytgin, ey Sion! 2 Udir darvozalaring tambalarini mahkamlagan, O'rtangdagi o'g'illaringga barakat beradigan, 3 Sarhadlaring ichra tinchlikni barqaror qilgan, Seni bug'doy hosili bilan to'ydiradigan. 4 U yer yuziga kalomini jo'natar, Uning amri zudlik ila yelib borar. 5 U jun kabi qor yog'dirar, Kul singari qirov sochar. 6 U parcha-parcha qilib muz yog'dirar; Qahraton ayoziga kim tob bera olar? 7 U kalomini yuborib, ularni eritar, Shamolini yuborib, suvlarni oqizar. 8 U O'z kalomini Yoqubga bildirgan, Qonun-qoidalarini Isroilga bergan. 9 U boshqa xalqqa buni ravo ko'rmagan, Ular Uning hukmlarini bilmaydilar. Hamdlar bo'lsin!

Zabur 148

Butun dunyo Xudoni madh qilsin

1 Hamdlar bo'lsin! Osmondan Xudovandni madh qilinglar, Balandliklardan turib Uni maqtanglar! 2 Ey, Uning barcha malaklari, Uni madh qilinglar! Ey, Uning barcha qo'shinlari, Uni madh qilinglar! 3 Ey quyosh va oy, Uni madh qilinglar, Ey butun nurli yulduzlar, Uni madh qilinglar! 4 Ey osmonu falaklar, Ey ko'k yuqorisidagi suvlar, Uni madh qilinglar! 5 Xudovandning ismini madh qilsinlar, Chunki U amr etdi va ular yaratildi. 6 U ularni abadiy o'rnashtirdi, Ularga qaytib bo'lmas mangu qonun berdi. 7 Xudovandni yerdan turib birga madh etinglar, Ey, dengiz ajdarlari va butun tubsizliklar! 8 Ey, otash va do'l, qor va bug', Uning kalomiga bo'ysunadigan bo'ron shamoli! 9 Ey, tog'lar va butun tepaliklar, Mevali daraxtlar va hamma sarv og'ochlari! 10 Ey, yovvoyi hayvonlar va butun chorvalar, Sudraluvchilar va qanotli parrandalar! 11 Ey, dunyo podshohlari va barcha xalqlar, Xonlar va yerning barcha hokimlari! 12 Ey, yigitlar bilan qizlar, Qariyalar bilan yoshlar! 13 Barisi Xudovand ismini madh qilsin, Chunki yolg'iz Uning ismi yuksakdir; Uning ulug'vorligi yerdayu osmondadir. 14 Barcha azizlarim shuhratini oshiray deya, U O'ziga yaqinlashtirgan xalqiga ? Isroil o'g'illariga g'alaba bag'ishlagan. Hamdlar bo'lsin!

Zabur 149

Xudojo'ylar Xudoni madh qilsin

1 Hamdlar bo'lsin! Xudovandga yangi bir qo'shiq ayting, Azizlar jamoatida hamdu sanolar qiling! 2 Isroil o'zining Parvardigoridan sevinsin, Sion o'g'illari o'z Podshohidan quvonsin! 3 Raqs tushib Uning ismini madh qilishsin, Doira va g'ijjak ila Uni tarannum etishsin! 4 Chunki Xudovand O'z xalqiga marhamat qilar, Xokisorlarni najot gulchambari ila sharaflar. 5 Azizlar sharaf ila tantana qilsinlar, Yotganda ham tarannum etsinlar! 6 Og'izlarida Tangriga hamdu sanolar, Qo'llarida esa dudama qilich bo'lsin! 7 Toki ular o'zga xalqlardan o'ch olgaylar, Elatlarga tegishli jazosini bergaylar; 8 Toki podshohlarini zanjirlar bilan, To'ralarini po'lat kishanlar ila bog'lagaylar; 9 Toki ularni yozilgani bo'yicha hukm qilgaylar. Bu sharaf esa barcha Xudo azizlariga xos bo'lgay. Hamdlar bo'lsin!

Zabur 150

Butun jonzod Xudoni madh qilsin

1 Hamdlar bo'lsin! Muqaddas makonida Tangrini madh qiling! Qudratli falagida Uni madh qiling! 2 Qahramonliklari uchun Uni madh qiling! Buzrukvorligi uchun Uni madh qiling! 3 Burg'u ovozi bilan Uni madh qiling! Chang va g'ijjak ila Uni madh qiling! 4 Doira va raqs bilan Uni madh qiling! Nay va torli asboblarda Uni madh qiling! 5 Jarangdor zillar bilan Uni madh qiling! Xushovoz zillar bilan Uni madh qiling! 6 Butun jonzod Xudovandni madh qilsin! Hamdlar bo'lsin!

free web site hit counter